Kirish. I. Bob. Kitobxonlarda o‘qish madaniyatini tarbiyalashning maqsad va vazifalari


Download 203 Kb.
bet2/4
Sana25.02.2020
Hajmi203 Kb.
1   2   3   4

1.1. Kitob tafakkur xazinasi

Insoniyatning jaholatga qarshi birinchi muqovalangan isyoni kitobdir. Riyoyu razolat, tubanlik, pastlikka qarshi odam bolalari bino etgan ilk istehkom ham kitob sanaladi. Dunyoviy qabohat, zulmu zalolatning jahoniy xuruj-hamlasiga qarama-qarshi o‘laroq bani bashar avlodi mustahkam, yemirilmas va qudratli lashkar sanalmish kitob armiyasini bunyod etdiki, mana, ming-ming yillar, asrlardan buyon jahon sahnida bir-biriga zid ikki muqobil kuch – ma’rifat va jaholat ezgulik va yomonlik timsolida kechayu kunduz tin olmay, tinim bilmay bir-biri bilan ayovsiz kurash olib borayotir. Ming-ming yillarkim bu muhoraba bir zum bo‘lsa-da tingani yo‘q. Dunyoning bugungi avzoyiga ko‘ra hali-beri tinmog‘i ham dargumon.

Ko‘hna toshbitiklardan boshlangan kitob va kitobnavislik insoniyat tamaddunining eng buyuk, oliy kashfiyoti va mo‘jizasi sifatida bani bashar tarixida dunyo turguncha quyoshday porlab, charaqlab turmog‘i muqarrar. Eng qadim, ko‘hna kitoblarning muqovasi ham, sahifasi ham toshdan bo‘lgan.

Odamzod qavmining johilliklariyu nodonliklaridan yurak-bag‘ri qonga to‘lgan qadimiy sahroyi adib tog‘u dashtga chiqib, alam va armon bilan yon-atrofga nazar tashlarkan, oh tortgancha “Yangi olam, yangi odam qaytadan tuzmoq kerak”, degan so‘zlarni cho‘kich bilan tosh varaqqa o‘yib bitgan bo‘lsa ne ajab?

Qadim turkiy toshbitiklardan tortib O‘rxun – Enasoy yozuvlarigacha, Zarautsoy g‘oridagi suratlaru Afrosiyob naqshlari, qadim Baqtriyaning ko‘hna Kushon xatlaridan toki Oltoy tog‘laridagi toshlarga bitilgan harflarga qadar – butun bashariyat avlodiga xalqimiz tamaddunining, nasl-nasabimizu ma’rifatimiz tomirlarining naqadar qadimiyligi bilan buyukligidan darak bermaydimi?

Biz Ovrupoyu Osiyo mamlakatlaridan keltirilayotgan qog‘ozlaru kitoblarning ko‘rkam va nafisligidan hayratlanamiz, odamzod tafakkuri va taraqqiyotining eng go‘zal mevalari, noshirlik san’atining eng oxirgi namunalari sifatida qo‘lga olganda zavqlanamiz, havasimiz keladi. Yozuv qog‘ozlari shu darajada sifatli va nafiski, odam bir harf yozishga yo qoralashga ham qo‘li bormay botinolmay turadi.

Ana endi Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”sidan 1497-1498-yil voqealaridagi mana bu iqtibosga e’tibor bering: “Samarqand shahri ajab orasta shahredur, bu shaharda bir xususiyate borkim, o‘zga kam shaharda andoq bo‘lg‘ay… Xo‘p nonvoliqlari va oshpazliqlari bordur. Olamda yaxshi qog‘az Samarqanddin chiqar. Juvozi qog‘azlar suyi tamom Konigildin keladur. Konigil Siyohob yoqasidadurkim, bu qora suvni Obirahmat ham derlar…”

Kitobat san’ati haqida gapirar ekan, Bobur bobomiz 1505-1506-yil voqealarida Sulton Husayn Mirzo davridan, hazrat Navoiy zamonidan shunday ma’lumotni keltirib o‘tadi: “Xushnavislardin agarchi xili kishi bor edi, vale borining saromadi nasx ta’liqda Sulton Ali Mashhadiy edi. Mirzo uchun, Alisherbek uchun qalin kitobatlar qildi. Har kunda o‘ttuz bayt Mirzo uchun va yigirma bayt Alisherbek uchun bitir edi”.

Qur’oni Karimning bizdagi eng muhtasham kitobatida Sohibqiron Amir Temur bobomizning ko‘z nurlari bilan qo‘l izlari qolgan.

Bizning elda, baxshilarimiz tilida “Alpomish” dostoni yangrab, tog‘u toshlar sel bo‘lib oqqan asrlarda boshqa elatlar endigina patqalamga o‘rgana boshlagan edi.

Eng qadim va donishmand noshir sifatida xalqimiz “Avesto” singari ulkan nashrni insoniyat tamadduni va tarixining kitob javonida hanuzga qadar saqlab kelmoqda.

“Temur tuzuklari” timsolida bizning ajdodlarimiz davlatchilik va sarkardalik, lashkar tutish va harbu zarb yuritishning qomusiy tamoyillari va yo‘riqlarini tuzganlarida, bugun dunyoga dag‘dag‘a solayotgan ayrim mamlakatlarning Yer yuzida nomi nishoni ham yo‘q edi. Holbuki, ayni shu davlatlarning armiyasida Amir Temur bobomiz tuzuklaridagi lashkar tuzish, jang yuritish san’ati va uslublari harbiy taktika darslari sifatida hozirga qadar o‘qitilib, o‘rgatilib kelinmoqda.

Bobolarimiz butun ro‘yi olamni, Yerni ham, samoni ham bilim bilan, tafakkur va kitob bilan zabt etgan. Seryulduz osmon Mirzo Ulug‘bek bobomizning duraxshon kutubxonasiga o‘xshaydi. Termiziylardan Buxoriylargacha, Ibn Sinolaru Beruniylar, Ulug‘beklaru Farg‘oniy va Xorazmiy bobolargacha jahonni aqlu zakovat, ilmu hikmat bilan egallagan buyuk jahongirlar bo‘lgan.

“Ne mulk ichraki bir farmon yibordim, Aning zabtig‘a bir devon yibordim” deganlarida Navoiy hazratlari birgina o‘zlarini emas, ilmu ma’rifati bilan jahonkushoylik qilgan sarzaminimizning barcha buyuk allomalari, dong‘i olamshumul bobolarimizni ham nazarda tutganlar desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Haligacha u yog‘i Amriqoyu bu yog‘i Ovrupo qadar, Hindu Xitoydan tortib Fransiyayu Avstriyogacha, Eronu Misrgacha, Istanbulu Londondan toki Tokioga qadar biron bir kitob “Boburnoma” yanglig‘ Yer yuzi o‘lkalarini bunchalik bardavom zabt etolgan emas.

Ikki mustabid tuzum – 130-yillik istibdod davrida millatimizning nainki ulug‘ farzandlari, balki milliy mafkurasi bilan ma’naviyati ham ta’qib va tazyiq ostida kun kechirdi. Cho‘lponu Qodiriylar, Fitratlaru Usmon Nosirlar qatorida ularning kitoblari ham qatag‘onga uchradi.

Olis va yaqin o‘tmishimizning mana shu sharafli, ayni paytda qiyin va iztirobli burjlaridan turib, bugungi hayotimiz, ozod va obod ona Vatanimizning ko‘rku jamoliga nazar solsangiz va bular haqda bugungi navqiron naslga, istiqlol farzandlariga gurung bersangiz agar – ko‘p gaplaringizga cho‘pchak aytayaptimi deya ishonqiramay qarashi turgan gap. Xuddi mana shu ishonqiramay qaramasligi, millatini, tarixini, qayerdan kelayotganiyu qay manzil sari ketayotganini bilmog‘i, anglamog‘i uchun ham, xalqining, Vatanining sha’nu shavkatini baland ko‘tarib, buyuk bobolari nomiga loyiq va munosib farzand bo‘lib kamol topmog‘i uchun ham – KITOB O‘QING deyilayapti.

Bu borada istiqlolimizning Bosh me’mori, mustaqil davlatimiz asoschisi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning jasoratlarga to‘la sermazmun hayot yo‘li bilan kitoblariyu hikmatlari yoshlarimiz uchun tom ma’noda matonat va sadoqat, yurtparvarlik va fidoyilikning betakror timsoli, haqiqiy ibrat va ma’rifat dorilfununi bo‘la oladi. “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida”, “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitoblari hazilakam kitoblar emasligini, ularda el-ulus bilan xalqni millatga, mamlakatni esa haqiqiy Vatanga aylantirolgan ma’ruza va maqolalar borligini bugungi avlod bilmog‘i, yuragida, fikru yodi bilan jismu jonida olib yurmog‘i kerak. Millatning buyuk bir farzandi, matonatli Buyuk Shaxsning bedor yuragi urib turgan bu asarlar to o‘zbek xalqi mavjud ekan, toki O‘zbekiston deb atalmish ozod Vatan poydor ekan – hech qachon eskirmaydi, hamisha mardlik va shijoat, g‘urur va iftixorning chinakam tarjimai holi va sadoqatnomasi bo‘lib yashayveradi.

– Bugungi bolalar ertangi kun xalqqa aylanadi, – dedi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev. – Yoshlarni kitobga qaytarishimiz kerak. Axborot-kommunikatsiya sohasidagi oxirgi yutuqlarni o‘zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga, ularning kitob bilan do‘st bo‘lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.

Buyuk adabiyot namoyondalari kitobga tafakkurning tolmas qanoti, deb ta’rif berganlarida, u inson ma’naviy olamini boyitishini nazarda tutganlar. Kitob Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, odamlarga mehr-oqibat tuyg‘ularini kamol toptirishning eng yaxshi vositasi sifatida qadrlanadi.

Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish yo‘nalishida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Zero, “kitob bizni yerdan ko‘kka ko‘taradigan, barkamollik sari yetaklaydigan, qalbga yorug‘lik baxsh etadigan, oq bilan qora, yaxshilik bilan yomonlikni farqlashga o‘rgatadigan insoniyatning eng noyob kashfiyotidir”, deydi davlatimiz rahbari.




    1. Download 203 Kb.

      Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling