Jamiyat hayoti va taraqqiyotining tabiiy va ijtimoiy omillari
Download 189.23 Kb. Pdf ko'rish
|
javohir6666-5517---10683-1-2-20201013
iq geogr 1mavzu, Оплата в бюджет 24-05-2021, 3-Amaliyot vazifa, Fotima DIK (1)
1
F.f.d., Baxti Ochilova. Jizzax davlat pedagogika instituti ORCID 0000-0002-6834-6898
Jamiyat va insonning hayoti va faoliyati tabiat qonunlariga bo‘ysunadi. Jamiyat qanchalik taraqqiy etmasin uning yashovchanligi tabiiy shart-sharoitlar bilan ham belgilanadi. Ma’lumki, tabiat jamiyatning vujudga kelishi va rivojlanishining tabiiy shart-sharoiti va moddiy zaminidir. Jamiyat tabiatning tarkibiy qismi bo‘lsa, inson uning evolyutsion taraqqiyotining cho‘qqisi. Tabiat – keng ma’noda butun borliq olam va uning xilma – xil shakllari; tor ma’noda kishilarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish manbai bo‘lgan atrof tabiiy muhit. Inson o‘zining hayoti davomida butun borliqdan emas, balki uni o‘rab turuvchi va uning ta’siri doirasida turgan tabiiy muhitdan foydalanish mumkin. Inson va jamiyat taraqqiyotida tabiiy omillar o‘ziga hos bazis vasifasini o‘taydi. Bu borada rus faylasufi V.P. Petrov “Insoniyat jamiyati taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlari va harakatlantiruvchi kuchlari” nomli asarida keltirib o‘tgan gipotezalarga murojaat qilamiz. “Inson, - deb yozadi V. P. Petrov, - tabiatning quyidan yuqoriga cheksiz rivojlanish jarayonida yuzaga kelgan ob’ektiv boshqaruv mahsulidir... Tabiat tomonidan qo‘l(panja)ni eslatuvchi organning yaratilishi insonning paydo bo‘lishiga olib keldi... Biroq panjanining paydo bo‘lishi primatning birdaniga insonlashishiga olib kelmadi... Sayyora tarixi hayvonlarning yashash tarzini o‘zgartirib yuborgan bir necha ekologik davrlar(muzlik davri)ni boshdan kechirgan. Bunday davrlar “uyg‘otish” rolini o‘ynagan. Bu davr primatlarning yashash muhiti bo‘lgan o‘rmonlarning yo‘qolishi va kamayishiga olib kelib, yanada qiyin sharoitlarni keltirib chiqargan... Bir qism primatlar yangi sharoitga ko‘nikishga erishgan. Bunda tekislikda yashash tarziga o‘tish tananing vertikal holatga o‘tishiga turtki bergan. ya’ni oyoqda yurishga moslashgan va bu o‘z navbatida qo‘l yordamida turli qurollarni ishlatish imkonini bergan. Mevalar kabi oziq-ovqatlarning kamayib ketishi hamaxo‘rlik hamda ov qilib ozuqa topishga majbur qilgan. Buning uchun o‘z navbatida qurollar kerak edi. Jamoada harakatni koordinatsiya qilishga bo‘lgan zaruriyat nutqning paydo bo‘lishiga olib keldi”1. Olimning gipotezasi primatlarning insonga aylanishida tabiiy omillarning asosiy kuch sifatida ko‘rsatishga asoslanadi. Insonning ijodiy imkoniyatlari, uning tabiati va o‘zgartirish qobiliyatlariga kelganda, ular chek-chegarasizdir. Moddiy ishlab chiqarish jarayonida odamlar o‘rtasida vujudga keladigan munosabatlarsiz ishlab chiqarishning o‘zi ham, inson hayoti moddiy sharoitlari ham bo‘lmaydi, demakki jamiyat ham bo‘lmaydi. Jamiyat bu odamlarning birgalikda harakati, o‘zaro ta’sirining mahsulidir, bu odamlarning ijtimoiy munosabatlaridagi insonning o‘zidir. Tabiat rivojining oliy bosqichi bo‘lmish jamiyat faqat tabiiy omil negizidagina yashaydi, rivojlana oladi va uning tabiiy omil bilan doimiy o‘zaro ta’sirida bo‘lish shartidir. Kelib chiqishi jihatdan tabiat bilan bog‘liq bo‘lgan jamiyat har holda tabiatning alohida qismi sifatida yashaydi va rivojlanadi. Inson o‘zining tabiatga ko‘rsatayotgan salbiy ta’sirining oqibatlarini sezgach va bilgach, tabiatdan oqilona, rejali, tejab-tergab foydalanish va uni muhofaza qilish zarurligi haqida o‘ylay boshladi. “Tabiatni muhofaza qilish” termini dastlab 1913 yil birinchi xalqaro tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha Shvetsariyada o‘tkazilgan s’ezddan so‘ng keng tarqaldi. Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish muammolari keskinlashib, o‘ta ziddiyatli tus olgan hozirgi davrda tabiat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni muvozanatga keltirish asosiy vazifalardan hisoblanadi.
1Петров В. П. Движущие силы и основные пути развитие человеческого общество. М., Геодезия. 2000, С. 12.
2
Tabiiy muhit holatining inson ta’sirida o‘zgarishi, jonli va jonsiz komponentlarga kuchli antropogen ta’sir ekologik muammolarni keltirib chiqaradi. Mahalliy, mintaqaviy va umumsayyoraviy ekologik muammolarni ajratish mumkin. Ayrim yirik shahar, sanoat markazlari, alohida tumanlarda mahalliy, Orolbo‘yi, CHernoblda mintaqaviy ekologik tang vaziyatlar vujudga kelgan. Ozon tuynuklari muammosi, kislotali yomg‘irlar, cho‘llanish, dunyo okeanining ifloslanishi va boshqalar umumsayyoraviy ekologik muammolar hisoblanadi. Yer yuzida ekologik inqiroz havfining real ekanligini ko‘rsatadi. Agar keyingi 30-40 yil ichida ekologik muammolarni hal qilish uchun barcha chora tadbirlar ko‘rilmasa ekologik inqiroz muqarrardir. Geografik muhit va uning jamiyatga ta’siri .Geografik muhit - tabiatning insoniyat jamiyati mavjud bo‘lgan, odamning butun hayoti va ishlab chiqarish faoliyati ro‘y beradigan qismi. Inson o‘ziga kerak bo‘lgan barcha narsa — suv, havo, oziq-ovqat, turar joy va boshqa qurilishlar uchun zarur bo‘lgan materiallar, butun sanoat uchun xom ashyolarni geografik muhitdan oladi. Jamiyat rivojlanib borgan sari geografik muhit doirasi o‘zgarib, kengayib boradi. Jamiyat taraqqiyotining dastlabki bosqichlarida kishilar asosan hayot uchun zarur tabiiy manbalar (yovvoyi o‘simlik mevalari va hayvonlar, unumdor tuproq)dan foydalangan. Keyinchalik ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojlanishi bilan tabiiy boyliklar (metall, yog‘och, issiqlik manbalari) mehnat vositalariga aylanib, ahamiyati orta boradi. Geografik muhit kishilarning madaniyati, ruhiy holati, turmushi, urf-odatlariga, kiyinishiga ham ta’sir ko‘rsatadi va bularning tarkib topishida katta ahamiyat kasb etadi. O‘z navbatida jamiyat ham geografik muhitga ta’sir ko‘rsatadi. Kishilarning tobora o‘sib boradigan ehtiyojlarini qondirish uchun tabiatning yangi hududlari va boshqa tabiiy boyliklari xo‘jalikka jalb qilinadi. Insonning ta’siri oqibatida geografik muhit ancha o‘zgaradi. Macalan, cho‘llarda vohalar vujudga keldi, dashtlar ekin dalalariga aylantirildi, bir necha o‘nlab suv omborlari qurildi, quritilgan botqoqliklar o‘rnida o‘tloklar paydo bo‘ldi. Bular mahalliy iqlimga ham ta’sir ko‘rsatadi. Geografik muhit, ya’ni iqlim, er rel’efi, suv va suv manbaalari, foydali qazilmalar, tuproq, o‘simlik va hayvonot olami kabi tabiiy muhitning qandayligi jamiyat hayoti va ijtimoiy taraqqiyotga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu negativ yoki pozitiv ma’no kasb etishi mumkin. Masalan geografik muhitning asosiy komponentlaridan biri bo‘lgan iqlimni olaylik. Undagi o‘zgarishlar jamiyat tarixida bir necha bor taraqqiyotga turtki beruvchi omil sifatida ham, ijtimoiy taraqqiyotni tormozlovchi kuch sifatida ham namoyon bo‘lgan. Insoniyat tarixida bir necha bor muzlik davri bo‘lgan va bu qulay iqlimiy sharoitda yashayotgan inson zotini uyg‘otuvchi kuch vazifasini bajargan. Odamlar bunday sharoitga moslashishlari uchun ularning biologik adaptatsiyalashuv imkoniyatlarining kamligi ularning boshqa bir noyob xususiyatini, ya’ni ongini takomillashishiga sabab bo‘lgan. Bu esa asta-sekinlik bilan ijtimoiylik kasb etib borgan. Geografik muhitning yana bir muhim komponenti hosildor erdir. Er agrar ho‘jalikning muhim resursi hisoblanadi. Birinchi yuzaga kelgan sivilizatsiyalar ho‘jaligi aynan tuproq unumdorligi bilan bog‘liq edi. Misr, Mesopotamiya, Xitoy, Hindiston kabi sivilizatsiyalar yuzaga kelgan hududlar unumdor tuproqqa boy bo‘lgan. Tabiiyki, bu dehqonchilikdan mo‘l-ko‘l hosil olish imkonini bergan, moddiy farovonlik va taraqqiyotga olib kelgan. Turli daryolar va dengizlarning mavjudligi qulay suv transportini yuzaga keltirib, savdo-sotiqning yuksalishida muhim omil bo‘lib hizmat qilgan. Hududining foydali qazilmalarga boyligi ham jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ta’sir etuvchi tabiiy omil hisoblanadi. Aynan birinchi bor metalga ishlov berish orqali mehnat qurollarining takomillashuvi ishlab chiqarishning rivojiga olib kelgan. Tabiiyki tamaddunlar ana shunday foydali qazilmalar mo‘l-ko‘l bo‘lgan hududlarda mavjud bo‘lgan. Demak geografik muhitning har bir komponenti ijtimoiy taraqqiyotning muhim tabiiy omillari bo‘lib hizmat qiladi. Geografik muhitdagi o‘zgarishlar har doim ham taraqqiyot omili bo‘lavermaydi. Buni ayniqsa hozirgi tabiat kataklizmlarining salbiy ijtimoiy oqibatlari misolida ko‘rib turibmiz. Insoniyat tarixida bunday jarayonlar ko‘p kuzatilgan. Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, Mayya sivilizatsiyasi va Rim imperiyasining inqirozga yuz tutishida muttasil davom etgan qurg‘oqchilik
3
ham o‘zining ta’sirini ko‘rsatgan. Dehqonchilikda hosildorlik pasayib, jamiyatning iqtisodiy asoslari emirilgan, natijada ijtimoiy farovonlik darajasi pasayib, turli ziddiyatlar, emirilishlarga sabab bo‘lgan. SHunga o‘xshash holatni Avstraliyada yashovchi qabilalar ham o‘z boshlaridan kechirganlar. Ovchilikni tirikchilik manbai qilib olgan aborigenlar hayvonlarni ovlash jarayonida o‘rmonlarga o‘t qo‘yish usulidan muntazam foydalanganlar. Natijada, qit’adagi o‘rmonlar keskin kamaygan, kuygan tuproq o‘z unumdorligini yo‘qotgan, natijada o‘simliklarning kamayishi yanada tezlashgan, bu esa hayvonot olamiga katta putur etkazgan. Aborigenlar esa og‘ir iqtisodiy inqirozni boshlaridan kechirgan, taraqqiyot imkoniyatidan mahrum bo‘lganlar. Hozirda Atlantika okeaninining g‘arbiy qirg‘oqlarida hamda Tinch okeani mintaqalarida sodir bo‘layotgan to‘fonlar, Amerikada tez-tez kuzatiladigan tornadolar, turli zilzilalar, suv toshqinlari, vulqon otilishlari, epidemiyalar etkazayotgan zarar tabiiy omillarning jamiyatga salbiy ta’sirini ifodalaydi. Demak har bir jamiyat hayoti va taraqqiyotida geografik omillarning ta’siri har doim sezilarli bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Ammo shuni alohida ta’kidlash kerakki, geografik muhitni taraqqiyotning birdan-bir asosiy omili, qulay geografik muhitga egalik qilishga intilishni tabiiy holat sifatida qarash geografik deterministik oqimlarni yuzaga keltirdi. Buning asosini esa geografik siyosat tashkil qiladi. Demografik jarayonlar, uning jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ta’siri. Jamiyat hayoti va taraqqiyotiga demografik jarayonlar ham muayyan tarzda o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Demografik jarayonlar deganda ijtimoiy-tarixiy shart-sharoitlarga bog‘liq tarzda yuzaga keladigan aholining tug‘ilish, vafot etishi, ko‘payishi yoki kamayishi, aholi joylashuvining zichlik darajasi, migratsiya, ayollar va erkaklar, turli yoshga mansub qatlamlar nisbati kabi jarayonlar tushuniladi. Har bir demografik jarayon ijtimoiy sharoitlarga bo‘ysunadi. Masalan tug‘ilishning vafot etishga nisbatan ortiq bo‘lishligi jamiyatning iqtisodiy salohiyati, tibbiyotning rivojlanganligi va aholining ijtimoiy himoyalanganligi kabi sharoitlarga bevosita bog‘liq. SHuningdek bu jarayonlar ijtimoiy shart-sharoitlar natijasida o‘zgarib tursada, ammo bu jarayonlar qayta jamiyat hayotiga ta’sir etish kuchiga ega. Demografik jarayonlar ijtimoiy taraqqiyotga negativ va pozitiv ta’sir etish xususiyatiga ega. Uning ijobiy omil sifatida namoyon bo‘lishini bir qator yo‘nalishlarda ko‘rib o‘tish mumkin:
aholining ko‘payishi ishchi kuchiga bo‘lgan talabning qondirilishiga olib keladi (bunda mehnatga yaroqli va jismonan sog‘lom aholining ortib borishi nazarda tutilmoqda); aholi orasida yoshlar qatlamining ko‘pligi jamiyatning o‘zgarishlarga moyilligini oshiradi. CHunki yoshlar o‘rta yoshlar va keksalarga nisbatan ijtimoiy faolroq bo‘lishadi. Bunda jamiyat konservativ harakterdan uzoqlashib, liberal o‘zgarishlarga ko‘proq moslashadi; migratsiya jarayonlari turli hududlardagi professional, iqtisodiy va boshqa “bo‘shliqlarni” to‘ldiradi. Ishchi kuchining barqaror taqsimlanishiga olib keladi; aholining zichlashuvi ijtimoiy munosabatlarni faollashuviga ta’sir ko‘rsatadi. SHaxarlashishni yuzaga keltirib, o‘z navbatida madaniyaning markazlashuvini belgilaydi. Ayni vaqtda ishlab chiqarish va bozor munosabatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayni vaqtda yuqoridagi kabi demografik jarayonlar ijtimoiy taraqqiyotga salbiy ta’sir etuvchi omil sifatida namoyon bo‘lishi ham mumkin. Masalan: aholining haddan tashqari ko‘payishi moddiy ne’matlar taqchilligini yuzaga keltiradi. Iqtisodiy taqsimotda jiddiy tafovutlarni yuzaga keltirib, iqtisodiy nochor qatlamning ortishiga olib keladi. Jamiyatda mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzumga nisbatan salbiy kayfiyatlar sonining oshib borishiga, turli tartibsizliklarga sabab bo‘ladi. Jamiyatda beqarorlik ehtimoli ortadi; tug‘ilishning kamligi ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunda jamiyatda keksalarning salmog‘i ortadi. Ularni boqish jamiyatga og‘ir yuk bo‘lib tushishi mumkin; o‘z navbatida jamiyatda yoshlar salmog‘ining ko‘pligi ham ijtimoiy beqarorlikka olib kelishi mumkin. Ularning liberal kayfiyatga moyilligi jiddiy inqilobiy o‘zgarishlarga olib kelishi 4
mumkin (Suriya, Misr, Liviyada sodir bo‘lgan inqilobiy jarayonlarda asosan yoshlar ishtirok etdi); kekin urbanizatsiya (shaxarlashish) jarayoni qishloqlarning bo‘shab qolishiga, agrar xo‘jalikning zavolga yuz tutishiga olib kelishi mumkin; migratsiya jarayonlarining kuchayishi natijasida madaniyatlar aralashuvi yuz beradi. Amerikalik siyosiy tahlilchi va publitsist P.Byukenen o‘zining “G‘arbning halokati” asarida buni shunday izohlaydi: “Tizginsiz immigratsiya havfli o‘simta kabi Amerika xalqini o‘z tarixiga, tiliga, madaniyatiga, urf-odatlariga ega bo‘lmagan tartibsiz olomonga aylantirib ... mamlakatni etnik guruhlarga bo‘lib yuborib, mamlakatni yo‘q qilish havfini yuzaga keltirmoqda”.2 Bu hususda yana bir taniqli siyosatshunos olim S.Xantington o‘zining “Biz kimmiz?” asarida yozishicha, Lotin Amerikasidan immigrantlarning doimiy oqib kelishi AQSHni ikki xalq, ikki madaniyat va ikki tilga ajratib tashlash havfini kuchaytirib yubordi3. Ko‘pincha demografik jarayonlar orasida ijtimoiy taraqqiyotga kuchli ta’sir etuvchi omil sifatida aholi soni o‘sishiga asosiy e’tibor beriladi. Aynan aholi soni ortishi bilan bog‘liq demografik omilning jamiyat hayotiga ta’sirini mutlaqlashtirgan oqimlardan biri demografik determinizmdir. Demografik determinizmni odatda XVIII asr oxiri va XIX asr boshida ijod qilgan ingliz iqtisodchisi T. Maltus bilan bog‘laydilar. Uning asosiy ijod mahsullaridan biri “Nufus qonuni borasidagi tajribalar” asarining yuzaga kelishi ko‘pchilik e’tiborini tortdi. Maltus shunday fikrni olg‘a surdi: “Agar aholining ko‘payishi hech qanday to‘siqqa uchramasa, u har 25 yilda ikki barobarga ko‘payadi va geometrik progressiya bo‘yicha o‘sadi... Mehnat qilish uchun qulay sharoitlar ostidagi mavjud vositalar hech qachon arifmetik progressiyadan ortiq o‘smaydi”. T. Maltus ijtimoiy taraqqiyotning asosiy omili sifatida aholi sonining ko‘payishini e’tirof etadi. Lekin, aholi sonining ko‘payishi taraqqiyotning doimiy omili bo‘lib qolmaydi. Aholi soni o‘sishining ma’lum darajasiga etish jamiyat taraqqiyoti uchun tormoz, keyinchalik esa havf-hatar tug‘diradi. T.Maltus ko‘p mamlakatlardagi qashshoqlikning o‘sishidan tashvishga tushib, bu muammoga nisbatan biror chora ko‘rilmasa, jamiyatda salbiy o‘zgarishlarga, epidemiyalar va shunga o‘xshash oqibatlar yuzaga kelishi mumkinligini ta’kidlaydi. U bunday vaziyatdan chiqish yo‘li sifatida tug‘ilishni nazorat qilish va erga ishlov berish vositalarini mukammallashtirish (hosildorlikni oshirish uchun) kabi choralar ko‘rish lozimligini aytib o‘tadi. Biroq, muhim ijtimoiy muammolarni ilgari surgan Maltus nomidan ilm-fandan yiroq bo‘lgan maqsadlardan foydalandilar. XIX asr oxiridan XX asrning birinchi yarmiga qadar hayotimizning barcha salbiy tomonlarini nufus bilan bog‘lab tushuntiruvchi neomaltuschilik qarashlari tarqaldi.
2 Бьюкенен П. Смерть Запада / Пер. с анг. М.: СПб., 2004. – С.14. 3Qarang: Huntington S. Who we are? The Challenges to America’s National identity. NewDelhi, 2004. Download 189.23 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling