Kirish. “O’zbekistonning eng yangi tarixi” O’quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, mustaqillikka erishish arafasida o’zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar


Download 54.85 Kb.
bet1/11
Sana21.01.2023
Hajmi54.85 Kb.
#1105871
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
1 МАВЗУ


  1. KIRISH. “O’ZBEKISTONNING ENG YANGI TARIXI” O’QUV FANINING PREDMETI, MAQSADI VA VAZIFALARI, MUSTAQILLIKKA ERISHISH ARAFASIDA O’ZBEKISTONDAGI IJTIMOIY-SIYOSIY JARAYONLAR

Darsning o‘quv maqsadi: O‘zbekiston tarixi fanining predmeti, nazariy- metodologik asoslari, manbalari va mintaqa tarixining jahon tarixi bilan bog‘liqligi to‘g‘risida bilimlar tizimini shakllantirish.
Tayanch iboralar: tarix, O‘zbekiston, fan, predmet, obyekt, nazariy- metodologik asoslar, tamoyillar,holislik, ilmiylik, tarixiylik, davr, tarixiy manba, yozma manbalar, moddiy manbalar, xalq, mamlakat, mintaqa, o‘tmish, Movarounnahr, Turkiston, Gerodot, xitoy yilnomalari, Kvint Kursiy Ruf, Strabon, madaniyat, til, urf-odatlar, tarixiy o‘tmish, tarixiy xotira, sivilizatsiya, arxeologiya, numizmatika, paleograflya, etnografiya, sharq va g‘arb, shaharsozlik, “Avesta”, Bexistun yozuvlari, “Temur tuzuklari”, Beruniy, Forobiy, madaniy meros, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Alisher Navoiy, komil inson, vatanparvarlik, insoniylik.
Asosiy qism
Kishilik jamiyati qaror topganidan odamzod avlod-ajdodlari kimligini, qanday hayot kechirganligini, nasl-nasabini, o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan zaminni, Vatanining o‘tmish tarixini bilishni istaydi.
Mustaqillikka erishganimizdan keyin xalqimizning o‘z yurti, tili, dini, madaniyati, qadriyatlari, urf-odatlari tarixini bilishga, o‘zligini anglashga qiziqishi ortib bormoqda. Har qaysi mamlakat, har bir xalqning o‘ziga xos bo‘lgan uzoq va betakror tarixi boigani kabi ona Vatanimiz O‘zbekistonning ham, o‘zbek xalqining ham boy va sermazmun tarixi mavjuddir. Qadim o‘tmishda Turon, Turkiston, Movarounnahr deb atalgan ona zaminimiz turli tarixiy yozma va arxeologik manbalarga ko‘ra Xitoy, Hindiston, Eron, Misr, Rim kabi qadimiy va buyuk mamlakatlar qatori dunyoga mashhurdir. Vatanimiz jahon tarixining turli xalqlar, sivilizatsiyalar tutashgan eng to‘lqinli, shiddatli chorrahalardan biri bo‘lib, bu zaminda mahalliy aholining fors, hind, xitoy, yunon, arab, rus xalqlari bilan ma’lum darajada aralashuvi sodir bo‘lib, ularning madaniyati, tili, dini, fani, san’ati, turmush tarzi bir-biri bilan uyg‘unlashib ketgan.
Bugungi kunga kelib Vatanimiz O‘zbekiston nafaqat sharq, balki umumjahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganligini butun jahon tan olmoqda. Tariximiz ildizlari necha-necha ming yilliklarga borib taqaladi. O‘zbek xalqining boy va qadimiy davlatchilik tajribasi bo‘lib, hozirgi O‘zbekiston hududida ilk mustaqil davlat tuzilmalari, miloddan avvalgi birinchi ming yillik boshlaridayoq paydo bo‘lib, qariyb 3 ming yil mobaynida takomillashib borgan va Dunyo davlatchiligi ravnaqiga eng yuksak darajaga ko‘tarilganligi butun dunyoga ma’lumdir. Bundan qadimiy va tabarruk tuproqdan buyuk allomalar, fuzalolar, olimu-ulamolar, siyosatchilar, sarkardalar yetishib chiqqan. Diniy va dunyoviy ilmlarning asoslari mana shu zaminda yaratilgan, sayqal topgan.
Eramizgacha va undan keyingi asrlarda qurilgan murakkab suv inshootlari, shu kungacha ko‘rku-fayzini, mahobatini yo‘qotmagan asori-atiqalarimiz qadim-qadimdan yurtimizda dehqonchilik, hunarmandchilik madaniyati, me’morchilik va shaharsozlik yuksak bo‘lganligidan dalolat beradi.Beshafqat davr sinovlaridan omon qolgan, eng qadimgi tosh yozuvlar, bitiklardan tortib, bugungi kutubxonalarimiz xazinasida saqlanayotgan 20 mingdan ortiq qo‘lyozma, ularda mujassam tarix, adabiyot, san’at, ahloq, falsafa, tibbiyot, matematika, fizika, kimyo, astronomiya, me’morchilik, dehqonchilikka oid o‘n minglab asarlar bizning beqiyos ma’naviy boyligimiz iftixorimizdir.
Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent kabi ko‘hna shaharlarimiz bugungi kunda jahon miqyosidagi ziyoratgohlarga aylangan. Muqaddas zaminimiz orqali o‘tgan “Buyuk Ipak yo‘li” Sharq va G‘arbdagi mamlakatlar va xalqlami bir- biri bilan bog‘lab, ularning madaniy, iqtisodiy hamkorligiga xizmat qilgan.
Ana shunday qadimiy va buyuk mamlakat tarixini, tabarruk zaminimizda necha ming yillar mobaynida yashab, kurashib ijod qilib kelayotgan xalqimiz o‘tmishini “O‘zbekiston tarixi” fani o‘rganadi. “O‘zbekiston tarixi” predmeti xalqimizning eng qadimgi davrlardan to hozirgi kunlargacha bosib o‘tgan uzoq va murakkab tarixiy yo‘lini, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy hayotini holisona o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Vatanimiz tarixi o‘zbeklarning xalq, millat bo‘lib shakllanish jarayoni, ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy merosi, davlatlarning tashkil topishi, ularning ichki va tashqi siyosatini o‘rganadi. “O‘zbekiston tarixi” fanining dolzarb muommolari, yechimini kutayotgan talaygina masalalari mavjud bo‘lib, jumladan Vatanimiz hududida eng qadimgi davrlardan boshlab yashayotgan aholi va ularning joylashuvi, bu aholining qo‘shni qabilalar bilan turlicha munasabatlari, Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida yashagan qadimiy mahalliy aholi bizning ajdodlarimiz ekanligini asoslash va tadqiq etish shular jumlasidandir.
O‘zbekiston tarixini o‘rganishda manbalar alohida ahamiyatga molikdir. Bular moddiy va yozma manbalardir. Tariximizning eng qadimgi davrlarini o‘rganishda arxeologik, antropologik va etnografik manbalarga suyaniladi. Bu manbalar turli ko‘rinishlarda bo‘lib, ularga qadimgi ajdodlarimiz yashagan manzilgohlar, shahar xarobalari, mozor-qo‘rg‘onlar qoldiqlari, kundalik turmush va xo‘jalikda ishlatiladigan buyumlar, mehnat, jangovor qurollar, turli-tuman ashyolar kiradi. Yozma manbalar esa eng qadimgi yozuvlar, bitiklar, kitoblardan iboratdir. Moddiy va yozma manbalar ma’lumotlarini solishtirib, qiyoslab tarixni talqin etish muhim ahamiyatkasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda xulosa qilib aytish joizki, tarixni “tadqiq etish”, “tekshirish”, “voqealar haqida aniq hikoya qilish” ma’nolarini anglatib, insonlar haqida, ularning uzoq o‘tmish davrlardan bizgacha yetib kelgan hayotiy tajribasi haqidagi fandir.
Vatanimiz tarixi ajdodlarimizning qadimgi davrlardan buyon bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini, ilk davlat shakllarining vujudga kelishi, xalqimizning millat sifatida shakllanishi, ma’lum davrlarda boshqa davlatlarga qaram bo‘lib qolganligini, uning ayanchli mashaqqatlarini, ajnabiy bosqinchilarga qarshi mustaqillik va ozodlik uchun kurashi, jasorat ko‘rsatgan qahramonlarini, xalqimizning ma’naviyati va ma’rifatini ko‘tarishda jon fido qilgan o‘g‘lonlarini, qatag‘on davri qurbonlari, nihoyat pirovardida xalqimizning mustaqil taraqqiyot yo‘liga kirishi, mustaqillik sharoitida milliy, huquqiy davlatchilik qurilishi, demokratik, fuqarolik jamiyati qurish, erkin bozor iqtisodiyotini yaratishi sohalarida faoliyatini va nihoyat O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga qo‘shilish tomon borganligini o‘rgatadi.
O‘zbekiston tarixi fani xalqimiz tarixini haqqoniy aks ettiruvchi ko‘zgu, ijtimoiy, siyosiy, tarbiyaviy, ma’naviy saboqlar yig‘indisi hisoblanadi.
O‘zbekiston tarixini yoritishda ilmiy nazariy-metodologik asoslarni o‘rganish katta ahamiyatga egadir. Ular asosan quyidagilardan iborat:
1. Tarixiy voqea, hodisalarni o‘rganish, tahlil qilish, yoritishda ularga holisona, haqqoniy, ilmiy yondoshuv asosiy metodologik tamoyildir. Bunda tahlil qilinayotgan har xil tarixiy voqea-hodisalami holis, haqqoniy voqea-hodisalar qanday sodir bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha yoritish ko‘zda tutiladi. Tarixiy hodisalarni bir butun holda, o‘zaro aloqada, deb o‘rganish lozim. Holislik talab qiladigan qoidalar shundan iboratki, turli tarixiy davrlarda tarixiy-madaniy taraqqiyotni o‘rganish jarayonida bo‘lib o‘tgan, yoki shu taraqqiyot bilan bog‘liq bo‘lgan barcha voqea-hodisalarni hech bir o‘zgartirishlarsiz, qanday bo‘lsa, o‘sha holatda talqin va tahlil etish, tekshirish va xulosa chiqarib, yaxlit holga keltirish muhimdir.
Mustaqillik tarixni holisona yoritish imkoniyatini yaratdi. “O‘zbek olimlarining kuch-g‘ayrati bilan, - deb yozadi Prezidentimiz I.A.Karimov:- tariximizning ko‘pdan ko"p g‘oyat muhim sahifalari, eng avvalo, Temuriylar davri XIX asr oxiri, XX asr boshlari tarixi yangidan kashf etiladi. Shuni esda tutish muhimki, o‘tmishimizni “oqlash” vazifasi umuman olganda bajarib boiindi, hozir esa asosiy vazifa, tarixiy tahlilni ilmiy jihatdan holisona va halol amalga oshirishdan iboratdir”.
O‘zbekiston tarixini o‘rganishning ikkinchi uslubiy tamoyili-bu voqea va hodisalarni dialektik asosda o‘rganishdir.
Dialektika-olam yagona va yaxlit, unda sodir bo‘ladigan hodisalar, voqealar umumiy va o‘zaro bog‘lanishda, uzluksiz harakatda, ziddiyatli taraqqiyotda bo‘ladi, deb ta’lim beradi. Har bir voqea-hodisani, boshqa voqealar, hodisalar bilan bog‘lab o‘rganishdangina mazkur voqea-hodisaning umumiy tarixiy jarayondagi o‘rnini to‘g‘ri aniqlash, belgilash mumkin bo‘ladi. Har bir voqea-hodisaga umumiy tarixiy jarayonning bir qismi deb qaramoq kerak.Chunki mavjud bo‘lgan har bir xalq, millat yoki elat tarixi faqat o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib tursada, butun insoniyat taraqqiyoti tarixi bilan umumiy aloqadorlikdadir.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra haqiqatdan ham o‘zbek xalqining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishi jahon tarixi taraqqiyotining bir o‘zagi, qismidir. Eng qadimgi davrlardan boshlab yaqin o‘tmishga qadar Okrta Osiyo,
Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Eron, Afg‘oniston, Shimoliy Hindiston kabi hududlar orasida yagona iqtisodiy, madaniy makon mavjud edi.
Uchinchi asosiy tamoyil tarixiylik bo‘lib, har bir voqea-hodisa qanday tarixiy muhitda, nima uchun aynan shu paytda, shu ko‘rinishda sodir bo‘lganligini, bu voqea-hodisa o‘z taraqqiyotida qanday asosiy bosqichiarni bosib o‘tganligini, keyinchalik u qanday holatga tushganligini bilish tarixiylik tamoyilining asosiy talabidir. Masalan, biron davlat faoliyatiga tarixiylik nuqtai-nazaridan turib baho bermoqchi bo‘lsak, birinchidan u qachon, qanday tarixiy sharoitda paydo bo‘ldi, ikkinchidan, u o‘z taraqqiyotida qanday bosqichiarni bosib o‘tdi, uchinchidan, uning tarixiy o‘rni, mavqei qanday degan savollarga aniq javob berish zarur.
Tarixiylik uslubi xalqning o‘tmishiga, hozirgi zamoni va kelajagiga yagona tarixiy jarayon sifatida o‘tmish hozirgi zamonni tayyorlaydi, hozirgi zamon kelajakni yaratadi, degan taraqqiyot qonuni asosida qarashni talab etadi. O‘tmishni, ajdodlarimiz tarixini qanchalik mukammal o‘rgansak, anglab yetsak, hozirgi zamonni shunchalik mukammal tushunamiz, kelajakni aniq tasavvur etamiz.
To‘rtinchi tamoyil ijtimoiy yondoshuv tarixiy jarayonlami aholi barcha tabaqalarining manfaatlarini hisobga olgan holda o‘rganishni taqozo etadi. Voqealami alohidja bir ijtimoiy tabaqa-kambag‘allar, yo‘qsillar yoki mulkdor boylar nuqtai-nazaridan turib tahlil etish, yoritish, bir tomonlama yondoshuv bo‘lib, bu tarixni soxtalashtiradi, noto‘g‘ri xulosalarga olib keladi.
Ijtimoiy yondoshuv tamoyili davlat arboblarining siyosiy kuchlar, partiyalar, turli uyushmalar, ular yo‘lboshchilarining tarixiy taraqqiyot darajasiga ko‘rsatgan ijobiy yoki salbiy ta’sirini, jamiyatning u yoki bu yo‘ldan rivojlantirishdagi rolini bilib olishda muhim ahamiyatga molikdir.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda mamlakatimiz tarixini o‘rganishda Vatan manfaati, milliy qadriyatlar, an’analar, urf-odatlar, din, diniy ta’limotlar va ularning asoschilari faoliyatini yoritishda sivilizasion nuqtai-nazardan yondashmoq kerak.
Vatanimiz tarixini yaratishda, yuqorida zikr etilgan metodologik tamoyillardan tashqari faktlami taqqoslash, davrlashtirish va boshqa usullardan ham zarur.
Vatanimiz tarixini mukammal o‘rganish, tadqiq qilishda uni to’g‘ri davrlashtirish muhim ahamiyatga egadir.
Sovetlar hukmronligi davrida SSSR tarkibidagi yuzdan ortiq xalqlar tarixi, jumladan vatanimiz tarixini besh davrga bo’ldilar.

  1. Ibtidoiy jamoa tuzumi davri.

  2. Quldorlik tuzumi davri.

  3. Feodalizm tuzumi davri.

  4. Kapitalizm tuzumi davri.

  5. Sotsializm va Kommunizm davriga bo‘lindi.

Bunday davrlashtirishning maqsadi jamiyat taraqqiyoti insoniyatni albatta “Kommunizm” ga olib boradi degan g‘oyani ilgari surush va o‘tkazishdan iborat edi. Shu tufayli XX asrning oxiriga kelib insoniyat bu g‘oyani yelkasidan uloqtirib tashladi. Natijada butun dunyoda “sinfiy qadriyatlar” dan “milliy va umuminsoniy qadriyatlar” ning ustunligi e’tirof etildi.


Vatanimizning, o‘zbek xalqining boy, serko‘lam, betakror tarixi, uning o‘ziga xos va mos tarixiy taraqqiyot davri mavjud bo’lib, uni tarixnavis olimlarimiz fikriga ko‘ra quyidagi davrlarga bo‘lish joizdir.

  1. Ibtidoiy jamiyat, Qadimgi davr. noto‘g‘riligini XX asrda ko‘plab xalqlar taqdirida sinab ko’rildi. Pirovardida bu fojeali oqibatlarga olib keldi

  2. O‘rta asrlar davri.

  3. Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davri.

  4. Sovetlar istibdodi davri.

  5. Milliy istiqlol davri.


Download 54.85 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling