Kirish. Til ijtimoiy, doim o‘zgarib, rivojlanib turuvchi hodisadir. Reja: Til ijtimoiy hodisa


Download 20.28 Kb.
Sana19.04.2023
Hajmi20.28 Kb.
#1367486
Bog'liq
Kirish. Til ijtimoiy, doim o‘zgarib, rivojlanib turuvchi hodisadir.


Kirish. Til ijtimoiy, doim o‘zgarib, rivojlanib turuvchi hodisadir.
Reja:

  1. Til - ijtimoiy hodisa

  2. Til va tafakkur

  3. Til va nutq

Hali voqealanmagan imkoniyat tarzidagi, ma’lum jamiyat a’zolari uchun barobar xizmat qiluvchi ijtimoiy-ruhiy aloqa vositasi – til hisoblanadi. Demak, til jamiyatga, ya’ni odamlarning o‘zaro munosabatga kirishuviga xizmat qiladi, shuning uchun u ijtimoiy hodisa sanaladi. Til butun jamiyatga tegishli bo‘ladi. Jamiyat a’zolari yordamida shakllanib, boyib boradi. Shu bois tilsiz jamiyat, jamiyatsiz til bo‘lishi mumkin emas.


Tafakkur va til bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ijtimoiy hodisadir. Chunki inson nutqi, til vositalari bo‘lmasa fikrlash ham bo‘lishi gumon. (arabcha “tafakkur” – fikrlash degani). Til ijtimoiy hodisa bo‘lib faqat kishilik jamiyatiga xos bo‘lgani kabi tafakkur ham faqat insonlargagina xosdir. U kishining mehnat va nutq faoliyati bilan bog‘liq holda mavjud. Inson tafakkuri nutq bilan yuzaga chiqadi va uning natijalari tilda qayd etiladi. Demak, tafakkur jarayonining natijasi hamisha biror fikrdan iborat bo‘lib, bu fikr tushuncha, hukm, xulosa tarzida til vositasida namoyon bo‘ladi. Lekin tafakkur va til hodisalari o‘rtasida farq bor. Farq shundaki, tafakkur zohiriy olamning inson miyasida umumlashgan, til bilan ifodalanadigan in’ikosi. Til esa - fikrni ifodalash usuli, uni qayd etib boshqa kishilarga, avlodlarga yetkazish vositasi.
Tilshunoslik fani ikkiga bo‘linadi: 1) umumiy tilshunoslik; 2) xususiy tilshunoslik. Umumiy tilshunoslik butun dunyo tillarini o‘rganadi. Xususiy tilshunoslik faqat bitta til va uning paydo bo‘lishi, grammatik qurilishi kabilarni o‘rganadi. Tilning faqat ichki, ya’ni fonetik, leksik va grammatik tuzilishini mikrolingvistika (kichik tilshunoslik), tilning boshqa fan yo‘nalishlari bilan taqqoslangan holatini esa makrolingvistika (katta tilshunoslik) o‘rganadi.
Hozirgi kunda dunyo tillari 3000dan ortiq. Ularning barchasi insonlar o‘rtasidagi aloqa aralashuvni ta’minlash vazifasini bajaradi. Bir-biriga yaqin, umumiy jihatlari ko‘p bo‘lgan tillar qarindosh tillar, umumiy jihatlari bo‘lmagan tillar ersa qarindosh bo‘lmagan tillar hisoblanadi. Masalan, o‘zbek, qirg‘iz, qozoq, tatar, uyg‘ur, boshqird, ozarbayjon, qorajoy-bolqar, turkman, gagauz, qrim-tatar, no‘g‘ay, qo‘miq kabi tillar qarindosh tillar sanaladi. Qarindosh kishilar bir ajdoddan tarqalgani kabi, qarindohs tillar ham bir bobo tildan kelib chiqqandir. Shuning uchun dunyo tillari qarindoshligiga ko‘ra til oilalariga bo‘linadi. Yer yuzida 20ga yaqin til oilasi bor. Til oilalari bobo til nomi bilan ataladi.
20ga yaqin til oilasi ichida eng mashhur va ma’lumlari 6ta: hind-yevropa, turkiy, fin-ugor, som-xom, kavkaz, xitoy-tibet tillar oilasi.Bu til oilalari o‘z ichida til turkumlariga, ya’ni kichik guruhlarga bo‘linadi. Masalan, turkiy tillar oilasi qarluq, o‘g‘uz, qipchoq tillar guruhiga bo‘linadi.
Qarluq guruhi: o‘zbek va uyg‘ur tillari
O‘g‘uz guruhi: ozarbayjon, turkman, usmonli turk tillari
Qipchoq guruhi: qozoq, qoraqalpoq, qirg‘iz, tatar, boshqird, xakas, yoqut, chuvash tillari.
Dunyo tillari morfologik jihatdan, ya’ni tarkibidagi so‘zlarning tuzilishi jihatdan 4 guruhga bo‘linadi:
1. Amorf tillar. Tarkibidagi so‘zlar hech qanday sintaktik shakl yasovchi qo‘shimchalarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri birikadi. Xitoy, Tibet, birma, vetnam, xitoy-tibet oilasiga mansub tillar amorf tillardir.
2. Agglutinativ tillar. Har bir grammatik ma’no ma’lum bir grammatik ko‘rsatkich ya’ni alohida qo‘shimcha bilan ifodalanadi. Qo‘shimchalar, asosan, o‘zakdan keyin qo‘shiladi. Masalan: o‘rtoq\lar\im\ga\. Turkiy tillar, xususan o‘zbek tili, fin-ugor tillari, dravid, indonez, hindu, yapon va koreys tillari agglutinativ tillarga kiradi.
3. Flektiv tillar. Birdan ortiq grammatik ma’no birgina grammatik ko‘rsatkich orqali ifodalanadi: rus tilidagi книга so‘zi tarkibidagi a qo‘shimchasi jinsni (женский род), bosh kelishikni, birlik sonni bildirib kelgan. Flektiv tillarga hind-yevropa, semit, xamit tillari kiradi.
4. Polisintetik tillar. Bu kabi tillarda butun bir gap bir so‘z holida yoziladi. Polisintetik tillarga chukot tili, shuningdek, Amerikadagi ayrim hind tillari, Osiyodagi paleosiyo oilasiga kiruvchi ayrim tillar kiradi.
Hozirgi paytda ma’lum bir xalq vakillari uchun muloqot vositasi bo‘lib xizmat qilayotgan tillar tirik til hisoblanadi. Ya’ni tirik til jamiyat hayoti bilan bog‘liq bo‘ladi. Jamiyat hayotidan uzilgan, hozirgi davrda hech bir xalq uchun muomala vositasi bo‘lib xizmat qilmayotgan, lekin qoldiqlari bizgacha yetib kelgan tillar o‘lik til deyiladi. Masalan: lotin, qadimgi hind yoki Sanskrit, qadimgi slavyan, qadimgi xorazmiy, qadimgi arab, qadimgi fors, so‘g‘d tillari o‘lik tillardir.
Lotin tili qadimgi Rim imperiyasining rasmiy tili sifatida mavjud bo‘lgan. Mazkur imperiya V asrda yemirilgandan keyin bu til ham asta-sekin turli tarmoqlarga bo‘linib ketadi va natijada o‘lik tilga aylanadi. Hozirgi kunda ilmiy atamalarda lotin tili qoldiqlarini uchratish mumkin. Shuningdek, o‘rta va oliy tibbiyot o‘quv yurtlarida ham lotin tili o‘qitiladi. Til o‘lik bo‘lsa-da, yozuv saqlanib qoladi.
Qadimgi xorazmiy tili esa eroniy tillarning sharqiy turkumiga mansub bo‘lib, qadimgi Xorazm vohasining aholisi shu tilda gaplashgan. Bu til XI asrgacha muomalada bo‘lgan va keyinchalik iste’moldan chiqqan hamda o‘lik tilga aylangan.
Qadimgi sanskrit ya’ni hind tili o‘z davrida braxmanlar tili hisoblangan, ammo bu tilda aholi gaplashmagan. Shuning uchun vaqt o‘tishi bilan bu til ham o‘lik tilga aylangan.
Hali voqealanmagan imkoniyat tarzidagi, ma’lum jamiyat a’zolari uchun barobar xizmat qiluvchi ijtimoiy-ruhiy aloqa vositasi – til, shu tilning muayyan bir shaxs nutqiy faoliyatida bevosita namoyon bo‘lishi, voqealanishi – nutqdir. So‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi axborot uzatish va axborot qabul qilish faoliyatiga esa nutqiy faoliyat deyiladi. Aniqlik kiritadigan bo‘lsak, fikrimizni boshqalarga tovushlar vositasida so‘zlash va harflar vositasida yozish orqali bayon qilamiz. So‘zlash va yozish orqali faqat ma’lum fikr bayon qilishimiz nutq hisoblanadi. Nutq ikki yo‘l bilan amalga oshadi: tovushlar zanjiri asosida bayon qilingan nutq og‘zaki nutq, harflar ketma-ketligi asosida bayon qilingan nutq esa yozma nutq sanaladi.
Til va nutq garchi bi-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lsa-da, ular o‘rtasida farq bor. Til – aloqa vositasi. U - ma’lum xalq tomonidan ishlatiladigan, uzoq tarixga ega bo‘lgan ijtomiy hodisa. Nutq esa shu tilning ma’lum paytda va ma’lum o‘rinda namoyon bo‘lishidir. Ya’ni tilning amalga oshgan shakliga nutq deyiladi.
Olimlar til va nutq tushunchasini shaxmat o‘yiniga qiyoslaydi. Shaxmat taxtasi, donalari, shaxmat o‘yini qoidalari tilga qiyoslansa, har bir shaxmatchining o‘yin uslubi nutqqa o‘xshatiladi.
Shveysariyalik olim Ferdinand de Sossyur til va nutqning bir-biriga qarama-qarshi tomonlarini isbotlagan: til – umumiy, nutq – xususiy; til – imkoniyat, nutq – voqelik, til – mohiyat, nutq – hodisadir. Olimning fikricha, nutq faollashgan, bevosita yuzaga chiqqan til sanaladi.
Til bilan nutqni qiyoslash orqali ularning quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarini ajratish mumkin:
1. Til aloqa materiali bo‘lsa, nutq aloqa shakldir
2. TIlni xalq, millat yaratadi, nutqni esa har bir shaxs yaratadi
3. Tilning hayoti xalq, millatning hayotiga bog‘liq holda uzoq bo‘ladi, nutqning hayoti esa qisqa, xususan, og‘zaki nutq so‘zlangan paytdagina mavjuddir. Ammo yozma nutq nisbatan uzoq davr saqlanishi mumkin.
4. Til nisbatan turg‘un, barqaror bo‘lsa, nutq doim harakatda bo‘lib, o‘zgaruvchan hodisa hisoblanadi.
5. Tilning hajmi noaniq, nutqning hajmi esa aniq. Chunki nutq dialog (ikki kishining suhbati), monolog (yakka shaxsning nutqi), polilog (ko‘pchilikning nutqi) shaklida bo‘lishi mumkin.
Tilning umri uni yaratgan xalq umridek uzoq, nutq esa yakka shaxsga tegishli bo‘lgani uchun umri esa, shuning uchun til – umumiy, nutq – xususiy.
Nutqiy faoliyat – tilning ijtimoiy vazifasidir, ya’ni til nutq sifatida kishilar o‘rtasida aloqa, fikrlashish, so‘zlashishni amalga oshirishda yaqqol ko‘rinadi. Nutqiy faoliyat kishilarning bir-birlariga tushunarli bo‘lgan til vositasida o‘zaro fikr almashishlari, nutqiy aloqaga kirishishlaridir. Bu jarayon ikki shaklda amalga oshadi: og‘zaki va yozma.
Og‘zaki nutqning ikki turi mavjud: oddiy so‘zlashuv nutqi va adabiy so‘zlashuv nutqi. Oddiy so‘zlashuv nutqi tabiiy nutq sifatida namoyon bo‘lib, unda shevaga xos so‘zlar, oddiy kundalik turmushda ishlatiluvchi erkin so‘zlashuv ko‘rinishlari aks etadi. Adabiy so‘zlashuv nutqi esa adabiy til me’yorlariga amal qilgan holda gapirishni taqozo etadi.
Yozma nutq og‘zaki nutqdan so‘ng yozuv ta’sirida paydo bo‘lgan bo‘lib, adabiy tilning imloviy, punktuatsion, uslubiy qonun-qoidalariga bo‘ysunuvchi grafik shaklidir. Yozma nutqning ma’no gapda turli xil tinish belgilari orqali ajratib ko‘rsatiladi. Shunisi ahamiyatliki, yozma nutq og‘zaki nutq kabi kishilar o‘rtasidagi bevosita aloqa bositasi emas, u boshqa joyda va zamonda (kelgusi davrda) yashovchi kishilar bilan aloqa bog‘lash vositasidir.
Og‘zaki va yozma nutq ko‘rinishlari ifoda maqsadi, qurilishi, hissiy-ta’siriy vositalari bilan farqlanadi. Yozma nutqning uslubiy turlari so‘zlashuv, ilmiy, badiiy, ommabop, rasmiy-idoraviy uslubda aks etadi.
Download 20.28 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling