MA’ruza bo’yicha o’quv materiallari


Download 191.5 Kb.
Sana18.09.2020
Hajmi191.5 Kb.



  1. MA’RUZA BO’YICHA O’QUV MATERIALLARI

1-модул.Суғуртанинг иқтисодий моҳияти ва унинг бозор

муносабатларида тутган ўрни

1.1-MAVZU: Суғурта ҳақида тушунча
REJA:

  1. Sug‘urta nazariyasinig kelib chiqish tarixi.

  2. Sug‘urta nazariyasi predmeti va ob’ekti

  3. Sug‘urta nazariyasining funksiyalari.



Таянч сўз ва иборалар: суғурта илк кўринишлари, денгиз суғуртаси, ёнғин суғуртаси, Ллойд суғурта бозори


  1. Sug‘urta nazariyasinig kelib chiqish tarixi

Sug‘urtaning tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi, uning aniq yuzaga kelish sanasini aytish judayam qiyin.

O‘tmish tamaddunlaridan qolgan binolar qoldiqlari, san’at asarlari va boshqa moddiy alomatlarni topish nisbatan oson bo‘lsa, ilk shaharlar aholisi iqtisodiyot sohasidagi xizmatlarni qanday tashkil qilganligini tiklash qiyindir. Biroq miloddan avvalgi, qadimgi, o‘rta asrlarga oid va ilk yangi davr tamaddunlariga oid bino va inshootlar qoldiqlari orasida odamlar oziq-ovqat mahsulotlarining tegib bo‘lmaydigan zaxiralarini saqlagan omborlar aniqlangan. Misr shohi, fir’avn tushlariga ta’bir bergan Yusuf haqidagi Bibliya tarixi bu zaxiralar ular bo‘yicha tashkil qilingan va foydalanilgan tamoyillarni namoyish etadi.

Tajribaning ko‘rsatishicha, vaqti-vaqti bilan hosilsizlik yoki dushmanlar hujumi ro‘y bergan bo‘lib, bunda shaharliklar yaqin-atrofda etishtirilgan hosildan foydalanish imkoni bo‘lmagan. Har bir shaharlikka bunday vaziyatlarda o‘zini ta’minlash topshirilishi mumkin edi, lekin eng qadimiy shaharlar aholisi ham umumiy zaxira shakllantirish samaraliroq ekanligini tushunib etgan. Hosildorlik yuqori bo‘lgan, oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari past bo‘lgan yillarda imkoniyati bo‘lgan har bir kishidan kichik miqdorda soliq olish mumkin bo‘lgan. Uzoq vaqt saqlanishi mumkin bo‘lgan ekinlar, masalan, bug‘doyni zaxira uchun pulga sotib olish mumkin bo‘lgan: zaxira uchun oziq-ovqat mahsulotlarini markazlashtirilgan tarzda xarid qilish amalga oshirilmagan hollarda fermerlar ular sotgan miqdordan ko‘proq miqdorda (va qimmatroqqa) mahsulot sotish imkoniyatidan albatta xursand bo‘lgan bo‘lardi.

Agar hosilsizlik kuzatiladigan yoki shahar qamal qilinadigan bo‘lsa, zaxira qilingan oziq-ovqat mahsulotlari shahar ahlini qutqarish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan. SHu sababli umumiy fond tushunchasi (ushbu holatda oziq-ovqat mahsulotlari) insoniyat ongidan mustahkam o‘rin olgan. G‘oya o‘z samaradorligi yuqori ekanligini ko‘rsatdi, ayniqsa, risk tushunchasining joriy qilinishi bilan.

XII asrning oxirlarida Evropaliklar Osiyo va Amerikaga yirik sayohatlarni amalga oshira boshlagan paytda «shahar inqilobi» (sanoat inqilobidan oldin kelgan) ro‘y berdi, «risk» va «umumiy fond» tushunchalari birlashib ketdi.

Agar kichik kemalardan iborat bo‘lgan kichik bir flotiliya Evropadan aytayliq, Indoneziyaga savdo qilish va u erdan qimmatabho va noyob ekzotik yuklar bilan qaytish uchun chiqishning uddasidan chiqqan bo‘lsa, kemalarning hammasi ham safardan qaytib kelmasligi riski bo‘lgan. Dengiz shtormi kemalarni cho‘ktirib yuborishi, kemalarda oziq-ovqat zaxirasi tugab qolishi (yoki kema jamoasi bironta epidemiyadan halok bo‘lishi), ayrim kemalar adashib qolishi, boshka kemalar ortiqcha yuk yuklab yuborilganligi yoki texnik nosozliklar tufayli cho‘kib ketishi mumkin bo‘lgan. Bunday riskli faoliyatga pul tikkan kishilar investorlardan birontasi uning kemasi safardan qaytib kelmagan yagona kema ekanligi sababli bor pulini yo‘qotmasligi uchun riskni o‘zaro taqsimlash maqsadga muvofiq bo‘lgan. Buning uchun ikkita usul ishlab chiqilgan.

Birinchi usul qo‘shma korxona tashkil qilishdan iborat bo‘lib, u orqali investorlar barcha risklar va olish mumkin bo‘lgan foydani o‘zaro taqsimlagan hold umumiy yuk bilan bir nechta kemaga pul kiritgan.

Ikkinchi yo‘l bu – sug‘urta bo‘lib, bunda kema va(yoki) yuk egasi (yakka tartibdagi shaxs yoki kompaniya) agarda kema mazkur reysda muvaffaqiyatsizlikka uchraydigan bo‘lsa, unga yo‘qotishlarning o‘rnini to‘ldirishga rozi bo‘lgan odamlarga pul mablag‘lari taklif qiladi. SHunday qilib, qo‘shma korxonalar (aksiyadorlik jamiyatlari) va sug‘urta bir-biri bilan raqobatda rivojlanmasdan, bir-birini to‘ldira boshladi. Odamlar guruhi yoki kompaniyalar kema yo‘qotilgan taqdirda kema egasiga tovon (indemnity) to‘lash evaziga pul mukofotlari (premium) to‘play boshladi. Bu sug‘urta qiluvchilar risk holati ro‘y berganda sug‘urta qildiruvchilarga to‘lovlar uchun foydalanishni va’da qilgan umumiy fond tashkil qilgan.

Bu jarayonning ilk bosqichlarida, agarda risk ro‘y beradigan bo‘lsa, sug‘urta qiluvchi u sug‘urta qildiruvchiga to‘lashi lozim bo‘lgan to‘lovni amalga oshirish uchun bironta mulkni sotishga (yoki bankdagi hisobraqamidan pul olishga) majbur bo‘lgan. Bu tamoyil hozirgacha xuddi shu to‘lov va’dasi shartnomaning asosini tashkil qiladigan Lloyd korporatsiyasi tomonidan qo‘llanib kelmoqda. «Lloyd a’zolari» maqomiga ega bo‘lgan kishilar «imzolangan» (underwritten) risk ro‘y bergan holatda o‘zining shaxsiy mablag‘laridan pul to‘lashga majbur bo‘ladi. «Imzolash» (ingl. to underwrite) atamasi qanday yangraydigan bo‘lsa, aynan shuni anglatadi: riskni (sug‘urta predmeti, sug‘urta qilingan muddat va shartlar) belgilab beradigan hujjat tuziladi va uni sug‘urta qiladigan shaxs (yoki uning vakili) qog‘ozning pastki qismiga u to‘lashga tayyor bo‘lgan risk ulushini yozadi.

Ayrim ishbilarmonlarning ko‘plab jamiyat a’zolari Lloyd korporatsiyasida qabul qilingani kabi individual asosda katta risklarni qabul qilish istagida emasligini tushunishga ko‘p vaqt talab qilinmadi. Shu sababli aksiyadorlik jamiyati konsepsiyasi yangi shartlarda qo‘llana boshladi. Odamlarga sug‘urta kompaniyalarining aksiyalarini xarid qilish taklif etildi. Kompaniya riskni qabul qiluvchi mutaxassislar –anderrayterlarni ishga yolladi va agarda risk ro‘y beradigan bo‘lsa, u investitsiyalar kabi tasarruf qilinadigan umumiy fonddan sug‘urta qildiruvchiga pul to‘lagan. Fond kompaniyaning o‘z aksiyalarini sotishidan tushgan mablag‘, fond mablag‘larini investitsiya qilishdan olingan daromad va sug‘urta qildiruvchilardan to‘plangan mablag‘lar hisobiga shakllantirilgan.

Ko‘zda tutilganki, professional anderrayterlar, qaysi risk ulushini va qanday mukofot evaziga qabul qilishni belgilagan holda, fondga doimo risk ro‘y bergan hollarda sug‘urta qildiruvchilarga pul to‘lashga, shuningdek, aksiyadorlarga ularning kiritgan mablag‘lard kutadigan natijani oqlaydigan darajada jalb etuvchan dividendlar to‘lashga qodir bo‘lishga imkon beradi.

Yong‘indan sug‘urta qildirish sug‘urta kompaniyalari faoliyat yurita boshlagan ilk soha bo‘ldi. XVIII asrda aholi gavjum bo‘lgan shaharlarda aksariyat uylar yog‘ochdan qurilgan edi. Olov uylarni isitish va ovqat tayyorlashni ta’minlagan, uyni yoritish uchun shamlardan foydalanilgan. Shu sababli shahar uylarida yong‘in riski juda yuqori bo‘lgan. Urbanizatsiyadan chetda qolgan qishloq joylarda hamma qo‘shnilar yong‘inga uchragan uyni tiklashga yordam berish uchun to‘planishgan. U erda o‘zaro yordam tamoyili amal qilgan. Bundan farqli ravishda, shahar ko‘chalarida masalan, to‘qimachilar, etikdo‘zlar, klerklar yoki baliqchilar yong‘in oqibatida uysiz qolgan kishilarning qo‘shnisi bo‘lishi mumkin bo‘lib, ularda qo‘shnilarga uyini tiklashga yordam berish uchun vaqti ham bo‘lmaydi, amaliy jihatdan yordam ham ko‘rsata olmaydi. Buning o‘rniga ular ikkita narsa – yong‘inga qarshi kurash jamoasi xizmatlarini taqdim etish (ya’ni yong‘inning qo‘shni binolarga o‘tib ketishining oldini olish va yangi yong‘inlarni minimallashtirish) va sug‘urta qildirgan shaxsga zarur mutaxassislar (quruvchi, duradgor va h.k.) yollash uchun etarli miqdorda pul to‘lashni va’da qilgan sug‘urta kompaniyasiga sug‘urta mukofoti to‘lashga tayyor bo‘lgan.

Sug‘urta faoliyati iqtisodiy infratuzilmaning ajralmas qismi sifatida bir tomondan, ijtimoiy kafolatni ta’minlasa, ikkinchi tomondan, shartnomaviy majburiyat va tariflar mexanizmi orqali turli sug‘urta risklaridan ogoh etish negizida iqtisodiyot sub’ektlari manfaatlarining himoyasini ham o‘z zimmasiga oladi.

Sug‘urta faoliyati jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini himoya qilish, ularning risklar yuz berishi oqibatida ko‘rishi ehtimol bo‘lgan zararlarini qoplashning zaruriy vositasi sifatida paydo bo‘ldi hamda rivojlandi. SHunday anglanilgan zarurat - aniq sug‘urta manfaatlari negizida sug‘urta munosabatlari yuzaga keldi.

Sug‘urta munosabatlari, ularning tashkiliy shakllari qandayligidan qat’i nazar, sug‘urta fondini yaratish va undan foydalanish jarayonidir. Ta’kidlash lozimki, sug‘urta munosabatlari - murakkab va keng qamrovli moliyaviy-pullik iqtisodiy munosabatlar bo‘lib, ular yuzaga kelishi uchun o‘zaro bog‘liq shart-sharoit majmuasi mavjudligi ham muhimdir.

Sug‘urtaning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyatini to‘liqroq ochib berish uchun ilmiy adabiyotlarda bu masalaga bo‘lgan yondashuvlarni o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Ularda «sug‘urta-xizmat ko‘rsatish industriyasi»1 ekanligi qayd etilgan, shunga asoslanib, keyingi yillarda xalqaro iqtisodiy atamashunoslikda «xizmatlar iqtisodiyoti nazariyasi» qaror topayotganligini ta’kidlash mumkin.

Sug‘urta faoliyatida o‘z mohiyati nuqtai nazaridan, aynan «xizmat» tushunchasi fundamental hisoblanadi. Sug‘urtachi tomonidan taklif etilayotgan «xizmat» o‘zida dastlab moddiylikni aks ettirmaydi, ya’ni u o‘z mijoziga faqat «va’dani sotadi». Shu nuqtai nazardan xalqaro savdoda unga «ko‘rinmaydigan faoliyat»1 deb ham tasnif beriladi. Sug‘urtalanuvchiga shartnoma tuzilganligini tasdiqlovchi dalil-hujjat sifatida «polis»2 beriladi xolos. Sug‘urta shartnomasida sug‘urtalanuvchiga sug‘urta voqeasiga ko‘ra, ko‘rishi ehtimol bo‘lgan zararining ekvivalent qiymatidagi pul to‘lovi (ayrim hollarda mol-mulk ko‘rinishida) ta’minlanishi nazarda tutiladi. Shartnomaning bajarilishi unda qayd etilgan ma’lum davr oralig‘ida amalga oshiriladi.

Soda qilib aytganda sug‘urtalovchilar hech qanday moddiy mahsulot, masalan, sovun, turshak kabilarni sotmaydi. Xalqaro savdo tushunchalarda ularning maxsulotini «ko‘rinmaydigan faoliyat» deb ta’riflasa bo‘ladi.

Sug‘urtalovchiga hujjat – polis beriladi. Polis sug‘urtalovchi va sug‘urtachi o‘rtasida shartnoma tuzilganligini isbotlovchi hujjat hisoblanadi. Shartnoma zarar qiymatiga muqobil pul to‘lovini yoki oldindan belgilangan miqdorni (hayot sug‘urtasida) ta’minlaydi yoki ba’zida mulkni taqdim etadi).

Sug‘urta kompaniyasi sug‘urtalash risk holati yuzaga kelganda har bir mijoz oldidagi majburiyatni ta’minlashda o‘zining zaxira jamg‘armasida yoki aktivida alohida ulush ajratmaydi. Haqiqatan, har qanday real sug‘urtalangan risk kelganda to‘lovni amalga oshirish umumiy jamg‘armaning yagona maqsadi hisoblanadi.

Bu holatda har bir sug‘urtalanuvchiga sug‘urtalovchi risk yuzaga kelganda shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarish va tayyor bo‘lish qobiliyatiga ishonch hosil qilish kerakligini bildiradi.

Ba’zi bir mualliflar «xizmat» tushunchasining moddiy bo‘lmagan maxsulot (tovar) deb talqin qiladi2.

«Xizmat» tushunchasi sug‘urtada fundamental hisoblanadi. sug‘urtalovchi sug‘urtalanuvchiga va’dani sotadi. Shartnomaning bajarilishi vaqt o‘tib isbotlanishi mumkin. Sug‘urtalovchi to‘lovni amalga oshirayotgan paytda sug‘urtalovchi yuzaga kelgan voqeylik sababli (noxush voqea, o‘g‘irlik, zilzila va boshqa yomon ruhiy ahvolda bo‘lishi mumkin. Hayot sug‘urtasi bilan bog‘liq holatda, ya’ni sug‘urtalangan shaxs olmadan o‘tgan bo‘lsa, uning qarindosh-urug‘lari bu o‘limdan chuqur qayg‘uga tushib qoladi. Polis to‘lovi to‘langan taqdirda ularning ko‘ngli biroz taskin topadi.

Boshqa bir tomondan, agar sug‘urtachi to‘lov arizasining asoslanganligiga qandaydir e’tiroz bildirsa, u tekshirish tugamaguncha to‘lovni to‘xtatib turishi mumkin. Bunday sug‘urtalovchi norozi bo‘lishi mumkin. (nohak ayiblanganligi yoki yolg‘onchi bo‘lib chiqqanligi yoki e’tiroz ortiqcha bo‘lganligi sababli). Har qanday holatda sug‘urta shartnoma bo‘yicha e’tiroz bildirilsa sug‘urtalovchi yomon kayfiyatda bo‘ladi. Boshqa har qanday davrda e’tiroz bildirilmasa sug‘urtalovchi himoyalangan bo‘ladi. U ana shuning uchun o‘z pulini to‘lashga tayyor bo‘ladi.

Sug‘urtalanuvchi agar to‘lovga ariza berilsa, sug‘urtalovchilarni sug‘urtaga polisini sotib olish kerakligiga ishontirish ular yaxshi bitimga qo‘l urganligiga va ular mukofot to‘lab to‘lov bilan bog‘liq arizalarni rasmiylashtirmasligiga ishontirish lozim. Bu holat sug‘urta biznesida xizmatlar bilan bog‘liq masalada muhim ahamiyatga ega. Shartnoma tuzishning har bir bosqichida va sug‘urta shartnomasining harakati davomida mijoz o‘zini betakror ekanligiga ishonch hosil qilishi, o‘z puli evaziga munosib narxda himoya olayotganligiga, shuningdek sug‘urtalovchi kompaniya rahbariyati kompaniyani samarali boshqarayotganligiga va mijoz manfaatini doimo birinchi o‘ringa qo‘yganligiga ishonch hosil qilish kerak.

Ba’zi bir mualliflar bu jihatni yanada to‘liq ochib berish uchun «madaniyat» tushunchasini qo‘llashadi. Ko‘zga ko‘rinmaydigan maxsulotni ishlab chiqaruvchilari sifatida sug‘urtalovchilar mijozlarga yuqori sifatli xizmat kafolatlanishini ta’minlash kerak. Buning eng yaxshi yo‘li shundan iboratki, personal xodimlarida muamola madaniyatini shakllantirish lozim.

Mijoz doimo haq va uning manfaati doimo birinchi o‘rinda turadi degan tamoyili mijoz bilan muomala qilishda asos bo‘ladi3.

Sug‘urtachining sa’y-harakati o‘z mijozlarini sug‘urta polisini sotib olishlari orqali foydali kelishuvni amalga oshirganliklariga ishontirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi muhimdir.

Mamlakatimizda bosqichma - bosqich bozor munosabatlari shakllanishi va rivojlanishi, iqtisodiyot sub’ektlarining yuksak darajadagi iqtisodiy mustaqilligi, erkinligi darajasi ortib borayotgan jarayonda doimo risklar mavjud bo‘lishi kuzatiladi. Ular manfaatlariga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan va doimiy takrorlanib turadigan risklarni qayta taqsimlash, ya’ni o‘ziga xos bo‘lgan maxsus xizmat bilan sug‘urta shug‘ullanadi.

«Sug‘urta deganda yuridik yoki jismoniy shaxslar to‘laydigan sug‘urta mukofotlaridan shakllantiriladigan pul fondlari hisobidan muayyan voqea (sug‘urta hodisasi) yuz berganda, ushbu shaxslarga sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovonini (sug‘urta pulini) to‘lash yo‘li bilan ularning manfaatlarini himoya qilish tushuniladi»3.

2.Sug‘urta nazariyasi fanining predmeti va ob’ekti
Sug‘urta haqida, uning jamiyatga qanday naf keltirishi haqida fikr-mulohaza yuritar ekanmiz, beixtiyor, xalqimiz orasida tez-tez ishlatib turiladigan bir naql xayolimizga keladi; «Falokat oyoq ostida». Bu naql bizga juda ham tanish va uning zamirida chuqur bir ma’no borligini ilg‘ab olish qiyin emas. Haqiqatan, biz yoki siz kundalik turmush yumushlari bilan band bo‘lib, bizni oldinda nimalar kutayotganligini gohida unutib ham qo‘yamiz. Ishonchimiz komil bo‘ladiki, bizga hech narsa xavf solmaydi. Ba’zan, to‘satdan baxtsiz hodisa yoki boshqa kutilmagan falokat ro‘y berishi natijasida sog‘ligimizga putur etsa uni tiklash uchun ko‘p xarajat ham qilamiz. Avvalo, har bir insonni xudo o‘z panohida asrasin, deymiz. Ammo tajriba shuni ko‘rsatadi, «ko‘za kunda emas, kunida sinadi». Xuddi shunday, falokatning ham qachon bo‘lishini oldindan bashorat qilish murakkab. YUqorida qayd etganimizdek, oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan voqea-hodisalarni ro‘y berishi natijasida ko‘rilgan zararni qoplash uchun insonlar o‘z hayotlarini baxtsiz hodisalardan, korxona va tashkilotlar esa tabiiy hamda boshqa xavf-xatarlarni ro‘y berish holatlaridan sug‘urta qilishadi.

Umuman, sug‘urtaning insoniyat hayotidagi va iqtisodiyotni uzluksiz rivojlanishini ta’minlashdagi ahamiyati beqiyos. Buni e’tiborga olib, mamlakatimizda bozor infratuzilmasining ushbu bug‘inini rivojlantirishga katta e’tibor berilyapti. Bugungi kunda sug‘urta xizmatlari bozori o‘z rivojlanishining yangi bosqichiga ko‘tarildi, deb aytish uchun ham bizda asos bor. Faqat bugina emas. To‘g‘ri, bizda hayotni sug‘urta qilish, ayniqsa uzoq muddatli sug‘urta turlarini rivojlantirishda ba’zi muammolar mavjud. Bu sug‘urta turini amalga oshirish uchun fuqarolarda sug‘urta tashkilotlariga ishonch bo‘lishi bilan bir qatorda etarli miqdorda mablag‘ ham bo‘lishi zarur. Faqat hayot sug‘urtasi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishda emas, balki korxona va tashkilotlarning mol-mulki hamda boshqa ixtiyoriy sug‘urta turlarini o‘tkazishda ham talay muammolar mavjud. Bu muammolarni hal etish sug‘urta tashkilotlari va ularning salohiyatli mijozlari bo‘lmish ko‘p ming sonli aholi, yuridik shaxslar rahbarlarining o‘zaro hamkorligiga bog‘liq. Jamiyatda aholi va korxona hamda tashkilot rahbarlarining sug‘urtaga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish lozim. Bu o‘z navbatida sug‘urta tashkilotlari tomonidan faol tushuntirish, targ‘ibot ishlarini olib borishni taqoza etadi.

Hayotiy tajribadan ma’lumki, har qanday korxona, tashkilot yoki fuqaro o‘z mol-mulkini avaylab-asrashga harakat qiladi. Ammo, oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan ko‘ngilsiz voqealarning tasodifan sodir bo‘lishi oqibatida bu mol-mulklar zararlarlanadi yoki butunlay nobud bo‘ladi. Rejali iqtisodiyot tizimida barcha korxonalar davlat tasarrufida bo‘lganligi bois bunday voqelarning ro‘y berishi natijasida etkazilgan zararlar, aksariyat holatlarda, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplangan.

Sug‘urta faoliyati hamma mamlakatlarda ham davlat nazorati ostidagi faoliyatlardan biridir. Bu holat jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida sug‘urtaning naqadar ahamiyatli ekanligini bildiradi. Sug‘urtaning rivojlanishida davlatning bu sohani amal qilishini kuzatib turishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashishini taqozo qilishi jamiyat manfaatlaridan kelib chiqadi. Bu manfaat ikki holatda ko‘rinadi. Birinchidan, sug‘urta zararlarini qoplash va investitsion resurslarni to‘ldirish bilan xalq xo‘jaligining muhim vazifalarini bajaradi. Ikkinchidan, sug‘urta qildiruvchilar o‘z mablag‘larini sug‘urta kompaniyalariga ishonib topshirish bilan sug‘urtachilarni zarar sodir bo‘lganda aniq yordamga etib kelishlariga ishonishadi va himoyaga muhtoj bo‘ladilar. SHuning uchun har bir mamlakatda sug‘urta kompaniyalarini nazorat qilish to‘g‘risidagi qonunchilik bazasi mavjud va shu orqali nazorat tizimi poydevori quriladi.4

Sug‘urta munosabatlarini boshqarish jarayoni o‘z ichiga:


  • sug‘urta faoliyatini amal qilishini me’yoriy-huquqiy bazasini ta’minlash;

  • sug‘urta bozorining professional ishtirokchilarini tanlash;

  • sug‘urta munosabatlarining barcha ishtirokchilari qonunchilik talablarini to‘g‘ri bajarishlarini ustidan nazorat qilish;

  • mulkiy manfaatlarning sug‘urta himoyasi tizimini rivojlanishida davlatning ishtirokini ta’minlash;

  • sug‘urta faoliyati ustidan davlat nazoratini olib borish kabilarni qamrab oladi.

Sug‘urta qonunchiligi talablariga rioya qilinishi, sug‘urta qildiruvchilarning, manfaatdor shaxslar va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilinishi, sug‘urta ishini samarali rivojlanishi maqsadida sug‘urta faoliyati ustidan davlat nazorati qonuniylik, oshkoralik, tashkiliy birlik tamoyillari asosida olib boriladi.

Sug‘urta bozorini rivojlantirish iqtisodiyotni modernizatsiya qilish jarayonining ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda. U ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish maqsadida yangi iqtisodiy institutlar va xo‘jalik yuritish sharoitlarini yaratishda davlatning etakchi rolini nazarda tutuvchi tub o‘zgarishlarning milliy modeliga muvofiq ravishda amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning barcha bosqichlarida davlat darajasida sug‘urta xizmatlari bozorining shakllanishi ijtimoiy barqarorlashtirish, biznes infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish chora-tadbirlarining tarkibiy qismi sifatida ko‘rib chiqildi, u quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirildi: sug‘urtalovchilar va sug‘urta qildiruvchilar mulkini huquqiy ta’minlash va sug‘urta xizmatlari bozorini faoliyat ko‘rsatishi, sug‘urta faoliyatini davlat tomonidan boshqarish mexanizmlarini o‘z ichiga oluvchi rivojlangan jahon bozori tizimiga mos keluvchi yangi sug‘urta institutlarining shakllanishini nazarda tutuvchi o‘ziga xos yangi milliy sug‘urta tizimi yaratildi.

Davlat tomonidan tartibga solish sohasida sug‘urta qildiruvchilar huquqlari, sug‘urta kompaniyalari tomonidan o‘z majburiyatlarining bajarilishini ta’minlash mexanizmlarining yaratilishiga alohida ahamiyat berildi:


  • davlatning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtiroki va ko‘magida rivojlanayotgan xususiy biznes va aholining qaltisliklarini o‘z bo‘yniga olishga qodir bo‘lgan yangi sug‘urta kompaniyalari shakllandi;

  • yangi xususiy sug‘urta tashkilotlarining rivojlanishi va xududiy filiallar tarmog‘ini tashkil etilishi rag‘batlantirildi;

  • aholining yangi sug‘urtalovchilar va sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonchini oshirish, sug‘urta madaniyatini oshirish chora-tadbirlari ko‘rildi.

Davlat sug‘urta bozorida davlat sug‘urta kompaniyalari orqali va sug‘urta faoliyatini turli qonun va me’yoriy hujjatlar orqali tartibga solish yo‘li bilan qatnashadi. CHet mamlakatlar sug‘urta bozoridagi ildam o‘zgarishlar o‘sha davlatlarning sug‘urta konunchiligini puxta tayyorlanganligini va amaliyotda qo‘llanilishi uchun barcha sharoitlar yaratilganligini ko‘rsatadi. Qonunlar va qonun osti hujjatlar sug‘urta sohasining rivojlanishini asosiy omilidir.

Ammo, iqtisodiyotni bozor munosabatlariga o‘tkazish bilan bog‘liq iqtisodiy islohotlar mulkiy munosabatlarni tubdan o‘zgartirib yubordi. Mulklar davlat tasarrufidan chiqarilishi tufayli xususiy va boshqa mulkchilik shaklidagi korxona va tashkilotlar barpo etildi. Tabiiyki, yangi sharoitda davlat xususiy sektordagi korxona va tashkilotlarning mulkiy manfaatlariga etkazilgan zararlar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmaydi. Bir tomondan, bozor sharoitida raqobatning mavjud bo‘lishi hamda turli ichki va tashqi xavf-xatarlar tadbirkorlik faoliyatini bir maromda amalga oshirishga tahdid solsa, ikkinchi tomondan, yuqori foyda olishga intilish katta tavakkalchiliklar qilishni talab etadi.

Sug‘urta korxona va tashkilotlarning mulkiy manfaatlarini ishonchli himoya etuvchi samarali vosita sifatida bozor iqtisodiyoti sharoitida muhim ahamiyat kasb etadi.

3. Sug‘urta nazariyasining funksiyalari.

O‘zbekistonda iqtisodiyotning barcha soxalarini bosqichma-bosqich rivojlantirish, hamda sug‘urta xizmatlar ko‘lamini kengaytirishda, sug‘urta bozori infratuzilmasining o‘sishida, o‘z aksini topmoqda. Bugungi kunga kelib bozor iqtisodiyotini ko‘tarish uchun insonlarni ijtimoiy va iqtisodiy tomondan qo‘llab quvatlash bozor iqtisodiyotning birinchi vazifalaridan bo‘lib hisoblanmoqda. SHu sababli, xayotni uzoq muddatli sug‘urta qilish sug‘urta tarmog‘i sug‘ug‘rta bozorining salohiyati borasida bemalol jadal o‘sish sur’atlarini ko‘rish mumkin. Mamlakatimizda yoshi ulug‘larni qadrlash, bolalarga yaxshi ta’lim berishni ta’minlash va kelajakda ularning yaxshi hayot tarzini ta’minlash kabi milliy qadriyatlarimizni hisobga olgan holda, hozirda annuitet, pensiya va aralash hayot sug‘urtasi turlariga katta e’tibor qaratilmoqda. CHunki hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilishda jamg‘arib boriladigan sug‘urta mukofotlari aholining turmush tarzini yaxshilashga qaratilgandir. SHu sababli hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilishni keng ommaga tadbiq etish, hamda bu tarmoq bo‘yicha yangi xizmat ko‘rsatish usullarini joriy etishga a’lohida e’tibor berilmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ko‘rinib turibdiki, prof. H.R.Sobirov sug‘urtaning 5 ta funksiyaga ega ekanligini qayd etadi. Fikrimizcha, bu funksiyalarning ba’zilari tegishli bahs-munozarani talab etadi. Xususan, sug‘urtaning investitsiya funksiyasi. Investitsiya – sug‘urta tashkilotlari uchun funksiya emas, balki asosiy sug‘urta faoliyatiga qo‘shimcha ravishda amalga oshiriladigan faoliyatdir. Investitsiyasiz ham sug‘urta tashkilotlari faoliyat ko‘rsatishlari mumkin. Ammo, sug‘urta tashkilotlari vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini investitsiya qilish orqali qo‘shimcha daromad oladi. Funksiya doimiylik xarakteriga ega va u o‘zgarmasdir. Sobiq sovet hokimiyati davrida davlat sug‘urta organlarining mablag‘lari investitsiya qilinmas edi. Bozor munosabatlariga o‘tish munosabati bilan sug‘urta tashkilotlarida investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanishga imkoniyat tug‘ildi. Shuning uchun biz investitsiyani sug‘urtaning funksiyasi bo‘la olmaydi, deb tasdiqlashimiz mumkin.

Ayni shunday fikrlarni axborot funksiyasi haqida ham gapirish mumkin. Sug‘urtalanuvchilarga sug‘urta tashkilotlari haqida ma’lumot berish bu sug‘urtaning axborot funksiyasi mavjudligini anglatmaydi. Sug‘urta tashkilotlarining tijorat siriga kiruvchi ma’lumotlari umuman axborot sifatida berilmaydi. Sug‘urtaga axborot funksiyasi xosligi unchalik ham o‘z isbotini topmagan.

Bizning fikrimizcha, sug‘urta quyidagi funksiyalarni bajaradi:


  • Sug‘urta fondini tashkil etish bilan bog‘liq funksiya.

  • Sug‘urta fondidan foydalanish bilan bog‘liq funksiya.

  • Nazorat funksiyasi.

Yuqorida qayd etilgan funksiyalar sug‘urta faoliyatida doimiy hisoblanadi va har qanday sharoitda o‘zgarmasdir. Sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun, albatta, sug‘urta tashkilotida etarli miqdorda pul mablag‘lari fondi bo‘lishi lozim. Agar, sug‘urtalovchi pul fondini, ya’ni sug‘urta fondini tashkil etmasa, uning moliyaviy ahvoli murakkablashishi mumkin. Tashkil etilgan sug‘urta fondining mablag‘lari qat’iy maqsadli xarakterga ega bo‘lib, u faqat sug‘urta hodisalari ro‘y berganda qoplama berish uchun ishlatiladi. Sug‘urta fondining mablag‘larini boshqa maqsadlarda ishlatish mumkin emas. Sug‘urta fondi mablag‘lari davlat tomonidan olib qo‘yilishi va soliqqa tortilishi mumkin emas.

Umuman olganda, bozorda mavjud bo‘lgan va kelajakda kiritilishi mo‘ljallangan xar bir sug‘urta maxsuloti fuqarolarning ijimoiy holati va daromad darajasidan qat’iy nazar keng ko‘llanishi mo‘ljallangan. Bunday afzalliklarni jamlovchi sug‘urta maxsulotlarini “oqilona investitsiyalar” deb nomlash mumkin, va umid qilamizki, yaqin kelajakda ushbu moliyaviy instirument, o‘z hayotidagi eng muhim bo‘lgan-o‘z oilasining farovonligini ta’minlashni xohlovchi xar bir yurtdoshimizning hayot tarzining ajralmas qismi bo‘lib qoladi.

Hayotni sug‘urta qilish ­–sug‘urtaning uzoq mudatliligi va qoplanadigan qaltisliklar tufayli o‘ziga xos sohadir. Potentsial mijozlar ongida shaxsiy mablag‘larni jalb qilish bilan bog‘liq tegishli moliyaviy dastaklardan foydalanishni ishonchli va samarali ekanligi haqida barqaror ijobiy ta’surotni shakilantirish uchun nafaqat sug‘urtalovchilar, balki moliyaviy soha vakillari katta kuch safarbar etkanliklari hech kimga sir emas. Bunda davlatning o‘rni katta ahamiyat kasb etib, u tomonidan etakchi xorijiy tajriba va milliy an’analar asosida iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Sug‘urta qildiruvchilar va sug‘urta tashkilotlari tomonidan investitsiyalarni amalga oshirilishi bilan bevosita chambarchas bog‘liq bo‘lgan hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash haqida gapirganda, bunday islohotlar sirasiga sug‘urta, bank, investitsiya faoliyatini, soliqqa tortish qoidalarini va boshqa sohalarni tartibga soluvchi qator qonun hujjatlari o‘zgarganligini kiritish mumkin. Nisbatan qisqa davr ichida iqtisodiyotning hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilish sohasida faoliyat yuritishni tartibga solish va boshqarish uchun zarur bo‘lgan qonunchilik asoslari hamda tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlar barpo etilmoqda.

Hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilishda insonlarga bir qancha qulay taraflari shundan iboratki – uzoq muddatga sugurta himoyasini taminlashga qaratilgan unifikatsiya qilingan dasturdir. Bonus tolovli hayot sugurtasining asosiy mohiyati hayotni sugurtalash bilan birga mablaglarni jamgarish imkoniyatini yaratishdan va moliyaviy barqaror kelajakni taminlashdan iborat. SHu sababli hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilish tarmog‘ini rivojlantirish va jahon sug‘urta bozorlariga olib chiqish bozor iqtisodiyotning birinchi ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Albatta, oldinga qo‘yilgan ish jarayonida u yoki bu muammoli masala vujudga keladi, lekin ular sug‘urta tashkilotlarining urinishlari va qonunchilika o‘zgarishlar kiritish orqali tartibga solish bilan hal etiladi. 

SHu o‘rinda bir savol tug‘iladi, nima uchun hayotni uzoq muddatli sug‘urtalshga katta ahamiyat berilmoqda? Avvalo, bu ijtimoiy jihatlar bilan bog‘liq. Davlat aholi farovonligini oshirishga yo‘naltiriladigan byudjet mablag‘laridan tashqari kutilmagan voqealar yuzaga kelganda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa bu o‘zbek xalqining ko‘p asrlar davomida shakillangan milliy urf-odatlari nuqtai nazaridan dolzarbdir. Oila bu nafaqat bolalarni tarbiyalash, balki keksa ota-onaga ham g‘amho‘rlik qilishdir. Oila uchun sarflanadigan moddiy boyliklarni o‘z ichiga oluvchi kundalik xarajatlardan tashqari bola tug‘ilishi, o‘qish, to‘y, dam olish va boshqa tadbirlar uchun ham xarajatlar talab etiladi va aynan shu holatlarda hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash oilaviy byudjetga sezilarli og‘irlikni tushurmay qator moliyaviy muammolarni hal etish imkonini beradi.

Sug‘urta tashkiloti va mijoz o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda ushbu xizmat bilan bog‘liq axborotlarning ochiqligini ta’minlash, axborot texnologiyalarini rivojlantirish, internet tarmoqlari orqali yagona “sug‘urta bozorini” tashkil qilish, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot tashviqot ishlarini rivojlantirish, reklamani kuchaytirish, aksiyalar va yosh oilalar uchun bonuslar joriy etish qolaversa, sug‘urta tashkilotlarining moliyaviy holati, tarif stavkalari, sug‘urta qilish qoidalari kabi ma’lumotlarni olishda muammolarning bo‘lmasligi muhim rol o‘ynaydi. To‘g‘ri keyingi yillarda sug‘urta bozorining ochiq-oydinligini ta’minlash, sug‘urta tashkilotlari va ularning operatsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keng xalq ommasi e’tiboriga etkazish borasida jiddiy ijobiy qadamlar tashlandi. Ammo axolining ixtiyoriy sug‘urtaga qiziqtirish xamda potensial mijozlarni sug‘urtaga jalb qilish hamon muammoligicha qolmoqda.

O‘zbekistonda sug‘urta bozori professional ishtirokchilarning faoliyatini xalqaro tajriba asosida tashkil etgan holda, bozorni yuqori darajadagi sifatli va maqbul xizmatlar bilan to‘ldirishga xizmat qiluvchi doimiy takomillashtirishga yo‘naltirilgan iqtisodiy siyosatni yaqin kelajaklarda sug‘urta bozorida hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilish navbatdagi o‘zgarishlar bo‘lishini prognozlashtirish mumkin.

Hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash milliy bozori sharoitida rivojlanish istiqbollari, avvalo potentsial mijozlarni sug‘urta turi bilan yaqindan tanishtirish va ularga hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilish turlari bo‘yicha ko‘proq ma’lumotlarni etkazish hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilish katta ahamiyatga ega hisoblanadi.

Hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash hajimlarining o‘sish ko‘rsatkichlariga qaytar ekanmiz, bu iqtisodiy jihatlardan tashqari aholining moliyaviy savodxonligini oshirishga ko‘maklashayotganligini qayd etish joiz. Mantiqan qaraganda, iqtisodiyot, marketing kabi sohalardagi bilimlarni o‘zida mujassam etgan sug‘urta an’analarini shakllantirish bilan bir qatorda fuqarolarning sug‘urta madaniyati ham oshib borayotganligi tabiiy. Sug‘urta qildiruvchi sug‘urtaning maqbul turi va dasturini tanlashda ishtirok etib, shaxsiy jamg‘armalarni samarali investitsiya qilishga asoslangan, qo‘shimcha kapitalni shakillantiruvchi ishchan mexanizmni yaratishda shaxsan qatnashish va natijada muvozanatlashgan oilaviy byudjet bilan rivojlanishini boshqarishni ratsional rejalashtirishga ko‘maklashadi.



Ilmiy izlanish olib borilishi natijasida O‘zbekistonda hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash bozorining yanada rivojlanishida muammolar mavjudligini ko‘rishimiz mumkin. SHu jumladan:

  • sug‘urta sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, moliyaviy bozor infratuzilmasining tarkibiy qismi sifatida sug‘urta institutlarini mustahkamlashga qaratilgan qator qarorlar qabul qilinganligi katta ahamiyat kasb etadi. Biroq ushbu me’yoriy hujjatlarni rivojlantirish maqsadida hayotni sug‘urta qilish sohasini tartibga soluvchi qonuniy me’yoriy hujjatlar, shu jumladan uzoq muddatli va jamg‘arib boriladigan hayotsi sug‘urta turlari bo‘yicha qonuniy bazaning mustahkamlanmaganligi;

  • hayot sug‘urtasini amalga oshiruvchi ayrim sug‘urta tashkilotlari tomonidan hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash turi bo‘yicha shartnomalar va sug‘urta mahsulotlari sotilishi yuzasidan standartlashtirilgan portfelarning yo‘qligi. Masalan: (o‘lim holatlaridan sug‘urtalash, ma’lum yoshgacha yashashni sug‘urtalash hayotni baxtsiz hodisalardan sug‘urtash va nafaqa sug‘urtasi kabi sug‘urta turlari bo‘yicha);

  • hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash turi bo‘yicha shartnomalarni tuzishda standartlashtirilgan anderayting tizimining yo‘qligi;

  • uzoq muddatli hayot sug‘urtasida maqsadli tayorlangan sug‘urta agentlarining yo‘qligi, sug‘urta bozorida ushbu sug‘urta turi bo‘yicha sug‘urta polislarining kam sotilishiga olib kelmoqda;

  • bugungi kunda hayot sug‘urtasining iqtisodiy mohiyatini tushunuvchi va hayot sug‘urtasida aktuar hisob kitoblarni amalga oshiruvchi professional mutaxassislarning kamligi.

  • hayot sug‘urta bozoridagi eng muhim muamolardan biri sug‘urta firibgarligining oshib borayotganligi. Bu o‘z navbatida hayot sug‘urta bozoridagi mukofotlar hajmining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

  • ayrim hayot sug‘urtasi tashkilotlarida sug‘urta mahsulotlarini istiqbolli sotilishini ta’minlovchi internet – marketing kanalining yo‘lga qo‘yilmaganligi;

  • hayot sug‘urtasining rivojlanmaganligiga yana bir sabab bu aholi daromadlari darajasining pastligi va shu tariqa aholining hayot sug‘urtasiga bo‘lgan ehtiyojining sezilmasligi yoki pastligi.

Yuqorida keltirilgan muammolarni bartaraf etish hamda O‘zbekistonda hayotni uzoq muddatli sug‘urtalashni rivojlatirish maqsadida quydagilarni taklif etamiz:

  • sug‘urta tashkilotlari tomonidan hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash turi bo‘yicha shartnomalar va sug‘urta mahsulotlari sotilishi yuzasidan standartlashtirilgan portfelarni yaratish;

  • hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash turi bo‘yicha shartnomalarni tuzishda standartlashtirilgan anderayting tizimini yo‘lga qo‘yish;

  • uzoq muddatli hayot sug‘urtasida maqsadli sug‘urta agentlarini tayyorlash;

  • hayot sug‘urtasining iqtisodiy mohiyatini tushunuvchi va hayot sug‘urtasida aktuar hisob kitoblarni amalga oshiruvchi professional mutaxassislarni tayyorlash;

  • hayot sug‘urtasida sug‘urta mahsulotlarini istiqboli sotilishini ta’minlovchi internet -marketing kanalining yaxshi yo‘lga qo‘yilishini ta’minlash. Ushbu kanalning yo‘lga quyilishi o‘z navbatida hayot sug‘urta bozori segmentining rivojlanishiga olib keladi.

  • hayot sug‘urta kompaniyalari tomonidan bugungi O‘zbekistonda ankologik kasalliklarning oshib borayotganligini hisobga olgan holda, ankologik va shunga o‘xshash boshqa xavfli kasaliklardan sug‘urtalash dasturlarining ishlab chiqilishi boshqa sug‘urta maxsulotlariga bo‘lgan talabning oshishiga va hayot sug‘urta bozorining rivojlanishiga olib keladi;

  • hayot sug‘urtasini rivojlantirish maqsadida to‘lovlarni kafolatlash fondini tashkil etish lozim. Ushbu fondni tashkil etish uchun kapital talab etiladi. Bunda kapital manbai bo‘lib, sug‘urta bozoridagi soliq tushumlari xizmat qilishi mumkun. Masalan: har yili sug‘urta kompaniyalari davlat byudjetiga soliq to‘laydilar agarda ushbu tushumlarning taxminan 25 yilligi fondning shakllantirilishi uchun yo‘naltirilsa bu hayot sug‘urtasi sohasining samarali va kuchli ishlashini kafolatlash mumkun. Hayot sug‘urtasida to‘lovlarni kafolatlash fondini tashkil etilishi nafaqat hayot sug‘urtasining rivojlanishiga balki aholining ijtimoiy muhofazasini ta’minlashga va ijtimoiy siyosatning rivojlanishiga xizmat qiladi;

  • hayot sug‘urta kompaniyalarining bozordagi faoliyatining ijobiy faoliyatini hisobga  olgan holda keyingi faoliyat strategiyasini rejalashtirib, qisqa muddat uchun sotuv hajmlarini oshirish, uzoq muddat uchun nafaqat mamlakat aholisining farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi va ijtimoiy himoyaning ishchan vositasi, balki iqtisodiy ko‘rsatkichlari o‘sishining ahamiyatli qismi bo‘lgan hamda xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilishni o‘z ichiga oluvchi xizmatlar ko‘lamini kengaytirishini taklif etamiz.

Sanab o‘tilgan takliflarnini baholar ekanmiz, hayotni uzoq muddatli sug‘urtasi sektorining barqaror o‘sishini prognozlashtirish, mavjud potensial esa hayot mahsulotlari yaqin kelajakda aholi tomonidan faol foydalanilayotgan an’anaviy moliyaviy dastaklar qatoriga kirishiga asos bo‘ladi, deyish mumkin.



1 Qarang: Insurance: Principles and Practice. Compiled by David Bland, The Chartered Insurance Institute, Great Britain, 1993. p. 1 b. 3.

1Qarang: Insurance: Principles and Practice. Compiled by David Bland, The Chartered Insurance Institute, Great Britain, 1993. p.1 b. 4.

2Qarang: Efimov S.L. Entsiklopedicheskiy slovar. Ekonomika i straxovanie. M.: Tserix -PEL, 1996. I-X, s. 347.

3 O’zbekiston Respublikasining «Sug’urta faoliyati to’g’risida»gi Qonuni, 3-modda.

2 Qarang: Insurance: Principles and Practice. Compiled by David Bland, The Chartered Insurance Institute, Great Britain, 1993.

3 Qarang: Insurance: Principles and Practice. Compiled by David Bland, The Chartered Insurance Institute, Great Britain, 1993.


4 Chi-ChuanLee, Chien-ChiangLee. Insurance activities, globalization, and economic growth: New methods, new evidenceJournal of International Financial Markets, Institutions and MoneyVolume 51, November 2017, Pages 155-170.

Download 191.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling