Mavzu: O‘zbekiston respublikasi prezidenti shavkat mirziyoyevning ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlarining mazmun-mohiyati reja


Download 0.53 Mb.
Sana30.06.2020
Hajmi0.53 Mb.
#122457
Bog'liq
1.1.-1-mavzu ma'ruzasi


MAVZU: O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING TA’LIM-TARBIYA SOHASIDAGI ISLOHOTLARINING MAZMUN-MOHIYATI

Reja:

1.1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan demokratik islohotlarni izchil davom ettirilishi.

1.2. O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ishlab chiqilishi va uning mohiyati.

1.3. Xalq ta’limi sohasi xodimlari oldida turgan dolzarb muammolar, ularning yechimi

1.4. O‘zbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosati

1.5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga murojaatnomasi hamda unda belgilangan ta’lim-tarbiya tizimiga doir muhim ustuvor vazifalar



Tayanch iboralar: dekmokratik jamiyat, erkin bozor iqtisodiyoti, Xalq bilan muloqot, Harakatlar Strategiyasi, Yoshlar oid davlat siyosati, Oliy Majlis, murojaatnoma, islohot, modernizatsiya, integratsiya, konstituttsiya, taraqqiyot kafolati.
1.1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan demokratik islohotlarni izchil davom ettirilishi.

Barchamizga ma’lumki, har bir suveren davlat o‘zining betakror tarixi va madaniyatiga egadir. Bu tarix, bu madaniyatning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi esa haqli ravishda shu mamlakat xalqi hisoblanadi. O‘zbekistonimizning ko‘p asrlik tarixi va keyingi 29 yillik rivojlanish davri, o‘z davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashga qaratilgan taraqqiyoti bu haqiqatni yana bir bor yaqqol tasdiqlab berdi. Ana shu bunyodkorlik jarayonining qudratli va hal qiluvchi kuchi, hech shubhasiz, ko‘pmillatli xalqimizdir.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev O‘zbekistonda Islom Karimov davrida boshlangan islohotlarni qat’iy davom ettirishga kirishdi. Bugun zamonning o‘zi barchamizning oldimizga yangi va g‘oyat mas’uliyatli vazifalarni hal etishni talab qlayotganiga e’tiborni qaratdi. Bu asosiy vazifalar sifatida quyidagilarga alohida to‘xtalib o‘tdi:

Birinchidan, muhtaram Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov boshlab bergan keng ko‘lamli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar yo‘lini og‘ishmasdan, qat’iy va izchil davom ettiriladi. Bu yo‘l - erkin, demokratik, insonparvar davlat qurish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, Vatanimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish va yanada ravnaq toptirishning mustahkam zaminidir. Shuningdek, Sh.Mirziyoyev mamlakat Prezidenti sifatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablarini qat’iy va so‘zsiz bajarish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquk va erkinliklarini ta’minlaydigan ichki va tashki siyosatni amalga oshirishni o‘zining eng asosiy burchi va vazifasi ekanini aytib o‘tdi.

Ikkinchidan, mamlakatimizda hukm surayotgan millatlar va fuqarolar totuvligi, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini ko‘z qorachig‘idek saqlash hamda mustahkamlashdek ustuvor vazifaga alohida e’tibor qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Jamiyatimizda hukm surayotgan o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni yanada rivojlantirish, qaysi millat, din va e’tiqodga mansubligidan qat’i nazar, barcha fuqarolar uchun teng huquqlarni ta’minlash e’tibor markazida bo‘ladi. Ularning o‘rtasiga nifoq soladigan ekstremistik va radikal g‘oyalarni tarqatishga O‘zbekistonda mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.

Uchinchidan, xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tuyg‘usini hayotimizda yanada keng qaror toptirish birinchi darajali vazifa bo‘lib qoladi. Bu borada buyuk sohibqiron Amir Temurning: «Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin!» degan chuqur ma’noli so‘zlari har birimiz uchun hayotiy e’tiqodga aylanishi zarur. Bu masala, eng avvalo, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, butun sud tizimi, prokuratura, ichki ishlar, nazorat organlari rahbarlari va xodimlarining, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquklari bo‘yicha vakilining bevosita vazifasidir. Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo albatta muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi talab etiladi.

To‘rtinchidan, iqtisodiyotimizning barqaror sur’atlar bilan o‘sishini ta’minlashdek muhim tamoyil va ustuvor vazifani amalga oshirish, davlat rahbari uchun strategik vazifa bo‘lib qoladi. Biz avvalo iqtisodiyotni isloh qilish va erkinlashtirish borasidagi ishlarimizni yanada chuqurlashtirish, uning soha va tarmoqlarini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish bo‘yicha boshlangan ishlarni jadallashtirishimiz kerak. Tarmoqlar va hududlarni modernizatsiya qilish, ularning raqobatdoshlik darajasini oshirish, eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lishi lozim. Aynan shu asosda 2030 yilgacha mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini 2 barobardan ziyod ko‘paytirishga erishishimiz darkor. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini strategik asoslangan darajada qisqartirish, xususiy mulkni yanada rivojlantirish va uni himoya qilishga doir kompleks masalalarni hal etish - hukumat, davlat boshqaruvi organlari va barcha darajadagi hokimliklar uchun eng muhim ustuvor vazifa sifatida belgilanadi.

Beshinchidan, biz amalga oshirayotgan iqtisodiy islohotlar va ijtimoiy o‘zgarishlarning samarasi, birinchi navbatda, aholining moddiy ahvoli va farovonligini, uning hayot darajasi va sifatini oshirishga qay darajada ta’sir ko‘rsatayotgani bilan o‘lchanadi.Shu maqsadda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdorini bosqichma-bosqich oshirib borish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni rejalashtirilgan va ular albatta amalga oshiriladi.

Oltinchidan, aholi bilan doimiy muloqot qilish, uning qonuniy talablari, so‘rov va takliflarini amalga oshirish uchun aniq choralar ko‘rish ustuvor vazifa deb e’lon qilindi. Endi nafaqat hukumat, balki mutasaddi vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, shuningdek, hokimlarning ham bu boradagi faoliyati yakunlari bo‘yicha hisobot berish tizimi joriy etiladi va shunga qarab ularning ishiga baho beriladi.

Jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojining strategik yo‘nalishlari sifatida quyidagi vazifalar belgilab olindi:



Birinchidan, iqtisodiyotimizda yuqori o‘sish sur’atlarini saklab qolish, makroiqtisodiy barqarorlik va milliy valyutamizni yanada mustahkamlashni ta’minlash.

Ikkinchidan, mamlakatimiz hududlarini, ya’ni shahar, tuman va mahallalarni, ayniqsa iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda nisbatan orqada qolayotgan tuman va shaharlarni kompleks va jadal rivojlantirish.

Uchinchidan, aholining real daromadlarini, turmush darajasi va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratish. Hukumat va shaxsan uning yangi rahbariyati faoliyati samarasini biz aynan shu mezonlar asosida baholashimiz zarur. Shu maqsadda yaqin kunlarda Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasi qayta ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Bunday o‘zgartirishlardan asosiy maqsad - to‘plangan tajriba asosida va mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha oldimizda turgan keng ko‘lamli yangi vazifalarga muvofiq, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining eng optimal va samarali tizimini ishlab chiqishdan iborat.
1.2. O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ishlab chiqilishi va uning mohiyati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 7-dekabrda O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligiga bag‘ishlangan nutqida O‘zbekistonni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha taklif bildirdi.



2017-yil 7-fevralda Prezident Sh.Mirziyoyevning PF-4947-son “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” Farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra 20172021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi ishlab chiqildi.

Harakatlar strategiyasini 5 ta ustuvor yo‘nalishi va ularning ustuvor vazifalari, ularga muvofiq tanlangan ranglarning ma’nolari:

I. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishtirish

Rang: moviy – osmon va toza suv ramzi, buyuk Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi)

Unda asosiy masala sifatida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatnimodernizatsiya qilishda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish; davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish; jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirish vazifalariga alohida e’tibor qaratilgan.



Ustuvor vazifalar:

    1. Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish;

    2. Davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish;

    3. Jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirish.


II. Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish

Rang: siyohrang – qonuniylik elementlari hisoblangan ustuvorlik va or-nomuslilik ramzi)

Unda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish; fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash; ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini takomillashtirish; jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish; sud-huquq tizimida qonuniylikni yanada mustahkamlash; yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari muhim o‘rin olgan.



Ustuvor vazifalar:

2.1. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish;

2.2. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash;

2.3. Ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini takomillashtirish;

2.4. Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish;

2.5. Sud-huquq tizimida qonuniylikni yanada mustahkamlash;

2.6. Yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish.
III. Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish(erkinlashtirish)

Rang: tillarang – iqtisodiyotni rivojlantirish elementi bo‘lgan kuch-qudrat va boylik ramzi)

Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish; tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish; qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish; iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uni ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish; viloyat, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali va optimal foydalanish masalalarining yechimi bu yo‘nalishga asos qilib olingan.



Ustuvor vazifalar:

3.1. Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish;

3.2. Tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish;

3.3. Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish;

3.4. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulkning huquqlarini himoya qilish va uning istiqbolli rolini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojlanishini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom etish;

3.5. Viloyatlar, tumanlar va shaharlarning kompleks va muvozanatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning salohiyatidan samarali va optimal foydalanish;
IV. Ijtimoiy sohani rivojlantirish

Rang: qizil – hayot va aholining munosib turmush tarzini ta’minlash ramzi

Aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish; aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish; arzon uy-joylar barpo etish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, aholining hayot sharoitlari yaxshilanishini ta’minlovchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish; ta’lim va fan sohasini rivojlantirish; yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish vazifalariga alohida e’tibor qaratilishi belgilab olindi.



Ustuvor vazifalar:

4.1. Aholining bandligi va real daromadlarini bosqichma-bosqich oshirish;

4.2. Aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish;

4.3. Arzon uy-joylar qurish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, aholining hayot sharoitlarini yaxshilanishini ta’minlovchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish;

4.4. Ta’lim va fan sohasini rivojlantirish;

4.5. Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish. Yoshlarga oid davlat siyosati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Yoshlarga oid davlat siyosati” va boshqa qonunlar bilan tartibga solinadi.
V. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish

Rang: oq – tinchliksevarlik siyosati elementlari hisoblangan tinchlik va soflik ramzi)

Xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash sohasidagi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratilishi lozim. Aholining turli qatlamlari o‘rtasidagi ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik tamoyillarining hayotda qaror toptirish ijtimoiy taraqqiyotning muhim shartidir. Shuningdek Vatanimizning taraqqiyoti, barqarorligi masalalarining yechimi ma’lum bir jihatdan chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatga ham bog‘liqdir.



Ustuvor vazifalar:

5.1. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar;

5.2. Chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar.

20172021-yillarda umumiy qiymati 40 milliard AQSh dollari miqdoridagi 649 ta investitsiya loyihasini nazarda tutuvchi tarmoq dasturlarini ro‘yobga chiqarish rejalashtirilmoqda. Natijada keyingi 5 yilda sanoat mahsulotini ishlab chiqarish 1,5 baravar, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 33,6 foizdan 36 foizgacha, qayta ishlash tarmog‘i ulushi 80 foizdan 85 foizgacha oshadi. Davlat dasturining yuqorida qayd etilgan barcha chora-tadbirlarini amalga oshirishga 37,7 trillion so‘m va 8,3 milliard AQSh dollari yo‘naltiriladi.
1.3. Xalq ta’limi sohasi xodimlari oldida turgan dolzarb muammolar, ularning yechimi

Shu bilan birga, islohotlar amalga oshirilgan yillarda umumiy o‘rta, shuningdek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish, 12 yillik majburiy ta’limga o‘tish natijalarini har tomonlama tahlil qilish hozirgi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi bugungi kun talablariga javob bermasligini va tubdan isloh qilishga muhtoj ekanligini ko‘rsatdi.

Umuman olganda, kasb-hunar ta’limining obro‘si hamda o‘qituvchilar, tarbiyachilar va murabbiylarning, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning ijtimoiy maqomi pasayib bormoqda. Oliy malakali kadrlardan samarali foydalanilmayapti. Kadrlar bilimi va ular tayyorgarligining sifatini nazorat qilish hamda baholash tizimi hozirgi zamon talablari darajasida emas.

Respublikamiz ta’lim tizimi amaliyotidagi mavjud muammolar hisobga olingan holda hamda ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida umumiy o‘rta ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash uchun shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini belgilangan rejalar amalga oshirish maqsadida.

2018-yil 17-iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti huzurida ta’lim tizimi rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda inson resurslarini rivojlantirish poydevori bo‘lgan, yoshlarda bilim, dunyoqarash va ma’naviyat asoslarini shakllantiruvchi umumiy o‘rta ta’lim tizimini tubdan isloh qilish masalalari muhokama qilindi.

Bugungi kunda respublikada 9,7 ming maktabda jami 5,2 million o‘quvchi ta’lim olmoqda. Bu aholining 16 foizini tashkil etadi, o‘quv-tarbiyaviy va boshqaruv jarayonida 450 mingdan ziyod xodim mehnat qilmoqda. Biroq so‘nggi 20 yilda asosiy e’tibor kollej va litseylarga qaratilib, umumta’lim maktablari faoliyatini zamon talablariga javob beradigan yaxlit bir tizimga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar qoniqarsiz bo‘lgan.

Yig‘ilishda maktablarni moliyalashtirishga ikkinchi darajali masala sifatida qaralib, ushbu tizimga byudjet mablag‘lari «qoldiq» usulida ajratib kelinganligi, ayniqsa xalq ta’limi tizimi xodimlari yillar davomida o‘z faoliyatiga xos bo‘lmagan boshqa ishlarga muntazam jalb qilinib, tom ma’noda «tekin xizmatkor» ga aylanib qolganligi keskin tanqid qilindi.

Bu kabi holatlar maktablarda erkak o‘qituvchilarning kamayishiga ham sabab bo‘lib, hozirgi kunda maktablarda erkak o‘qituvchilar 30 foizni, Toshkent shahrida esa 10 foizni tashkil qilishi qayd etildi.

Shuningdek, o‘qituvchilar o‘z ustida ishlab, bolalarni fanlarga qiziqishini oshirish o‘rniga, maktabning kam-ko‘stini yopish uchun o‘quvchilar ota-onalaridan pul yig‘ish, tinimsiz tekshirishga kelayotgan turli komissiyalarni «tinchitish» bilan ovora bo‘lib qolganligi, maktablarda davomat tushib ketishi, o‘quvchilarning ko‘cha-ko‘yda qarovsiz holda yurishi, hattoki bezorilarga va turli zararli oqimlarga qo‘shilishi holatlariga olib kelganligi tanqidiy muhokama qilinib, ta’sirchan chora-tadbirlar belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlat rahbari Jahon banki rahbariyati bilan uchrashuvda «inson kapitali»ga sarmoya kiritishni ko‘paytirish masalasi muhokama qilinganligi hamda avvalgidek «arzon ishchi kuchi bo‘lsa, chet el sarmoyasi keladi» degan siyosat hozirgi zamon talabiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini alohida ta’kidlab, tegishli topshiriqlar berdi.

Prezident dunyoda ilmiy-texnik rivojlanish va ishlab chiqarish jarayonlarining avtomatlashish darajasi oshayotgani sababli past malakali ishchi kuchiga ehtiyoj kamayib borayotganligini, jumladan, Xitoy ham aynan zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ta’limga qattiq e’tibor qaratib, katta sarmoyalarni yo‘naltirayotganligini alohida ta’kidladi.

Sababi jahon va mamlakatimizda ro‘y berayotgan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jarayonlar va innovatsion o‘zgarishlarning rivojlanishi mos ravishda jamiyatda ta’lim jarayonlarini modernizatsiyalashni talab etadi. Uzluksiz ta’lim butun ta’limdagi o‘zgarishlarni shakllantiruvchi tizim sifatida, mehnat bozorida mutaxassislarning malakasi va kasbiy kompetensiyalarining rivojlanishini belgilovchi va umuman iqtisodiyot va jamiyatning rivojlanish darajasini oshiruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Uzluksiz ta’limning rivojlanishi shuningdek, ilmiy-texnik jarayonlar, informatsion texnologiyalarni joriy etish va innovatsion o‘zgarishlar bilan izohlanadi.

Innovatsion jamiyatning o‘ziga xos xususiyati o‘zida har xil yosh kategoriyasidagi insonlar bilimini doimiy tizimli ravishda to‘ldirib borish va kengaytirishni ta’minlaydigan hayot davomida va bosqichma-bosqich jarayondan iborat bo‘lgan uzluksiz ta’lim hisoblanadi1. Uzluksiz ta’limning maqsadi bilimlar iqtisodiyotining innovatsion rivojlanish bo‘g‘inining ajralmas bo‘g‘ini sifatida insonning o‘zgarishlarga va iqtisodiyotni modernizatsiyalashga, kasbiy hayot, madaniyat, jamiyat va hokazolarga moslashish qobiliyatini mustahkamlash sifatida namoyon bo‘ladi.

Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga muvofiq kadrlar tayyorlashning mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlar darajasida oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan oliy ta’lim darajasini sifat jihatidan oshirish va tubdan takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash bo‘yicha Oliy ta’lim tizimini 2017-2021 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi2 tasdiqlandi.

Ta’lim sifatini ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan islohotlar talablariga muvofiq yuksak darajaga ko‘tarish, shuningdek uzluksiz ta’lim tizimida ta’lim sifatini nazorat qilishni yanada takomillashtirish, kadrlar tayyorlash sifati va o‘quv jarayoni samaradorligining xolisona baholanishini nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tashkil etildi.

Shu bilan birga, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda erishilgan sur’atlar oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimi sharoitida orttirilgan tajribaning mohiyatini qator xorijiy mamlakatlarning mazkur sohadagi ilg‘or amaliyotini hisobga olgan holda qayta anglash zarurligini taqozo etmoqda. Hozirgi sharoitda ilmiy kadrlar tayyorlash jarayonini tobora jadal rivojlantirish va sifatini oshirish, iqtidorli yoshlarni ilm-fanga keng jalb qilish, oliy ta’lim va ilmiy muassasalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va undan respublikaning innovatsion rivojlanishida samarali foydalanish masalalari alohida ahamiyat kasb etmoqda3.

Respublikada ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi ta’lim muassasalari qurish, mavjudlarini rekonstruktsiya qilish va kapital ta’mirlash barobarida ularni zamonaviy o‘quv va laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli choralar ko‘rilmoqda. Ta’lim sohasini isloh etish borasida 2016-2018 yillarning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining ta’lim sohasiga doir yetmishdan ortiq farmon, qaror va farmoyishlari qabul qilindi. Ushbu g‘oyat muhim huquqiy hujjatlar mamlakatimizda ta’lim tizimini tom ma’noda sifat jihatdan tubdan o‘zgarish va yangilashlar jarayonlari uchun asos bo‘ldi.

Ta’lim-tarbiya tizimini mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 2018 yil 5-sentabr kuni davlatimiz rahbarining “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, shuningdek, qator qarorlari qabul qilindi.

Xujjatda, ushbu sohadagi ishlar holatini tanqidiy tahlil qilish xalq ta’limi tizimi boshqaruvini tashkil etish, davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining faoliyatini amaliy jihatdan muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnik holatini yaxshilash bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishda bir qator muammolar va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Jumladan:



birinchidan, joylarda umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, umumta’lim muassasalari rahbarlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalalarini hal etish, idoraviy mansub tashkilotlarning mulkidan samarali foydalanishda xalq ta’limi boshqaruv organlari rolining yetarli darajada emasligi;

ikkinchidan, umumta’lim muassasalari rahbarlari zimmasiga ularga xos bo‘lmagan vazifalar va funktsiyalarni yuklash, muassasa direktori va uning o‘rinbosarlari o‘rtasida vakolatlarning aniq taqsimlanmaganligi, ular faoliyati samaradorligini baholashning aniq mezonlari va parametrlari mavjud emasligi;

uchinchidan, umumiy o‘rta ta’limning dolzarb masalalari va ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqotlarning mavjud emasligi, o‘quv-tarbiya jarayonini uslubiy ta’minlash masalalarida xalq ta’limi bo‘limlari va umumta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik darajasining pastligi;

to‘rtinchidan, rahbarlar, o‘qituvchilar va umumta’lim muassasalari boshqa xodimlarining kasbiy faoliyatiga asossiz ravishda aralaShuvdan himoya qilish mexanizmlarining samarasizligi, nazorat qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan maktablarni tekshirish haddan ziyod ko‘payib ketganligi;

beshinchidan, ta’lim sifatini ta’minlash, o‘qituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish masalalarida umumta’lim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasining yetarli darajada emasligi, o‘quv-tarbiya jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazoratining mavjud emasligi;

oltinchidan, xalq ta’limi tizimi muassasalarini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash mexanizmining mukammal emasligi, ularning faoliyatiga zamonaviy me’moriy yechimlar, innovatsion ishlanmalarni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasining pastligi aytib o‘tilgan.

Prezident Farmonida xalq ta’limi tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari etib qo‘ydagilarni belgilab berilgan:



  • umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, har tomonlama kamol topgan avlodni tarbiyalash, o‘quvchilarning ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlanishini ta’minlash;

  • ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining muvofiqlashtiruvchi roli va mas’uliyatini kuchaytirish, shuningdek, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur yo‘nalishdagi vazifalari, funktsiyalari va vakolatlarini aniq belgilash va tartibga solish;

  • rahbar va pedagog xodimlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tatbiq etish yo‘li bilan xalq ta’limi tizimida kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy etish;

  • xalq ta’limi muassasalarini boshqarish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shaffof va samarali jamoatchilik nazoratiga erishish, shu jumladan barcha muassasalarning telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini ta’minlash, barcha foydalanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar manbasini yaratish, ularning faoliyatini baholashning elektron reyting tizimini joriy etish;

  • xalq ta’limi muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni va ijtimoiy muhofaza qilishni yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlarni yaratish;

  • zarur tashkiliy-huquqiy va texnik-iqtisodiy sharoitlarni yaratish yo‘li bilan umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasida nodavlat xizmatlarni ko‘rsatishga oid faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tarmog‘ini yanada rivojlantirish, ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklikning turli shakllarini samarali joriy etish;

  • xalq ta’limi tizimiga ilg‘or xorijiy tajribani, o‘quv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, shu jumladan ta’lim berishning innovatsion usullarini joriy etish, o‘quv va o‘quv-uslubiy adabiyotlarning yangi avlodini yaratish, fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.

Bundan tashqari, 2018 yil 1 sentabrdan maktablarda faoliyat olib borayotgan 450 mingdan ziyod pedagog va rahbar xodimlarning maoshi oshirildi. Xalq ta’limi xodimlariga uy, yer, maishiy texnika, chorva va mashina sotib olish uchun imtiyozli kreditlar berish tizimi joriy etildi. Ular uchun maxsus davlat mukofoti ta’sis qilindi. O‘qituvchilarni boshqa ishlarga jalb etish, maktablarda asossiz tekshiruvlar o‘tkazish amaliyotiga chek qo‘yildi.

Ushbu sa’y-harakatlar natijasida xalq ta’limi tizimi joriy yilda 16 ming nafar oliy ma’lumotli yosh kadr bilan to‘ldirildi. Qariyb 13 ming nafar erkak o‘qituvchi maktablarga qaytdi.


1.4. O‘zbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosati

Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunning asosiy maqsadi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, uni rivojlantirishga qaratilgandir. Mamlakatimiz aholisining katta qismini yoshlar tashkil qiladi. Vatanimizning ertangi taraqqiyoti yoshlarga bo‘lgan bugungi e’tibor, olib borilayotgan siyosatning samarasiga bog‘liq.

O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Yoshlarga oid davlat siyosati” va boshqa qonunlar bilan tartibga solinadi.

Yoshlarga oid davlat siyosati deganda davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi tushuniladi. Siyosiy fanlar nuqtai nazaridan yoshlar deganda o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar nazarda tutiladi. Yosh oilani er-xotinning ikkisi ham o‘ttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand tarbiyalab voyaga yetkazayotgan o‘ttiz yoshdan oshmagan yolg‘iz otadan yoki yolg‘iz onadan iborat bo‘lgan oila tashkil etadi.

Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy printsiplari quyidagilardan iborat: ochiqlik va shaffoflik; yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda yoshlarning ishtirok etishi; yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish; ma’naviy, axloqiy va madaniy qadriyatlarning ustuvorligi; yoshlarning kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmasligi. Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunning 5- moddasiga asosan yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:


  • yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;

  • yoshlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash;

  • yoshlarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish;

  • yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash;

  • yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish;

  • yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash;

  • yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish;

  • yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish;

  • iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish;

  • yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

  • yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

  • yosh oilalarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish;

  • yoshlarning huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

Davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yosh fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ro‘yobga chiqarishni ta’minlaydigan zarur shart-sharoitlarni yaratish, jamiyat hayotida ularning o‘rni va faolligini oshirish, sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalash maqsadida ishlab chiqiladi hamda amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar:



  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi- yoshlarga oid davlat siyosatining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi; sohaga doir davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini ta’minlaydi va sh.k.

  2. Mahalliy davlat hokimiyati organlari - tegishli hududda yoshlarga oid davlat siyosatining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi; hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi va sh.k.

3. Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar tizimiga quyidagilar kiradi: ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari; davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari; madaniyat va sport ishlari bo‘yicha organlar; mehnat organlari; prokuratura organlari; ichki ishlar organlari; adliya organlari; mudofaa ishlari bo‘yicha organlar.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonunga muvofiq har bir yosh fuqaroning huquqlari va erkinliklari kafolatlanadi. Yosh fuqarolarning huquqlari va erkinliklari cheklanishi mumkin emas, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.

Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, yoshlarning huquqlari va erkinliklarini biror bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bunday cheklash qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Yosh fuqarolar va yosh oilalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat tomonidan quyidagilar vositasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari nazarda tutilgan:



  • oilaviy hayotga oid muammolar, psixologik-pedagogik, huquqiy va boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar berish tizimini rivojlantirish;

  • yoshlarga ijtimoiy xizmat, ijtimoiy yordam ko‘rsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari tizimini rivojlantirish;

  • yoshlarning dam olishi va ularni sog‘lomlashtirishni tashkil etish tizimini rivojlantirish.

Iqtidorli va iste’dodli yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda:

  • qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mukofotlar, stipendiyalar belgilash, ta’lim grantlari taqdim etish;

  • fan, madaniyat va san’at sohasida ijodiy ustaxonalar va maktablarni tashkil etishga ko‘maklashish;

  • umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida sport seksiyalari, fan, texnika to‘garaklari va ijodiy to‘garaklar faoliyatini tashkil etish;

  • iqtidorli va iste’dodli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirish maqsadida tanlovlar, olimpiadalar, ko‘rgazmalar, festivallar, ko‘riklar, kontsertlar, simpoziumlar, o‘qishlar, konferentsiyalar, seminarlar tashkil etish hamda o‘tkazish;

  • iqtidorli va iste’dodli yoshlarni ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda o‘qitish, qayta tayyorlash va amaliyotni o‘tash dasturlaridan tanlov asosida foydalanishini ta’minlash;

  • ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy ishlarni o‘tkazish uchun yosh mutaxassislar va olimlarga shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning ishlanmalarini amaliyotga joriy etishga ko‘maklashish, shuningdek yoshlarning kadrlar salohiyatini saqlab qolish hamda rivojlantirish;

  • sport-ta’lim muassasalari, klublari tarmoqlarini rivojlantirish, iqtidorli va iste’dodli yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida sport musobaqalarini o‘tkazish;

  • iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rag‘batlantirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi avvalambor yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yosh kadrlar safini kengaytirishga bevosita bog‘liq. Shu maqsadda yana bir muhim hujjat “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 3-aprel kuni yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan beshta muhim tashabbusni amaliyotga joriy etish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi va unda quyidagi masalalar belgilab berildi.



1-tashabbus: Yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

2-tashabbus: Yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.

3-tashabbus: Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va Internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

4-tashabbus: Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.

5-tashabbus: Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalarini nazarda tutadi.
1.5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga murojaatnomasi hamda unda belgilangan ta’lim-tarbiya tizimiga doir muhim ustuvor vazifalar

2020-yil 24-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnoma taqdim etildi. Ushbu Murojaatnoma Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlisga taqdim etilgan uchinchi Murojaatnoma hisoblanadi. Bundan avvalgi Murojaatnomalar 2017 va 2018 yillarda so‘zlangan edi.

Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida yurtimizda 2020 yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berish taklif etildi.

2020-yil nomida belgilangan sohalarni ustuvor darajada rivojlantirish va isloh etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi. Xususan, bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini joriy yilda 60 foizga yetkazish, buning uchun byudjetdan qariyb 1,8 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi ta’kidlandi.



Shuningdek, ta’lim va ilm, ma’rifatni rivojlantirish uchun quyidagi vazifalar belgilab olindi:

  • Bu yildan boshlab, tariximizda ilk bora 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinadi. Bunga byudjetdan 130 milliard so‘m ajratilib, bu jarayonda xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari ham bevosita ishtirok etadi.

  • 2020 yilda byudjetdan ajratiladigan 1,7 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 36 ta yangi maktab qurilib, 211 tasi kapital ta’mirlanadi. Shuningdek, 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkaziladi.

  • Pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo‘lgan, o‘z ishida aniq natijalarga erishgan o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimini joriy etiladi.

  • 2021 yilgi xalqaro baholash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish uchun 348 ta tayanch maktab belgilanib, 6 mingdan ortiq o‘qituvchining malakasi oshiriladi.

  • Joriy o‘quv yilidan boshlab, mutlaqo yangi professional ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etiladi.

  • Kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida milliy malaka tizimi ishlab chiqiladi. Ushbu tizim 9 mingga yaqin kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

  • Maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkaziladi.

  • Oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlarini 2 barobar ko‘paytiramiz, qizlarimiz uchun alohida grantlar ham ajratiladi. Xotin-qizlar qo‘mitasi ushbu grantlar asosida o‘qitishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqishi kerak.

  • Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini ham optimallashtirish zarur. Ona tili bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish lozim. Yoshlar istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnoma olsa, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirayotgan paytda ona tili bo‘yicha qayta sinovdan o‘tishga hech qanday ehtiyoj qolmaydi.

  • Oliy ta’lim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi, ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitiladigan fanlar qayta ko‘rib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartiriladi.

  • Oliy ta’limda o‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga o‘tkazish talab etiladi. Joriy yildan pedagogik ta’limning 6 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 3 yil qilib belgilanadi.

  • Oliy o‘quv yurtlariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Joriy yilda ularning 10 tasi o‘zini o‘zi moliyaviy ta’minlashga o‘tadi. Bundan tashqari, kamida 5 ta oliy ta’lim muassasasini konkurs asosida tanlab, nufuzli xorijiy oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda ularni transformatsiya qilishni boshlaymiz.

  • Mamlakatimiz uchun ilm-fan sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni aniq belgilab olishimiz kerak. Hech bir davlat ilm-fanning barcha sohalarini biryo‘la taraqqiy ettira olmaydi. Shuning uchun biz ham har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yo‘nalishini rivojlantirish tarafdorimiz.

  • Joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo‘nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi. SHuningdek, ilm-fan sohasida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablag‘larini ajratish mexanizmini tubdan qayta ko‘rib chiqish kerak.

  • Ilm-fan yutuqlarining elektron platformasi, mahalliy va xorijiy ilmiy ishlanmalar bazasini shakllantirish lozim. Har bir oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot dargohi nufuzli chet el universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi shart.

  • Joriy yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-o‘qituvchilar chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish uchun yuboriladi.

Xullas, 2020 yil Prezidentimiz tomonidan bejizga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”deb nomlanmadi. Ushbu yilda ham ta’lim, fan sohasini rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotni ajralmas bo‘g‘iniga aylantirish asosiy vazifa bo‘lib qoladi. Buning uchun uzluksiz ta’limni boshqa bo‘g‘inlari qatori xalq ta’limi tizimi ham olib borilayotgan islohotlarda faol qatnashib, tinimsiz o‘z ustimizda ishlab, darslarda Murojaatnomani mazmun-mohiyatini muntazam ravishda o‘rganishimiz va hayotga tadbiq etilishida faol qatnashib borishimiz lozim.


1 Qarang: Axmedov A.E., Smolyaninova I.V., shatalov M.A. Sistema neprerыvnogo obrazovaniya kak drayver sovershenstvovaniya professionalьnыx kompetentsiy// Professionalьnoe obrazovanie i rыnka truda. 2016. №3. S.26-28.

2 O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-3151-sonli qarori.

3 O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 fevraldagi “Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim
tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida” gi PF-4958 sonli farmoni

Download 0.53 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling