Mavzu: Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: G‘arb falsafasi reja: 1


Download 168.5 Kb.
bet1/2
Sana22.10.2020
Hajmi168.5 Kb.
  1   2

MAVZU: Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: G‘arb falsafasi
REJA:

1. Qadimgi Grek-Rim falsafiy maktabi. Milet maktabi, uning Misr-Bobil, Hind falsafasi ildizlari bilan bog’liqligi

2. Xristianlik va Avreliy Avgustin falsafiy ta’limotining vujudga kelishi. Ilk o’rta asrlar falsafiy tafakkur rivojida appologetika va patristika, sxolastika. Nominalizm va realizm

3. Yangi va eng yangi davr falsafasining ustuvor yo’nalishlari. Ingliz, Fransuz va Nemis mutafakkirlarining falsafiy qarashlari

4. Yangi davr G’arb falsafasidagi asosiy muammolar va undagi oqimlar
Tayanch tushunchalar

Ilk o‘rta asrlar falsafasi, Apologetika, mutlaq ruh, verifikatsiya, veto, empirizm, dualizm, monizm, skeptitsizm, sxolastika, nominalizm, realizm
QADIMGI YUNONISTON VA RIM FALSAFASI. Qadimgi davr falsafasining yana bir silsilasi Yunoniston va Rimga tegishlidir. Bu davrdagi falsafiy qarashlar — antik davr falsafasi deb yuritiladi. Unda Milet falsafiy maktabi, eley falsafiy maktabi, Suqrot, Pifagor, Aflotun, Arastu va boshqalarning falsafiy, tabiiy — ilmiy, ijtimoiy — ahloqiy ta’limotlari o‘rganiladi. Yunonistonda dastlabki falsafiy ta’limotlar eramizdan avvalgi VII-VI asrlar o‘rtasida Milet shahrida yuzaga kelgan va rivojlangan. Milet maktabi vakillari Fales, Anaksimandr, Anaksimenlardir. Uning asoschisi Fales (eramizdan avvalgi 624 — 547 yillarda yashagan). U Yunon fani va falsafasining asoschisi bo‘lib, o‘z davrining etuk siyosiy arbobi, jo‘g‘rofi, faylasufi bo‘lgan. FALES ta’limotiga ko‘ra, tabiatdagi turli-tuman jism va hodisalar dastlabki ibtido — suvdan paydo bo‘lgan va yana suvga aylanadi va bu moddiy birlik doimo o‘zgarishda bo‘ladi. ANAKSIMANDR (Falesning shogirdi) eramizdan avvalgi VII asr oxiri va VI o‘rtalarida yashab ijod etgan. U «Tabiat haqida» asarini yozgan, biroq asar bizgacha yotib kelmagan. Fales olamning asosiga suvni qo‘ygan bo‘lsa, Anaksimandr dunyo — cheksiz, gazsimon apeyrondan iborat, issiqlik va sovuqlik, quruqlik va namlik apeyrondan ajralib chiqib, moddaning bir holatdan ikkinchi holatga o‘tishini ta’minlaydi, deb hisoblagan.

Uning ta’limotini zamondoshi, shogirdi Anaksimen davom ettirdi. ANAKSIMEN (eramizdan avvalgi 588-525 yillar) havo — olamning asosi, deb bilgan. Uningcha, havoning quyuqlashishidan suv, er, tosh kabi moddalar tashkil topgan, siyraklashishidan esa olov paydo bo‘lgan. Yana bir yunon faylasufi GERAKLIT (eramizdan avvalgi 520-460 yillar) Kichik Osiyoning g‘arbiy qirg‘og‘idagi efes shahrida zargar oilasida dunyoga kelgan. U stixiyali dialektikaga asos solgan, olov — olamning asosi, deb bilgan. uning fikricha, olamda hamma narsa harakatda. «Oqar suvga bir soniyada ikki marta tushish mumkin emas, chunki suv har daqiqada yangilanib turadi». Olamda turg‘unlik yo‘q. Harakat butun tabiatga, barcha jism va hodisalarga xosdir. Abadiy harakat — abadiy o‘zgarishdir. Harakat qarama-qarshilik asosida sodir bo‘ladi. «Kurash hamma narsaning otasi, hamma narsaning podshosidir», degan ekan Geraklit. Bundan Geraklit kishilar o‘rtasida urushlarni targ‘ib qilgan ekan-da, deya xulosa chiqarish noto‘g‘ri. Geraklitning fikricha, doimiy o‘zgarish, harakat va o‘zaro qarama-qarshi tomonlarga o‘tish — jismlar sifatining nisbiyligi bilan bog‘liq. Masalan, dengiz suvi inson iste’moli uchun yaroqsiz bo‘lsa, baliqlar uchun ayni muddaodir. Geraklitning qarashlari falsafiy tafakkur rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan.



PIFAGOR (eramizdan avvalgi 580-500 yillar) Yunonistonning Samos orolida yashab o‘tgan. u qadimgi YUnonistonda diniy-mafkuraviy falsafiy maktab, ya’ni pifagorchilikka asos solgan. Pifagor o‘zining siyosiy qarashlari tufayli podsho Polikret bilan chiqisha olmagan va Samosni tark etib, janubiy Italiyaga ko‘chib ketgan, o‘sha erda o‘z uyushmasini tashkil etgan. Uningcha, dunyoni bilish jarayoni, avvalo, raqamlarni bilishdan boshlanishi kerak. Pifagorchilarning ta’limotiga ko‘ra, olamning asosida modda ham, tabiat ham emas, balki ideallashgan raqamlar yotadi; narsa va hodisalar aynan ana shu raqamlar mahsulidir. Pifagorchilar birinchi bo‘lib Yunonistonda tabiatdagi narsa va hodisalarni izohlashda miqdor kategoriyasini ilgari suradi. Pifagor zodagonlar oilasiga mansub bo‘lgani bois aristokratiyani himoya qilgan. U «tartib» to‘g‘risidagi ta’limotini yaratib, faqat aristokratlar o‘rnatgan tartib ijtimoiy hayotda muhim rol o‘ynaydi, degan. Uning fikricha, demokratiya bu tartibotning buzilishidir.

Eley falsafiy maktabi namoyandasi Ksenofan (eramizdan avvalgi YI — V asr) shoir va faylasuf bo‘lgan. U Kichik Osiyoda dunyoga kelgan. Ilm olish maqsadida Yunonistonga, janubiy Italiyaga sayohat qilib, umrining so‘nggi yillarini eley shahrida o‘tkazgan. Tarixchi Diogen Laertskiyning yozishicha, Ksenofan «Tabiat haqida» asarining muallifidir. Afsuski, ushbu asarning yarmigina omon qolgan, xolos. u ko‘pxudolikka hamda insonlarga xos sifatlarni hayvonlarga, o‘simlik dunyosiga daxldor deb biluvchi ta’limotga qarshi chiqib, mifologiyani rad etishga harakat qilgan. Uning falsafiy ta’limotiga ko‘ra, tabiat - o‘zgarmas va harakatsizdir, «Hamma narsa erdan unib chiqadi va pirovardida yana erga qaytadi». Biz hammamiz erdan tug‘ilganmiz va erga aylanamiz». Ksenofan qadimgi yunon faylasuflaridan birinchi bo‘lib, bilishning imkoniyati va chegarasi haqida fikr yuritgan. Bu qadimgi yunon gnoseologiyasining rivojiga turtki bo‘ldi.

Ksenofan ilgari surgan g‘oyalar uning shogirdi eley falsafiy maktabining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri, eramizdan avvalgi 504 yili tug‘ilgan Parmenid tomonidan rivojlantirilgan. Eley falsafiy maktabining namoyandalaridan biri Parmenidning shogirdi va do‘sti Zenon (490-430 yillar) o‘z ustozining ta’limotini himoya qildi va uni rivojlantirdi.

Qadimgi Yunon madaniyatida sofistlar falsafasi katta o‘rin tutadi. Sofistlar antropologiya (inson haqidagi fan) va gnoseologiya (bilish to‘g‘risidagi fan) muammolari bilan shug‘ullangan. Sofistlar yangi kasblarning mohir ustalari, ya’ni o‘qituvchilar, diplomatlar, notiqlar, sud mahkamalarida ishlovchi mutaxassislardan iborat bo‘lib, haqiqat, osoyishtalik, adolat o‘rnatishga xizmat qilgan. ularning ta’limoti Suqrot falsafasiga ham ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatgan.

SUQROT (eramizdan oldingi 469-399 yillar.) (asli — Sokrat) — qadimgi Yunon faylasufi. «Afinaning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etgan, yoshlar tarbiyasi bilan shug‘ullangan, hurfikrli inson, kambag‘aldan chiqqan, tosh yo‘nuvchining o‘g‘li, o‘ta bilimdon kishi sifatida mashhur bo‘lgan.

Uning hayoti fojiali tugagani to‘g‘risidagi misol falsafiy afsonaga aylanib ketgan. O‘z davrida Afinadagi hukmron tuzum tartib-qoidalariga qarshi chiqib, yangi fikrlarni ilgari surgani uchun ruhoniylar uni dahriylikda hamda yoshlarni axloqan buzishda ayblaganlar. Unga shunchaki ayb emas, siyosiy ayb qo‘yilgan. Garchand qutilish imkoni bo‘lsa-da, qonun va jamiyat tartiblarini nihoyatda qattiq hurmat qilganligi bois, u jazodan qochishni istamagan va bir qadah zahar ichib o‘lgan. Suqrot va uning tarafdorlari jamiyat qonunlariga, ular qanday bo‘lishidan qat’i nazar, so‘zsiz itoat etishni targ‘ib etganlari g‘oyatda ibratlidir. Holbuki, Suqrot va uning shogirdlari Afinada amal qilgan qonunlarni noto‘g‘ri va adolatsiz deb hisoblagan hamda ularni qattiq tanqid qilgan, ammo, shunday bo‘lsa-da, ularga bo‘ysungan. Shu ma’noda, Suqrot o‘zini aybdor deb topgan, sud hukmiga itoat etgan va o‘zini uning ixtiyoriga topshirgan. «Aflotun mening do‘stim, ammo qonun do‘stlikdan ustun turadi», degan hikmatli ibora o‘sha davr ma’naviyatining yaqqol ifodasidir.

Suqrot o‘z ta’limotini og‘zaki ravishda ko‘cha-ko‘yda, maydonlarda, xiyobonlarda shogirdlari va izdoshlari bilan birga shakllantirgan va xalq ongiga singdirishga harakat qilgan, lekin bironta ham asar yozmagan. Uning falsafiy, axloqiy ta’limotlari mohiyatini shogirdlari Ksenofan, Aristofan va Aflotunlarning asarlaridan bilib olishimiz mumkin. Ksenofan «Suqrot haqida esdaliklar» asarida o‘z ustozi haqida iliq so‘zlar aytib, uni olijanob, axloq-odob borasida haqqoniy fikr yuritgan inson sifatida ta’riflagan. Yoshlarning axloqini buzgan deb unga siyosiy ayb qo‘yish — tuhmat ekanini alohida ta’kidlagan. Aflotun esa uni chuqur mulohazali, insonni ulug‘lovchi donishmand, deya ta’riflagan, uning falsafiy qarashlarini o‘z asarlarida Suqrot nomidan bayon etgan. Suqrotning fikricha, falsafaning markazida axloq masalalari turmog‘i lozim. Jamiyatning ravnaqi, tinchlik va osoyishtaligi, farovon hayoti axloq va odobning ahvoliga bog‘liq. Bu masalalar Sharq falsafasida ham katta o‘rin tutganli bois xalqimiz, buyuk allomalarimiz Suqrot nomini benihoya hurmat bilan tilga olgan, uning axloq-odob haqidagi pand-nasihatlariga amal qilgan.



Suqrotning shogirdi AFLOTUN (asli — Platon) jahon falsafasi tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk allomadir. U nafaqat faylasuf olim, balki san’atkor, shoir va dramaturg bo‘lgan, o‘z g‘oyalarini dialoglar tarzida bayon qilgan. Aflotun 428 yil 21 mayda Delos orolida tug‘ilgan. O‘zidan keyin 35 dan ziyod dialog shaklidagi asarlar yozib qoldirgan. Arastuning u haqdagi ma’lumotlarini birdan-bir to‘g‘ri dalil deb qarash mumkin. Chunki Arastu Aflotunning eng yaqin do‘sti va shogirdi bo‘lgan.

Aflotun «G‘oyalar dunyosi va soyalar dunyosi» ta’limotining asoschisidir. Uningcha, g‘oya haqiqiy borliq, biz biladigan va yashaydigan dunyo esa uning soyasidir. Haqiqiy o‘zgarish va taraqqiyot g‘oyalar dunyosiga xos, soyalar dunyosidagi harakat esa uning aksidir. G‘oyalar dunyosining qonuniyatlarini hamma ham bilolmaydi. Ularni biladigan zotlar nihoyatda kam uchraydi, ular ulkan aql egasi bo‘ladi va tarixda chuqur nom qoldiradi. Aksariyat kishilar esa, soyalar dunyosi bilan kifoyalanadi.

Aflotunning jamiyat va davlat to‘g‘risidagi ta’limoti uning dunyoqarashida markaziy o‘rinlardan birini tashkil etadi. U faqat antik davr falsafasi — ontologiya va gnoseologiyaning klassigi bo‘lib qolmay, mumtoz antik siyosiy nazariya va pedagogikaning bilimdoni ham bo‘lgan. Aflotun ijtimoiy-siyosiy masalalarga doir «Davlat», «Qonunlar», «Siyosat» va «Kritiy» nomli asarlar yozib qoldirgan. «Davlat» asarida jamiyat haqida, uning ideal siyosiy tuzumi to‘g‘risidagi qarashlarini markaziy ta’limoti — g‘oyalar nazariyasi bilan uzviy bog‘liq holda ilgari surgan. Uning fikricha, davlatning to‘rtta shakli mavjud: teokratiya; oligarxiya; demokratiya; tiraniya. Aflotunning ideal davlat to‘g‘risidagi orzulari negizida adolat g‘oyasi yotadi. Aflotun aytganidek, jamiyat barcha a’zolarining odil jamiyatdagi qonunlarga bo‘ysunishi ijtimoiy taraqqiyotning asosiy garovidir.



Aflotunning shogirdi va safdoshi ARASTU (384 — 322 yillar) (asli — Aristotel) qadimgi Yunonistonning buyuk faylasufi, o‘zining betakror, jahonni lol qoldirgan ilmiy merosi bilan mashhurdir. O‘n etti yoshida o‘z ilmini oshirish maqsadida Afinaga kelib, Aflotun asos solgan akademiyaga o‘qishga kirgan va 20 yil davomida (Aflotunning o‘limiga qadar) shu erda tahsil olgan. Keyinchalik Makedoniya podshosi Filippning II taklifiga binoan, uning o‘g‘li Aleksandrga 3 yil muntazam ustozlik qilgan. Binobarin, keyinchalik dunyoni zabt etib, jahongirlik maqomiga ko‘tarilgan iskandarning kamolotida Arastuning xizmatlari beqiyos bo‘lgan. Filippning o‘limidan keyin Aleksandr taxtga o‘tirgach, Arastu Afinaga qaytib kelib, 50 yoshlarida «Likkey» nomli maktab ochgan. Ilmiy faoliyatining samarali bo‘lishida, umuman, Yunonistondagi ilm-fan rivojida Aleksandr tomonidan ko‘rsatilgan himmat va rag‘batlar muhim ahamiyat kasb etgan. Iskandar vafotidan keyin unga qarshi kuchlar bosh ko‘tarib, Arastuni dahriylikda ayblashgan va sudga tortishgan. Suddan oldin evbey oroliga ko‘chib ketgan Arastu ko‘p o‘tmay o‘sha erda vafot etgan.

Arastu zabardast olim bo‘lib, mantiq, psixologiya, falsafa, axloq, notiqlik san’ati, tabiiy fanlar bo‘yicha o‘lmas, bebaho asarlar yozib qoldirgan. Uning barcha asarlari borliqni o‘rganishga qartilgan. Mantiqqa oid asarlarining barchasini «Organon» («Qurol») nomli asariga jamlagan. Faylasuf barcha fanlarni ikki turga — nazariy va amaliy fanlarga bo‘lgan. Amaliy fanlar shogirdlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga, biror bir foydali ishni amalga oshirishga yo‘naltirilgan. U nazariy fanlarni uch qismga - falsafa (metafizika), matematika va fizikaga ajratgan.

Faylasuf olamdagi narsa va hodisalar to‘rtta sababga ega deydi. Bular — moddiy sabab, ya’ni modda (materiya); shakliy sabab yoki shakl; yaratuvchi sabab; pirovard sabab yoki maqsad sabablardir. Yaratuvchi sabab, Arastu talqinicha, harakat manbaidir. Masalan, ota va ona bolaning ulg‘ayishi sababchisidir. Arastu pirovard sabab (maqsad sabab) vositasida insonga xos bo‘lgan maqsadni tabiat hodisalariga ham tatbiq etmoqchi bo‘lgan. Harakat olam singari abadiydir. Ayni paytda, olam o‘zining abadiy sababi, ya’ni harakatlantiruvchi kuchiga ega.

Arastuning jamiyat va davlat to‘g‘risidagi ta’limoti «Davlat», «Siyosat» kabi asarlarida bayon etilgan. Uning fikricha, davlat boshqaruvi jamiyatning erkin va farovon hayoti uchun xizmat qilishi lozim. Baxtli hayot mazmuni faqat moddiy mo‘l-ko‘lchilik bilan belgilanmaydi, balki seroblik ma’naviy boylik bilan uyg‘un bo‘lgandagina, jamiyat baxtli hayot kechiradi. Davlatning boyligi, asosan, o‘rtacha mulkka ega bo‘lgan fuqarolarning mehnati bilan ta’minlanadi. Arastuning bu boradagi qarashlari bugungi kunda Vatanimizda kichik va o‘rta biznes sohasini rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar mohiyatiga juda hamohangdir.

Yunon falsafasida DEMOKRITning qarashlari ham muhim o‘rin tutadi. U haqiqiy borliq — moddiy dunyo, abadiy va poyonsiz, cheksiz-chegarasiz reallikdir, olam mayda moddiy zarrachalardan, ya’ni atomlardan va bo‘shliqdan iborat deya ta’lim beradi. Atomlar va bo‘shliq o‘zaro yaxlit abadiy ibtidodir. Atomlar — bo‘linmas va o‘zgarmas, sifat jihatdan bir xil, uning miqdori shakli singari behisobdir. Harakat, degan edi Demokrit, atomlardan iborat moddaning abadiy, tabiiy holatidir. Demokrit tasodifiyatni inkor etgan. U «na tabiatda na jamiyatda xech bir narsa tasodifan paydo bo‘lmaydi», deb yozgan. Demokritning falsafiy qarashlarida axloqiy ta’limot muhim o‘rin tutadi. Uning bu boradagi qarashlari siyosiy qarashlari bilan uzviy bog‘liqdir. Yaxshi boshqarilayotgan davlat — buyuk qo‘rg‘ondir. Davlat manfaatlari qolgan barcha narsalardan ustun turmog‘i lozim.

Me’yor, deydi faylasuf, axloqning tabiat insonlarga in’om etgan kuch va qobiliyatga mos kelishadadir. Donolik uchta hosil keltiradi: yaxshi fikrlash; yaxshi so‘zlash; yaxshi harakat qilish. Demokritning axloqiy qarashlari o‘z davridagi amaliy ma’naviy munosabatlarning umumlashmasidir. Uning ta’limoti bugungi kunda insonlarni axloq-odobga, diyonatga da’vat etadi.

EPIKUR (341-270 yillar) — qadimgi Yunon mutafakkiri. Demokrit ilgari surgan atomchilik ta’limotini yanada takomillashtirib, uni yuqori pog‘onaga ko‘targan va tegishli qarashlar bilan boyitgan faylasuf. Epikur ta’limoticha, olam — moddiy, abadiy va cheksiz. Atomlar — bo‘linmas, olam — jism va bo‘shliqdan iborat, deb yozgan edi u. Barcha jismlarni epikur ikki guruhga bo‘lgan.

Birinchi guruhga jismlarni tashkil etuvchi atomlarni kiritgan bo‘lsa, ikkinchi guruhga atomlarning birlashishidan tashkil topgan jismlarni kiritgan. Epikur ichki harakat qonuniyatini kashf etib, Demokrit ilgari surgan atomchilik ta’limotiga ulkan hissa qo‘shgan. Epikurning falsafiy-axloqiy ta’limoti o‘z zamonasida ilg‘or ahamiyatga ega bo‘lgan. Rohat-farog‘at, xursandchilik deganda, kayf-safo, maishat, shohona hayotni emas, balki jismoniy ezilish hamda ruhiy tashvishlardan xalos bo‘lishni, ozodlikni tushunamiz, deydi epikur. uning fikricha, davlat kishilarning o‘zaro kelishuvi asosida tuzilishi lozim. Epikur ilgari surgan ijtimoiy kelishuv g‘oyasi keyinchalik XVIII asr fransuz ma’rifatparvarlari hamda XX asr faylasuflari tomonidan davom ettirilgan.

Epikur ta’limotini rimlik LUKRETSIY KAR (eramizdan avvalgi 99-55 yillar) davom ettirgan. U «Narsalarning tabiati to‘g‘risida» nomli asari bilan mashhur bo‘lgan. Yashashdan maqsad, deb yozgan Lukretsiy, baxtli hayot kechirishdan iboratdir. Jamiyat ham, xuddi tabiat singari, o‘z qonunlariga ega hamda tabiat qonuniyatlariga tayangan holda rivoj topadi, deydi u. Uning falsafiy qarashlari o‘z davri va o‘rta asr falsafasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

Uning fikricha, modda (materiya) — abadiy, bir holatdan ikkinchi holatga o‘tib, shaklini o‘zgartirib yashash — uning xossasi. Olamdagi barcha narsalar ikkiga — oddiy va murakkab turga bo‘linadi. Lukretsiy Kar atom harakatining uchta turini sanab o‘tgan. Bular — narsaning og‘irlikka ega bo‘lgani uchun to‘g‘ri chiziqli harakati, narsaning o‘zicha og‘ish harakati, narsaga turtki bo‘lgan asosga qaratilgan harakat. Lukretsiyning nazariyasi mohiyatan sodda bo‘lsa-da, tabiatshunoslikka ulkan ta’sir ko‘rsatgan.

Biz xorijiy Sharq va antik dunyo falsafasi haqida juda qisqa ma’lumot berdik. Ularga mansub ayrim oqim va mashhur faylasuflar ta’limoti to‘g‘risida nihoyatda muxtasar fikr yuritdik. Aslida bu mavzular o‘ta keng qamrovli bo‘lib, ularning mohiyatiga etib borish uchun ko‘p va xo‘b o‘qib-o‘rganishga to‘g‘ri keladi. Ishonchimiz komilki, siz, aziz talabalar ularni mustaqil o‘qib-o‘rganish jarayonida to‘liq o‘zlashtirib olasiz.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, biz falsafa tarixini faqat mashhur nomlar va ular yaratgan ta’limotlarni bilib olish uchungina o‘rganmaymiz, balki insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk faylasuflarning ibratli hayoti, o‘lmas g‘oyalari mohiyatini chuqur anglash, ularga tayanib, bugungi kun falsafiy muammolarining qulay echimini topish, shu tariqa Vatanimiz va xalqimizga halol xizmat qilish, qolaversa, buyuk ajdodlarimizga, elu yurtimizga munosib farzandlar bo‘lish uchun ham puxta va chuqur o‘rganamiz.

Xristianlik va diniy-falsafiy g‘oyalarning shakllanishi va rivojlanishi

G‘arb Evropa feodalizmi sharoitida ham xristian dini hukmronlik qilgan. U o‘zining odamlar aqli va qalbini nazorat qilish markazlashtirilgan tizimini ko‘p sonli tarqoq feodal davlatlarga qarshi qo‘ygan. Bu nazoratni avvalo Rim Papasi boshchiligidagi katolik cherkovi amalga oshirgan. Ayni vaqtda cherkov qadimgi dunyoning «majusiycha» falsafasiga, ayniqsa materialistik ta’limotlarga yot ko‘z bilan qaragan. Shu sababli antik davrning falsafiy merosini o‘zlashtirishga nisbatan xolisona yondashilmagan, bu meros qismlarga bo‘lib o‘zlashtirilgan, asosan diniy aqidalarni mustahkamlovchi idealistik g‘oyalarni tarqatishga yo‘l qo‘yilgan.



O‘rta asrlar Evropasida falsafiy tafakkurning rivojlanish xususiyatlari. XVI asrgacha G‘arb va Sharq falsafiy tafakkuri har biri o‘z yo‘lida rivojlangan: arab musulmon Sharqida va Ispaniyaning arablar istilo qilgan qismida falsafaga dinning ta’siri Evropa va Sharqiy Osiyodagidan kamroq bo‘lgan. Bu davrda arab musulmon fani rivojlanishda Evropa fanidan ancha ildamlab ketgan. Xitoyda ham fan, garchi din ta’siri ancha kuchli bo‘lsa-da, Evropadagidan ilg‘orroq bo‘lgan. Ayrim Sharq faylasuflari o‘z asarlarini antik davr mutafakkiri Demokritning atomlar haqidagi ta’limoti, Empedokl elementlari, Pifagor matematikasi, Platon g‘oyalari, Aristotelning falsafiy va tabiiy-ilmiy merosi, ayniqsa uning mantiq tizimi ta’sirida vujudga kelgan ilmiy-falsafiy an’ana ruhida yaratganlar.

Evropa falsafasida materializm o‘rta asrlarda Sharqdagidek keng tarqalmagan va madaniyatga kuchli ta’sir ko‘rsatmagan. U sxolastikada realizm bilan bir qatorda paydo bo‘lgan nominalistik falsafa ko‘rinishida rivojlangan va avval ayrim narsalar va hodisalar, so‘ngra ularning in’ikoslari narsalarning nomlari sifatida talqin qilinuvchi umumiy tushunchalarda mavjud, degan g‘oyadan kelib chiqqan. Ammo falsafani ilohiyotga qaram qilishga harakat qilgan din mafkuraning hukmron shakli sanalgan.



Ilk o‘rta asrlarda falsafiy tafakkur rivojlanishining asosiy shakllari apologetika va patristika bo‘lgan. Evropada, Vizantiyada, Old Osiyo va Shimoliy Afrikaning ellinlashgan markazlarida xristianlikning tarqalishi boshqa diniy va falsafiy oqimlar bilan qattiq kurash jarayonida yuz bergan. Bunda xristianlikka qarshi neoplatonizm falsafasidan keng foydalanilgan. Ayni shu davrda apologetika xristianlikni asoslash va himoya qilish falsafasi sifatida vujudga kelgan.

Apologetika ortidan «cherkov otalari»ning falsafiy ta’limoti – patristika (lot. pater – ota) paydo bo‘lgan. Patristikaning eng yorqin vakili Gippon (Shimoliy Afrika)dagi episkop Avliyo Avgustin (354-430)dir. U o‘rta asrlar falsafasiga, Shuningdek falsafiy ijodning keyingi davrlardagi ko‘pgina vakillariga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.

Avgustin «haqiqiy falsafa va haqiqiy din»ni bir deb hisoblagan. Xristianlik asoslarini u Platon falsafasidan topishga harakat qilgan. Uning fikricha, Platon g‘oyalari – «bu ijodkor ijodga kirishish oldidan yuritgan mulohazalar»1dir. Xudo dunyoni yo‘qlikdan yaratgan. Inson panoh topishining asosiy yo‘li uning xristian cherkoviga mansubligidir. Xristian cherkovi «ilohiy shahar»ning erdagi vakilidir. Avgustin inson faoliyatining ikki qarama-qarshi turini tahlil qiladi: birinchi – «dunyoviy shahar», ya’ni «Xudoga nisbatan nafrat darajasiga ko‘tarilgan o‘z-o‘ziga bo‘lgan muhabbatga» asoslangan davlatchilik; ikkinchi – «o‘z-o‘ziga nisbatan nafrat darajasiga ko‘tarilgan Xudoga bo‘lgan muhabbat»ga asoslangan «ilohiy shahar». Avgustinning eng mashhur: «Ilohiy shahar», «Insoniy shahar», «Tavba» kabi asarlari mavjud.

Avgustin ikki muhim muammo: shaxs dinamikasi va kishilik tarixi dinamikasi muammolarini echishga harakat qiladi. U «Tavba» asarida shaxsning o‘zligini, uning ruhiy holatlarini o‘rganadi. Avgustin shaxsning ichki dunyosini uning go‘daklik yillaridan boshlab inson xristian sifatida shakllanadigan davrgacha tavsiflaydi. U shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatishning har qanday shakllarini (maktabda bolaga zo‘rlik ishlatishdan davlat darajasida zo‘rlik ishlatishgacha) qoralaydi. Avgustin shaxs erkinligi muammosini ilgari suradi. Oradan bir necha asrlar o‘tgach, ayni Shu muammo ekzistensializm vakillarida Avgustin falsafasiga nisbatan qiziqish uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. Avgustin inson sub’ektiv tarzda erkin harakat qiladi, lekin uning barcha harakatlarini u orqali Xudo bajaradi, deb hisoblagan. Xudoning borlig‘ini insonning o‘zligidan, inson tafakkurining o‘z-o‘zi uchun ishonchliligidan keltirib chiqarish mumkin. Avgustin shaxs uchun o‘zlikning rolini ko‘rsatib berdi. Zero «Men» - tashqi dunyodan ajralib chiqadigan va hatto undan «berkinib» oladigan intim mavjudot. Avgustin inson o‘z «Meni»ni qanday kashf etadi, degan savolga javob topishga harakat qiladi.

Tarix falsafasini ishlab chiqish ham, garchi atamaning o‘zini Volter taklif qilgan bo‘lsa-da, Avliyo Avgustindan boshlangan. Antik faylasuflarda «tarixiylik» tushunchasi mavjud bo‘lmagan: yunonlar dunyoni estetik jihatdan, mukammal koinot sifatida idrok etganlar. Avgustin esa o‘tmish – hozirgi davr – kelajakning o‘zaro aloqasini falsafiy jihatdan anglab etishga harakat qilgan. Hozirgi davr – bir lahza, zero u o‘tmishga chekinadi va kelajak sari harakat qiladi. «Insoniy shahar» (jamiyat) hayoti buni tasdiqlaydi. Avliyo Avgustin asarlari sxolastik falsafaning yaratilishiga asos bo‘lgan va uzoq vaqt mobaynida antik falsafani, asosan Platon, Aristotel hamda neoplatoniklar – Plotin, Porfiriy, Prokl asarlarini o‘rganish manbalaridan biri bo‘lib xizmat qilgan. Plotinning universal triadasi – «yagona – aql – jon» sxolast-faylasuflar e’tiborini o‘ziga tortgan.

SXOLASTIKA (yunon. scholemaktab) – maktab ta’limida hukmronlik qilgan va ilohiyotga to‘la bog‘liq bo‘lgan o‘rta asrlar xristian falsafasi. XI asrda sxolastik falsafa doirasida nominalizm va realizm o‘rtasida kurash avj olgan. Dastavval: «Xudo bir, lekin siymolarda uchta: Xudo-ota, Xudo-o‘g‘il va Xudo-muqaddas ruh, degan fikrni qanday tushunish kerak?», degan sof sxolastik savol o‘rtaga tashlangan. Ammo bu savol atrofida avj olgan bahs-munozara uning chegarasidan chetga chiqqan va tom ma’noda falsafiy xususiyat kasb etgan: amalda yakkalik va umumiylik dialektikasining muhokamasiga aylangan. Realistlar «umuman inson», «umuman uy» kabi umumiy tushunchalar – «universaliyalar» mavjudligi to‘g‘risida so‘z yuritganlar. Ular ayrim narsalarning mohiyati sanalgan universaliyalar narsalargacha amalda mavjud bo‘ladi va narsalarni vujudga keltiradi, deb hisoblaganlar. Bu ashaddiy realizm zamirida Platonning «g‘oyalar dunyosi» va «narsalar dunyosi» haqidagi ta’limoti yotadi.

Nominalistlar «universaliyalar narsalardan keyin vujudga kelgan nomlardir», degan fikrni ilgari surganlar. Ayrim narsalar, masalan, odamlar, uylargina realdir, «umuman inson» yoki «umuman uy» esa faqat so‘zlar yoki nomlar bo‘lib, ularning yordamida odamlar ayrim predmetlarni umumlashtiradilar. Mo‘tadil nominalistlar insoniy tushunchalarda ayrim narsalardagi o‘xshash jihatlarning in’ikosi sifatida umumiylik mavjudligini taxmin qilganlar.

Realizm umumiylikka narsadan oldin paydo bo‘luvchi ideallik sifatida yondashgan, ya’ni amalda umumiy va yakkaning aloqasi to‘g‘risidagi idealistik konsepsiyani ishlab chiqqan bo‘lsa, nominalizm bu muammoni materialistik yo‘l bilan echishning o‘ziga xos timsoli bo‘lgan.

Shunday qilib, realistlar va nominalistlar o‘rtasidagi bahs falsafiy tus olgan, Chunki unda umumiy va yakkaning tabiati muammolari, ularning dialektikasi amalda muhokama qilingan.



Download 168.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling