Mavzu: Organik moddalarni tozalash va haydash usullari


Download 53.61 Kb.
Sana06.05.2020
Hajmi53.61 Kb.

Mavzu: Organik moddalarni tozalash va haydash usullari

1 g texnik benzoy kislotasini 100 ml li konussimon kolba yoki stakanda 40 ml suvda qaynaguncha qizdirib eritamiz. Erimay qolgan aralashmalarni issiq holatda fil`trlash yo`li bilan ajratamiz. Buning uchun ikkinchi 100 ml li konussimon kolbaga 5 ml suv quyib, ustiga burmali fil`tr joylashtirilgan voronka o`rnatib (voronka uchi kolba tubiga tegmasin) qaynatamiz. Ko`tarilayotgan suv bug`lari voronka devorlarini va undagi fil`trni isitib fil`trlanayotgan eritmaning fil`trga quyilgan qismi sovushiga yo`l qo`ymaydi. Eritmaning qolgan qismini doimo qizdirib turib oz-ozdan fil`trni voronkaga quyib fil`trlaymiz va oxirida 5 ml toza is­siq suv bilan fil`trni yuvamiz. Fil`trlash tugagach fil`tratni ikkiga bo`lamiz. Bir qismini uy haroratida asta-sekin sovutishga quyamiz, ikkinchi qismini esa jo`mrak ostida oqayotgan sovuq suvga tutib tez sovutamiz. Tez sovutilganda mayda kristallar, sekin (25-30 min) sovutilganda yirik kristallar hosil bo`ladi. Benzoy kislota kristallarini Byunxer voronkasi va Bunzen kolbasidan foydalanib vakuum ostida fil`trlab olamiz hamda shu fil`tr qog`ozi orasida quritamiz. Toza benzoy kislota kristallarini suyuqlanish haroratini aniqlash uchun saqlab quyamiz.


Kristallash usuli bi­lan moddalarni tozalash, ularning har xil eruvchanligiga bog’liq bo`lib, asosan hamma kristall moddalarni shu usul bilan tozalash mumkin. Bu usulda moddaning ma`lum qismi yo`qoladi. Bu usuldan foydalanilganda erituvchini yaxshi­lab tanlab olish kerak.

Organik kimyo laboratoriyalarida ishlashda xavfsizlik texnikasiga rioya qilish qoidalari

Laboratoriyada xalatsiz ishlash mumkin emas. Ishlashda ozodalikka, tinchlikka, saranjomlikka hamda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilish kerak.


Rejada ko`rsatilgan har bir tajribani boshlashdan oldin o`qituvchining ruxsatini olish shart va bajarilayotgan ishning mazmunini e`tibor bilan o`qib chiqish hamda tajriba uchun olinayotgan moddalarning hossalarini bilib olish lozim.


Laboratoriyada ovqatlanish, suv ichish, chekish hamda quyilgan


reaktivlarning ta`mini totish mumkin emas.

Foydalanilgan kislotalar, ishqorlar, ishlatilgan xromli aralashmalar, o`tga o`ch suyuqlik kabilarni rakovinaga to`kish mumkin emas. Ularni maxsus belgilangan idishlarga yig`ib, qayta tozalash korxonalariga yuborilishi lozim.


Qog’oz, qum, shisha qirindisi va bo`lakchalarini maxsus idishlarga tashlash kerak.


Tajribani boshlashdan oldin tegishli reaktivlarning borligini va to`g`ri olinganligini hamda asboblarning to`g`ri yig`ilganligini tekshirib ko`rish lozim.


O`tkir hidli moddalar bilan olib boriladigan tajribalarni


faqatgina mo`rili shkaf ichida o`tkazish lozim. To`satdan o`tkir hidli yoki zaharli moddalar bilan zaharlanganda, avvalo zaharlangan kishini ochiq havoga olib chiqish, so`ngra tegishli yordam ko`rsatish kerak.

Reaktivlar, gaz va elektr energiyasini tejash lozim. Tajribada ko`rsatilgan reaktivlar miqdorini ortig`i bilan olish mumkin emas, bunday holda tajriba yaxshi natija bermasligi mumkin.


Yonib turgan gaz gorelkasini va elektr-asboblarini nazoratsiz qoldirish mumkin emas.


Elektr asboblari, gaz va vodoprovod jo`mraklari, laboratoriya asboblari, analitik tarozilar va shunga o`xshash boshqa asboblar buzilsa, tuzatishga urinmasdan o`qituvchiga murojat qilish kerak.


Probirkaga biror suyuqlik solib qizdirayotganda uni qiya ushlab, yuqorisidan boshlab asta-sekin qizdirish kerak. Probirkaning og`zi esa ishlayotganlardan boshqa tomonga qaratilgan bo`lishi kerak.


Kislota, ishqor va zaharli modda eritmalarini pipetkaga og`iz bilan so`rib tortib olish mumkin emas. Buning uchun maxsus so`rg`ichlardan foydalanish lozim.


Tez va osonlik bilan yonuvchi moddalar bilan ishlaganda bu moddalarni ochiq alangada qizdirish va alanga yaqinida saqlash mumkin emas. Bunday moddalarni suv va qum hammomlarida qizdirish mumkin.


Tez yonuvchi suyuqliklar tasodifan alangalanib ketsa, avvalo qizdirish manbaini o’chirish kerak. Alangani esa qum sepib yoki maxsus o`t o`chirgich vositalari bilan o`chirish lozim. Ammo suv bilan o`chirish mumkin emas, cho`nki suv bilan aralashmaydigan moddalar suv betida yoyilib ketib alangani yanada kengaytirishi mumkin.


Agar ishlayotgan kishining kiyimi yonib ketsa, uni darhol adyol yoki qalin material bilan berkitib, yonayotgan kiyimga havo kirishini to`xtatish lozim.


Isitish asboblarini maxsus o`tga chidamli materiallardan yasalgan tagliklar ustiga qo`yib foydalanish mumkin.


Tanangizning biror eri alanga ta`sirida kuyganda, avvalo, kaliy permanganatning suyultirilgan eritmasi bilan yuvish va kuyganga qarshi ishlatiladigan maxsus moy yoki streptotsid emul`siyasini so`rtib bog`lash kerak.


Kislota ta`sirida kuygan joyni avval yaxshilab suv bilan keyin esa 1% li soda eritmasi bilan yuvish kerak. Ishqor ta`sirida kuyganda esa avval suv bilan, keyin esa 1% li sirka kislotasining eritmasi bilan yuviladi va vazelin surtib bo’glanadi.


Laboratoriya ishi tugagach, ish joyi tartibga keltirishi kerak. Gaz gorelkalari va vodoprovod jo`mraklarining berkitilganligini hamda elektr asboblarining o`chirilganligini yana bir tekshirib ko`rish lozim.


Umuman kimyo laboratoriyalarida ishlatiladigan moddalarning ko`pchiligi oz miqdorda bo`lsa ham sog`likka zararlidir. Shuning uchun ishlashda doimo hushyor va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilish kerak.



Organik moddalarni ajratish va tozalash usullari

Organik kimyoning jadal sur`atlar bilan rivojlanishi natijasida organik moddalar soni juda ko`payib bormoqda. Ularning soni hozirgi kunda 6 millionga etib qoldi. Faqat o`simlik va tirik organizmlar tarkibidan ajratib olingan organik moddalar soni 100 mingdan oshib ketdi. Meditsina va veterinariyada ishlatiladigan dori moddalar, qishloq xo`jaligida qo`llanilayotgan pestitsidlar (gerbitsidlar, fungitsidlar, insektitsidlar, akaritsidlar, nematotsidlar, ovitsidlar, rotentitsidlar, defoliantlar), organik o`g`itlar, oziqa birligi va to`yimliligini oshiradigan moddalar, ozuqa achitqilari, plastmassalar, kauchuk va sintetik tolalar, bo`yoqlar va boshqalar asosan organik moddalardir.

Organik moddalarni tabiiy manbalardan ajratib olish yoki sintezlash texnologik jarayonida ularning tozaligiga katta ahamiyat beriladi, chunki reaktsiya vaqtida qo`shimcha moddalar ham hosil bo`ladi. Ular reaktsion aralashmadan u yoki bu darajada asosiy modda bilan birga ajratib olinadi. Shu sababli moddaning tarkibini va xossalarini o`rganishdan oldin ularni tozalash zarur. Ularning fizik konstantlari-qaynash va suyuqlanish, haroratini aniqlash esa tozaligi haqida fikr yuritish imkonini beradi.

Organik moddalarni tozalashda kristallash, sublimatlash, ekstraktsiya va haydash usullaridan keng foydalaniladi.



Kristallash usuli bilan tozalash. Organik moddalarni kristallash yo`li bilan tozalash ularning eruvchanlik qobiliyatiga asoslangan bo`lib, mos kelgan erituvchini tanlab olish muhim ahamiyatga egadir. Bunda tanlab olinayotgan erituvchi, birinchidan, tozalanayotgan modda bilan reaktsiyaga kirishmasligi, ikkinchidan, qo`shimchalarni yoki juda yaxshi eritishi yoki umuman eritmasligi kerak. Agarda qizdirilganda modda va qo`shimchalar yaxshi erisa, sovutilganda qo`shimchalar cho`kmaga tushmasdan eritmada qolishi, tozalanayotgan modda esa cho`kmaga tushishi kerak. Bunda oddiy fil`trlash yoki fil`trlashni tezlashtirish uchun vakuum ostida fil`trlashdan foydalanib cho`kma ajratib olinadi.

Agarda tanlab olingan erituvchida qizdirilganda faqat tozalanayotgan modda erisa, u holda erimay qolgan qo`shimchalardan «issiq» fil`trlash usuli bilan ajratiladi va fil`trat sovutilganda tozalanayotgan modda cho`kmaga tushadi.

Fil`trat tez sovutilsa asosan mayda kristallar hosil bo`ladi (masalan, suv ostida sovutilsa), asta sovutilsa (xona haroratida) yirik kristallar hosil bo`ladi.

Kristallash usulida qo`shimchalar bilan birgalikda moddaning ma`lum qismi yuqoladi.


Noma`lum modda tozalanganda erituvchi moddaning kam qismi shisha oynasida yoki mikroprobirkalarda eritish bilan tanlab olinadi.

Benzoy kislotasini kristallash yo`li bilan tozalash

Kerakli asboblar: 1. Konussimon kolba yoki 100 ml li stakan.

2. Voronka. 3. Byuxner voronkasi. 4. Bunzen kolbasi.



Reaktivlar: 1. Benzoy kislotasi. 2. Otquloq (oksalat) kislotasi.

Ish yo`li: 100 ml li stakan yoki kolbada 0,5 g benzoy kislotasini 25 ml suvda - plitkada yoki qum hammomida qizdirish bilan eritamiz. Erimay qolgan qo`shimchalarni ajratish uchun «issiq» fil`trlaymiz. Buning uchun boshqa konussimon kolbaga 5 ml distillangan suvdan quyamiz, og`ziga buramali fil`tr joylashtirilgan voronkani o`rnatamiz va eritilayotgan benzoy kislotasi yoniga qaynatish uchun qo`yamiz. Ikkala kolbadagi suyuqlik mildirab bir tekis qaynab turishi kerak. Qaynab chiqqach benzoy kislotasi eritmasining bir qismini voronkaga qo`yamiz va qolganini yana qaynatishga qo`yamiz. Voronka ostidagi suv kolbadagi suv qaynashi natijasida bug`lanib, bug`lar voronkani va undagi eritmani qizdirib sovushiga yo`l qo`ymaydi. Shu sababli fil`trda eritma sovumaydi va benzoy kislotasi cho`kmaga tushmasdan to`la fil`tratga o`tadi. Benzoy kislota eritmasini oxirigacha fil`trlab bo`lgach, yana bir marta toza issiq suvda fil`trda qolgan qo`shimchalarni yuvamiz. Shu tarzda fil`trlash amalga oshiriladi.

Fil`tratni ikki qismga bo`lib, birinchi qismini xona haroratida sovutiladi, ikkinchi qismini esa jumrak ostida oqayotgan suvga tutib turib tez sovutamiz. Tez sovutilganda mayda kristallar, havo haroratida sovutilganda esa (20-25 min) yirik kristallar hosil bo`ladi. Hosil bo`lgan toza benzoy kislota kristallarni Byuxner voronkasi va Bunzen kolbasidan foydalanib vakuum ostida fil`trlab olamiz va fil`tr qog`ozi orasida siqib quritamiz. Kristal­larni suyuqlanish haroratini aniqlash uchun saqlab qo`yish kerak.

Agarda benzoy kis­lotasi o`rniga otquloq kislotasi ishlatilsa, u holda 2 g otquloq kis­lotasi 5 ml suvda eritilishi kerak.

Sublimatlash usuli. Sublimatsiya jarayoni, qattiq moddalar qizdirilganda suyuq holatni chetlab, birdaniga gaz (bug`) holatiga o`tishi yoki aksincha, sovutil­ganda birdaniga gaz (bug`) holatidan qattiq holatga o`tishidir.

Sublimatsiyaga normal haroratda ham bug`ning bosimi katta bo`lgan qattiq moddalar uchraydi. Ular shu yo`l bilan qo`shimchalardan tozalanadi. Buning uchun tozalanayotgan modda yaxshi maydalangan bo`lishi kerak.



Organik moddalarni ekstraktsiya usuli bilan tozalash va ajratish

Moddalarni ekstraktsiyalash usuli ularni tabiiy manbalardan yoki aralashmalardan ajratib olishda qo`llaniladi. Ekstraktsiya - bu moddalarni aralashmadan erituvchilar yordamida ajratib olish usuli bo`lib, bitta moddani aralashmadan toza holda ajratib olish yoki kontsentratsiyalash yoki aralashma tarkibidagi hamma moddalarni alohida-alohida toza holda ajratib olish usulidir. Bu usul ikkita bir-birida aralashmaydigan suyuqliklarda moddaning taqsimlanish qonuniga (eritmalarni ekstraktsiyalashda) va tozalanayotgan aralashmadagi moddaning erituvchilarda har xil erishiga asoslangan.



Ajratilishi zarur bo`lgan aralashma eritmasini yoki emul`siyani ajratish voronkasiga solib aralashma erigan erituvchida aralashmaydigan, lekin moddani yaxshiroq eritadigan erituvchi (ekstragent) dan ozroq solib chayqatsak, ajratib olinayotgan modda ikkala erituvchi orasida taqsimlanadi. Moddaning yuqori va quyi qismi erituvchilari kontsentratsiyasi nisbati o`zgarmas kattalik bo`lib taqsimlanish koeffitsienti (K) deyiladi. U moddaning hamda erituvchilarning tabiatiga va haroratiga bog`liq lekin aralashmadagi moddaning boshlang`ich miqdoriga (kontsentratsiyasiga) va erituvchi­larning miqdoriga bog`liq emas (Nerdst taqsimlanish qonuni).



Sx — moddaning ekstragentdagi kontsentratsiyasi.

Su — moddaning aralashma eritilgan erituvchidagi kontsentratsiyasi. K — taqsimlanish koeffitsienti.

Erituvchining ma`lum miqdorida moddani to`laroq ajratib olish uchun erituvchi bilan qayta-qayta ekstraktsiya qilish kerak. Qattiq moddalarni aralashmadan kamroq miqdordagi erituvchi bi­lan qayta-qayta xona temperaturasida (mitseratsiya) qizdirish bilan (digerirlash) yoki maxsus apparatlarda to`qtovsiz ekstraktsiya (perkolyatsiya, perfora­tsiya) qilish bilan ajratib olishimiz mumkin. Mitseratsiyada maydalangan qattiq moddani erituvchi bilan aralashtirib turib ma`lum vaqt saqlab keyin fil`trlaymiz. Fil`trga tushgan moddani kolbadagiga qayta qo`shib ustiga yangi erituvchi solib ma`lum vaqtdan keyin yana fil`tr­laymiz. Bu ishni modda to`la ajralguncha qaytaramiz. Ekstraktsiya usuli bilan moddaning to`la ajratib olinganligini shu moddaga xos maxsus rangli reaktsiyalar yordamida yoki modda rangli bo`lsa, rangning o`zgarishiga qarab aniqlaymiz.


Organik moddalarni fizik konstantalarini aniqlash

Suyuqliklarning qaynash va qattiq moddalarning suyuqlanish haroratlari ularning asosiy hamda muhim fizik konstantalaridan bo`lib, har bir modda o`ziga hos xarakterli qaynash va suyuqlanish nuqtasiga egadir. Moddalarning qaynash va suyuqlanish harorati ularni ma`lum moddalar bilan indentifikatsiyalash va tozaligi to`g`risida fikr yuritishimizga imkon beradi hamda eng asosiysi yangi adabiyotlarda yozilmagan moddalarni xarakterlash uchun qo`llaniladi.

Tekshirilayotgan modda qaysi modda ekanligini aniqlash- indentifikatsiyalash uchun ozgina qismiga taxmin qilingan ma`lum moddadan olib aralashtirilib suyuqla­nish harorati aniqlanadi. Agarda aralashma depressiya bermay suyuqlansa, ya`ni suyuqlanish haroratidagi inter­val 1-2°C dan oshmasa, aralashmadagi moddalar bir xil bo`ladi. Asosan har xil moddalar aralashmasining suyuqlanish harorati odatdagidan past bo`ladi.

Suyuqliklar bir xil bo`lsa, ular asosan 1-2°S farq bilan to`la haydaladi. Bunday hollarda tekshirilayotgan moddalar bilan solishtirilayotgan modda bir xil hisoblanadi.



Suyuqliklarning qaynash haroratini aniqlash

Kerakli asboblar: 1. Vyurts kolbasi, 100 ml li. 2. Ter­mometr. 3. Suv hammomi. 4. Libix sovutgichi. 5. Alonj. 6. Konussimon kolba, 100 ml li.

Reaktivlar: 1. Uglerod (IV)—xlorid.

Ish yo`li: Suyuqliklarning qaynash haroratini aniqlash uchun oddiy haydash uchun tuzilgan asbobdan foydalanamiz.

Yaxshilab yuvilgan va quritilgan 100 ml li haydash kolbasiga 15-20 ml uglerod (IV)-xlorid quyib, bir necha «qaynatgichlar» solamiz, termometr o`rnatilgan tiqin bilan og`zini berkitamiz va shtativga o`rnatamiz. Termometrni simob ustuni haydash kolbasi yuqorisidagi Libix sovutgichi bilan ulangan shisha naydan 0,5 sm pastroqqa tushib turishi kerak. Sovutgichni alonj yordamida yig`uv kolbasi bilan ulaymiz. Qaynash harorati aniqlanayotgan moddani suv hammomida bir me`yorda qaynatamiz. Simob ustuni ko`tarilib borib bir nuqtada to`xtagach va alonj uchida birinchi tomchilar paydo bo`lganda haroratni belgilab qo`yamiz va ko`zatib turib haydashni davom ettiramiz. Agarda modda toza bo`lsa 1°C farq bilan to`la haydalishi kerak.


Organik birikmalarni element sifat analizi
Organik birikmalar bu uglerod va vodorod birikmalari uglevodorodlar va ularning hosilalaridir. Uglevodorodlar tarkibiga uglerod va vodorod, geterotsiklik birikmalar tarkibiga uglerod va vodoroddan tashqari ma`lum miqdorda kislorod, azot, oltingugurt hosilalari tarkibiga esa bulardan tashqari galogenlar (galoid birikmalar tarkibiga), fosfor (fosfor organik birikmalar tarkibiga) va boshqa elementlar kiradi.

Organik birikmalar tarkibiga kiruvchi elementlarni sifatiy aniqlash uchun, moddani oksidlash, yondirish, natriy metali bilan qo`shib qizdirib parchalash va boshqa yo`llar bilan neorganik moddalarga, masalan uglerodni-uglerod (IV)-oksidiga, vodorodni-suvga, azotni-natriy tsianidga, oltingugurtni-natriy sul`fidga va hokazolarga aylantiramiz.



Uglerod va vodorodni aniqlash. Uglerodni organik moddani ko`mirlantirish usuli bilan aniqlashimiz mumkin. Organik moddani qizdirganimizda u qisman uchib, qisman parchalanib, suyuqlanib kuyib ketadi va ostida qora massa ko`mir qoladi. Yonganda kuchli yonsa, bu moddaning to`yinmaganligini, tarkibida qo`shbog` yoki uchbog`lar yoki benzol xalqasi, yoki uzun zanjir borligini, suv bug`ining hosil bo`lishi esa modda tarkibida vodorod borligini ko`rsatadi, lekin bu usul bilan aniqlash doimo ham yaxshi natija bermaydi. Shu sababli uglerod va vodorodni aniqlashda organik moddani mis (II)-ok­sidi bilan yondirish usulidan foydalaniladi. Bu usul ancha aniq natija beradi. Organik moddani mis (II)-oksidi bilan yondirganimizda uning tarkibidagi uglerod (IV)-oksidiga, vodorod esa suvga aylanadi. Mis (II)-oksidi organik moddani oksidlab erkin misgacha qaytariladi. Hosil bo`layotgan uglerod (IV)-oksidini kal`tsiyli yoki bariyli suv solingan probirkadan yoki kolbadan o`tkazsak, ular orasida reaktsiya borib cho`kma hosil bo`ladi, agarda uglerod (IV) - oksidi oz miqdorda ajralayotgan bo`lsa, bariyli yoki ohakli suv loyqalanadi. Hosil bo`layotgan suv reaktsion probirkaning yuqori qismida yoki gaz chiqarish nayi devorlarida kondensatlanib suv tomchilarini paydo qiladi. Suv hosil bo`layotganligini aniq bilish uchun hosil bo`layotgan suvni suvsiz mis sul`fat tuziga yutdirsak, uning rangi ko`karadi.

Bariyli suvning sezgirligi ancha yuqori bo`lib, kam miqdordagi uglerod IV -oksidini ham aniqlash imkonini beradi.



Reaktsiya tenglamalari:




Organik moddaga natriy qo`shib qizdirish bilan azot, oltingugurt va galogenlarni aniqlash

Organik moddalarni juda kam miqdorda natriy qo`shib qizdirsak ham bu jarayon ancha xavfli bo`lib, texnika xavfsizligiga qat`iy rioya qilishni talab qiladi va aks holda ko`ngilsiz hodisalarga olib keladi. Har bir elementni aniqlaganda qayta-qayta natriy bilan qizdirmaslik uchun, bir yulasiga azot, oltingugurt va galogen tutuvchi organik moddani tanlab olishni, buning imkoni bo`lmasa, kerakli organik moddalarni aralashtirish yuli bilan bunday moddani sun`iy tayyorlashni taklif etamiz. Ko`pgina tabiiy birikmalarning, masalan jun, shoyi, soch, shox va boshqalarning tarkibiga azot va oltingugurt kiradi. Azotni va oltingugurtni al`buminda, go’sht yoki baliq unida, yoki boshqa birikmalarda aniqlashdan oldin tekshirilayotgan moddalarga galogen organik birikmadan qo`shilsa, bir tajribada bir yulasi­ga azot, oltingugurt va galogenlarni aniqlash mumkin bo`ladi.



Kerakli asboblar1. Shtativ probirkalari bilan. 2. Shtativ, qisqich.

Reaktivlar: 1. Sulfanil kislota, xloroform. 2. Albumin (yoki baliq uni). 3. Natriy. 4. Qo`rg`oshin atsetat, 2-5% li. 5. Nat­riy nitroprussid, 1% li. 6. Temir (II-sul`fat, 5% li. 5. Temir (III)-xlorid, 1 % li. 8. Xlorid kislota, 10% li. 9. Nitrat kislota (kontsentrlangan). 10. Kumush nitrat, 1% li. II. Etil spirti.

Ish yo`li: Quruq probirkaga 0,1-0,2g sulfanil kislotasi (yoki oq streptotsid), ustiga 3-4 tomchi xloroform va oksid qavati tozalangan nuxatdek natriy metalidan solamiz. Sulfanil kislota o`rniga tabiiy birikma albumin (yoki baliq unidan) ishlatish mumkin. Probirkani shtativga qiya o`rnatib, avval hamma qismini bir tekisda asta qizdiramiz, keyin modda bor joyini qattiq probirka qizarguncha qizdiramiz. Qizdirishni ehtiyotkorlik bilan mo`rili shkaf ostida bajaring! Qizdirilayotganda mikroportlash bilan natriy bo`lakchalari alangalanib ketishi mumkin. Aralashmani sovutgach, unga etil spirtini tomchilatib qo`shib, reaktsiyaga kirishmay qolgan natriyni neytrallaymiz va 10ml atrofidagi distillangan suvda hosil bo`lgan natriy tsianid, natriy sul`fid va natriy galogenidlarni qizdirib eritamiz. Eritmani fil`trlaymiz. Fil`tratni uchga bo`lib F-1, F-2, F-3 deb nomerlaymiz. Fil`trat ishqoriy muhitga ega bo`ladi.

a) Oltingugurtni aniqlash. 1. Fil`trat F-1 dan 1 ml olib probirkaga quyamiz va ustiga bir necha tomchi qo`rgoshin atsetatning 1% li eritmasidan qo`shamiz. Qo`ngir rangning paydo bo`lishi tekshirilayotgan moddada oltingugurt borligini ko`rsatadi.

2. Ikkinchi probirkaga, fil`trat F-1 dan 0,5 ml solib 1-2 tomchi natriy nitroproussidning 1% li eritmasidan qo`shamiz. Agarda moddada oltingugurt bo`lsa, eritma qizg`ish binafsha rangga bo`yaladi.



3. Yana bir probirkaga, fil`trat F-1 dan 1 ml solib
ustiga tomchilatib xlorid kislotasining 10% li eritmasi­
dan qo`shamiz. Bunda vodorod sul`fidning o`ziga hos hidi
seziladi.

b) Azotni aniqlash. Probirkaga 2 ml fil`trat F-2 dan solib ustiga temir (II)-sul`fatning kichkina kristallaridan bir necha dona qo`shib 2 daqiqa asta qaynatamiz. Keyin eritmani sovutib xlorid kislotasining 10%-li eritmasidan kislotali muhit hosil bo`lgunicha tomchilab qo`shamiz. Bunda berlin zangorisining ko`k cho`kmasi hosil bo`ladi. Agarda tekshirilayotgan moddada azot kam bo`lsa, kislota qo`shilganda ko`kga o`tadigan zangori rang paydo bo`ladi.

v) Galogenlarni aniqlash. Fil`trat F-3 dan 3-4 ml olib ustiga kontsentrlangan nitrat kislotasidan kuchli kislotali muhit hosil bo`lguncha qo`shamiz va mo`rili shkafda bir necha minut qaynatamiz. Bunda aralashmadagi natriy sul`fid va natriy tsianid vodorod sul`fid va vodorod tsianidgacha oksidlanib uchib ketadi. Bu moddalar to`la ajratilmasa galogenlarni aniqlashga xalaqit beradi.

Aralashmani sovutib, ustiga bir necha tomchi kumush nitratning 1 % li eritmasidan tomizamiz. Bunda lag`chasimon cho`kma hosil bo`lishi tekshirilayotgan moddada galogen borligini ko`rsatadi.
Download 53.61 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling