Iii. Asosiy nazariy qism (ma’ruza mashg’ulotlari)


Download 90.35 Kb.
bet1/3
Sana03.12.2020
Hajmi90.35 Kb.
#157974
  1   2   3
Bog'liq
Документ Microsoft Word 8f33d0b77377eafaf135dd4e4f77e135


III. Asosiy nazariy qism (ma’ruza mashg’ulotlari)

1-mavzu. Falsafa faning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli

Reja:

  1. Falsafaning predmeti.

  2. Dunyoqarashning tuzilishi. Dunyoqarashning tarixiy shakllari.

  3. Fan ilmiy dunyoqarash shaklidir. Falsafa va faning o’zaro mutanosibiligi va farqi.

  4. Falsafada milliylik va umuminsoniylik, milliy falsafani rivojlaantirish zarurligi.


1. Falsafa predmeti. Insoniyat tarixida eng qadimgi ilmlardan bo’lgan falsafa yoki faylasuf degan tushunchani bilmagan yoki u haqida eshitmagan kishi bo’lmasa kerak. Xo’sh, falsafa o’zi qanday fan? U qanday masalalar haqida fikr yuritadi? Falsafani nima uchun o’rganish lozim? Bu fanni o’rganish bizlarga nima beradi? kabi savollar bo’lishi ehtimoldan xoli emas.

Har qanday zamonda insoniyat mavjud ekan, olam va odam qanday qonuniyatlar asosida yashaydi, o’zgaradi va taraqqiy etadi, degan savollarga javob izlaydi

Maruzamizning ibtidosini faylasuf kim, degan savolga javob beraylik. Filosof so’zini1, ilk bor buyuk matematik va mutafakkir Pifagor qo’llagan. Bu tushunchaning ma’nosini u Olimpiya o’yinlari misolida quyidagicha tushuntirib bergan: anjumanga keladigan bir guruh kishilar bellashish, kuch sinashish, ya’ni o’zi va o’zligini namoyon etish uchun, ikkinchi bir guruh – savdo-sotiq qilish, boyligini ko’paytirish uchun, uchinchisi esa, o’yindan ma’naviy oziq olish, haqiqatni bilish va aniqlashni maqsad qilib oladi.Ana shu uchinchi guruhga mansub kishilar, Pifagor talqiniga ko’ra, faylasuflar edi.

Bu, bir qarashda, oddiy va jo’n misolga o’xshaydi. Ammo uning ma’nosi nihoyatda teran. Chunki, inson umrining o’zi ham shunday. ««Dunyo teatrga o’xshaydi, unga kelgan har bir kishi sahnaga chiqadi va o’z rolini o’ynab dunyoni tark etadi», degan fikr bejiz aytilmagan. Кimdir bu dunyoga uning sir-asrorlari to’g’risida bosh ham qotirmasdan kelib ketadi, umrini eyish-ichish, uy-ro’zg’or tashvishlari bilan o’tkazadi. Boshqasi – nafs balosiga berilib, mol-mulkka ruju qo’yadi. Uchinchisi esa, olam hikmatlarini o’rganadi, umrini xayrli va savob ishlarga sarflaydi, boshqalar uchun ibrat bo’larli hayot kechiradi.

Qadimgi Sharq va Yunonistonda har tomonlama chuqur bilim va katta hayotiy tajribaga ega bo’lgan, inson ma’naviyatini boyitish va haqiqatni bilishga intiluvchi kishilarni faylasuf deb ataganlar. Fozil va komil insonlargina falsafa bilan shug’ullanganlar. Aslida, o’sha davrlarda falsafani o’rganish deyilganda, ilmning asoslarini egallash ko’zda tutilgan. Buyuk grek faylasufi Epikur (eramizdan avvalgi 470-399 yillarda yashagan) bu haqiqatni quydagicha ifoda etgan: ««O’z-o’zingni erga urish, tubanlashish nodonlikdan boshqa narsa emas, o’zligingdan yuqori turish esa – faylasuflikdir».

Lev Tolstoy donishmand kishilarning uch xislatini alohida ta’kidlab, shunday yozgan: ««Ular, avvalo, boshqalarga bergan maslahatlariga o’zlari amal qiladilar; ikkinchidan, hech qachon haqiqatga qarshi bormaydilar; uchinchidan, atrofidagi kishilarning nuqsonlariga sabr-toqat bilan chidaydilar».

Xuddi shuningdek, Sharqda ham Кonfusiy va Moniy, Xorazmiy va Forobiy, imom Buxoriy va imom Termiziy, Beruniy va ibn Sino, Naqshband va Navoiy kabi donishmand bobolarimiz o’z hayotiy kuzatishlari va tajribalarini umumlashtirish, insonga xos xato va kamchiliklardan saboq chiqarish, bashariyat tomonidan to’plangan bilim va tajribalarni o’zlashtirish orqali faylasuf darajasiga ko’tarilganlar.

Falsafa o’zi nima? Uning predmeti nima? degan masalaga to’xtalib o’taylik.

Ma’lumki, har qanday nazariyada predmet va ob’ekt farqlanadi. Ob’ekt diqqat markazida bo’lgan butun voqelikni tashkil qiladi. Predmet esa o’rganishning o’ziga xos maqsadlari bilan bog’liq bo’lgan voqelikning o’ziga xos jihatlari, xususiyatlari. Falsafaning o’ziga xos o’rganish ob’ekti bu inson – olam o’rtasidagi munosabatlardir va bu munosabatlar eng umumiy ma’noda o’rganiladi, bu munosabatning boshqalardan ko’ra umumiy tarzda o’rganilishining boisi shundaki, inson qandaydir barqaror, turg’un hayotiy ko’rsatmalarga ega bo’lib, o’z borlig’ining ma’nosini topa olish imkoniga ega bo’lishidadir.

Belgilangan vazifa na faqat falsafa, balki dunyoqarashning boshqa shakllari – mifologiya, din, badiiy va stereotipik fikrlash orqali ham hal qilinadi.

Falsafa – insoniyat bilimlari, ma’naviy madaniyati ichidagi eng qadimgi va qiziqarli sohalaridan biridir. Falsafa – bir butun olam va unda insonning o’rni bilan bog’liq bo’lgan dunyoqarashga oid bo’lgan savollarni tahlil va hal etishga qaratilgan ma’naviy faoliyat shaklidir.

Immanuil Кantning qyidagi fikridan iqtibos keliramiz:


  1. Nimani bilsam bo’ladi? – Yoki insoniyat zotining bilim qobiliyati nimada?

  2. Nima qilishim kerak? Boshqacha qilib aytganda, inson bo’lish va qadr-qimmat bilan yashash uchun nima qilishim kerak?

  3. Men nimaga umid qilaman? – Bu savol qadariyatlar va ideallar haqida.

Ushbu savolga javob berib, biz integrativ savolga javob olamiz: Inson o’zi nima?

Zamonaviy ilm-fanda har qanday fanning predmetini qanday aniqlash haqida umumiy qabul qilingan tushunchalar ishlab chiqilgan. Buning uchun:



  1. Bugungi kunda fan qanday ob’ektlar, jarayonlar, borliq yoki ongning sohasini qayd etmoq kerak.

  2. Ilm-fan rivojlanishining mumkin bo’lgan yo’nalishlarini, ya’ni tadqiqot yo’nalishlarini aniqlash.

  3. Fan predmetining o’zgarishi mumkin bo’lgan chegaralarini aniqlash.

Biroq, ushbu mezonlarni falsafaga qo’llash mumkin emas, Nima uchun? Zero, zamonamizning eng buyuk mutafakkirlaridan Bertran Rassel (1872-1970) so’zlari bilan aytganda, falsafa “hali bilish imkoni bo’lmagan predmetlar haqida fikr yuritishdir”.

Va falsafaning hozirgi kundagi ahamiyati shundaki, “bu bizni hozirgi paytda fan sohasiga kiritilmagan ko’plab savollarning mavjudligini anglashga majbur qiladi”. Masalan: koinotda, jamiyatda va tafakkurda amal qiladigan qandaydir universal qonunlar bormi? Insoniyat tarixi Кosmos uchun ma’noga egami? Adolatli davlat bo’lishi mumkinmi? Insonning ruhi nima? Ya’ni, falsafa hozirgi kunda mavjud bo’lgan maxsus fanlardan sezilarli darajada farq qiladi va “fan predmeti”ni ajratib olish mezonlari haqidagi ta’rif falsafaga to’liq mos kelmaydi. Nima qilish kerak? Falsafa tarixigi murojat qilib ko’ramiz va u erda falsafa predmeti qanday aniqlanganligini ko’rishimiz mumkin. Кlassik yondashuvning boshida turgan Aristotel (mil.avv.384-322) falsafa fanining predmeti mezoni sifatida “umumiylik” darajasini ajratib ko’rsatadi. Falsafa ko’proq umumiy narsalar, “abadiy” va “ilohiy ibtidolar” bilan shug’ullnadi. Falsafa – bu narsalarning birlamchi sabablari yoki ibtidoiy mohiyat to’g’risidagi ta’limot. Yangi davr mutafakkirlari Dekrat, Hegel va boshqalar ham shunday o’ylashgan.

Umuman olganda falsafa predmetini bunday tushunish juda uzoq vaqt davom etdi va “klassik” deb hisoblandi. Ba’zi o’zgarishlar bilan falsafa fani predmeti haqidagi ushbu ta’rif mamlakatimiz dasturlari va darsliklarida ustunlik qilgan edi. Falsafa “tabiat, jamiyat va tafakkur rivojlanishining umumiy qonunlari haqidagi fan” deb tavsiflangan edi. Odatda bunga nafaqat fan, balki ijtimoiy ongning shakli, shuningdek “borliq va bilishning umumiy prinsiplari, insonning olamga munosabati haqidagi ta’limot” deb qo’shib qo’yilgan (Filosofskiy ensiklopedicheskiy slovar. M., 1983. S. 726).

Bunday ta’rif asosan umumlashtiruvchi mazmunga ega bo’lib qoladi: bu erda falsafa fan sifatida ham, ijtimoiy ong haqidagi ta’limot va shakli sifatida tariflanadi, agar yana davom etib o’qisak, dunyoqarash, olamni anglash usuli sifatida ham tushuniladi. Bularning barchasi to’g’ri, ammo falsafa predmetidagi eng asosiy narsa nima? Falsafaga klassik yondashuvdan chetga chiqib, uning predmetiga berilgan boshqa ta’riflariga qarshimiz mumkin.

Shunday qadimiy, ya’ni Pifagorga (mil.avv. V asr) tegishli bo’lgan, falsafa “donolikka muhabbat” degan ta’rif ham bor. “Falsafa” so’zining o’zi qadimgi yunon tildidan aynan shunday tarjima qilingan. U holada falsafaning predmeti – donolikdir, va endi donolikni qanday aniqlash kerakligi muammosi paydo bo’ladi.

Qadimgi yunonlar donolikni butun Кoinotni boshqaradigan qandaydir kosmik “Aql” deb ta’riflashgan; yoki ilohiy va insoniy ishlarning mohiyatini bilish donolik deb hisoblangan. Hikmatning boshqa ta’riflari ham bor, ular falsafaning ta’rifidan kam emas. Boshqalar, keyingi donishmandalar avlodi, masalan, Seneka (I asr), tashqi olam emas, balki inson axloqi, ya’ni ezgulik va yovuzlik falsafaning predmeti bo’lishi kerakligini uqtirgan edi.

Falsafa, avvalam bor, dono hayot kechirish va uni qadr-qimmat, e’tibor, obro’ bilan to’ldirishga o’rgatadi.Shunday fikrni Mishel de Monten (XVI asr), I.Кant (XVIII asr), Fridrix Nisshe (XIX asr), XX asrda esa – Albert Shveser va boshqalar rivojlantirdilar. Yangi davr falsafasida ko’pgina mutafakkirlar falsafaning predmetini narsalar haqida haqiqiy bilim bilan bog’lagan edilar (Lokk, Gobbs). XIX-XX asrlarda “bir butun olam”, “jamiyatning mohityai va qonunlari”, “eng umumiy tushunchalarni o’rganish”, “Universumni bilish”, qadriyatlar haqidagi fan, ijtimoiy tuzumning eng yaxshi tizimini o’rganish va shu kabilar falsafaning predmeti nomlandi.

Shunday qilib, falsafaning predmeti – bu falsafaning o’zining rivojlanish tarixi bilan bog’liq bo’lgan muammodir. Bundan tashqari, bugungi kunda falsafa predmetini turli xil ta’riflash mumkin, masala ushbu mavzuni bayon qilmoqchi bo’lgan faylasufning o’zi qanday pozisiyada bo’lishiga bog’liq. Mana bunday fikr yuritish mumkin. Haqiqiy dunyoni, ob’ektlarni, ob’ektiv voqelik jarayonlarini o’rganadigan ko’plab fanlar mavjud, masalan, fizika, kimyo, biologiya, asab faolityai fiziologiyasi, tarix, sosiologiya va hokazo. Bunday fanlar xususiy fanlar deyiladi. Bularga sub’ektiv reallikni o’rganadiganlar (masalan, psixologiya, psixopatologiya va h.z.) ham kiradi. Falsafa ob’ektlarni, empirik realliklarni emas, balki qanday qilib bu reallik ijtimoiy ongda “yashayotganini” o’rganadi; u jamiyat va inson uchun reallikning ma’nolari qanday ekanligini o’rganadi. Aytilganni tushuntrib beramiz. Fan fizik tabiatni o’rganadi, uning qonunlarini ochib beradi, falsafa esa turli davr va madaniyatlarning olimlari, qadimgi yunonlar, o’rta asr mutfakkirlari yoki Marifat davri faylasuflari va h.z.lar tabiatni qanday va nima uchun bunday tushunganlar deb tushuntiradi. Falsafa dunyoni o’zini emas, balki odamlarning dunyoni bilish, dunyo jarayonlari o’rtasidagi munosbatlarning ma’nosini o’rganish bilan shug’ullanadi. Falsafa predmetidagi asosiy narsa – falsafiy fikr yurgizish uni tahlil qilishga moyillikdir. Bu shuni anglatadiki, falsafa olamga sub’ekt-ob’ekt munosabatlari prizmasi (ta’siri), ya’ni insonning dunyo, jamiyat, boshqa odamlar bilan munosabati orqali qaraydi. Falsafa olamda uning ontologik, metodologik, axloqiy, estetik asoslarini qidiradi. Faylasuf har doim dunyo qadriyatlar tizimini yaratadi va shu bilan inson faoliyatining dastlabki asoslarini ko’rsata biladi. Falsafa boshqa fanlardan farqli o’laroq, insondan boshlanadi. Insonning o’zi nima? U uchun olam nima, inson bu dunyoda nimani orzu qilishi va nimaga erishishi mumkin? Shu kabi savollarga javob berishga urinadi.

Bizning zamonamizda falsafa predmetini yoritishga urinishda Bertran Rassel haqiqiy falsafiy muammolar haqida quyidagilarni yozgan: “... Hayotning ma’nosi nima, agar u mavjud bo’lsa? Dunyoning maqsadi bormi, tarix rivoji qaerga olib boradi, yoki bu hammasi ma’nosiz savollarmi? Chindan ham tabiat qandaydir qonunlar tomonidan boshqariladimi, yoki biz barcha narsalarda qandaydir tartib bo’lishini xoxlaganimiz uchun shunday o’ylaymizmi? Dunyo tubdan ikki qismga bo’linganmi – ruh va materiya, va agar shunday bo’lsa, ular qanday qilib birga yashaydilar? Inson haqida nima deyshimiz kerak? Munajjimlarga ko’rinib turgandek, u mayda va ahamiyatsiz sayyorada yordamsiz aylanib yuradigan chang zarrasimi? Yoki u, kimyogarlar tasavvur qilishlari mumkin bo’lgan, bir guruh kimyoviy moddalar aqlli tarzda bir-biriga birlashib qolganm birikmami? Yoki, nihoyat, Gamlet tasavvurida go’yo inson o’z asosiga ko’ra cheksiz imkoniyatlarga ega himmatli, pok, oliyjanobdir. Balki, inson – bularning barchasi bilan birgalikdadir? Hayotning yagona yo’li bormi – yaxshi, boshqasi – yomon, yoki qanday yashayotganimiz muhim emas. Agar yaxshi hayot yo’li mavjud bo’lsa, unda bu nimani anglatadi yoki unga rioya qilib qanday yashashni o’rganishimiz kerak? Biz donolik deb ataydigan nimadir bormi yoki bizga shunchaki oddiy quruq telbalik bo’lib tyuladimi?”2.

Mazkur savollar hayotimiznig ajralmas qismidir. Aynan shu sababli biz falsafani o’rganamiz.

Falsafa shakllanishining asosiy bosqichlari. Qo’yilgan masalaga javob berish unchalik ham oson emas. Chunki, falsafa shakllanishi va rivojining yirik va mayda bosqichlari haqida mulohaza yuritish mumkin. Birinchi galda bizni, falsafa rivojining aynan yirik, muhim ahamiyatga ega bo’lgan bosqichlari qiziqtiradi. Bunday bosqichlar bizningcha jami oltita, xususan:

antik falsafa – miloddan avvalgi - VI-III asrlar;

o’rta asr G’arb falsafasi milodiy -IV – XIVasrlar;

yaqin Sharq hamda Markaziy Osiyo Uyg’onish davri falsafasi - IX-XII asrlar;

g’arbiy Evropa Uyg’onish davri falsafasi - XIV-XVI asrlar;

yangi davr falsafasi - XVII- XIX asrlar;

eng yangi (hozirgi zamon) falsafasi - XX-XXI asrlar.

Falsafaning strukturasi. Falsafa o’z shakllanishi va rivojlanishining qadimgi davridayoq, tabiat, inson, jamiyat va ma’naviyatni, shuningdek sababiy bog’lanishlar, qonunlar va shu kabilarni bilish sohasida yuksak natijalarga erishdi va rasionallik nuqtai nazaridan odamlarning dunyo haqidagi umumiy tasavvuriga aylandi. Ammo olamning cheksiz darajada rang-barangligi va serqirraligi tufayli o’sha davrdayoq parchalanmagan falsafiy bilimlar va tasavvurlardan ayrim bo’limlar ajralib chiqa boshladi, vaqt o’tishi bilan rivojlanib, ancha aniq shakl-shamoyil kasb etdi va yangi bilimlar bilan to’ldirildi.



««Dunyo – inson» tizimidagi munosabatlarning rang-barangligi predmetli-amaliy, gnoseologik, akseologik, estetik, axloqiy va boshqa xil munosabatlar bilan belgilanadi. Quyidagilar falsafaning strukturasi hisoblanadi:

  • ontologiya – mavjudlik, borliq haqidagi bilim;

  • gnoseologiya (boshqa bir terminologiyaga ko’ra – epistemologiya) – bilish nazariyasi;

  • aksiologiya - qadriyatlar haqidagi ta’limot;

  • praksiologiya – borliqni o’zlashtirishga qaratilgan inson faoliyatini o’rganuvchi ta’limot;

  • ijtimoiy falsafa – jamiyat haqidagi ta’limot;

  • logika(mantiq) – tafakkur shakllari va qonunlari haqidagi ta’limot

  • etika – axloq haqidagi ta’limot;

  • estetika – nafasatshunoslik haqidagi ta’limot

  • falsafiy antropologiya – inson haqidagi ta’limot.

  • XIX asr oxiri va XX asr boshlaridan jins falsafasi (gender falsafsi), texnika falsafasi, ta’lim falsafasi va boshqalar paydo bo’ldi.

2. Dunyoqarash tushunchasi, uning tuzilishi va tarixiy shakllari. Dunyoqarash - inson ongi, bilishining zaruriy tarkibiy tuzilmasidir. Dunyoqarash nafaqat inson ongining shunchaki boshqa bir qator elementlaridan biri, balki, ularning murakaab o’zaro ta’siridir.Har bir kishining dunyoga nisbatan o’z qarashi, o’zi va o’zgalar, hayot va olam to’g’risidagi tasavvurlari, xulosalari bo’ladi. Ana shu tasavvurlar, tushunchalar, qarash va xulosalar muayyan kishining boshqa odamlarga munosabati va kundalik faoliyatining mazmunini belgilaydi. Shu ma’noda, dunyoqarash - insonning tevarak atrofini qurshab turgan voqelik to’g’risidagi, olamning mohiyati, tuzilishi, o’zining undagi o’rni haqidagi qarashlar, tasavvurlar, bilimlar tizimidir. Dunyoqarash - olamni eng umumiy tarzda tasavvur qilish, idrok etish va bilishdir.

Dunyoqarash ijtimoiy-tarixiy xarakterga ega. Bu jihatdan har bir davrning, har bir avlodning, har bir ijtimoiy guruhning o’ziga xos dunyoqarashi mavjud. Shungako’ra dunyoqarash o’ziga xos alohida, maxsus va umumiy xususityalarga ega bo’ladi. Dunyoqarashning ijtimoiy o’z-o’zini anglash sifatidagi xususiyati shuki, u muhim hodisa va voqealarga kishilarning o’z hayotiy maqsad va manfaatlari asosida, ularning shaxsiy yoki ijtimoiy mavqelaridan kelib chiqqan holdagi munosabatlarining ifodalanishidir. Shunga ko’ra dunyoqarash insonning dunyoni kundalik ogda aks ettirishigina bo’lmay, balki uni qayta o’zlashtirishi natijasi sifatidagi bilimlari hamdir.

Dunyoqarashnig o’ziga xos maxsus xususiyati shuki, unda mifologiya, din, falsafa, fan, siyosat, huquq, san’at, axloq kabi ijtimoiy-ma’naviy faoliyatning maxsus bir shakli sifatida ham qaraladi.

Dunyoqarashning umumiy xususiyati shuki, u insonni va o’zini anglashi, tushunishi, bilishi va baholash ususli bo’lishi jihatdan uning har qanday moddiy va ma’naviy faoliyatida o’z ifodasini topadi.

Dunyoqarashning tarkibiga borliqning oddiy hissiy va aqliy in’ikosi sifatida hosil bo’lgan sezgi, idrok va tasavvurlardan tortib, nazariy tafakkurda mantiqiy jihatdan qayta ishlanib hosil bo’lgan mifologik, diniy, falsafiy, siyosiy, huquqiy, axloqiy, estetik, badiiy, va ilmiy bilimlar, nuqtai nazarlar, ishonch va e’tiqodlaning barchasi kiradi. Dunyoqarash, shu bilan birga, kishilarning kundalik turmushidagi oddiy hayotiy-amaliy malaka va ko’nikmalarini, ularning bilish va baholashga oid yo’l-yo’riqlari, ishonch va e’tiqodlari, niyat va maqsadalarini, ideal orzu va umidalrini, xullas, amlaiy va ilmiy bilimlarining jamini o’z ichiga oladi. Dunyoqarash o’z ichiga yana kishilardagi xurofiy, afsonaviy, g’ayri ilmiy nuqtai nazarlarni, salbiy, reaksion qarashlarni ham o’z ichiga oladi. Dunyoqarash yuqorida sanab o’tilganlarning oddiy yig’indisi bo’lmay, balki ularning mantiqiy birligidir.

Har bir kishi hayotiy faoliyati jaryonida ulg’ayib borishi bilan uning muayyan dunyoqarashi ham shakllanib, tarkib topa boshlaydi. Uning ma’lum bir barqaror shaklga kelishi bilan inson shaxs sifatida ko’rina boshlaydi. Aks holda shaxs bo’la olmaydi. Muayyan jamiyat doirasidagi dunyoqarashlar majmuasi uning e’tiqodini tashkil etadi.

E’tiqod – insonlar tomonidan faol qabul qilinadigan o’zlarining butun hayotiy intilishlari va ong tarziga mos bo’lgan qarashlar. Qisqacha aytadigan bo’lsak, muayyan maqsad, qalriyatga ishonch, shu asosda shakllangan inson dunyoqarashining eng barqaror elementidir. E’tiqodning shunday bir undaydigan yoki qo’zg’atadigan deymizmi kuchi borki, odamlar ba’zan o’z hayotini tahlikaga qo’yib, hattoki o’limga ham tik borishadi.

Dunyoqarash tushunchasiga qisqacha xotima berar ekanmiz, dunyoqarash insoniyatning o’tmishi, hozirgi va kelajakdagi hayoti sharoitlarini anglab olingan qadriyatlar tizimdan iboratdir. Jamiyat rivojlanib borar ekan insonning amaliy va nazariy bilish faoliyati, xullas, bir butun dunyoqarashi ham takomillashib boradi.

Dunyoqarashning tarixiy shakllari.Dunyoqarashning dastlabki tarixiy shakli mifologik dunyoqarashdir. Mifologik (yunoncha: mifos – naql, rivoyat; logos– tushuncha, ta’limot) dunyoqarash insoniyat ijtimoiy taraqqiyotining boshlang’ich bosqichlariga xos bo’lib, inson dunyoni tushunishning o’ziga xos oddiy usuli, ya’ni xayoliy in’ikosi sifatida paydo bo’lgan.

Miflar har xil xalqlarning fantastik mavjudotlar, xudolar va qahramonlarning ishlari haqidagi turli qadimiy rivoyatlaridir. Ammo bir qator asosiy mavzular va motivlar rivoyatlarda takrorlanib kelinganligini ko’rishimiz mumkin. Xususan, turli xalqlarning ko’pgina rivoyatlari asosan kosmik mavzularga bag’ishlanganini ko’rishimiz mumkin. Ularda olamning boshlanishi, vujudga kelishi, tuzilishi, tabiatning eng muhim hodisalarining paydo bo’lishi, dunyoviy garmoniya va odamning yaratilishi haqidagi savollarga javoblar izlashga harakat qilingan. Mifologiyada iblislarning engilishi natijasida dunyoning yaratilganligi, bunyod (ijod) etilganligi yoki ibtido bo’lmish shaklsiz holatdan asta sekin rivojlanib tartibga solinganligi, xaosdan kosmosga aylanganligi haqida ko’plab rivoyatlar mavjud. Shu bilan birga esxatologik miflar ham mavjud. Ularda olamning bo’lajak falokati va ba’zi bir qator holatlarda esa uning yana qaytadan vujudga kelishi haqida tavsiflar mavjud.

Olamning kelib chiqishi haqidagi qarashlar bilan birga miflarda insonning paydo bo’lishi, yashashi, hayoti, dunyodagi o’rni, ishlari tabiat kuchlari bilan olib borgan kurashlari, ma’naviy kamolot sari intilishlari, nihoyat,uning o’limi, hayot so’qmoqlarida duch kelishi mumkin bo’lgan turli sinovlarga ham e’tibor berilgan. Odamlarning madniyatda erishagan yutuqlari – olovni topishlari, hunarmandchilik, dehqonchilik, urf-odat, an’analarning ixtiro qilinishi ham miflarda g’oyat katta o’rin egalladi.

Rivojlangan xalqlarda miflar bir-birlari bilan bog’langan bo’lib, yagona hikoyalarda qatorlashdi. Masalan, o’zining g’oyaviy-badiiy mukamalligi va chuqur insonparvarlik yo’nalishlari bilan muhim va qimmatli madaniy-marifiy qadriyatlar qatoridan mustahkam o’rin egallagan mif namunalari mavjud. Ular qadimiy shumerlarning “Gilgamish” haqidagi eposi, Gomerning “Iliada” va “Odisseya”, hindlarning “Mahobhorot”, “Ramayana”, Markaziy Osiyo xalqlarining “Go’ro’g’li”, “Alpomish”, “Manas”, “Qirq qiz” va boshqa ko’plab folklor asrlaridir. Qadimgi Markaziy Osiyo xalqlarining yaratgan ko’pchilik afsonalar va rivoyatlarga yaxshilik bilan yomonlik, nur bilan zulmat o’rtasidagi kurash xarakterlidir.

Mifologik dunyoqarashning xususiyati shuki, unda hamma narsa va hodisalar bir-birining ishtirokchisi sifatida tasvirlanadi. Buning natijasida bir xil buyumlarning sifatlarini ikkinchi xil buyumlarga bemalol ko’chirish mumkin bo’ladi. Mifologik dunyoqarashda tabiat kuchlari alohida jonli vujudlar ko’rinishida jonlantirib tasvirlanadi. Mifologiyada bir xil narsalarning xossalari ikkinchi xil narsalarga bemalol ko’chirilganligi sababli, u xayolotga keng yo’l ochib beradi. Natijada, unda tasvirlangan obrazlar har qanday o’zgarishlar qilishi va jasoratlar ko’rsatishi mumkin bo’ladi.

Mifologik dunyoqarashning o’ziga xos xususiyati shundan iboratki, bu oddiy rivoyat emas, balki og’zaki ««muqaddas» matnning arxaik ongdagi voqea-hodisalarga, insonga va u yashayotgan dunyoga ta’sir ko’rsatuvchi muayyan borliq sifatidagi in’ikosidir. Mif, insoniyat tarixining ilk bosqichlarida, odamlar xulq-atvori va o’zaro munosabatlarini tartibga solish funksiyasini bajargan, chunki unda axloqiy qarashlar, insonning borliqqa estetik munosabati o’z ifodasini topgan. Mifologiyaga shu narsa xoski, unda hamma narsa bir, yaxlit, ajralmasdir; tabiat narsalari va hodisalari inson bilan ayni bir qonunlarga muvofiq yashaydi, inson bilan bir xil sezgilar, istaklar, mayllarga ega bo’ladi.

Mifda ota, oqsoqol mulohazai va qaror topgan an’analar muhim rol o’ynaydi. Rivoyat va uning mazmuniga nisbatan bunday munosabat zamirida e’tiqod, borliqni bevosita, emosional idrok etish yotadi.Mifologik dunyoqarash dunyoni yaxlit tushunish bo’lib, unda shubhaga o’rin yo’qdir.

Diniy dunyoqarash shakllanishi va mohiyati. Diniy dunyoqarash- dunyoqarashning tarixan ikkinchi shakli dindir. (Din so’zi arabchadan tarjimada e’tiqod, ishonch, ishonmoq degan ma’nolarni anglatadi.) Mif kabi, din zamirida ham e’tiqod, tuyg’ular va emosiyalar yotadi. Garchi din kurtaklari ««aqlli odam» dunyoqarashi shakllanishining dastlabki bosqichlarida, ya’ni taxminan 40-60 ming yil muqaddam paydo bo’lgan bo’lsa-da, umuman olganda u dunyoqarashning mustaqil shakli sifatida keyinroq, jumladan mif ta’sirida insonning mavxum fikrlash qobiliyati sezilarli darajada kuchaygan davrda vujudga kelgan.

Diniy dunyoqarash odamlarning g’ayritabiiy narsalar (xudolar, ««oliy aql», qandaydir absolyut va sh.k.)ga bo’lgan e’tiqodiga asoslanuvchi tegishli xulq-atvori va o’ziga xos harakatlaridir. Agar mifologiyada an’anaga, rivoyat qiluvchining, ya’ni oqsoqolning obro’siga e’tiqod kuchli bo’lsa, dinda g’ayritabiiy narsalarga e’tiqod birinchi o’rinda turadi, oliy kuchlar nomidan rivoyat qiluvchi ruhoniylar obro’si esa ikkinchi darajali rol o’ynaydi.

Xullas, din murakkab ma’naviy tuzilma va ijtimoiy-tarixiy hodisa bo’lib, unda e’tiqod muqarrar tarzda birinchi o’ringa qo’yiladi va hamisha bilimdan ustun turadi.

Mifologik dunyoqarashda barcha hodisa va voqealarning sababi afsonaviy kuchlar hisoblansa, diniy dunyoqarashda ularning o’rnini turli dinlarga xos bo’lgan xudolar va ilohiy qudratlar oladi. Diniy dunyoqarash ham insonning olam mohiyatini bilishdagi o’ziga xos bir yo’l, bir bosqichdir. Diniy dunyoqarashning shakllanib borishi bilan din kelib chiqadi.

Din voqelikni o’ziga xos aks ettiruvchi ijtimoiy hodisadir hodisadir.



Diniy dunyoqarashning muhim jihatlari diniy tuyg’u, diniy aqidalarga ishonish, sig’inish, diniy e’tiqod va shu kabilar tashkil qiladi.

Diniy dunyoqarashning boshlang’ich elementi – bu diniy tuyg’udir. Diniy tuyg’u – bu kishilarning tabbaruk va aziz, deb tasavvur qilinadigan mavjudotlarga, muqaddaslashtirilgan buyumlar, shaxslar, joylarga, bir-birlariga, o’z-o’ziga, shuningdek, ilohiy mazmunda talqin etiladigan tabiat va jamiyat hodisalariga munosabatlarda paydo bo’ladigan hissiyotdir. Diniy dunyoqarashning ikkinchi elementi – diniy aqidalardir. Diniy aqidalar o’z mazmuni bilan dunyo va undagi voqea-hodisalarni ilohiy e’tiqod asosida tushunish bilan bog’langan tasavvurlar va tushunchalardir. Masalan, bunday aqidalarning namunasi sifatida islom dinining sunniylik mazhabida shakllangan iymon talablariga oid aqidalarni ko’rib chiqish mumkin. Ular: Allohning yagonaligi, farishtalarning mavjudligi, diniy kitoblarning muqaddasligi, payg’ambarlarga ishonish lozimligi, oxiratning borligi, taqdirning ilohiyligi, o’lgandan keyin qayta (qiyomat kuni) tirilishiga ishonish.

Diniy dunyoqarashning navbatdagi elementi – bu biron buyumga, narsaga, hayvon yoki daraxtga, kishiga yoki nihoyat, xudoga sig’inishdir. Sig’inish sodda yoki murakkab bo’lishi mumkin. Sig’inishning sodda ko’rinishi – kishilarning kundalik hayotida ilohiy kuchlarga toat-ibodat qilishidir. Sig’nish diniy tasavvurlar va g’oyalarni ifoda etuvchi, ilohiy kuchlarga, ilohiy ob’ektlarga qaratilgan, yakka yoki jamoa bo’lib bajariladigan ramziy hatti-harakatdir. Maslan, ta’zim qilish, tiz cho’kish, sajda qilish, bosh egish, qo’l qovushtirish, toat-ibodat qilishlar sig’inishning sodda ko’rinishidir. Nomoz o’qish, Qur’on o’qish va o’qitish, qurbonlik va xudoyi qilish, diniy bayramlarni nishonlash sig’inishning murakkab shakllaridir. Sig’inish bilan kishidagi ruhiy ehtiyoj qondiriladi.

Sig’inish diniy e’tiqod bilan chambarchas bog’liq. Diniy e’tiqod diniy dunyoqarashning muhim elementi bo’lib, u g’ayri tabiiy kuchlar va ilohiy mavjudotlarga, diniy tasavvur va tushunchalarga, diniy g’oyalar va qarashlarga so’zsiz ishonishdir. Diniy e’tiqod diniy tuyg’uni, dinga va xudoga ishonishni, din muqaddas, deb qaraydigan narsalarga sig’inishni keltirib chiqaradi. U dindor kishilarni his-tuyg’ularini, xulq-atvorlarini belgilab beradi. Diniy e’tiqod dinga ishonuvchi kishilarning butun hissiy va aqliy-intellektual jihatlarini qamrab oluvchi ma’naviy hodisadir. Xullas, diniy dunyoqarash borliqni, tabiat va jamiyatni, insonni, uning ongi va tafakkurini ilohiy kuchlar va shu kabilarning hohish-irodasiga va kuch-qudratiga bog’lab tushuntiradi hamda shu asosda dunyoning o’ziga xos ilohiy-ruhiy manzarasini yaratadi.

Ilohiy kuchlarga, g’ayri tabiiy narsalarning qudratiga ishonish, ilohiy shaxslarga sig’inish kishilar ongida asta-sekin xudo haqidagi tasavvurning paydo bo’lishiga olib keldi. Xudo – deyarli barcha dinlarda va diniy ta’limotlarda bosh ob’ekt bo’lgan oliy ilohiy qudratdir, kuchdir. Barcha diniy ta’limotlarda xudo o’z hohishiga ko’ra dunyoni – butun borliqni, uning ko’rinishlar ni yaratganligi va idora qilishi aytiladi. Xudoni o’ta takomil topgan, mukammal, oliy va g’ayri-tabiiy ilohiy kuch sifatida qarash diniy dunyoqarashning asosiy belgisidir. Diniy dunyoqarashning shakllanishi va taraqqiyoti xudo to’g’risidagi diniy ta’limot – ilohiyot (teizm)ni vujudga keltirdi. Ilohiyotda “xudo” tushunchasi faqat diniy tushuncha bo’lmay, balki falsafiy tushunchaga ham aylandi. Xudo tushunchasi ilohiyotda barcha narsalarning ijodkori, adolat va haqiqatning oliy timsoli, hamma umuminsoniy qadriyatlarning yaratuvchisi sifatida talqin etiladi.

Diniy dunyoqarashning takomillashi natijasida kishilar hayotida har doim uchrab turadigan dunyoviy muammolar ham ilohiy tus olaboshlaydi.

Nihoyat, diniy dunyoqarashga ko’ra butun borliq olam, tabiat, jamiyat, insonning o’zi ham Xudo tomonidan yaratilgan, uning ijodi mahsuli, hamma joyda va hamma narsada xudoning irodasi hukumrondir. Diniy dunyoqarashga ko’ra, dunyo: “bu dunyo” va “u dunyo”dan iboratdir. “Bu dunyo” insonlar vaqtincha yashaydigan o’tkinchi, aldamchi dunyodir. “U dunyo” esa insonlar vafotidan ekyin ularning ruhlari yashaydigan birdan-bir haqiqiy boqiy va abadiy dunyodir. Shuning uchun inson bu yolg’onchi va o’tkinchi dunyo deb o’zining “ dunyosini unutmasligi, “oxirat”ni o’ylashi kerak, deyiladi.

Diniy dunyoqarashni teologiya deb ataladigan falsafiy fan o’rganadi. Teologiya olam va odam munosabati, umrning mazmuni, hayot va o’lim muammosi kabi masalalarni ilohiyot, diniy e’tiqod tushunchalari bilan bog’lab tahlil qilish hamda o’ziga xos mukammal tizimini yaratgan. Bugungi kunda diniy dunyoqarashning bir talay asosiy vazifalari orasida, uning hayot ziddiyatlarini bartaraf qilish bilan bog’liq regulyativ faoliyati nihoyatda muhimdir. Umuman, dinning barkamol avlodni tarbiyalashdagi o’rni va ahamiyati benihoyat ulkan va u tobora ortib bormoqda.

Afsonaviy, diniy dunyoqarashni falsafiy dunyoqarashdan butunlay ajratib tashlab bo’lmaydi, Ular inson tafakkuri salohiyatining bir-biri bog’langan shakllaridir, bosqichlaridir.



Dunyoni idrok etishda falsafiy dunyoqarashning o’ziga xos roli.Falsafiy dunyoqarash dunyoni, borliqni aqliy jihatdan umumlashtirib tushuntiruvchi nazariy qarashlar tizimidir. U diniy dunyoqarashdan farqli ravishda, insonning aqliy-intellektual faoliyatiga ko’proq e’tibor beradi. Shu sabali falsafiy dunyoqarashga har doim hurfikrlilik, fikriy teranlik kabi xususiyatlar xosdir. Falsafiy dunyoqarash – bu aslida mantiqiy tahlil va umumlashtirishlar, mantiqiy muhokamalar va xulosa chiqarishlar, mantiqiy isbotlar va raddiyalar asosida nazariy fikr yuritishlar orqali dunyoni, borliqni tushunish, tushuntirish, baholash va izohlashdir. Falsafiy dunyoqarash ko’r-ko’rona e’tiqodlar, xayoliy obrazlar to’g’risidagi tasavvurlar va tushunchalarga emas, balki insonning borliqqa munosabati to’g’risidagi erkin, tanqidiy va ayni vaqtda umumiy aqliy mushohadalariga, nazariy umumlashmalariga asosolanadi. Falsafiy dunyoqarashda inson tabiatning bir qismi sifatidagina emas, balki alohida o’ziga xos borliq sifatida qaraladi. Falsafiy dunyoqarashda “tashqi” va “ichki” dunyolar, “tabiiy borliq”, “insoniy borliqlar” bir-birlaridan farq qilinadi. Insonni qurshagan hodisalar dunyosi, ya’ni “tashqi dunyo”, insonning ongiga ta’sir qiladi, unda aks etib, inson ma’naviy dunyosini tashkil etadi. Bu “tashqi” va “ichki” dunyolar o’zaro bir-birlari bilan bog’liq va ayni vaqtda bir-birlaridan farq qiladi. Ular o’rtasidagi munosabatlar falsafiy dunyoqarash mazmunini tashkil qiladi., Xullas, dunyoqarash tizimida falsafiy dunyoqarash eng rivojlangan, ma’lum darajada mukammal dunyoqarash hisoblanadi. Bir butun borliqning turli ko’rinishlari: tabiat, jamiyat, inson, uning ongi, moddiy va ma’naviylikni o’zida nazariy jihatdan umumlashtirib aks ettiruvchi tushunchalar tizimi falsafiy dunyoqarashni tashkil etadi va uning ko’lamini belgilab beradi. Falsafiy dunyoqarash boshqa dunyoqarashlarning muhim umumiy tomonlarini o’z ichiga oladi.

Falsafiy dunyoqarash shakllanishi va rivojlanishiga mifologik, diniy dunyoqarashning ta’siri bo’lganini inkor etib bo’lmaydi.

Falsafiy dunyoqarash doimo insonning muayyan maqsadga qaratilgan, amaliy va nazariy faoliyati bilan uyg’unlashgan va eng umumiy tushunchalarida ifodalanadi.

Falsafiy dunyoqarashning shakllanishi va rivojlanishi falsafa fanining paydo bo’lishi bilan uzviy bog’liq holda yuz beradi. Zotan falsafiy dunyoqarashning asosini falsafiy qarashlar va tasavvurlar tashkil etadi.



Falsafiy dunyoqarash kundalik faoliyat, dunyoviy, diniy, ilmiy bilimlar, hayotiy kuzatishlar va ijtimoiy tarbiya ta’sirida shakllanadi hamda rivojlanadi. Falsafiy dunyoqarash murakkab tuzilishga ega. U muayyan bilimlar, kelajakka qaratilgan g’oya va maqsadlar, tabiiy va ijtimoiy fan yutuqlari, diniy tasavvurlar, qadriyatlar, ishonch, e’tiqod, fikr, hissiyot kabi tarkibiy qismlardan iborat. Bularning ichida e’tiqod muhim ahamiyat kasb etadi. U dunyoqarashning mazmunini tashkil etadigan asoslardan biridir. E’tiqod insonning o’z qarashlari va g’oyalari to’g’riligiga, orzu-umidlarining asosli ekaniga, faoliyati va xatti-harakatining umumiy maqsadlarga va talablarga mosligiga bo’lgan chuqur ishonchidan paydo bo’ladi. U insonning hissiyoti, irodasi va faoliyatini belgilaydi, ularni boshqaradi, shaxsni omilkorlikka, samarali faoliyatga undaydi.

Falsafiy dunyoqarash tarkibida hissiyot va aql muhim o’rin tutadi. Hissiyot dunyoqarashning emosional-ruhiy jihati bo’lib, dunyoni tushunish esa, dunyoqarashning aqliy shaklidir. Hissiyot – quvonch, shodlik, zavqlanish, hayot va kasb-kordan mamnunlik yoki norozilik, hayratlanish, xavotirlanish, asabiylashish, yolg’izlik, zaiflik, ruhiy tushkunlik, g’am-g’ussa, nadomat, o’z yaqinlari va vatani taqdirini o’ylash kabi xilma-xil shakllarda namoyon bo’ladi. Ana shular barchasining uyg’unligi dunyoni his etishga olib keladi. Dunyoni his qilish esa, uni aqliy tushunishga, muayyan dunyoqarashning shakllanishiga asos bo’ladi.

Inson aqli unga xos hissiyot va tasavvurlar asosida ilmiy dunyoqarashni shakllantiradi va takomillashtiradi. Har bir kishiga xos hissiyot va fikr, bilim va e’tiqod, intilish va kayfiyat, orzu-umid va qadriyatlar dunyoqarash tarkibida yaxlitlashadi va olamni bir butun holda aks ettiradi. Bir butun, yaxlit dunyoqarashning shakllanishi bolalikdan boshlanib, inson hayotining oxirigacha davom etadi. Bu holat individual dunyoqarashning asosiy tamoyillaridan birini ifodalaydi.

Falsafiy dunyoqarashning shakllanishida bilim g’oyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Bilimda dunyoqarashning barcha belgilari mavjud. Lekin, bilim va dunyoqarash aynan bir narsa emas. Olamni tushunish bilimlar paydo bo’lishi uchun asosdir. Bilim inson ongida hissiy va aqliy bilish jarayonida hosil bo’ladi, u dunyoqarashning asosi, uning uzviy qismidir.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, falsafa azal-azaldan dunyoqarash bo’lgan. Chunki, uning o’zi hayot nima uchun berilgan, dunyoga kelishdan maqsad nima, umrni mazmunli o’tkazishning qanday yo’llari bor, degan talay savollarga javob topish zarurati tufayli vujudga kelgan. Falsafiy dunyoqarash o’zining nazariy asoslangani va puxta ishlangani bilan ajralib turadi. Shu ma’noda, u boshqa fan yoki faoliyat sohasi uchun umumiy uslub vazifasini ham bajaradi.



Agar mifologiya va dinda javobga urg’u berilsa, bilishning butun mazmuni unda mujassamlashsa, falsafada savol, masala birinchi o’rinda turadi. U to’g’ri va yaxshi ta’riflangan bo’lsa, muammoning mohiyati aniq aks etadi. Savol, masala insonni ijodga rag’batlantiradi, toki unga qoniqarli javob olinib, haqiqatning tagiga etilganiga ishonch paydo bo’lmagunicha insonni izlanishga da’vat etadi. Bunda savolning o’zi, muammoning qo’yilishi javobdan kam ahamiyat kasb etmaydi, ba’zan undan ham muhimroq deb qaraladi.

Xullas, falsafa haqiqat qanday bo’lsa, uni shunday ifodalab ko’rsatishdir, din esa –uning ramziy, timsoliy aks etishi. Falsafa asos va mohiyat bo’lsa, din timsol va shakl. Dialektik munozara usuli jamiyatning kam sonli ayonlari uchun kerak. Vahiy yo’lidagi ifoda – xalq ommasining idroki, tarbiya va ta’limi uchun kerak.

Falsafiy dunyoqarash, mohiyat-mazmuniga ko’ra, ma’naviy faoliyat bo’lgani bois, u borliqqa bo’lgan ongli, insoniy munosabatning muayyan yo’nalishlarini vujudga keltirgan. Masalan, kishilarning jamiyatdagi axloqiy munosabatlari – axloqiy dunyoqarashlarida, huquqiy munosabatlari – huquqiy, siyosiy munosabatlari – siyosiy, diniy munosabatlari – diniy, ekologik munosabatlari – ekologik dunyoqarash shakllarida o’z ifodasini topgan.


Download 90.35 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling