Jinoyat huquqi kafedrasi mavzu


II- BOB. DASTLABKI TERGOVDAGI PROTSESSUAL HUJJATLARNI TUZISHNING UMUMIY QOIDALARI


Download 0.56 Mb.
bet2/4
Sana06.04.2020
Hajmi0.56 Mb.
1   2   3   4

II- BOB. DASTLABKI TERGOVDAGI PROTSESSUAL HUJJATLARNI TUZISHNING UMUMIY QOIDALARI.

2.1. Dastlabki tergovdagi qarorlarni tuzishning umumiy qoidalari

Qarorprotsessual hujjat bo’lib, unda tergovchi dastlabki tergov davomida u yoki bu harakat sodir etilganligini bayon qiladi va asoslab beradi.22 Qaror – bu dastlabki tergovni amalga oshirish va uni tamolash jarayonida eng muhim masalalar yuzasidan tergovchining xulosasi, to’xtami23. Qaror – surishtiruv organi yoki tergovchi tergov jarayonida chiqargan qarorini taklif etadigan va asoslab beradigan protsessual hujjat24. Qaror – bu tergovchi tomonidan jinoyat ishini tergov qilish davomida qabul qilinadigan protsessual hujjatdir25.

Vakolatli shaxs tomonidan qabul qilingan qaror(xulosa)ni o’zida aks ettiruvchi hujjat dastlabki tergov bosqichida qaror shakliga ega bo’ladi. Nazariyada u surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida ish bo’yicha surishtiruvchi, tergovchi va prokuror zarur deb hisoblab, bir to’xtamga kelgan va chiqargan protsessual hujjat deb ta`riflanadi26.

Qaror har doim majburiy xarakterga ega bo’ladi, qonun uni majburiy bajarilishini kafolatlaydi. JPKning 36-moddasi 4-qismida tergovchining o’z ish yurituvidagi jinoyat ishi yuzasidan qonunga muvofiq chiqargan qarori barcha tashkilot, muassasa, mansabdor shaxs va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir deyilgan.

YUqorida bayon etilgan fikrlardan kelib chiqqan holda dastlabki tergovdagi qaror deganda, dastlabki tergovni amalga oshiradigan hamda uni protsessual nazorat qiladigan vakolatli mansabdor shaxslarning u yoki bu protsessual masala yuzasidan o’zining ichki ishonchi mezonida qabul qiladigan qarorida asoslanadigan va qayd etiladigan ijro etilishi majburiy xarakaterga ega bo’lgan hujjatni tushunishimiz lozim.

Barcha qarorlar ham yozma shaklda bo’lavermaydi. YUzlashtirish, ko’rsatuv­larni xodisa sodir bo’lgan joyda tekshirish, tanib olish uchun ko’rsatish, ko’zdan kechirish harakatlarini o’tkazish to’g’risidagi qarorlar yozma shaklda bo’lmaydi.

Dastlabki tergovda qabul qilinadigan qarorlarni quyidagicha guruhlash mumkin:

  1. Jinoyat ishini yuritish bilan bog’liq qarorlar (masalan, dastlabki tergovni to’xtatish to’g’risida, dastlabki tergovni qayta tiklash to’g’risida, jinoyat ishini ajratish to’g’risida, jinoyat ishlarini birlashtirish to’g’risidagi qarorlar);

  2. Dalillarni to’plashga qaratilgan protsessual harakatlarni o’tkazish to’g’risidagi xulosa va to’xtamlarni ifodalovchi qarorlar (masalan, olib qo’yish yoki tintuv o’tkazish to’g’risidagi, guvohlantirishni o’tkazish to’g’risidagi, eksperiment o’tkazish to’g’risidagi, ekspertiza tayinlash to’g’risidagi qarorlar);

  3. Protsess ishtirokchilarining protsessual maqomini belgilovchi qarorlar (masalan, jabrlanuvchi deb e`tirof etish to’g’risida, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish to’g’risidagi, fuqaroviy davogar, fuqaroviy javobgar sifatida jalb qilish to’g’risidagi qarorlar);

  4. Ehtiyot chorasini qo’llash, bekor qilish yoki o’zgartirish to’g’risidagi qarorlar (masalan, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo’llash to’g’risida iltimosnoma qo’zg’atish haqidagi, ehtiyot chorasi sifati garovni qo’llash haqidagi qarorlar);

  5. Boshqa protsessual majburlov choralarini qo’llash, bekor qilish va o’zgartirish to’g’risidagi qarorlar (majburiy keltirish, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish haqidagi qarorni bekor qilish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to’g’risidagi qarorlar);

  6. Dastlabki tergov tugaganligini ifodalovchi qarorlar yoki alohida faktga ko’ra biror-bir shaxsga nisbatan qilingan qarorlar (masalan, jinoyat ishini tugatish to’g’risidagi, jinoyat ishini tibbiy yo’sindagi majburlov choralarini qo’llash yoki taraflarning yarashuvi uchun sudga yuborish to’g’risidagi qarorlar);

  7. Protsess ishtirokchilarining iltimoslari yuzasidan qabul qilinadigan qarorlar (masalan, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining bildirgan iltimosini rad etish to’g’risida qarorlar, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosnomasi bo’yicha yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakillaridan birining advokat bilan bir qatorda himoyachi sifatida ishtirok etishi to’g’risidagi qaror).

Jinoyat ishi tergovi davomida 100ga yaqin protsessual qarorlar qabul qilinadi. Qonunchilik talablariga ko’ra qarorlarining aksariyati yozma shaklda ifodalanishi lozim. JPKda qarorlarning tuzilishi, mazmuni, unga qo’yiladigan talablar to’g’risida maxsus normalar mavjud. Masalan, jinoyat ishini qo’zg’atish (JPK 331-modda 2-qismi), guvohlantirishni o’tkazish (144-modda), ekspertiza tayinlash (JPK 180-modda 1-qismi), shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish (266-modda), jinoyat ishida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish (360 va 361-modda), jinoyat ishini tugatish (374-modda) to’g’risidagi qarorlar. SHu bilan birga JPKda nomlanishi va yozma shaklda tuzilishi belgilangan, ammo tuzilishi va mazmuni ko’rsatilmagan qarorlar ham uchraydi. Masalan, murdani eksgumatsiya qilish, eksperiment o’tkazish, narsani ashyoviy dalil deb e`tirof etish va uni jinoyat ishiga qo’shib qo’yish, ushlab turilgan shaxsni ozod qilish, harbiy qism, qo’shilma, harbiy muassasa, harbiy o’quv yurti qo’mondonligining kuzatuviga berish, fuqaroviy da`vogar deb e`tirof etish, ishni qo’zg’atishni rad qilish, ariza yoki xabarni tergovga tegishliligiga qarab yuborish haqidagi qarorlar.

Odatda qaror uch qismdan: kirish, tavsif va qaror qismlaridan iborat bo’ladi27.

Qarorning kirish qismi qaror qanday xodisaga yoki qaysi shaxsga oid ekanligini aniq belgilab beruvchi o’ziga xos yorliq vazifasini bajaradi. Kirish qismidagi qarorning nomlanishini to’g’ri ifodalash ham muhim ahamiyat kasb etadi. Qarorning kirish qismida qarorning nomlanishi, qaror chiqarilgan joy va vaqt, kim tomonidan tuzilganligi va qaysi jinoyat ishi yuzasidan tuzilganligi ko’rsatiladi.

Kirish qismining mazmuni tergovchidagi mavjud ma`lumotlarning hajmiga bog’liq. Kirish qismi qisqa va aniq ifodalanishi, ya`ni zarur ma`lumotlardan iborat bo’lishi lozim.

Qarorning tavsif qismi markaziy o’rinni egallaydi. Qarorning ushbu qismini tuzish o’ziga xos bir san`at. Unda faqat yuridik ahamiyatga ega faktlar ifodalanishi, ya`ni ishning haqiqiy holatlari, qanday xulosa va to’xtamga kelinganligi, qanday asoslarga ko’ra shu qaror qabul qilinganligi, shuningdek jinoyat-protsessual kodeksining shu qarorni qabul qilishga asos bo’lgan moddasi ko’rsatilishi kerak.

Huquqni qo’llash amaliyotida qarorning tavsif qismi vakolatli shaxs qaror qabul qilishda asoslangan qonunchilik (JPK, JK) normalariga havola keltirish bilan yakunlanadi. SHuni nazarda tutish kerakki, qarorga nisbatan qo’yiladigan qonuniylik talabi JPK va JKning nafaqat moddasini, balki moddaning aniq qismi, bandini ko’rsatish lozimligini nazarda tutadi. Bu holat qarorning huquqiy savodliligini, saviyasini ham ta`minlashga xizmat qiladi.

Qarorning uchinchi qaror qismi kirish va tavsif qismlarining mazmunidan kelib chiqadigan xulosadan, ya`ni qabul qilinadigan qarordan iborat bo’ladi. Ushbu qismda qo’shimcha qarorlar ham o’z ifodasini topishi mumkin. Masalan, olib qo’yish to’g’risidagi qarorda uning nusxasi nazoratni amalga oshiruvchi prokurorga yuborilishi ham ko’rsatilishi lozim.

Qarorda barcha masalalar ketma-ket ifodalanishi, ya`ni har bir yangi gap avvalgisi bilan mantiqiy bog’liq holda bo’lishi lozim. Qarama qarshi fikrlar bo’lmasligi, matn aniq va keraksiz takrorlanishlarsiz bayon etilishi lozim.

YUqorida aytib o’tilgandek qonunchilikda ayrim qarorlarni tuzishga oid maxsus normalar, shu bilan birga ba`zi qarorlarning faqat qabul qili­nishiga oid normalar mavjud. Ushbu holat JPKga dastlabki tergovdagi qa­rorlarning tuzilishi va mazmuniga nisbatan asosiy talablar mustahkam­langan maxsus normalarni kiritish zarurligini ko’rsatadi.

2.2 Dastlabki tergov bayonnomalarining protsessual-huquqiy tabiati, ularni tuzishning umumiy qoidalari.

Dastlabki tergov bayonnomalari to’g’risidagi masalaning ham nazariy va ham amaliy ahamiyatidan kelib chiqilgan holda mazkur bayonnomalarning mazmun-mohiyatini, ularning protsessual-huquqiy tabiatini o’rganishga jinoyat-protsessual huquqida etarlicha e`tibor berilmagan. Bizning nazarimizda bayonnomalar dalillarning eng tez rivojlanayotgan turlaridan biri va mazkur bayonnomalarni puxta o’rganish zarur.

Tergov harakatlari bayonnomalari ishning holatlari to’la o’rganil­ganligining asosiy guvohi (shohidi) xisoblanadi. Aynan bayonnomalar, qarorlar va boshqa protsessual hujjatlar jinoyat ishi tergovining oynasi bo’lib xisoblanadi.

Barcha yuridik ahamiyatga ega holatlar va faktlarni bayonnomada aniq ifodalanishi surishtiruvchi, tergovchi, prokurorlarning nufuzini oshiradi, ularga bo’lgan ishonchni mustahkamlaydi, bayonnomaga parallel holda ovozni yozib borilishi esa protsess ishtirokchilarini tartib intizomga soladi.

Dalilning bir turi ekanligiga asoslangan holda tergovchi harakatlari bayonnomalariga alohida urg’u berishadi va hatto bayonnomani tergov harakati natijasi qayd etila­digan hujjat deb tushunishadi. Ular bayonnomaga surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan tergov harakatlarini olib borish tartibi va ularning natijalari qayd etiladigan protsessual hujjat deb ta`rif berishadi28.

Bu tushuncha protsessual hujjatning, ya`ni bayonnomaning barcha xususiyatlarini yoritib bermaydi. Bayonnoma tuzishni nazarda tutuvchi O’zR JPK moddalarining tahlili shuni ko’rsatadiki, bayonnomalar o’rtasida funktsiyaviy farq mavjud bo’lib, shuning uchun jinoyat protsessida ularning ahamiyati, o’rni har xildir. Ayrim bayonnomalarning o’ziga xos xususiyati shundaki, ularda aniq bir protsessual harakatning mazmuni, uni amalga oshirshda qonuniy tartibga rioya qilinganligi va uning natijasi ifoda etilishidan tashqari, ish bo’yicha isbot qilinishi lozim bo’lgan holatlarni tiklashga yordam beradigan aniq faktik ma`lumotlar ham batafsil hujjatlashtiriladi (guvohni, ayblanuvchini so’roq qilish bayonnomasi, hodisa joyini ko’zdan kechirish, tintuv, olib qo’yish bayonnomalari).

Boshqa bayonnomalarning xarakterli xususiyati shundan iborat bo’ladiki, ular bitta – tasdiqlovchi funktsiyani bajaradi (ekspertiza tayinlash to’g’risidagi qaror bilan ayblanuvchini tanishtirish bayonnomasi, ish materiallari bilan ayblanuvchini, jabrlanuvchi va uning vakilini, fuqaroviy davogar va fuqaroviy javobgarni yoki ularning vakilini tanishtirish bayonnomasi). Ularda daliliy ma`lumotlar ifodalanmaydi, ular protsess ishtirokchilari huquqlarini kafolatlashga xizmat qiladi.

Bizning fikrimizcha dastlabki tergovdagi protsessual hujjatlarning bir turi sifatida, bayonnoma – bu dastlabki tergovni amalga oshiradigan vakolatli mansabdor shaxslar tomonidan qonunda belgilangan tartibda tuziladigan, o’tkazilgan protsessual harakatning mazmuni va natijasini, shuningdek ushbu xarakatlarni qonuniyligi hamda asosanlanligini ta`minlovchi jinoyat-protsessual qonunchilik talablari bajarilishini qayd etuvchi va tasdiqlovchi hujjat.

Bayonnoma tergov hujjati bo’lib, unda tergovni olib boruvchi shaxs o’zi amalga oshirgan protsessual harakatlarning bayonini ifodalaydi va qonunning tegishli moddalari bilan mustahkamlab qo’yadi. Bayonnomalarda ma`lum isbotlash manbalari (gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlarning ko’rsatmalari) yuridik jihatdan mustahkamlab qo’yiladi. Ularda tergov harakatlari (ko’zdan kechirish, tintuv va boshqalar) paytida aniqlangan faktlarni tasdiqlovchi mustaqil isbotlash manbalari aks etadi. Tergov davomida qo’yilgan jinoyat-protsessual talablarning (ayblanuvchining ekspertiza tayinlash to’g’risidagi qaror bilan tanishishi va boshqalar) bajarilishi ifodalanadi.29

A.P. Lupinskiyning fikricha “dalilning alohida shakli sifatida tergov harakatlari bayonnomalari – bu ko’zdan kechirish, guvohlantirish, tintuv, tanib olish uchun ko’rsatish, tergov eksprementi kabi tergov harakatlarining jarayoni va natijalari qayd etiladigan yozma aktlardir. Tergov harakatlari bayonnomalarida holatlar, narsalar yoki vositalarni qayd etilishi, tergovchilar, xolislar va ushbu tergov harakatining boshqa ishtirokchilari tomonidan bevosita qabul qilinishi sababli dalilning mustaqil manbasi sifatida ajratilgan”30.

Keltirilgan ta`riflarni, shuningdek bildirilgan fikrlarni e`tibor­ga olib, tergov harakatlari bayonnomalariga quyidagicha ta`rif berish taklif etiladi: “Tergov harakatlari bayonnomalari deganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan dalillarni to’plash va tekshirish bo’yicha harakatlarni o’tkazish jarayonida qonunda belgilangan tartibda tuzilgan hamda ish uchun ahamiyatli holatlar qayd etilgan yozma hujjatlar va ularga ilovalar tushuniladi”.

Jinoyat-protsessual qonun hujjatlarida tergov harakatlarini o’tkazish bilan aloqador qirqdan ortiq bayonnomalar tuziladi31. A.X. Raxmonqulov tergov harakatlarining xususiyatlaridan kelib chiqib bayonnomalarning uchta asosiy turini keltirib o’tadi:

1) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvohni so’roq qilish va yuzlashtirish bayonnomalari;

2) ko’zdan kechirish, guvohlantirish, tintuv, olib qo’yish, ushlab turish, eksperiment o’tkazish vaqtida hamda tanib olish uchun ko’rsatish chog’ida aniqlangan dalillar tasdiqlanadigan bayonnomalar – dalillarning mustaqil manbai bo’ladi;

3) ba`zi bayonnomalar jinoyat-protsessual qonun hujjatlarining bajarilganligini qayd etish uchun tuziladi32.

Tergov bayonnomalarining xilma-xilligi turli asoslardan kelib chiqqan holda ularni tasniflashga sabab bo’lib xizmat qiladi. Bu jinoyat ishi bayonnomalari tuzilishining protsessual tabiati va mazmunining o’ziga xos xususiyatlarini aniqlashga yordam beradi. YUqorida A.X.Raxmonqulovning tasnifi to’liq emas. Bizning fikrimizcha protsessual xarakatlarning bayonnomalarini dastlabki tergov hujjatlarining bir turi sifatida xarakteriga ko’ra besh guruhga tasniflash ma`quldir:

  1. Jinoyat ishi qo’zg’atilishi asoslari qayd etiladigan bayonnomalar (masalan, og’zaki arzni qabul qilish, aybini bo’yniga olish to’g’risidagi arz bayonnomalari)

  2. Daliliy ko’rsatmalar qayd etiluvchi bayonnomalar (masalan, guvohni, jabrlanuvchini, gumon qilinuvchini, ayblanuvchini, ekspertni so’roq qilish bayonnomalari, yuzlashtirish bayonnomasi);

  3. Dalilning mustaqil manbasi bo’ladigan bayonnomalar (masalan, ko’zdan kechirish, guvohlantirish, tintuv, olib qo’yish, tanib olish uchun ko’rsatish, tergov eksprementi bayonnomalari);

  4. JPKning u yoki boshqa talablari bajarilganligini tasdiqlovchi bayonnomalar (masalan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisini ekspertiza tayinlash to’g’risidagi qaror bilan tanishtirish, ekspert xulosasi bilan tanishtirish, jinoyat ishi materiallari bilan tanishtirish bayonnomalari);

  5. Protsessual majburlov chorasi qo’llanilganini ko’rsatuvchi bayonnomalar (masalan, ushlab turish, garovni qabul qilish, kafillikka berish bayonnomasi).

Bayonnomalar turli faktlar bo’yicha dalil bo’lib xizmat qiladi. Bayonnomaning daliliy ahamiyati ushbu harakatni bajarish chog’ida aniqlangan fakt bilan uzviy bog’liqdir. Masalan, hodisa sodir bo’lgan joyni ko’zdan kechirish bayonnomasida o’sha joyning sharoiti va jinoyat oqibatida qoldirilgan izlar qayd etiladi. Tanib olish uchun ko’rsatish bayonnomasida qayd etilgan fakt esa ob`ektni aniqlashga, tanib oluvchining ko’rsatuvlarini tasdiqlashga imkon beradi33.

Bayonnomalarni tuzish tartibi va ularning shakli qonunchilikda qat`iy belgilab qo’yilgan (JPK 90, 426-moddalar).

JPKda u yoki bu protsessual harakatlarni o’tkazish tartibi to’g’risidagi normalar bilan bir qatorda ushbu harakatlarni hujjatlarda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va boshqa shaxslar tomonidan tuziladigan tergov harakatlari bayonnomalari, qarorlar va boshqa hujjatlarda mustahkamlashning yuridik shakllari ham ishlab chiqilgan.

Jinoyat-protsessual qonunchilik tergov harakatlarini o’tkazishning asoslari va tartibini belgilab beradi. Ko’zdan kechirish, guvohlantirish, olib qo’yish, tintuv kabi fuqarolarning huquqlarini cheklash bilan bog’liq tergov harakatlari faqat qonunda aniq belgilangan asoslar bo’lgandagina o’tkazilishi kerak (JPK 135, 142, 157, 158-moddalar).

Tergov harakatini o’tkazishdan oldin tergovchi tergov harakatining maqsadlari va vazifalarini belgilab olishi kerak. Ko’p hollarda qonun tergov harakatlarini o’tkazish maqsadini aniq belgilaydi. Xususan, tergovchi hodisa sodir bo’lgan joyni, hududni, binoni, narsalar va hujjatlarni jinoyat izlarini va boshqa ashyoviy dalillarni topish, hodisa sharoitini, shu bilan birga ish uchun ahamiyatli boshqa tomonlarini aniqlash maqsadida ko’zdan kechiradi. Bu maqsadlar va vazifalar, nazarimizda, tergov harakatlari bayonnomalarining nomlanishida o’z aksini topadi (tintuv bayonnomasi izlab topish va olib qo’yishni nazarda tutadi, olib qo’yish bayonnomasi ish uchun ahamiyatli narsalar va hujjatlarni faqat olib qo’yishni nazarda tutadi, tanib olish uchun ko’rsatish bayonnomasi avval ko’rilgan ob`ektni o’xshashlari orasidan tanib olishni nazarda tutadi).

Mazkur harakatlarni amalga oshirishda asosiy ishtirokchilar surishtiruvchi, tergovchi (prokuror) va xolislar xisoblanadi. Zarur hollarda, tergovchining ixtiyori bilan tergov harakatida ishtirok etish uchun mutaxassislar, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi, himoyachi, guvohlar jalb qilinadi. Ularning har biri muayyan huquq va majburiyatlarga ega.

Tergovchiga qonun tomonidan har qanday tergov harakatini o’tkazish yuklatilgan. U qat`iy vakolatlarga ega bo’lib, tergov harakatlarini o’tkazishda rahbarlik qiladi va shu bilan birga uning ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini taminlash uchun to’la javobgar xisoblanadi. Tergovchiga topshiriqlar berish huquqiga ega prokuror va tergov bo’limi boshlig’i ham tergov harakatlari ishtirokchilari bo’la oladi. Tergov harakatlarini o’tkazishda ularning ishtiroki albatta mazkur tergov harakatlarining bayonnomasida ko’rsatib o’tiladi.

Xolislar aksariyat tergov harakatlarining majburiy ishtirokchilari xisoblanadi. JPKning 73-moddasi talablariga muvofiq xolislar sifatida ishning oqibatidan manfaatdor bo’lmagan, kamida ikki nafar voyaga etgan fuqarolar chaqirilishi mumkin va ular ikkitadan kam bo’lmasligi kerak. Xolis faktni, o’zi ishtirok etgan harakatlar mazmunini va natijalarini tasdiqlashi shart. U olib borilgan harakatlar yuzasidan fikrlar bildirishga haqli. Xolisning fikrlari tegishli tergov harakatining bayonnomasiga kiritilishi shart. Xolislar ishtirokidagi tergov harakatini boshlashdan oldin tergovchi ularga JPKning 74-moddasida belgilab qo’yilgan huquq va majburiyatlarini tushintiradi.

Bayonnomalar mazmunining to’liqligi va ob`ektivligiga tergov harakatini o’tkazishda ishtirok etuvchi ayblanuvchi, himoyachi, jabrlanuvchi, mutaxassis ijobiy ta`sir ko’rsatadi. Aytilgan shaxslarning tergov haraka­tida ishtiroki tergov haraktini yanada samaraliroq bo’lishini taminlaydi. Ular tergovchi diqqatini tekshirilayotgan hodisaning alohida tomonlariga qaratishadi, bu esa dalillarni to’plash va ularni bayonnomada to’g’ri aks ettirishga yordam beradi. JPKga ko’ra zarur bo’lgan hollarda tergov harakat­larini o’tkazishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh ishti­rok etishi mumkin. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh va himoyachining tergov harakatlarida ishtirok etishi protsess ishtirokchilari­ning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta`minlanishining qo’shimcha kafolatlari xisoblanadi.

Ko’plab tergov harakatlarida (ko’zdan kechirish, guvohlantirish, tintuv, olib qo’yish, tergov eksprementi) mutaxassislar ham ishtirok etishlari mumkin.

Bilim va ko’nikmalaridan foydalanib, mutaxassis ish uchun muhim bo’lgan ob`ektlarni topish, mustahkamlash va olishga yordam beradi. U o’z harakatlarini tergovchiga tushuntirishi, uning e`tiborini mazkur ob`ektlarni to’plash bilan bog’liq holatlarga qaratishi shart.

Mutaxassis, JPKning 70-moddasi 1-qismiga binoan bayonnomaga kiri­tilishi kerak bo’lgan, isbotlovchi ahamiyatga ega bo’la oladigan ob`ektlarni topish, mustahkamlash va olish bilan bog’liq bildirishlar qilishga haqli.

SHunday qilib, tergov harakatlari natijalarini mustahkamlash isbot­lashning o’tkazilayotgan harakat bayonnomalarini tuzishda ifodalanuvchi tas­diqlovchi tomoni hisoblanadi. Jinoyat-protsessual qonunchilik normalari tahlilidan kelib chiqib bayonnomalarni tuzishning quyidagi qoidalarini ko’rsatib o’tish mumkin:

  1. kechiktirib bo’lmasligi; 2) o’tkaziladigan tergov harakatlarini va ularning natijalarini ketma-ketlikda aniq aks ettirish; 3) qayd etishda texnik vositalarni qo’llash qoidalari; 4) barcha rekvizit34larga rioya qilish.


Dalillar turlarining qat`iy va aniq ro’yhatini qonun belgilab beradi. Dalillarning xar bir turi protsessual shakl va asosli mazmunning birligini namoyon etadi. Bu birlikning yaqqol dalili bo’lib tergov xarakatlarining bayonnomalari xizmat qiladi. Bayonnomalarning o’zi tegishli protsessual shaklning ko’rinishlaridan biri, ularning mazmuni esa isbotlovchi ahamiyatga ega faktik ma`lumotlardir.

Jinoyat ishini tergovchi tomonidan tergov qilish jarayoni jinoyat-protsessual huquqi nazariyasida isbot qilish jarayoni sifatida ta`riflanadi va uning tarkibiy qismlari dalillarni to’plash, tekshirish va baholash hisoblanadi.

Tergovchi avval muayyan xodisaning izlariga duch keladi va tergov xarakatlarini o’tkazish yo’li bilan ulardan ish uchun kerakli ma`lumotlarni topadi va uni jinoyat-protsessual qonun talablariga rioya qilgan holda tegishli xarakatlar bayonnomalarida qayd etadi.

Tergov harakatlari bayonnomalarini tuzishning asosini JPKning 87-moddasida ko’rsatilgan tegishli harakatlarni yuritish tashkil qiladi. Bayonnomalarni shakllantirishning o’zi tergovchi tomonidan jinoyat xodisasi haqidagi dastlabki ma`lumotni qabul qilishdan boshlanadi.

Tergov harakatlari bayonnomalarini tuzishda umumiy xarakterdagi quyidagi talablarga rioya qilinishi kerak:

  • bayonnoma tegishli vakolatli shaxs (tergovchi yoki surishtiruvchi) tomonidan tuzilishi;

  • bayonnoma tuzishni kechiktirib bo’lmasligi, ya`ni uni tergov harakati joyida yoki u tugashi bilan darhol rasmiylashtirish;

  • bayonnomada tergov harakatida ishtirok etayotgan shaxslarga huquq va majburiyatlari tushuntirilganligini ularning imzolari bilan tasdiqlagan holda ko’rsatib o’tish;

  • bayonnomada olib borilayotgan, o’tkazilayotgan tergov harakatining mazmuni, borishi va natijalarini aks ettirish;

  • zarur hollarda ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvir, fotosuratga tushirishda, shuningdek reja va chizmalarni tuzish, nusxalar va qoliplar tayyorlashda texnik vositalardan foydalanishning shart-sharoitlari va natijalarini ko’rsatish;

  • bayonnomani tasdiqlash tartibiga rioya qilish – barcha ishtirokchilarga bayonnomaga kiritilishi mumkin bo’lgan tuzatishlar bildirish huquqiga ega ekanligi tushintirilgandan so’ng, bayonnoma o’qib eshittirilganidan so’ng barcha ishtirokchilar tomonidan imzolanadi.

Bayonnoma tuzishni kechiktirib bo’lmasligi, ya`ni uni tergov harakati joyida yoki u tugashi bilan darhol rasmiylashtirish, bu aniqlik va to’liqlilikni ta`minlaydi hamda bayonnomalarning daliliy ahamiyatini, ishonchliligini kuchaytiradi.

Qonunga va shakllangan amaliyotga muvofiq bayonnomalar mazmuni uch qismga ajratiladi: kirish, tavsiflash va yakunlovchi(xulosa). Qayd etishning ilmiy-texnika vositalaridan foydalanish shakli sifatidagi ilovalar ham tergov harakatlari bayonnomalarining tarkibiy qismi bo’lib xisoblanadi.

Tergov harakati bayonnomasining kirish qismining majburiy ma`lumotlari: nomlanishi; o’tkazilish joyi va sanasi; boshlanish va tugash vaqti; tergovchining mansabi, unvoni, ismi-sharifi; ishtirokchilarning har birining ismi-sharifi va otasining ismi; zarur hollarda ishtirokchining manzili ko’rsatiladi (xolis, tarjimon); tergov harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan ham yuqoridagi ma`lumotlar (manzilidan tashqari) ko’rsatiladi. Bundan tashqari tergov harakatida ishtirok etayotgan shaxslarga ularning majburiyatlari, shuningdek o’tkazilgan harakatlar bo’yicha fikrlar bildirish huquqlari tushuntirilishi kerak. Bu ma`lumotlar ham aniqlovchi va ham tasdiqlovchi ahamiyatga ega. Nomlanishi(nomi) bayonnoma aynan aniq, qonunda ko’rsatilgan tergov harakatini o’tkazish natijasida tuzilganligi to’g’risida dalolat beradi. Bayonnomaning nomlanishi unda qayd etilgan harakatlar va olingan natijalar mazmuniga to’g’ri kelishi kerak.

Tergov harakatini o’tkazish sanasi uni o’tkazishning qonuniyligi va o’z vaqtidaligi to’g’risida fikrlash imkonini beradi. Sanasi ko’rsatilmagan bayonnoma albatta mazmuni va natijalari bayonnomada ko’rsatilgan tergov harakati aslida qachon o’tkazilgan degan savol tug’diradi. Tergov harakatini o’tkazishning hamda bayonnoma tuzishning sanasi o’tkazilgan harakatning qonuniyligi va bayonnomada mustahkamlangan ma`lumotning ishonchliligini boholash uchun ahamiyatlidir.

SHuningdek bayonnomada tergov harakatini o’tkazishda ishtirok etayotgan shaxslar to’g’risidagi ma`lumotlar, ularning imzolari, zarur bo’lgan hollarda manzillari ko’satiladi.

Bayonnomaning tavsif qismida tergov harakatining borish jarayoni to’liq aks etadi. Agar tergov harakatini o’tkazishda ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvir, fotosuratga tushirish qo’llanilgan bo’lsa, bayonnomada albatta ularning nomi, qo’llanish shart-sharoitlari va tartibi; ular qo’llanilgan ob`ektlar; olingan natijalar ko’rsatiladi. Masalan, hodisa sodir bo’lgan joyni ko’zdan kechirishda oyoq izini ta`riflash quyidagicha bo’lishi mumkin: “...loytuproqda uyning kirish eshigidan taxta devor sinig’iga qaragan oyoq izlari yo’li topilgan. Yo’l ettita aniq oyoq izlaridan iborat. Oyoq izlari yo’lining elementlari quyidagilar: chap oyoq qadamining uzunligi – 71-72sm, o’ng oyog’niki – 74-75sm, qadam eni – 12sm, chap oyoq kaftining qayilish burchagi - 15º, o’ng oyog’niki 17º. Izlar orasida o’ng oyoq poyafzalining aniq izi kuzatilgan. Uning umumiy uzunligi – 28,5sm, tagcharm qismining uzunligi – 14,5sm, eni – 10,7sm, oraliq qismining uzunligi – 5,5sm, eni – 8sm, poshna qisimining uzunligi – 8,5sm, eni – 8,2sm. Poyafzal izining uchi – uchli, tagcharm qismining orqa cheti qiyshaygan, poshna qismining oldi cheti – to’g’ri. Oyoq izlari «Zenit-122» fotoaparati bilan, «Gelios-44M» ob`ektivi bilan 64ed.GOST fototasmasiga suratga olingan. Yo’lda №3 raqam bilan belgilangan o’ng oyoq poyafzalining aniq izidan gips qolip tayyorlangan...”.

Bayonnomaga tergov harakatini o’tkazishda olingan fotosurat negativlari va suratlari, videoyozuv kassetalari, izlarning tasviri, rejalar, chizmalar, qoliplar va nusxalar ilova qilinadi.

Bayonnomaning isbotlovchi ahamiyati tavsiflash qismining sifatiga, topilganlarni detallashtirish va qonun talablariga muvofiq tergovchining barcha harakatlarini tavsiflashning aniqligiga bog’liq.

Agar bayonnomaning kirish qismi tergov harakatlarini o’tkazish uchun zarur protsessual qismlarning borligi to’g’risida dalolat bersa, yakuniy qis­mining mazmuni esa bayonnomaning mazmuni bilan tanishish, uni tuzishning to’laligi va to’g’riligiga fikr bildirish jarayonini aks ettirish hisob­lanadi. Bayonnomaga kiritilgan barcha o’zgartirishlar, tuzatishlar, qo’shim­chalar kelishilgan va tegishli shaxslarning imzolari bilan tasdiqlangan bo’lishi kerak.

Agar qo’shimcha fikrlar(iltimos, e`tiroz) bo’lmasa – bayonnomada bu haqda ko’rsatilishi shart. So’ngra bayonnomani o’qib chiqishga berilganligi yoki o’qib eshittirilganligi hamda undagi yozuvlarning to’g’riligi tasdiqlanadi.

Tergov harakatida ishtirok etgan barcha shaxslar bayonnomani imzolashadi. Bayonnomani imzolashdan bosh tortilgan holda shaxsga buning sababini tushuntirish imkoni berilishi kerak. Tushuntirishlar bayonnomaga kiritiladi. Tergovchi bu haqda bayonnomada belgilab qo’yadi va buni imzosi bilan tasdiqlaydi.

Tergov harakati ishtirokchisi o’zining jismoniy nuqsoni tufayli bayonnomani o’qib, imzolay olmasa, bayonnomani uning roziligi bilan himoyachi, uning vakili yoki mazkur shaxs ishonadigan boshqa fuqora o’qib beradi va imzo chekadi. Bu haqda bayonnomaga yozib qo’yilishi kerak.

Tergov harakatlarining bayonnomalari dalillar sifatida jinoyat-protsessual qonun talablariga muvofiq tekshirilishi va baholanishi kerak. Dalillarning aloqadorlik, maqbullik va ishonchlilik kabi xususiyatlari tekshiriladi va baholanadi. Tergov harakatlari bayonnomalariga kelsak, dalillarning bu turining aloqadorligi to’g’risidagi masala odatda shubha uyg’otmaydi, chunki ko’rsatilgan bayonnomalar jinoyat ishini yuritishda tuziladi va undagi ma`lumotlarning isbotlash predmeti bilan aloqasi jinoyat izlarini protsessual xujjatlarda maxsus vakil qilingan shaxslar tomonidan mustahkamlanishi kerakligi bilan oldindan belgilanadi. SHuning uchun tergovchi tergov harakatiga tayyorlanishda o’tkaziladigan harakatning maqsad va vazifalarini oldindan aniqlab olishi kerak va bayonnomalarning aloqadorligi to’g’risidagi masala tergov harakati o’tkazilgunga qadar hal qilinadi. SHuni nazarda tutish kerakki, agar tergov harakatini o’tkazishda tergovchi qo’yilgan maqsadga erishmasa (masalan, tintuvda qidirilayotgan ob`ektni topolmasa yoki tanib oluvchi ko’rsatilgan shaxsni boshqalar orasidan tanib olmasa va hokazo), u holda olingan ma`lumotlar aloqador bo’laveradi va isbotlovchi ahamiyat kasb etadi. Mazkur holatda olingan ma`lumotlar bu harakatlar qo’llanilgan shaxsning aybsizligidan yoki bo’lmasa tergov harakatini o’tkazishga asos bo’lgan ma`lumotlarning to’g’ri emasligidan dalolat berishi mumkin. SHuning uchun nazarda tutish kerakki, dalillar ayblovchi va shaxsning jinoyat sodir etishga aloqasi yo’qligini tasdiqlovchi - oqlovchi dalillar bo’lishi mumkin35.

Tergov harakatlari bayonnomalarini tekshirish va baholashdagi eng mu­him tomoni ularning maqbulligidir. Tergov harakatlari bayonnomalarining maqbulligi deganda tergovchi tomonidan dalillarni olish va ularni bayonno­malarda to’g’ri aks ettirishning protsessual shaklini saqlash tushuniladi.

SHuningdek, aytish joizki, tergov harakatlari bayonnomalarining maqbulligini tekshirishda faqat protsessual buzilishlar qayd etilmaydi, balki bu buzilishlarning xarakteri, “og’irlik” darajasi, ularni bartaraf etish imkoni baholanadi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004 yil
24-sentyabrdagi №12 sonli “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo’llashning ayrim masalalari to’g’risida”gi qarorining ikkinchi bandiga ko’ra
36 ko’rilayotgan tergov harakatlari bayonnomalari quyidagi qoidalarga amal qilinganda maqbul deb hisoblanadi:

- tergov harakatini o’tkazish va tegishli bayonnomani tuzish mazkur ish bo’yicha tergov harakatini o’tkazishga haqli sub`ekt tomonidan bajarilgan bo’lishi;

- faktik ma`lumotlar tegishli tergov harakatini o’tkazishda olingan va tegishli bayonnomada aks ettirilgan bo’lishi;

- tergov harakatini o’tkazishda va uning bayonnomasini tuzishda oid protsessual qoida va tartibga rioya qilingan bo’lishi.

SHubhasiz, buzilishlar jinoiy yoki muhim xarakterga ega bo’lsa va maz­kur “dalillar” nomaqbul bo’lsa, hech qanday to’ldirishlar haqida gap bo’lishi mumkin emas. Jinoiy xarakterdagi buzilishlarga quyidagilar kiradi:

  • noqonuniy ushlab turish, hibsga olish (O’zR JK 234-modda);

  • gumon qilinuvchini, ayblanuvchini kursatuv berishga, ekspertni esa noqonuniy harakatlar bilan xulosa berishga majburlash (O’zR JK 235-modda);

  • dalillarni soxtalashtirish.

O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004 yil 24-sentyabrdagi №12 sonli “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo’llashning ayrim masalalari to’g’risida”gi qarorining oltinchi bandiga ko’ra qonun buzilishi oqibatida olingan dalil surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan nomaqbul deb topilishi mumkin. Dalilni nomaqbul deb topish masalasi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi yoki qonuniy vakili, shuningdek, jabrlanuvchi, fuqaroviy da`vogar, fuqaroviy javobgar tomonidan qo’yilishi mumkin37.

YUqorida keltirilga fikrlarga asosan jinoyat-protsessual hujjatlardagi xato va buzilishlarni tuzatish tartibi, protsessual hujjatni haqiqiy emas deb topishga olib keluvchi buzilishlarga bag’ishlangan normalar JPKda mustahkamlanishi lozim deb xisoblaymiz.

Tergov harakatlari bayonnomalarining ishonchliligini baholash tergovchining, sud’yaning ichki ishonishi bo’yicha amalga oshiriladi. Ichki ishonch tergovchining, sud’yaning amaliy va aqliy faoliyatining natijasida shakllanadi va xulosalarda, qarorlarda o’z ifodasini topadi. U jinoyat ishini tergov qilish protsessida olingan bilimlarga asoslanadi, o’z xulosalarining to’g’riligiga ishonch to’yg’usiga asoslanadi va bu tuyg’u qaror qabul qilish uchun kuchli turtki hisoblanadi.

SHunday qilib, tergov harakatlari bayonnomalarining dalillar turi sifatida ishonchliligini tekshirish va baholash isbot qilishning va jinoyat ishilari bo’yicha ob`ektiv haqiqatni aniqlashning samaradorligining muhim shartidir.

Download 0.56 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling