Ibragimov r. Z. Markaziy osiyo arxeologiyasi


Download 0.62 Mb.
bet1/13
Sana06.10.2020
Hajmi0.62 Mb.
#132626
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Bog'liq
IBRAGIMOV.R.Z - MARKAZIY OSIYO ARXEOLOGIYASI(1)


IBRAGIMOV R.Z.

MARKAZIY OSIYO ARXEOLOGIYASI

T o sh k e n t 2 0 1 3
Mas'ul muharrirlar: t.f.d., prof. Suleymanov R.X.

t.f.n., dots.Xaydarov M.M.


Taqrizchi: t.f.n. dots. Egamberdiyeva N.A.

O'quv qollanmada Markaziy Osiyo xalqlarining paleolit davridan so'nggi o'rta asrlar davriga qadar bo'lgan moddiy madaniyati tarixi taraqqiyoti eng yangi arxeologik materiallar asosida berilgan. Mintaqaning turli davrlarga oid lokal madaniyatlari batafsil tavsiflangan.


В учебном пособии на базе новейших археологических исследований показано развитие материальной культуры населения территориии Центральной Азии от палеолита до позднего средневековья. Детально характеризуются локальные культуры различных эпох региона.
This manualis based on the latest archaeological research and shows the development of material culture in the history of the population of Central Asia from the Stone Age to the late Middle Ages are. In details Characterized the individual cultures of different eras of the region.
Muqaddima
Arxeologiya oquv qollanmasi O'zbekiston Respublikasi oliy oquv yurtlarining arxeologiya ta'lim yo'nalishi “Umumkasbiy fanlari blokidagi” “Markaziy Osiyo arxeologiyasi”, tarix ta'lim yo'nalishi “Arxeologiya asoslari” fani namunaviy oquv dasturiga mos ravishda bakalavriat talabalari va o'qituvchilari uchun mo'ljallangan. Shuningdek, ushbu oquv qollanmadan arxeologiya va tarix yo'nalishining “Ixtisoslik fanlar” blokidagi qadimgi va o'rta asrlar shaharlari tarixi maxsus kurslari ham foydalanish mumkin.

Kishilikning qadimgi davr tarixi va madaniyatini o'rganishda arxeologiya fanining ahamiyati nigoyatda katta. Markaziy Osiyo, xususan, Vatanimiz jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida muhim o'rin ega bo'lgan hududlardan biri sanalib, ularni o'rganishda moddiy manbalar muhim o'rin egallaydi.

O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini e'lon qilgandan so'ng vatanimizning qadimgi davr tarixi va madaniyati masalalarini holisona va haqiqoniy o'rganish harakati yo'lida talaygina amaliy ishlar qilindi. “Arxeologiya” yo'nalishining tashkil qilinishi ham bu boradagi harakalarning boshlangich bo'gini sanaladi.

Bugungi kunga qadar O'zbekiston va Rossiyada nashr qilingan o'quv-qo'llanmalar va darsliklari arxeologiya yo'nalishida o'qitiladigan “Markaziy Osiyo arxeologiyasi” fani uchun etarli ma'lumotlarni berolmaydi. Shunga ko'ra 5120400 - arxeologiya yo'nalishi bo'yicha umumkasbiy fanlar blokidagi “Markaziy Osiyo arxeologiyasi” fani o'quv dasturiga mos keladigan ushbu o'quv-qo'llanmaga zarurat tugiladi. Shuningdek, ushbu o'quv-qo'llanmada tarix yo'nalishida o'qitiladigan “Arxeologiya va etnologiya asoslari” fanining arxeologiya qismini, “O'zbekiston tarixi”ning qadimgi davrini va shular bilan birgalikda arxeologiya yo'nalishining ihtisoslik fanlardan ham keng foydalanish mumkin.




KIRISH

Insoniyat o'zining o'tmish tarixida uzoq yo'lni bosib o'tib, u murakkab tarixiy-madaniy jarayonlardan iborat. Ularni o'rganish hozirgi zamon tarix fanining muhim vazifasidir. Bunday jarayonlarni yoritib berish insonyatning o'tmish faoliyatidan darak beruvchi manbalarni o'rganish asosida amalga oshiriladi. Ular odatda moddiy va yozma manbalardan iboratdir. Dastlabki yozuvlarning paydo bo'lishi ilk sivilizatsiya markazlarida taxminan olti ming yilllik tarixga ega, xolos. Keyingi davrlar tarixiga oid saqlangan uzuq-yuluq va cheklangan yozma manba ma'lumotlari insoniyat tarixini toliq yoritib berish imkoniyatiga ega emas. Shuning uchun insoniyatning qadimgi davr tarixini ashyoviy dalillar asosida o'rganadigan fanga ehtiyoj tuqiladi. Bunday holatda arxeologiya faniga zarurat paydo bo'ladi.

Arxeologiya atamasi ilk bor qadimgi yunon faylasufi Platon (mil.avv. 427-347 yillar - arxayos - qadimgi, logos - fan) qadimgi davr tarixini bayon qilish maqsadida qollagan. XVIII asrdan boshlab Еvropada bu atama qadimgi san'atni ifodalashda ishlatilib, hozirga qadar ayrim chet mamlakatlarda ahamiyatini saqlab qolgan. Boshqa bir chet mamlakatlarda esa arxeologiya biologiya, xususan, antropologiya yoki boshqa tabiiy fanlarning tarkibida o'rganiladi.

Arxeologik manbalar. Insoniyat tarixi taxminan 3/2,6 mln. yillarga teng bo'lib, shundan yozuvdan foydalanila boshlagan davri 100 dan 0,2-0,3 foiz ulushini tashkil etadi, xolos. Bundan ko'rinib turibdiki insoniyat tarixining asosiy qismi yoritib berishda moddiy manbalar asosiy o'rin egallar ekan. Ko'pchillik xalqlar yaqinga qadar yozuvdan foydalanmagan. Shuning uchun ularning o'tmish tarixini yoritishda moddiy manbalar asosiy o'rin egallaydi. Umuman, arxeologiya insonyatning ilk ajdodlari shakllangan paleolit davrining quyi bosqichidan boshlab, yozuv paydo bo'lgunga qadar davr tarixini toliq o'rganadi. Yozuv paydo bo'lgandan to o'rta asrlarga, ayrim hududlarda so'nggi o'rta asrlar davri tarixini o'rganishda moddiy manbalar ahamiyati saqlanib qoladi.

Shuni unitmaslik kerakki, qadimgi va qisman o'rta asrlar davri yozma manba ma'lumotlari tarixnining ayrim jihatlarini yoritish imkoniyatiga ega. Bunday holatda jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotining yozma manbalar ochib bera olmaydigan tomonlari moddiy manbalar asosida tiklanadi.

Moddiy manbalar o'z navbatida tabiiy va bevosita inson tomonidan yaratilgan turlarga bo'linadi. Birinchisi, qadimgi odamlar, hayvon suyaklari va o'simlik qoldiqlaridan iborat bo'lib, ularni asosan paleoantropologiya, paleozoologiya, paleobotanika fanlari tomonidan o'rganiladi va arxeologiya fani ularning yutuqlaridan foydalangan holda kishilik jamiyati tarixining antropogonez jarayoni masalasi, ibtidoiy davr faunasi va florasi hamda ular asosida shakllangan xojalik xususiyatlarni yoritishda foydalanadi.

Ikkinchisi, moddiy manbalar insonyat o'zlari uchun yaratilgan jamiki zaruriy narsalardan tashkil topgan bo'lib, ular oddiy qopol tosh qurollari-yu, sodda ishlangan sopol buyumlaridan tortib, yirik qurilish inshootlari va ishlab chiqarish mahsulotlari qoldiqlari yoki o'ta nozik did bilan ishlangan san'at namunalari va shu kabi cheksiz qadimiy ashyolardan iborat.

Arxeologiya fani sohasida moddiy manba tushunchasiga sinonim sifatida “yodgorlik” iborasi ham keng qollaniladi. Shuning uchun insoniyat ijtimoiy faoliyati bilan bogliq barcha moddiy ashyolarni yodgorlik, deb atash mumkin. Yodgorlik atamasi keng ma'noda insoniyat yashab o'tgan joylar: ibtidoiy makonlar, qishloqlar. mozor-qorgonlar, shahar xarobalari, yer ustida saqlanib qolgan turli inshootlar, tog-kon metallurgiyasiga tegishli barcha turdagi inshootlar va narsalarga nisbatan ham keng qollaniladi.

Arxeologik ma'lumotlar ibtidoiy gor va ochiq joy makonlari, tosh asri goyatosh rasmlari, ilk otroq dehqonchilik qishloqlari, bronza davri ilk shaharlari, qadimgi va o'rta asrlar davri yirik shahar markazlari va ularning mudofaa inshootlari, mozor-qorgonlar, tog-konlari va metalchilik yodgorliklari, ixtisoslashgan hunarmandchilik ishlab chiqarish ustaxonalari, qadimgi irrigatsiya inshootlari va boshqa arxeologik yodgorliklarida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish davomida to'planadi. Tadqiqot ishlari mahsus ilmiy muassasalar: arxeologik tadqiqot institutlari, oliy oquv yurtlarining arxeologiya kafedralari, san'atshunoslik institutlari va muzeylarning ilmiy malakaga ega bo'lgan mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi. Arxeologik tadqiqot ishlarining vazifasi ma'lum hudud yodgorliklarini o'rganish orqali mazkur hudud o'tmish tarixini imkon darajada yoritib berishdan iborat. Arxeologik tadqiqot ishlari tashkiliy jihatdan qidirish, tekshirish va qazish ishlaridan tashkil topgan.



Arxeologik davrlashtirish. Rimlik antik davri mutafakkiri Lukresiy Kar (mil.avv. I asr) o'z davrida insoniyat tarixini tosh, mis, bronza, temir davrlariga bo'lgan. Bu davrlashtirish zamonaviy arxeologiyada ahamiyatini saqlab qolgan. Arxeologiya fan sifatida XIX asrda toliq shakllangandan keyin garblik arxeologik olimlar o'zlarining ilmiy tadqiqot natijalariga asoslanib, ibtidoiy davr va davlatlar paydo bo'lishining ilk bosqichlariga oid davrlarini ishlab chiqishadi. Hozirgi paytda insoniyatning qadimgi davr tarixini tosh (paleolit, mezolit, neolit), paleometall (eneolit, bronza), temir va o'rta asrlariga bo'lib o'rganish an'anasi qabul qilingan. Ular o'z navbatida kichik davrlar va bosqichlardan tashkil topgan. Kishilik jamiyati tarixi davrlarini belgilashda nisbiy va mutloq davrlashtirish usullaridan foydalaniladi.

Nisbiy davrlashtirish usuli yodgorlikning aynan bir madaniy qatlami yoki qatlamlari va ulardan olgan ashyoviy manbalarning ma'lum davrga va uning bosqichlariga tegishli ekanligini aniqlashda qollaniladi. Nisbiy davr bevosita moddiy topilmalarning ishlangan ashyosi, yodgorlik stratigrafiyasi (madaniy qatlami) asosida aniqlanadi. Unda ma'lum bir davr (paleolit, mezolit, neolit va boshqalar) va bosqichlariga (ilk, o'rta, so'nggi) tegishli ekanligi togrisidagi xulosalar beriladi. Nisbiy davrni aniqlashda o'ziga qadar o'rganilgan madaniyatlar yoki yodgorliklar aniq natijalariga tayanilib, ular bilan solishtirish asosida amalga oshiriladi.

Mutloq davrlashtirish esa voqea va hodisaning aniq sanasi (kun, oy, yil yoki faqat yili, asri, ming yillik) ni aniqlab beradi. Mutloq davrlashtirishda yozma manba ma'lumotlari, tangalar (numizmatik), epigrafik yodgorliklar ma'lumotlari asosiy vosita bo'lib xizmat qiladi. Davrlashtirishning bunday usulidan yozuv paydo bo'lgandan keyingi tarixini ayniqsa, qadimgi va o'rta asrlar davrlarini aniqlashda yaxshi natija beradi.

Mutloq davrlashtirishning boshqa bir turi tabiiy-ilmiy usullar bo'lib, ulardan ibtidoiy tarixning mutloq sanasini aniqlashda keng foydalaniladi. Bular uran-toriy, termolyuminisisent, kaliyargon, radiokarbon (radiouglerod), arxeomagnit, dendroxronologik va boshqalardan iborat. Uran-toriy, termolyuminisisent, kaliyargon usullaridan million va undan ortiq bo'lgan davrlarni belgilashda, radiokarbon usulidan esa 40-50 ming yilgacha davrlarni aniqlashda foydalaniladi.



Arxeologik tadqiqot usullari. Arxeologiya fanining maqsadi tarixiy-madaniy jarayonlarni moddiy manbalar asosida imkon darajada toliq yoritib berishdan iborat bo'lib, uni amalga oshirishda arxeologik ilmiy tadqiqot ishlari asosiy o'rin tutadi. Arxeologik tadqiqot ishlari qidiruv, kuzatuv va keng qamrovli qazish ishlaridan tashkil topadi. Qidiruv ishlari ilmiy tadqiqotning dastlabki bosqichi bo'lib, unda tadqiqotchi yoki ilmiy guruh kishilik jamiyati tarixining ma'lum muammosi yechimiga qaratilgan masala bo'yicha qidiruv ishlarini olib borib, mazkur davrga oid yodgorliklarni qidirib topish bilan yakunlanadi. Agar masala paleolit davri tarixi bilan bogliq bo'lsa, unda tog oldi va tog hududlari tekshirilib, gorlar yoki buloqlar atroflarida qidiruv ishlari olib boriladi. Mezolit va neolit davrlariga oid makonlar esa togli hududlar bilan birgalikda pastekisliklar keng tarqalganligi sababli ushbu hududlardan izlash mumkin. Shuningdek, togli hududlarda qadimgi konlarning o'rni va konchilarning manzilgohlarini uchratish mumkin. Qadimgi va o'rta asrlar davrlariga oid kohna shahar va qishloq xarobalari esa yer yuzining barcha hududlarida mavjud.

Arxeologik tadqiqot ishlarining ikkinchi bosqichida yodgorlik haqida ma'lumotlar to'planadi. Birinchi, navbatda yodgorlik taponimi va u bilan bogliq afsonalar togrisida so'rab surishtirilish bilan birgalikda yuza qismida saqlanib qolgan moddiy ashyolar ilmiy tahlil qilinib, dastlabki xulosalar yasaladi. Ulardan keyin yodgorlikning davri va uning bosqichlari, madaniy qatlamlari togrisida umumiy ma'lumotga ega bo'lish maqsadida yodgorlikning bir qismida shurf solinadi. “Shurf” nemischa so'z bo'lib, qazimoq, degan ma'noni anglatadi. Shurf kvadrat yoki togri to'rtburchak shaklidan iborat bo'lib, tomonlari ikki va undan ortiq hatto o'n metrdan ortiq bo'lishi mumkin.

Oxirgi bosqichida yodgorlikda keng ko'lamli qazishma ishlari olib borilib, har qanday stratigrafik qazish ishlari yodgorlikning materik, ya'ni yerning soz tuproq qismiga qadar qazib tushiladi. Ayrim hollardagina planigrafik qazish ishlari olib borilishi mumkin. Planigrafik qazishma ishlari ma'lum davrga oid inshootlarni o'rganishga qaratilgan bo'lib, ko'pincha yodgorlikning yuqoridagi madaniy qatlamlarini o'rganishda foydalaniladi. Madaniy qatlamlarda insoniyatning turmush tarzi, xojalik va goyaviy faoliyatlari izlari saqlanib qolgan. Bu qatlamlar yillar, asrlar davomida asta-sekin to'planib boradi. Arxeologik yodgorliklarda bir yoki bir necha o'nlab madaniy qatlam mavjud bo'lib, ularning qalinligi bir necha santimetrdan 30-35 metrlargacha bo'lishi mumkin. Bu esa ushbu manzilgohda kishilar hayot faoliyatining davomiyligi bilan bogliq.

Arxeolog olimlar barcha turdagi tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida qilingan kundalik tadqiqot ishlari natijalarini qayd qilib boradilar. Arxeologik dala tadqiqot ishlari natijasida to'plangan barcha turdagi ashyoviy manbalar tadqiqot ishlarini amalga oshirgan muassasa ilmiy laboratoriyasida qayta ishlanadi. Dastlab topilmalarni muhofazalash va tiklash ishlari bajariladi. Keyin ular turlar bo'yicha ajratilib, ilmiy tahlil etiladi va qazishma ishlari davomida yozma qaydlari bilan umumlashtirilib mazkur yodgorlikning ma'lum hudud tarixida tutgan o'rni masalalarini yoritib berish bilan ilmiy tadqiqot ishlari yakuniga etkazilib, ularning tafsilotlari bo'yicha tadqiqotchi tomonidan tegishli ilmiy muassasaga yozma hisobot beradi.



Birinchi bo'lim. TOSH ASRI
I. Bob. Paleolit
Ilk paleolit. Insoniyat yashab turgan yer shari taxminan besh milliard yil avval paydo bo'lgan. Еr shakllangandan keyingi davri geologik jihatdan ma'lum davrlarga bosqichlarga bo'linadi. Shundan oxirgi bosqichi sanaladigan Kaynozoy (taxminan 70 mln. yil avval boshlangan) erasi sut emizuvchilar hukmronlik qilgan. Kaynazoy erasi o'z navbatida paleogen va neogen davrlariga bo'linib, uning Oxirgisi uchlamchi va to'rtlamchi yoki antropogen (antropos-odam, genezis-tugilish, vujudga kelish) bosqichlariga bo'linadi. Aynan mana shu davrdan boshlab insoniyatning dastlabki ajdodlari shakllana boshlaydi.

Ma'lumki, yer yuzi o'z tarixi davomida ma'lum muddat sovib, shimoliy mintaqalar muzlik bilan qoplanib, ma'lum muddat isib turgan. Bunday holat antropogen davrida ham sodir bo'ladi. Bu davrda bir necha pleystosen muzliklari (glyasial-gyuns, mindel, riss va vyurm) va ular oraligida issiq davrlari (interglyasial-gyuns-mindel, mindel-riss, va riss-vyurm) bilan almashadi. Muzlikning boshlanishi ayrim iqlimshunos olimlarning ilmiy taxminlariga ko'ra qor yogish yoginning ortishi sabab bo'lgan. Dastlabki muzlikning markazi Еvropa, Amerika qit'alarining shimoliy hududlari, xususan, Kanada, Buyuk Britaniya, Skandinaviya va Rossiyaning shimoliy hududlaridan o'tgan chegarasi yer yuzining 30% qismini egallab, hozirgi muzliklarga nisbatan 3 baravar katta bo'lgan. Yirik tog tizmalari ham muzlik bilan qoplangan. Muzliklar oraligi davrida ob-havo issiq va namchil hisoblangan. Muzlik oldi hududlarida ob-havo keskin sovuq bo'lgan tundrani tashkil etgan. Janubiy hududlarda ob-havo iliq va yogingarchilik miqdori ancha yuqori bo'lgan.

Hozirgi zamon turli fan sohasi olimlari orasida antropogen davrining boshlangich sanasi borasida turli qarashlar mavjud. Ayrim tabiatshunos olimlar orasida uning boshlangan davrini garbiy Еvropadagi villafrank fauna yotqiziqlari bilan qiyoslab, 3,5/3 mln. yil avval boshlanganligini ta'kidlashsa, boshqa bir paleontropologiya va arxeologiya sohalari olimlari esa keyingi yillarda topib o'rganilayotgan paleoantropologik va moddiy topilmalarning mutloq davrlashtirish natijalariga tayanib, uni quyi sanasini mil.avv. 3/2,5 mln. yilliklar doirasida belgilashmoqda.

Paleolit (yun. paleyos-qadimgi, litos-tosh) tosh asrining qadimgi bosqichi bo'lib, bu davrda ibtidoiy odamlar hamda hozirgi paytda turlari yo'qolib ketgan qazilma hayvonlar yashagan. Paleolit kaynazoy erasining so'nggi bosqichi bo'lgan antropogen (to'rtlamchi) davrining eopleystosen va pleystosen bosqichlariga deyarli toliq mos tushadi. Paleolit davrining boshlanishi yer yuzida sodda tosh qurollari yasay olish va ulardan foydalanish ko'nikmasini hosil qilgan insoniyatning eng qadimgi ajdodlari paydo bo'lgan davrdan taxminan 3/2,5 mln.- mil.avv. XII ming yilliklarga qadar davom etadi.

Paleolit davrining ilk bosqichlariga oid moddiy topilmalar Sharqiy Afrika hududlarida tarqalgan makonlarda o'z aksini topgan bo'lib, Olduvay makoni nomi bilan dastlabki bosqichi sifatida fanga kiritilgan. Qadimgi tosh asrining keyingi bosqichlari ashel, o'rta paleolit (muste), so'nggi paleolit davrlaridan iborat bo'lib, ular quyidagi tartibda belgilanadi:


Davr

Bosqichilari

Madaniyat bosqichlari

Davriy sanalari

Paleolit


Ilk paleolit

Olduvay (ilk, o'rta, so'nggi)

mil.avv. 3/2,6 mln.-800 m.y.

Ashell (ilk, o'rta va so'nggi)

mil.avv. 800/700-120/100 m. y.

O'rta paleolit

Муsте

mil.avv. 120/100-40/35/ m.y.

So'nggi paleolit

Madlen

mil.avv. 40/35-12 m.y.


Tardenauz

Salyutra


Olduvay davri. Sharqiy Afrikadan topib o'rganilgan dastlabki makon nomidan olingan paleolit davrining ilk bosqichi. Bu bosqichda insoniyatning ilk ajdodlari shakllanib, ularga tegishli makonlar Afrika qitasinig Sharqiy hududlarida keng tarqalgan. Ulardan eng mashhuri Tanzaniya hududida joylashgan Olduvay darasidagi makonda amerikalik paleoantropolog olim Luis Liki mil.avv. 1,75 mln. yilliklarda yashagan Xoma habilis - ishbilarmon odamiga tegishli suyak qoldiqlarini topib o'rganishga erishadi. Bu topilma o'z davri paleoantropologiya fani sohasidagi muhim kashfiyot sanalar edi. Yodgorlikda paleolit davrining barcha bosqichlariga tegishli 100 metrdagi to'rtta madaniy qatlamlar aniqlanib, uning yuqori qismi so'nggi paleolit davriga oid bo'lgan. Yodgorlikning eng quyi qismidagi 40 metrli madaniy qatlami paleolit davrining ilk bosqichiga tegishli bo'lib, undan tosh qurollari va hayvon suyaklari o'rin olgan. 1-madaniy qatlamidan bir tomoni urib sindirib ishlangan qopol tosh qurollari-chopperlar, ikkinchi madaniy qatlamda esa ikki tomoni urib sindirib ishlangan tosh qurollari-choppinglar paydo bo'ladi. Ulardan keyingi madaniy qatlami esa ashel davriga tegishli.

Lekin, Olduvay makonidagiga nisbatan qadimiyroq tosh qurollari Sharqiy Afrikadagi bir necha yodgorliklarning madaniy qatlamlaridan topilgan. Ularning eng qadimgisi Efiopiyadagi Vest Gona (2,8-2,4 mln.yil avval) va Keniyadagi Koobi Fora (2 mln. yil avval) kabi makonlardan topib o'rganilgan. Mehnat qurollarining asosiy qismini vulqon lavasi qotishmasidan hosil bo'lgan jinslaridan yasalgan qurollar tashkil etadi. Boshqa bir necha qurollar esa kvars va chaqmoqtoshli slansdan yasalgan. Mazkur makonlar madaniy qatlamlarida ibtidoiy jamoa kishilar vakillariga tegishli suyaklar qoldiqlari uchramaydi.

Bu davr ibtidoiy kishilari toshlarga ishlov berishda hali aniq va maqsadli zarbalarni amalga oshirish ko'nikma va malakasiga ega bo'lmaganliklari tufayli yasagan qurollari sodda va ancha qopol shakl hosil qilgan.

Olduvay davrida asosan qopol uchirilgan uzunchoq (sferoid) qurollardir. Ular go'sht va o'simlik mahsulotlarini maydalash maqsadida foydalanilgan. Uchinchi turdagi tosh quroli chopper (ing. - kesuvchi) tomondan urib-uchirish asosida yasalgan bo'lib, kesish va chopish maqsadlarida foydalanilgan. Ishlov berilmagan yuqori qismi ushlash uchun qulay bo'lgan. Keyinchalik ikki tomondan urib uchirilgan “chopping” lar paydo bo'ladi. Olduvay davri tosh qurollari orasida nukleuslar muhim o'rin egallaydi. Nukleus - toshning mehnat quroli yasash maqsadida tabiiy qobigi uchirib olingandan keyingi holati bo'lib, undan tosh qurollari yasash uchun bo'lakcha ko'chirib olish bilan bir vaqtda o'zidan qurol sifatida foydalanish mumkin bo'lgan. Olduvay bosqichi tosh qurollarining o'lchami 8-10 sm. ni tashkil etgan. Ayrim arxeologik ma'lumotlarning guvohlik berishga ko'ra olduvayliklar dastlabki qol choqmoridan foydalanishgan. qol choqmori zamonaviy tadqiqotlar davomida aniqlangan ashyoviy dalillarga ko'ra taxminan 1,5 mln. yilliklarda paydo bo'lgan ekan. Tosh qurolining bunday turi arxeologiya fani tilida bifas, deb ataladi. Dastlabki qol choqmorlari yirik (uzunligi 35 sm. gacha) oval yoki bodomsimon shaklga ega bo'lgan ogir mehnat quroli hisoblangan. Yuqori qismi keng va pastga tomon torayib, o'tkir uch hosil qilgan bu qurol bilan o'ng qolda zarba berilib, nisbatan ogir vazifalar bajarilgan. Bunday turdagi tosh qurollari majmuasiga nisbatan “Olduvay madaniyati” atamasi arxeologiya fani sohasida keng qollaniladi.

Shuni alohida ta'kidlab o'tish kerakki, Gruziya respublikasidagi Dmanisi shaharchasi yaqinidagi ilk tosh davriga oid makondan ham tosh davrining ibtidoiy odamining eng qadimgi vakillariga tegishli suyaklar topib o'rganilgan bo'lib, uning mutloq sanasini mil.avv. 1600 yilliklar bilan sanalangan. Bu bevosita insoniyatning Olduvay davrining oxirgi bosqichlaridan boshlab ibtidoiy odamlar Sinay yarim oroli orqali Yaqin Sharq hududlariga o'ta boshlaydi. Bu hudud fauna va florasi hozirga ancha yaqin bo'lgan. Bundan 2 million yillar avval Sharqiy O'rta yer dengizi atroflari hududlaridagi yerlarlarda villafrank faunasiga xos fil, etrusk nasorgi, gippopatam, timsoh va shular kabi issiqsevar hayvonlar yashagan. Bu davrda yer yuzining relefi ham hozirgidan ancha farq qilib, nisbatan past va tekis bo'lgan. Dengiz atrofi hududlari savannani eslatgan. Taxminan ikki milion yillar avval tog tizmalarining ko'tarilishi va toglar oraligi vodiylarining pasayish jarayoni faollashadi. Toglarning ko'tarilishi va eroziya jarayoni natijasida tabiiy gorlar ochib, keyinchalik qadimgi odamlar panoh topish imkoniyati paydo bo'ladi. Bunday qulay tabiiy sharoit so'nggi olduvay davri ibtidoiy odamlarining ushbu hudud bo'ylab keng tarqalishiga imkon yaratgan. Suriya va Livanning dengiz bo'yi hududlaridagi ibtidoiy makonlardan choppinglar va ularni yasashda hosil bo'lgan ko'plab mayda uchirindilar topilgan.

Ashel davri. Bu bosqichda yer yuzida ikkita muzlik oraligi va ikki muzliklar hukmronlik qilgan davrga togri keladi (gyuns-mindel, mindel, mindel-riss va riss). Olduvay davrining oxirlarida Еvrosiyoga, ya'ni Sharqiy O'rta yer dengizi hududlarigacha tarqalgan ibtidoiy kishilar guruhining shimoliy-garbga tomon tarqala borishi Kichik Osiyodan Dardanell va Bosfor bugozlari orqali Bolqon yarim oroliga o'tib Еvropaning sharqiy va janubiy hududlari bo'ylab tarqala boshlaydi.

Afrikaning shimoli-garbiy qismi bo'ylab siljigan boshqa bir to'lqini ilk ashel davridan Dardanel bugozi orqali Priney yarim oroliga o'tib, Еvropaning janubiy hududlarini egallaydi va shimoliga tomon kengayib boradi. Bu davrda Еvropa, ayniqsa uning janubiy hududlarida issiq iqlim sharoiti hukron bo'lib, unga xos villafrank faunasiga xos issiq iqlim sharoitiga mos hayvonot dunyosi keng tarqalgan. Ilk ashel davriga oid arxeologik yodgorliklar Ispaniya, Portugaliya, Fransiya kabi davlatlarning hududlarida ko'plab uchraydi.

Bu paytda Olduvay bosqichida ma'lum bo'lgan tosh qurollari turi ko'payib, ularning ishlanish usuli takomillashadi, ayniqsa, qol choqmori yanada mukammallashadi. Ashel davrining o'rtalaridan boshlab tosh qurollariga zamonaviy arxeologiya fan tilida levallua (Parij yaqinidagi Levallua-Perre nomidan olingan) texnikasi, deb ataladigan usulda ishlov berish an'anasi vujudga keladi. Toshga ishlov berishning bunday chaqmoqtoshli toshning atrofidagi tabiiy qobigi urib uchirib olingandan so'ng hosil bo'lgan gardishsimon (toshbaqa po'stiga oxshash) shaklli nukleusdan ko'chirib olinadigan tosh bo'laklari va ularning mehnat quroli sifatida ishlanish usuliga nisbatan levallua texnikasi, deb ataladi. Levallua texnikasi muste davrida rivojlanadi va ayrim janubiy o'lkalarda so'nggi paleolit davrida ham saqlanib qoladi. Bunday nukleuslarning konturi ilgarigiga nisbatan togri va tekis bo'lib, undan tomonlari togri va nisbatan yupqa tosh bo'laklari uchirib olish imkoniyati oshadi. Levallua texnikasiga asoslangan usul vujudga kelgandan so'ng tosh qurollari turi ancha ko'payadi. Bu davrda tosh qurollariga retushlash asosida ikkilamchi ishlov berish usuli paydo bo'ladi. Retushlash deganda, o'zak, ya'ni nukleusdan ko'chirib olingan tosh bo'lakchasiga yordamchi vosita orqali kichik zarbalar orqali tig hosil qilish tushuniladi. Retush suyak, yogoch va ayrim hollarda toshlar yordamida amalga oshiriladi. Keyinchalik “отжимный ретуш”, biror vosita bilan siqib tig hosil qilish usuli vujudga keladi.

Turli tosh navlaridan tashqari ibtidoiy odamlar yogoch va suyaklardan ham qurol sifatida foydalanishgan. Ibtidoiy kishilar yogochlardan turli maqsadli qurollar sifatida foydalanishgan bo'lsalarda, bizgacha ularning kam sonli nushalari saqlanib qolgan. Ularning saqlanib qolgan namunalari Ispaniyaning Torralba manzilgohidan topib o'rganilgan. Bunday qurollardan kovlash ishlarini amalga oshirish yoki hayvonlarni ovlash maqsadlarida foydalanilgan bo'lishi kerak. Angliyadagi Klekton makonidan tissa novdasidan yasalgan nayza topilgan. Laringen (Germaniya) makonidan ham o'ldirilgan fil qovurgalari orasidan 215 sm. uzunlikdagi nayza sifatida ishlatilgan tissa navdasi aniqlangan.

Ashel davri uchun bir necha turdagi makonlar xos. Ular bir necha qalin madaniy qatlamlardan iborat ochiq joy, gor-makon va ov jarayonida yashagan qisqa muddatli kulbalardan iborat bo'lgan. Ibtidoiy kishilari gor-makonlarda va tekisliklardagi ochiq joylardagi chayla kulbalarida istigomat qilishgan. Gorlarning ichki qismi odatda zah bo'lganligi sababli ularning oldida chaylalar barpo qilinib, ularning ayvonidan yoginlardan tusuvchi tabiiy vosita foydalanilgan. Ibtidoiy kulbalarning izlari Tera Amanta, Lazaret gori (Fransiya), va Azix gori (Ozarbayjon) lardan topilgan. Ularning ayrimlarida ochoq izlari uchraydi. gorlar kishilarning yashashi uchun boshpana bo'lib qolmay yirtqichlardan himoyalanuvchi vositasi vazifasini bajargan.

Ashel davri oxiriga kelib, odamzod yer yuzining keng hududi bo'ylab yoyiladi. Bu davr yodgorliklari Atlantika okeanidan sharqda Tinch, janubda Hind okeanigacha bo'lgan yerlarga tarqalgan.

Еvropaning ashel davri aholisi o'rmon fili, qisman yovvoyi ot, kamchilik holatlarda bugu, va nosorglarni ov qilib kun kechirishgan. Aynan fil go'shti ibtidoiy odamlar oziq-ovqatining 5/4 qismini tashkil etgan. O'lja asosan yosh fil yoki uning bolalariga tegishli bo'lgan. Odatda o'lja ov qilingan joyda iste'mol qilingan. Bu davrga oid Torralba (Ispaniya), Ambrone yodgorliklaridan topib o'rganilgan suyak topilmalari shundan dalolat beradi. Ibtidoiy jamoa a'zolarining ov jarayoni nihoyatda mashaqqatli kechgan. Birgina hayvonni ovlash uchun bir necha kunlab hayvonlar izidan ommaviy izgib yurishlariga togri kelgan.


Download 0.62 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling