Inson huquqlari bu butun insoniyatning intilishlari, orzu-umidlarini o‘ziga jamlagan keng qamrovli tushuncha bo‘lsa, fuqaroning siyosiy huquqlari uning ajralmas qismidir


Download 22.47 Kb.
Sana17.01.2023
Hajmi22.47 Kb.
#1098052
Bog'liq
Inson huquqlari


Inson huquqlari — bu butun insoniyatning intilishlari, orzu-umidlarini o‘ziga jamlagan keng qamrovli tushuncha bo‘lsa, fuqaroning siyosiy huquqlari uning ajralmas qismidir. Siyosiy huquqlarni ta’minlash esa, eng avvalo ochiq va oshkora tashkil etiladigan saylovlarda nomoyon bo‘ladi.

Binobarin, saylovlar yaqin va olis istiqbol uchun belgilab beriladigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, saylov qonunchiligi mamlakatimizning ko‘p yillik milliy saylov tajribasi hamda xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasiga muvofiq takomillashtirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kuni kecha bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida ham “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinib, moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Xo‘sh, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi, keng jamoatchilik, ekspertlar, olimlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar inobatga olinib, qonun loyihasida o‘z aksini topdimi?

Qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rish jarayonida siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar, Yoshlar parlamentlari a’zolari tomonidan ko‘plab takliflar bildirildi. Shu va parlament quyi palatasining rasmiy-veb saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun qo‘yilgan loyiha yuzasidan kelib tushgan mingga yaqin taklif va fikr-mulohazalar qonun loyihasini yanada pishiq-puxta holatga keltirishda juda as qotdi.

Masalan, birinchi o‘qishga kiritilgan qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 117-moddasiga, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy Qonunning 3-moddasiga, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 6 ta moddasiga, Saylov kodeksining 29 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan edi.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida, siyosiy partiyalar fraksiyalarida bir qator tadbirlar, davra suhbatlari tashkil etildi, fraksiyalararo munozaralar o‘tkazildi. Muhokamalarda bildirilgan asosli takliflar inobatga olindi. Xususan, quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalar tomonidan bildirilgan takliflar asosida siyosiy partiyalarning saylov uchun ajratilgan mablag‘lar yuzasidan Hisob palatasiga hisobot berishi haqidagi norma chiqarildi.

Mazkur hujjatda siyosiy partiyalar tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so‘ng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e’lon qilish tartibi ham joriy etilmoqda. Shu bilan birga, siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari yuzasidan saylov kuniga qadar oraliq hisobotini va saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin yakuniy hisobotini Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishi ko‘zda tutilyapti.

Qizg‘in muhokama va muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylovlarni dekabr oyidan oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasiga ko‘chirish taklif etilgani deputatlar tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi. Chunki bu bilan saylovlardan keyin oliy davlat organlarini o‘z vaqtida shakllantirish va muhim siyosiy-huquqiy qarorlarni qabul qilish uchun tegishli zamin yaratiladi.

Xulosa qilib aytganda, qonun loyihasining qabul qilinishi orqali milliy saylov qonunchiligi umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga yanada muvofiqlashtiriladi, saylov jarayonlari ochiq va oshkora o‘tishi ta’minlanishiga erishiladi. Eng muhimi, O‘zbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi o‘rni yaxshilanishi kafolatlanadi.


Soʻnggi yillarda demokratik, tashqi dunyo uchun ochiq va raqobatbardosh yangi Oʻzbekistonni qurish doirasida fuqarolarning vakillik organlariga saylash hamda saylanish boʻyicha konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash sohasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.

Demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi boʻlgan umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri, yashirin ovoz berish tamoyillariga tayangan holda saylov huquqini taʼminlash, saylovlarni erkin va adolatli, ochiq hamda oshkora oʻtkazishga oid huquqiy asoslarini mustahkamlashga, jumladan, zamonaviy demokratik saylov tizimini rivojlantirishga qaratilgan izchil choralar koʻrildi.

Shu bilan bir qatorda, Oʻzbekiston saylov qonunchiligi shu davrgacha boʻlib oʻtgan saylovlar davomida toʻplangan milliy tajriba, ilgʻor xorijiy saylov amaliyoti, shuningdek, xalqaro standartlar, fuqarolarning siyosiy ongi hamda elektoral madaniyatining oʻsishi, amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning borishi va talablarini hisobga olgan holda jadal takomillashib bormoqda.

Shu oʻrinda yangi Oʻzbekiston saylov qonunchiligi rivojlanishining quyidagi uch bosqichini alohida ajratib koʻrsatish mumkin.

Birinchi bosqich — alohida saylov qonunlaridan Saylov kodeksi sari

Qonunchilikni kodifikatsiya qilish masalasi tizimli ravishda yagona meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni yaratish va amaldagi qonunchilikni chuqur hamda har tomonlama qayta koʻrib chiqish barobarida, eskirgan normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilish, yangi huquqiy qoidalarni ishlab chiqish va milliy huquqiy tizimni kompleks ravishda rivojlantirishni talab etadi.

Xususan, xorijiy davlatlarda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi oddiy qonunlar, konstitutsiyaviy qonunlar yoki saylov kodekslarini qabul qilish yoʻli bilan tartibga solinadi. Shu bilan birga, dunyoning 30 dan ziyod mamlakatlarida saylovlarni Saylov kodeksi yordamida huquqiy tartibga solish modeli qoʻllaniladi.

Yangi Oʻzbekiston ham saylov qonunchiligini kodifikatsiya qilish yoʻlini tanladi. 2019-yilda ilgari tarqoq boʻlgan beshta ­saylovga oid qonun oʻrniga yagona Saylov kodeksi qabul qilindi. Mazkur Kodeks mamlakatning barcha siyosiy kuchlari hamda partiya­lari, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida umumxalq muhokamasi asosida ishlab chiqildi. Unda YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha ­byurosi hamda Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi, chet ellik kuzatuvchilar, SHHT, MDH, IHT kabi bir qator xalqaro tashkilotlar missiyalarining Oʻzbekistonda oʻtgan ­saylovlar boʻyicha tav­siyalari hisobga olingan. Xususan, 2016 — 2019-yillarda Oʻzbekis­tonda boʻlib oʻtgan ­saylovlar boʻyicha YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining 29 ta tavsiyasi Oʻzbekiston saylov qonunchiligida toʻliq, sakkiztasi qisman bajarilgan, qolganlari esa, ekspert­lar tomonidan oʻrganilmoqda.

Saylov kodeksining qabul qilinishi, oʻz nav­batida, yangi Oʻzbekistonni demokrat­lashtirish va liberallashtirish, fikrlar xilmaxilligini qoʻllab-quvvatlash hamda koʻp partiyaviylik yoʻlidan barqaror rivojlanish ifodasi sifatida namoyon boʻldi.

Saylov kodeksining eng ­muhim xususiyatlari ­quyidagilardan iborat:

birinchi xususiyati, milliy saylov qonunchiligida parlamentning kamida bitta palatasi aʼzolarini toʻgʻridan-toʻgʻri saylashni nazarda tutuvchi saylovlar toʻgʻrisidagi xalqaro hujjatlarning asosiy qoidalari oʻz aksini topdi. Qonunchilik palatasidagi deputatlik oʻrinlari sonini saqlab qolgan holda (150 oʻrin), parlament quyi palatasi uchun Oʻzbekiston Ekologik harakatidan deputatlikka nomzodlarni koʻrsatish va saylash talablari qonunchilikdan chiqarib tashlandi;

ikkinchi xususiyati, saylovchilarga saylovlarda bir nechta partiyalarning ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlash imkoniyati berildi — saylovchilar bir yoki bir nechta siyosiy partiya­larni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyish huquqiga ega ekanligi belgilandi;

uchinchi xususiyati, siyosiy par­tiyalar Prezidentlikka va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod koʻr­satish huquqiga ega ekanligi qonuniy ravishda belgilab qoʻyildi. Shu bilan birga, siyosiy partiyalar oʻz partiyasi aʼzolarini yoki partiyasizlarni nomzod sifatida koʻrsatish huquqiga ham ega;

toʻrtinchi xususiyati, katta jamoat xavfini tugʻdirmaydigan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazoni oʻtayotgan shaxslarning saylovlarda ishtirokini cheklovchi qoida chiqarib tashlandi;

beshinchi xususiyati, siyosiy partiyalardan nomzodlarning ishonchli vakillari soni koʻpaytirildi ­(Prezidentlikka nomzodlar uchun — 15 tagacha, parlament deputatlari — 10, xalq deputatlari viloyat Kengashlari — 5, tuman va shahar Kengashlari — 3);

oltinchi xususiyati, saylovlarning ochiqligi va demokratikligini taʼminlashda siyosiy partiyalardan kuzatuvchilar roli kuchaytirildi. Ular ovozlarni sanash natijalari boʻyicha saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilgach, saylov natijalari toʻgʻrisidagi hujjatlarning koʻchirma nusxalarini darhol olishi mumkin. Saylov uchastka komissiyasining ovozlarni sanash toʻgʻrisidagi bayonnomaning koʻchirma nusxasi bilan hamma tanishib chiqishi uchun uchastka saylov komissiyasi binosiga kamida qirq ­sakkiz soat muddatga darhol osib qoʻyish ­tartibi oʻrnatildi;

yettinchi xususiyati, saylov komissiyalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning saylovlarni tashkil etish, oʻtkazish hamda uning natijalarini chiqarishga oid murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi takomillashtirildi. Bundan tashqari, nomzod yoki kuzatuvchi saylov jarayonining har qanday jihati (shu jumladan, qayta hisoblashni talab qilish yoki saylov natijalarini bekor qilish) toʻgʻrisida shikoyat qilish huquqiga ega. Saylov komissiyalari, jumladan, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi qonuniy ravishda belgilab qoʻyilgan. Shikoyat bergan shaxslar uni koʻrib chiqishda bevosita ishtirok etish huquqiga ega;

sakkizinchi xususiyati, qonun darajasida Senat aʼzolarini saylash tartibi belgilanib, Markaziy saylov komissiyasining ularni saylash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomi bekor qilindi;

toʻqqizinchi xususiyati, Saylov kodeksida siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari tomonidan olib borilayotgan tashviqot turlari, shakllari hamda usullari aniq belgilab qoʻyildi;

oʻninchi xususiyati, kuzatuvchilar, partiyalarning vakolatli vakillari va ommaviy axborot vositalariga alohida eʼtibor berilgan. Saylov kodeksi yuqoridagi saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari doirasini belgilab qoʻydi. Ularning ishtiroki tufayli saylov jarayonining shaffofligi taʼminlanadi. Saylov komissiyasining majlislarida siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari ishtirok etishlari mumkin. Saylov komissiyalarining yigʻilishlari ochiq oʻtkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi yoki Saylov kodeksida belgilangan tartibda hammaga maʼlum qilinadi;

oʻn birinchi xususiyati, saylovchilar — fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan davlat axborot resursi boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining Yagona elektron saylovchilar roʻyxati yaratilishi nazarda tutilgan.

Umuman olganda, 2019-yilda hokimiyat vakillik organlariga boʻlib oʻtgan saylovlar davomida Saylov kodeksini amalda qoʻllash shuni koʻrsatdiki, u fuqarolarning konstitutsiyaviy saylov huquqlarini qatʼiy ravishda demokratik adolat, oshkoralik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida saylovlarda erkin ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni, siyosiy partiyalar hamda ularning nomzodlari uchun — saylov kampaniyasi davomida keng va teng imkoniyatlarni ­yaratib berishga xizmat qildi.

Ikkinchi bosqich — saylov komissiyalari mustaqilligini huquqiy taʼminlash

Saylov kodeksi va mamlakatni demokratlashtirishning ikkinchi bosqichi 2021-yil fevral oyida Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi bilan bogʻliq. Shu bilan birga, quyidagi vazifalarni hal etishga alohida eʼtibor berilgan.

BIRINCHISI:

barcha fuqarolarning saylovlarda faol ishtirokini taʼminlash, ularning joylashgan yeri va vaqtinchalik yashash joylaridan qatʼi nazar, saylov huquqlaridan foydalanish uchun imkon yaratish. Birinchi bor chet elda yashovchi Oʻzbekiston fuqarolarini, ularning diplomatik vakolatxonalarda konsullik roʻyxatidan oʻtkazilishidan qatʼi nazar, saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, shuningdek, chet elda istiqomat qilayotgan yoki ishlayotgan joyidagi saylovchilarning saylov qutilarida ovoz berishining huquqiy asoslari qonun bilan tasdiqlandi.

IKKINCHISI:

Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi barcha darajadagi saylov komissiyalari — barcha saylov tashkilotchilari tizimining mustaqilligini mustahkamlash demokratik saylovlarning zarur hamda eng muhim shartidir. Shu maqsadda MSK va saylov komissiyalari aʼzolarining maqomi qonuniy ravishda mustahkamlandi, saylov komissiyalari nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etish uchun saylov tashkilotchilari uchun xos boʻlmagan vazifalar bekor qilindi; saylov komissiyalari tizimi maqbullashtirildi — tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazadigan okrug saylov komissiyalari instituti tugatildi. Maqbul­lashtirish natijasida 5 ming 739 ta keraksiz okrug saylov komissiyasi ­tugatildi, inson resurslarining ­katta qismi (54 mingdan ortiq kishi) ozod qilindi.

Shunday qilib, saylov komissiyalarining barcha davlat organlaridan ­mustaqilligini taʼminlash uchun zaruriy huquqiy sharoitlar yaratildi. Saylovlarning tashkiliy-huquqiy darajasi, ular natijalarining qonuniyligi, ­asosan, saylov jarayonining barcha subyektlari tomonidan qonunchilik qoidalariga qanchalik toʻgʻri rioya qilinishiga bogʻliqdir.

UCHINCHISI:

siyosiy partiyalar uchun say­lovoldi tashviqotini olib borish, jumladan, saylov kampaniyasini oʻtkazish uchun ommaviy tadbirlarni tashkil etishga oid yana-da qulay huquqiy sharoitlar yaratish. Saylovlarning demokratik, adolatli va halol oʻtishini taʼminlash boʻyicha milliy, xorijiy hamda xalqaro tajribani chuqur oʻrganish ­asosida, Oʻzbekistonda saylovlarning konstitutsiyaviy muddatlari dekabr oyining uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasidan oktyabr oyining uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasiga koʻchirildi.

TOʻRTINCHISI:

saylov kampaniyasi davrida davlat resurslaridan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik. YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining turli aʼzo davlatlardagi saylovlarni kuzatish missiyalari oʻzlarining yakuniy hisobotlarida ustuvor tavsiyalar sifatida (masalan, 2018-yilda Gruziyada boʻlib oʻtgan prezident saylovlari toʻgʻrisida) “maʼmuriy resurslardan foydalanishda suiisteʼmolliklarning oldini olishga oid shikoyatlarni samarali va oʻz vaqtida koʻrib chiqish mexanizmini yaratish” zarurligini koʻrsatib oʻtmoqda. Oʻzbekistonda milliy hamda xorijiy tajriba hisobga olingan holda, davlat xizmatchilari (agar u ishonchli vakil boʻlmasa), shuningdek, harbiy xizmatchilar, diniy tashkilotlar xodimlari va sudyalar tomonidan tashviqot ishlarini olib borishni taqiqlash qonuniy ravishda mustahkamlangan. Bu saylovlarning xolisligi, qonuniyligi va adolatliligini taʼminlash yoʻlidagi yana bir muhim qadamdir.

Ikkinchi bosqichning eng muhim yangi qoidalaridan biri — siyosiy partiyalar toʻgʻrisidagi qonunchilik hamda ularni moliyalashtirishning Saylov kodeksiga muvofiqlashtirilishi; ­Prezident va parlament saylovlari hamda mahalliy vakillik organlariga saylovlarning davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi belgilanishi va saylov komissiyalari qarorlari ustidan tushgan shikoyatlarni koʻrib chiqish vaqtining oʻn kundan besh kungacha qisqartirilishidir.

Saylov qonunchiligini demokratlashtirishning ikkinchi bosqichi fuqarolarning konstitutsiyaviy saylov huquqlarini toʻliq amalga oshirishga, ularning saylovlardagi ishtirokini kengaytirishga yordam beradi va demokratik saylovlarni oʻtkazish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Uchinchi bosqich — adolatli saylovlarning huquqiy asoslari

Yangi Oʻzbekistonning zamonaviy saylov tizimi yaratilishi koʻp yillik evolyutsion jarayon va har tomonlama ­siyosiy muloqot mahsulidir. Umuman olganda, saylov qonunchiligiga saylov jarayonini takomillashtirishga qaratilgan koʻplab oʻzgartishlar kiritildi. Har bir, hattoki, kichik bir oʻzgartish kiritishda ham doim puxta ish olib borildi, oʻtgan saylov kampaniyalari tahlil qilindi hamda tahlillar asosida qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.

Saylov tizimi bir necha yillar davomida faol rivojlanib bordi, bu oʻzgartishlar mamlakatning siyosiy va huquqiy rivojlanishining mantiqiy davomi boʻlib xizmat qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari Saylov kodeksini saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini yana-da takomillashtirish, uni xalqaro demokratik standartlar hamda chinakam demokratik saylovlar sohasidagi ilgʻor tajribalarga moslashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida tashabbus koʻrsatdi.

Yangi kiritilgan oʻzgartishlar quyidagilardan iborat:

Birinchidan, vakolatlarni taqsimlashni davom ettirish hamda taʼsis (Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi saylov komissiyalari tizimi) va sud hokimiyati oʻrtasida oʻzaro muvozanat tamoyilini mustahkamlash.

Kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar, birinchi navbatda, saylov uchastkasi komissiyalarining qaror qabul qilishlari uchun mustaqillik hamda masʼuliyatini kuchaytirishni, shu bilan birga, fuqarolarning, saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining saylov komissiyalari harakatlari va ularning qarorlari toʻgʻrisidagi murojaatlari hamda shikoyatlarini koʻrib chiqishda sudlarning rolini oshirishni nazarda tutadi.

YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining tavsiyalarini hisobga olgan holda, Saylov kodeksida MSK saylovchilar hamda saylov jarayonining boshqa ishtirokchilaridan saylov komissiyalari harakatlari va ularning qarorlari toʻgʻrisidagi arizalarini koʻrib chiqmasligi normasi belgilab qoʻyildi.

Bu esa, oʻz navbatida, shikoyat va murojaat qilishning ikki tomonlama (MSK va sudga) tizimini bartaraf etadi, shuningdek, bir-biriga zid xulosa hamda qarorlar qabul qilinishining oldini oladi. Barcha saylovga oid nizolar faqat sudlarning vakolatiga tegishli boʻladi.

Shu bilan birga, fuqarolarning saylov huquqlarini sud orqali himoya qilish sezilarli darajada kuchaytirilmoqda. Saylov kodeksiga muvofiq:

- har bir fuqaro saylovchilarning roʻyxatlaridagi xato yoki noaniqlik toʻgʻrisida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi toʻgʻrisida asoslantirilgan javob berishi shart. Shu bilan birga, uchastka saylov komissiyasining harakatlari hamda qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin;

- siyosiy partiyalar organlari, ularning nomzodlari, ishonchli vakillari, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalari qarorlari ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkin;

- Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.

Saylov kodeksida saylov qonunchiligi subyektlarining saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning barcha ­bosqichida qabul qilingan qarorlar ustidan shikoyat qilishning aniq tartibi nazarda tutilgan. Kodeksda saylov komissiyalari tomonidan jismoniy hamda yuridik shaxslarning saylovlarni tashkil etish, oʻtkazish va natijalariga oid murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi belgilab qoʻyildi.

Bularning barchasi fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan asosiy huquqini amalga oshirishga yordam beradi (nizo sudda koʻrib chiqilishi va hal qilinishi kerak). Zero, taʼsis hokimiyati faqat saylovlarni tashkil etish, fuqarolarning oʻz xohish-irodasini erkin ifoda qilishi uchun shart-sharoit yaratish masalalarini hal etishi kerak, saylov komissiyalari harakatlarini (harakatsizligini) baholash esa sudlar tomonidan amalga oshirilishi lozim.

Ikkinchidan, saylov jarayonida ­siyosiy partiyalar tomonidan uyushtiriladigan ommaviy yigʻilishlar, mitinglar hamda namoyishlar toʻgʻrisida ­maʼlum qilish tartibini joriy etish. 2019-yilda, parlament saylovlari oldidan ­siyosiy partiyalar butun mamlakat boʻylab 800 dan ortiq ommaviy mitinglar oʻtkazdi. Mazkur tadbirlar davomida siyosiy partiyalarga hech qanday toʻsqinlik boʻlmagan va ommaviy tadbirlarni oʻtkazish huquqlarining buzilishi toʻgʻrisida ular tomonidan murojaatlar ham kelib tushmagan.

Biroq ushbu sohada qonunchilikda muayyan boʻshliq mavjud edi. Shuning uchun Saylov kodeksida partiyalar ommaviy tadbirlarni oldindan — kamida uch kun oldin — hokimliklarga ular oʻtkaziladigan joy va vaqti toʻgʻrisida maʼlum qilish haqida meʼyor kiritilgan. Yaʼni, endi ruxsat beruvchi emas, balki maʼlum qilish tartibi ishlaydi.

Uchinchidan, okrug saylov komissiya­larining Prezident saylovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha salohiyatini kuchaytirish. Yaʼni, qonunchilikka muvofiq, saylovga kamida yetmish kun qolganda Markaziy saylov komissiyasi raisi, rais oʻrinbosari, kotib hamda komissiyaning oltidan sakkiztagacha aʼzolaridan iborat tarkibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi boʻyicha okrug saylov komissiyasi tuziladi. Biroq bu yerda oʻziga xos xususiyatlarni hisobga olish kerak: parlament saylovlari uchun bitta saylov okrugi tarkibida 70 — 120 saylov uchastka komissiyalari, Prezidentlik saylovlari paytida esa 1000 ga yaqin saylov uchastka komissiyalari tuziladi. Natijada Prezident saylovlari davomida saylov uchastka komissiyalari ­faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga samarali yordam berish vazifasi ancha qiyinlashadi. Shu bois ham ­Saylov kodeksida uchastka saylov komissiyasi aʼzolari soni koʻpaytirildi.

Uchinchi bosqich, shuningdek, avvalgi saylovlar davomida aniqlangan texnik va tashkiliy muammolarni bartaraf etadigan bir qator boshqa yangiliklarni ham nazarda tutadi. Umuman olganda, ular adolatli hamda chinakam demokratik saylovlarni oʻtkazishning ­umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillarini hisobga olgan holda saylov qonunchiligi va amaliyotini demokratlashtirishga xizmat qiladi.

Aholi elektoral madaniyatini yuksaltirish — shaffoflik va adolatlilik garovi

Oʻzbekistondagi demokratik oʻzgarishlar, shuningdek, fuqarolar va fuqarolik institutlarining siyosiy-huquqiy ongining tobora oʻsib borayotgani saylov tizimini yana-da takomillashtirishning asosidir.

Oʻzbekiston parlamenti Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qildi. Konvensiyaning 29-moddasiga binoan, ishtirokchi davlatlar nogironligi borlarning siyosiy huquqlari va ulardan boshqalar bilan teng ravishda foydalanish imkoniyatini kafolatlaydi, xususan, toʻgʻridan-toʻgʻri yoki erkin tanlangan vakillari orqali jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ­boshqalar bilan teng ravishda samarali ishtirok etish, jumladan, ovoz ­berish hamda saylanish huquqi hamda imkoniyatiga ega boʻlishini taʼminlaydi.

Saylov kodeksi nogironligi borlar tomonidan ovoz berish orqali mamlakatning ijtimoiy va siyosiy hayotida qatnashish huquqlarini amalga oshirishning barcha mexanizmini oʻzida mujassam etgan. Ovoz berish xonalari imkoniyati cheklangan odamlar uchun panduslar bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Saylov uchastkalarida texnik jihozlar — stollar, kabinalar hamda saylov qutilari — nogironligi borlar kolyaskasidagi saylovchilarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda oʻrnatilishi kerak.

2019-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga boʻlib oʻtgan saylovlar davomida saylov komissiyalariga 4 ming 158 nafar turli darajadagi nogironligi borlar jalb qilingan. 2021-yil may oyida Markaziy saylov komissiyasi va Nogironlar jamiyati, Koʻzi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati hamda Oʻzbekiston nogironlar uyushmasi oʻrtasida Hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Nogironligi bor saylovchilar uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsadida saylov komissiyalari tomonidan bir qator tashkiliy tadbirlar amalga oshirildi va tegishli zarur axborot materiallari tayyorlandi. Mamlakat Prezidenti lavozimiga roʻyxatdan oʻtgan nomzodlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar saylov uchastkalarining axborot taxtalarida joylashtiriladi.

Masalan, koʻzi ojiz saylovchi, shablonga boʻsh byulletenni qoʻygan holda, roʻyxatdan oʻtgan nomzodning ismini Brayl alifbosini qoʻllash orqali sezishi va tegishli uyaning maydoniga oʻzi istagan belgini qoʻyishi mumkin boʻladi. Eshitmaydigan hamda eshitish qobiliyati past boʻlgan saylovchilar uchun ovoz berish kunida arizalar boʻlsa, ovoz berish joylariga surdo tarjimonlar taklif qilinishi mumkin. Saylov­oldi televideniye dasturlari surdo ­tarjimonlar va subtitr bilan efirga uzatiladi hamda koʻzi ojizlar uchun materiallar Brayl alifbosidan foydalangan holda maxsus jurnallarda nashr etiladi.

Ushbu chora-tadbirlarning barchasi nogironligi borlar oʻz xohish-irodasini erkin ifoda qilishiga yordam beradi.

Saylovchilarning elektoral madaniyati va faolligini oshirish, saylov ­institutiga boʻlgan ishonchni kuchaytirish, davlat hokimiyatini shakllantirish va konstitutsiyaviy tamoyillarni yangi sharoitlarda amalga oshirishning yagona zamonaviy hamda demokratik mexanizmi ekaniga boʻlgan ishonchini mus­tahkamlashdir.

Saylovchilarning elektoral ­madaniyatini sifat jihatidan yuksaltirish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish zarur:

birinchi vazifa: tashkilotchilarning kasbiy mahoratini oshirish, shuningdek, saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining huquqiy maʼrifat tizimini mustahkamlash hamda takomillashtirish, bu ishlarga maqsadga muvofiq ravishda, ommaviylik va keng qamrovlilik xususiyatini berish;

ikkinchi vazifa: saylov jarayonining turli toifadagi ishtirokchilari, ayniqsa, yoshlarning umumiy huquqiy va elektoral madaniyatini oshirish;

uchinchi vazifa: ommaviy axborot vositalari bilan ishlashni takomillashtirish, ularning saylov jarayoni toʻgʻrisidagi bilimlarini oshirish, ularni saylovlarning barcha bosqichida ishonchli maʼlumotlarni tarqatish jarayoniga jalb qilish, shuningdek, jamiyatda media madaniyatini yuksaltirish;

toʻrtinchi vazifa: fuqarolik jamiyati institutlarini saylov jarayonining demokratiyaviyligi, qonuniyligi va adolatliligini taʼminlashga hamda ularni saylov jarayonining barcha ishtirokchilari, saylovchilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha davlat organlari faoliyatiga jalb qilish. Shu bilan birga, qonun lo­yihalarini ishlab chiqish hamda davlat ahamiyatiga ega boʻlgan qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik fikrini har tomonlama oʻrganish orqali aholining faolligiga va ularning davlat ahamiyatidagi qarorlarni qabul qilishga jalb etilishiga alohida eʼtibor qaratish lozim. (masalan regulation.gov.uz portali yoki “Mening fikrim” orqali);

beshinchi vazifa: yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-huquqiy taʼlim resurslarini shakllantirish va rivojlantirish.

Ushbu chora-tadbirlarning barchasi saylovchilarga oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etish kafolatlarini taʼminlash, vatanparvarlik va masʼuliyat tuygʻusini mustahkamlash, jamiyatdagi ­siyosiy barqarorlik hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga yordam beradi.

Shuni yodda tutish kerakki, saylov qonunchiligi va saylov tizimini rivojlantirish hamda takomillashtirish jarayoni hali toʻliq tugamagan. Zero, jahon amaliyoti shuni koʻrsatmoqdaki, deyarli har bir saylov kampaniyasi yangi muammolarni ochib koʻrsatmoqda. Biz taklif qilingan u yoki bu oʻzgarishlarni toʻplangan tajribadan foydalangan holda qanday qoʻllanilishini prognozlashtirish talab etiladigan rivojlanish bosqichida turibmiz.

Saylov tashkilotchilari qonunlarni yaxshi bilishi va ularga muvofiq ishlay olishlari kerak. Bunga, boshqa narsalar qatori, aholining saylov madaniyatini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston parlamenti tomonidan tayyorlangan Milliy harakat ­dasturi yordam berishi zarur. Muhimi — saylovlarni oʻtkazishda kasbiy mahoratning oʻsishiga intilish, qonunga uning mazmuni va mohiyatiga muvofiq xizmat qilish.

Umuman olganda, yangi Oʻzbekistonda saylov qonunchiligi va amaliyotini demokratlashtirishning uch bosqichi jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy hamda maʼnaviy yangilanishi va mamlakatni modernizatsiya qilishning keng koʻlamli hamda dinamik jarayonlari bilan birgalikda, quyidagilarga:

birinchidan, haqiqiy koʻp partiyaviylik tizimini yuqori darajada rivojlantirish hamda mustahkamlashga. Mamlakatda sogʻlom partiyalararo raqobat va barcha partiyalarga saylov kampaniyasini oʻtkazish uchun teng shart-sharoitlar yaratilgan hamda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun ajratilgan byudjet mablagʻlarini adolatli taqsimlash, ovoz berishning halol va qonuniy boʻlishini taʼminlash yuzasidan zarur choralar koʻrilgan. ­Boshqacha aytganda, navbatdagi ­Prezident saylovi koʻp partiyaviylik, nomzodlar raqobati, ochiqlik, fikr erkinligi va ­chinakam tanlov sharoitida oʻtkaziladi, deb taʼkidlash uchun barcha asoslar mavjud;

ikkinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari, volontyorlarning saylovlarda ishtirok etishdagi oʻrni va imkoniyatlarini kengaytirish, odamlarning fuqarolik masʼuliyati hamda siyosiy-ijtimoiy faollik darajasini oshirish bilan bir qatorda, fuqarolarning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalarini talabchanlik bilan baholashga;

uchinchidan, Oʻzbekistonda partiyalar va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, mahalliy hamda xorijiy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari uchun saylov kampaniyasi davomida oʻz huquq va majburiyatlarini amalga oshirishi uchun barcha zarur huquqiy sharoitlarni yaratishga;

toʻrtinchidan, saylov jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanishning kengayishiga va ularni huquqiy tartibga solishga olib keladi;

beshinchidan, koronavirus pan­demiyasi inson hayotining barcha jabhasiga oʻzgarishlar kiritdi. Bir qator mamlakatlarda saylovlar bekor qilindi yoki qoldirildi. Endi saylovlar yangi sharoitda boʻlib oʻtmoqda, birinchi marta odamlar saylov uchastkalariga antiseptik vositalardan foydalangan va qatʼiy ravishda niqob taqqan holda kelishi talab etilmoqda.

Pandemiya sharoitida saylov jarayonini tashkil etishda quyidagi jihatlarga eʼtibor qaratish lozim:

birinchisi, saylovlarni umumiy tashkil etishga qaratilgan. Bu binolar, kontaktsiz termometriya, odamlar oqimini tartibga solish, ijtimoiy masofa saqlash, niqob rejimiga rioya qilish, dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanish bilan bogʻliq chora-tadbirlar;

ikkinchisi, saylovchilarga qoʻyiladigan talablar, xususan, niqob taqishga, antiseptik vositalardan foydalanishga, masofani saqlash bilan bogʻliq, uchinchisi esa, saylov kuni doimiy ravishda saylov uchastkalarida boʻladigan saylov jarayonining ishtirokchilariga — saylov komissiyalari aʼzolari, kuzatuvchilar va ishonchli vakillarga tegishlidir.



Darhaqiqat, saylovlar davlat hokimiyatini shakllantirishning samarali mexanizmlariga aylanib, uning izchilligi va siyosiy barqarorligini taʼminlaydi.
Download 22.47 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling