Jek London. Meksikalik (hikoya) I hech kim uning o‘tmishini bilmas, Xunta* odamlari esa buni mutlaqo bilmasdilar. Bu bola ularning «kichkina siri»


Download 39.56 Kb.
Sana05.01.2022
Hajmi39.56 Kb.
#221922
Bog'liq
Meksikalik


Jek London. Meksikalik (hikoya)

I

Hech kim uning o‘tmishini bilmas, Xunta* odamlari esa buni mutlaqo bilmasdilar. Bu bola ularning «kichkina siri», «ulug‘ vatanparvar» edi, u ham yaqinlashib kelayotgan Meksika inqilobiga qo‘lidan kelgancha hissa qo‘shish uchun xuddi xuntachilar singari astoydil ishlardi. Buni ancha keyin e’tirof qildilar, chunki Xuntadagilar uni yoqtirmasdilar. U xuntachilarning tor va odam to‘la uyiga birinchi mapta kirib kelganda, uni Diasning* sotqin va maxfiy agentlaridan biri deb shubha qildilar.



Axir G‘o‘shma Shtatlarning turli joylaridagi grajdan va harbiy qamoqxonalarida qamalib yotgan o‘rtoqlar ozmidi! Ko‘pgina o‘rtoqlarning oyoq-qo‘llariga kishan urdilar, ularni hatto kishanlangan holda ham chegaradan olib o‘tishar va devor tagiga tizib, bir chekkadan otib tashlashardi.

Birinchi qarashda bola yomon taassurot qoldirdi. U rostdan ham yosh bola, endi o‘n sakkizga kirgan bo‘lib, jussasi yoshiga nisbatan kichikroq edi. U otim Felipe Rivera, inqilob foydasiga xizmat qilmoqchiman, dedi. Uning aytgani faqat shu bo‘ldi, boshqa bir og‘iz so‘z ham, izoh ham bermadi. U kutib turaverdi. Na lablarida tabassum, na qarashlarida biror ifoda bor edi. Qiziqqon, novchadan kelgan Paulino Veraning a’zoyi badani jimirlab, seskanib ketdi. Bu yigitcha unga allaqanday jirkanch, qo‘rqinchli, sirli ko‘rindi. Uning qora ko‘zlari juda sovuq boqar, nazari allaqanday zaharli edi. Bu ko‘zlarda poyonsiz g‘azab, cheksiz kek o‘ti yonib turardi. Yigitcha ko‘zlarini qo‘zg‘olon boshliqlaridan olib, mashinkada xunta qog‘ozlarini tiqirlatib yozib o‘tirgan jajjigina missis Setbiga qaradi. U xotinga bir qarab qo‘ydi, missis Setbi buni ko‘rib qoldi-yu, allanechuk bir holga tushib, ishlay olmay qoldi. Xotin ishini davom ettirish uchun yozayotgan xatni boshqadan o‘qib chiqishga majbur bo‘ldi.



Paulino Vera savol nazari bilan unga, keyin Arellano va Romosga qaradi, ular ham yigitchaga savol nazari bilan qarab oldilar-da, keyin bir-birlariga qaradilar. Bu oriqqina bola tushunib bo‘lmas bir muammo edi, muammo bo‘lganda ham juda chigal muammo edi. Mana shu oddiy, vijdonli inqilobchilar, g‘azabli, o‘tkir nafrati faqat Dias va uning istibdodiga qarshi qaratilgan, oddiy va sofdil vatanparvarlar tushunolmaydigan bir bola edi. Bu yerda qandaydir bir sir bor edi, lekin bu sir ularga qorong‘u qoldi. Pirovardida boshqalarga qaraganda serg‘ayrat va harakatchan bo‘lgan Vera jimlikni buzdi:

  • Juda soz, – dedi sovuqqina qilib u. – Inqilob uchun xizmat qilmoqchiman degin? Kamzulingni yech, mana bu yerga osib quy. Beri kel, ko‘rsataman. Chelak bilan latta qani? Bu yer iflos. Sen o‘z ishingni mana shu xonalarning polini yuvib tozalashdan boshlaysan. Tufdonlarni tozalash kerak, so‘ngra derazalarni yuvasan.

  • Inqilob uchunmi bu? – deb so‘radi bola.

  • Ha, inqilob uchun, – deb javob berdi Vera.

Rivera sovuq, shubhali nazar bilan o‘tirganlarning hammasini bir-bir ko‘zdan kechirdi-da, kamzulini yecha turib:

  • Yaxshi, – deb qo‘ydi.

Boshqa hech narsa demadi. Har kun ishga kelib, xonalarni supurdi, qirdi, yuvdi, tozaladi. U pechkadagi kullarni oldi, ko‘mir va tutantiriq keltirdi. Inqilobchilarning eng faollari kelib, o‘z joylariga o‘tirmasdan ancha ilgari pechka yoqib, uyni isitib qo‘yardi.

  • Men shu yerda yotib qolsam maylimi? – deb so‘radi bir kun y.

Ha-a! Shundaymi hali, mana bu Diasning qo‘li endi Xunta binosida tunab qolish, uning sirlari, odamlarning ro‘yxati, Meksika territoriyasida bo‘lgan o‘rtoqlarning manzilgohlarini bilib olish demakdir. Uning iltimosi rad qilindi; bu iltimosini ortiq takrorlamadi. Riveraning qayerda tunashini, ovqatni qayerdan topib yeyishini ular bilmas edilar. Bir kuni Arellano unga bir necha dollar berdi, Rivera bosh chayqab, pulni olmadi. Vera ol deb qistayvergach u:

Yana inqilob ko‘tarish uchun ko‘p pul kerak. Xunta hamma vaqt pulga muhtoj edi. Tashkilot a’zolari ko‘p vaqt och qolishar, lekin ish deganda o‘z kuchlarini ayamas edilar; eng uzun kunlar ham ular nazarida juda qisqa bo‘lib ko‘rinardi. Ba’zan inqilobning taqdiri bir necha dollarga qapab qolgandek tuyulardi. Bir kuni bino xo‘jayini, ijara puli ikki oydan beri to‘lanmadi, uyni bo‘shatasizlar, deb turib olgan edi, eski kiyimli xizmatkor Felipe Rivera oltmish dollar keltirib, Setbi stoliga qo‘ydi. Shundan keyin u tez-tez pul olib keladigan bo‘ldi. Mashinistkalar tomonidan tashkilotga yordam ko‘rsatish haqida yozilgan iltimosnomalar, gazetalarning yolg‘on va tuhmatlariga qarshi yozilgan norozilik xatlari, Qo‘shma Shtatlardagi sudlarning inqilobchilarga nisbatan qilgan qabih munosabatlariga qarshi yozilgan xitobnomalar marka bo‘lmagani sababli joy-joyiga yuborilmay yotardi. Veraning otasidan qolgan eski oltin soati sotilib ketdi. Mey Setbining o‘rta barmog‘idagi oltin uzugi ham g‘oyib bo‘lib qoldi. Ahvol og‘ir edi. Ramos bilan Arellano umidsizlanib, o‘zlarining o‘siq mo‘ylovlarini yulqar edilar. Xatlar jo‘natilishi kerak, pochta esa qarzga marka bermaydi. Shunda Rivera shlyapasini kiyib chiqib ketdi. Qaytib kelib, Mey Setbi stoliga mingta ikki sentli marka qo‘ydi.

  • Bu yana Diasning la’nati oltinlariga kelgan bo‘lmasin? – dedi Vera o‘rtoqlariga.

Ular qoshlarini chimirdilaru, javob bermadilar. Inqilob foydasiga xizmat qilayotgan Felipe Rivera zarur bo‘lib qolganda, Xunta ehtiyoji uchun oltin, kumush keltirib beraverdi.

Shunday bo‘lsa ham, ular Riverani yaxshi ko‘rmas edilar. Unga hech tushunib bo‘lmaydi, o‘zi ochilib gapirmaydi. Qiliqlari boshqalarnikiga o‘xshamaydi. U bilan yaxshiroq tanishib olish maqsadida berilgan savollar javobsiz qoladi. Undan hadeb so‘rayverishga esa botinolmaydilar.



  • Ehtimol, buyuk va yolg‘iz bir ruhdir… bilmayman, bilmayman, – deb Arellano qo‘llarini yozar edi.

  • Unda insonga xos hech narsa yo‘q, – deb qo‘ydi Ramos.

  • Vujudidagi barcha sezgi a’zolari o‘tmaslashgan, – dedi Mey Setbi. – Undagi ezgu hislar va kulgi xuddi kuydirib tashlangandek. U xuddi murdadek sovuq, shu bilan birga unda qandaydir mudhish hayot kuchi bor.

  • Rivera jahannam olovlaridan o‘tib kelgan, – dedi Paulina. – Hayotning achchiq-chuchugini totimagan, azob-uqubatli yo‘llarni bosib o‘tmagan odam bunday bo‘lmaydi. U hali yosh bola-ya tag‘in.

Shunga qaramay, ular Riverani hamon sevmas edilar. U hech gaplashmaydi, hech narsa so‘ramaydi, dilidagini ochib aytmaydi. Ular hayajon va baland ruh bilan inqilob haqida gapirganlarida, sovuq boqib turgan ko‘zlarini hisobga olmaganda, xuddi jonsiz buyumday qimir etmay tik turib qolardi. Bu ko‘zlar xuddi toblangan burovga o‘xshab sanchiladi va kishini dovdiratib, bezovta qiladi.

  • U josus emas, – dedi Vera Mey Setbiga, – u vatanparvar. Xo‘p deyavering, u bizdan ko‘ra o‘tkirroq vatanparvar. Men bunga ishonaman. Men buni o‘z ongim bilan o‘qib, yuragim bilan sezib turibman. Lekin men bu yigitga hech tushunolmay dog‘daman.

  • Uning xarakteri yomon, – dedi Mey Setbi.

  • Gapingiz to‘g‘ri, – dedi Vera, – u bugun menga bir qarash qildi deng. Bunday nazari og‘ir odamning qalbida sevgi hissi bo‘lmaydi. Bu ko‘zlar qo‘rqinchli, yo‘lbars ko‘zlari kabi dahshatli. Bordi-yu, men xoinlik qilgunday bo‘lsam, y meni albatta o‘ldiradi, men buni yaxshi bilaman. Unda shafqat degan narsadan asar yo‘q. U po‘lat kabi ayovsiz, muz kabi sovuq. U xuddi odam yolg‘iz o‘zi tog‘ cho‘qqisida qolib sovuqqa qotayotgan paytda, qish kechasini yoritib turgan oy shu’lasiga o‘xshaydi. Men Diasdan ham, uning barcha jallodlaridan ham qo‘rqmayman. Ammo bu boladan qo‘rqaman. Gapning to‘g‘risini aytayotirman. Undan qo‘rqaman. U xuddi o‘lim farishtasiga o‘xshaydi.

Shunga qaramay, Riveraga birinchi mas’uliyatli vazifa topshirishga boshqalarni Veraning o‘zi ko‘ndirdi.

Los-Anjelos bilan quyi Kaliforniya orasidagi aloqa uzilgan. O‘rtoqlardan uch kishi o‘zlari qazigan go‘r yoqasiga keltirilib, otib tashlangan edi. Boshqa ikkitasi Amerika Qo‘shma Shtatlarining asirlari sifatida Los-Anjelosda qamoqda yotishibdi. Federal qo‘shinlarining bosh qo‘mondoni Xuan Alvarado razil odam bo‘lib chiqdi. U inqilobchilarning barcha rejalarini barbod qildi. Ular quyi Kaliforniyadagi maslakdoshlari bilan ortiq xabarlasholmay qoldilar.



Yosh Rivera tegishli ko‘rsatmalarni olib, janubga jo‘nadi. U qaytib kelganda, aloqa o‘rnatildi, Xuan Alvarado esa o‘ldirilgan edi. Uni o‘z yotog‘ida ko‘kragiga to sopiga qadar xanjar tiqilgan holda topibdilar. Riveraga bunday vazifa topshirilgani yo‘q edi. Lekin Riveraning barcha harakatlari, har bir bosgan qadami Xunta a’zolariga aniq ma’lum edi. Ular Riveradan hech narsa so‘ramadilar. U ham hech narsa demadi. Ular bir-birlariga qarashdilaru, masalaga tushundilar.

  • Aytdim-ku sizga, – dedi Vera, – Dias hammamizdan ko‘ra mana shu yigitchadan hayiqishi kerak. U — shafqatsiz, jazo beruvchi qudratli kuch.

Riveraning Mey Setbi shubhalangan va keyinroq boshqalar ham sezgan yomon xarakteri endi amalda, ya’ni jismoniy dalillar bilan isbot qilina berdi. Yigitcha goh lablari yorilgan, peshonasi g‘yppa bo‘lgan, goh quloqlari, yuz-ko‘zlari shishgan holda kelar edi. Ma’lum bo‘lar ediki, u yeb-ichib va uxlab yurgan, pul topadigan va ularga noma’lum bo‘lgan yo‘llarda tentirab yuradigan o‘sha tashqi dunyoda mushtlashar, janjallashar edi. Asta-sekin u haftada bir marta chiqadigan inqilobiy varaqa bosishni, harf terishni o‘rganib oldi. Harf terishga holi-qudrati kelmaydigan vaqtlari ham bo‘lardi: ba’zan uning qo‘llari shishgan, katta barmoqlari yaralangan, uning o‘ng yoki chap qo‘li mayib bo‘lib shalvirab qolgan vaqtlar ham bo‘lardi. Bunday vaqtlarda uning yuzlari kuchli alam chekayotganligini ifoda qilib turar edi.

  • Daydi, – der edi Arellano.

  • Yomon joylarda sanqib yuradi, – der edi Ramos.

  • Ajab, pulni u qayoqdan oladi? – deb tushuna olmas edi Vera.

  • U xuddi shu bugun qog‘oz uchun hisob-kitob bo‘yicha bir yuz qirq dollar pul to‘labdi, men buni hozirgina bildim.

  • Bu uning yo‘q bo‘lib ketishi natijasi, – dedi Mey Setbi. – Bu haqda u hech narsa gapirmaydi.

  • Uning orqasidan poylash kerak, – deb taklif qildi Ramos.

  • Uning orqasidan josuslik qilishni men aslo istamas elim, – dedi Vera. – Shunday qilsam, meni tobutda yotganimda ko‘rmasangiz, bu dunyoda tirik ko‘rolmassiz deb o‘ylayman. Mening fikrimcha, uning noma’lum bo‘lgan sirli bir maqsadi bor. Bu sirni bilishga intilganlarni o‘ziga hech ham yaqinlashtirmaydi.

  • Uning qarshisida men o‘zimni kichkina boladek his qilaman, – deb bo‘yniga oldi Ramos.

  • Menimcha, bu bolada qandaydir ibtidoiy kuch bor. U hujumga otlangan yo‘lbars, ajdaho, zaharli mingoyoq! – dedi Arellano.

  • Unga qarab turib, yig‘lab yuboray deysan kishi, – dedi Mey Setbi, – uning oshna-og‘aynisi yo‘q. U hammani yomon ko‘radi. Istagi, maqsadiga sherik bo‘lganimiz uchun ham bizga yomon ko‘z bilan qaramaydi. U yolg‘iz, yoppa-yolg‘iz. – Xotinning o‘pkasi to‘lib, ovozi kesildi, nazari xiralashdi.

Riveraning vaqt o‘tkazishi haqiqatan ham sirli edi. Bir haftalab yo‘qolib ketgan vaqtlari ham bo‘lardi. Bir marta u butun bir oy yo‘qolib ketdi, lekin qaytib kelgandan keyin hech gap-so‘z qilmasdan, Mey Setbi stoliga albatta pul keltirib qo‘yardi. Undan keyin uzoq vaqt Xunta ixtiyorida qolardi. Yana bir necha vaqtdan keyin kun bo‘yi yo‘q bo‘lib ketar va Xunta idorasiga faqat erta azonda bir, kechqurun bir kelardi. Bir gal Arellano yarim kechada uning harf terib o‘tirganini ko‘rib qoldi. Uning barmoqlari shishgan, yorilib ketgan lablaridan qon sizib turardi.

II

Hal qiluvchi payt yaqinlashmoqda edi. Qanday bo‘lsa ham inqilob Xuntaga bog‘liq, Xunta esa mablag‘ jihatdan siqilib qolgan edi. Pulga bo‘lgan ehtiyoj boshqa vaqtdagiga qaraganda hozir kuchliroq, pul topish esa juda ham qiyin edi.



Vatanparvarlar o‘zlarining eng oxirgi tsentlarigacha qoqib berdilar, berishga endi hech narsa qolmadi. Meksikadan qochib kelgan ishchilar arzimagan oyliklarining yarmisini keltirib berib turdilar. Biroq yana pul, yana ham ko‘proq pul kerak edi. Ko‘p yillik og‘ir mehnat, yashirin tashkilotda ishlash endi o‘z mevasini berish oldida. Vaqt yetib keldi. Inqilobning taqdiri tarozi pallasiga qo‘yilgan. Yana bir turtki, yana bir qahramonona intilish bo‘lsa, tarozi pallasi g‘alaba tomonga bosib ketadi. Xunta o‘z Meksikasini biladi. Inqilob boshlanib ketsa, u o‘z-o‘zini ta’min qila oladi. Dias tomonidan qurilgan siyosiy mashina xuddi payraxadan yasalgan uydek parcha-parcha bo‘lib ketadi. Chegara qo‘zg‘olonga tayyor. «Jahon industrial ishchilari» tashkilotidan yuzlab ishchilar bir yanki boshchiligida Janubiy Kaliforniya uchun jang boshlashga tayyor holda chegarada buyruq kutib turibdi. Lekin qurolga muhtoj. Hamma qurolga muhtoj — sotsialistlar, anarxistlar, umidsizlangan kasaba soyuz a’zolari, Meksikadan quvg‘in qilinganlar, qullikdan qutilib qochgan batraklar, shiddat bilan olishuvni chin ko‘ngildan istagan Ker d’Alen va Kolorado kon ishchilari, nihoyat, baxt izlovchi o‘ta avantyuristlar, banditlar — g‘oyat murakkab dunyoning barcha xor-zorlari va murtadlari — hamma qurolga muhtoj. Xunta shularning hammasi bilan aloqa bog‘lab ish ko‘radi. Miltiq va o‘q-dori, o‘q-dori va miltiq, degan to‘xtovsiz va muttasil qichqiriq Atlantik okeani sohillaridan kelayotgan faryod ovozlari edi.

Qasos istagi bilan yonayotgan mana shu kuchlar chegaradan o‘tsa bormi — inqilob boshlangan hisob; bojxona, Meksika portlari qo‘lga olinadi. Qarshilik ko‘rsatishga Diasning qurbi yetmaydi. U o‘z armiyasining asosiy kuchlarini bularga qarshi qo‘yishga botinolmaydi. U janubni himoya qilishga majbur, lekin shunga qaramay, alanga janubga ham tarqaladi. Xalq qo‘zg‘olon ko‘taradi, shaharlar mudofaasi yorib o‘tiladi, shahar orqasidan shahar, shtat orqasidan shtat qo‘zg‘olonchilarning qo‘liga o‘tadi. Pirovardida inqilobning g‘olib armiyasi Diasning so‘nggi tayanchi bo‘lgan Meksika poytaxtini qurshab oladi.

Ammo pulni qayerdan olish kerak? Inqilob ixtiyorida kurashga intilayotgan va qurolni ishlata biladigan odamlar ko‘p. Xunta boshliqlari qurol sotadigan va uni yetkazib beradigan savdogarlarni biladi. Lekin inqilobga tayyorgarlik ko‘rish Xuntaning madorini quritib qo‘ydi. Eng oxirgi dollar sarflandi, eng oxirgi manba quridi, eng oxirgi vatanparvar ham qoqlandi. Buyuk inqilob ishi tarozi pallasida muallaq turibdi. Miltiq va o‘q-dori! Qashshoq batalonlar qurollanishi kerak, axir. Lekin qanday qilib? Ramos musodara qilingan o‘z boyliklarini o‘ylaydi, Arellano o‘z yoshligida boylikni o‘rinsiz sarf qilganidan xafa bo‘ladi. Mey Setbi esa, Xunta a’zolari boshda iqtisod qilish — tejashni o‘ylaganlarida, yaxshiroq bo‘lmasmi edi deb kuyinadi.


  • O‘ylab ko‘ring, Meksikaning ozodligi la’nati bir necha ming dollarga qarab qolsa-ya! – dedi Paulino Vera.

Ularning yuzlaridan, qarashlaridan umidsizlik ifodasini o‘qish mumkin edi. Ularning eng so‘nggi umidi Xose Amariloda. Bu odam yaqinda inqilob tomoniga o‘tib, pul berishga va’da qilgan edi. Amarilo o‘z uyi oldida qamoqqa olinib, o‘z uyi oldida otib tashlandi. Bu haqdagi xabar hozirgina kelib yetdi. Tiz cho‘kib pol yuvayotgan Rivera boshini ko‘tardi, uning shimarilgan qo‘llaridan kir suv tomchilari oqib turardi.

  • Besh ming bo‘lsa yetadimi? – deb so‘radi u.

Hamma taajjublanib, unga qaradi. Vera bosh irg‘itib, tasdiq ishorasini berdi. Uning nafasi tiqilar edi. Bir so‘z aytishga ham madori qolmagandi. Birdan unda umid uchquni paydo bo‘ldi.

  • Unday bo‘lsa, miltiqlarni buyurtiraveringlar, – dedi Rivera, umrida uzoq nutq so‘zlagani shu bo‘ldi. – Baqt tang, uch haftadan keyin men sizga besh mingni keltirib beraman: o‘shanda yaxshi bo‘ladi,ob-havo qulay bo‘ladi. Urush uchun qulayroq. Bundan ortiq men hech narsa qilolmayman.

Vera o‘zida uyg‘ongan umid uchqunini bosishga tirishdi. Bu umid haqiqatga zidday tuyuldi. U inqilobiy o‘yinni boshlagandan beri juda ko‘p orzu-umidlar kul bo‘lib, ko‘kka sovurilib ketdi. U mana shu inqilob uchun pol yuvayotgan va juldur kiyingan bolaga ishonar, shu bilan birga ishonishga qo‘rqap edi.

  • Jinni bo‘lib qolibsan! – dedi u.

  • Uch haftadan keyin, – dedi Rivera beparvo. – Miltiqlarni buyurtiravering.

U o‘rnidan turib, shimarilgan yenglarini tushirdi va kamzulini kiya turib:

  • Miltiq buyurtiravering, – deb takrorladi. – Men ketdim.

III

Bir qancha ur-sur, to‘polon, sanoqsiz telefon qoqish va so‘kishlardan keyin Kellining kontorasida tungi kengash bo‘lmoqda edi. Kellining ishi boshidan oshib yotibdi; buning ustiga ishi o‘ng kelmadi. Bundan uch hafta ilgari u Nyu-Yorkdan Denni Uordni chaqirib olgan, u bilan Villi Karti o‘rtasida boks matchi o‘tkazmoqchi edi. Lekin mana ikki kun bo‘ldi, Karti qo‘li sinib yotibdi. Buni gazetalardan maxfiy saqlamoqdalar, lekin uning o‘rnini bosadigan hech kim yo‘q. Keyli yengil vaznli barcha boksyorlarga telegrammalar yubordi. Lekin ularning hammasidan ham umid uzildi, qay birlari match bilan band, qay birlari esa shartnoma qilib qo‘yganlar.

Shunday bir paytda umid shu’lasi xira nur sochganday bo‘ldi.


  • Yuragingga balli, – dedi Kelli Riveraga qiya boqib.

Riveraning ko‘zlarida g‘azab va nafrat o‘ti yonib turar, lekin yuzi eskicha hech narsa ifoda qilmasdi.

  • Men Uordni yengaman. – Uning aytgan gapi shu bo‘ldi.

  • Sen qayoqdan bilasan buni? Uning boks tushganini biror marta ko‘rganmisan o‘zing?

Rivera javob bermadi.

  • U ko‘zini yumib turib, ag‘darib tashlaydi seni.

Rivera yelkasini qisib qo‘ydi.

  • Nima balo, tiling yo‘qmi? – deb ming‘illadi impressario.

  • Men uni yengaman.

  • Ilgari birorta kishi bilan olishganmisan? – deb so‘radi Maykl Kelli.

Maykl impressarioning akasi bo‘lib, Ielloustoundagi bir tatalizatorning xo‘jayini edi. O‘sha yerda u boks janglarini tashkil qilib, katta-katta pul ishlardi. Rivera unga javoban bir g‘azabli qarash qilib qo‘ydi.

Ko‘rinishda sportchiga o‘xshagan bir yigit — impressarioning sekretari «piq» etib kulib yubordi.



  • Xo‘p, Robertsni bilasanmi? – deb noxush jimlikni birinchi bo‘lib buzdi Kelli. – Men unga odam yubordim, kutib o‘tir. Lekin yengib chiqishingga hech ham ko‘zim yetmaydi. Men tomoshabinlarga masxarabozlik ko‘rsatmoqchi emasman. Birinchi qatordagi joylar o‘n besh dollardan sotilayotir axir.

Roberts shirakayf holda kirib keldi. U novchadan kelgan, oriq, qadamlarini sanab bosadigan, terib-terib gapiradigan bir odam edi.

Kelli to‘ppa-to‘g‘ri ishga kirishdi.



  • Quloq bering, Roberts, siz mana shu meksikalikni topdim deb maqtangan edingiz. O‘zingizga ma’lum, Karti mayib bo‘lib yotibdi. Endi mana shu meksikalik itvachcha Kartining o‘rniga men chiqaman deb bezbetlik qilayotir. Siz bunga nima deysiz?

  • Juda soz, Kelli, – deb javob berdi Roberts bitta-bitta qilib, – u Denni bilan bemalol olishadi.

  • Ehtimol, siz hali Dennini yengib chiqadi ham dersiz, – deb kesatdi Kelli.

Roberts bir oz o‘ylanib qoldi.

  • Yo‘q, men bunday demayman. Uord tajribali jangchi, mardi maydon yigit. Biroq u Riverani tezda yengolmaydi. Men bu meksikalikni bilaman. U asabsiz odam. Uning ikki qo‘li ham bab-baravar ishlaydi. U har qanday pozitsiyadan turib ham sizni ag‘darib tashlaydi.

  • Buning hammasi bekor gap. Biroq u tomoshabinlarning talabiga javob bera oladimi, masala shunda. Siz o‘z umringizda juda ko‘p boksyor tarbiyaladingiz. Sizning fikringiz men uchun juda qimmatli. Lekin o‘z pullari evaziga odamlar tomosha ko‘rishni istaydi. Tomoshabinlarga hech qanday zavq bera oladimi bu?

  • Albatta beradi. Bundan tashqari, ko‘rarsiz hali, u Dennini toza tinkasini quritadi. Bu yigitni bilmaysizlar, men bo‘lsam yaxshi bilaman. Uni kashf qilgan odam men bo‘laman. Uning zaif joyi yo‘q. U devdek olishadi. Mana ko‘rasiz. U bilan uchrashgandan keyin Uord hayron qoladi hali, hammangiz ham hayron qolasiz. Men Uordni albatta yengib chiqadi demayman, lekin bu bola o‘zini ko‘rsatadi. Bu bolaning dong‘i chiqadi hali.

  • Juda soz, – dedi Kelli va kotibiga qarab dedi. – Uordga telefon qiling. Men unga kerak bo‘lsangiz, chaqirib olarmiz degan edim. U uzoqda emas, Ielloustounda. Denni o‘sha yerda tomoshabinlar orasida oliftalik qilib, shuhrat orttirib yuribdi.

  • Ichasizmi? – deb murojaat qildi u Robertsga.

Roberts viskidan bir oz ichdi-da, so‘zlab ketdi:

  • Men bu bolani qanday topganligimni hikoya qilib bermadim shekilli? Bundan bir necha yil ilgari bu bola mashq zallarida paydo bo‘ldi. O‘sha vaqtlarda men Preyn Dileniga qarshi tayyorlash bilan mashg‘ul edim. Preyn yovuz odam, unda shafqat degan narsaning urug‘i ham yo‘q. U mashq paytida o‘ziga qarshi chiqqan odamni kaltaklab, sulaytirib tashlaydi. Men o‘z ixtiyori bilan unga qarshi chiqadigan odamni topolmadim. Ahvol og‘ir edi. Men odam qidirib, aylanib yurgan edim, ot ostida ivirsib yurgan mana shu meksikalik bolani ko‘rib qoldim. Darrov unga yopishdim, qo‘liga qo‘lqop kiydirib, ishga soldim. U xuddi iylangan teridek, lekin kuchi kamroq edi.

Boshda u hatto boksning nimaligidan mutlaqo bexabar edi. Preyn uni sulaytirib tashladi. Zo‘rg‘a oyoqda bosib tursa ham, ikki raundga chidab berdi. Keyin hushidan ketib qoldi. Uning shu qadar dabdalasi chiqqan ediki, shu holda ko‘rsa mehribon onasi ham taniyolmasdi. Keyin bilsam, u och ekan. Men unga yarim dollar pul berib, qornini tuydirdim. Voy-bu-uy, uning ovqat yeyishini ko‘rsangiz! Ikki kundan beri tuz totimagan ekan. Men endi bola bu yerlarga hech kelmas deya o‘ylagan edim. Yo‘q, qayda deysiz, ertasiga ertalab y yog‘ochdek qotgan, a’zoyi badani momataloq bo‘lib ketgan holda kirib keldi. U yana bir marta yarim dollar va yaxshi ovqat ishlashga qat’iy qaror qilgan ekan. Bora-bora u o‘zini ushlab oldi. U tug‘ma boksyor, g‘oyat shafqatsiz. Unda rahmdillik degan narsa yo‘q. U bir parcha muz. U bilan tanishganimdan beri o‘nta so‘zni birga qo‘shib aytganini eslay olmayman.

  • Men uni bilaman, – dedi kotib, – u sizga ko‘p pul ishlab berdi.

  • Mashhur boksyorlarning hammasi unda o‘z kuchini bir sinab ko‘rgan, – deb tasdiq qildi Roberts. – Bu bola ulardan ta’lim oldi. Ko‘pgina boksyorlarni urib tashlashi mumkin edi ham. Lekin bu yigit nima uchundir boksni yaxshi ko‘rmaydi. U bizning kasbimizni yomon ko‘radi deb o‘ylayman.

  • So‘nggi oylar ichida u ko‘pgina kichik klublarda olishib yurdi, – dedi Kelli.

  • To‘g‘ri, lekin bunga uni nima majbur qildi ekan, bilmadim. Yoki g‘ururi qo‘zg‘ab qoldimikan? Mana shu vaqt ichida u ko‘pgina boksyorlarni urib tashladi. Pulga muhtoj bo‘lsa kerak; anchagina pul ishlab oldi ham. Lekin uning ustidagi kiyimini ko‘rib, hech kim uni puldor odam demaydi. U g‘alati bola. Uning nima ish qilishini, qanday vaqt o‘tkazishini hech kim bilmaydi. Ish bilan band bo‘lganda ham, ish tugashi bilanoq darrov g‘oyib bo‘ladi. Onda-sonda haftalab yo‘q bo‘lib ketadi. U hech kimning maslahatiga quloq solmaydi. Uni kim yo‘lga sololsa, katta pul ishlaydi. Lekin u bunga hech e’tibor bermaydi. Hali qarab turing, shartnoma tuzganda, naqd pul ustida tortishadi.

Shu vaqt savlat va tantana bilan, quvnoqlik va xushchaqchaqlik bilan Denni Uord kirib keldi. Uning opqasidan menedjer va trener kirib kelishdi. Denni hamma bilan salomlashar, hazil-mutoyiba qilar, o‘tkir, qochiriq so‘zlar aytar, tabassumi esa barchaga baravar edi. Bu qiliqlar juda ham samimiy bo‘lmay, ko‘pi soxta edi. Uord usta aktyor, shuning uchun ham ochiq chehrali bo‘lish muvaffaqiyat qozonishning eng zarur usullaridan deb hisoblardi. To‘g‘risini aytganda, u ehtiyot bilan ish ko‘ruvchi boksyor va biznesmen edi. Qolganlarining hammasi niqob edi. Uni bilgan yoki u bilan pul munosabatida bo‘lgan kishilar ish hisob-kitobga kelganda, u juda xasis derdilar. Barcha ishlarda uning o‘zi shaxsan qatnashadi, uning menedjeri esa qo‘g‘irchoqdek gap deyishardi.

Riveraning fe’l-atvori butunlay boshqacha edi. Uning badanida hindu qoni oqardi. U burchakda qimirlamay jim o‘tirar, faqat qopa ko‘zlari bir kishining yuzidan ikkinchisiga o‘tib, hamma narsani ko‘rib turardi.



  • E-e, mana shu kishi ekan-da, – dedi Denni, raqibini boshdan-oyoq ko‘zdan kechirib. – Ahvolingiz qalay, yigitcha?

Riveraning ko‘zlari g‘azab bilan chaqnab ketdi. Dennining salomiga hatto javob ham bermadi. Gringolarning hammasini juda yomon ko‘rardi. Dennini esa o‘lguday yomon ko‘rib qoldi.

  • Ana xolos! – dedi Denni hazilomuz match boshlig‘iga qarab. – Meni, nima, soqov bilan olishadi deb o‘ylaganmidingiz? – deb kulgi to‘xtagandan keyin, u dushmanini yana chaqib olmoqchi bo‘ldi. – Nima balo, Los-Anjelos shunaqangi kambag‘al bo‘lib qolganmi? Qidirib topganlaring shumi hali? Buni qaysi bolalar bog‘chasidan topib keldinglar?

  • U yaxshi yigit. Denni, ishonaver menga!… – deb Roberts Riverani yoqlab chiqdi. – Sen o‘ylagancha, uni osonlik bilan yengish qiyin.

  • Bundan tashqari, biletlarning yarmisi sotilib bo‘ldi, – dedi yalinish ohangi bilan Kelli. – Endi nima ham qilasiz, shu yigit bilan olishasiz-da. Boshqa ilojimiz yo‘q, Denni. Topganimiz shu bo‘ldi.

Denni Riveraga yana bir masxarali qarash qildi-da, og‘ip tin oldi.

  • O‘ylashimcha, men u bilan uzoq olishib o‘tirmayman. Agar u biror ayyorlik ishlatib qo‘ymasa.

Roberts piq etib kulib yubordi.

  • Siz unga ehtiyot bo‘ling, – deb tanbeh berdi menedjer Denniga. – Noma’lum raqib biror hunar ko‘rsatib qo‘yishi mumkin.

  • Xayr, mayli, ehtiyot bo‘laman, – deb iljaydi Denni. – Men muhtaram tomoshabinlarni mamnun qilish uchun u bilan maynavozchilik qila turaman. O‘n besh raundga cho‘zsam bo‘ladimi? Keyin poq etib nokaut qilamiz, qalay bo‘ladi, Kelli?

  • Juda soz, – deb javob berdi Kelli. – Lekin tomoshabinlar buni sezmasligi shart.

  • Unday bo‘lsa, ishga o‘taylik, – dedi Denni va o‘zicha hisob qilib, bir oz o‘ylab qoldi. – O‘z-o‘zidan ma’lumki, Karti bilan qilgan shartnomamizda ko‘rsatilganidek, daromadning oltmish besh foizini men olaman. Lekin bo‘lishni boshqacha qilamiz. Sakson foizini men olsam bas. To‘g‘ri keladimi? – deb so‘radi u, menedjerdan.

U tasdiq ishorasini qildi.

  • Gapga tushundingmi? – deb so‘radi Kelli Riveraga murojaat qilib.

Rivera bosh chayqadi.

  • Mana shunday, quloq sol, – dedi Kelli. – Daromadning oltmish besh foizi ikkingizniki. Sen hali yangisan, seni hech kim bilmaydi. Sen bilan Denni bu pulni bo‘lib olasizlar. Sakson foizi unga, yigirma foizi senga. Shunday qilsak adolatli bo‘ladi, shunday emasmi, Roberts?

  • Juda yaxshi, Rivera, – deb uning fikriga qo‘shildi Roberts, – hali sening noming chiqmagan.

  • Daromadning oltmish besh foizi qancha bo‘ladi? – deb so‘radi Rivera.

  • Ehtimol besh ming, balki sakkiz ming ham bo‘lar. – Yoki shunga yaqin, – deb tushuntirdi Denni. – Senga taxminan bir ming yoki bir ming olti yuz tegadi. Menga o‘xshagan usta boksyordan yengilib, shuncha pul olsang, yomon emas, axir. Nima deysan?

Shunda Rivera hammani shoshirib qo‘ydi.

  • Yengib chiqqan hammasini oladi, – dedi Rivera qat’iy qilib.

Hamma bir zumga jim qoldi.

  • Bu axir muttahamlik-ku, – dedi menedjer sokinlikni buzib.

Denni bosh chayqadi.

  • Hammangiz bilasizki, men boksning piriman. Men sudyadan ham, bu yerdagilardan ham shubhalanayotganim yo‘q. Ba’zan uchrab qoladigan har xil shantaj va qo‘rqitishlar haqida gapirmayman. Birdan-bir aytadigan so‘zim shuki, bu shart meni qanoatlantirmaydi. Men kuchimga ishonganim holda jangga kiraman. Kim biladi, to‘satdan qo‘lim sinib qolar? Yoki birortasi meni zaharlab qo‘yar, unda nima bo‘ladi? Yutishmi yoki yutqizishmi — baribir, mening haqim sakson foiz. Meksikalik nima der ekan bunga?

Rivera bosh chayqadi. Denning jig‘ibiyroni chiqib, gapni boshqa tomondan oldi.

  • Xo‘p, meksikalik itvachcha! Sen hali qarab tur, tumshug‘ingni bir yerga ishqab qo‘yay.

Roberts ohista o‘rnidan turib, ikkisining orasiga tushdi.

  • Yenggan hammasini oladi, – deb takrorladi Rivera qovog‘ini solib.

  • Nega bunday deyapsan? – deb so‘radi Denni.

  • Men sizni yengaman.

Denni paltosini yechmoqchi bo‘ldi. Lekin menedjer bu harakat xo‘jako‘rsinga qilinayotganligini bilardi. Palto nima uchundir yechilavermadi va Denni lutf aylab, o‘zini tinchlantirishga ijozat berdi. Hamma uning tarafdori edi, lekin Rivera chetroqda turgan edi.

  • Menga qapa, ahmoq bola, – deb unga gap uqtirmoqchi bo‘ldi Kelli. – Sen kimsan o‘zing? Hech Kim! So‘nggi vaqtlarda nima ish qilib yurganingni bilamiz — mayda mahalliy boksyorlarni urib yurding. Lekin Denni mashhur boksyor. U bundan keyin chempionlikni olish uchun jang qiladi. Seni esa tomoshabin bilmaydi. Los-Anjelosdan tashqarida hech kim nomingni ham eshitmagan.

  • Eshitib qolar, – deb yelkasini qisdi Rivera. – Shu matchdan keyin eshitar.

  • Nahotki bir zumga bo‘lsa ham meni yengaman deb xayol qilsang? – deb baqirib yubordi Denni o‘zini tutolmay.

Rivera bosh irg‘ab, tasdiq ishorasini qildi.

  • Hay yigitcha, o‘ylab ko‘rsang-chi o‘zing, – deb uni ko‘ndirishga urinardi Kelli. – Dovrug‘ing ketishini bir o‘ylab ko‘rsang-chi!

  • Menga pul kerak, – deb javob berdi Rivera.

  • Meni ming yilda ham yengolmaysan, – dedi ishonch bilan Denni.

  • Unday bo‘lsa, nega tortishib o‘tiribsiz? – deb so‘radi Rivera. – Agap pul: «Mana, meni oling» deb turgan bo‘lsa, nega uni rad qilasiz?

  • Yaxshi, men roziman, – deb qoldi birdan qat’iy qilib Denni. – Men seni ringda o‘lgudek kaltaklayman, qarog‘im. Hazil qiladigan odamingii topibsan-ku rosa. Shartnomani yozing, Kelli. Yengib chiqqan, pulning hammasini oladi. Buni sport gazetalarida e’lon qiling. Shuningdek, bu yerda shaxsiy g‘arazgo‘ylik ham bor deb ayting. Men bu bolaning adabini berib qo‘yaman.

Kellining kotibi yoza boshlagan edi, Denni uni to‘xtatdi.

  • To‘xta! – deb y Riveraga o‘girildi. – Og‘irlikni qachon o‘lchaymiz?

  • Olishuvdan oldin, – deb javob berdi Rivera.

  • Hech-da, bezbet bola. Agar yengib chiqqan hammasini oladigan bo‘lsa, og‘irlikni ertalab soat o‘nda o‘lchaymiz.

  • Shunda yenggan hammasini oladimi? – deb so‘radi Rivera.

Denni bosh irg‘ab, tasdiq ishorasini berdi. Masala hal. U butun kuch-quvvatini yiqqan holda ringga chiqadi.

  • Og‘irlik shu yerda soat o‘nda o‘lchanadi, – deb shart qildi Rivera.

Kotibning qalami yana qog‘oz ustida yurib ketdi.

  • By besh qadoq oshiqcha og‘irlik demakdir, – deb norozilik bildirdi Roberts Riveraga qarab. – Bunda yutqizasan. Boy berdim deyaver. Denni hukizday baquvvat bo‘ladi. Jinni bo‘libsan. Bo‘lsa-bo‘lmasa u seni yengib chiqadi. Yutib chiqish uchun senda hech qanday umid yo‘q.

Javob berish o‘rniga Rivera unga sovuq va nafratli qarash qildi. Boshqalarga qaraganda durustroq deb bilgan mana shu gringodan ham u jirkanardi.

IV

Riveraning ringda paydo bo‘lishi nazar — e’tibordan deyarli chetda qoldi. Uni u yer-bu yerdan chapak bilan qapshi oldilar. Tomoshabinlar unga ishonmadilar. U buyuk Denni oldiga luqma qilish uchun tashlangan qo‘zichoq edi. Shuningdek, tomoshabinlarning hafsalasi pir bo‘lib qoldi. Ular Denni Uord bilan Billi Karti o‘rtasidagi ajoyib jangni kutgan edilar, endi bo‘lsa, mana shu ayanchli yosh bolaning olishuvini tomosha qilish bilan qanoatlanishlari kerak. Ular o‘zlarining noroziliklarini o‘ynagan garovlari bilan ham ifoda qildilar: Denniga birga qarshi ikki, hatto uch hissa pul qo‘ydilar. Garov o‘ynagan pulni qaysi tomonga qo‘ygan bo‘lsa, uning yuragi ham shy tomonda bo‘ladi.



Yosh meksikalik o‘z burchagida o‘tirib kutmoqda edi. Daqiqalar ohista o‘tmoqda. Denni kuttirib qo‘ydi. Bu eski quvlik, lekin bu usul yosh boksyorlarga so‘zsiz ta’sir ko‘rsatgan bo‘lardi. Tajribasiz yosh boksyorlar toqatsizlanib, borgan sari xavflari ortadi, papiros tutuniga ko‘milib beparvo o‘tirgan tomoshabinlarga qarshi yuzma-yuz turib, o‘zlaridagi ishonchni yo‘qotib qo‘yadilar. Lekin bu gal sinalgan quvlik o‘zini oqlay olmadi. Roberts haqli edi: Rivera qo‘pqish nima ekanligini bilmasdi. Shu yerdagilarning hammasidan ham ko‘proq o‘zini qo‘lga ola biladigan, asabiyroq va ta’sirchanroq bo‘lgan Rivera uchun qo‘rqish hissi yot edi. Ilgaridan tayyorlab qo‘yilgan mag‘lubiyat atmosferasi unga ta’sir ko‘rsatmadi. Uning sekundantlari yaramas kishilar, mana shu qonli o‘yinning iflos supurindilari bo‘lgan vijdonsiz giringolar edi. Ularning o‘zlari ham Riveraning yengilishiga ishonar edilar.

  • Ehtiyot bo‘l, – deb ogohlantirdi Riverani, uning bosh sekundanti Spayder Xagerti. – Olishuvni kuching boricha ko‘proqqa cho‘z. Kelli shunday deb buyurdi. Aks holda gazetalar bu olishuvni maynavozchilik deb butun Los-Anjelosga jar soladilar.

Bularning hammasi ruhni ko‘tarishga yordam bermasdi, albatta. Lekin Rivera hech narsaga e’tibor bermay o‘tiraverdi. U boksni juda yomon ko‘rardi. Bu la’nati gringolarning bema’ni o‘yini. Rivera bu o‘yinni ochdan o‘lmaslik uchun jang maydonchalarida nishon vazifasini ado etishdan boshladi. U xuddi boks uchun dunyoga kelganday, lekin uning uchun bu ahamiyatsiz bir narsa edi. Rivera Xuntaga kelmasdan burun pul uchun jang qilgan emas, keyin boks pul topishning oson yo‘li ekanligini angladi. O‘z istagiga qarshi jirkanch kasb bilan shug‘ullanuvchi odam faqat ugina emas, axir.

To‘g‘risi, Rivera bu masala ustida bosh qotirib o‘tirmadi. U mana shu jangda g‘olib chiqishi kerakligini yaxshi bilardi. Boshqa yo‘l yo‘q. Mana shu zalda liq to‘lib o‘tirganlar Riverani qanday qudratli kuch ishga solayotganini xayollariga ham keltirmaydilar. Denni Uord pul uchun olishadi, hayotda unga mamnunlik, osoyishtalik tug‘dirib beruvchi pul uchun boks tushadi. Rivera ham pul uchun olishayotir, ammo asl maqsad boshqa; bu maqsad uning butun vujudini qoplab olgan. U kurash maydonida o‘tirib, o‘z raqibini kutar ekan, uning katta ochilgan ko‘zlari oldidan ko‘z qamashtiruvchi va dahshatli manzaralar o‘ta boshladi.

U Rio-Blankodagi gidrostantsiya binosining oq devorlarini ko‘rdi. Ochlik va jahannam azobida yashayotgan olti ming ishchi va kuniga o‘n sent olib, kun bo‘yi ishlayotgan 7-8 yashar bolalarni, ranglari za’faron bo‘lgan tirik murdalarni — buyoqxonada ishlovchi ishchilarni ko‘z oldiga keltirdi. Uning otasi bu buyoqxonalarni «o‘lim kamerasi» deb atagani esida, chunki bu yerda bir yil ishlash o‘lim bilan baravar edi. U o‘zlarining kichkina hovlichalarini, doim uy ishlari bilan ivirsib, tirikchilik ketidan tinmay yugurib yuradigan onasini esladi. Onasi shu qadar band bo‘lishiga qaramay, o‘g‘lini erkalatib, suyishga vaqt topardi. Uning ko‘z oldida otasi gavdalanadi. Otasi chorpaxil, shopmo‘ylov, muloyim tabiatli bir kishi edi. U shu qadar oqko‘ngil, mehri daryo kabi shu qadar keng ediki, uning mehridan ona ham, hovlichaning bir burchida o‘ynab yurgan o‘g‘ilchasi ham bahramand bo‘lardilar. O‘sha zamonlarda uning oti Felipe Rivera bo‘lmay, Fernandes edi; u o‘z otasi va onasining familiyasida yurardi. Uning oti Xuan edi. Keyin o‘z otini ham, familiyasinn ham o‘zgartirdi. Fernandes degan familiya politsiya prefektlari va jandarmlar uchun nafratli nom edi.

Azamat gavdali, muloyim tabiatli Xuakin Fernandes! Riveraning fikru xayoli ko‘p vaqt otasi bilan band bo‘lar edi. U zamonlarda bola hech narsani tushunmasdi. Hozir esa u o‘zi bosib o‘tgan hayot yo‘liga qarab, hammasini tushunib olgan. Otasining kichik bir matbaada harf terayotganini yoki qo‘lyozmalar uyilib yotgan stol oldida shoshilib nimalarnidir yozayotganini ko‘z oldiga keltirdi. Tun qorong‘uligida ishchilarning xuddi yovuz kishilardek yashirincha kelganlari va uning otasi bilan uchrashib, uzoq vaqt suhbatlashib o‘tirganlari yana qaytib uning xayolidan o‘ta boshladi. Shunda u kichkina bola bo‘lib, o‘z burchagida uxlamay yotardi.

Uning qulog‘iga qayerdandir — uzoqlardan Xagertining ovozi eshitilganday bo‘ldi.


  • Zinhor darrov yerga yotib olmaysan. Yo‘riqnomada shunday. Pul oladigan bo‘lganingdan keyin, kaltagini ham yemog‘ing kerak.

O‘n daqiqa o‘tib ketdi, Rivera esa hamon o‘z burchagida o‘tirardi. Dennidan darak yo‘q. Nayrangbozlikni to oxirigacha olib borishga qapop bergan bo‘lsa kerak.

Riveraning ko‘z oldidan yangi manzaralar o‘ta boshladi. Ish tashlash yoki to‘g‘risi, lokaut natijasida, Rio-Blankodagi ishchilar Puebloda ish tashlagan birodarlariga yordam berganlari uchun hammalari ishsiz qolib, ko‘chaga haydalgan edilar. Och qoldilar, meva va o‘simlik tomirlarini axtarib toqqa chiqdilar, o‘simlik tomirlarini yeganlari uchun ichburug‘ kasaliga giriftor bo‘ldilar. Undan keyin dahshatli manzara: kompaniya do‘koni oldidagi maydon; minglab och qolgan ishchilar; general Rosalo Martines va Porfirio Diasning askarlari; o‘lim purkovchi miltiqlar. Otilayotgan miltiq ovozlari to ishchilar qilgan gunohlarini o‘z qonlari bilan yuvib, tozalanmaguncha to‘xtamaydigandek ko‘rinar edi. Aravalarga uyib ortilgan o‘liklar — ko‘rfazdagi akulalarga ovqat sifatida Vera Krusga jo‘natilmoqdalar. Hozir ham u mana shu dahshatli joylarda emaklab, o‘z ota-onasini axtarib yuribdi. Eng oxiri ularni qiyma-qiyma qilib tashlangan holda topib oldi. U ayniqsa onasini unutolmaydi. Onasining faqat yuzi ko‘rinadi, gavdasi esa boshqa gavdalar orasiga ko‘milgan. Porfirio Dias askarlarining miltiqlari yangidan otila boshladi, yangidan bola yerga yotib olib, xuddi ovchilar quvgan quyondek emaklab kochdi.

Dengiz shovqiniga o‘xshagan guvullagan ovoz Riveraning qulog‘iga kirdi. U Dennini ko‘rdi. Denni bir qancha trener va sekundantlar bilan birga kelmoqda edi. Tomoshabinlar qiy-chuv ko‘tarib, mashhur boksyorni olqishladilar. Denni arg‘amchi ostiga chaqqonlik bilan sho‘ng‘ib, maydonga chiqqanda, hatto Riveraning sekundantlari ham xursand bo‘lib ketdilar. Denni iljayar, iljayganda yuzining har bir chizig‘i, hatto ko‘zlari chetidagi ajinlari, ko‘z ichlarigacha tabassum sochar edi. Bunday boksyorni hech kim hech qayerda va hech qachon ko‘rgan emas. Uning yuzi yaxshi reklama xizmatini o‘tashi, sog‘lomlik, samimiyat va xushchaqchaqlik namunasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin edi. U hammani taniydi. U hazillashar, tabassum sochar va chegara qilib qo‘yilgan arg‘amchi ichida turib, tanishlari bilan salomlashardi. Orqaroqda o‘tirganlar, o‘z quvonchlarini izhor qilish imkoniyatini topolmay, «Allo, Denni», – deb qichqirar edilar. Umumiy xursandlik va olqishlar besh daqiqacha davom etdi.

Riveraga hech kim e’tibor bermadi. Tomoshabin-lar uchun u yo‘qdek gap edi. Spayder Xagerti Rivera oldiga keldi.



  • Qo‘rqma, – deb dalda berdi Spayder. – Yo‘riqnomani esda tut: birdan yotib olma. Agar yotib oladigan bo‘lsang, narigi yoqqa chiqqaningda o‘lguncha do‘pposlaymiz. Jang qilasan, vassalom!

Zalni qarsaklar bosib ketdi, Denni o‘z raqibi tomon kelmoqda edi. U engashdi, ikki qo‘li bilan Riveraning o‘ng qo‘lini ushlab, chin yurakdan mahkam siqqan bo‘ldi. Denni kulib turgan yuzini uning yuziga juda yaqin olib bordi. Tomoshabinlar Dennining mard boksyor ekanligiga qoyil qolib, unga tahsin o‘qidilar: u o‘z raqibi bilan xuddi o‘z ukasiday ko‘rishayotir. Dennining lablari qimirladi. Tomoshabinlar o‘zlari eshitmagan bu gapni issiq salomlashuv deb o‘yladilar. Shovqin yana kuchaydi. Denni aytgan so‘zlarni faqat Rivera eshitdi:

  • Hazir bo‘l, meksikalik itvachcha, – deb shivirladi Denni hamon yuzidan kulgi arimay. – Hozir butun tomirlaringni sug‘urib olaman!

Rivera qimir etmadi. O‘rnidan turmadi. Uning qapashida nafrat o‘ti yonardi.

  • Tur o‘rningdan, la’nati! – deb qichqirib yubordi kimdir orqadan.

O‘tirganlar uning beodobligini qoralab, hushtak chala boshladilar, lekin u hamon qimirlamay o‘tirar edi. Denni orqasiga qaytganda, yana uni qattiq chapaklar bilan tabrikladilar.

Denni yechingan edi hamki, «O-o-o, e-eh» degan quvonchli ovozlar yangradi. Dennining badani ixcham, sog‘lom va kuchdan darak berib turardi. Uning terisi xotinlarnikidek oppoq va silliq. Unda latofat, ixchamlik va zo‘r quvvat birlashgan edi. U ko‘pgina kurashlarda buni isbot qildi. Uning suratlari barcha sport jurnallarida bosilgan.

Spayder Xagerti Rivera ustiga yopilgan yaktakni olganda, zalda ingrash ovoziga o‘xshagan kuchli tovush ko‘tarildi. Meksikalikning badani bug‘doyrang bo‘lgani uchun u yana ham oriqroq bo‘lib ko‘rindi. Unda muskul bor, lekin Denniniki singari bo‘rtib chiqmagan. Tomoshabinlar Riveraning ko‘krak qafasi kengligini e’tibordan chetda qoldirgan edilar. Shuningdek, zalda o‘tirganlar uning chayirligini, muskul hujayralaridagi tez harakatni, badanini jangovar mexanizmga aylantirib yuborgan nerv tizimining pishiq ekanligini ham hisobga ola bilmagan edilar. Tomoshabinlar faqat jajji bir o‘smirning bug‘doyrang badanini, o‘n sakkiz yashar bolaning gavdasini ko‘rdilar, xolos. Denni esa butunlay boshqa gap. Denni yigirma to‘rt yoshli yigit. Uning badani haqiqiy erkak badani. Ular maydon o‘rtasiga chiqib, sudyaning so‘nggi yo‘riqnomasini eshitib turganlarida, ikkisi o‘rtasidagi farq ayniqsa ko‘zga tashlanib turdi. Rivera Robertsning sudyalar orasida o‘tirganini ko‘rdi. U odatdagidan ham mastroq, shunga ko‘ra uning gaplari ham dona-dona edi.


  • Qo‘rqma, Rivera, – deb cho‘zib gapirdi Roberts. – U seni o‘ldirib qo‘ymaydi, shuni esingda tut. U senga birdan tashlanadi, ammo qo‘rqma. O‘zingni himoya qil, keyin klinch usulini ishlat. U seni juda ham chalpak qilib tashlamaydi. Bu yerni mashq zali deb faraz qilaver.

Rivera uning so‘zlarini eshitmaslikka soldi.

  • O‘jar shayton! – deb shivirladi Roberts yonida o‘tirgan qo‘shnisining qulog‘iga. – U hamma vaqt shunday.

Riveraning qarashida odatdagi g‘azab-nafrat belgisi yo‘q edi. Qatorlashib turgan son-sanoqsiz miltiqlar ko‘ziga ko‘rinib, nazari xiralashdi. Eng oldingi qatorda o‘tirganlardan tortib, to orqa tomonda bir dollarlik o‘rinlarda o‘tirgan har bir tomoshabin unga miltiq bo‘lib ko‘rindi. U quyoshdan jizg‘anagi chiqqan unumsiz Meksika chegaralarini ko‘z oldiga keltirdi, bu chegara bo‘ylab miltiq topish umidida harakat qilayotgan yarim yalang‘och odamlar gavdalandi.

Rivera o‘rnidan turib, kutmoqda edi. Uning sekundantlari arg‘amchi ostidan o‘rmalab kirib, maydondan Rivera o‘tirgan brezent kursini olib chiqib ketdilar. Uning qarshisida Denni Uord qarab turardi.

Gong chalindi-da, boks boshlanib ketdi. Tomoshabinlar zavq bilan qichqirib yubordilar. Ular hech qachon boksning bunday boshlanganligini ko‘rmaganlar. Gazetalar haqli edilar. Bu kurashga shaxsiy g‘araz ham aralashgan. Denni o‘zi bilan raqib o‘rtasidagi oraliqning to‘rtdan uch qismini bir sakrashda bosib o‘tdi. Unda meksikalik yigitni tiriklayin yeb qo‘yish istagi borligi ochiq ko‘rinib turardi. Uning hujumi bir, ikki, o‘n musht tushirish bilan cheklanmadi! Bu hujum allaqanday quyun yoki girdobni eslatardi. Rivera ko‘zdan g‘oyib bo‘lib ketdi. Tushayotgan son-sanoqsiz musht zarbi ostida u bamisoli ko‘milib ketganday edi. O‘z hunarining ajoyib ustasi Denni unga hammayog‘idan va turli pozitsiyadan turib hujum qilaverdi. Rivera kaltak zarbidan arqon yoniga uloqtirib tashlandi. Sudya ularni ajratib qo‘ydi, shu ondayoq u yana arqon yoniga uloqtirildi.

Buni hech kim jang deb ayta olmas edi. Bu kaltaklash, do‘pposlash edi. Boks jangini tomosha qiluvchilardan boshqa hap qanday tomoshabin ham birinchi daqiqadayoq bunday manzarani ko‘rarkan entikib, nafasini ololmay qolar edi. Denni qo‘lidan nima kelishini ajoyib ustalik bilan ko‘rsatib berdi. Tomoshabinlarning jang nima bilan tugashiga bo‘lgan chuqur ishonchi, Denniga tarafdorlik hissi shu qadar kuchli ediki, ular meksikalikning hamon oyoqqa bosib turganligini e’tibordan chetda qoldirdilar. Tomoshabinlar Riverani esdan chiqarib qo‘ydilar. Ular Dennining mushti zarbi ostida qolgan Riverani deyarli ko‘rmasdilar. Bir-ikki daqiqa o‘tdi. So‘ng raqiblar bir nafasga ajralganlarida, hamma meksikalikni ko‘rdi. Uning lablari yorilgan, burnidan qon oqmoqda edi. U orqasini o‘girib klinch qilganida, arqonga urilish natijasida hosil bo‘lgan qonli chiziqlar ochiq ko‘zga tashlanib turardi. Lekin bir narsani tomoshabinlar sezmadilar: uning ko‘kragi nafas olishda tez-tez ko‘tarilmas, ko‘zlari esa eskicha o‘t bo‘lib yonib turibdi. Chempion unvonini olaman deb yurgan juda ko‘p boksyorlar uni mana shunday dahshatli hujumlarga bardosh berishga o‘rgatib qo‘yganlar. Avval u bir marta mushtlashgani uchun yarim dollar, haftasiga o‘n besh dollar olib, bunday qaqshatqich zarbalarga bardosh berishga o‘rgandi. Bu og‘ir maktab edi, lekin bu maktab unga katta, juda katta foyda berdi.

Keyin hayratda qolarli bir hodisa ro‘y berdi. Quyunga o‘xshagan musht zarblari birdan to‘xtadi. Ringda Riveraning yolg‘iz o‘zi turardi. Denni, bahaybat Denni chalqancha tushib yerda cho‘zilib yotardi. U gandiraklamadi, yerga sekin yiqilmadi, balki gumburlab tushdi. O‘ng musht bilan yondan turib tushirilgan qisqa zarb uni xuddi o‘lim kabi ag‘darib tashladi. Sudya Riverani bir qo‘li bilan itarib yubordi va yiqilgan gladiator ustida turib sekundlarni bitta-bitta sanay boshladi. Dennining hushi o‘ziga kela boshlaganda, uning badani dir-dir titradi. Tomoshabinlar odatda qoyil qilib tushirilgan musht natijasida raqib yerga ag‘darilsa, g‘olibni olqishlar bilan tabriklar edilar, lekin bu gal chapak chalinmadi. Hodisa bir zumda, qo‘qqisdan ro‘y berdi. Tomoshabinlar jiddiy vaziyatni saqlab, soniyalarning sanalishiga quloq solar edilar. Mana shu sokinlikda Robertsning:


  • Uning ikki qo‘li ham baravar ishlaydi deb aytmaganmidim, – degan mag‘rur ovozi eshitildi.

Beshinchi sekundda Denni mukka tushdi; sudya yetti deganda, u bir tizzasi bilan turib dam ola boshladi, to‘qqizga borganda u turishga tayyor edi. Agar uning tizzasi «to‘qqiz» deganda yerdan uzilmagan bo‘lsa, u yengilgan va chippakka chiqqan hisoblanadi. Uning tizzasi yerdan ko‘tarilib kelayotganda «o‘n» deyilsa, u turgan hisoblanadi. Mana shu paytda Rivera uni yana ag‘darib tashlashga haqqi bor. Lekin Rivera tavakkal bilan ish ko‘rishni istamadi. Dennining tizzasi ko‘tarilib kelayotganda, meksikalik uni yana boplamoqchi bo‘ldi. U Dennining atrofida aylanib yurdi, u bilan birga sudya ham aylanib, raqiblarning o‘rtasida turib oldi. Rivera sekundlarning juda sekin, cho‘zib sanalayotganini aniq eshitdi. Gringolarning hammasi, hatto sudya ham unga qarshi edi.

«To‘qqiz» deyilganda sudya Riverani itarib tashladi. Bu qoidaga xilof edi. Sudyaning bu harakati Dennining turib olishiga imkon berdi. Uning lablarida yana tabassum paydo bo‘ldi. Denni ikki bukilib, qo‘llari bilan yuzi va qornini himoya qilib, Riveraning pinjiga tiqilib oldi. Qoidaga muvofiq sudya uni darrov to‘xtatishi kerak edi, lekin undoq bo‘lib chiqmadi. Denni Riveraga yopishib oldi. U sekund sayin o‘z kuchini qaytarmoqda edi. Raundning so‘nggi daqiqalari tugab bormoqda. Agar Denni raundning oxirigacha turib berolsa, bir daqiqali tanaffusda o‘ziga kelib oladi. U o‘z ahvolining naqadar ayanchli bo‘lishiga qaramay, raund oxirigacha chidab berdi, shu bilan birga iljayishni ham tark qilmadi.



  • Hali ham kuladi-ya! – deya qichqirdi kimdir, orqadan. Tomoshabinlar yengil tortib kulib yubordilar.

  • Bu meksikalikning zarbi yomon ekan! – deb shivirladi Denni o‘z treneriga. Sekundantlar zo‘r berib uni yelpir edilar.

Ikkinchi va uchinchi raund uncha qiziq bo‘lmadi. Boks jangining tajribali ustasi ayyor Denni manevr qilar, birinchi davrada yegan zarbdan tugal o‘ziga kelish uchun intilib, hiyla ishlatar edi. To‘rtinchi raundda u tugal o‘ziga keldi. Qattiq zarb yeb har jihatdan ham ezilishiga qaramay, sog‘lom badandagi kuch-quvvat tufayli kuchini yig‘ib oldi. Lekin ilgarigidek yovuz taktikasini ishlatmay qo‘ydi. Meksikalik himoya qilishning ajoyib san’atiga ega ekan. Endi Denni o‘zining boy tajribasini ishga soldi. Zo‘r usta, chaqqon va ishchan jangchi raqibga hal qiluvchi zarba berishga qurbi yetmay, asta-sekin uning quvvatini yemirish payiga tushdi. Riveraning har bir zarbiga u uch zarb bilan javob berar, lekin bu zarblar raqibni chipakka chiqaruvchi kuchli zarb bo‘lmay, o‘ch olish uchun tushirilayotgan mushtlar edi. Xavf tushirilayotgan zarblarning miqdorida edi. Endi Denni, yonidan turib ikki qo‘li bilan baravariga qisqa zarb tushirishda ajoyib qobiliyatga ega bo‘lgan mana shu bolaga qarshi juda ehtiyotkorlik bilan ish ko‘ra boshladi.

Mudofaada Rivera raqibini esankiratib, chap qo‘l bilan qayta zarb berish usulini qo‘lladi. Dennining burni va labi uchun xavfli bo‘lgan bu usulni Rivera qayta-qayta takrorladi. Lekin Denni turli-tuman usul ishlatishga usta edi. Mana shuning uchun ham uni chempion bo‘ladi deb aytar edilar. U jang qilayotib, usuldan ikkinchisiga o‘taverar edi. Endi u dushman bilan yaqin turib olishuvga qaror berdi. Ayniqsa, mana shu uslubni qo‘llashda u juda usta bo‘lib, bu uslub Riveraning qaqshatqich zarbasidan qochishga yordam berdi. U bir necha marta quyidan jaqqa zarb tushirish usulini qo‘llab meksikalikni osmonga ko‘tarib yerga ag‘dardi, mana shunday paytlarda tomoshabinlar zavqlanib, qattiq qarsaklar bilan Dennini tabrikladilar. Rivera bir tizzasida turib, sudyaning sanog‘ini tinglab, dam olardi. Unga kelganda sudya sekundlarni juda tez sanashini yaxshi bilar edi.

Ettinchi raundda Denni mana shu dahshatli usulini yana takrorladi. Lekin Rivera gandiraklab ketdi, xolos; shu ondayoq Denni raqibning o‘ziga kelishiga imkon bermay, qaqshatqich zarb bilan uni arg‘amchidan chetga urib tashladi. Rivera pastda o‘tirgan reportyorlar ustiga chalpak bo‘lib tushdi, ular esa o‘z qatorida uni doiraning chetiga uloqtirdilar. Sudya sekundlarni sanaguncha, Rivera shu yerda dam olib turdi. U endi engashib arqonning ostidan o‘tishi kerak, doira ichida esa uni Denni kutib turibdi. Lekin sudya aralashmadi, Dennini orqasiga itarib tashlamadi. Tomoshabinlar zavqdan terisiga sig‘mas edi.


  • Ur uni, Denni, ur! – deb birdan baqirib yubordi kimdir.

Yuzlab ovozlar, xuddi bo‘ri galasidek, bu qichqiriqqa ergashdi.

Denni qo‘lidan kelgan butun choralarni ko‘rdi, lekin Rivera «to‘qqiz»ni kutib o‘tirmay, «sakkiz»dayoq lip etib arqon ostidan o‘tdi-da, Dennini quchoqlab oldi. Sudya yana ishga kirishdi va Dennining zarb berishiga qulay bo‘lsin uchun uni ajratib oldi. Sudya Denni tomonini olgani uchun unga barcha imkoniyatlarni tug‘dirib berishga intilardi.

Rivera ilgarigidek xotirjam edi. Uning ko‘z oldidagi tuman tarqalib ketdi. Bu yaramas gringolarning hammasi vijdonsiz. Tanish xayoliy manzaralar yana uning ko‘z oldidan o‘ta boshladi; sahrodagi temir yo‘l relslari; jandarmlar va Amerika polismenlari; qamoqxonalar va kartserlar; vodokachka oldidagi daydilar — hammasi Rio-Blanko va ish tashlashdan keyingi dahshatli va iflos epizodlar uning ko‘z oldidan bir-bir o‘tdi. Uning ko‘ziga nur berayotgan va vatan bo‘ylab tantana bilan quloch otayotgan qizil inqilob ko‘rindi. Miltiqlar! Mana, uning oldida son-sanoqsiz miltiqlar yotibdi! O‘tirgan la’natilarning har biri bir miltiq. U miltiq uchun og‘ir jangga kiradi. Uning o‘zi miltiq! Uning o‘zi inqilob! U Butun Meksika uchun kurashmoqda!

Riveraning xatti-harakati tomoshabinlarning jig‘iga tega boshladi. Nima uchun u yengilib qo‘ya qolmaydi? Baribir yengiladi-ku, lekin nega bunchalik o‘jarlik qilyapti? O‘tirganlarning juda oz qismi Rivera tomonida. Ular Denni yengib chiqishiga shubha qilmasalar ham, Riveraning tomonini olib garov o‘ynadilar. To‘qqizga qarshi to‘rt, uchga qarshi bir. Ularning ko‘pchiligi Rivera necha davragacha bardosh bera oladi deb garov qo‘yganlar. U oltinchi yoki yettinchi raundgacha bardosh berolmaydi deb garovga katta-katta pul qo‘ydilar. Endi bu garovni yutib olganlar, o‘zlarining qaltis o‘yinlari muvaffaqiyat bilan tugallangach, xursandlikdan Dennini olqishlar edilar.

Rivera yengilishni istamas edi. Sakkizinchi davrada uning raqibi apperkot usulini yana takrorlayman deb ko‘p harakat qildi. To‘qqizinchi davrada Rivera tomoshabinlarni yana dovdiratib qo‘ydi. Klinch paytida u yengil, ixcham harakat qilib Dennidan ajraldi-da, o‘ng qo‘li bilan qaqshatqich zarba berdi. Denni yerga yumalab tushdi. Tomoshabinlar aqldan ozayozdilar. Denni o‘z quroli bilan o‘zi jazolangan edi. Uning mashhur «pastdan o‘ng tomonga» zarba berish usuli o‘ziga qarshi ishlatildi. U «to‘qqiz» deganda o‘rnidan turib kelayotgan edi, Rivera unga zarb tushirishga qasd qilmadi. Denni ko‘tarilarkan, sudya ochiqdan-ochiq o‘rtada g‘ov bo‘lib turib oldi. Lekin Rivera yiqilganda, u aralashmay chetda turgan edi.

To‘qqizinchi raundda Rivera ikki marta apperkot usulini, ya’ni Dennining jag‘iga pastdan zarb berish usulini qo‘lladi. Dennining esi og‘ib qolayozdi. Hamon uning yuzidan tabassum arimas edi. U yana o‘zining dahshatli hujumini boshladi. Lekin quyun kabi qilingan bu hujumlar Riverani safdan chiqarolmadi. Rivera bo‘lsa ana shu qizg‘in olishuv va chir aylanish paytida Dennini birin-ketin uch marta yerga ag‘dardi. Denni endi ilgarigidek tez o‘ziga kelolmay qoldi. O‘n birinchi raundga kelib uning ahvoli ancha jiddiylashdi. Lekin to o‘n to‘rtinchi raundgacha u o‘z texnikasini juda ustalik bilan ishlatib bordi va o‘z kuchini avaylab sarflashga harakat qildi. Bundan tashqari u shunday razil usullarni ishga soldiki, bunday usullar faqat tajribali boksyorlargagina ma’lum edi. U barcha hiyla-nayranglarini to oxirigacha ishlatdi: goh raqibning boshiga tirsagini botirar, nafas olishini qiyinlashtirish uchun uning og‘zini bekitar; klinch usulini qo‘llaganda, tilinib ketgan, lekin tabassum sochib turgan lablarini qimirlatib, yomon so‘zlar bilan Riverani haqorat qilar edi. Hamma, sudyadan tortib tomoshabinlargacha Denni tomonida; Dennining maqsadini yaxshi bilganlari holda, unga yordam berardilar.

Bunday kutilmagan raqibga ychpagan Denni endi o‘zining butun kuchini eng so‘nggi, hal qiluvchi zarba berishga safarbar qildi. U yon berar, chang solar va o‘z raqibiga qat’iy zarba berish uchun payt poylar edi. Shu bilan u taqdir g‘ildiragini burib yubormoqchi edi. Bir vaqtlar undan ham mashhurroq bo‘lgan bir boksyor ishlatgan usulni qo‘llab, ham o‘ngdan, ham chapdan — miya bilan quyi jaqqa bir vaqtda zarba tushirishi kerak edi. Denni mana shu usulni ishlatishi mumkin, chunki u hali oyoqqa bosib turibdi, qo‘llarida hali kuch bor.

Riveraning sekundantlari parvoyipalak raundlar oralig‘ida o‘tirar edilar. Ular sochiqni xo‘jako‘rsinga yelpitib-elpitib qo‘yar va zo‘rg‘a nafas olayotgan Riveraning o‘pkasiga ko‘proq havo kirishiga yordam bepmacdilar. Spayder Xagerti unga maslahat berishni qo‘ymas, Rivera esa bu maslahatlarning bir pulga qimmat ekanligini bilib, unga quloq solmasdi. Hamma unga qarshi. U xoinlar orasiga tushib qolgan. O‘n to‘rtinchi raundda u Dennini yana ag‘darib tashladi va sekundlarni sanab bo‘lgunlaricha qo‘llarini ikki yoniga kuchsiz ravishda osiltirib dam olib turdi. Qarshi tomonda u shubhali shivir-shivir qilayotganlarini sezib qoldi. Maykl Kelli Robertsning yoniga kelib, uning qulog‘iga bir narsalar deb pichirlayotganini ko‘rdi. Riveraning eshitish qobiliyati xuddi yovvoyi mushuknikidek o‘tkir edi. Gapning bir uchi uning qulog‘iga chalindi. U ko‘proq eshitib olishni istardi. Denni o‘rnidan turganda, olishuv arqonga yaqin, chetroqda bo‘lsin uchun raqibini o‘sha tomonga qarab sudradi. U Mayklning:



  • Yengishi kerak, – degan ovozini eshitib qoldi. Roberts bosh irg‘ab tasdiq ishorasini berdi. – Denni yengib chiqishi kerak, aks holda men xonavayron bo‘laman… Men bunga butun boyligimni tikkanman. Agar meksikalik o‘n beshinchi raundgacha turib bersa, mening uyim kuydi, xarob bo‘ldim deyavering. Bola sizga quloq soladi. Qanday bo‘lmasin, bir aralashib ko‘ring. – Bundan keyin Riveraning miyasini xayoliy fikrlar chulg‘amadi. Uni tiriklayin so‘ymoqchilar. U yana bir marta Dennini yerga ag‘darib, qo‘llarini ikki yoniga tashlagan holda dam olarkan, Roberts o‘rnidan turdi.

  • Tamom, – dedi Roberts, – o‘z joyingga bor.

U Riveraga mashq maydonidagi singari ohang bilan so‘z qotdi. Lekin Rivera Dennining o‘rnidan turishini kutarkan, nafrat bilan Robertsga qarab qo‘ydi. Undan keyin bir daqiqalik tanaffus vaqtida Rivera o‘z o‘rniga kelib o‘tirdi. Shu payt Kelli Riveraning oldiga kelib, so‘zlay ketdi:

  • Hazilingni tashla, ahmoq bola! – deb shivirladi u. – Yengilib qo‘ya qol, Rivera. Mening so‘zimga kir, men seni boy qilib yuboraman. Kelasi uchrashuvda Dennini yengishga imkon tug‘dirib beraman. Bugun sen yengilishing kerak.

Riveraning ko‘zlari gapga quloq solganini bildirsa-da, «ha» ham demadi, «yo‘q» ham.

  • Nega javob bermaysan? – dedi jahli chiqib Kelli.

  • Baribir sen yutqizasan, – deb qo‘shib qo‘ydi Spayder Xagerti. – Denni g‘alabani sening qo‘lingga berib qo‘ymaydi. Kelliga quloq ber, yiqilib qo‘ya qol.

  • Yiqilib qo‘ya qol, yigitcha, – deb qistar edi Kelli. – Men senga chempion bo‘lishga yordam beraman.

Rivera javob bermadi.

  • Xudo haqqi, o‘z so‘zimda turaman! Hozir esa sen menga yordam ber.

Zang chalinishi Rivera qulog‘iga mash’um bir sadodek eshitildi. Tomoshabinlar hech narsani sezmas edilar. Xavf nimadan iborat ekanini Riveraning o‘zi ham bilmasdi, bu xavf mana shu zalning o‘zida ekanligini bilardi. Lekin bu xavf yaqinlashib kelayotganini ochiq sezdi. Dennining ilgarigi ishonchi qaytib kelgandek bo‘lib ko‘rindi. Riverani qo‘rqitib yuborgan narsa shu bo‘ldi. Unga qarshi qandaydir hiyla ishlatmoqchilar.

Denni unga tashlandi, lekin Rivera chaqqonlik bilan chap berdi. Uning raqibi klinch usulini qo‘llamoqchi. O‘ylab qo‘yilgan hiylani ishlatish uchun bu usul nima uchundir kerak. Rivera chekinar, chaqqonlik bilan chap berar, lekin hozirmi, keyinroqmi, raqibning klinchidan ham, hiylasidan ham qutula olmasligini bilardi. U mana shu hiylani tezroq ishlatishga Dennini majbur qilmoqchi bo‘ldi. Denni unga tashlangan edi, Rivera olishmoqchiday bo‘lib turdi, lekin eng so‘nggi daqiqada, ularning badanlari bir-birlariga tegay deganda, Rivera juda chaqqonlik bilan tisarildi; shu ondayoq Denni tarafdorlari: «Noto‘g‘ri» deb qichqirib yuborishdi. Rivera ularni ahmoq qildi. Sudya ikkilanib to‘xtadi. Uning aytmoqchi bo‘lgan so‘zlari og‘zida qoldi, chunki bir bolaning: «G‘irromlik bo‘lmasin!» degan hayqirig‘i jarangladi.

Denni eshitiladigan qilib Riverani so‘kdi-da, unga qarshi hujumga otildi. Rivera tisarila boshladi. U o‘zicha, endi yon tomonga zarb urmaslik kerak deb o‘ylab qo‘ydi. To‘g‘ri, bu bilan g‘alabaning yarmisi boy beriladi. Lekin g‘alaba qozonish uchun raqibdan ajralib zarb berish kerakligini Rivera bilar edi. Baribir, sal narsaga ular Riverani g‘irromlikda ayblayveradilar. Denni endi har qanday ehtiyotni ham bir tomonga yig‘ishtirib qo‘ydi. U bilan yaqin turib olishuvdan qochayotgan mana shu bolani ikki raundgacha toza kaltakladi.

Rivera halokatli klinchdan qochib, zarb ustiga zarb yer edi. Dennining bu kaltaklashidan zavqlangan tomoshabinlar o‘rinlaridan turib ketdilar. Hamma aqldan ozdi deb o‘ylash mumkin edi. Hech kim hech narsani tushunmasdi. Ular faqat bir narsani — Dennilari yengayotganligini ko‘rardilar, xolos.



  • Jangdan qochma, – deb Riveraga quturib gapira boshladilar. – Qo‘pqoq itvachcha! Ur uni, Denni. Tushir tumshug‘iga! Oshig‘ing olchi, Denni!

Tomoshabinlar zalida birgina Rivera beparvo. U o‘z majozi, tabiati bilan shu o‘tirgan odamlarning ichida eng tez qizib ketadigan, eng ehtirosli kishi edi, lekin u shunday jahon olovlaridan o‘tib kelganki, o‘n minglab odam bo‘g‘zidan otilib chiqayotgan g‘azabli ovozlar dengiz to‘lqinlari singari ko‘tarilib kelayotgan bo‘lsa ham, u o‘zini yoz oqshomlarida esgan salqin shabadada turgandek yengil his qilar edi.

O‘n yettinchi raundda Denni o‘z o‘yinini ishlatdi. Rivera musht zarbidan bukulib qoldi. Uning qo‘llari susayib, osilib tushdi. Denni hal qiluvchi payt keldi deb o‘yladi. Bola endi uning ixtiyorida. Lekin Rivera bu bilan raqibning sezgirligini bo‘shashtirdi va boplab turib uning jag‘iga qaqshatqich zarba tushirdi. Denni ag‘darilib tushdi. Rivera bu zarbni uch marta qaytardi. Har qanday sudya ham bu zarbalarni noto‘g‘ri deb ayta olmas edi.



  • Voy, Bill, Bill! – deb zorlandi Kelli, sudyaga murojaat qilib.

  • Mening qo‘limdan nima kelardi? – deb javob berdi u. – Bahona qilishga hech qanday sabab yo‘q.

Denni toza kaltak yedi. Lekin har gal ham dadil o‘rnidan turardi. Kelli va maydonga yaqin o‘tirgan boshqa odamlar bu do‘pposlashni to‘xtatmoq uchun politsiyani chaqira boshladilar. Ammo Dennining sekundantlari hali ham sochiqlarini yelkalariga tashlab turar edilar. Rivera, semiz bir polismen, arg‘amchi ostidan engashib o‘tishga hozir turganini ko‘rib qoldi. Bu nima gap o‘zi? Bu gringolar qanday ayyorliklarni ishlatmaydilar! O‘rnidan turgan Denni xuddi mast kishiday chayqalib, ayanchli bir vaziyatda turardi. Sudya bilan polismen baravariga Riveraning oldiga yugurib keldilar, ammo shu onda u oxirgi zarbani tushirgan edi. Endi kurashni to‘xtatib o‘tirishning hojati yo‘q edi, chunki Denni ortiq o‘rnidan turmadi.

  • Sana! – deb bo‘g‘iq tovush bilan qichqirdi Rivera.

Sanoq tamom bo‘lganda, sekundantlar Dennini ko‘tarib, o‘z burchagiga olib ketdilar.

  • Kim g‘olib? – deb so‘radi Rivera.

Sudya istar-istamas uning qo‘lqop kiygan qo‘lini ushlab, yuqori ko‘tardi.

Riverani hech kim tabriklamadi. U yolg‘iz o‘zi o‘z burchagiga bordi. Haligacha uning sekundantlari hatto stul ham qo‘ymagan edilar. U arqonga suyanib, nafrat bilan sekundantlariga qaradi, keyin nazarini uzoqlarga, mana shu o‘n minglab gringoni qamrab olguncha uzoqlarga qaray berdi. Uning tizzalari qaltirar, o‘zi esa holsizlikdan o‘pkasi to‘lib, azob chekar edi. Uning ko‘z oldida jirkanch basharalar suzar va tebranar edi. Birdan Rivera bularning hammasi miltiq ekanligini esladi. Bu miltiqlarning hammasi uniki. Inqilob davom etadi.

* Xunta — Ispaniya va Lotin Amerikasida ijtimoiy-siyosiy tashkilotning nomi.

* Dias, Porfirio (1830—1915). Meksikaning reaktsion hukmdori. Xalq ommasining inqilobiy harakati natijasida 1911 yilda Dias diktaturasi ag‘darildi.

Rus tilidan F. Abdullayev tarjimasi



Boshqa kitoblarni ushbu manzildan yuklab oling:

Elektron kutubxona
Download 39.56 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling