Ilmiy ijod. Ilmiy metod. Ilm-fan va uning jamiyat rivojlanishidagi roli. Ilmiy tadqiqot va uning bosqichlari. Ilmiy bilimning metodologik asoslari
Download 30.83 Kb.
|
1 топшириқ
Выпускная квалификационная работа Развитие познавательных интересов детей 5-6 лет в процессе формирования элементарных математических представлений , Yog‘ochga ishlov berishda texnika xavfsizligi qoidalari
Ilmiy ijod. Ilmiy metod. Ilm-fan va uning jamiyat rivojlanishidagi roli. Ilmiy tadqiqot va uning bosqichlari. Ilmiy bilimning metodologik asoslari. Ilmiy ijod - bu ilmiy bilishni rivojlantirish, yangi ilmiy bilim olish va undan foydalanish, ilmiy bilimni yangi qonunlar va qonuniyatlar, yangi ilmiy prinsiplar va nazariyalar, inson faoliyatining har xil sohalaridagi amaliyotga faol chiqishlar bilan boyitish bilan bog‘liq bilish va bunyodkorlik faoliyatidir. Ilmiy ijod - bu asosiy jihati o‘rganilayotgan hodisalar va jarayonlarning, ularning harakat va rivojlanish qonunlarining mohiyatini abstrakt tushunchalar, sxemalar, formulalar, tenglamalar va hokazolar shaklida ifodalashdan iborat bo‘lgan ob'ektiv voqyelikni sub'ektiv aks ettirishdir. Inson ijodiy ilmiy tadqiqotlar yordamida o‘zini qurshagan olamga epistemologik jihatdan faol, muttasil ravishda chuqur va keng kirib boradi. Ilmiy kashfiyot ilmiy ijodning muhim jihati bo‘lib, u ilmiy tadqiqot ob'ekti haqida yangi sifatli axborot olish, yangi qonunlar, gipotezalar va nazariyalarni aniqlash, fanning yangi sohalari haqida ma'lumotlar olishda namoyon bo‘ladi. Fanni ijodiy, faol rivojlantirish - hozirgi zamon ijtimoiy taraqqiyotinin ajralmas jihatidir. Dolzarb ilmiy muammolarning yechimini topishga nisbatan ijodiy, o‘ziga xos yondashuv ko‘pgina hozirgi zamon ilmiy tadqiqotlariga xos xususiyatdir. Ilmiy fakt, g‘oya, gipoteza, konsepsiya, nazariya, ilmiy qonun ilmiy bilish tizimining tarkibiy elementlaridir. Ilmiy ijod fan tizimidagi barcha tarkibiy elementlarning mazmunini rivojlantiradi va boyitadi. Ilmiy ijod - bu olim, tadqiqotchi, yaratuvchining qobiliyatlari va mahoratining, irodasi, tirishqoqligi va qat'iyatining, yakuniy maqsad - yangi haqqoniy ilmiy bilim olishga intilishining ifodasidir. Chinakam olim borlig‘ining mohiyati ijodiy intilishda, muttasil ilmiy chanqoqlikda o‘z aksini topadi. Hozirgi zamon jamiyati uchun fan ulkan ijtimoiy qimmatga ega. Gap shundaki, turmushni tashkil qilishning ijtimoiy darajasi yuksak darajada ratsionalligi bilan ajralib turadi. Butun insoniyat, tabiiy resurslari cheklanganligiga qaramay, fanga investitsiyalarni muttasil oshirib borayotganligi kishilik jamiyatining ijtimoiy ongi ilmiy bilimni uzluksiz o‘stirishdan manfaatdor ekanligini ko‘rsatadi. Inson ilmiy tadqiqotlar yordamida o‘zini qurshagan olamga epistemologik jihatdan muttasil ravishda chuqur va keng kirib boradi. O‘sib boruvchi ilmiy bilishning epistemologik jihatdan bunday faolligi murakkab, kompleksli hodisadir. Fanning epistemologik sabablari orasida insoniyatning o‘z hayotiy faoliyatining tashqi sharoitlariga moslashish borasidagi faoliyatini tilga olish o‘rinli bo‘ladi. Insoniyat tabiat qo‘ynida vujudga kelgan, yashaydi va rivojlanadi. Atrof muhit, bir tomondan, insoniyat mavjudligining zarur va yetarli sharti bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tabiatning o‘zi eng maqbul holatda insonga befarq, eng nomaqbul holatda esa unga nisbatan dushmanona kayfiyatdadir. Yashab qolish uchun insoniyat murakkab, ba'zan o‘ziga nisbatan dushmanona kayfiyatdagi tashqi sharoitlarga moslashishi zarur, shuning uchun ham u ilmiy bilimni tabiatga ijtimoiy qalqon, tabiatning so‘qir va ayovsiz kuchlaridan o‘ziga xos himoya vositasi sifatida qarshi qo‘yadi. Fan bu yerda butun kishilik jamiyatining rivojlanish, moslashish va yashab qolish jarayonida himoya vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Ilmiy bilish ob'ektiga epistemologik jihatdan chuqur kirib borish uchun fan ijtimoiy institut sifatida ilmiy kadrlar bilan uzluksiz to‘ldirilib borilishi kerak. Shuning uchun ham u jamiyatda ma'rifiy, o‘qituvchilik funksiyasini bajaradi, zotan, olimlarning o‘sishi, shakllanishi aynan ilmiy jamoalarda sodir bo‘ladi. Bu yerda shuningdek, ilmiy xodimlarni qobiliyati, bilimi va ko‘nikmalariga qarab saralab, tanlab olish ham sodir bo‘ladi. M.Polani qayd etib o‘tganidek: «Fanni mahoratli odamlar yaratadi». Fan ijtimoiy institut sifatida hozirgi zamon jamiyati hayotida muhim rol o‘ynaydi va ko‘plab funksiyalarni bajaradi. Bu funksiyalar orasidan quyidagilarni qayd etish mumkin: ─ fanning moslashtiruvchi funksiyasi hayotiy faoliyatning tabiiy va ijtimoiy sharoitlariga moslashish qobiliyatini shakllantiradi; ─ fanning faollashtiruvchi funksiyasi jamiyatda tabiatga nisbatan amaliy o‘zgartiruvchi faoliyatga moyilliklarni shakllantiradi; ─ fanning variativ funksiyasi o‘zini qurshagan muhitga nisbatan jamiyatning maqbul xulq-atvorini shakllantiradi; ─ fanning monitoring funksiyasi tabiatni kuzatish va nazorat qilish global tizimini, masalan, ekologik laboratoriyalar, meteorologik stansiyalar va yo‘ldoshlar, astrofizik observatoriyalar, har xil qo‘riqxonalar va hokazolarni barpo etishni nazarda tutadi; ─ fanning informativ funksiyasi odamlarga atrof olam haqida yangi ilmiy bilimlar, aniq ilmiy axborot beradi. Hozirgi zamon jamiyatida fan nafaqat odamlar, balki butun sayyoraning hayoti uchun ijtimoiy mas'uldir, zotan, ilmiy bilimning o‘sishi qanday oqibatlarga olib kelishi hanuzgacha ko‘p jihatdan mavhum va xatarlidir. Jamiyat hayotining barcha sohalarida globalizatsiya jarayonlari sodir bo‘layotgan hozirgi zamon sharoitlarida ilmiy bilimning notekis, eksponensial o‘sishi ilgari kuzatilmagan yangi bir paradigmani - fanning rivojlanish paradigmasini vujudga keltirdi. Ilgari ilmiy bilish jarayoni ozmi, ko‘pmi bir maromda kechgan, ya'ni adiabatik xususiyatga ega bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda vaziyat butunlay o‘zgardi. Fanning o‘sishi jiddiy noadiabatik, sakrovchi, notekis xususiyatga ega bo‘lib, epistemologik vaziyat keskin, qo‘qqisdan, kutilmaganda o‘zgaradi. Ijod deganda keng ma'noda shaxs yoki jamiyatning tabiiy, ijtimoiy va ma'naviy olamni insonning maqsad va vazifalariga, uning ehtiyojlari, istaklari va imkoniyatlariga muvofiq ravishda o‘zgartirish borasidagi bunyodkor faolligi tushuniladi. Sub'ektning borliqda faol va izchil tarzda yangilik yaratish irodasining ta'siri ijodiy faoliyatda o‘z aksini topadi. Odamlar ongi ijod orqali bizni qurshagan olamni kuzatibgina qolmay, balki uni faol yaratadi ham. Shaxs erkinligi, ijodiy izlanishlar va ijod natijalarining tanqid uchun ochiqligi, ijod atrofida fikrlar va g‘oyalar kurashi ilmiy, badiiy, texnikaviy ijod rivojlanishining zarur shartidir. Ijod - bu shakllangan stereotiplar, odatlar, an'analar va shartliliklar doirasidan ongli ravishda chiqish demakdir, zero, sub'ekt ijod jarayonida taraqqiyot yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lgan eski narsalarni ongli ravishda chetga uloqtiradi. Ijodiy faoliyat tufayli yangi g‘oyalar, qarashlar, nazariyalar odamlarning qalbi va aqlida hukm sura boshlaydi, bu esa ijtimoiy taraqqiyotga olib keladi. Har xil dogmatizm, stereotiplar, noxolislik, dunyoqarashning torligi ijodga mutlaqo yotdir. Erishilgan taraqqiyot darajasining dogmalashishi taraqqiyot yo‘lidagi, yangi hayotni erkin, ijodiy yaratish yo‘lidagi to‘siqdir. Har qanday shaxsning ichki ma'naviy salohiyati faqat sifat jihatidan yangi narsani vujudga keltiradigan ijod jarayonida o‘zini to‘liq namoyon etishi mumkin. Inson ijodi xilma-xildir. U badiiy, ilmiy-tadqiqot, konstruktorlik, siyosat sohalarida namoyon bo‘lishi mumkin. Bemorda o‘ziga xos jarrohlik operatsiyasini amalga oshirgan vrach ham, ritsionalizatorlik taklifini kiritgan ishchi ham ijodkor shaxslardir. Shuningdek laboratoriyada murakkab tadqiqotlar o‘tkazgan olimni ham, yangi roman va she'rlar yozgan yozuvchi, shoirni ham, betakror musiqa asarlari yaratuvchi bastakorni ham ijodkor shaxslar deb atash mumkin. Ijod - bu sub'ektning tafakkuri, aqli va idroki nazorat qiluvchi, tartibga soluvchi, yo‘naltiruvchi, shu bilan birga ijtimoiy amaliyotga muvofiq ravishda muttasil o‘zgarib boruvchi ob'ektiv olamning sub'ekt ongidagi faol in'ikosidir. Badiiy, texnikaviy va ilmiy ijod tafovut etiladi. Ilmiy ijod - bu olimning bilimlari, qobiliyatlarining oliy ifodasi, o‘rganilayotgan hodisalarning o‘zagiga, mohiyatiga chuqur kirib borishga bo‘lgan uning istagidir. Ilmiy faoliyat ijod bilan chambarchas bog‘liq. Ilmiy xodimning bilimi, iste'dodi, qobiliyati, ko‘nikmalari, ilmiy haqiqatning tagiga yetishga bo‘lgan intilishlari ilmiy ijodda o‘z aksini topadi. Ilmiy kashfiyot, fanda yangi nazariya yoki yo‘nalish yaratish ijodning fandagi oliy ifodasidir. Ilmiy tadqiqotlar sohasida yuksak natijalarga erishgan olimlar daho deb atalishi bejiz emas. Masalan, A. Eynshteyning ilmiy faoliyati ulkan darajada ilmiy faolligi bilan ajralib turadi. Uning ilmiy kashfiyotlari nafaqat hozirgi zamon fizikasining qiyofasini, balki dunyoning hozirgi zamon manzarasini ham o‘zgartirib yubordi. Eynshteyning kashfiyotlari natijasida hozirgi zamon olimlari ilmiy faoliyatining ruhi, xususiyati ham o‘zgarib ketdi. Ilmiy ijod ilmiy muammoni qo‘yishdan boshlanadi. Ilmiy tadqiqotning maqsadi - yuzaga kelgan muammolarni hal qilish, olingan yechimlardan voqyelikni amaliy-ijodiy o‘zlashtirishda, borliqning mohiyatini yanada teran bilish, tushunish va anglab yetishda foydalanishdir. Yangini kashf etish, atrof olam haqida shu paytgacha ma'lum bo‘lmagan axborotni olish bilan bir qatorda, ilmiy ijod mavjud ilmiy bilimni egallash, uni ijodiy o‘zlashtirish, ilmiy kashfiyotlar, eksperimentlar, kuzatishlarning natijalaridan faol foydalanishni ham o‘z ichiga oladi. Olimning ijodiy fantaziyasi, olim aqlining faolligi ilmiy abstraksiyalar yaratishda namoyon bo‘ladi. Ilmiy abstraksiyalar o‘rganilayotgan hodisalarning shu paytgacha ma'lum bo‘lmagan yashirin mohiyati haqida to‘g‘ri bilimlar beradi. Ilmiy abstraksiyasiz o‘rganilayotgan faktlar va jarayonlarning biror-bir jihatini bilish, tushunib yetish mumkin emas. Olim faqat ilmiy abstraksiya yordamida ob'ektning mohiyatiga kirib borishi mumkin va lozimdir. Shunda u ilmiy bilish jarayonida mazkur ob'ektning mohiyatini ijodiy tiklaydi va unga xos bo‘lgan qonunlarni, ob'ekt borlig‘ining ichki mantig‘ini kashf etadi. Ilmiy bilishning tabiatini, bilimning voqyelikka nisbatini, bilish jarayonining umumiy (tabiiy va ijtimoiy) shart-sharoitlarini o‘rganuvchi, uning haqqoniyligining zarur va yetarli shartlarini aniqlovchi ilmiy bilishning metodologiyasi va epistemologiyasi ijodni falsafiy o‘rganishda alohida o‘rin tutadi. Fan metodologiyasi ilmiy tadqiqotning tuzilishi, mantiqiy tashkiloti, metodlari, vositalari, usullari va algoritmlarini tadqiq qiladi, ilmiy bilish jarayonida ijodiy faollikning ko‘p qirrali tomonlarini o‘rganadi va hozirgi zamon, postklassik falsafa fanining muhim elementi hisoblanadi. Metodologiya ijodiy ilmiy-tadqiqot faoliyatining falsafiy negizlari haqidagi tasavvurlar majmuini qamrab oladi, bilimning ijodiy tashkilotining ichki mexanizmini va harakat mantig‘ini ko‘rib chiqadi. Hozirgi zamon ilmiy ijod epistemologiyasi bilishda ijodning faoliyat ko‘rsatish va rivojlanish mexanizmini, ilmiy tasavvurlar va nazariyalarning vorisiylik va almashish qonunlarini, ilmiy ijodga nisbatan har bir tarixiy davrda mavjud stereotiplar, paradigmalar, yondashuvlarni, postklassik, postmodernistik sivilizatsiyaning «uchinchi to‘lqini» (E. Toffler, S. Xantington), hozirgi zamon postindustrial axborot jamiyati sharoitlarida rivojlanayotgan hozirgi zamon ilmiy bilishining metodologik xususiyatlarini ochib berishga harakat qiladi. Insonning tabiatni bilish jarayonida, biluvchi sub'ekt tabiatning jozibali, sirli, jumboqli, ba'zan hatto xavfli kuchlari bilan yakkama-yakka qolganida odamlarning ijodiy qobiliyatlari ayniqsa yorqin namoyon bo‘ladi. Bilish jarayonidagi ijodda insonning barcha ma'naviy kuchlari: ong, aql-idrok, tasavvur, fantaziyalar, xotira, intuitsiya, sog‘lom fikr va hayotiy tajriba bevosita faol ishtirok etadi. Borliqning sirini bilishga intilishda insonning mahorati, topqirligi, ustomonligi va uddaburonligi bilish jarayonidagi ijodning ko‘rinishlarini tavsiflaydi. Odamlar ob'ektning u yoki bu jihatlari va xossalari haqida yangi bilim olib, bilish jarayonidan va uning natijalaridan behad lazzatlanadilar, ularda bilish jarayonining natijalarini ijodiy tahlildan o‘tkazib, tushunib yetib va ulardan o‘z amaliy faoliyatida faol foydalanib, olg‘a harakatlanish istagi tug‘iladi. Sub'ektning bilish qobiliyatining ijodiy salohiyati cheksiz, ijodiy bilish jarayonining o‘zi esa ko‘pgina odamlar, ayniqsa, ijodkor, faol yoshlar uchun behad qiziqarlidir. Bilish jarayonidagi ijodda odamlarning qobiliyati, iste'dodi, hatto dahosi yorqin namoyon bo‘ladi, yangi bilim olish jarayonining o‘zi ham, bilish faoliyatining natijalarini mushohada qilish, teran va aniq tushunib yetish ham ijodiy jarayondir. Sub'ektning ijodiy-bilish bilan bog‘liq faolligidan bilim olish, uni o‘zlashtirish, oshirish, inson ehtiyojlari uchun undan foydalanish tizimiga o‘tadigan bo‘lsak, ijodning son jihatidan yangi bosqichiga ko‘tarilamiz - bu fan emas, balki ilmiy bilishdir. Fan deganda muttasil, faol va ijodiy ravishda yangi bilimlar ishlab chiqaradigan ijtimoiy institut tushuniladi, olimlar, ilmiy xodimlar, oliy ma'lumotli mutaxassislar esa - bu ilmiy bilish bilan shug‘ullanuvchi odamlardir. Muttasil ijodiy izlanish, bilimga intilish, o‘z ilmiy-tadqiqot faoliyatida halollik va xolislik chinakam olimning zarur sifatidir. Chinakam olim, ijodkor fanda bitta maqsadga - ob'ektiv haqiqatga, aniq, to‘g‘ri, mukammal va teran bilimga erishishga xizmat qiladi. Metod - bu bilimga erishish usuli, olimning ma'lum tarzda tartibga solingan, ongli va izchil faoliyatidir. Grekchadan so‘zma-so‘z tarjimada «metod» biror narsaga olib boradigan yo‘lni anglatadi. Metod bilish usuli sifatida o‘rganilayotgan ob'ektning jihatlari va xossalarini laboratoriyada, ilmiy-tadqiqot moslamasida, sinov stendida, shuningdek tadqiqotchining miyasida aks ettirish usulidir. Ilmiy bilishning epistemologiyasi va metodologiyasi ilmiy bilishning zarur sharti sifatida ilmiy asoslangan metodlardan tadqiqotchilik faoliyatida ongli ravishda foydalanishga xizmat qiladi. Metodologiya - bu fanda foydalaniladigan bilish vositalari, usullarining majmui, shuningdek fanning ijodiy bilish va amaliyo‘zgartirish faoliyatini tashkil etish vositalari, shart-sharoitlari va prinsiplarini o‘rganuvchi ilmiy-falsafiy bilim sohasidir. Ilmiy bilish ob'ektiv voqyelik olamini mexanika, fizika, astronomiya, kimyo, biologiya, ijtimoiy bilish qonunlari ko‘rinishida ijodiy yaratadi. Ilmiy bilish metodlari - bu ob'ektni o‘rganishning asoslangan va izchil usullari va qoidalaridir. Muayyan fanlarning umumilmiy, xususiy va maxsus metodlari tafovut etiladi. Tabiiyki, fan epistemologiyasida ularning dastlabki ikkitasi bevosita qiziqish uyg‘otadi. Download 30.83 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling