Kelajak-fikrlovchi yoshlarniki
Download 78.5 Kb.
|
Kelajak fikrlovchi yoshlarniki
KELAJAK-FIKRLOVCHI YOSHLARNIKI Buyuk ajdodlarimiz ma’naviy-ruhiy kamolotga erishishni, doimo ogoh va hushyor yashashni, Vatan, el-yurt sha’ni, tinchligi uchun hatto jon fido etishni hayotining mazmuni deb bilgan. Avlodlarini ham ana shu ezgu amallar ruhida tarbiyalashga intilgan. Bu an’analar dunyo manzaralari kun sayin o‘zgarib, tinchlik-totuvlikka tahdidlar tobora kuchayayotgan bugungi davrda yanada dolzarblilik kasb etmoqda . XX asrning o‘zida ikki jahon urushi va ularning ayanchli oqibatlarini boshdan kechirgan insoniyat garchi er yuzida tinchlikning barqaror bo‘lishi yo‘lida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirgan bo‘lsa-da, hamon umumiy tinchlikka erisha olgani yo‘q. Begunoh insonlar qonining to‘kilishi, etnik guruhlar huquqlarining poymol bo‘lishi, dinlararo nizolar, terrorchilik xurujlarining tobora keng ko‘lam kasb etayotgani, harbiy kuch-qudratni o‘stirishga qaratilgan harakatlarning davom etayotgani ham shunday xulosa chiqarishga asos bo‘ladi. Dunyo turli darajada rivojlangan xalq va davlatlardan tashkil topgan. SHu sababli yuksak ravnaq topgan davlatlar mustaqil taraqqiyot yo‘lini tutgan yangi davlatlarga o‘z ta’sirini o‘tkazishga harakat qiladi. Bu urinishlar, avvalo, inson ongu qalbiga qaratilgani bilan xatarlidir. Xalqlarni ma’naviy-mafkuraviy jihatdan tobe etishga intilishlar ommaviy axborot vositalari, axborot kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilish, turli markazlar, nodavlat tashkilotlar vositasida “o‘zaro hamkorlik”ka yo‘naltirilgan ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy aloqalar orqali o‘z manfaatlariga mos mafkuraviy muhitni shakllantirishga urinishlarda namoyon bo‘lmoqda. Jamiyat hayoti, odamlar ichki olami, ongu tafakkurini ma’lum o‘zanga solishda dinning ta’sir kuchi beqiyos. Afsuski, hozirgi kunda o‘zga mamlakatlarni istilo qilish, boyliklarini talash, xalqlarni arosatga solish, tarixiy ildizlaridan ayirishga qaratilgan g‘arazli maqsadlarni amalga oshirishda dindan vosita sifatida foydalanilmoqda. Diniy ekstremizm, aqidaparastlik, missionerlik, terrorizm odamlar qalbiga qo‘rquv, davlatlar, xalqlar, millatlar o‘rtasiga nizo solmoqda, dinlararo keskinlikni keltirib chiqarmoqda, g‘ayriinsoniy tutumlarni keng yoymoqda. Bugungi kunda dunyoda yuzlab ekstremistik tashkilotlar mavjud bo‘lib, ularning aksariyat qismi Islom dini niqobi ostida faoliyat yuritmoqda. Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimiz hududida ham millatlar o‘rtasidagi totuvlikni buzish, dunyoqarashi to‘liq shakllanmagan yoshlarni milliy, diniy va ma’naviy qadriyatlarimizga qarshi qo‘yish, ularni aqidaparastlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan urinishlar ko‘p bo‘ldi. Bugungi tinch-osuda hayotimiz, barcha sohalarda erishayotgan ulkan muvaffaqiyatlarimiz bunday aqidaparast kuchlarning g‘oyalari nechog‘lik asossiz ekanini isbotladi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, diniy ekstremistik tashkilotlar turli tadqiqot markazlari, joiz bo‘lsa, “g‘oyaviy laboratoriya”lar mahsulidir. Bunday aqidaparast oqimlar Islom dinidagi “hijrat”, “jihod” kabi tushunchalarni soxtalashtirilgan holda hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan g‘o‘r yoshlarning ongiga singdirishga harakat qiladi. Dunyoning turli mintaqalarida ro‘y berayotgan mudhish voqealarga uyg‘oq ko‘z, teran tafakkur bilan qarash va baho berishni hozirgi kunda hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Bu muammolarga mening daxlim yo‘q, degan tushuncha bilan beparvo va loqayd yashash mumkin emas. Ayniqsa, o‘zlarini go‘yoki din himoyachisi sifatida ko‘rsatayotgan aqidaparast kuchlar turli internet saytlari va ko‘plab ijtimoiy tarmoqlar orqali hali mustaqil dunyoqarashga ega bo‘lmagan yoshlarni o‘z saflariga kelib qo‘shilishga undayotgan bir paytda bu masala yanada dolzarbdir. Darhaqiqat, bugun musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. YAqin SHarq va boshqa hududlardagi qator mamlakatlar chuqur siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli to‘qnashuvlarni boshidan kechirmoqda. Mazkur hududlarda go‘yoki haqiqiy “islomiy davlat” qurish shiori ostida ochiqdanochiq zo‘ravonlik, insoniylikka zid, vahshiyliklarga asoslangan amallarga qo‘l urayotgan turli guruh va jamoalar urchib ketdi. Ushbu holat davlatning katta yoki kichikligi, dini va millatidan qat’i nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar aziz ne’mat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda. Aqidaparast oqimlar mehnat migrantlarini o‘z ta’sir doirasiga olish, “hujralar” tashkil etish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko‘rinishda tarqatish, “Internet” orqali targ‘ibot o‘tkazish kabi usullar bilan yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishga harakat qilmoqda. Ayniqsa, Internet tarmog‘ida turli terroristik tashkilotlar go‘yoki islom ravnaqi yo‘lida kurashayotgan “mujohid birodarlar guruhi” ekani haqidagi targ‘ibot-tashviqot keng ko‘lamda olib borilayotgani, buning oqibatida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar “hijrat” qilish va “jihod”da ishtirok etish da’vosida Suriya va Iroq hududiga borib, ushbu guruh safiga qo‘shilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Mamlakatimizdagi tinchlik, hamjihatlikka raxna solishi mumkin bo‘lgan tahdidlardan aholi, ayniqsa, yoshlarning ogohligini muntazam oshirib borish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, yoshlarni barkamol insonlar etib voyaga etkazish, yot mafkuralar, xurujlardan asrash, ularda turli g‘oyaviy tahdidlarga qarshi turish ko‘nikmalarini shakllantirish davlatimiz yuritayotgan siyosatning muhim yo‘nalishlaridan sanaladi. Tinchlikni saqlash hushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Afsuski, hayotimizda sodir bo‘layotgan noqonuniy xatti-harakatlarni ko‘rib ko‘rmaslikka oladigan, tinchlikni saqlash faqat davlatning ishi deb o‘ylaydiganlar, farzandlarining tarbiyasi bilan qiziqmaydigan ota-onalar ham borligini qayd etish lozim. Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik bo‘lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat, mamlakatda osoyishtalik bo‘ladi, yurt ravnaq topadi. Farzandlarimizning ilmiy saviyalari, kasbu hunarlari bilan axloqiy fazilatlarini ham o‘stirib borishimiz kerak. YOsh avlodning turli yot oqimlar ta’siriga tushib qolishini oldini olish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik nafaqat hukumatimiz yoki ta’lim muassasalarining vazifasi, balki har bir ota-onaning ham muqaddas burchidir YOshlarning ta’lim-tarbiyasi kelajagimiz uchun alohida ahamiyatga ega. SHu bois mamlakatimizda ularning puxta ta’lim-tarbiya olishi uchun qulay sharoit yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. CHunki jamiyatimiz osoyishtaligi, mamlakatimiz taraqqiyotiga raxna solmoqchi bo‘lganlar ko‘p hollarda yoshlarni o‘z tomoniga og‘dirishga harakat qiladi. SHu bois yigit-qizlarning turli g‘araz niyatli guruhlarga qo‘shilib qolishining oldini olish, bunday kuchlarga qarshi kurashish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston hukumati tomonidan diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, konfessiyalar va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bu yo‘nalishda hukumatimizning bir qancha qaror va dasturlari, sohaga daxldor davlat va nodavlat tashkilotlarning qo‘shma rejalari qabul qilinib, ijroga yo‘naltirilmoqda. Bu dasturlarda fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarni aqidaparastlik va missionerlik g‘oyalaridan saqlash, buzg‘unchi g‘oyalarning asl mohiyatini tushuntirish, ularda yot g‘oyalarga nisbatan mustahkam immunitetni shakllantirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yoshlarni diniy ekstremizm, terrorizm singari buzg‘unchi va yot g‘oyalar ta’siridan saqlash maqsadida yurtimizdagi barcha o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida “Diniy ekstremizm va terrorizm – yoshlar kelajagiga tahdid”, “Ma’rifiy islom aqidaparastlikni qoralaydi”, “Missionerlik va prozelitizmning salbiy oqibatlari” mavzularida uchrashuv va seminarlar o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur uchrashuvlarda yoshlarni mintaqamizda kechayotgan ayrim jarayonlar haqida xabardor qilish, ularda ogohlik va sergaklik, el-yurt tinchligi va taraqqiyotiga mas’uliyat hissini mustahkamlash, vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish masalalari xususida fikr yuritilmoqda. YOshlarga dunyoda kechayotgan global jarayonlarda turli missionerlik va prozelitizm harakatlari, diniy mutaassiblik va ekstremizm muammolari kuchayayotgani, ularning xalqaro omillari, asl maqsadi, O‘zbekistonga ta’siri haqida tushunchalar berilmoqda. Tadbirlarda namoyish etilayotgan “ISHID fitnasi”, “Zulmat girdobi”, “Zalolatni yuklab olma”, “Oydinda oy qidirganlar”, “Odnoklassniki.ru” va boshqa hujjatli filmlar, videoroliklar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ular din nomidan gapiruvchi ayrim kimsalar, diniy mutaassib oqimlarning asl maqsad-mohiyatini, hushyor va ogoh, yuksak ma’naviyatli inson hech qanday yovuch kuch domiga tushib qolmasligini teran anglashida samarali yordam bo‘lganini ta’kidlamoqda. Ularning o‘z nuqtai nazariga egaligi, fikrini asoslab berishi ertangi kunga mustahkam ishonch bag‘ishlaydi. SHuningdek, tadbirlar doirasida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent islom universiteti va “Tasviriy oyina” uyushmasi hamkorligida tayyorlangan “Osuda hayot qadri” nomli fotoko‘rgazma hamda so‘nggi yillarda respublikada sohaga oid va ekstremizm va terrorizmning oldini olish mavzularida nashr etilgan ma’naviy-ma’rifiy adabiyotlar taqdimoti tashkil etilmoqda. Ha, turli tahdidlarga qarshi tura oladigan, o‘z ma’naviy kuch-qudratini isbotlashga qodir avlod tasodifan, o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Bunga yillar davomida muntazam va uzluksiz olib boriladigan ma’naviy tarbiya bilangina erishish mumkin. Xalqimiz tabiatiga xos mehr-oqibat, ahillik, o‘zaro totuvlik singari fazilatlarni yosh avlod ongi va qalbiga chuqur singdirish ertangi kunimiz yanada charog‘on bo‘lishining, ezgu maqsadlarimiz ro‘yobining muhim mezonidir. Ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash borasida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Termiz, Xiva, Andijon, Farg‘ona, SHahrisabz va Qarshi kabi shaharlardagi tarixiy yodgorliklarni tiklash yoki qayta ta’mirlashga katta ahamiyat berildi. Buyuk allomalarimizning ziyoratgohlari tiklanib, ularning ilmiy meroslari o‘rganilmoqda. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abubakr Qaffol SHoshiy, Zamaxshariy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, Hoja Ahror Valiy kabi allomalarimiz nomlari bilan bog‘liq qadamjolar, «SHohi Zinda», «Ko‘kgumbaz» majmualari, masjid va madrasalar obodonlashtirildi. Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Turli din vakillarining hech qanday to‘siqlarsiz o‘z diniga e’tiqod qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. YUrtimizdagi diniy tashkilotlar mustaqil huquqiy shaxs sifatida er maydoni va manzilga ega. Ular diniy adabiyotlar nashr qilishi, diniy mutaxassislar tayyorlashi, turli tadbirlar o‘tkazishi, muqaddas joylarga ziyoratlar tashkil etishi mumkin. SHu asosda har bir fuqaroning o‘zi xohlagan dinga e’tiqod qilib, undagi barcha amal va marosimlarni emin-erkin bajarishiga imkon yaratilgan. Mustaqillik yillarida diniy ta’lim tizimiga ham alohida e’tibor berildi. Ilgari diniy ta’lim tizimida faqat Buxorodagi «Mir Arab» madrasasi va Toshkentdagi Imom Buxoriy nomidagi islom instituti mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda yana «Ko‘kaldosh», «Xadichai Kubro», «Hidoya» (sobiq) «Mulla Qirg‘iz», «Sayyid Muhyiddin maxdum», «Jo‘ybori Kalon», «Faxriddin ar-Roziy», «Muhammad al-Beruniy» va «Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus islom bilim yurtlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ulardagi ta’lim davlat standartiga to‘liq moslashtirildi. Mazkur islom bilim yurtlarida bilim olayotgan farzandlarimiz diniy va dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda turli kasb-hunarlarni ham o‘rganmoqdalar. Mustaqillikning ilk yillaridan 2015 yilga qadar 100 mingdan ziyod fuqaro haj amallarini, 80 mingdan ziyodi esa umra ziyoratini ado etdilar. Minglab xristian va yahudiy dinlariga mansub fuqarolar Rossiya, Isroil, Gretsiya kabi mamlakatlarda joylashgan muqaddas qadamjolarga ziyoratga borib keldilar. Istiqlol davrida Qur’oni karim, hadislar to‘plamlari, Bibliya tarkibidagi YAngi ahd va Qadimiy ahdning ba’zi qismlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, ommaviy adadda chop etildi. O‘zbekiston jahonda Misr va Tunisdan so‘ng ko‘zi ojizlar uchun maxsus Brayl yozuvida Qur’onni nashr qilgan uchinchi mamlakat hisoblanadi.Bag‘rikenglik tamoyillari Vatanimizdagi tinchlik va barqarorlikning muhim sharti hisoblanadi. Dinlararo bag‘rikenglik g‘oyasi nafaqat dindorlar, balki butun jamiyat a’zolarining ezgulik yo‘lidagi hamkorligini nazarda tutadi. SHunday ekan, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, uning mustaqilligi va barqarorligiga munosib hissamizni qo‘shish – har birimizning, shu aziz Vatanda yashayotgan barcha fuqarolarning, davlat yoki jamoat tashkilotida ishlashi, tadbirkor yoki boshqa kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, eng asosiy vazifalaridan bo‘lib qolmog‘i lozim. Download 78.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling