Imom al-Buxoriy otasining bobosi al-Mug‘iyra Buxoro hokimi Yaman alJuafiydan islom dinini qabul qilgan bo‘lib, Buxoroni vatan tutib yashab qolgan


Download 26.78 Kb.
bet1/4
Sana22.02.2023
Hajmi26.78 Kb.
#1220982
  1   2   3   4
Bog'liq
Islom madaniyati pdf


Islom madaniyati IX-XII asrlar davri nafaqat dunyoviy fanlarning yuksaklab borishi bilan, shu bilan birga islomiy madaniyat va ma’naviyatning shakllanib, chuqur ildiz otib borishi, bu sohada talay etuk olimu ulamolarning etishib chiqib, Vatanimiz sha’nini olamaro, ulug’laganligi bilan ham tavsiflanadi. Garchand islom dini Arabistonda vujudga kelgan bo’lsa-da, biroq yangi ilohiy ta’limot Turkiston zaminida ravnaq topdi, takomiliga erishdi. Turkiston musulmon dunyosiga Xorazmiylar, Buxoriylar, Termiziylar, Nasafiylar, Samarqandiylar taxalluslari bilan ijod qilgan ko’plab noyob iste’dod sohiblarini etishtirib berdi. Islom va uning asosiy ta’limoti aks etgan «Qur’oni Karim» g’oyalarining o’lka hayotiga kirib kelishi va keng yoyilishi, shuningdek, mahalliy xalqlarning musulmonchilik tamoyillari va udumlarini qabul qilishi hamda ularga e’tiqod bog’lashi davomida asta-sekin islom madaniyati shakllanib, chuqur ildiz otib bordi. Bunda shu yurt zaminidan etishib chiqqan buyuk islomshunos allomalarning xizmati benazirdir.
Imom al-Buxoriy otasining bobosi al-Mug‘iyra Buxoro hokimi Yaman alJuafiydan islom dinini qabul qilgan bo‘lib, Buxoroni vatan tutib yashab qolgan. O‘sha paytdagi taomulga ko‘ra, agar biron kishi islom dinini kimdan qabul qilsa, o‘sha kishining qabilasiga mansub hisoblangan. Bu odat qabul qilingan dinga sodiqlikning belgisi bo‘lib, arabcha nisbat ul-vilo’ fil-islom (islom diniga sodiqlik nisbati) deb atalishi odat tusiga kirgan edi. Albatta al-Mug‘iyra ham o‘sha davrda ommaviy tus olgan ushbu urfdan holi bo‘lmaganligidan uning o‘zi ham, undan keyingi tug‘ilgan avlodlari ham, shu jumladan imom al- Buxoriy ham Ju‘afiy deb atala boshladilar. Imom al-Buxoriyning nasli-nasabi haqida tarixchilar keltirgan ma‘lumotlardan yana shuni qayd qilish kerakki, uning bobosi Bardazbehning ismini ba‘zilar aslida al-Ahnaf deb keltirganlar. Ahnaf deb odatda eng aqlli, dono kishilarganisbat berilgan, go‘yoki saxiy, qo‘li ochiq kishilar "Hotamtoy" deb aytilgani singari. Bundan ko‘rinib turibdiki, imom al-Buxoriyning bobosining haqiqiy ismi Bardazbeh bo‘lsa-da, u oqil, zukko inson bo‘lganligidan al-Ahnaf laqabi bilan ham atalgan.Imom al-Buxoriyning otasi Ismoil, uning kunyasi Abul-Hasan bo‘lib, o‘z davrining yetuk muhaddislaridan sanalib, imom Molikning shogird va ashoblaridan biri bo‘lib, tijorat ishlari bilan ham shug‘ullangan. Afsuski hozircha uning qalamiga mansub biror asar haqida aniq ma‘lumotga ega emasmiz. Biroq uni Hamad ibn Zayd, imom Molik, Abu Muoviya kabi o‘z davrining yirik muhaddislaridan hadislar rivoyat qilgani, Abdulloh ibn al-Muborakning suhbatida bo‘lib, undan ta‘lim olgani haqidagi xabarlar manbalarda keltiriladi. Uning shogirdlaridan iroqlik bir qancha olimlar Ahmad ibn Hafs, Nasr ibn Husayn va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Imom al-Buxoriy "at-Ta‘rix al-Kabir" ("Katta ta’rix") asarida otasining tarjimai holi haqida talay ma‘lumotlar keltiradi. Tarixchi al-Hofiz ibn Hibbon o‘zining "Kitob as-Siqqot" ("Buyuk insonlar haqida kitob") nomli asarida Ismoil ibn Ibrohim ya‘ni al-Buxoriyning otasi, Hamad ibn Zayd va Molikdan hadislar rivoyat qilgan, undan esa iroqlik olimar hadislar rivoyat qilganlar",-deb ta‘kidlaydi.Manbalarda zikr qilinishicha, alloma Ismoil o‘ta taqvodor, xudojo‘y, halol bir inson bo‘lgan. Tarixchi Ahiyd ibn Hafasning yozganlari bu fikrimizga yorqin dalildir. "Abu Abdulloh (imom al-Buxoriyning otasi) bandalikni bajo keltirayotgan chog‘ida uni ziyorat qilganimda menga u: "bor molu-dunyomdan na harom yo‘l bilan, na shubhali, nopok yo‘l bilan topilgan bir dirhamni ham bilmayman, deb iltijo qilganida mening nafasim bo‘g‘ilib, butun vujudim uning ulug‘vorligidan hech narsaday tuyuldi",- deb yozadi.
Imom al-Buxoriyning onasi ham taqvodor, diyonatli va har xil karomatlar sohibasi bo‘lgan oqila ayol bo‘lgan. U el orasida Alloh taologa iltijo etib, doimo duolar o‘qib yuradigan pokiza ayol sifatida tanilgan edi. Ma‘lumki, imom alBuxoriy yoshligida ko‘zi jarohatlanib ko‘rish qobiliyati susaygan bo‘lib, har qancha urinmasin ham tabiblaruni davolay olmagandilar. Kunlardan bir kuni alBuxoriyning onasi tushida Ibrohim alayhissalomni ko‘rganda u zoti sharif bu mushfiqa onaga qarab: "Ey volida! Sening duolaringning ko‘pligidan Alloh-taolo o‘g‘lingga to‘liq ko‘rish qobiliyatini qaytardi", - deb xitob qilganlar. Keyin u "Uyqumdan uyg‘onsam o‘g‘lim Muhammadning ko‘z nuri to‘liq qaytib tuzalib ketibdi",-degan rivoyat mavjuddir. Afsuski, imom al-Buxoriy yoshligida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligi, uning sabablari, so‘ngra ungato‘lig‘icha ko‘z quvvatining qaytganligini-chunonchi u "at-Tarix al-Kabir" nomli asarini oyning yorug‘ida yozgan- tafsilotlari haqida manbalarda aniq ma‘lumotlar uchratmadik. Abu Ali alG‘assoniy degan olim "Muhammad ibn Ismoilning yoshligida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan. Uning onasi taqvodor ayol bo‘lib tushida Ibrohim Xalilullohni ko‘rganda u: Ko‘p duolar qilib yig‘laganingdan Alloh taborako va taolo o‘g‘lingni ko‘zini qaytardi",-degan. Ona: "Ertalab uyg‘onsam, Alloh o‘g‘limga ko‘rish qobiliyatini qaytarganini ko‘rdim",-degan. U ham yuqoridagi fikrni aynan qaytaradi.Qachonki imom al-Buxoriy hadis ilmi bo‘yicha mukammal ilmga ega bo‘lib ilmiy majlislar uyushtirib, saboq bera boshlagach va uning bu tarzdagi majlislarining dovrug‘i har tarafga tarqab, el orasida yoyilgach, ilm toliblari-yu, ahli donish uning saboqlariga shunchalik ko‘p yog‘ilib kela boshladiki, hatto majlislariga odamlar sig‘may ketardi. Bu tartibdagi ilmiy majlislar bir qanchaBasra, Bag‘dod, Hijoz, Balx kabi shaharlarda uyushtirilib, alloma umrining oxirlarida o‘z vatani Buxoroda ham hadislardan dars bergandi.Imom al-Buxoriyning shoh asari "Al-Jomi as-Sahih" (ishonchli to'plam").Al-Adab al-mufrad ("Adab durdonalari"). Imom al-Buxoriyning odob-ahloq xususidagi eng sahih hadislarni o'zida mujassam etgan ushbu asari katta tarbiyaviy ahamiyatga molik benazir to'plamdir. Uning arabcha nashri ikki marta bosilib, 1990 yilda esa, olim Sh.Boboxonov tomonidan asarning o'zbekcha tarjimasi ham nashr etilgan. Imom al-Buxoriyning bu asarida 1322 hadis va xabarlar 644 bobda ja'mlangan bo'lib, u Hindiston, Turkiya va Misrda bir necha marta chop etilgan. Asarning bir qancha qo'lyozma nusxalari ham saqlangan. Hindistonlik olim asSayiyd Fazlulloh al-Jiloniy bu asarning tanqidiy nashrini sharhi bilan birgalikda "Fazlullohisamad fi tavziyhil-Adab al-Mufrad" nomi bilan chop etgan.
Kitob al-kuna ("Kunyalar haqida kitob"). Azaldan muhaddislar o'rtasida roviylarni qator hollarda asl ismlari bilan emas kunyalari bilan atash odat bo'lgan. Bu hol o'z navbatida roviylarni bir-biri bilan almashtirib yuborilishiga, oxiroqibatda xatoga olib kelgan. Shu boisdan roviylarning kunyalariga bag'ishlangan imom al-Buxoriyning ushbu asari bu sohada katta ahamiyatga ega bo'lgan. Bu asar Hindistonda 1940 yilda chop etilgan.
Kitob al-Favoid (Foydali ashyolar haqida kitob). Imom al-Buxoriyning ushbu ta'lifi imom at-Termiziyning "Al-Jomi" nomli asarining "Kitob al-manoqib" qismida zikr etilgan. Olim Muhammad Jamoluddin al-Qosimiy ad-Dimashqiy "Hayot al-Buxoriy" nomli tasnifida imom al-Buxoriyning ushbu asarini "Kitob alFaroid" deb xato keltirgan. Asar illatli hadislarga bag'ishlangan bo'lsa kerak. Uning qo'lyozmalari haqida aniq ma'lumotga ega emasmiz.
Juz' raf' al-yaddayn ("Ikki qo'lni ko'tarish haqida"). Ushbu asarda ikki qo'lni ko'tarishga oid hadislar ja'mlangan bo'lib qo'lni ko'tarmaslikka oid rivoyatlar bilan bahs yuritiladi. Asardagi hadislarni imom al-Buxoriydan Buxoro shahrida ta'lim olgan, uning oxirgi shogirdlaridan biri hisoblangan Mahmud ibn Ishoq alXaza'yi rivoyat qiladi.
At-Tarix al-Kabir ("Katta tarix")-Ushbu "at-Tarix" asarini imom alBuxoriy o'n sakkiz yoshida Madinai-munavvaradagi al-Masjid an-Nabaviy ("Payg'ambar masjidi")da yaratgan. Ushbu asar yozib tugatilgach imom Ishoq ibn Rohvayh katta xursandchilik bilan amir Abdulloh ibn Tohir al-Xurosoniyga uni taqdim qilaturib: "Senga harqanday kishini sehrlab qo'yadigan bir asarni ko'rsataymi?",-deb hitob qilgan. Imom al-Buxoriyning ushbu asari Turkiyada to'qqiz jildda nashr qilingan. Asar qo'lyozmasining ba'zi qismlari Haydarobod kutubxonasida saqlanadi, u "kof" harfidan boshlanib, kitobning oxirigacha yetadi. Agar 1361-1362 hijriy (1941-1942 melodiy) yillarda sakkiz qism to'rt jildda chop etilgan. "At-Tarix al-kabir" kitobi sahobalar, tobe'iynlarning izdoshlari (atbo')dan rivoyat qilgan hadislarni to'la-to'kis o'zida qamrab olgan bo'lib, ularning ismlari alifbo tartibda joylashtirilgan. Agarki mushtarak ismlar uchrab qolsa alifbo harflarining tartibi ular otalarining ismlariga qarab tartib berilgan.
At-Tarix al-avsat ("O'rta tarix") - Bu kitobni imom al-Buxoriydan Abdulloh ibn Abdusallom al-Haffof va Zanjaviyh ibn Ahmad al-Lubod rivoyat qilganlar. Ushbu asarning bir qo'lyozma nusxasi Hindistonning Haydarobod shahrida saqlanishi zikr qilinadi.
At-Tarix as-sag'ir ("Kichik tarix"). Imom al-Buxoriyning bu asari ham hadis tarixiga oid qimmatli asardir. Imom al-Buxoriy bu asarida mashhur sahobalar, tobe'iynlar va tobe'iynlarning izdoshlarini zikr qilgan bo'lib, ularning vafot etgan yillari, naslu nasablarini, ularning o'zaro muloqotlarini bayon qiladi, ko'p hollarda noqis (jarh) va isloh qilinganlarini ham qayd etadi. Muallif o'z asariga yilma-yil tartib berib, agar bir sanani tugatsa, u sanada vafot etgan mashhur shaxslarni, sodir bo'lgan boshqa muhim ishlarni zikr etib, undan so'ng keyingi sanani boshlaydi. Bu asar Hindistonda va Qohirada nashr etilgan.
Imom al-Buxoriyning hadislarga oid "al-Jomi al-kabir" ("Katta to'plam") asari xususida ba'zi manbalarda zikr qilinsada, bu asar haqida batafsil ma'lumotga ega emasmiz asarning ayrim qo'lyozma nusxasi saqlanganligi haqida ba'zi taxminlar bor. "Kashf az-zunun" asarida ham shu tarzdagi ma'lumot bilan chegaralanilgan.
Xalq af'ol al-ibod ("Olloh bandalari ishlarining yaratilishi").Sahobalar va tobe'iynlar Qur'oni karim oyatlari va hadisi shariflarga tayanib sohta guruhlarga raddi javob qilishi hadisshunoslik tarixida mavjud edi. Ushbu kitobning maqsadi ham shu yo'nalishda. Imom al-Buxoriydan bu asarni Yusuf ibn Rayhon ibn Abdussamad al-Firabriy rivoyat qilgan. Imom al-Buxoriyning bu asari 1958 yilda Makkai Mukarramada va 1886 yilda Hindistonda nashr etilgan.
"Kitob az-zuafo as-sag'ir" ("Zaif roviylar haqida kichik kitob). Bu asar "Kitob az-zuafo" nomi bilan ham zikr qilinadi. Muallif bu asarida zaif roviylarning ismlarini alifbo harflari tartibida keltirgan. Aksar hollarda zaiflikning sabablari roviyning ustozlari zikri bilan birga bayon qilinadi. O'ta diqqat e'tibor bilan bu kitobda roviylarning nuqsonlari va qusurlari ko'rsatilib, ular rivoyatning zaiflik negizlarini aniqlashga imom al-Buxoriy katta extiyotkorlik va zo'r mas'uliyat bilan ish tutgan. Allomaning bu asari 1885 yilda Hindistonda chop etilgan.
Imom al-Buxoriy "al-Musnad al-kabir" ("Katta musnad") nomli asar yozgan bo'lsa-da, uni bizgacha yetib kelgani haqida aniq ma'lumot yo'q. Lekin uning bir qo'lyozma nusxasi ikkinchi jahon urushidan oldin Olmaniyada saqlanganligi haqida taxmin qilinadi.
Imom al-Buxoriyning "At-Tafsir al-kabir" ("Katta tafsir") nomli asari haqida allomaning shogirdlaridan biri al-Firabriy zikr qilgan. Nemis sharqshunosi Karl Brokelmanning yozishicha, bu asarning bir qo'lyozma nusxasi Jazoirda, yana bir nusxasi Parijda saqlanar ekan.
"Kitob al-Hiba" ("Xayr-ehson haqida kitob"). Imom al-Buxoriyning bu kitobi haqida allomaning shaxsiy kotibi Muhammad ibn Abu Hotam al-Varroq: "Imom al-Buxoriy xayr ehson haqida bir kitob ta'lif etdilar, unga besh yuzga yaqin hadis kirgan",-deb yozgan. Lekin, afsuski bu asarning biron-bir qo'lyozma nusxasi bizgacha yetib kelganligi ma'lum emas.
Imom al-Buxoriyning boshqa bir asari "Asomiy as-sahoba" ("Sahobalarning ismlari") deb ataladi. Imom al-Buxoriydan avval biron muallif ushbu ("Asomiy as-sahoba") mavzusida kitob yozgani ma'lum emas. Imom al-Buxoriydan keyin esa Ibn Munda, Ibn Abdulbir, Ibn al-Asir, al-Hofiz ibn Hajar al-Asqaloniy va ulardan boshqa qator mualliflar sahobalarning ismlari, ularning siyratlari va ular solnomalari haqida asarlar yaratgan. Kezi kelganda aytish kerakki, bu juda muhim mavzu bo'lib, uning ilmiy ahamiyati kattadir. Ushbu asarning bir qo'lyozma nusxasi Ikkinchi jahon urushidan oldin Olmoniyada saqlanganligi haqida ma'lumotlar bor.
"Kitob ul-vuhdon" ("Yagonalar haqida kitob"). Alloma ushbu "Kitob alvuhdon" asarida faqat bir hadis rivoyat qilgan sahobalarni zikr qiladi. Imom alBuxoriy bu sohada ham birinchilardan bo'lib asar yaratgan. Undan keyin imom anNasoiy ham (ayni shu tarzda) "Kitob al-vuhdon" nomli asar yaratgan, shuningdek al-Buxoriyga taqlid qilib imom Muslim ham "Kitob al-vuhdon" nomli asar yozgan. Imom al-Buxoriyning bu asari ham bizgacha yetib kelganligi hozircha ma'lum emas.
Imom al-Buxoriyning "Kitob al-Mabsut" ("Mufassal kitob") nomli asari haqida olim al-Xaliliy "al-Irshod" nomli asarida zikr qilgan. Asarni Imom alBuxoriydan Muhiyb ibn Salim rivoyat qilgan bo'lib, uning mavzui haqida aniq yozilmagan. Lekin faraz qilish mumkinki, imom al-Buxoriy ushbu asarida hadislarni chuqur tadqiq etish natijasida fiqhiy masalalarni batafsil bayon qilgan bo'lsa kerak. Asarning qo'lyozma nusxasi Ikkinchi jahon urushidan avval Olmoniyada bo'lganligi zikr qilinadi.
Kitob al-Ilal ("Illatli hadislar haqida kitob"). Illatli hadislarni bilish g'oyatda nozik va muhim bo'lib, ushbu ilmni idrok etish uchun muallif keng ko'lamda ma'lumotga ega bo'lishi va g'oyatda iqtidorli bo'lishi talab qilingan.
Ehtimol, Imom al-Buxoriyning "Kitob al-ilal" nomli asari ushbu mavzuga bag'ishlangan dastlabki asarlardan biri bo'lishi mumkin.
Birr al-volidayn ("Ota onaga mehr-muhabbat").Manbalarda ta'kidlanishicha, bu asarni imom al-Buxoriydan Muhammad ibn Dallaviyx rivoyat qilgan. Asarning nomidan ham uning mazmun-mohiyati ma'lum bo'lgan bilan allomaning ushbu asari bizgacha yetib kelmagan hisoblanadi.
Kitob al-ashribati (Ichimliklar (sharbatlar) haqida kitob). Ushbu asar haqidagi qisman ma'lumotlar ad-Doruqutniyning "al-Mu'talaf va al-Muhtalaf" nomli kitobida keltirilgan. Asar bizgacha yetib kelmagan bo'lsa kerak.
Qazoyo as-sahoba vat-tob'yeiyn ("Sahobalar va tobe'iynlar hukumlari") nomli asarini Imom al-Buxoriy 827|212 hijriy sanada "at-Tarix alkabir" ("Katta tarix") asaridan ham oldin tasnif qilgan. Sahobalar va tabe'iynlar haqidagi qimmatli ma'lumotlarni, ular to'g'risidagi amaliy munosabatlarni o'zida mujassam qilgan ushbu asar, ming afsuski, bizgacha yetib kelmagan.
Kitob ar-Riqoq (Nafosat haqida kitob). Imom al-Buxoriyning ushbu asari haqida juda oz ma'lumotga egamiz. Olim Hoji Xalifa bu asar haqida qisqagina "AlBuxoriyning "Kitob ar-Riqoq" asari hadis kitoblaridan biri" [1]-degan iboradan boshqa hech qanaqa ma'lumot keltirmagan. Aftidan, allomaning ushbu asari bizgacha yetib kelmagan.
"Al-Jomi' as-sag'ir fil-hadis" ("Hadis haqida kichik to'plam).Imom alBuxoriyning ushbu asari haqida Hoji Xalifa: "Bu asarni imom al-Buxoriydan Abdulloh ibn Muhammad al-Ashqar rivoyat qilgan",-deb yozgan. Shayx AlMuborakfuriyning yozishicha, al-Hofiz ibn Hajar: "bu imom al-Buxoriyning mavjud asarlaridandir,-deb ta'kidlagan. Ikkinchi jahon urushidan oldin bu asarning bir qo'lyozmasi Olmoniyada bo'lganligi taxmin qilinadi.
"Al-Qiroatu xalf al-imom ("Imom orqasida turib o'qish"). Imom alBuxoriyning qalamiga mansub bu mashhur risolada hadislar va boshqa manbalarga tayanilgan holda imomning orqasida turib qiroat qilish mumkinligi isbot qilingan. Ushbu asarida imom al-Buxoriy o'zi qo'llagan nafis uslub orqali o'zi bilan munozara qilganlarga o'rinli javob qilganligi ham tahsinga sazovor. Imom alBuxoriyning bu asari bir necha yil ilgari Qohirada, undan keyin Hindistonda chop etilgan.
Imom al-Buxoriyning "Al-Jomi as-sahih" asari islom dini ta'limotlariga ko'ra Qur'oni karimdan keyingi asosiy manba hisoblanadi. Bu asarning to'lig'icha "AlJomi as-sahih al-musnad min hadis Rasululloh-sallollohu alayhi va sallam va sunanihi va ayyomihi" yoki bo'lmasa tarixchi Badruddin al-Ayniyning yozishicha, "Al-Jomi al-musnad as-sahih al-muxtasar min umuri Rasululloh-sallollohu alayhi va sallam va sunanihi va ayyomihi degan nomlar bilan atalsa-da, hadis ilmida qisqacha "al-Jomi as-sahih" ("Ishonchlito'plam"), aksar holda esa "Sahih alBuxoriy" nomi bilan mashhurdir. Asarning qirqga yaqin qo'lyozma nusxalari Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida va yana bir qancha nusxalari O'zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida saqlanadi.
Iymon kitobi.
Rasululloh sallolohu alayhi va sallam bunday deganlar:”Islom 5 dalil asosiga qurilgan.(Islomdan murod iymon demakdir). Iymon so’zda ham ,amalda ham bo’lmog’i kerak. Iymon kuchaygaydir va susaygaydir”. Dalili: Olloh taolo Qur’oni Karimda:”Iymonlarini yanada ziyoda qilsinlar, deb ularga hidoyatimizni ziyoda qildik” va “Olloh taolo hidoyat topgan kishilarning hidoyatini ziyoda qildi va ularga taqvo ato etdi”,-deb aytgan. Rasululloh sallolohu alayhi va sallamning “Ollohni deb yaxshi ko’rish va Ollohni deb yomon ko’rish iymondandir.” Degan so’zlari ham iymonning mustahkamlanishi yoki susayishini anglatadi. Halifa Umar ibn Abdulaziz Adiy ibn Adiyga bunday deb yozgan:”Albatta, iymonning ham o’z farz va amallari,muayyan chegaralari,bajarilishi lozim bo’lgan sunnatlari mavjuddir.Demak, kimki bularga to’liq amal qilsa, iymoni mukammal bo’lgaydir,kimki yetarli rioya qilmasa, iymoni sust bo’lgaydir.Agar umrim uzoq bo’lsa,sizlarga bilib olishlaringiz uchun bular haqida birma-bir bayon qilarman,basharti vafot etsam, suhbatingizga mushtoqligim yo’q”. Sahoba Maoz:”Kel, biz bilan biroz o’tir, oymon haqida suhbatlashaylik!”-deganlar. Ibn Umar aytganlar:”Banda ko’ngliga kelgan har bir gunoh xavfi bor narsani tark etmaguncha taqvo haqiqatiga yeta olmaydir. Rasululloh sallolohu alayhi va sallam:”Islom 5 dalildan iborat”,-deganlar:
1.Kalimai shahodat(aytmoq);
2.Namoz o’qimoq;
3.Zakot bermoq;
4.Haj qilmoq(imkoni bo’lsa);
5.Ramazon ro’zasini tutmoq”.

2-bob. Iymon shartlari.


Olloh taolo aytadi:”Yaxshi kishilar, ibodat vaqtida yuzlarini Sharqqa va G’arbga qaratgan kishilar emas, balki Olloh taologa, uning farishtalriga, oxirat kuniga,kitoblariga, payg’ambarlariga ishongan, yaxshi ko’rgan mol-mulkini qarindoshlarga,musofiru tilamchilarga, qulini ozod qilishga sarflagan hamda 5 vaqt namozni vaqtida o’qigan va zakot bergan, Olloh bilan o’zi o’rtasidagi va bandalar o’rtasidagi ahdiga vafo qilgan,yetishmovchiliklarga qanoat qilgan va boshiga kulfat tushganda bardosh bergan kishilardir.Mana shunday sifatga ega bo’lganlar diniga sodiq odamlar bo’lib, kufr hamda yaramas xulqlardan o’zlarini ehtiyotlagaydirlar va o’zlariga yetuk insoniy fazilatlarni mujassam qilgaydirlar”. Iymonning mukammal bo’lmog’ining uch sharti: — to’g’ri e’tiqodli bo’lmoq; — kishilar bilan yahshi munosabatda bo’lmoq; — kishi o’z ustida ishlamog’i va o’zini ibodat va itoatga chiniqtirmog’i. Kimki bularni to’la o’zlashtirsa, iymonni mukammal bo’lgaydir. Rasululloh sallolohu alayhi va sallam iymon to’g’risida so’ralganda,yuqoridagi oyati karimani o’qigan edilar. Ushbu hadisda iymon haqida fikrlar bildirilgan hisoblanadi.

Jahonshumul ahamiyatga ega asarlar yaratgan buyuk allomalardan biri – mashhur muhaddis (hadis ilmi olimi) Abu Iso Muhammad at-Termiziydir. Uning to‘liq ismi Abu Iso Muhammad ibn Savra ibn Muso ibn ad-Dahhok as-Sullamiy (umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligidan ad-Dariyr taxallusi bilan ham atalgan) at-Termiziy bo‘lib, u hijriy hisobda 209 (milodiy 824) yilda Termizda, uncha badavlat bo‘lmagan oilada tavallud topdi. Markaziy osiyolik mashhur olim va tarixchi Abu Saad Abdulkarim as-Sam’oniy (113/1167) “Al-Ansob” nomli asarida yozishicha, at-Termiziy Bug‘ (hozirgi Sherobod tumani) qishlog‘ida vafot etganligi uchun uning nomiga al-Bug‘iy taxallusi ham qo‘shilgan. Uning yoshlik yillari Termiz shahrida o‘tib, dastlabki ma’lumotni ham shu shaharda olgan.


Chunonchi, yozma manbalar va tarixiy osori atiqalardan ma’lumki, o‘rta asrlarda Termiz ham Markaziy Osiyoning Urganch, Buxoro, Samarqand singari ilm-fan va madaniyati rivojlangan shaharlardan biri bo‘lgan. Mana shunday madaniy muhitda o‘sgan at-Termiziy yoshligidan turli ilmlarni egallashga zo‘r qiziqish bilan intilgan. Bolaligidan o‘ta ziyrakligi, yodlash qobiliyatining kuchliligi va noyob qobiliyati bilan o‘z tengqurlaridan ajralib turgan at-Termiziy diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallagan va bu boradagi o‘z bilimlarini muttasil oshirish uchun ko‘pgina Sharq mamlakatlarini ziyorat qilgan. Jumladan, u uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan.
Ko‘p yillar davom etgan safarlari chog‘ida at-Termiziy ilm-fanning turli sohalaridan – ilm al-qiroat, ilm al-bayon, fiqh, tarix, ayniqsa, o‘zi yoshligidan qiziqqan hadis ilmidan o‘z davrining yirik olimlari – mashhur muhaddislaridan ta’lim oladi. Uning ustozlaridan imom al-Buxoriy, imom Muslim, imom Abu Davud, Qutayba ibn Sa’iyd, Is’hoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘aylon va boshqa mashhur muhaddislarni ko‘rsatish mumkin. Manbalarda yozilishicha, hadislarni to‘plashda va o‘rganishda at-Termiziy har bir qulay fursatdan unumli foydalangan. U yo‘lda, safarda bo‘lganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham o‘z ustozlaridan, uchratgan roviylaridan eshitgan hadislarni darhol yozib olib, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borgan.
O‘z davrining yetuk muhaddis olimi sifatida tanilgan at-Termiziy ko‘pdanko‘p shogirdlarga ustozlik qilgan. Hadis ilmidagi uning shogirdlaridan Makhul ibn al-Fadl, Muhammad ibn Mahmud, Anbar, Hamad ibn Shokir, Abd ibn Muhammad an-Nasafyun, al-Haysam ibn Kulayb ash-Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf an-Nasafiy va Abul Abbos Muhammad ibn Mahbub al-Mahbubiylarni sanab o‘tish mumkin. Musofirchilikdan qaytgan at-Termiziy o‘z yurtida yirik muhaddis olim sifatida shuhrat qozondi va ijodiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘ldi. U 279 hijriy (milodiy 892) yilda Termizdan uzoq bo‘lmagan Bug‘ qishlog‘ida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi.
O‘z ijodiy va ilmiy faoliyati davrida at-Termiziy bir qancha asarlar yaratdiki, ularning aksariyat qismi bevosita hadislarga bag‘ishlangan. Gap shundaki, Islom dini chegaralarining kengayishi, uning qonun-qoidalariga asoslangan jamiyat rivojlangan sari turli-tuman yangi g‘oyaviy fikr-mulohazalar va ko‘rsatmalarga ehtiyoj tobora kuchaya borgan. Shu sababdan ham barcha jihatlardan namunali zot hisoblangan payg‘ambar Muhammad alayhissalomning o‘zlari aytgan ibratomuz pand-nasihatlar, diniy, axloqiy masalalarga doir qarashlari, qo‘rsatmalari hamda payg‘ambar alayhissalom hayoti, faoliyati xususida qarindosh-urug‘lari, sahobalari, yaqin safdoshlari aytgan hikoyat va rivoyatlari – hadislarni to‘plash keng ko‘lamda avj olgan. Shunga ko‘ra, islom ta’limotida hadislar Qur’ondan keyin turadigan muhim manbalar hisoblanadi. Islom ulamolari o‘rtasida ilk davrdan boshlab hadislarning to‘g‘riligi, ularni ishonchli manbalarga asoslanishiga katta e’tibor berilgan. Chunonchi, o‘sha davrning o‘zidan boshlaboq noaniq, chalachulpa, hatto soxta hadislar ham el orasida tarqay boshlagan. Shunday paytlarda ular qayta-qayta tekshirilib, muhaddislarning betinim mehnati natijasida asl holiga qaytarilib, yozma ravishda qayd qilingan. Natijada islomshunos yirik ulamolar orasida ishonchli manbalar asosida to‘plangan va tartibga keltirilgan oltita hadislar to‘plami (As-sihoh as-sitta) mualliflari eng nufuzli va mo‘tabar muhaddislar deb tan olingan. Mana shu e’tirof etilgan mashhur muhaddislardan biri – Imom atTermiziydir.
At-Termiziy qalamiga mansub asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelgan. “Al-jomi’” (“Ja’mlovchi”). “Ash-shamoil an-nabaviya” (“Payg‘ambarning alohida fazilatlari”), “Al-ilal fi-l-hadiys” (“Hadislardagi og‘ishishlar”), “Risola fi-l-xilof va-l-jadal” (“Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola”), “At-tarix” (“Tarix”), “Kitob az-zuhd” (“Taqvo haqida kitob”), “Kitob ul-asmo va-l-quna” (“Ismlar va laqablar haqida kitob”) kabi asarlar shular jumlasiga kiradi.
At-Termiziyning asarlari ichida eng mashhuri, shubhasiz, “Al-jomi’” bo‘lib, avval eslatib o‘tganimizdek, payg‘ambar alayhissalomga doir oltita ishonchli hadislar to‘plamlaridan biridir. Ushbu asar ilmiy adabiyot va manbalarda “Al-jomi’ al-kabir” (“Katta to‘plam”), “Al-jomi’ as-sahiyh” (“Ishonchli to‘plam”), “Jomi’ atTermiziy” (“Termiziy to‘plami”), “Sunan at-Termiziy” (“Termiziy sunnatlari”) nomi bilan ham atalib, payg‘ambar alayhissalom hayoti va faoliyatiga doir muhim manbalardan hisoblanadi.
At-Termiziyning mashhur ta’liflaridan yana biri “Ash-shamo-il an-nabaviya” (“Payg‘ambarning alohida fazilatlari”) bo‘lib, ba’zi manbalarda “Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sallolohu alayhi vasallam” nomi bilan ham keltirilgan. Nomidan ham ko‘rinib turibdiki, bu asar payg‘ambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u kishining suvrat va siyratlari, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 408 hadisi sharifni o‘z ichiga qamragan manbadir. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash kerakki, payg‘ambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni to‘plash bilan juda ko‘p muhaddislar shug‘ullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan o‘rin olgan. Lekin at-Termiziy asarining afzalligi shundaki, u hadislarni muntazam ravishda to‘plab, muayyan tartibga solgan va yaxlit bir kitob holiga keltirgan. Muhammad alayhissalomning hayotiga doir muhim manba sifatida “Ash-shamoil an-nabaviya” qadimdan islomshunos olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga tortib keldi. Arab tilida yozilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar ham yozilgan. Shu bilan bir qatorda ushbu asarning tili ravon, uslubi g‘oyatda oddiyligini ham qayd qilib o‘tish o‘rinlidir. Asarning fors va turk tillariga tarjima qilinishi ham unga bo‘lgan qizqishning kattaligidan dalolat beradi.
“Ash-shamoil an-nabaviya”ning birinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning suvrat (tashqi qiyofa)lariga, ikkinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar esa ichki dunyolariyu axloqiy fazilatlarini bayon qilishga bag‘ishlangan.
“Ash-shamoil an-nabaviya”ning XVI asrga oid bir qo‘lyozmasi Toshkentda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda. 1980 yilda Toshkentdagi Diniy boshqarma buyurtmasi bilan “Ash-shamoil an-nabaviya”ning ushbu qo‘lyozmasi ofset uslubida nashr etilgan bo‘lib, unga qisqacha so‘zboshi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy boshqarmasi hay’atining sobiq raisi, marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari tomonidan yozilgan.
“Ash-shamoil an-nabaviya” so‘nggi yillarda ham Toshkentda bir necha bor nashr etildi. Bundan tashqari allomaning 1200 yillik yubileyi (1990) munosabati bilan gazeta va jurnallarda u haqida ko‘plab maqolalar chop etildi.

Download 26.78 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling