Hozirgi o‘zbek romanchiligi Reja


Download 43 Kb.
Sana17.11.2022
Hajmi43 Kb.
#906525
Bog'liq
Hozirgi o‘zbek romanchiligi
Adabiyotga e\'tibor-ma\'naviyatga e\'tibor, Ijodkor uslubi masalasi, Iqtisodiyot nazariyasining fan sifatida shakllanishi, 909432, 4

Hozirgi o‘zbek romanchiligi


Reja:
1. O‘zbek romanchiligi namunalari.
2. Mustaqillik davrida yaratilgan o‘zbek romaniga xos xususiyatlar.
3. Hozirgi romanlarda falsafiy-estetik asos-konsepsiya, hozirgi tarixiy romanlar, hozirgi trilogiyalar.
4. Hozirgi o‘zbek romanchilidagi janriy izlanishlar.
5. Hozirgi o‘zbek modern romanlari.


Adabiyotlar:
1. Abdulla Ulug‘ov. Oshkoralik ochgan imkonlar. //Sharq yulduzi. 1991. 5-son.
2. Umarali Normatov. Bugungi nasrimiz tamoyillari.//Jahon adabiyoti. 1997. 3- son.
3. Zulfiya Pardayeva. Istiqlol davri romanchiligi.//O‘zAS. 2001. 6-son.
4. Umarali Normatov. Eng muhim muammo.//O‘zAS. 2003. 21 mart.
5. Abdug‘ofur Rasulov. Yangilanayotgan roman.//O‘zAS. 2003. 22 avgust.
6. Abdug‘ofur Rasulov. Tarix.Falsafa.Roman.//Jahon adabiyoti. 2003. 9-son.
7. Sanjar Sodiq. Ijodning o‘ttiz lahzasi. T., Sharq. 2005.
8. Qozoqboy Yo‘ldosh. Yoniq so‘z. T., Yangi asr avlodi. 2006.
9. Ulug‘bek Hamdam. Muvozanat. T., Sharq. 2007.
10. Islomjon Yoqubov. Gʻalvir suvdan ko‘tarilganda.//Sharq yulduzi. 2012. 3-son.
11. Dilmurod Quronov. Mutolaa va idrok mashqlari. T., Akademnashr. 2013.
Roman – (fr.- “lotin tilida emas roman tillaridan birida yozilgan” ma’nosida) zamonaviy adabiyotda epik turning yirik hajmli janri. Romanga ta’rif berilganda, odatda uning hajman kattaligi, hayotni keng ko‘lamda tasvirlashi, qahramon hayotidan katta davrni olib, turli ijtimoiy munosabatlar bilan bog‘lab talqin qilishi ko‘plab va turfa kishilar taqdirlari orqali jamiyatning joriy holatini ask ettira olishi murakkab ko‘p chiziqli syujetga ega bo‘lishi kabi janr xususiyatlari qayd etiladi. Ammo amalda qissadan farq qilmaydigan yoki qisqagina davr mobaynida kechgan voqealar tasviri bilan cheklangan romanlar ham, markazida birgina shaxs taqdiri turgan yoki birgina syujet chizig‘iga ega romanlar ham uchraydi. Shuning uchun mutaxassislar romanning janr sifatida belgilovchi muhim xksusiyatlari deb yana romaniy problema, romaniy qahramon va romaniy tafakkurni ko‘rsatishadi.
Roman taraqqiyoti – har bir millatning badiiy-estetik tafakkur darajasini belgilaydi. Shu jihatdan mustaqillik davri romanchiligiga ko‘z tashlaganda qolipga tushgan badiiy me’yorlardan voz kechish yozuvchilarimiz uchun nechog‘li qiyin kechayotganligini ko‘rish mumkin. P. Qodirovning “Humoyun va Akbar”, A. Dilmurodning “Mahmud Torobiy”, Muhammad Alining “Sarbadorlar”, “Ulug‘ saltanat” kabi tarixiy romanlari tarix va tarixiy qahramonlarni badiiy tadqiq etsa, O‘. Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar”, Sh. Xolmirzayevning “Olabo‘ji”, “Dinozavr”, T. Murodning “Otamdan qolgan dalalar”, “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi”, A. Saidovning “Besh kunlik dunyo”, O. Muxtorning “Ming bir qiyofa”, “Tepalikdagi xaroba”, X. Do‘stmuhammadning “Bozor”, Sh. Bo‘tayevning “Qo‘rg‘onlangan oy”, T. Rustamning “Kapalaklar o‘yini” kabi romanlari bugungi kun romanchiligimizda e’tiborga molik ijtimoiy-falsafiy va ijtimoiy-psixologik romanlardir.
Istiqlolga qadar ikki yuzdan ortiq romanlar yaratilgan bo‘lsa, mustaqillik davrida ellikdan ziyod romanlar yaratildi. Ammo bu raqamlar romanchiligimiz taraqqiyotini belgilamaydi. Jahon romanchiligi bilan muqoyasa qilishga arziydigan romanlarimiz barmoq bilan sanarli. Romanlarga olib kiriladigan g‘oya, mazmun milliylikdan ummbashariy mezonlar qadar ko‘tarilmas ekan, romanlarning o‘qilish darajasi milliy chegara bilan belgilana beradi. Shunga ko‘ra mustaqillik davrida yaratilgan romanlarni milliylik mezonidan emas, jahon romanchiligining ilg‘or an’analaridan kelib chiqqan holda tlqin qilsak to‘g‘riroq bo‘ladi.
Istiqlol xalqimiz orziqib kutgan taqdir bo‘lgnligi sababli istibdod tub mohiyati badiiy obrazlar orqali ochib berilgan T. Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani qizg‘in kutib olindi. Yozuvchi qo‘llagan bayon uslubi qahramon “men”ida olib borilishi roman qahramoni Dehqonqul hayotining nafaqat individual-sub’yektiv tasviri, balki istibdod iskanjasida mahkum insonlar taqdirining badiiy-tipologik talqini hamdir. Qahramon “men”i boshidan kechirganlari shunchaki hikoya qilinmaydi, u mushohada yurgizadi, ayanchli hayotining sabab va mohiyatini izlaydi, o‘ziga baho beradi, maqurtlikka olib kelgan kechmishi haqida xulosa chiqaradi. Dehqonqul – ramziy ism. U butun bir millat timsoli, hatto dalalarning ramzi. Yozuvchining mahorati shundaki, Dehqonqul timsolida nafaat bir millat taqdiri, balki istibdod iskanjasida bo‘lmish barcha xalqlar kechmishi badiiy jonlantirib beriladi.
T. Murodning ikkinchi romani “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi”da zamon evrilishlari tufayli e’tiqodidan ayrilgan shaxs tuyg‘ulari, o‘y-kechinmalari badiiy tasvir etilgan. Asarda Botir firqaning bir qadar kulgili, bir qadar uquvli shaxs eanligi ta’sirli va samiiy tasvirlangan. E’tiqod bilan inson ma’naviyati ko‘pchilik xayol qilganidek emasligi Botir firqaning ochdan o‘layotgan nochor odamlarga yordam bergani, buzib tashlangan tarixiy obidalarning zahiralarini saqlab qolishga uringani, yurtni obod qilishga trishgani, o‘zini ayamay ishlagani, har qanday lavozimda ham adolatga amal qilishga uringani, ayni vaqtda partiyaning har bir topshirig‘ini bekami ko‘st bajarishga intilgani holatlari tasvirida jonli namoyon bo‘ladi.
“Samoviy muhabbat” romani bilan taniqli adib Hojiakbar Shayxov birinchi o‘zbek fantastik trilogiyasini yaratib bergan edi. Shunisi diqqatga sazovorki, bu roman ham butun trilogiya singari shiddatli xayoliy voqealarni qiziqarli tasvirlashga emas, balki e’tiqod, vijdon, iymon tuyg‘ularini ezgulik va yovuzlik yo‘lidagi harakatlar va ularning oqibatlari muayyan insonlar taqdirida qanday iz qoldirganligini aks ettirishga bag‘ishlangan. Asardagi Rahmatilla, Nazira, ma’danshunos domla, Gulshanbonu obrazlari juda yaxshi ishlangan.
“Jahon adabiyoti” jurnalining 2002 yilning 5-6 sonlarida yosh yozuvchi U. Hamdamning “Muvozanat” romani bosilib chiqishi bilan ko‘pchilik tanqidchilar va jamoatchilik uni iliq kutib oldi. Hatto ayrim tanqidchilar uni yilning eng yaxshi romani sifatida baholadilar. Muvozanat juda chuqur ma’noga ega. Muvozanat deganda muallif insonning o‘zligiyu umri mazmunini anglashini, hayotda to‘g‘ri yo‘l topishini, yashashdan maqsadini aniq belgilashini baxt-saodatga erishuvini nazarda tutadi. Roman nashriga so‘ngso‘z yozgan adabiyotshunos I. Yoqubovning e’tiroficha “... U. Hamdamning romannavis sifatidagi badiiy-falsafiy konsepsiyasi adibning ma’naviy-estetik idealini anglash orqali inkishof etiladi. Chunki “Muvozanat” romanida millat kishisining bugungi o‘ylari, intilish-izlanishlari, ruhiy-ma’naviy iztiroblari jonli obrazlar orqali tiniq tasvirlangan. Ruhiy sokinlikka intilib, dildagi ishqni ro‘yobga chiqarish yo‘llriyu usullarini topolmay, tasavvuf sahrosida esankirab qolib, o‘z maqsadiga yetolmagan amir fojiasi; o‘zini tolesiz sezib, xayolida hayotni reallikka ko‘chirishni tilagan, xiyonat iztiroblarida o‘rtangan Zahro; ijtimoiy-ma’naviy jihatdan yakkalanib, ruhiy qiynoqlar ichra o‘rtanayotgan Said; barcha havaslari ro‘yobga chiqsada, yuragi huvillab qolgan Mirazim tanholigi, bashariyatning yorug‘ kelajagini ilm-ma’rifatdagina ko‘radigan, moddiy, ma’naviy-ruhiy qutblarni uyg‘unlashtirish zarurligini tushunib yetgan Yusuf va boshqa o‘nlab qahramonlar kitobxonlar dilidan joy oldi. Buning sababi inson tafakkuri va ruhiyatidagi zilzilalar ichra muvozanatga ehtiyoj sezish iztirobini teran tuygan qahramonlarning aniq holatu vaziyatlardagi kechinmalari shaxsning qayta shakllanishi konsepsiyasiga muvofiq tarzda ifodasini topganligidadir.”
Keyingi yillarda milliy tarixiy romanchiligimizda ham janr qiyofasini belgilaydigan asarlar yaratildi. Nurali Qobulning “Buyuk turon amiri yoxud aql va qilich”, Shahodat Isaxonovaning “Bibixonim”, Risolat Haydarovaning “Javzo”, Gʻulom Karimiyning “Narshax qal’asi” singari romanlari shular jumlasidandir.
Gʻ. Karimiyning “Narshax qal’asi” romanida Movarounnahrdagi iqtisodiy tengsizlik va o‘lkada arab xalifaligi, xususan, Buxoro voliysi amir Husayn ibn Maoz hukmronligiga qarshi 8 asrning 70-80 yillarida ko‘tarilgan xalq ozodlik harakati – “oq kiyimliklar qo‘zg‘aloni” voqealari qalamga olinadi. Muallif qo‘zg‘alon markazlaridan biri – Narshax qal’asida turib, Muqanna boshchiligidagi umumiy harakatga qo‘shilgan Hakim ibn Ahmad va Hashviy obrazlarini ijtimoiy tenglik va adolat g‘oyasi uchun kurashchilar sifatida tasvirlaydi.
N. Qobulning “Buyuk Turon amiri yoxud aql va qilich” romanida ilgari nasrda B. Ahmedov, P. Qodirov, A. Dilmurod, M. Ali, T. Hayit kabi adiblar murojaat etgan mavzu qalamga olingan. Roman Amir Temurning o‘n to‘rt yoshligidan to To‘xtamishxonga ko‘mak berib, butun Jo‘ji ulusi yakka hokimiga aylantirishigacha bo‘lgan davr (1350-1379) voqealarini qamrab oladi. Shahodat Isaxonovaning “Bibixonim” romanida esa o‘zbek adabiyotida nisbatan kam qalamga olingan mavzu, sohibqiron Amir Temur hayotining so‘nggi kunlari – temuriyzodalar orasida toju taxt uchun kurashlar avj olgan 1404-1405 yillar voqealari ifodalangan. Adiba Amir Temur va temuriylar sulolasiga mansub ayollar, xususan, Saroy Mulk xonim (Bibixonim) obraziga alohida e’tibor qaratiladi. R. Haydarovaning “Javzo” nomli ilk tarixiy romanida Hirotning Shayboniyxon tomonidan zabt etilishi davri tasvirlangan. Asar voqealari Xuroson hukmdori – Husayn Boyqaro vafotidan keyin 1506-1507 yillar, ya’ni javzoning ilk kunidan boshlanib, 7 iyungacha (jami 17 kun) davomida sodir bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ma’rifiy masalalarni qamrab oladi. Ko‘rinadiki, mazkur romanlarda 8-16 asrlar tarixiy voqeligi o‘z ifodasini topgan.
Erkin A’zamning “Shovqin”(“Olis shahar, olis kechmishlar”), Ahmad A’zamning “Ro‘yo yoxud Gʻulistonga safar”, Ilhom Zoirning “Qismat o‘chi”, Qamchibek Kenjaning “Palaxmon toshlari” singari romanlarida yigirmanchi asrda jamiyat hayotida kechgan jarayonlarni ma’naviy-axloqiy muammolar bilan bog‘lab talqin qilishga intilish kuzatiladi. Jumladan, Qamchibek Kenjaning “Palaxmon toshlari” romanida vijdon erkinligi ta’qiqlangan, e’tiqod parokanda bo‘lgan o‘tgan asrda taqdir palaxmoni olislarga uloqtirgan musofirlar hayoti qalamga olinadi. Ilhom Zoirning “Qismat o‘chi” romanidan chiqarilgan xulosaga ko‘ra, o‘tar dunyoda me’yor falsafasiga suyanib umrguzaronlik qilmoq lozim. E. A’zamning “Shovqin” romanida esa bandaning xotirjamligi uning dunyo shovqinlariga qo‘l siltab, o‘z taqdiriga peshvoz yurishi, azaliy qadriyatlarga sadoqati bilan izohlanadi. Madaniyat, axloq, insof va diyonatning antipodi – axloqsizlik, xudbinlik, milliy-genetik ildizlardan begonalashuv (duragaylashuv) hollarining ijtimoiy-maishiy, ruhiy-psixologik ildizlari ayovsiz fosh etiladi. Ahmad A’zamning “Ro‘yo yoxud Gʻulistonga safar” romani voqealari “Gʻuliston” (“Zanjiriston”) deb ataluvchi xayoliy mamlakatning “g‘uliylar” (“zanjirlilar”) nomli millati taqdiri misolida ko‘rsatiladi. Adib aqidaparastlik amaliy ko‘nikmaga aylangan, notabiiy hayot tarzidan faxr-iftixor tuyib, uni o‘zgartirishni hatto tasavvurlariga sig‘dira olmaydigan – tafakkuri kishanband, loqayd mahkumlar turmushini kuzatadi. Romanda erk, ozodlik va hurlikni sog‘inmaydigan, o‘zining bugunini anglab yetishga ojiz, farzandlari istiqboliga befarq qavm – olomon psixologiyasining fojiali oqibatlari tasvirga olinadi. Umuman olganda, roman qullik genealogiyasi, aqidaparastlikning inson dunyoqarashiga ta’siri misolida xalqimiz tiynatida asrlardan beri ardoqda bo‘lgan, uning kuy-qo‘shiqlariyu dostonlarida ulug‘langan ozod, erkin va hur hayot haqidagi azaliy orzulari amaliy natijalarini qadrlash haqida bitilgan.
Bugun roman janrida qalam tebratayotgan adiblar o‘tgan asrda milliy romanchiligimiz ko‘p e’tibor qaratgan insonning ijtimoiy mohiyatiga o‘zgacha rakurslardan yondoshishmoqda. Bu jihatdan U Hamdamning “Sabo va Samandar”, Isajon Sultonning “Ozod” singari romanlari xarakterlidir.
U. Hamdamning “Sabo va Samandar” romani qahramonlaridan biri “kelajak odami” bo‘lmish Sherdil insoniyat istiqbolini sovuq va sermulohaza aql g‘alabalarida ko‘rar ekan, Har qanday his-tuyg‘uni ojizlik alomati sifatida tushunadi. Sherdilning odam bolasi bajarayotgan ishlarni moʻjaz texnikalar zimmasiga yuklash niyati zohiran qaralsa, ezgulikdan xoli emasday tuyuladi. Ammo insoniyat tarixida yangi era ochishni tilagan qahramon hatto yaratuvchini ham inkor etadi. Uning o‘zi xudo bo‘lib, qullari-robotlarni yaratish ishtiyoqi bilan yonadi. Yaqin kelajakda odamlar ma’bud, robotlar esa odamlarga aylanishiga qat’iy ishonadi. Shuning uchun Samandar otlig‘ robot bunyod etib, o‘z amalidan ruhiy lazzat oladi. Bunga qarama-qarshi o‘laroq adib parallel yo‘nalishda muhabbat va mahbuba madhini bugunning ma’rifati darajasida kuylaydi. Erkin va faravon hayot yo‘li yuksak ma’naviyat orqali kechishini tahlilu talqin qilar ekan, yaratganning odamzodga ravo ko‘rgan yagona va tengi yo‘q muruvvati – muhabbat poyida musallamlik maqomida turadi.
Isajon Sulton ilk romani “Boqiy darbadar” bilan kitobxonlar nazariga tushdi. Asarni diqqat bilan o‘qigan ayrim adabiyotchi do‘stlarimiz uning bosh qahramoni darbadar, ya’ni muborak kishi tomonidan qarg‘algan etikdo‘z, u turli davrlarda turli xalqlarda, turli ko‘rinishda namoyon bo‘lmoqda deyish mumkin. Balki bu gapda ham jon bordir, albatta. Deylik, Gobi sahrosidagi inson takomili markazida har tarli genetik kombinasiyalar yordamida mukammal, boqiy odamni yaratishni maqsad qilib olganlarning bari ming yillar ilgari qarg‘algan etikdo‘zning avlodlari deyish mumkin.... Xullas, o‘sha mahalda aytilgan birgina so‘z bitta etikduzning qismatini o‘zgartiribgina qolmayapti, zamonlar o‘tishi bilan dunyoda boshqa darbadarlar paydo bo‘layapti. Etikdo‘zning qiyomatgacha o‘lmay, daydib yurishi qismati insoniyatning idealiga aylanayapti, ular bu dunyodagi umrboqiylik aslida yaratganning dahshatli jazosi ekanligini, bu dunyodan o‘z vaqtida ketish tengsiz baxtligini butunlay unutib, million-million pullarni sarflab umrboqiylik genini topib, qiyomatgacha o‘lmaydigan odam yaratishga boshi bilan shung‘ib ketayapti. Darbadarlik degani – yaratgan kursatib qo‘ygan yo‘ldan ozish, uning azaliy qonunlarini buzishga urinish, qisqasi, yaratganga ehtiyojim yo‘q deyishlik deb tushunsak to‘g‘riroq bo‘ladi.
Isajon Sultonning “Ozod” romanida ta’kidlnishicha, olam har bir inson qalbi va ruhida uning fikr-tuyg‘u, istak-amaliga ko‘ra akslanadi. Ozod – xalqimiz orzulagan azaliy qadriyatlarni qadrlash, haq va haqiqatni anglash yo‘lida intilayotgan inson timsoli. Lola sog‘inchi esa qahramon qalbidagi sevgi, xotira va umiddir. Muallif bizni natijadan sababga, hayot falsafasidan o‘zlikka qarab borishga undaydi. Shu ma’noda, uning qalbida uning qalbida asrlar fojiasi, mingyilliklar osha mehnatu mashaqqatdan boshi chiqmagan, istiqboldi erishilajak baxtga tashna el taqdiri aks etishi, tabiiy. Illo, u azal va abad sirini anglamoq tilagida. Romanda yaralish mohiyati uchlik (triada)dan iborat. Birinchisi-bepoyon osmon. Ikkinchisi-tubsiz zamin. Uchinchisi-ikki haybat o‘rtasidagi inson. Adib inson taqdiri uning muhabbat va iymoni darajasiga ko‘ra o‘zgaradi, degan xulosaga keladi. “Ozod” romani inson umrining qadri haqida bitilgan. Chunki adib azaldan sharaflangan insonni dunyoviy havaslar to‘riga o‘ralib qolmaslikka undaydi. Asarda bani odam naslining tarixi va ertasi taftish etilib, bugunning odami, ya’ni, zamondoshimiz g‘aflat va johiliyatdan yuksalishga chorlanadi. Romandan muboraklik inoyat qilingan zot nafs ilinjidagi turfa evrilishlardan emas, balki iymon barsalomatligidan najot topajak, degan xulosa chiqariladi.
Download 43 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2023
ma'muriyatiga murojaat qiling