Korrupsiyaga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlik va hamjihatlik zarur


Download 73.03 Kb.
Sana26.05.2020
Hajmi73.03 Kb.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlik va hamjihatlik zarur

 02/02/2018




Share on FacebookShare on TwitterShare on Telegram

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respub­lika idoralararo komissiyasi hamkorligida o‘tkazilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirish” mavzusidagi davra suhbatida bu haqda alohida ta’kidlandi.

Korrupsiya xalqning davlat va uning organlariga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi, jamiyatning axloqiy asoslarini yemiradi, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning vujudga kelishi va chuqurlashishiga sabab bo‘ladi. Agar biror soha jadal rivojlanmayotganining sabablari xolis va chuqur o‘rganilsa, ulardan biri, albatta, korrupsiya ekanligi ma’lum bo‘ladi. Tan olish kerakki, jamiyatimizda mazkur illat yillar davomida tomir otganligi xususida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev deyarli har bir chiqishlarida bizlarni bot-bot ogohlikka chorlayotganligi bejiz emas. Tan olaylik, ilgari yurtimizda ana shu og‘riqli muammo xususida deyarli so‘z ochilmas, go‘yoki bu mavzu “yopiq” edi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yil o‘z saylov­oldi ma’ruzalaridan biridayoq bu muammoga alohida diqqat qaratib, “bugungi kundagi yana bir ustuvor vazifamiz – mamlakatimiz rivojiga to‘siq bo‘layotgan yovuz illat, ya’ni korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarlikning oldini olish masalalarini samarali hal etishdan iborat”, deya ta’kidlagan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, o‘tgan yili davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Prezidentimizning “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi” tasdiqlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. E’tiborlisi, yurtboshimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham korrupsiyaga qarshi ta’sirchan mexanizmlarni  qo‘llash muhimligini yana bir karra qayd etdi. Binobarin, davlatning mazkur illatga qarshi kurashishi bo‘yicha talay samarador vazifalar belgilanib, ularni amalga tatbiq qilish uchun Prezidentimiz bosh­chiligida tizimli ishlar olib borilyapti. Biroq bu borada ko‘zlangan maqsadlarni faqatgina davlatning o‘zi to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqarishi mushkul. Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashishda jamiyatning barcha sa’y-harakatlarini birlashtirish, aholi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining davlat idoralari bilan hamkorlikda ish olib borishi, huquqiy targ‘ibot samaradorligini oshirishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Zero, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini mustahkamlash korrupsiya oldi olinishining muhim shartlaridan biridir. Shu o‘rinda aytish kerakki, siyosiy partiyalar orasida faqatgina O‘zLiDePning saylovoldi dasturida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yi­cha aniq vazifalar bayon qilinganligi ham e’tiborga molik. Chunki partiyamiz asosiy elektorati – tadbirkorlar, ishbilarmonlar, fermerlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari vakillarining emin-erkin faoliyat yuritishiga ham ana shu dahshatli balo – korrupsiya salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Shu bois Harakatlar strategiyasida mazkur yo‘nalishda belgilangan vazifalarni amalga oshirish, yuqorida tilga olingan qonun va qaror ijrosini ta’minlashda faol qatnashish, saylovchilarga bu borada berilgan va’dalarni bajarish O‘zLiDeP faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Davra suhbatida bu borada mas’ul idoralar va jamoat tashkilotlari, bir so‘z bilan aytganda, keng jamoatchilik oldida turgan muhim vazifalar xususida mufassal so‘z yuritildi.


O‘ttizdan ziyod davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan mazkur tadbirda dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz a’zosi Shuhrat Sharofutdinov so‘z oldi.

– Xalqimizning tom ma’nodagi adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun nafaqat mas’ul idoralar, balki har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi zarur, – dedi  partiyamizdan saylangan deputat. – Buning uchun yurtdoshlarimizda korrupsiyaga, umuman, har qanday qonunbuzarlikka nisbatan murosasizlik kayfiyati shakllanishi talab qilinadi. Chunki qonunbuzarliklar sodir etilishiga ko‘pincha odamlardagi loqaydlik, ayniqsa, o‘z haq-huquqini bilmaslik ham sabab bo‘lyapti. Barchaning yakdilligi, yurt taqdiriga daxldorlikni his etgan holda hamjihatlikda ish olib borishi illatlarning batamom barham topishiga xizmat qiladi. Bunga erishish uchun esa davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bir yoqadan bosh chiqarib, astoydil ishlashlari zarur.

 

Bosh prokuratura Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, Korrupsiyaga qarshi kurashish respublika idoralararo komissiya­sining Ekspert guruhi rahbari Bahrom QOBILOV, jumladan, shu paytgacha davlat organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning aniq huquqiy mexanizmlari yaratilmagani natijasida korrupsion holatlarni keltirib chiqaruvchi vaziyatlar ko‘payayotgani va mansabdor shaxslar faoliyati xolisona baholashga va ularga berilgan vakolatlari bilan foydalanishini xolisona baholashga xalaqit berishini qayd etdi.

– Tilga olinayotgan ijtimoiy sheriklik samaradorligini oshirish uchun bir necha muhim vazifalarni amalga oshirish kerak, – dedi ma’ruzachi. – Avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikning o‘ziga xos xususiyatlari va mohiyatini ochib berish hamda ushbu sohada tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash kerak. Shuningdek, bu borada Korrupsiyaga qarshi kurashish respublika idoralararo komissiyasi va O‘zLiDeP ishtirokida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida fikr almashish uchun doimiy maydon yaratish, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda ijtimoiy sheriklik mexanizmlaridan keng foydalanish, jumladan, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida kelishuv va shartnomalar tuzilishining asosiy yo‘nalish­larini belgilash maqsadga muvofiq.

Bosh prokuratura vakili 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ayrim ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Dasturning birinchi yo‘nalishi – korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha qabul qilinishi belgilangan 9 ta qonun loyihasi va 1 ta milliy dastur ishlab chiqilib, shuningdek, 2018 yil boshida Prezident tomonidan 3 ta qonun imzolandi va kuchga kirdi, 4 tasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilingan. 2 ta qonun loyihasi bugungi kunda vazirlik va idoralarda ko‘rib chiqilmoqda. Dasturning ikkinchi yo‘nalishi, ya’ni aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish, ushbu illatga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, uning sodir qilinishiga imkon beruvchi sabablarni bartaraf etishga qaratilgan 5 mingdan ortiq uchrashuv, seminar va davra suhbatlari o‘tkazildi.


Aynan prokuratura organlari tomonidan aholi, davlat organlari xodimlari hamda tadbirkorlar o‘rtasida 850 ta seminar, davra suhbati va boshqa tadbirlar tashkil etildi.

– Demokratik davlat fuqaro ustidan bosim o‘tkazadigan emas, aksincha, uning kons­titutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishga xizmat qiladigan ijtimoiy institutdir, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Shuhrat Bafayev. – Shu bois mamlakatimizda Prezidentimizning bevosita tashabbusi va rahbarligida Harakatlar strategiyasi doirasida davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish ustuvor yo‘nalish bo‘lib, bunda boshqaruv tizimini tubdan isloh etish, davlat apparatining fuqarolar bilan muloqotida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishga aholining keng qatlamlarini jalb etish, qonunlarning mazmun va mohiyatini aholiga yetkazish kabi masalalar bilan bir qatorda davlat organlarining faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish hozirgi islohotlarning dolzarb masalalaridan biriga aylangan. Korrupsiyaning oldini olish borasida davlat organlariga murojaatlar va so‘rovlarni kiritish, jamoatchilik muhokamasi, jamoatchilik eshituvlari, jamoatchilik ekspertizasi, jamoatchilik monitoringi, aholining ijtimoiy fikrini o‘rganish kabi usullar ijobiy natija berishi shubhasiz. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘­yicha maslahat kengashi jamoat nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan va amaliy mexanizmlarini joriy etish jarayonini jadallashtirishga xizmat qiladi.




Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fik­rini o‘rganish markazi direktori o‘rinbosari Marat HOJIMUHAMEDOV davra suhbati ishtirokchilariga monitoring tarzida o‘tkazilgan “Korrupsiyaga qarshi kurash jamoatchilik fikri ko‘zgusida” so‘rovlari natijasi xususida ma’lumot berdi. O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, fuqarolarning aksariyati — 91,5 foizi Prezidentimiz rahbarligida korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan siyosatning asosiy yo‘nalishlari, tamoyillarini to‘la ma’qullayapti. Shuningdek, yurtdoshlarimizning ko‘pchiligi mazkur muammo mohiyatini to‘g‘ri anglab, korrupsiya ba’zi sohalargina emas, balki butun mamlakatimiz salohiyati va taraqqiyotiga putur yetkazadi, deb hisoblamoqda. Respondentlarning fikricha, ayrim fuqarolarning o‘zi qandaydir masalani hal qilib berish evaziga amaldorlarga pora va boshqa turdagi “mukofot”larni taklif qilib, ularni qonunbuzarlikka undayaptiki, bu esa  huquqiy madaniyatning sustligidan darak beryapti. So‘rovlar qatnashchilarining 66 foizi bundan buyon korrupsionerlarni muqarrar jazo kutayotganiga amin ekanliklarini bildirishdi. Shunisi diqqatga sazovorki, savol-javoblar ishtirokchilarining kattagina qismi korrupsiyaga qarshi kurashish, nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki butun xalqning, jamiyatning muhim vazifasi ekanini ma’lum qildi.

Korrupsiyani vujudga keltiruvchi asosiy omillar sifatida esa fuqarolik jamiyatining yetarli darajada takomillashmagani, mansabdor shaxslar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining zaifligi tilga olindi. Xullas, mamlakatimizning barcha hududlaridagi qator sohalar va ijtimoiy qatlamlar, turli yosh va jins vakillari munosabatini atroflicha o‘rganish natijalari yurtboshimiz tashabbusi bilan korrupsiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar xalqimizda teran xayrixohlik uyg‘otayotganini ko‘rsatdi.

— Davlat organlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi korrupsiyaga qarshi kurashishda ulkan imkoniyatlar yaratadi, — dedi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Zikrillo MAHMUDOV. — Fikrimning tasdig‘i sifatida e’tiboringizni quyidagi raqamlarga qaratmoqchiman: O‘zbekistonda 2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, adliya organlarida 9 235 ta nodavlat notijorat tashkilot va 2 245 ta diniy tashkilot ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shu bilan birga 231 ta doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi, 8973 ta mahalla fuqarolar yig‘ini ham hisobga olingan. Bundan tashqari, kasaba uyushmalarining 130 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkiloti mavjud. Ana shu va boshqa talay omillardan kelib chiqqan holda har bir davlat organi huzurida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jamoatchilik kengashlarini tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Ular tarkibiga tegishli davlat organi rahbari, uning o‘rinbosarlari, kadrlar noziri, nazorat va tahlil vazifasi yuklatilgan tarkibiy bo‘linma rahbari hamda uzoq yillik tajriba va malakaga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linma rahbarlari, boshqa xodimlar, shuningdek, hamkor NNT vakillari hamda tizimdagi kasaba uyushmasi faollari kiritilishi lozim. Tashkil qilinadigan jamoatchilik kengashi korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tizimda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilashga, bu borada boshqa idoralar bilan muntazam hamkorlik qilishga ko‘maklashish, tizim xodimlarining faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan takliflar ishlab chiqishni muvofiqlashtirish va shu singari boshqa ko‘plab ishlar bilan shug‘ullanadi. Jamoatchilik kengashi yillik ish rejasiga asosan o‘z vazifalarini amalga oshiradi. Har yarim yilda yig‘ilish o‘tkazilib, rejalar ijrosi, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tayyorlangan navbatdagi chora-tadbirlar va takliflar muhokama etiladi, tegishli qarorlar qabul qilinadi.

– Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2003 yili qabul qilingan korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi talablarini mamlakatimiz qonunchiligida qadamma qadam implementatsiya qilish maqsadga muvofiq, – dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish respublika idoralararo komissiyasi Ekspert guruhi a’zosi Nodira ZIKRILLAYeVA. – Birinchi navbatda jamiyatda oshkoralikka erishish, fuqarolarni qonunlar qabul qilish jarayonidagi ishtirokini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Aholiga ochiq-oshkora ma’lumotlarni yetkazish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida tadbirlar uyushtirish, ta’lim muassasalarida ushbu mavzuga o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, o‘quv dasturlarida korrupsiyaga qarshi mavzularni yanada kuchaytirish lozim. Korrupsiyaning salbiy oqibatlari ommaviy axborot vositalarida keng targ‘ib qilinishi ham yoshlarni haqiqatparvarlik ruhida tarbiyalashga yordam beradi. Shuni unutmaslik zarurki, bugungi kunda fuqarolarning huquqiy savodxonlik darajasi pastligi korrupsiyaning kelib chiqishini asosiy omillardan biri bo‘lmoqda.



 

 Davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida o‘zaro muloqotning sustligi va huquqiy himoyaga ikkinchi darajali masala sifatida qaralayotgani korrupsiyaning kengayishiga olib keladi. Bunday vaziyatda davlat organlari (biznes ombudsman) va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish institutlari aholini huquqiy jihatdan himoya qilishning turli usullarini amalga tatbiq etishi lozim. Shu o‘rinda korrupsiyaga qarshi kurashishning uchta asosiy qoidasini ajratib ko‘rsatish mumkin. 1)  korrupsiya va uning oqibatlari xavfliligi haqida jamoatchilikni xabardor qilish; 2) korrupsiyadan ogohlantirish va korrupsiyaning oldini olish (samarali boshqarish); 3) qonun ustuvorligi va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish.



Davlat organlari va fuqarolik jamiyatining tuzilmalari faoliyati ushbu strategiyaga muvofiq ikkita asosiy yo‘nalishda amalga oshirilishi kerak: 1) shunday qonun hujjatlarini yaratish kerakki, ularning ijrosi so‘zsiz ta’minlansin va korrupsiyaga sabab bo‘luvchi holatlar eng minimallashtirilgan bo‘lsin; 2) korrupsiyaning oldini olish hamda ushbu jarayonga jamoatchilikni kengroq jalb etish uchun shart-sharoit yaratish, ayniqsa, jamoatchilik ishtirokini rag‘batlantirish va uning samaradorligini oshirish kerak. Biz ana shundagina kerakli natijaga erishamiz.

Davra suhbati korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va fuqarolik jamiya­ti institutlari o‘rtasida fikr almashish uchun navbatdagi munozara maydonchasiga aylandi. Tadbir yakunlari bo‘yicha O‘zLiDeP va Korrupsiyaga qarshi kurashish respublika idoralararo komissiyasining ijtimoiy sheriklik doirasida “yo‘l xaritasi” loyihasi tayyorlandi. “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ustida ish olib borish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish bo‘yicha jamoat kengashlarini tuzish jarayonida asqotadigan takliflar ishlab chiqildi. Bu kabi amaliy ishlar O‘zLiDePning davlat tuzilmalari bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish kabi strategik muhim vazifani amalga oshirishga qo‘shgan salmoqli hissasi bo‘ladi, albatta.
Download 73.03 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling