Idagi oʻzaro


Download 0.55 Mb.
Sana20.06.2023
Hajmi0.55 Mb.
#1627748
Bog'liq
Shartnomalar haqida


Shartnoma nima? Shartnoma – bu fuqarolik huquqida ikki yoki undan ortiq (jismoniy yoki yuridik) shaxslarning huquq va burchlarini vujudga keltirish, belgilash, oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi oʻzaro kelishuvidir. Bunday kelishuvning mazmuni yozma tarzda aks ettirilgan hujjat ham “shartnoma” deb ataladi. Shartnoma bitimning bir turi (OʻzR FK, 102-modda) boʻlib, uning maʼnodoshi (sinonimi) sifatida “kontrakt” soʻzi ham qoʻllaniladi37. Shartnoma – bu xoʻjalik yurituvchi subyektlarning (mulk shaklidan qatʼi nazar) oʻzaro iqtisodiy munosabatlarini tartibga solishning huquqiy vositasidir.
Yuqorida keltirilgan taʼrifdan kelib chiqadiki, shartnomada tomonlar oʻzaro kelishuv asosida maʼlum bir maqsadga erishish uchun oʻz zimmalariga huquq va majburiyatlar oladilar.
Taraflardan biri shartlashilgan muddatda biznes faoliyati sohasida tovarlarni berish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish majburiyatlarini oladigan, ikkinchi taraf esa tovarlarni, ishlarni, xizmatlarni qabul qilib olish va ularning haqini toʻlash majburiyatini oladigan kelishuv biznes shartnomasi deyiladi38. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi shartnomalar barcha mulk shaklidagi korxonalar va tadbirkorlarning oʻzaro iqtisodiy munosabatlarini oʻrnatuvchi asosiy huquqiy hujjat hisoblanadi. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida xoʻjalik shartnomalarini tuzish, bajarish, oʻzgartirish va bekor qilish vaqtida yuzaga keladigan munosabatlarni “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi OʻzRning 1998-yil 29-avgust Qonuni tartibga soladi. Xoʻjalik shartnomalarini tuzish, bajarish, oʻzgartirish va bekor qilishda yuzaga keladigan munosabatlar faqat yuqorida tilga olingan qonun bilangina emas, balki OʻzRning FK va boshqa qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi. Xoʻjalik shartnomasi fuqarolik-huquqiy shartnoma boʻlib, unga nisbatan FKning bitimlar va shartnomalarga doir barcha normalari tadbiq etiladi.
“Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonun (4-modda) va OʻzRning FKga (1-modda) koʻra, xoʻjalik yurituvchi subyektlar (yuridik yoki jismoniy shaxs) shartnoma tuzishda erkindir. OʻzR FKning 1-moddasida fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining tengligi, fuqarolar (jismoniy shaxslar) va yuridik shaxslar shartnoma asosida oʻz huquq va burchlarini belgilashda va qonun hujjatlariga zid boʻlmagan har qanday shartnoma shartlarini aniqlashda erkin ekanligi fuqarolik huquqining asosi sifatida taʼriflanadi.
Shartnoma taraflarning oʻzaro kelishuvi sifatida quyidagi belgilariga ega:
1) tomonlar oʻz erkini ixtiyoriy ifodalaydilar;
2) shartnoma mazmunini tashkil etuvchi barcha shartlar boʻyicha tomonlarning roziligi;
3) tomonlar oʻz majburiyatlari yuzasidan harakatlarini, qoida tariqasida, haq evaziga bajaradilar;
4) shartnoma munosabatlarida tomonlar tengdir;
5) shartnomani ijro etishning yuridik kafolati mavjud;
6) shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanadi.

Shunday qilib, shartnoma:


birinchidan – tomonlar oʻrtasida majburiyatlar kelib chiqishining asosidir,
ikkinchidan – barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy faoliyatini rejalashtirishning asosidir,
uchinchidan – tomonlar oʻrtasidagi mulkiy munosabatlarni amalga oshirishning huquqiy shaklidir.

Xoʻjalik shartnomasi oʻziga xos xususiyatlarga ega. Bular quyidagilardir:


1) Shartnoma faqat biznes faoliyati sohasida (foyda olish maqsadida) tuziladi.
2) Shartnoma yuridik shaxslar va yakka tartibda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar oʻrtasida tuziladi.
3) Shartnoma tovarlarni yetkazib berish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida tuziladi.
4) Shartnoma faqat yozma tarzda tuziladi.

Xoʻjalik shartnomasi tomonlari quyidagi huquqlarga ega (yuqoridagi qonunning 6-moddasi):


1) Xoʻjalik shartnomalarini tuzish, bajarish, oʻzgartirish va bekor qilish munosabati bilan zarur boʻlgan maʼlumotnomalar va boshqa hujjatlarni surash va olish;
2) Xoʻjalik shartnomalarini tuzish, bajarish, oʻzgartirish va bekor qilish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan ekspertlarning yozma xulosalarini soʻrash va olish, mutaxassislar bilan maslahatlashish;
3) Davlat organlari va boshqa organlarga, mansabdor shaxslarga iltimosnomalar bilan murojaat etish hamda shikoyatlar berish va ulardan asoslantirilgan yozma javoblar olish;
4) Boshqa tarafning iqtisodiy ahvoli, nufuzi va ishchanlik jihatlari xususidagi maʼlumotlarni toʻplash;
5) Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qonunda nazarda tutilgan vositalari va usullarini qoʻllash.
Xoʻjalik shartnomasini tuzish. Shartnoma tuzishda quyidagilarga alohida eʼtibor berilishi lozim:
1) shartnoma predmeti va uning oqibatini aniq tasavvur qila bilish; 2) yetkazib beriladigan tovarning (bajariladigan ishning, koʻrsa-
tiladigan xizmatning) miqdori, sifati, assortimenti va bahosini aks ettirish orqali, olingan tovarlarni qayta sotish va ishlab chiqishda zarar koʻrmaslik;
3) shartnomaning bajarilish muddati, hisob-kitob qilish tartibi, tomonlarning majburiyatlari;
4) shartnoma shartlari va majburiyatlari toʻla yoki qisman bajarilmaganda tomonlarning javobgarligi, oʻrtada yuzaga chiqqan nizolarni hal etish tartibi hamda taraflarning rekvizitlari (manzillari), shartnoma tuzilgan sana va joy, qonunlarga zid boʻlmagan boshqa shartlarni aks ettirish;
5) nizo chiqishining oldini olish maqsadida shartnomada uning shartlari aniq va ravshan ifodalanishi, shartlarning tomonlar imkoniyatiga mos kelishi;
6) shartnoma loyihasidagi qoidalar toʻgʻrisida huquqiy maslahatchining fikrini bilish;
7) shartnomaning faqat vakolatli shaxs tomonidan imzolanishini taʼminlash.

Biznes shartnomasini oʻzgartirish haqidagi kelishuvda quyida-gilarning koʻrsatilishi maqsadga muvofiq boʻladi:


1. Qaysi shartnoma oʻzgartiriladi (shartnomaning raqami, sanasi, nomi).
2. Shartnomani oʻzgartirish sabablari.
3. Oʻzgartirilayotgan yoki qoʻshimchalar kiritilayotgan shartlar va ularning yangi tahriri.
4. Oʻzgartirish kiritilgandan keyin avvalgi shartlarning yuridik kuchini yoʻqotishi haqidagi band.
5. Oʻzgartirish yoki qoʻshimcha kiritilishidan oldin mazkur shartlar boʻyicha yuzaga kelgan masalalarni hal qilish tartibi.
Xoʻjalik shartnomasini bajarish jarayoni maʼlum harakatlar tizimidan iborat. Bu tizimni ikki bosqichga ajratish mumkin:
1. Xoʻjalik shartnomasini bajarishning moddiy bosqichi. 2. Xoʻjalik shartnomasini bajarishning huquqiy bosqichi.
Download 0.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling