Kampirdevor qal’asi


Download 419 Kb.
Sana04.11.2020
Hajmi419 Kb.
#140500
Bog'liq
Кампирак тепа ёдгорлиги


Kampirdevor qal’asi
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida joylashgan. Yodgorlik V-VI asrlarga oid bo‘lib tarixi aynan Eftaliylar davriga borib taqaladi.Hozirgi paytda O‘zbekiston tarixi fanida Kanpir devor (Devori kanpirak) atamasi O‘rta Osiyoda dehqonchilik vohalarini ko‘chmanchilar hujumidan himoya qilish maqsadida barpo etilgan mudofaa inshootlari tizimini anglatadi. «Kanpir devor» so‘zining ma’nosi qazilgan choh demakdir. Talaffuzda «n» bilan «m» almashuvi kuzatiladi. «Pir» bo‘g‘ini esa qadimgi payrya – aylana, o‘rov ma’nosida. Demak, kan(m)pir so‘zining o‘zi handaqli devor degani. Devor so‘zi kanpir so‘zining tub ma’nosi unutilganda qo‘shilgan.
Arxeolog va tarixchi olimlar O‘tkir Alimov va Mirsodiq Is’hoqovning fikricha, ilk o‘rta asrlarda mintaqada Buxoro vohasidan tashqari to‘rtta Kanpirak devori mavjud bo‘lgan.

Birinchi Kanpirak devori - qadimgi Buxoro vohasidagi shahar, qishloqlarni o‘rab olgan mudofaa devori. Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asaridagi ma’lumotga ko‘ra, Kanpirak devori 782 – 831-yillarda qurilgan. Arab tarixchisi va sayyohi Mas’udiy (956-yil vafot etgan)ning yozishicha, Kanpirak devori qadimgi Sug‘d podsholari zamonida (V – VI asrlar) bino qilingan. Bu devorning uzunligi 336 km bo‘lgan.

Ikkinchi Kampirak devori - Qadimgi Sug‘d vohasini o‘rab olgan devor VIII asr oxiri – IX asr boshlarida bino qilingan bo‘lib, uning uzunligi 120 km.

Uchinchi Kanpirak devori - qadimgi Ustrushona vohasini o‘rab olgan. Bu devorlar sun’iy ko‘tarma holda saqlangan.

To‘rtinchi Kanpirak devori - qadimgi Farg‘ona vodiysining g‘arbida VIII asr oxiri – IX asr boshlarida bino qilingan.

Beshinchi Kanpirak devori - qadimgi Toshkent vohasini shimol tarafdan o‘ragan bo‘lib, Xo‘jakentdan Sirdaryogacha cho‘zilgan.

VI asrning boshlari va o‘rtalarida Eftaliylar davlati uchun eng katta xavf Eron Sosoniylar davlati va Buyuk Turk hoqonligi tomonidan solinmoqda edi. Aynan shu sabablar Kanpirak devori qurilishiga turtki bo‘lgan. Milodiy eraning 563-567-yillari orasida Buxoro ostonasida turklar bilan eftaliylar o‘rtasidagi jangda eftaliylar mag‘lubiyatga uchragan va Eftaliylar davlati 579-yilda butunlay barham topgan.

Ta’kidlash kerakki, Kanpirak devor Buxoroning V-VI asrlardagi chegaralarini aniqlab beruvchi yagona inshoot sifatida qadrlanadi.

Turk hoqonligi davrida devorning avvalgi mavqei yo‘qolgan. Garchand hoqonlikning zodagonlar qismi cho‘l-dasht hududlarida yashagan bo‘lsa-da, hoqonlik mahalliy sug‘diy aholi hamda ko‘chmanchilar o‘rtasida tinchlik, hamjihatlik aloqalarini o‘rnatish, savdo-sotiqni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan.

VII asr oxirgi choragi va VIII asr boshlarida Turon hududiga yana bir siyosiy kuch tajovuz qila boshladi. Bu - arablarining istilochilik yurishlari edi. Bu davrda islomga kirgan madaniy voha aholisi va islomni qabul qilmagan cho‘l-dasht ko‘chmanchi aholisi o‘rtasida qarama-qarshilik kuchayib Kanpirak devorga yana ehtiyoj tug‘iladi va u qayta tiklanadi.



819-yilda Movarounnahr va Xurosonda somoniylar sulolasi hokimiyat tepasiga keladi. Arab xalifaligidan mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatgan Somoniylar davlatiga 874-yilda Ismoil Somoniy asos solgan. Bu davlat o‘zining qudrati, harbiy salohiyati, dushmanga qarshi armiyaning muntazam qurol-yarog‘ bilan ta’minlanganligi bilan mashhur bo‘lgan. Somoniylar davlatining asoschisi amir Ismoil Somoniy «To men tirik ekanman, Buxoro viloyatining devori men bo‘laman» degan va shu davrdan boshlab Kanpirak devor o‘z ahamiyatini tamoman yo‘qotgan.


Ammo bugun Kanpirak devori «To men men bor ekanman, Navoiy viloyatining tarixiy yoshini Buxoro-yu Samarqandga tenglashtiraman» deya loqaydlik oqibatidan Qiziltepa kengliklari yaralanib yotibdi.

Shundoqqina qadim Buyuk ipak yo‘li hozirgi xalqaro M-37 avtoyo‘li bo‘yida qad ko‘targan noyob me’moriy inshootdan sayyohlar bebahra qolib kelmoqda.



Eng achinarlisi, Qadimgi Buxoro hududining 430 kilometrini o‘rab olgan Buyuk Xitoy devoriga yoki Samarqanddagi devori Qiyomatga o‘xshagan mahobatli Kanpirak devorining tumanimizdan o‘tgani hatto uning xalqaro arxeologik ekspeditsiya tomonidan o‘rganilgan qismi ro‘yxatga kiritilmagan.



Arxeologik yodgorliklarning tuman, viloyat, mamlakat, xalqaro ahamiyatga egaligi – mansublik darajasi ham belgilanmagan.

Xalqaro e’tirof «SEZON 2011 g*...» Agar internet tarmog‘ida ushbu yozuvga ko‘zingiz tushsa ajablanmang. Bu 2011-yilda O‘zbekiston-AQSh ekspeditsiyasi olimlari J.Mirzaahmedov va S.Shtark boshchiligida Kanpirdevor qal’asida o‘tkazilgan o‘rganishlarga taalluqli degani.

2011-yilda AQSh hamda fransiyalik arxeologlar tomonidan Kanpirdevor madaniy yodgorligi xalqaro miqyosda o‘rganilgan. Rossiya, Eron, Fransiya, Germaniya, AQSh kabi davlatlarda ilmiy qo‘lyozmalar chop etilgan. Xalqaro arxeologiya institutlari saytlarida «Kanpirdevor»ning me’moriy-arxeologik noyobligi, mudofaa darajasi bo‘yicha Buyuk Xitoy devoriga tenglashtirilgan.

Bizning e’tirof

Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasi Buxoro va Navoiy viloyatlari bo‘yicha mintaqalararo Davlat inspeksiyasi Navoiy viloyat bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, Kanpirdevor qo‘rg‘oni xarobalari davlat kadastr ro‘yxatiga kiritilgan, davlat muhofazasiga olingan.

Shuningdek, 2019 yil I chorakda muhofaza belgilari o‘rnatilib konservatsiya qilish uchun 2020-yil respublika madaniy meros obe’ktlarini ta’mirlash dasturiga kiritish aytib o‘tilgan.

Vaholanki, hozirga qadar na kadastr, na muhofaza belgilari o‘rnatilgan.

Davlat kadastr ro‘yxatiga kiritilish o‘rniga, mahalliy g‘isht quyuvchi tadbirkorlar uchun tekin xomashyo maydoni «ro‘yxatiga kiritilgan».

Madaniy yodgorlik muhofaza belgilari bilan emas, aholi tomonidan tashlangan axlat uyumlari bilan «o‘rab olingan».Xalqaro e’tirofga loyiq madaniy yodgorlik devorlari konservatsiya qilish tugul buldozer va yuk mashinalari izlari bilan «ta’mirlangan».



E’tirof etish u yoqda tursin, mahalliy tadbirkorlar kun sayin qala devorlari tomon bostirib kelmoqda. Agar tezroq harakat qilmasak, ko‘z o‘ngimizda butun boshli bir tarix yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi.

Quvonarlisi, «Madaniy yodgorliklar davlat himoyasida» velosayohatchilar guruhi tomonidan mazkur inshootni muhofaza qilish uchun velosipedda bosib o‘tilgan 114 km masofa mashaqqati o‘z mevasini berdi.



Nihoyat, Kanpirdevor qal’a xarobalari davlat kadastr ro‘yxatiga kiritildi. Asosiysi, me’moriy inshootning muhofaza maydoni belgilandi.
Jonibek Shuhratov, Navoiy viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi
Download 419 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling