Hamdamov Ulug‘bek Abduvahobovich jahon adabiyoti


Gi de Mopassan 1856-1893 yillar


Download 0.76 Mb.
bet14/14
Sana17.09.2020
Hajmi0.76 Mb.
#130010
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
Bog'liq
ЖА маърузаларининг қисқартирилган варианти


Gi de Mopassan 1856-1893 yillar.

XIX asrning ikkinchi yarimida yashab, o‘z ijodida o‘sha davr Fransuz voqyeligini aks ettirgan yirik realist yozuvchidir.

Mopassan Normandiyada kambag‘allashib qolgan eski dvoryan urug‘iga mansub oilada tug‘ilgan.

Uning dastlabki hikoyalari 1875 yilda e'lon qilingan. Yozuvchining nomini hamma yoqqa ma'lum qilgan «Do‘ndiq» asari 1880 yil chop etilgan.

Mopassan qisqa umri davomida 16 ta roman va ko‘plab maqolalar yozgan. Uning ijodi 3 davrga bo‘linadi. Birinchi davri 1863-1878 yillar asosan she'r va hikoyalar yozadi.

«Do‘ndiq» (1880 yil) hikoyasi bilan ijodining 2 (ikkinchi) davri boshlanadi.

Mopassanning ko‘pchilik novellalari bosqinchilik urushlarni fosh etishga bag‘ishlangan. Ularda nemis ofitserlarining vaxshiyliklari ko‘rsatilgan, oddiy fransuzlarning vatanparvarlik his-tuyg‘ulari va kurashlari yorqin obrazlarda ochilgan. «Do‘ndiq», «Fifi xonim», «Aqldan ozgan qiz», «Duel», «Ikki oshno», «Milon amaki», «Asirlar» va hakoza.

Yozuvchining «Hayot» 1883 yil yozilgan romanida sof qalbli go‘zal aqlli Janna ismli qizning tarixi berilgan. Janna kamtar XVIII asr ma'rifatchilik g‘oyalari ruhida tarbiyalangan baron de Vonning qizi tabiatdan zavqlanadi. Shuning uchun Janna Russoning «Tabiiy inson» ideali mujassamidek ko‘rinadi. U shirin sevgi xayoli, baxtli oila qurish ishtiyoqi bilan yashaydi.

Janna o‘zi bilmagan, hatto nomini ham eshitmagan Jyulen de Lamarga turmushga chiqadi. Tez vaqt ichida Janna erining qo‘pol yuzsiz beodob kishi ekanini biladi va baxtli hayot haqidagi xayollari zarbaga uchraydi. Asarda Janna obrazi harakatda berilgan .Dastlab u voyaga yetgan jozibador qiz asar oxirida esa be'mani va dahshatli hayot natijasida erta qarib dardman va keksa kampir qiyofasiga kirib qolgan baxtsiz bir xotin sifatida tasvirlanadi.

«Azizim» 1885 yil Mopassanning uchinchi respublika davridagi fransuz burjua jamiyati illatlari avj olgan sotqinlikni fosh etgan ikkinchi muhim romandir.

Asarning bosh qahramoni qishloq qaxvaxonachisining o‘g‘li Jorj Dyuruadir. U Afrikada soldat bo‘lib xizmat qilgan va mustamlaka xalqlarni kamsitish va qo‘lga o‘lja kiritishga qaratilgan harakatlarda qatnashadi bular uning xarakterining qupol shaxsiyatparast bo‘lib shakllanishiga ta'sir etadi.

Yozuvchining bu asarini o‘zbek tiliga Ibrohim G‘afurov 1975 yil tarjima kilgan.



Anatol Frans taxallusi bilan mashhur Anatol Tibo Parijda sahob oilasida tug‘ildi. Uning «Silvestr Bonnarning jinoyati» (1881), «Tois» romani (1890), «Hozirgi zamon tarixi», «Shahar qayrag‘ochlari tagida» 1897 yil «Toldan qilingan manaken» 1897 yil «Yoqut kuzli uzuk» 1899 yil, «Janob Berjere Parijda» 1901 yil romanlari « Pingviniston oroli» 1908 yil pamflet asarlari bilan fransuz adabiyotini yuksak cho‘qqilarga ko‘targan adibdir.

Lui Aragon (1897-1982) U birinchi jahon urushi oxirlarida armiyaga olinadi va shu yillari «so‘l» san'ati guruhlaridan biri da (atayin ma'nosizlantirgan so‘z «dada» bolalarning noaniq g‘uldirab gapirishlariga ishora).

Dadaizmning nigilistik programmasiga dastlab bo‘lajak syurrealistlar (o‘ta realistlar) ma'qullaydilar. Aragonning «Feyerverk» 1920 yil «To‘xtovsiz harakat» 1924 yil «Buyuk shodlik» 1929 yil. «Anise yoki panorama» 1921 yil, «Telemak sarguzashtlari» 1922 yil, «Poytaxt sururi» 1923 yil, «Hur fikrlilik» 1924 yil, «Hayot mavjlari» 1924 yil, «Parij dehqoni» 1926 yil. Uslub haqida traktat (1928) asarlari syurrealizm ta'sirida yozilgan. Aragon ularda kompozitsiyadagi ravonlikni, umuman qismlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanish zarurligini rad etadi.

Jorj Bernard Shou 1856-1950 yillar

Jorj Bernard Shou ingliz dramaturgiyasini boshi berk ko‘chadan olib chiqqan va unga yangi ijtimoiy ziynat bag‘ishlagan yirik yozuvchi, dramaturg. Ingliz teatri ikki siymo - Uyg‘onish davrida Shekspir, XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida Bernard Shou ijodi natijasida o‘zining eng yuqori bosqichiga ko‘tarildi va taraqqiyparvar bashariyatga kamarbasta bo‘ldi.

Bernard Shou 70- yillarning oxiri va 80- yillarda «etilmagan», «Nomatlub nikoh», «Artistlar muhabbati», «Keshel Bayronning kasbi», romanlarini yozadi. Bu asarlarda zamonasining dolzarb masalalari-burjua oilasining buzilishi, odamlar tengligi zarurati haqida gapirilsa-da, lekin bu ijtimoiy mazmundagi romanlarida fikr sayoz, badiiy tomondan zaif ediki, shu tufayli ular shuhrat qozonmagan.

Shouning dramatik faoliyati «Mustaqil teatr» (1891)ning tashkil bo‘lishi bilan boliqdir. U shu teatrga atab «Yoqimsiz p'esalar» siklini yaratadi. Bunga «Bevaning hujralari» 1892 yil «Sansalorlik» 1893 yil. «Uorren xonimning kasbi» p'esalari kiradi.

«Yoqimsiz p'esalar»ida kishi ko‘z oldida katta boylikka ega, tinch hayot kechiruvchi, sirtdan ancha insofli, salobatli odam ko‘rinsa ham aslida boylik to‘plashga xirs qo‘ygan ekupulatatorlar insoniy his-tuyg‘ularidan mahrum tipik burjua kishilari namoyon bo‘ladi.

Shou p'esalarining ikkinchi turkumi «Yoqimtoy p'esalar» bo‘lib unga «Qurol va inson», «Kandida» 1895 yil. «Taqdir bandasi» 1893 yil komediyalari kiradi. Bu asarlarda ham burjua axloqi tanqid qilinadi. Lekin bu tanqid yashirin shaklda beriladi, kinoya xarakteri kasb etiladi.

«Puritanbop p'esalar» turkumiga: «Shaytonning shogirdi» 1897 yil «Sezar va Kleopatra» 1898 yil «Kapitan Brassbaundning iltijosi» 1899 yil asarlari kiradi. Bu tipdagi p'esalari bilan Shou asosiy diqqatini sevgi intrigasi va shaxvatga qaratgan dramalarga qarshi chikadi. U aslo muhabbatni qoralamaydi.

«Men hisiyotga xayrixohlik bilan qarayman, biroq har qanday aqliy faoliyat va halollikni hissiy jazavaga berilish bilan almashtirmoqni katta balo deb hisoblayman» deydi u.

Shou ijodining ikkinchi davri 1917-1950 yillarni qamrab oladi. Yozuvchi bu davrda dramatik xronika deb atalmish «Muqqaddas Janna» tragediyasi, «Olma ortilgan arava» bahs-komediyasi, «Mafusailga qarab orqaga» falsafiy p'esasini yaratdi.

Eng yangi zamon ingliz adabiyotida Shou yirik taraqqiyparvar yozuvchi novator-dramaturg sifatida tanildi. Uning o‘tkir muamolarini aks ettirgan p'esalari ingliz teatrini boshi berk ko‘chadan keng yo‘lga olib chiqdi va unga siyosiy-ijtimoiy mazmun kiritdi.



Jek London 1876-1916 yillar. Jek London XIX asrning ikkinchi yarimi XX asr boshida yashab ijod etgan Amerika demokratik adabiyotining yirik vakili, keng xalk ommasining o‘z huquqlari uchun kurashini aks ettirgan mashhur realist yozuvchi.

Jek London Kaliforniya shtatining San-Fransisko shahrida kambag‘al fermer oilasida tug‘iladi. Yozuvchining ijodi 1899 yilda Amerika jurnallarida Shimol hayotidan olib yozilgan. «Yo‘ldagilar sharafi uchun», «Oq sukunat», «Bo‘rivachcha», «Qirq mil narida» va boshqa hikoyalari paydo bo‘ladi. «Otalar xudosi» 1901 yil «Sovuq bolalar» 1902 yil hikoyalari to‘plami yozuvchiga katta shuhrat keltiradi.

Jek Londonning hayoti qisqa, lekin ijodi sermahsuldir. U juda ko‘p hikoya, qissa, ocherk, p'esa va romanlar yaratdi. Hikoyalarning aksariyati Uzoq Shimoldagi mashaqqatli turmushga bag‘ishlangan. Mangu sovuq va Ok sukunat ulkalaridagi og‘ir hayot romantik qahramonlardan tasvirlashga manba bo‘lib xizmat qiladi. Kapitalistik jamiyat illatlaridan uzoqdagi bu yerlarda haqiqiy insoniylik sinovidan o‘tadi. Egoistik intilishlar shaxsni kanday fojiali ahvolga olib borishi mumkinligi o‘zining real ifodasini topadi. Jek Londonning bu to‘plamiga ya'ni «Shimol hikoyalari»ga quydagi asarlari kiradi. «Smok Bellyu», «Ok sukunat», «Hayotga muhabbat», «Ayol jasorati» hikoyasida negr ayolining matonati, latofati va g‘amxur inson ekani chukur samimiylik bilan tilga olinadi. Shimol romantikasi bilan bir qatorda hayvonlar hayoti ta'sviri ham Jek London ijodida alohida o‘rin egallaydi. «Oq tish» 1906 yil qissasida yozuvchi hayvonlarning harakati va psixologiyasini mohirona ko‘rsatgan. Unda ovchi hindi Seriy Bobr o‘rmondan kichik bo‘ri bolasini topib uyiga olib keladi va unga «Oq tish» deb nom beradi. U ota qoniga tortib o‘rmonga qochib ketadi, biroq sovuq va ochlik uni yana ovchi kulbasiga qaytishga majbur etadi.

Jek Londonning sotsial utopik romani «Temir tavon» 1909 yil romanning bosh qahramoni ishchi oilasidan kelib chiqqan inqilobchi Erist Evergard.

«Martin Iden» (1909 y.) romanida Jek London xalq ichidan chiqqan qobiliyatli yozuvchilarning burjua jamiyatidagi og‘ir ahvoli va fojiali hayotini ko‘rsatadi.

Teodor Drayzer 1871-1945 yillarda yashagan.

Teodor Drayzer ijodi XX asrning birinchi yarmi Amerika adabiyotida tanqidiy realizmning cho‘qqisidir. Drayzer AQSh hayotidagi fojiaviylikni ko‘rsata olgan yirik san'atkor.

Teador Drayzer Indiana shtatidagi kichik bir joyda kambag‘al oilasida tug‘ildi.

Teador Drayzerning ijodi 1900 yildan boshlandi. Birinchi romani «Baxti qaro Kerri» chiqqach, burjua matbuotlari uning keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaydi. 1911 yildagina uning ikkinchi romani «Jenni Gerxardt» yuzaga keladi. Undan so‘ng ketma-ket «Moliyachi», «Titan», «Daho» romanlarini yozadi. Birinchi jahon urushidan so‘ng 20-yillar o‘rtasida ikki tomli «Amerika fojeasi» chiqqach adib yirik tanqidiy realist sifatida butun dunyoga taniladi.

«Baxti qaro Kerre» romanining qiymati kapitalistik jamiyatdagi xalk ommasining og‘ir turmushi, ayniqsa korxonalarda ishlovchi ayollarning qattiq ekuspulatatsiya qilinishlari, mushkul ahvolga tushib qolgan Kerrining yuz tuban ketishi evaziga ko‘tarilishi, burjua Gerstvud oilasidagi munofiqlik, boy kvartal Brodeygdagi dabdabali hayot, tramvay ishchilarining ish tashlashlari tasviri, izchillik natijasida ko‘chaga chiqarib tashlangan son-sanoqsiz kambag‘allarning och tentirab yurishlarining haqqoniy aks ettirilishida ochiq ko‘rinadi.

Jenni Gerxardt (1911 yil) romanida ham kambag‘al oiladan chiqqan qizning burjua jamiyatidagi fojiasi ko‘rsatilgan. Asarning g‘oyaviy yunalishi oddiy qizning xulqiy pokizaligi, uning buzilgan burjua axloqiga qarshi qo‘yilishida namoyon buladi.

Romanning asosiy syujet yo‘li, ishchi qizi Jennining fojiasi, u bilan millionerning o‘g‘li Lester Keyn o‘rtasidagi sevgi tarixida ochiq ko‘rinadi. Kambag‘al Jenni boy yigit Keyn bilan turmush qurolmaydi.Usha jamiyat urf-odatlari, sotsial adolatsizliklar bu yoshlarning tabiiy sezgilariga to‘sqinlik qiladi. Drayzer oddiy qizning odobliligi, vafodorligi, qalbining musaffoligini ko‘rsatish orqali xalq kuch-qudratiga ishonchini ifodalaydi.

Jenni o‘zining eng yaqin kishilari ota-onasi, qizi Vesta nihoyat sevgani Lasterdan ajraladi. Lekin bunday og‘ir yo‘qotishlar uni umidsizlikka tushirmaydi. U yetim bolalarni asrab oladi va bundan so‘nggi hayotining ular tarbiyasiga bag‘ishlanadi.

Yozuvchining «Istak trilogiyasi»ni tashkil etgan romanlari: «Moliyachi» 1912 yil, «Titan» 1914 yil, «Matonatli» 1947 yil kapitalistik monopoliyalarning kelib va ularning hukumronligi mamlakat iqtisodiy va ma'naviy hayotiga qanday ta'sir etgani real ko‘rsatilgan.

Drayzerning «Amerika fojiasi» (1925) asari birinchi jahon urushidan so‘ng yozilgan monumental ikki tomli romandir.

Asarning bosh personaji burjua-meshchan oilasidan chiqqan bola Klayd Grifitsdir. U o‘sha muhit ta'sirida o‘sadi. Klayd burjua jamiyatiga xos yuzsizlik, boyish yo‘lida dastlabki qadam deb mahalliy mehmonxonani hisoblaydi va u yerda o‘z mijozlaridan xayr-sadaqaga ko‘z tutuvchi, manfaat yuzasidan ish yurituvchi egoistga aylanadi. Tartibsiz kun kechirish maishat va ichimlikka olib boradi. U tushgan mashina bir qizni bosib ketadi. Qamalish xavfi tug‘ilgach Klayd bu yerni tashlab, boy amakisi yashaydigan shaharga boradi va uning fabrikasiga ishga joylashadi. U yerda qishloqdan kelib xizmat qilayotgan kambag‘al kiz Roberta Olden bilan tanishadi va unga uylanmoqchi bo‘ladi. Lekin ahvolini tuzatish maqsadida u boy qiz Sondra Finchlini olishga intiladi. Lekin xomiladorligi aniklangach Roberta Klayddan o‘zini nikohlab olishni talab etadi. Bu narsa uning uchun ko‘ngilsiz vokea, ya'ni maqsadiga erishish uchun katta to‘siq edi. Shuning uchun Klayd Robertani qo‘lda sayr qildirib yurib, suvga chukdirib o‘ldiradi. Bu fojiali voqyeaning siri ochilib Klayd sud qilinib, elektr kursida jozolanadi.

«Amerika fojiasi» asari voqyeylikni keng qamrab olishi, ko‘tarilgan g‘oya va tanqidiy fikrning chuqurligi, badiiy mahoratning yuksakligi bilan jahon progressiv adabiyotining eng yaxshi realistik asarlari qatoridan joy oladi.

Ernest Xeminguey (1899-1961 yillar) Yirik Amerika yozuvchisi Ernest Xeminguey Ouk-Park shahrida vrach oilasida tug‘iladi. Xeminguey ijodining boshlanishi birinchi jahon urushidan keyingi yillar to‘g‘ri keladi. «Bizning zamonda» 1925 yil kitobiga kirgan hikoyalarida yozuvchi birinchidan asarning lirik qahramoni Nik Adamsning yoshligi, o‘smirlik yillari, sevgi va oilasi haqida hikoya qilsa, ikkinchidan tinch hayot haqidagi xayollarga, qonli urush qarama-qarshi quyadi. Individualistik xarakterda bo‘lsa ham, asarda qahramonning razil urushga qarshi noroziligi bayon etiladi.

Yozuvchining «Alvido kurol» 1929 yil romani ijodining muhim bosqichini tashkil etadi. Asar birinchi jahon urushi yillarida Avstriya-Italiya frontida ruy bergan voqyealar hikoya qilinadi.

Xeminguey 30-yillarning o‘rtalarigacha bo‘lgan asarlarida, u tashqi dunyoga munosabatida ziddiyatli va individualistik ijodkorligicha qoladi. O‘sha yillar ocherk shaklida yozgan «Tushdan keyingi o‘lim» 1932 yil kitobida o‘lim mavzusi yanada ochiq ko‘rinadi. Asarda buqalar urushi va unga bog‘liq qoidalar batafsil beriladi. Buqalarga o‘ldiruvchi matadorlar yoki matadorlarga o‘ldiruvchi buqalar, otlarning yorilib ketgan qorinlaridan otilib chiqqan qonlar, fojia ustiga fojia va ayniqsa jarohatlangan odamning o‘limi oldidan kechirgan azoblari umidsizlik ruhida tasvirlanadi.

Afrikaning yashil tepaliklarida» 1935 yil «Toza va yorug‘ joyda» 1936 yil asarlari ham mana shu ruhda yozilgan.

Sotsial masalalarga bag‘ishlab yozgan asari «Hayot yoki mamot» 1937 yil romanidir Xemingueyning so‘nggi «Chol va dengiz» 1952 yil qissasi uchun Nobel mukofotini olgan. Asar qahramoni chol Sant'yago baliq oviga chiqqaniga ancha kunlar bo‘lsa ham, lekin ishi yurishmaydi. Uningcha yelkaniga ko‘p yamoq tushgan qayiqqa qanday qilib ham baliq ilinsin, Sant'yago keksa bo‘lsa ham lekin o‘zi tetik. Shuning uchun yozuvchi bu odam «taslim bo‘lmaydi» deb o‘qtiradi. Chol to‘riga katta baliq tushganda cheksiz sevinadi. Baliq deb chaqirdi u sekingini o‘lsam o‘lamanki sendan ajralmayman. Chol butun kuch g‘ayratini ishga solib, baliq bilan olishadi va uni yengadi. Uning «Odamzodni yanchib tashlash mumkin, lekin uni bo‘ysundirish mumkin emas» degan so‘zlari inson qudratiga yozuvchining cheksiz ishonchini ko‘rsatadi.

Mavzu bo‘yicha qisqacha xulosa

XIX asrning oxiri va XX boshida qaror topgan tanqidiy realizm adabiyoti o‘z mohiyati bilan demokratik xarakterdadir. Tanqidiy realizm burjua jamiyati va uning zulm dahshatlariga qarshi noroziliklarni aks ettiradi. Har bir yozuvchining qobiliyati va dunyoqarashiga qarab bu norozilik turli me'yorda, ba'zilarida kuchli, ba'zilarida mo‘tadil namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga realistlar o‘z ijodlarida tinchlik, ozodlik g‘oyalarini ham ifoda etadilar. Lekin hali bu tipdagi yozuvchilarning ko‘plari xalq ommasidan uzoq edilar, shuning uchun ular ozodlikka erishish yo‘llarini ham to‘g‘ri tasavvur qila olmasdilar. Bunga ularning turlicha muhitda yashaganliklari va ba'zan idealistik-reaksion qarashlar ta'siriga tushib qolishlari sababchidir. Masalan, insonparvar Anatol Frans hayotning ma'lum davrida tarixning takrorlanish g‘oyasini yoqlagan. R.Rollan esa ancha vaqtgacha yomonlikka yaxshilik qil, zo‘ravonlikka qarshi turma degan falsafani targ‘ib qilgan. Mopassanga esa, ijodining provordida, Shopengauer falsafasi ta'sir ko‘rsatgan. J. London esa ba'zi vaqtlarda Spenser va Nitsshe qarashlariga yaqin turgan. Bundan tashqari tanqidiy realizm o‘z rivoji davomida turli adabiy oqimlarga duch kelgan va qisman ular ta'siri ostida ham bo‘lgan. Masalan, naturalizm Mopassan, Genri Mann, T.Drayzer, simvolizm Ibsen, Gauptman, Rollan ijodiga ta'sir etgan. Romantizm esa M.Tven, J.London, Ibsen ijodlarida realizm bilan qorishiq holda davom etgan. Bu taraqqiyparvar yozuvchilar turli adabiy an'analardan foydalanadilar, lekin ular ijodiga xos narsa demokratiya, ozodlik va tinchlik, tenglik bo‘lib, burjua hayosizligiga qarshi kurash asosiy masala tarzida qolaveradi.

G‘arbiy yevropaning ko‘p yerlari, shu jumladan Skandinaviya hamda slavyan mamlakatlari milliy adabiyotlarida realizm qaror topadi va adabiy oqimlar orasida u asosiy yo‘nalish sifatida qoladi. G‘arbdagi realistik adabiyotning rivojiga rus yozuvchilaridan L.Tolstoy, A.P.Chexov, I.S.Turgenevlarning ijobiy ta'siri nihoyatda katta bo‘lganligi shubhasiz.

Tolstoy. (1828...1910)“Tirilish”, “Urush va tinchlik”, “Anna Karenina”, “Bolalik”, “Xojimurod”. “Iqrornoma”.

Dostoevskiy. (1821...1881), “Oydin tunlar”, “Telba”, “Jinoyat va jazo”, “Iblislar”, “Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar”. Mishkin: “go‘zallik dunyoni qutqaradi”

Chexov. (1860 1904) ijodida realizm, naturalizm, impressionizm, simvolizm unsurlari bor.haligacha Chexov realizmiga hye bir tadqiqotchi hamma tomonidan qabul qilingan aniq, lo‘nda tushuntirish bera olgani yo‘q. “Xameleon”, “Amaldorning o‘limi”, “Niqob”, “Semiz va oriq”, “G‘am”. (“G‘am”da qishloqlik qaxramonning o‘g‘li shaharda o‘ladi. Lekin uni yo‘lda hyech kim eshitmaydi. Begona ham, uydagi ukasi ham. Keyin u dardini otga aytadi, o‘zi xohlagandek, pauza, ritm bilan aytadi va yengil tortadi. Insonning jamiyatda begonalashuvi muammosi qo‘yiladi.) Dramalari “Gilos bog‘i”, “Vanya tog‘a”

XIX asrning ikkinchi yarmida yuzaga kelgan naturalizm ham o‘sha davr adabiyotida ma'lum rol o‘ynadi. Naturalizm negizida Ogyust Kont va boshqalarning pozitivizm falsafasi va estetikasi yotadi. Pozitivistlar tabiat qonunlari bilan jamiyat qonunlari o‘rtasida prinsipial farq borligini ko‘rolmaydilar. Garchi naturalistlar hayotni qanday bo‘lsa, shunday tasvirlashga urinsalar ham, aslida ular turmushning chuqur mohiyatini ochmay, balki mayda-chuydalarigacha qoldirmay ko‘rsatadilar.

Umuman olganda bugungi kunda jahon xalqlari adabiyotini o‘rganish va uning boy xazinasidan bahramand bo‘lish, ayniqsa xorijiy tillarni o‘rganayotgan talabalar uchun ahamiyati kattadir Badiiy adabiyot orqali biz xalqlarning milliy an'analarini urf-odatlarini hamda har bir xalqning o‘ziga xos bo‘lgan tomonlarini ham o‘rganamiz



Modernizm.

“Modern” so‘zi fransuzcha bo‘lib, yangi, zamonaviy degan ma'nolarni anglatadi. U XX asr boshlarida G‘arbda paydo bo‘lgan falsafiy, adabiy, estetik oqimdir. Modernizm, prof. Ozod Sharafiddinov ta'kidlab aytganidek, “jo‘n hodisa” emas. Modernizm 19 asr so‘nggi choragida dastlab kayfiyatu dunyoqarashda, so‘ng tasviriy san'atda, keyinchalik adabiyotda yevropada paydo bo‘lgan san'at yo‘nalishi hisoblanadi. Uning tarixi melodiy 5 asrga borib taqaladi. Ilg‘or masihiy dinining majusiy Rimdan ajratish uchun ilk bor ishlatilgan deyiladi manbalarda. Modernizmning yana bir nomi “dekadens” bo‘lib, buhron, inqiroz ma'nolarini anglatadi. Bu narsa burjua tuzumining ich-ichidan buhronga yuz tutishi bilan bog‘liq. Modernizmning aniq paydo bo‘lish vaqtini har xil ko‘rsatishadi. Ayniqsa, uning ijodkor badiiy tafakkuriga ta'siri jahon urushlaridan keyin keskin kuchayib borgan. Yaratilishiga munosib kelajak qurish orzusi bilan yashayotgan insoniyat jahon urushlari vaqtida million-million begunoh turdoshining yostig‘i quriganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘radi. Natijada u bu dunyoni tadbirlar bilan tuzatib bo‘lmaydi deb, butun e'tiborni botinga qaratadi. Inson real hayotda emas, balki xayolidagina baxtli bo‘la oladi, degan qarash modernizmning paydo bo‘lishi va rivojlanishiga katta turtki bo‘ldi, deyiladi ayrim fundamental manbalarda. Realizm borliqni aks ettirsa, modernizm yangi reallik yarataman, deydi. Chunki mavjud reallikni tuzatib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Modernizm olamni xaos deb bildi va undan qochdi. Tashqi dunyoda go‘zallik yo‘q, uni botindan qidirish kerak, deb bildi. Shu bilan birga, antropotsentrik gumanizmni, ya'ni insonga muhabbatni yoqlab chiqdi. Demak, modernizm deganimiz to‘qlikka sho‘xlikdan atayin o‘ylab topilgan metod bo‘lmay, bashariyatning uzun taraqqiyot yo‘lida tarixiy-siyosiy evrilishlar natijasida inson ko‘nglida paydo bo‘lgan ruhiy-ma'naviy inqiroz bilan bog‘liq hol – kayfiyatdir. Bas, hol o‘zgaruvchandir. Binobarin, modernizmni sig‘inarchasiga ko‘klarga ko‘tarishning, unga mubtalo bo‘lishning ham hyech bir ma'nosi yo‘q. Zero, bugungi kun insoni ko‘nglida ertaga tamomila o‘zgacha hollar paydo bo‘lishi - naqd gap. Garchand maqola muallifi “biroz shoshqaloqlik bilan” aytilgan fikr desa-da, modernizmdan so‘ng postmodernizmning dunyoga kelib ketgani haqida rivojlangan mamlakatlarning ayrim olimlari jiddiy bir tarzda mulohaza yuritishmoqda. Hatto san'atu adabiyot allaqachon neorealizm davriga qadam bosdi, degan fikrlar o‘rtaga tashlanmoqda. Endi bu vaqt masalasidir. Kim oldinrog‘u kim keyinroq degandek. Chunki tarixiy-ijtimoiy formatsiyalar hamma joyda har xil kechadi. Vaqti ham, sifat darajasi ham farqlanadi. Lekin, o‘ylaymanki, jahonda hyech qaysi olim modernizmni “bani basharning doimiy kayfiyatidir”, degan iddao bilan chiqmasa kerak. Ko‘rinadiki, “izm”lar jamiyatlarning o‘zgarib-almashib turuvchi kayfiyatlarini san'atu adabiyotga ko‘chirar ekan. Bir necha yil burun kamina “Inson va postmodern dunyo” degan mansura qoralagandim. Mavzuga judayam aloqador bo‘lgani bois shu o‘rinda kichik bir parcha keltirishni lozim topdim: “Dunyoning har turlanishi mening bitta kayfiyatim bo‘lgani yanglig‘ sen ham mening birgina holatimsan! Bugun borsanu ertaga yo‘q. Ammo gap shundaki, men seni yashab o‘tmagunimcha ertaning huzuriga borolmayman. Sen meni ertangi kunga yo‘llovchi zinaning bitta poyasisan. Qadring shu yerda. Bas, men seni qadrlayman, ammo sig‘inmayman! Zinaga oyog‘imni qo‘yarkan, butun borlig‘imni - og‘irligimni unga tashlaganim bilan ko‘zlarim oldinda, navbatdagi zinada bo‘ladi. Ki, yiqilsam ham jismim faqatgina sening yelkalaringga tushmaydi, butun zina bo‘ylab uzanadi u, qo‘rqma va unutma! Men qadringni bilganim kabi sen ham o‘z o‘rningni bil! Sen menga - insonga xizmat qilibgina qadriyatga aylanasan!.. Tushunyapsanmi, ey, o‘zgargan, ming tusda turlangan va yana jilvalanib, o‘ziga bino qo‘ygan postmodern, ammo mohiyati o‘sha-o‘sha, men bilgan dunyo!..”

Modernizm ana shu tarzda paydo bo‘lgan ekan, xo‘sh, u hozir ham ilk davridagidek mazmun-mohiyatdami? Yo‘q, albatta. Modernizmni paydo qilgan dunyoqarashu badiiy-estetik tafakkur dastlabki turtkini voqyelikdan olishga oldiyu keyin vaqt o‘tgan sari san'atkorning individual olamida xuddi qor ustida dumalagan qor to‘pi singari kattarib, semirib, o‘zgarib boraverdi. Ko‘p hollarda esa hozir uni (hatto mutaxassislar orasida ham) tanigan taniydi, tanimagan yo‘q.Chunki “izm”lar dunyo kayfiyatiga ko‘ra “kelib ketaveradilar-u”, ularning olam va odamni aks ettirish yo‘llari, ifoda va tasvir vositalari, badiiy priyomlari o‘zidan keyingi “izm”larga o‘tib, ularga ta'sir etib, bag‘riga singib boraveradi. Har doim shunday bo‘lib kelgan. Yo‘qsa, bugungi adabiyotu san'atning mazmun-mundarijasiyu shaklu shamoyili hu-uv o‘sha tosh asridagi ibditoiy ko‘rinishidan ko‘p-da farq qilmagan bo‘lardi. Lekin, baribir, hamma “izm”larning zamirida, ba'zan juda-juda ichkarida realizm ulkan poydevor yanglig‘ yashrinib yotadi, deb o‘ylayman men. Shu ma'noda, 12-15 yil muqaddam aytgan gapimni yana takrorlashga ehtiyoj sezyapman: realizm zamin bo‘lsa, qolgan barcha “izm”lar shu zamin bag‘rida unib-o‘sib meva tukkuvchi turli-tuman daraxtlardir. Bu fikrning izoh-isboti, nazarimda, butun boshli tadqiqot - kitobni taqozo qilgani bois so‘zimni muxtasar qilaman.

Xullas, modernizm garchi “dunyo madaniyati markazida yevropa madaniyati (yevropotsentrizm) turadi”, desa-da, u bilan bog‘liq butun boshli qarashlar tizimi, bu tizim vujudga keltirgan san'atu adabiyot o‘rganilishi zarur, o‘rganilmoqda ham.

“Jahon adabiyoti” jurnalining 2001 yil, noyabr sonida rus olimi Aleksandr Genisning «XX asrning yetakchi uslubi» nomli maqolasi va ulkan ruhiyatshunos olim K. G. Yungning «Pikasso» otlig‘ essesidan yuqoridagi savollarning ayrimlariga javob topgandek bo‘lasiz. Genis yozadi: «tarix vaqt bilan hisoblashmaydi, biroq bizlar solnomaga nazar solmay ish yurita olmaymiz. Ortga nazar tashlar ekanmiz, modernizm tarixning qaysi pallasidan boshlanganini bilib olamiz.

Londondagi mashhur ikki badiiy muzey jamoasi yaqinda ana shunday muammoga duch keldi. Ular o‘z xazinalaridagi san'at asarlarini o‘zaro taqsimlab olishlariga to‘g‘ri keldi: natijada Milliy galereyaga mumtoz tasviriy san'at asarlari, Teyt galereyasiga esa zamonaviy ijodkorlarning asarlari nasib etdi. Bu borada 1900 yil chegara chizig‘i vazifasini œtadi. Bu chegara chizig‘i ³ar qancha bahsli va shartli bo‘lmasin, nafaqat taqvimiy, balki mantiqiy haqiqatga yaqinligi bilan ham e'tiborni tortadi. Biz modernizmni o‘tgan asr bilan tengdosh hisoblay turib, ham tarixan, ham badiiy jihatdan adolatli ish tutgan bo‘lamiz».

Modernizmning mohiyati haqida fikr yuritarkan, olim modernizmgacha san'atda vositalargina o‘zgartirib kelingan bo‘lsa, modernizm «tadqiq qilinayotgan ob'ektning o‘zini tamomila yangilagani»ni ta'kidlaydi. «Nitsshening «Hyech qanday faktlar mavjud emas, balki ularning talqini, in'ikosigina bor» degan aqidasini dastak qilib olgan modernizm muallifning tasavvuridagina mavjud voqyelikning turli talqinlari, dunyoni turli sub'ektivizmlarning kurash maydoni sifatida aks ettira boshladi», deb yozadi yana olim.

Yung esa modernistik san'at mohiyatida ruhiy xastalikni ko‘radi. U bunday xastalikka chalingan kishilarni ikki guruhga ajratadi: «bular nevrotiklar va shizofreniklar. Birinchi guruhga mansub (kishilar) sintetik xarakterdagi kuchli va yaxlit tuyg‘uga yo‘g‘rilgan suratlar chizishadi... Ikkinchi guruh, aksincha, shunday suratlar chizadiki, bu suratlar ularning mualliflariga hissiyot begona ekanini kœrsatib turadi. Ular har handay hollarda yaxlit uyg‘un tuyg‘uni emas, balki, aksincha, qarama-qarshi kechinmalarni yoki ularning umuman yo‘qligini ifodalaydi. Bu suratlarning badiiy shaklida esa siniq chiziqlarda aks etgan tanazzul, inqiroz kayfiyati ustivorlik qiladi va bu o‘z navbatida ijodkorning ruhan bo‘linganini, ya'ni o‘zini boshqa odam deb fahmlashini bildiradi. Suratlar tomashabinga yoqmaydi yoki aqlga to‘g‘ri kelmaydi, tajovuzkor ruhdaligi va beo‘xshov nosamimiyligi bilan unda qo‘rqinchli taassurot qoldiradi. Pikasso ana shu ruhiy (psixologik) tipga mansub»(Ahmad Otaboy tarjimasi).

Namoyandalari: Joys, Kafka, Kamyu



Mavzu bo‘yicha savol va topshiriqlar:

1. Jahon madaniyatining yuksalishidagi XX asr yevropa xalqlari adabiyotining roli haqida ma'lumot bering.

2. XIX asr oxirlarida yaratilgan nemis adabiyotidagi realizm haqida gapiring.

3. XX asr boshlaridan to XXI asrgacha bo‘lgan nemis adabiyoti haqida ma'lumot bering.

4. Ingliz adabiyotining ravnaq topishida XIX-XX asr adiblarining xizmatlari nimadan iborat.

5. XX asr Amerika adabiyotida T.Drayzerning o‘rni.

6. XX asr oxirlari XXI asr boshlaridagi Amerika adiblari asarlaridan namunalar keltiring.

7. XX asr yevropa adabiyotida romantizm metodi asosida yaratilgan asarlar haqida ma'lumot bering.

8. Dedektiv janrida yaratilgan asarlarning yoshlar ongiga ta'siri haqida nimalar deya olasiz.

9. Modernizm qanday hodisa? Uning namoyandalari haqida so‘zlab bering.



Mavzu bo‘yicha lug‘at:

Naturalizm XIX asrning 60-70 yillarida–burjua reaksiyasi kuchaygan paytda Fransiyada kelib chiqqan va rivojlangan adabiy oqimlardan biridir. Natura-lotincha «t a b i a t» demakdir.

Dekadent XIX asrning 80- yillarida Fransiyada burjua jamiyatining ziddiyatlari kuchayib borayotgan bir sharoitda dekadentlik adabiyoti kelib chiqadi. Individualizm, umidsizlik, sirli voqyealar, oxirat dunyosiga murojaat etish bu adabiyotning asosiy belgisidir. Romantik shoir Teofil Gote dekadans (fransuzcha–tushkunlik) iborasini birinchi bo‘lib qo‘llagan.

Impressionizm-(fransuzcha-taassurot) oqimi XIX asrning 60-70 yillarida dastlab tasviriy san'atda, so‘ngra she'riyatda kelib chiqqan.



Adabiyotlar:

1. Q.Azizov O.Qayumov «Chet el adabiyoti tarixi». T.1987 y.

2. M. Maxmudov «Hayrat va tafakkur» T. 1990 y.

3. Yu. Po‘latov «O‘zbekistonda chet el adabiyotin o‘rganishga doir» T. 1975

4. Yu.Po‘latov «Asrlarga tutash hamkorlik» T. 1974 y.

5. F.Sulaymonova «Sharq va G‘arb» T. 1997 y.

6. M.Xolbekov. XX asr modern adabiyoti. T., Mumtoz so‘z. 2014.

7. Adabiyotshunoslik lug‘ati. D. Quronov va b. T., Akadmnashr. 2010



24-MAVZU: AVSTRALIYa ADABIYoTI.

ReJA:

1. Avstraliya adabiyoti o‘tmishiga nazar.

2. Miflari.

3. Davrlari.

4. Zamonaviy Avstraliya adabiyoti.

Avstraliya adabiyoti haqida gap ketganda, uni asosan ingliz adabiyotiga nisbat berish, shuningdek, sintez adabiyot, deyish mumkin. Negaki, XVIII asrlargacha mahalliy aborigenlarning og‘zaki adabiyoti mavjud bo‘lgan bo‘lsa, qit'aga inglizlar kelishi bilan ingliz adabiyoti rivojlandi. Ma'lum davrlar davomida qit'aga boshqa xalqlar vakillarining kelib o‘rnashuvi tufayli Avstraliya adabiyoti sintez xarakteriga ega bo‘ldi. Shunga qaramay, qit'a adabiyoti asosini ingliz adabiyoti tashkil etib qoldi.

Avstraliya adabiyotining 200 yildan ortiq taraqqiyot tarixini quyidagi uch davrga bo‘lish mumkin:


  • kolonial yoki ingliz-avstraliya davri (1788-1880);

  • milliy davr (1880-1920);

  • zamonaviy davr (1920 yillardan hozirgi kungacha).

Sidneyda 1788 yili surgun qilinganlar koloniyalarga asos solgan, kema zobitlari bo‘lgan Ison Uayt (1756-1832), Uotkin Tench (1758-1833) va Devid Kollinzlarning (1756-1810) memuarlari va yo‘l qaydnomalari Avstraliyaning dastlabki adabiy yodgorliklari hisoblanadi. Avstraliya qit'asidagi dastlabki poetik asarlar ballada janrida yozildi. Ular o‘sha davrlardagi ingliz va irland balladasi an'analari ruhida edi. Qochoq-surgunlar va bo‘sh-reynjerlarning (qaroqchilar) erkin hayot haqidagi orzulari dastlabki balladalarning asosiy mavzusi bo‘lib qoldi. Bu asarlardagi keskin hajviyot va istehzo orqali bosqinchilar jamiyatining axloqiy tubanligi ochib tashlanadi. Dastlabki ellik yillik istibdod lirikasi Angliyaning klassitsizm davridagi mavzular va uslublariga ergashdi. Charlz Tompson (1806-1883) va Charlz Ventvortlar (1790-1872) birinchi lirik shoirlar edi.

Charlz Garpur (1813-1868) bu davrning buyuk shoiri sifatida tilga olinadi. Irlandiyadan surgun qilinganlarning avlodi bo‘lgan Garpur she'riyati Jon Milton va Vordsvord ijodiga xos bo‘lgan mustabidlikka qarshi mavzulardan tashkil topgan.

Taniqli shoir Genri Kandella (1839-1882) she'riyati uchun ruhiy kayfiyatning ramziy aksi sifatidagi tashqi olam tasvirlari xos xususiyat hisoblanadi. Kandella manzaralari falsafiy, ba'zan diniy mavzularga yo‘g‘rilgan bo‘lib, u shu yo‘l bilan o‘z ichki olamidagi nomutanosiblik, umidsizlik, tushkunlikni ifodalaydi. “Tog‘lar”, “Peruga”, “Leychgardt” kabi she'riy to‘plamlar uning mashhur to‘plamlari hisoblanadi.

Avstraliya adabiyotining milliylik davrini Jyul Fransua Archibald va Jon Xaynslar asos solgan “Byulleten” haftaligi ochib berdi. Ijtimoiy takliflar, radikal-demokratik yo‘nalish, oddiy ishchilar hayotiga e'tibor, Avstraliya adabiyotida inglizlar ta'sirini rad etish bu jurnalning asosiy yo‘li bo‘lib qoldi. Avstraliya burchaklaridagi hayot, qishloq manzaralari, shuningdek do‘stlik, mardlik va insonlar tengligini kuylash jurnaldagi odatiy mavzulardan edi. “Byulleten” tufayli Avstraliya ovloqlari haqidagi balladalari bilan Banjo taxallusli Endryu Barton Patterson (1864-1941), ingliz va fransuz estetizmi va simvolizmi ruhida ko‘proq ijod qilgan Charlz Brennan va J.Nilson singari shoirlar mashhurlikka erishdilar.

Genri Lousonning (1867-1922) she'riyati fuqarolik lirikasi namunasi hisoblanadi. Uning she'rlaridagi tantanavorlik inqilobiy kayfiyat va milliy vatanparvarlik mavzulari bilan uyg‘unlashib ketgan.

1920 yillar boshlaridan Avstraliya adabiyoti yevropa va Amerika adabiy oqimlariga e'tiborliroq bo‘lib qoldi. Ayniqsa, “Meanjin papers” (1940 yildan), “Angri Pepuins” (1940-1946) singari Avstraliya adabiy jurnallari yangi oqimlar va yo‘nalishlarni targ‘ib qilishda katta rol o‘ynadi. Adib Reks Ingamellsdan Avstraliya aborogenlari madaniyatini qayta baholash va Avstraliya adabiyotining mustaqil ovozini izlash harakati boshlandi. Real voqyea-hodisalar haqida lirik she'rlar yozish K. Makkenzi, Jeyms Makoli, Alek Dervent Xoup singari shoirlar ijodida kuzatildi. Judit Rayt, Fransis Uebb va Bryus Deyv kabi shoirlar manzarali ramziy tasvirlar, Romari Deyson va R.D. Fitsjerald esa she'riyatda tarixiy mavzularga murojaat qildilar.

O‘tgan asrning 50-yillarida Melburn universiteti poetik maktabi paydo bo‘ldi. Vinset Bakli, Ronald Simpson, Kris Uolles-Kreb, Iven Jons, Noel Makeynsh, Andryu Teylor bu maktabning bosh vakillari bo‘lib qoldi. Ular san'atda murakkab shakllar va intellektual illyuziyalarni ma'qul topdilar.

XX asr Avstraliya romani yevropa hamda AQSh falsafiy va adabiy oqimlarning ta'sirida yaratildi. Insonning ichki olamini psixologik tasvirlash, Avstraliya jamiyati ibtidosini tadqiq etish romanlarning muhim mavzusi bo‘lib qoldi. O‘tmishga bo‘lgan qiziqish qalban yolg‘izlik tuyg‘usi bilan uyg‘unlashgan G.Richardsonning “Richard Maxouni takdiri” romani 20-yillarning eng mashhur asarlaridan edi. M.Boyd, Brayan Penton, Mardjori Bernard, Flora Eldsherou kabi adiblarning asarlarida ham shunday tendensiyalar seziladi.

Ijtimoiy-tanqidiy mavzular, xususan, qishloqdagi insonlarning hayoti mavzusi Katarina Prichard, Frenk Delbi Devidson, Leonard Mann, Frenk Xardim singari yozuvchilarning e'tiborini tortdi. X.Gerbert, Samner Lok Elliott, K.Makkenzi asarlarida ijtimoiy muammolarni satirik jihatdan tanqidiy yoritish xususiyatlari ko‘zga tashlanadi. Yozuvchi Patrik Uayt 1973 yili adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ladi. R.Shou, Kristofer Kox, Geyl Parter kabi adiblar asarlari avstraliyacha uslubi va mohiyati bilan o‘quvchilar e'tiborini qozondi.

Avstraliya adabiyotida hikoya janri XX asrning 40-yillarida yangicha rivojlanish yo‘liga o‘tdi. Bu davr Avstraliya hikoyalarida Jeyms Joys, Ernest Xeminguey va Jon Dos Passolar uslubining ta'siri sezilarli bo‘ldi. Uens Palmer nashr qilgan From Soast to Soast yillik antologiyasi hikoya janrining rivojlanishida muhim rol o‘ynadi. Tiav Estli, Myurreyl, Ueyns Palmer, Geyl Porter, Kristina Stid va boshqa yozuvchilar hikoya janrida ijod qiluvchi yetakchi adiblardan bo‘lib koldilar.

Avstraliyaning mustaqil dramaturgiyasi modern davrida rivojlandi. Luis Esson (1879-1943) drama taraqqiyotiga nazariy va amaliy turtki berdi. Katarina Prichard, Ueyn Palmer, Betti Roland, Genrietta Dreyk, Bryukman, Devid Uilyams, Aleksandr Buzo, Jon Romeril, Doroti Xyuitt, Alen Seymur, Piter Kenna, Tom Xangerford, Tomas Shepxott kabi dramaturglar ijodi Avstraliya dramasi taraqqiyotiga katta hissa bo‘lib qo‘shildi.

Garchi Avstraliya adabiyoti asosan ingliz, irland adabiyotlari ta'sirida rivojlangan bo‘lsa-da, lekin asosan Avstraliya voqyeligini ifodaladi. Negaki Avstraliya qit'asi Angliya jinoyatchilari surgun qilinadigan joy vazifasini o‘tadi. Ularning ko‘pchiligi shu qit'ada qolib ketdilar va bu yer badiiy adabiyot uchun asosiy tasvir ob'ekti bo‘lib qoldi.



Zamonaviy Avstraliya adabiyoti. N. Krofts.

Adabiyotlar ro‘yxati:

  1. Internet materiallari.

  1. “Jahon adabiyoti” jurnali, 2014 yil № 1.

  1. “Zvezda Vostoka” jurnali, 2014 yil, №2. Mir bez granits. Avstraliya yozuvchisi Natalya Krofts bilan suhbat. Suhbatdosh U. Hamdam.



1 Фос (1751-1821) – ўғиллари билан бирга "Минг бир кеча" эртаклари, Шекспир ва Ҳомер асарлари таржималарини амалга оширган.

2 Мирза Шафий Содиқ ўғли (1796-1852) – тахаллуси Возиҳ. Озарбайжон шоири. Ғазал, маснавий, рубоийлар ёзган. Асарларида жамият нуқсонларини фош қилган. Лирик шеърлари қўшиқларга айланган. Жумладан, “Зулайҳо ва Ҳафиза”, “Тифлис билан видолашув”, “Мирза Шафий қўшиқлари” китоби кўп тилларда нашр қилинган. Дарсликлар яратган, озарбайжон тили ва адабиётидан луғатлар, хрестоматиялар тузишда қатнашган.

Download 0.76 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling