Imom at termiziy hayoti va merosi


Download 33.82 Kb.
bet1/4
Sana07.03.2023
Hajmi33.82 Kb.
#1245202
  1   2   3   4
Bog'liq
O\'RTA OSIYOLIK BUYUK ISLOMSHUNOS OLIMLAR IMOM AL BUXORIY, AL TEMIZIY, IMOM AL MOTRUDIY VA BOSHQALARNING MEROSI


O'RTA OSIYOLIK BUYUK ISLOMSHUNOS OLIMLAR IMOM AL BUXORIY, AL TEMIZIY, IMOM AL MOTRUDIY VA BOSHQALARNING MEROSI


Reja:



  1. IMOM AL-BUXORIY ILMIY MЕROSINING HADISSHUNOSLIKDA TUTGAN OʻRNI

  2. IMOM MOTURIDIY ILMIY FAOLIYATINING ISLOM ILM-FANIDA TUTGAN OʻRNI

  3. IMOM AT TERMIZIY HAYOTI VA MEROSI


IMOM AL-BUXORIY ILMIY MЕROSINING HADISSHUNOSLIKDA TUTGAN OʻRNI
Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy zehni oʻtkir, xotirasi kuchli, juda uquvli, tez yodlab olishi bilan birgalikda zakovatli, fatonatli, iqtidorli, keng tafakkurli va istagan narsasini juda tez esga olib takrorlashi bilan tengdoshlari orasida oʻxshashi yoʻq edi. U 10 yoshidanoq hadis tinglashni boshlaydi va 15 yoshigacha 70 mingga yaqin hadisni yod oladi. U oʻzi haqida shunday deydi: “Men boshlangʻich maktabda oʻqib yurgan kezlarimdayoq hadis yodlash menga ilhom qilindi”. Eng avvalo, u Abdulloh ibn al-Muborak va Vakiʼ ibn al-Jarrohning hadis toʻplamlarini toʻliq yod oladi. Muhammad ilm talab qilish va hadis oʻrganishga shu darajada kirishib ketdiki, u bamisoli bu ish uchun yaratilgandek edi. Talabalik davrida Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bilimi va maʼlumoti chuqur ekanligiga dalil boʻladigan koʻpgina voqea va hodisalar boʻlib oʻtgan. U yodlab olishi uchun bir marta koʻrishi yoki eshitishi yetarli edi. Bir marotabasida, ustozi imtihon qilganda 15 000 ga yaqin hadisni yoddan aytib beradi. Muhimi shundaki, u bu hadislarni yozib bormagan edi. U barcha oʻtilgan hadislarni birma-bir aytib berganda qolgan tengdoshlari yozgan daftarlaridagi xatolarini toʻgʻrilab olishadi.
Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy Buxoroda Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Jaʼfar ibn al-Yamon al-Juʼfiy al-Musnadiy, Muhammad ibn Salom al-Biykandiy, Muhammad ibn Yusuf al-Biykandiy va bir qator olimlar jamoasidan taʼlim oladi va ilmini yanada mustahkamlaydi. Lekin ular katta ustozlari emaslar.
Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy 16 yoshida onasi va birodari Ahmad bilan birgalikda haj ziyoratiga borish chogʻida islom oʻlkalaridagi ilm markazlariga sayohat qiladi. Onasi va birodari Buxoroga qaytayotganlarida Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy ilm oʻrganish istagi bilan Makkada qoladi. U Hijozda olti yil istiqomat qiladi va u yerda hadis ilmi bilan yanada mukammal shugʻullanadi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy 18 yoshida “Kitob qazoyas sahoba vat tobeʼin” va “at-Tarix al-kabir” nomli asarlarini yozadi.
Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy juda koʻp ilmiy sayohatlar uyushtirgan. U Balxda – Makkiy ibn Ibrohimdan hadis tinglaydi. U Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning katta ustozlaridan birinchisi hisoblanadi. Marvda – Abdon ibn Usmon, Ali ibn al-Hasan ibn Shaqiq va Sadaqa ibn al-Fazldan, Nishopurda – Yahyo ibn Yahyodan, Rayda – Ibrohim ibn Musodan, Bagʻdodda – Muhammad ibn Iso ibn al-Tobbaʼ, Surayj ibn an-Nuʼmon, Muhammad ibn Sobiq va Affondan, Basrada – Abu Osim an-Nubayl, al-Ansoriy, Abdurrahmon ibn Hammod ash-Shuʼusiy, Muhammad ibn Arʼara, Hajjoj ibn Minhol, Badl ibn Muhabbir va Abdulloh ibn Rajoadan, Kufada – Abdulloh ibn Muso, Abu Nuʼaym, Xolid ibn Maxlad, Tolq ibn Gʻannom va Xolid ibn Yazid al-Muqriydan, Makkada – Abu Abdurrahmon al-Mukriy, Xallod ibn Yahyo, Hasson ibn Hasson al-Basriy, Abul Valid Ahmad ibn Muhammad al-Avzoʼiy va al-Humaydiydan, Madinada – Abdulaziz al-Uvaysiy, Ayyub ibn Sulaymon ibn Bilol va Ismoil ibn Abu Uvaysdan, Misrda – Saʼid ibn Abu Maryam, Ahmad ibn Ishkob, Abdulloh ibn Yusuf va Asbagʻadan, Shomda – Abul Yaman, Odam ibn Abu Iyos, Ali ibn Ayyosh, Bashr ibn Shuaʼyb, Abul Mugʻiyra Abdulquddus, Ahmad ibn Xolid al-Vahbiy, Muhammad ibn Yusuf al-Firyobiy, Abu Musʼhir va yana juda koʻpgina ilm ahlidan hadis tinglagan va taʼlim olgan.
Zahabiyning taʼkidlashicha, “Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy tahsilini tamomlab kitob yozishga va hadis rivoyat qilishga boshlagan paytida hali yuzida bir tuk chiqmagan oʻspirin edi”[1]. Faqat kitob yozishga kirishishi hadis talabini soʻngiga yetganini bildirmaydi. “Kishi oʻzidan katta boʻlganlardan, tengdoshlaridan va oʻzidan kichik boʻlganlardan ilm olmaguncha kamolga erishmaydi”, degan Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy 1080 ta kishidan hadis tinglab, ilm oʻrgangan[2].
Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy mashgʻul boʻlib faoliyat olib borgan ilmlarni quyidagicha tartiblash mumkin:

  1. Hadis ilmi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hadislarni yod olish bilan birgalikda ularning isnodlarini va uni xilma-xil yoʻllarini mukammal oʻrgangan ushbu sohada tengsiz edi. Uning bu ilmning eng choʻqqisiga chiqqanligini tasdiqlovchi juda koʻp hayotiy misollar mavjud. Jumladan, Yusuf ibn Muso al-Marvarruziy deydi: «Men Basra masjidida edim. Muazzin baland ovozda: “Ey ilm ahli! Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy tashrif buyurdi”, dedi. Shunda biz unga qarab yuzlandik. Biz soqollari qop-qora yosh yigitni koʻrdik. U ustun orqasida namozni ado qildi. Namozdan soʻng odamlar uni oʻrab olib, ularga hadis aytib yozdirishni soʻradilar. U bunga rozilik bildirdi. Muazzin ikkinchi marta masjidda baland ovozda: «Ey ilm ahli! Barchangizga maʼlum boʻlsinki, Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bizlarga hadis aytib, yozdirishga rozilik bildirdi. Allohning izni bilan ertaga shu yerda yigʻilamiz”, dedi. Ertasi kuni muhaddislar, hofizlar, faqihlar, usul olimlar qisqasi Basra shahrining barcha olimlari va fozillari birma-bir yigʻilib 1000 ga yaqin odam toʻplandi. Abu Abdulloh hadis soʻzlash uchun kelib oʻtirdi. U yozdirishni boshlashdan oldin shunday dedi: “Ey ahli Basra! Men bir yigit boʻlsam ham mendan sizlarga hadis aytib berishimni soʻradingiz. Men foydali boʻlishi uchun sizlarga maʼlum boʻlmagan shahringizdan boʻlgan roviylar rivoyatidan aytib beraman”. Shunda odamlar uning soʻzidan ajablandi. U hadis aytib bera boshladi. Aytgan hadislari biz bilmagan shahrimizdan boʻlgan roviylar rivoyatlari edi.

Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy dedi: “Men mingdan ortiq hadis ulamosidan hadis tingladim. Ularni har biridan oʻn mingta yoki oʻn mingdan ortiq hadis oʻrgandim. Men bilgan hadislarni barchasini isnodi bilan bilaman”.
Abul Azhar dedi: “Samarqandda 400 ta hadis toliblari 7 kun davomida toʻplanib, Muhammad ibn Ismoilni xatoga tushirmoqchi boʻladilar. Ular Shom isnodini Iroq isnodiga, Yaman isnodini Haromayn(Makka va Madina) isnodiga aralashtirib, matnlarni ham chalkashtirib yuboradilar. Muhammad ibn Ismoil barcha hadislarni isnodlari bilan joy-joyiga qoʻyib aytib beradi”.
Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy dedi: “Men hadis isnodidagi barcha roviylarni tugʻilgan va vafot etgan yili, yashab istiqomat qilgan joylarini bilmaguncha qabul qilmadim. Sahoba va tobeʼinlardan (mavquf)hadislarni Qurʼon va Rasululloh (s.a.v.) hadislarida asli boʻlmasa rivoyat qilmadim. Men 100 000 ta “sahih”(toʻgʻri) va 200 000 ta “gʻayri sahih”(notoʻgʻri) hadisni isnodlari bilan yod olganman”.

  1. Tafsir ilmi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy buyuk muhaddis olim boʻlish bilan birgalikda Qurʼon oyatlari nimaga dalolat qilishini juda yaxshi bilar edi. U Qurʼon va hadisdan sharʼiy masala boʻyicha hukm chiqara olish qudratiga ega edi. Uning “sahih”idagi tafsir kitobini va “at-Tafsir al-kabir” asari bu sohada ham tengsiz ekanligiga yorqin misol boʻladi.

  1. Fiqh ilmi. Hadislardan hukm olishda nimalarga eʼtibor qaratish kerakligini aʼlo darajada oʻrgangan Imom al-Buxoriy hadis ilmi bilan shugʻullanish bilan birgalikda fiqh ilmi bilan ham mashgʻul boʻlgan. U yoshligidan boshlab “ahli ray” mazhabini juda yaxshi oʻrgandi. U sahobalarni soʻzlari va tobeʼinlarni fatvolarini yaxshi oʻrgandi. U hatto 18 yoshida ularga bagʻishlab bir mustaqil asar yozdi. Uni buyuk faqih va tengsiz mujtahid ekanligini juda koʻp ustozlari taʼkidlaganlar:

    1. Nuaʼym ibn Hammod al-Xazzoiʼy: Muhammad ibn Ismoil bu ummatning faqihidir, dedi;

    2. Muhammad ibn Bashshor(Bundor) dedi: Muhammad ibn Ismoil zamonamizning eng faqihidir. U Basraga kelganda esa, bugun faqihlar sayyidi tashrif buyurdi, degan;

    3. Abu Musʼab az-Zuhriy dedi: Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy ichimizda eng faqihimizdir. U hadisda hatto Ahmad ibn Hanbaldan ham bilimdon va mohirdir. Shunda yonidagilardan biri, juda oshirib yubordingku, dedi. U dedi: agar sen Molik ibn Anas bilan Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyni bir oraga keltirib qiyoslab koʻrsang, ularni hadis va fiqhda teng ekanliklarini koʻrasan. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyni faqihligiga va Molik ibn Anas bilan bir darajada ekanligiga yorqin dalil sifatida ustozi Isʼhoq ibn Rohvayh xuzurida fatvo berishidir. U dedi: “Men Isʼhoq ibn Rohvayh xuzurida oʻtirgan edim. Bir kishi kelib, bilmasdan taloq qilish toʻgʻrisida savol soʻradi. Ustozim oʻyga choʻmib, uzoq sukut saqladi. Shunda men dedim, paygʻambar (s.a.v.) shunday deganlar: “Alloh ummatimni bilmasdan qilgan amalini va aytgan soʻzlarini kechirdi”. Bu hadisdan koʻrinib turibdiki, insonni qalbi va amali yoki qalbi va soʻzi bir boʻlishi lozim. bilmasdan taloq qilgan odam esa, qalbi bilan ishonmagan. Ustozim Isʼhoq: “Sen meni quvvatlading, Alloh seni quvvatlasin” dedi va bu bilan fatvo berdi”.

Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy “sahih”ini boblarini tartibga solishga fiqhiy gʻoya asos qilib olingan. U buni shu darajada noziklik va latiflik bilan amalga oshirganki, koʻpchilik osonlikcha tushunib olmaydi. Tushunish uchun chuqur bilim va maʼrifatga ega boʻlish talab qilinadi. “Sahih”i va boshqa asarlariga qarab shularni aytish mumkinki, Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hech kimga taqlid qilmagan. Misol sifatida baʼzilarini koʻrib chiqsak:

  • Har namozxon har bir rakatda fotiha surasini qiroat qilishi vojib. Imomga ham, ergashganga ham yoki yolgʻiz oʻquvchiga ham, ovoz chiqarib oʻqisa ham, ichida oʻqisa ham baribir;

  • Rukuʼga yetishmagan rakatni qochirgan boʻladi;

  • Qunut duosi oʻqishlik rukuʼdan oldin va keyin ham joiz;

  • Ayollar erkak kasallarni koʻrishga borishligi joiz;

  • Ahli fasodni gʻiybat qilish joiz;

  • Ayol kishi kelin boʻlsa ham erkak kishilarga xizmat qilishi joiz;

  • Hokim haromni halol va halolni harom qila olmaydi;

  • Imom orqasida qiroat qilish;

  • Namozda qoʻl koʻtarish.

Yuqoridagi misollar yetarli boʻladi deb, oʻylaymiz.

  1. Tarix va siyar ilmi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bu ilm sohasida tengsiz edi. U hadis rivoyatidagi roviylar silsilasini har tomonlama mukammal oʻrgangan edi. U hadisni “sahih”ligini belgilovchi eng muhim jihat bu roviyning ahvolidir, degan. Uning eng birinchi yozgan asari “at-Tarix al-kabir” hisoblanadi.

  1. Jarh va taʼdil ilmi. Hadis ilmining muhim bir sohasi boʻlmish “aj-Jarh vat taʼdil” ilmiga oid fikrlar sahobalar davrida bildirilgan. Lekin, bu soha boʻyicha yozilgan eng qiymatli asarlar Imom al-Buxoriy davriga toʻgʻri keladi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bu ilmda tengsiz hisoblanardi. Chunki, u sahoba davridan boshlab, oʻzini davrigacha boʻlgan barcha isnodlarni juda mukammal va aʼlo darajada oʻrganib, ishonchli va mohirini muttaham va yolgʻonchidan ajratgan. U roviylarni jarohatlashda yoki adolatli deyishda dalil boʻlgan. Lekin roviylarni jarohatlashda ehtiyotkor boʻlgan. Chunki, gʻiybatga kirib qolishdan xavfsiragan. Bu uni taqvosi va zohidligidandir. U shunday der edi: “Men biror kimsani gʻiybat qilmasdan Alloh bilan koʻrishishni istayman”. U dedi: “Oxiratda menga hech kim xusumat qilmaydi. Chunki, men birovlarni gʻiybat qilishdan qochdim”.

Baʼzilar unga sen “tarix” kitoblaringda odamlarni gʻiybat qilgansan, deb malomat qilganlar. Shunda, Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy ularga paygʻambar (s.a.v.)ning bu qanday yaramas odam, degan soʻzlarini keltiradi. Paygʻambar (s.a.v.) manfaat yoʻlida ruxsat bergan, deb javob bergan Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy.
Roviy kishilar toʻgʻrisidagi bilim va maʼlumot jihatidan tengsiz boʻlishiga qaramay jarohatlagan(zaifligini aytgan) roviy haqida ham izzatiga tegadigan soʻzlarni ishlatmas edi. Yolgʻonchiligi maʼlum boʻlgan odam haqida soʻz yuritganda “fihi nazar” – bunda ixtilof bor, “sakatu anhu” – siqaligi haqida olimlar biror narsa demaganlar, “taraku hu” – uni rivoyatini tark qilganlar, degan. Uni bir odam haqida eng ogʻir soʻzlari “munkarul hadis” – hadisi olinmaydi, degan. “Kazzob” – yolgʻonchi, “vaddoʼ” – hadis toʻquvchi kabi soʻzlari juda kam uchraydi.
Uni jarh va taʼdil ilmi boʻyicha yozgan asarlari oʻz sohasida mislsiz hisoblanadi. Uning asarlari undan keyingi Abu Hotim va Ibn Hibbon kabi olimlar uchun ilmiy metod sifatida qoʻllanma vazifasini bajargan.

  1. Hadis illati ilmi. Bu ilm maxfiyligi uchun hadis ilmining eng nozik va eng qiyin sohasi hisoblanadi. Muhammad bu ilmda bamisoli hilpirab turgan bayroq kabidir. Uning bu ilmdan xabardorligi va bilimdonligiga yorqin misol Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy “sahih” asaridir. Bu ilmdan bexabar boʻlgan muhaddis qancha hadis yod olmasin “sahih” hadisni boshqasidan ajratib mustaqil bir asarda jamlay olmaydi.

Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy dedi: “Men “sahih”ni saqim(notoʻgʻri)dan ajratib olmaguncha, hadis yozishga kirishmadim”.
U bu ilmda maʼrifatli olimlarning birinchilaridan boʻlib, u Ahmad ibn Hanbal va Ali ibn al-Madaniydan keyin tabaqaning boshidir. Axir uning ustozi kimsan Ali ibn al-Madaniy bu ilmda unda tenglashadigan olim topilmaydi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy ustozidan bu ilmni barcha nozik jihatlarigacha mukammal oʻrgangan. U shunday degan: “Men oʻzimni faqatgina Ali ibn Madaniy oldida yaxshi sezmayman. Undan boshqa barchani oldida oʻzimni yaxshi his qilaman”.
Abu Zurʼa ar-Roziy yosh yigitni oldiga oʻtirib olib, ushbu ilm boʻyicha taʼlim olar edi. Uning asarlaridan bu ilm mukammal va kamchiliksiz yoritilib berilgan. Bu ilm sohasi boʻyicha uning izidan shogirdi at-Termiziy yurib faoliyat olib borgan.

  1. Lugʻat ilmi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bu ilmdan boʻyicha ham benasib qolmagan. Bu ilm ayniqsa, faqihning asosiy qurolidir. “Sahih”ni koʻp yerida kelgan gʻarib narsalarni tushuntirib izohlash uchun qoʻllaganini koʻrishimiz mumkin.

Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hadis ilmi boʻyicha tengsiz olim boʻlishi bilan birga uni taʼlim berishda ham mislsiz edi. U juda koʻp buyuk olimlarga ustozlik qilgan. Ular Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy izidan borib, u ochgan yoʻldan yurganlar. Ular haqida tushuncha hosil qilish uchun baʼzilarini keltirib oʻtamiz:

  1. Abul Husayn Muslim ibn al-Hajjoj an-Naysaburiy(204-261). U “sahih” asarining muallifi. Doruqutniy shunday degan: “Agar Buxoriy boʻlmaganda, Muslim kabi olim boʻlmas edi”.

  2. Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy(210-279). U “sunan” asarining muallifi.

  3. Solih ibn Muhammad(205-293).

  4. Abu Bakr Muhammad ibn Isʼhoq ibn Xuzayma(223-311). U “sahih” asarining muallifi.

  5. Abul Fazl Ahmad ibn Salama an-Naysaburiy(…-286). U Muslimning doʻsti boʻlgan.

  6. Muhammad ibn Nasr al-Marvaziy(202-294).

Bundan tashqari hadis ahlidan boʻlgan buyuk faqihlarga ham ustozlik qilgan:

  1. Abu Bakr ibn Abu Dovud Sulaymon ibn al-Ashaʼs(203-316).

  1. Hofiz Abul Qosim Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulaziz al-Bagʻaviy(214-317).

  1. Hofiz Qozi Abu Abdulloh al-Husayn ibn Ismoil al-Mahomiliy(235-330).

  1. Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Muaqqal an-Nasafiy(…-295). U Buxoriy “sahih”ini rivoyat qilganlardan biri hisoblanadi.

  1. Abu Muhammad Hammod ibn Shokir an-Nasafiy(…-311). U ham Buxoriy “sahih”ini rivoyat qilganlardan biri hisoblanadi.

  1. Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf ibn Mator al-Farobriy(231-320). U ham Buxoriy “sahih”ini rivoyat qilganlardan biri hisoblanadi. Odamlarga u orqali tarqalgan.

Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy ilmiy majlislar va dars halqalarida hadislar aytib yozdirardi. Undan tashqari hadis ilmidan ham dars berardi. Shular bilan birgalikda, u keyingi avlodlar foydalanishlari uchun juda koʻp asarlar yozib qoldirgan. Uning ilmiy merosini ikki qismga boʻlish mumkin. Birinchisi bizlargacha yetib kelgan asarlari. Ikkinchisi haligacha topilmagan asarlari.
Birinchi qism asarlari:

  1. “Al-Jomeʼ as-sahih”. Bu kitob “Sahih al-Buxoriy” nomi bilan tanilgan.

  2. “At-Tarix al-kabir”. Bu kitob oʻz bobida va sohasida oʻxshashi yoʻq. Ushbu asarda sahobalar davridan boshlab oʻz zamonasigacha boʻlgan hadis rivoyat qilgan kishilar haqida maʼlumotlar keltirilgan. Shuningdek, u hadis illati, jarh va taʼdil ilmi haqidagi turli maʼlumotlar oʻz ichiga oladi. Ushbu asar alloma Abdurrahmon al-Muallimiy tadqiqi ostida 1691 yilda Haydarobodda bosilgan.

  3. “At-Tarix al-avsat”. Bu kitob yillar boʻyicha tartibga keltirilgan. Bizgacha bir qismi qoʻlyozma holida yetib kelgan.

  4. “At-Tarix as-sagʻir”. Bu kitob yillar boʻyicha tartibga keltirilgan. Bu kitob bir necha marta bosilgan.

  5. “Kitobul kuna”. Bu kitob “at-Tarix al-kabir” bilan birga Haydarobodda bosilgan.

  6. “Az-Zuafo”. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning bu nom bilan ikkita kitobi boʻlgan biri “al-kabir” ikkinchisi “as-sagʻir”. Bizgacha “as-Sagʻir” kitobi yetib kelgan. Bu asar hadis rivoyat qilgan zaif kishilarga bagʻishlangan.

  7. “Al-Adab al-mufrad”. Bu kitob odob va axloqqa bagʻishlangan boʻlib, oʻz bobida juda nafisdir. Kitob yangi yoʻnalish asosida boblarga boʻlingan. Bu kitob bir necha marta bosilgan.

  8. “Al-Qiroat xalfal imom”. Bu kitob juzul qiroat nomi bilan tanilgan. Bu kitobda imomga ergashgan kishini qiroat masalasi batafsil yoritilgan. Shuningdek, har rakatda namozxon qanday holda boʻlishidan qatʼiy nazar fotiha surasini qiroat qilishi vojib ekanligi masalasi ham har tomonlama oʻrganilgan. Yaʼni, namozxon kishi imom, imomga ergashuvchi, yolgʻiz ado qiluvchi namozni yashirinmi yoki ovoz chiqarib oʻqiydimi farqi yoʻq barcha holda fotiha surasini qiroat qilishlik vojibdir. Rakat boshqa rakatdan ajratib olinmaydi. Bu kitob bir necha marta bosilgan.

  9. “Rafʼul yadayn fi as-salot”. Bu kitob juzul rofʼul yadayni nomi tanilgan. Bu kitobda namozxon namozda takbir holida qoʻllarini koʻtarishlik masalasi batafsil yoritilgan. Bu kitob bir necha marta bosilgan.

  10. “Xalq afoʼlul ibod”. Bu kitob aqida va eʼtiqod masalasiga bagʻishlangan boʻlib, unda bandalarning feʼllari maxluq, yaʼni yaratilgandir. Allohning kalomi Qurʼoni karim maxluq emas, yaʼni yaratilgan emasdir. Bu kitobni yozilishiga asosiy sabab Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bu masala boʻyicha tuhmatga qolgan va qiyinchiliklar boshiga kelgan. Bu kitob bir necha marta bosilgan.

Ikkinchi qism asarlari:

  1. “Birrul volidayn”. Bu kitobni Ibn Hajar va boshqa mutaaxxir olimlar aytib oʻtganlar.

  2. “Al-Jomeʼ al-kabir”. Bu kitobni Ibn Tohir al-Maqdisiy zikr qilib oʻtgan.

  3. “Al-Musnad al-kabir”. Bu kitobni al-Forobriy zikr qilib oʻtgan.

  4. “At-Tafsir al-kabir”. Bu kitobni ham al-Forobriy zikr qilib oʻtgan.

  5. “Al-Ashriba”. Bu kitobni Doruqutniy “al-Muʼtalif val muxtalif” asarida zikr qilib oʻtgan.

  6. “Al-Hiba”. Bu kitobni kotibi Muhammad ibn Abu Hotim zikr qilib oʻtgan.

  7. “Asomis sahoba”. Bu kitobni Abul Qosim ibn Mandah va boshqalar zikr qilib oʻtgan.

  8. “Al-Mabsut”. Bu kitobni al-Xaliliy “al-Irshod” asarida zikr qilib oʻtgan.

  9. “Al-Vahdon”. Bu kitobda sahobalardan kimni birgina hadisi boʻlgan boʻlsa shunday sahobalarga bagʻishlangan. Bu kitobni Abul Qosim ibn Mandah “al-Maʼrifa” asarida zikr qilib oʻtgan.

  10. “Al-Iʼlal”. Bu kitobni Abul Qosim ibn Mandah zikr qilib oʻtgan.

  11. “Al-Favoid”. Bu kitobni at-Termiziy oʻz sunanida zikr qilib oʻtgan.

  12. “Qazoyas sahoba vat tobeʼin2. Bu kitob Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy yozgan kitoblarning birinchisi boʻlib, uni 18 yoshida yozgan.

  13. “Al-Mashyaha”. Bu kitobda Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy koʻrishgan barcha ustozlarini yoki unga rivoyat qilishga ijozat bergan ustozlarini keltirib, ular haqida maʼlumot keltirgan. Bu kitobni Ibn as-Subkiy zikr qilib oʻtgan.

[1] Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az-Zahabiy. Siyaru Aʼlami an-Nubalai. Bayrut. Muassasatu ar-Risalati. 1412 h.y./1992 m.y. 12-juz. B. 399.
[2] Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahih Buxoriy. Bayrut-Livan. Darul Qalam. 1407h.y./1987m.y. 1-jild. B. 22.



Download 33.82 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling