Mamlakatimizni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatining kuchaytirilishi


Download 89.5 Kb.
Sana26.09.2020
Hajmi89.5 Kb.
#131316
Bog'liq
FUQAROLIK JAMIYATINING INSTITUTE SIFATIDA FUQAROLARNING O`ZINI O`ZI BOSHQARISH ORGANLARI QANDAY FUNKSIYALARNI BAJARADI


FUQAROLIK JAMIYATINING INSTITUTE SIFATIDA FUQAROLARNING O`ZINI O`ZI BOSHQARISH ORGANLARI QANDAY FUNKSIYALARNI BAJARADI
REJA:



  1. FUQAROLIK JAMIYATI INSTITUTLARI TUSHUNCHASI, UNING MA’NO VA MAZMUNI.


  2. KO‘PPARTIYAVIYLIK – DEMOKRATIK JAMIYAT BARPO ETISHNING MUHIM SHARTI.


  3. MAMLAKATIMIZNI DEMOKRATIK YANGILASH JARAYONIDA FUQAROLIK INSTITUTLARINING ROLI VA AHAMIYATINING KUCHAYTIRILISHI.


  4. AXBOROT ERKINLIGINI TA’MINLASH TUSHUNCHASI, MAZMUN-MOXIYATI, AXBOROT RESURSLARIDAN FOYDALANISH MEHANIZIMLARINI RIVOJLANTIRISH.

Fuqarolik institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hozirgi kunda demokratik qadriyatlar, inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim omiliga aylanmoqda, fuqarolarning o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishi, ularning ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligi va huquqiy madaniyatini oshirish uchun sharoit yaratmoqda, jamiyatda manfaatlar muvozanatini ta’minlashga ko‘maklashmoqda”.



Islom Karimov
Kalit so‘zlar: fuqarolik jamiyati, fuqarolik institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat tashkilotlari, ko‘ppartiyaviylik, siyosiy partiyalar, assotsiatsiyalar, uyushmalar, markazlar, milliy-madaniy markazlar, klublar, jamg‘armalar, ijtimoiy sheriklik, kuchli davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, siyosiy partiyalar fraksiyalari,



    1. savol. Fuqarolik jamiyati institutlari tushunchasi, uning ma’no va mazmuni.

O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi – erkin bozor munosabatlariga asoslangan ochiq, huquqiy demokratik davlat qurish, adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, odamlar turmush darajasini taraqqiy etgan davlatlar darajasiga ko‘tarish, mamlakatimizni jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashidan iboratdir.

Fuqarolik jamiyati muayyan hududda yashovchi, erkin va ozod kishilardan iborat aholi, millat va xalqning yashash tarzini anglatadi. Fuqarolik jamiyati demokratiyaga asoslangan davlatchilik sharoitida shakllanadigan va rivojlanadigan ijtimoiy muhitdir. Fuqarolik jamiyati shunday ijtimoiy muhitki, bunda fuqarolar o‘zaro hamkorlik asosida ijtimoiy va boshqa ehtiyojlarini qonuniy ravishda o‘zlari qondirib boradi.

Fuqarolik jamiyati shakllanishining umumiy jihatlarini quyidagilar tashkil qiladi: birinchisi – xususiy mulkchilik. Rivojlangan demokratik davlatlarda aholining aksariyati xususiy mulk egalari hisoblanadi. O‘rta mulkdorlar sinfi – jamiyat umumiy aholisining ko‘pchiligini tashkil qiladi. Binobarin, xususiy mulk – fuqarolik jamiyati shakllanishi va funksionallashuvining dastlabki va muhim asosi sanaladi.

Fuqarolik jamiyati amal qilishining ikkinchi muhim omili erkin bozor iqtisodiyotidir. Erkin bozor iqtisodiyoti sharoitidagina xususiy tadbirkorlik, ishbilarmonlik faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratilishi mumkin.

Fuqarolik jamiyatining uchinchi muhim belgisi quyidagilardan iborat: har qanday demokratik davlat fuqarolarning ehtiyojlari va manfaatlarini yuqori darajada qondirib borishni nazarda tutadi. Ammo hozirgi zamonning o‘ta murakkab ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi sharoitida davlat tashkilotlarining fuqarolar ehtiyojlari va manfaatlarini aniqlash, ulardan xabardor bo‘lish imkoniyati tobora qiyinlashib bormoqda. Bu muammoni bartaraf etishning yagona yo‘li – davlat tashkilotlarining jamiyat hayotini boshqarib borishdagi ko‘plab funksiyalarini bosqichma-bosqich nodavlat tashkilotlar, birlashmalarga ya’ni fuqarolik jamiyati institutlariga o‘tkazish hisoblanadi.

O‘zbekistonda jamiyat hayotini demokratlashtirish hamda fuqarolik jamiyatini barpo etishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va roli beqiyos darajada kattadir. Bu institutlar - ko‘ngilli ravishda tuzilgan, jamiyat hayotining barcha sohalarida amal qiladigan nodavlat tipidagi tuzilmalar (birlashmalar, tashkilotlar, assotsiatsiyalar, uyushmalar, markazlar, klublar, jamg‘armalar va b.)ning faoliyatini o‘zida mujassamlashtiradi. Mazkur tuzilmalar jamiyat hayotining barcha sohalarida faoliyat ko‘rsatadi. Ular faoliyatining kuchayishi, o‘z navbatida, fuqarolik jamiyatining qay darajada amal qilishini bildiradi.

O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari sifatida faoliyat ko‘rsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari, turli sohalar bo‘yicha markazlar, jamg‘armalar, assotsiatsiyalar, siyosiy partiyalar, harakatlar, diniy tashkilotlar bo‘lib, ular, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati shakllanishi va rivojlanishining muhim shartidir. Ular, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda, hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o‘tib borish jarayonida, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy manfaatlarini, qiziqishlarini qondirib borishda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda jamoat birlashmalarining roli kattadir.

Fuqarolik jamiyatiga yaqinlashgan sari boshqaruvning ko‘plab funksiyalari davlat tasarufidan o‘z-o‘zini boshqaruv tizimiga o‘tib boradi. Aholining turli qatlamlari, ayrim olingan shaxs muayyan nodavlat va jamoat tashkiloti orqali jamiyat boshqaruvida faol qatnashadi. Shu asnoda jamiyat o‘zini o‘zi boshqarib boradi. Bu jarayonda qaysidir shaxs, hokim yoki rahbar xohish-irodasi, hukmronligi yoki muruvvati bilan emas, balki demokratiyaga asoslangan, fuqarolarning yuksak huquqiy madaniyati, dunyoqarashi ustuvor bo‘ladi va har qanday ijtimoiy faoliyat asosini tashkil qiladi.

Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining asl mohiyati: unga a’zo bo‘lgan kishilar, shaxs, ijtimoiy guruhlar, kasb–kor egalarining tub manfaatlarini, hayotiy ehtiyojlarini, amal qilish mazmuniga mos holda qondirib borishdan iboratdir. NNTlarning har qanday faoliyati, o‘tkazadigan ommaviy tadbirlari ana shu maqsadga qaratiladi.

Hozirda, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining shakllanishi va rivojlanishi uchun qulay ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy-moliyaviy shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishdan asosiy maqsad jamiyat a’zolarining manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash va himoya qilishdan iborat. Fuqarolik jamiyati institutlari o‘z mohiyatiga ko‘ra, fuqarolarning o‘zligini anglashga, ijtimoiy munosabatlarda o‘zini o‘zi boshqarishga qaratilgan, ixtiyoriy tarzda birlashgan, muayyan bir maqsadga erishishni nazarda tutgan nodavlat tipidagi tashkilotlardir.

Fuqarolik jamiyati institutlari sifatida faoliyat ko‘rsatadigan nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoat birlashmalari o‘z mohiyatiga ko‘ra davlat muassasalaridan farq qiladi. O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonuni 2-moddasida “nodavlat notijorat tashkiloti” tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan: “Nodavlat notijorat tashkiloti – jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) o‘z qatnashchilari (a’zolari) o‘rtasida taqsimlamaydigan o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotidir” 1.

“Nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, boshqa demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishish, ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarni qondirish, xayriya faoliyatini amalga oshirish uchun hamda boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarda tuziladi” 2.

Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari 3-sektor deb ham yuritiladi. 1-sektor davlatga qarashli bo‘lgan muassasalar(masalan, umumta’lim maktablari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalari kabilar shular jumlasidandir), 2-sektor esa turli ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatuvchi davlat va nodavlat tashkilotlari(masalan, birlashmalar, kichik va o‘rta biznes, hususiy korxonalar shular jumlasidandir), hisoblanadi. Bunga yirik sanoat korxonalaridan tortib o‘rta va kichik korxonalar, kichik, o‘rta biznes va tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi turli xususiy korxona va tashkilotlar kiradi.

Nodavlat va jamoat birlashmalari o‘zini o‘zi boshqarish organlari sifatida fuqarolar manfaatlarini himoya qiladi. Kishilar o‘z qiziqish va manfaatlarini individual holda emas, balki fuqarolik institutlari orqali amalga oshirishi mumkin. Fuqarolar o‘z manfaatlarini qonun ustuvorligiga asoslangan tarzda himoya qila olsagina hayotdan qoniqib yashaydi, o‘zi yashayotgan jamiyatni adolatli deb biladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda ijtimoiy adolat tamoyilining ijtimoiy hayotning barcha sohalarida to‘liq amal qilib borishida nodavlat va jamoat birlashmalarining roli beqiyosdir. Aynan mana shu nodavlat va jamiyat tashkilotlari O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati shakllanishining asosi bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois, Prezident Islom Karimov: “Ochiq va kuchli fuqarolik jamiyatini bugungi kunda aholining turli ijtimoiy guruhlari va keng qatlamlari manfaatlarini ifoda etadigan mustaqil va barqaror nodavlat notijorat tashkilotlar, erkin ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlangan tizimisiz tasavvur etib bo‘lmaydi,” 3 – deb bejiz aytmagan.

Yuqorida bildirilgan fikr-mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, nodavlat va jamoat tashkilotlarining faoliyati jamiyatda qanchalik yuqori darajada bo‘lsa, fuqarolarning ulardagi ishtiroki qanchalar faollashsa, shunga mos ravishda ijtimoiy adolat tamoyillari ham to‘laroq amal qilib boradi.

Fuqarolik jamiyati ko‘ngilli ravishda tuzilgan, jamiyat hayotining barcha sohalarida amal qiladigan nodavlat tipidagi tuzilmalar -birlashmalar, tashkilotlar, assotsiatsiyalar, uyushmalar, markazlar, klublar, jamg‘armalar va b.)ning faoliyati darajasi bilan belgilanadi. Mazkur tuzilmalar ijtimoiy munosabatlarning iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, ma’naviy, diniy, ta’lim-tarbiya va turmush tarzi kabi sohalarida faoliyat ko‘rsatadi. Ular faoliyatining kuchayishi, o‘z navbatida, fuqarolik jamiyatining qay darajada amal qilishini bildiradi. Ushbu tashkilotlarning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, ular davlat tomonidan emas, balki fuqarolarning o‘zlari tomonidan tashkil qilinadi va mavjud qonunlarga amal qilgan holda davlat tashkilotlari tasarrufidan xoli ravishda faoliyat yuritadi.

Fuqarolik jamiyati institutlari davlatga qarashli bo‘lmagan, ammo ma’lum qonun-qoidalar va me’yoriy hujjatlarga bo‘ysungan holda faoliyat ko‘rsatadigan tuzilmalar, ya’ni nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari, siyosiy partiyalar, jamoat fondlari kabilarni o‘z ichiga oladi. Ular quyidagi guruhlarga bo‘linadi:

1) aholining ayrim yoki muayyan yirik toifalarining ijtimoiy manfaatlarini ko‘zlab ishlashga ixtisoslashgan, hukumatga qarashli bo‘lmagan umummilliy tashkilotlar. Bunday tashkilotlar jumlasiga “Mahalla”, “Nuroniy” jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nogironlar” uyushmasi, “O‘zbekiston ekologik harakati”, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati kabi tuzilmalar kiradi;

2) ixtisoslashgan milliy va xalqaro jamg‘armalar: “Ekosan”, “Sog‘lom avlod uchun”, “Amur Temur”, “Matbuotni demokratlashtirish va qo‘llab-quvvatlash”, “Orolni qutqarish” jamg‘armalari, “Markaziy Osiyo mamlakatlari madaniyat va fan arboblari anjumani” singari tashkilotlar;

3) hukumatga qarashli bo‘lmagan huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar: Shaxs huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Inson huquqlari va gumanitar huquqni o‘rganish markazi, Inson huquqlarini himoya qilish milliy markazi, Huquqiy yordam ko‘rsatish jamiyati va boshqalar;

4) ijodkor ziyolilarning milliy jamoat tashkilotlari: yozuvchilar, rassomlar, bastakorlar, arxitektorlar, kinematograflar, shuningdek, sudyalar va advokatlarning jamoat uyugmalari;

5) milliy madaniyat markazlari. Ular O‘zbekistonda yashovchi milliy (ozchilikni tashkil etuvchi) jamoalar vakillarining madaniyati, ma’naviyati, urf-odatlarini saqlab qolish va avloddan-avlodga yetkazib berish maqsadida tuzilgan tashkilotlar sanaladi. Respublikamizda hozirgi paytda 27 millat vakillari tomonidan tuzilgan 150ga yaqin milliy-madaniy markaz (MMM)lar faoliyat olib bormoqda;

6) umummilliy jamiyatlar va jamg‘armalar: Bolalar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini ijtimoiy himoya qilish, Talabalar jamg‘armalari, “Mehr nuri” jamg‘armasi kabilar;

7) ijtimoiy ahamiyat va ijodiy qiziqishlar bilan bog‘liq, asosan, ekologiya masalalari bo‘yicha mahalliy birlashmalar: sayyohlik va badiiy havaskorlik klublari, nogiron bolalar ota-onalarining birlashmalari;

8) jamoat muassasalari: “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi, Jurnalistlarni tayyorlash xalqaro jamoatchilik markazi singari hukumatga qarashli bo‘lmagan ijtimoiy muassasalar shular jumlasidandir.

Fuqarolik jamiyatining asosiy tamoyillari nodavlat va jamoat birlashmalari orqali shakllanadi. Pirovardida, jamiyat hayotida avtoritar va totalitar boshqaruvga xos xususiyatlar barham topib boradi. Shu o‘rinda fuqarolik jamiyati institutlarining davlat muassasalaridan farqlanuvchi xususiyatlariga e’tibor qaratish lozim.

Davlat muassasalarida xodimlar muayyan tartib-qoidalarga bo‘ysungan holda, ma’muriy yo‘riqnomalar, buyruq va talablar asosida faoliyat yuritadi. Bizningcha, subordinatsiya (o‘zidan yuqori turgan xodimlar, rahbarga qat’iy bo‘ysunish qoidasi – K.Yu.) shaxsning erkin faoliyat ko‘rsatishini muayyan tarzda cheklaydi. Davlat muassasalarida ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan boshqaruv shaxs faolligi, tashabbuskorligiga to‘siq bo‘ladi. Demokratik tamoyillarga asoslangan, liberal, ochiqko‘ngil, har qanday individualizm, volyuntarizm va sub’ektivizmdan xoli, adolatli, tanqidga bardoshli, har bir masalaga xolis yondashuvchi rahbarni har bir tashkilot yoki muassasada uchratish qiyin.

Fuqarolik jamiyati institutlari esa o‘zlarining mohiyatiga ko‘ra, davlat tashkilotlaridan farq qiladi va ularga ijtimoiy konstruktivlik, ya’ni jamiyat oldida turgan vazifalarni hal etishga yo‘nalganlik xosdir. Bunday jamoat tashkilotlari ma’lum bir ijtimoiy makon – jamiyatda tashkil topadi. Bu esa ularning ushbu hududning tarkibiy qismi, instituti ekanligini anglatadi. Modomiki, jamiyat tub o‘zgarishlarga yuz tutgan ekan, fuqarolik jamiyati institutlari ushbu jarayonlardan chekkada tura olmaydi. Shu ma’noda, ular jamiyat muammolarini bartaraf etishda faol ishtirok etadi.

Ularning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • milliy qadriyatlarimizni dunyo hamjamiyatiga targ‘ib qilish;


  • yurtimizga qarshi qaratilgan, jamiyatimiz hayotiga tahdid soluvchi buzg‘unchi, yot g‘oyalar, g‘oyaviy va axborot xurujlari, ularning ortida turgan kuchlarning g‘arazli maqsadlarini fosh qilish, odamlarni hushyorlik va ogohlikka da’vat etish, diniy ekstremizmga qarshi kurashish yuzasidan olib boriladigan ma’naviy-ma’rifiy ishlarda faol ishtirok etish;


  • yangidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan, chetdan g‘arazli maqsadlar bilan hayotimizga suqilib kirishga yo‘naltirilgan turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi aholining turli qatlamlari o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish;


  • yoshlar ijodini rag‘batlantirishga, rivojlantirishga qaratilgan faoliyat ko‘rsatish;


  • kadrlar tayyorlash milliy dasturida ko‘zda tutilgan asosiy maqsadlar, yoshlar orasida komil axloq, o‘zaro insoniy munosabatlar, mehr-muruvvat, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglikni keng targ‘ib etish, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarini olib borish;


  • Aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda jismonan baquvvat avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilgan tadbirlarni amalga oshirishda faol ishtirok etish;


  • Vatan ozodligi yo‘lida kurashib, jon fido qilgan buyuk ajdodlarimizning ibrati, o‘tmish saboqlari, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar tahlili asosida odamlar qalbida milliy g‘urur va hech qachon hech kimga qaram bo‘lmaslik tuyg‘usini kamol toptirish kabilar shular jumlasidandir.


Fuqarolik jamiyatini o‘rganish instituti tomonidan aniqlanishicha, hozirda O‘zbekistonda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarining 40 foizi – ijtimoiy-iqtisodiy qonunlarni himoya qilishga, 14,2 foizi – ayollar va yoshlar muammolarini hal etishga, 13,6 foizi – sog‘liqni saqlash, ta’lim, ekologiya sohasiga, 12 foizi esa boshqa ijtimoiy ahamiyatga molik vazifalarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.4

2005 yilning may oyida O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan 150 ga yaqin NNT vakillari tashabbusi bilan O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assosatsiyasi tashkil etilgan bo‘lib, ayni paytda, ushbu tashkilot 450 dan ortiq NNTlarni o‘zida birlashtirgan.

XXI asrning ikkinchi o‘n yilligi boshida qator arab (Misr Arab Respublikasi, Tunis, Suriya, Yaman, Liviya, Bahrayn, Sudan kabi) mamlakatlarida ijtimoiy noroziliklar, xalq chiqishlari avj olib, ularning ba’zilarida fuqarolik urushi natijasida minglab kishilar qurbon bo‘ldi. Bizningcha, bu voqealar shu mamlakatlarda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining cheklanganligi, aholi turli qatlamlarining ijtimoiy, ma’naviy, huquqiy va boshqa manfaatlari hamda ehtiyojlarini qondirilmaganligi oqibatida yuz bermoqda. Shu o‘rinda aytish lozimki, demokratiya fuqarolik jamiyatining nafaqat birlamchi zaruriyati, balki bunday jamiyatning shakllanishi va rivojlanishining muhim talabi hamdir.

Rivojlangan G‘arb davlatlarida ko‘plab fuqarolik jamiyati institutlari faoliyat ko‘rsatadi. Ular jamiyat hayotining aniq bir muammosi bilan shug‘ullanishiga ko‘ra farq qiladi. Aksariyat nodavlat notijorat tashkilotlari insonparvarlik maqsadlarida tuziladi va faoliyat ko‘rsatadi. Hattoki, ularning ba’zilari umummilliy, mamlakat, halqaro miqyosda faoliyat ko‘rsatish darajasiga ham erishgan. Ayniqsa, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tashkil topgan fuqarolik jamiyati institutlari bir mamlakat doirasidan chiqib, xalqaro miqyosda faoliyat yuritmoqda. G‘arb davlatlaridagi “Grin Pis” (“Yashillar harakati”) kabi tashkilotlar shular jumlasidandir. Masalan, hozirda AQShda 1 milliondan ortiq fuqarolik jamiyati institutlari mavjud bo‘lib, har 305 kishi boshiga bittadan to‘g‘ri keladi.

2-savol. Ko‘ppartiyaviylik – demokratik jamiyat barpo etishning muhim sharti

O‘zbekistonda erkin bozor munosabatlariga asoslangan ochiq, huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etishda, fuqarolarning siyosiy jarayonlarda, davlatni boshqarishda qatnashuvini ta’minlashda siyosiy partiyalar faoliyati va mamlakatda ko‘ppartiyaviylikning amal qilishi muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistonda ushbu tamoyilning amal qilishiga milliy mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq jiddiy e’tibor berildi. Xususan, 1992 yilning 8 dekabrida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 12 moddasida: “O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi” 5 – deb, ko‘rsatib qo‘yilgan. Bosh Qomusimizning “Jamoat birlashmalari” deb nomlangan XIII bobining 60 moddasida esa: “Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar o‘z faoliyatlarini moliyaviy ta’minlanish manbalari haqida Oliy Majlisga yoki u vakil qilgan organga belgilangan tartibda oshkora hisobotlar berib turadilar” 6 – deb, belgilab qo‘yilgan.

Hozirda, O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida siyosiy partiyalarning roli tobora ortib bormoqda. Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining shakllanib borishida mavjud siyosiy partiyalarning faoliyati yanada ortib bormoqda. “Ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotning aniq ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishda, - deb ta’kidladi muhtaram Yurtboshimiz Islom Karimov, - siyosiy partiyalarning rolini keskin kuchaytirish, mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha strategik vazifalarni hal etishda ularning ishtirokini kengaytirish demokratik islohotlarni izchil amalga oshirishning eng muhim omiliga aylanmog‘i zarur.

Boshqacha qilib aytganda, ko‘p partiyali tizimni mustahkamlash va partiyalararo raqobatni kuchaytirish – biz ko‘zlagan demokratik davlat barpo etishning eng muhim shartlaridan biriga aylanishi darkor.” 7

2008 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kirgan “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun, hech shubhasiz, vakillik va ijro hokimiyati organlarini shakllantirish, ular organlarini nazorat qilishda partiyalar roli va ahamiyatini tubdan kuchaytirish orqali siyosiy partiyalar mafkurasining hayotga tatbiqini tezlashtirdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Davlat boshqaruvining yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga tuzatishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim tarixiy qadam bo‘ldi.

Konstitutsiyaviy qonun kuchga kirishi bilan siyosiy partiyalarning parlamentdagi fraksiyalari mutloq yangicha asosda faoliyat yuritishga o‘tdi. Parlament ko‘pchiligi va parlamentning muxolifati to‘g‘risidagi moddalar, hukumatni shakllantirish jarayonlarida siyosiy partiyalar fraksiyalariga berilayotgan nihoyatda keng imkoniyatlardan dalolat beradi. Ushbu qonunning jamiyatimiz hayotida ijtimoiy-siyosiy faoliyatini yanada oshirishga, shuningdek, mamlakatimizda kechayotgan siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda siyosiy partiyalarning roli tashabbuskorligi hamda mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilganligi nafaqat mamlakatimizning siyosatshunos, huquqshunos olimlari va mutaxassislari, balki xorijiy davlat va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar tomonidan ham e’tirof e’tilgan.

Ushbu konstitutsiyaviy qonun Parlamentdagi ko‘pchilikning muholifat qarashlari bilan hisoblashuviga kafolat bo‘ldi. Shuningdek, siyosiy institutlarning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faoliyatini yanada kuchayishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Konstitutsiyaviy qonunning 3 moddasida siyosiy partiyaning Qonunchilik palatasida tuzilgan fraksiyasi vakili qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari lavozimlaridan birini egallashda kafolatli huquqqa ega ekanligi belgilangan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbussi bilan siyosiy partiyalar fraksiyachlarining rahbarlari orasidan qonunchilik palatasining Spikeri o‘rinbosarlari saylandi. Bunda, partiya fraksiyasi o‘z tashabbuslarini “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun qoidalarini bosqichma-bosqich, tizimli va izchillik bilan amalga oshirish zarurati bilan asosladi. Shu bilan birga, spiker o‘rinbosarlarining saylanishi ushbu konstitutsiyaviy qonunining siyosiy partiyalar fraksiyalari faoliyatini tashkil etish, jumladan ijroiya hokimiyati organlarini shakllantirish jarayonida ularning ishtiroki, qonun loyihalarini ko‘rib chiqish va qabul qilish mexanizmi hamda tartibini rivojlantirish bilan bog‘liq asosiy qoidalarni tizimli tarzda amalga oshirib borish imkonini bermoqda.

Spiker o‘rinbosarlari etib, siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlarining saylanganligi nafaqat ularning vakolatlari va imkoniyatlarini kengaytirish, balki Qonunchilik palatasida qarorlar qabul qilish jarayonini sezilarli ravishda demokratlashtirish imkoniyatlarini ham yaratmoqda.

Yurtboshimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek: “Hozirgi paytda mamlakatimiz aholisining siyosiy-huquqiy madaniyati va ijtimoiy ong darajasining o‘sib borishi, jamiyatni demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlarining jadal rivojlanishi, yurtimizda ko‘ppartiyaviylik tizimining tobora mustahkamlanishi davlat hokimiyatining uchta sub’ekti, ya’ni davlat boshlig‘i bo‘lgan Prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar o‘rtasidagi vakolatlarning yanada mutanosib taqsimlanishini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yuzaga keltirmoqda” 8.

Ayniqsa, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunlarni qabul qilinishi siyosiy partiyalarning fraksiyalariga fraksiyalar blokiga birlashish huquqini berdi hamda parlament ko‘pchiligi va parlament muxolifatining huquqiy holati asoslarini belgiladi. “O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikisi Qonuni 9 moddasining oldingi tahriri (“Fraksiyalar va deputatlar guruhlari”) siyosiy partiyalar fraksiyalar partiyalar bloklarini tashkil qilish va ularning faoliyat ko‘rsatish tartibi uchun taalluqli qoidalarni nazarda tutmagan.

Mazkur qonunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar fraksiyalari blokini tuzish huquqi, parlament ko‘pchiligi va parlament muxolifatining maqomi, uning tuzilishini rasmiylashtirish shartlari mustahkamlab qo‘yilgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tarkibida siyosiy partiyalar fraksiyalarining birontasi mutloq ko‘pchilikka ega emas. Siyosiy partiyalar fraksiyalarini samarali qonun ijodkorligi faoliyati uchun shart-sharoitlar yaratish lozimligi, “Demokratik blok”ning tuzilishi, shuningdek o‘zining muxolifatda ekanligini e’lon qilgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi vazifalarini mustahkamlash ham parlament ko‘pchiligi, ham muxolifatining huquqlarini qonun yo‘li bilan mustahkamlashni talab etadi.

Siyosiy partiyalar fraksiyalarini bloki tuzilishi va parlament ko‘pchiligi yuzaga kelishi mantiqan parlament muxolifati huquqlarini qonun yo‘li bilan tartibga solishni talab etadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bunday vazifalarni bajarmoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, bu qoidalar 2005 yil 27 iyulda uchinchi o‘qishda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamentida xisobga olingan edi.

Jamiyatimiz hayotida ko‘ppartiyaviylikning amal qilishi, ular o‘rtasida raqobat muhitining shakllanishi – o‘z navbatida, demokratik jamiyat tamoyillarinig ko‘proq amal qilib borishini ta’minlaydi. Bu borada Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan, mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida muhim qoidalar ilgari surilda va hozirda amalga oshirib borilmoqda. Masalan, siyosiy partiyalarning nafaqat oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat tarkibidagi faoliyati, balki ijroiya hokimiyati faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi siyosiy kuch sifatidagi nufuzi yana bir karra oshganligi, demokratik tamoyillarning amal qilishi yanada mustahkamlanayotganligi asoslab berildi.

Yurtboshimizning shaxsan jonbozliklari tufayli qabul qilingan ushbu huquqiy mexanizmlar bilan bog‘liq masalalar siyosiy partiyalarning mamlakat parlamenti faoliyatini tashkil etish, shuningdek, vakillik va ijro hokimiyati organlarini shakllantirish, ularning faoliyatini nazorat qilishdagi rolini kuchaytirdi.

Bundan tashqari, Konsepsiyada siyosiy partiyalarning nafaqat oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat tarkibidagi faoliyati, balki ijroiya hokimiyati faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi siyosiy kuch sifatidagi nufuzi yana bir karra oshganligi, demokratik tamoyillarning amal qilishi yanada mustahkamlanayotganligi asoslab berildi. Ushbu huquqiy mexanizmlar bilan bog‘liq masalalar siyosiy partiyalarning mamlakat parlamenti faoliyatini tashkil etish, shuningdek, vakillik va ijro hokimiyati organlarini shakllantirish, ularning faoliyatini nazorat qilishdagi rolini kuchaytirdi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalarning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy jarayonlaridagi faoliyati oshib borayotganligini kuzatish mumkin. Shuningdek, joylarda siyosiy partiyalarning boshlang‘ich partiya tashkilotlari sonining ortib borishi va ularning faollashuvi, o‘z navbatida, fuqarolik jamiyati tamoyillarining amal qilishi uchun zamin yaratadi.

Masalan, hozirda O'zLiDePning 7583ta boshlang‘ich tashkiloti faoliyat yuritmoqda.9 O‘zbekiston parlamentida muxolifat partiya sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakatimizning 14 ta mintaqasida, 200 ta tuman va shaharlarida o‘zining boshlang‘ich partiya tashkilotlariga ega bo‘lib, ularning soni 10608taga yetgan.10 Partiya a’zolari soni 2010 yilning 1 yanvariga qadar 368,2 ming kishidan iborat bo‘ldi. 2010 yil iyul oyi oxiriga kelib ularning soni 372,7 ming kishidan oshib ketdi.11 O‘z tarkibiga ko‘ra ushbu siyosiy partiya ko‘p millatli bo‘lib, respublikamizda istiqomat qilayotgan 53 millat vakillaridan iborat a’zosiga ega.12

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi O‘zbekistonning mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatanimizning gullab-yashnashini ta’minlash, mamlakatda fuqarolik va millatlararo totuvlik, ijtimoiy barqarorlik, har bir oila va butun xalq farovonligiga erishish kabi umummilliy manfaatlarni o‘z mafkurasi va siyosiy faoliyatining poydevori, deb biladi. Shuningdek, O‘zbekiston XDPning ijtimoiy adolat va ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar manfaatlarini himoya qilishga bel bog‘lagani uning mamlakat siyosiy kuchlari so‘l qanoti bo‘lishligini belgilaydi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ham respublika ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faolligi o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Hozirda ushbu partiya a’zolarining soni 115711 kishidan iborat bo‘lib, 49875 nafarini yoshlar takshil etadi (partiya a’zolari umumiy sonining 43,1 foiziga to‘g‘ri keladi).13

Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalar nizomi va dasturlarida yoshlar hayotiga alohida e’tibor qaratilgan.

“Adolat” SDP strategik yo‘nalishlarining “Iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish va takomillashtirish” bo‘limida o‘quvchi yoshlarning stipendiyalari va nafaqaxo‘rlarning nafaqalarini o‘z vaqtida berilishi bo‘yicha zarur huquqiy asoslarni yaratish masalasiga muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturida esa ishga joylanishda qiyinchiliklarga uchrayotgan va tegishli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar manfaatlarini himoya qilishi ta’kidlangan. Iqtisodiyot va noishlab chiqarish jabhalarining mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari kasb va mutaxassisliklari ro‘yxatini qaytadan ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan. O‘quv yurtini bitirgan yoshlarning ishsiz qolmasligiga kafolat yaratish, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar uchun kasb tanlash, ta’lim olishda adolatli, hamma uchun teng va ijtimoiy maqbul sharoitlar yaratish, ta’limni boshqaruvchi tegishli davlat organlarining yoshlarni olib o‘quv yurtlarida to‘lov-shartnoma shaklida o‘qitishni tashkil etishga yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqishi kabi masalalarga e’tibor qaratilgan.

O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi nizomida yoshlarni milliy g‘oyaga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat, “o‘z elim, o‘z yurtim, jon O‘zbekistonim” deb g‘ururlanib yashash ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Nizomning “Partiyaning iqtisodiyotni liberallashtirish va bozor islohotlarini chuqurlashtirish sohasidagi vazifalari” bo‘limida yangi ishchi o‘rinlarini yaratish, ishsizlikka qarshi kurashish, avvalambor, yoshlarni ish bilan ta’minlash nihoyatda zarur va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir, deb qayd etilgan.

O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasining saylovoldi harakat dasturlarida ham yoshlar mavzusi o‘z aksini topgan. Dasturning “Barkamol yoshlarni shakllantirish” bandida partiya yoshlar o‘rtasida ishsizlikni yo‘qotish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida sport, turli milliy o‘yinlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirish, shu maqsadlarni amalga oshirish uchun partiyaning yoshlar qanoti – “Milliy uyg‘onish” tashkilotini tuzish, yoshlarning huquqiy va siyosiy madaniyatlarini yuksaltirish, ularning jamiyatni boshqarishdagi faol siyosiy ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘radi hamda yoshlarning ilmiy-texnikaviy ijod erkinligi davlat tomonidan kafolatlanib, ularni ilmiy-texnikaviy rivojlanishdagi ijodiy ishtiroklarini rag‘batlantirishga muhim e’tibor qaratiladi”, deb ta’kidlangan.

“Milliy tiklanish” partiyasi o‘z siyosiy maqsadlarini amalga oshirishda ziyolilar, yoshlar, kichik va o‘rta mulkdorlarga suyanadi, deb belgilangan. Partiyaning 42 foizini 30 gacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Partiya dasturining “Iqtisodiy siyosat” bandida ishsizlik muammosini hal etish, qishloq joylarda ishchi o‘rinlarini yaratish, yoshlarni ish bilan ta’minlashni faollashtirishga ahamiyat berilgan bo‘lsa, “Yoshlar siyosati” bandida “Yoshlarning Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan huquqlarini himoyalash, ularning hayotiy ehtiyoj va manfaatlarini ifodalaydigan, yoshlar muammolariga oid dasturlarni ishlab chiqish, hayotga tatbiq etish, zamonaviy bilim, tafakkur, mutaxassisliklarni egallashni rag‘batlantirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlashning davlat va nodavlat tizimlarini rivojlantirish, yoshlarning mamlakatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faol ishtirokini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda fidoyi, o‘z kasb-korining ustasi, halol yoshlarning davlat boshqaruvidagi muhim vazifalarni egallashi uchun sharoitlar yaratish, tadbirkor, ishbilarmon yoshlarning huquq va manfaatlarini izchil himoya qilish, ularning faoliyatiga xalaqit berayotgan to‘siqlarni bartaraf etishning ta’sirchan choralarini ko‘rish” kabi muhim masalalar ilgari surilgan.



Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, yoshlarga mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, barqarorlik, bunyodkorlikka asoslangan jarayon mohiyati, mazmunini anglatish, his qildirishda, dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar-hodisalarni milliy g‘oya asosida tushuntirishda siyosiy partiyalarning roli sezilarli darajada o‘sgan.
Download 89.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling