Ma’ruza 2: Bolalarning mustaqil musiqiy faoliyati


Download 35.68 Kb.
Sana18.02.2023
Hajmi35.68 Kb.
#1213304
Bog'liq
MT-2


Ma’ruza 2: Bolalarning mustaqil musiqiy faoliyati
Bolalar bog‘chasida mustaqil musiqa faoliyati bolalar tomonidan ma’lum bilimlarning o‘zlashtirilishi, kerakli ko‘nikma, malakalarning egallanishi, musiqa taassurotlarining jamg‘arilishiga asoslanadi. Bunga musiqa mashg‘ulotlari, bayramlar va ko‘ngil ochishlarni to‘g‘ri tashkil qilish, shuningdek, tarbiyachilarning bilvosita bo‘lsa ham bolalarning mustaqil musiqa faoliyatlariga rahbarliklari tufayli erishiladi.
Bolalarda badiiy didning shakllanishiga atrof-muhit sezilarli ta’sir qiladi. SHuning uchun bolalarga musiqa faoliyatiga qiziqishni singdirish va bu qiziqishni doimiy saqlash uchun guruh xonasida maxsus joy ajratish hamda uni turli qo‘llanmalar—didaktik o‘yinlar, texnika vositalari (radio, elektron proigrivatelь, diaproektor, magnitofon va boshqalar) bilan jihozlash lozim.
Hamma san’at turlarida bo‘lganidek musiqada ham atrof-muhitni aks ettirish xususiyatlari («o‘z tili bilan») mavjud. Uning emotsional mazmunini so‘zlar orqali tushuntirish qiyindir. Musiqa asarlarini idrok qilish kishining umumiy emotsional rivojlanganligiga bog‘liqdir. Bolalarning musiqaviy rivojlanishlari muvaffaqiyatliroq bo‘lishi maqsadida musiqani idrok etish jarayonini osonlashtirishi mumkin bo‘lgan, uni yaxshiroq tushunishga yordam bera oladigan xilma-xil qo‘llanmalardan foydalanish zarur.
Masalan, bolalarni tovushning yo‘g‘on-ingichkaligini farqlashga qo‘ng‘iroqchalar, doiralar yordamida o‘rgatish mumkin; tembr haqida tushuncha berish uchun turli musiqa asboblarining ovozini eshittirish yoki turli ovozli o‘yinchoqlar chiqaradigan (mushuk, sichqon, kuchuk va boshqalar) tovushlarni qiyoslash mumkin. Ba’zi pedagoglar musiqani idrok etishni asarlarni tinglayotgan vaqtda shunga muvofiq keluvchi illyustratsiyalar, diapozitivlar, diafilьmlar ko‘rsatish orqali osonlashtiradilar.
Turli qo‘llanmalarning nimalarga mo‘ljallanganligini hamda ulardan foydalanish metodikasini aniqroq tasavvur qilish uchun ularni shartli ravishda quyidagicha guruhlash mumkin:
1-guruh — obrazli qo‘llanmalar: obrazli o‘yinchoqlar, loto, illyustratsiya tipidagi qo‘llanmalar.
2-guruh — bolalar musiqali o‘yinchoqlari va asboblary, bularni o‘z navbatida ovoz chiqaradigan va ovoz chiqarmaydiganlarga ajratish mumkin. Birinchi guruhdagi qo‘llanmalar o‘yin vaziyatini yaratishga mo‘ljallangan bo‘lib, bu vaqtda bolalar o‘zlarini musiqa asboblarini chalayotgandek faraz qiladilar. Ikkinchi guruhdagilar ovoz berishga ko‘ra to‘rt tipga bo‘linadi. Yo‘g‘on-ingichkaligi noma’lum tovushi qayd qilinmagan o‘yinchoq-asboblar (shaqildoqlar, doiralar, barabanlar, treugolьniklar va boshqalar); faqat bitta tovush beruvchi o‘yinchoq-asboblar (naylar, burg‘ular, qamish surnaylar va boshqalar); quyida qayd qilingan o‘yinchoq-asboblar (kichik organlar, musiqa qutichalari); diatonik va xromatik tovush qatorli o‘yinchoq-asboblar (metallofonlar, pianinolar, bayanlar, fleytlar va boshqalar).
3- guruh — grafik qo‘llanmalar: nota lotosi (nota-doiralar, ular yordamida kuyning harakatini shartli ravishda tasvirlash mumkin, uzun va qisqaligini belgilovchi eni har xil bo‘lgan kartochkalari va boshqalar); nota stani (kichik flanelegrafda — individualь foydalanish uchun katta flanelegrafda — guruh mashg‘ulotlarida foydalanish uchun); yassi tasvirlash (tovushning yo‘g‘on-ingichkaligi, kuy harakatining yo‘nalishi va boshqalar haqida tasavvur beruvchi narvoncha tasviri); geometrik figuralar — musiqa asarlari qismlarini shartli tasvirlash uchun;
4- guruh — Ta’lim berishning audiovizual (tinglash, ko‘rish) vositalari, bularni ekranli, tovushli, ekran-tovushlarga ajratish qabul qilingan. Ekranli vositalarga ovozsiz kinofilьmlar, diafilьm va diapozitivlar; tovushlilarga — magnitofon yozuvlari, grammofon plastinkalari, radioeshittirishlar; ekran-tovushlilarga ovozli kinofilьmlar, ovoz berilgan diapozitiv va diafilьmlar, o‘quv-televizion ko‘rsatuvlar taalluqlidir.
Obrazli o‘yinchoqlardan maktabgacha kichik tarbiya yoshidagilar bilan o‘ynashda foydalangan ma’qul. Kattaligiga ko‘ra turlicha (katta va kichik kuchuk, tovuq va jo‘ja, mushuk va mushuk bolasi va shu kabilar) o‘yinchoqlarni tanlab, ulardan o‘yin vaziyatlarida foydalanib, kichkintoylarga tovushlar yo‘g‘on hamda ingichka bo‘lishini ko‘rsatish mumkin. Buning uchun tarbiyachi katta kuchukning vovullashiga va kuchuk bolasining angillashiga, tovuqning qag‘-qag‘lashi va jo‘janing chiy-chiylashiga taqlid qiladi hamda bola-larni ham shunday qilishga undaydi. Bunda u jo‘ja (mushuk bolasi) ingichka-baland tovush bilan chiyillashichi takror-takror eslatadi va boshqalar.
Xuddi shu o‘yinchoqlar bilan boshqacha usulda o‘ynalganda kichkintoylarni tembrlarning xilma-xilligi bilan tanishtirish imkoni tug‘iladi.
Masalan, matryoshkaning o‘yinchoq-uyiga (qo‘g‘irchoq teatri naboridan uning yassi tasvirini olib, foydalanish ham mumkin) tovush tembri xarakteristikasini berish oson bo‘lgan o‘yinchoqlar: kuchukcha, mushuk, tovuq va shu kabilar mehmon bo‘lib keladi. Tarbiyachi tovushga taqlid qilish yordamida bolalarga barcha mehmonlarni tanishtiradi va bolalardan matryoshkaning uyiga nimalar mehmon bo‘lib kelishganligini so‘raydi. Bolalar o‘yinchoqni to‘g‘ri aytganlarida uni bolalarga ko‘rsatadi.
Ovozli o‘yinchoqlar bilan o‘ynash yanada qiziqarliroq o‘tadi. Rasm solingan yoki kichkina suratlar yopishtirilgan kartochkalar loto tipidagi qo‘llanma vositasini o‘taydi. Bular, masalan, guruhda mavjud bo‘lgan turli musiqa asboblari: metallofon,ssitra, baraban, treugolьnik va boshqalarning tasviri bo‘lishi mumkin. Tarbiyachi biror cholg‘u asbobni chalib (buni bola ko‘rmasligi kerak), shunday ovoz beruvchi asbob tasvirlangan kartochkani topishni topshiradi. Boshqa safar istalgan musiqa asbobining rasmi tasvirlangan kartochkani olishni, uning nomini aytishni va so‘ngra chalib ko‘rsatishni tavsiya qilishi mumkin. Bu topshiriq ancha murakkab va uni katta guruhlarda, bolalar turli musiqa asboblarini chalish usullarini etarli darajada egallab olganlaridan so‘ng berish kerak.
Kartochkalarga yopishtirilgan rasmlar shartli ravishda u yoki bu asarning xarakterini ifodalashi mumkin. Masalan, qo‘g‘irchoqni allalayotgan qizchaning tasviri bolalarning alla haqidagi tasavvurlari bilan yaxshi birikadi; qo‘lida baraban bilan harbiylarcha qadam tashlab yurgan bola tasviri marsh bilan assotsiatsiyalanadi, sarafandagi qiz tasviri esa — raqs bilan assotsiatsiyaga kiradi. Tarbiyachi bolalarni musiqa asarlarining turli janrlari bilan tanishtirar ekan, ularga tinglagan asarga muvofiq keluvchi rasmni tanlashni tavsiya qilishi mumkin.
Bolalar musiqa asboblari yordamida tanish qo‘shiq, hirgoyilarning ritmik tasvirini berish, o‘ziga jo‘r bo‘lib qo‘shiq aytish, oddiy kuylarni badiha qilish mumkin.
Agar odatdagi metallofonni qiya qilib qo‘yilsa, ovozli narvoncha hosil bo‘ladi, undan ingichka yog‘och tayoqchaga o‘rnatilgan matryoshka yuqoriga va pastga qarab «yurishi», u har bir zinadan yoki zina osha sakrashi mumkin. Bu har bir bolaga tovushlarning yo‘g‘on-ingichkaligini, kuy harakatining yo‘nalishini yorqin tasavvur qilish imkonini beradi.
Turlicha ovoz beradigan qilib tanlangan surnaychalar, doirachalar, qo‘ng‘iroqlardan ham bolalarni tovushning yo‘g‘on-ingichkaligi bilan tanishtirishda yoki bu tasavvurlarni mustahkamlashda foydalanish mumkin.
Tembrni tinglab his qilish qobiliyatini o‘stirish maqsadida mashq-topishmoqlar berish mumkin: aytchi, bu qaysi cholg‘u asbobining ovozi? Bunda cholg‘u asboblarining ovozlari qarama-qarshi bo‘lganlarini ham, masalan, doira, metallofon, triol, shuningdek ovozi bir-biriga ancha yaqin bo‘lganlarini ham treugolьnik, qo‘ng‘iroqchalar, doiralar tanlash mumkin. Bunday topshiriqlarni, ular murakkabligi tufayli, katta maktabgacha tarbiya yoshidagilarga berish kerak.
Musiqa asboblari yordamida bolalarning dinamik qobiliyatlari ham o‘stiriladi. Pedagog bolalarga «Baland-past» o‘yinini o‘ynashni tavsiya qilar ekan, avval bir cholg‘u asbobida ham baland, ham past tovushga qanday erishish mumkinligini ko‘rsatadi, so‘ngra u bolalarni ham musiqa asbobini xuddi shunday chalishga taklif qiladi. Masalan, barabanni chalganda tovush pastroq, bo‘g‘iqroq chiqishi uchun tayoqchalarga yumshoq mato o‘rash kerak.
Qo‘llanma-illyustratsiya sifatida N. Vetluginaning «Musiqali alifbo»idagi rasmlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Agarda imkoniyat bo‘lsa, ularni kattalashtirgan ma’qul. Ular tovushning turli xususiyatlari: yo‘g‘on-ingichkaligi, cho‘ziqligi, tembri haqida ko‘rsatmali tushuncha beradi. Illyustratsiyalar namoyish qilish musiqa asboblarini chalish, qo‘shiq aytish, qo‘shiq kuyini nota-doiralar yordamida flanelegrafga qo‘yish bilan biriktiriladi. Bunday hollarda tinglash idroki ko‘rish va harakat idroki orqali mustahkamlanadi.
Nota lotosi, aytib o‘tganimizdek, grafik qo‘llanmalar guruhiga kiritiladi. Loto uchun nota-doiralar odatda qalin karton qog‘ozdan qirqiladi va unga turli rangdagi baxmal qog‘oz yopishtiriladi, biroq ularni boshqa materiallardan ham tayyorlash mumkin, asosiysi — ularning hajmi tovushlarning nisbatan yo‘g‘on-ingichkaligi shular yordamida belgilanadigan nota staniga to‘g‘ri kelishi kerak. Nota lotosining boshqa elementi karton qog‘oz yoki boshqa materialdan (yog‘och, plastmassa) qilingan eni turlicha kartochkalardir; ichi kengroq kartochkalar shartli tarzda uzun tovushlarni, torlari — qisqa tovushlarni ifodalaydi.
Biz metallofondan qilingan musiqali narvoncha .haqida gapirib o‘tgan edik, biroq bolalarni tovushning nisbiy yo‘g‘on-ingichkaligi bilan tanishtirishning dastlabki bosqichida faqat matryoshkagina emas, balki shunga muvofiq tayyorlangan boshqa o‘yinchoqlar (yassi tasvirlar) ham «yura oladigan» zinali narvonchaning yassi tasvirini tayyorlash lozim. Bolalar yo‘g‘on va ingichka tovushlarning joylashish prinsipini egallab olganlaridan so‘ng, tarbiyachi ularni cholg‘u asboblarida ko‘rsatishga o‘tadi.
Musiqa asarlarining qismlarini aniqlashda geometrik figuralardan ham foydalanish mumkin. Katta maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar aylana va kvadrat kabi figuralarni yaxshi biladilar. Tanish asarni tinglayotgan vaqtda bola musiqa xarakteri necha marta o‘zgarsa, stolga turli figuralarni shuncha marta qo‘yadi. Masalan, agarda asar ikki qismli bo‘lsa, bola stolga ikki figura — kvadrat va aylana, uch qismli bo‘lsa, uch har xil figura — kvadrat, aylana, uchburchakni qo‘yadi. Biroq yana oddiyroq variantni tavsiya qilish ham mumkin: asarning qismlarini faqat bir xil figuralar (masalan, kvadratlar) bilan qayd qilish.
4-guruh qo‘llanmalari, ya’ni o‘qitishning audiovizualь vositalari yildan-yilga maktablardagi singari bolalar bog‘chasida ham o‘quv jarayonlarida borgan sari ko‘proq qo‘llanilmoqda. Bular qatoriga birinchi navbatda xilma-xil gramplastinkalarni kiritish lozim. Bular bolalar qo‘shiqlari, mulьtfilьmlardan musiqa va qo‘shiqlar, musiqa jo‘rligidagi ertaklar, musiqali ertaklar va kompozitsiyalardir.
Plastinkalar pedagogga bolalarni vokal va cholg‘u musiqasi bilan, xor, orkestr sadosi bilan, alohida musiqa asboblari musiqa janrlarining xilma-xilligi bilan tanishtirish imkonini beradi.
Bolalar grammofon yozuvidagi asarlarni tinglar ekanlar, musiqani diqqat berib, fikrni to‘plab idrok etishni o‘rganadilar. Pedagog ularning e’tiborini musiqa tilining boyligi va obrazligiga, masalan, A. Aleksandrovning «Medvedь tansuet pod fleytu» pьesasida ayiqning og‘ir, beso‘naqay harakati) eshitilsa, P. CHaykovskiyning «Qo‘g‘irchoq betobligi» asarida tinglovchilarda qo‘g‘irchoqning kasal bo‘lib qolganiga hamdardlik uyg‘otuvchi ayanchli intonatsiya mavjud. R.SHumanning «Smeliy naezdchik» asarida tez, keskin harakatni his qilish mumkin, ot tuyoqlarining ovozi eshitiladi, biroq shu bilan birga bu otni eldirib ketayotgan oddiy otliq emas, balki o‘zini chavandoz o‘rnida tasavvur qilayotgan bola raqsga tushayotganligini anglash mumkin bo‘ladi.
Bolalar raqs tushishni yaxshi ko‘rganliklari uchun guruhda raqs kuylari plastinkalari bo‘lishi kerak. Plastinkalar bolalarning yosh xususiyatlarini hisobga olib, yaxshi tanlanishi konsert va ko‘ngil ochishlar uyushtirishda yordam beradi.
Magnitofon plastinkalar bilan bir xil maqsadlarda qo‘llanadi, biroq u ba’zi afzalliklarga egadir. Masalan, bolalar ijro etgan qo‘shiqlari, qiziqarli radioeshittirishlarni, keyinchalik ko‘ngil ochishlar, bayramlar va qo‘g‘irchoq teatri tomoshalari vaqtida jaranglaydigan musiqalarni lentaga yozib olish imkonini beradi. Bu juda qulaydir, chunki kerakli plastinkalar har doim ham topilavermaydi.
Bolalarning musiqa taassurotlarini jamg‘arishlarida radioeshittirish va televizion ko‘rsatuvlar katta rolь o‘ynaydi. Ular bolalarni qo‘shiq va ertaklar, klassik kompozitorlarning asarlari va zamonaviy musiqa, bolalar uchun asarlar yaratuvchi turli kompozitorlarning ijodlari va shu kabilar bilan qiziqarli tanishtiradi. Bu eshittirish va ko‘rsatuvlar musiqa, qo‘shiq, qiziqarli syujet, ertak qahramonlari bilan uchrashuvlarga boydir. Bu eshittirishlar maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar uchun tushunarlidir, ular sevikli qahramonlari, ayniqsa mulьtfilьmlardagi qahramonlarning qo‘shiqlarini bajonu dil tinglaydilar va eslab qoladilar.
Ko‘pincha radioeshittirish va televizion ko‘rsatuvlarning qatnashchilari bolalar bog‘chalarining tarbiyalanuvchilari bo‘ladilar. Ularning chiqishlari tengdoshlarida doimo katta qiziqish uyg‘otadi. Bunday eshittirish va ko‘rsatuvlardan olingan taassurotlar tufayli bolalar o‘z mustaqil faoliyatlarida o‘zlarining o‘yin-konsertlarini tashkil qiladilar va ularda tanish qo‘shiq, raqslar ijro etadilar, musiqa asboblarini chaladilar, kichik sahnalar ijro etadilar.
Tarbiyachi radio eshittirish, televizion ko‘rsatuvlarni tomosha qilishni tashkil qilar ekan, ularning berilish vaqtini oldindan aniqlashi va bolalarni bunga tayyorlashi lozim. Agarda bu ko‘rsatish, eshittirishlarning vaqti noqulay, bolalarning kun rejimini buzadigan bo‘lsa, radio eshittirishlarni va ba’zi televizion ko‘rsatuvlarni magnitofonga yozib olish hamda bolalar uchun qulay bo‘lgan vaqtda qo‘yib berish mumkin.
SHuni aytib o‘tish kerakki, guruhda xilma-xil qo‘llanmalarning ko‘p bo‘lishi musiqa tarbiyasi vazifalarini o‘zidan-o‘zi hal qilmaydi. Buning uchun ma’lum muhit yaratish, tarbiyachining bolalar musiqa faoliyatini bevosita yoki bilvosita yo‘llovchi, ustalik bilan doimiy boshqarib borishi talab qilinadi.
Bolalarning musiqali faoliyatlari uchun guruh xonasida o‘yinchoqlarga kichkina shkaf, musiqa asboblari, didaktik qo‘llanmalar, elektroproigrivatelь va plastinkalar uchun pastak stol bo‘lishi kerak. Agar shkafchaning konstruksiyasi imkon bersa, elektroproigrivatelni o‘sha erda saqlash mumkin. Xuddi shu erga bolalar musiqa asboblarini chalishi va qo‘llanmalardan foydalanish uchun stolcha va bir nechta stulchalar qo‘yilishi kerak.
Qo‘llanmalarning miqdori va assortimenti turli yosh guruhlaridagi musiqa tarbiyasining vazifalarini aniqlaydi. Qo‘llanmalar chiroyli bezatilgan bo‘lishi, bolalarda ular bilan ishlashga qiziqish va ishtiyoq uyg‘otishi, shakli oddiy, foydalanishga qulay, pishiq hamda ishlatganda puxta bo‘lishi kerak.
YAngi qo‘llanmalar bilan bolalar asta-sekin o‘zlashtirib olishlari- uchun avval mashg‘ulotlarda tanishtirish va shundan keyingina ularni guruhga olib kirish maqsadga muvofiqdir. Guruhda bir vaqtda to‘rt-beshta har xil musiqa asboblari, ikki-uchta didaktik o‘yin, bir nechta yasama o‘yinchoqlar, eshitish uchun to‘rt-beshta musiqa, sevimli qo‘shiq yozilgan plastinka, ikki-uchta rus xalq kuylari yozuvi, musiqali ertaklar va inssenirovkalar bo‘lishi kerak.
Qo‘llanmalardan foydalanishda «oddiydan — murakkabga» va shuningdek, yosh prinsiplariga rioya qilish kerak. Masalan, kichik guruhda bolalar hali musiqa asboblarini chalish malakasini egallab olmagan vaqtlarida ularga ovoz yoki kuyi qayd qilingan musiqali o‘yinchoqlarni, turli surnaychalar hushtakchalar, ba’zi zarbli asboblar — baraban, doira, treugolьniklarni tavsiya qilish kerak. Musiqa asboblarini chalishni o‘rganishga ishtiyoqi bo‘lgan katta maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarga metallofon,ssitra, triol, akkordeon bergan ma’qul.
O‘qitishning audiovizualь vositalaridan ham bolalarning yosh xususiyatlarini nazarda tutib foydalanish lozim. Bolalarning iltimosiga ko‘ra, tarbiyachi ularga sevimli asarlarini (mulьt-filьmlardan qo‘shiqlar, musiqali ertaklar) tinglashni, raqs kuyi sadolari ostida raqsga tushishni, musiqa jo‘rligida (plastinka yoki magnitofon yozuvi) diafilьmlar ko‘rishni tavsiya qiladi.
Radioeshittirishlarni tinglash uchuya ovoz sifati yaxshi bo‘lgan radiopriyomnik yoki tranzistor bo‘lishi kerak. Televizion ko‘rsatuvlar, odatda musiqa mashg‘ulotlari zalida yoki maxsus ajratilgan xonada ko‘riladi. Agar qandaydir sabablarga ko‘ra televizion ko‘rsatuvlarni-bog‘chada ko‘rishning imkoniyati bo‘lmasa, tarbiyachi buni uyda amalga oshirishni, ota-onalarga tavsiya qilishi mumkin.
Agar bola uyda ham sevimli plastinkalarini tinglash, musiqa asboblarini chalish imkoniyatiga ega bo‘lsa juda yaxshi. SHuning uchun psdagog uyda ham «musiqali burchak» tashkil qilishning muhimligini ota-onalarga tushuntirishi kerak.
Bolalarda mustaqil musiqa faoliyatiga qiziqishni doimiy saqlab turish uchun davriy, taxminan ikki oyda bir marta qo‘llanmalarni yangilash, yangi asbob-uskunalar kiritish lozim.
Natijada ularning mustaqillik darajalari o‘sadi, musiqaviy qobiliyatlari rivojlanadi, musiqa haqidagi bilimlari kengayadi. Bu bolalar faolligini sezilarli o‘stirib, musiqa faoliyatini turli-tuman qilishga imkon beradi.
Download 35.68 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling