Mavzu. O’zbekiston respublikasi soliq tizimi va soliq munosabatlari sub‘ektlarinnig huquq hamda majburiyatlari reja


Download 25.7 Kb.
Sana23.11.2020
Hajmi25.7 Kb.
#150967


Mavzu. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI SOLIQ TIZIMI VA SOLIQ MUNOSABATLARI SUB‘EKTLARINNIG HUQUQ HAMDA MAJBURIYATLARI
Reja:

1. Soliq tizimining mohiyati va soliqlarning guruhlanishi

2. Soliq to’lovchilarning huquqlari va majburiyatlari

3. O’zbekiston Respublikasi soliq siyosati va uni takomillashtirish yo’llari


Tayanch iboralar:

Soliq kodeksi, huquq, majburiyat, vakolat, egri soliq, to’g’ri soliq, qo’shilgan qiymat solig’i, aktsiz solig’i, bojxona boji va yer qa‘ridan foydalanganlik uchun olinadigan soliqlar, soliq to’lovchilarning huquqlari, soliq to’lovchilarning majburiyatlari.
1. Soliq tizimining mohiyati va soliqlarning guruhlanishi

Avvalo soliqlar tizimi va soliqqa tortish tizimini bir-biridan farqini bilish zarur. Soliqlar tizimi mohiyati jihatdan bir xil, o’zaro bog’liq bo’lgan va markazlashgan pul fondiga hamda boshqa davlat fondlariga tushadigan soliq turlarining yig’indisidir. Qonun chiqaruvchi idoralar tomonidan belgilangan va ijrochi idoralar tomonidan undiriladigan soliqlarning tashkil etish usullari, elementlari va tamoyillar yig’indisiga soliqqa tortish tizimi deb ataladi. Demak, bu yerda tizim iqtisodiy kategoriyani o’z ichiga oladi. U asosan soliq undirishni tashkil etish masalalarini o’rgatadi. Bu tizimning roli va tuzilishi jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzumi bilan aniqlanadi.

Yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlar, yig’imlar, bojlar va majburiy to’lovlar hamda ularning tuzilish tamoyillari, usullari, soliq nazoratining yig’indisi soliq tizimini tashkil etadi. Bu ta‘rif soliq tizimini keng ma‘noda tushunish demakdir.

O’zbekiston Respublikasi Soliqlar tizimi umumdavlat soliqlari, mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar tizimidan iborat.

Soliq Kodeksining 23-moddasida e‘tirof etilganidek, O’zbeksiton Respublikasi hududida amal qiladigan soliqlarni va majburiy to’lovlarni quyidagi guruhlarga ajratib o’rganish mumkin.

Soliqlar soliq solish ob‘ektiga qarab to’rt guruhga bo’linadi:



1. Oborotdan olinadigan soliqlar.

2. Daromaddan olinadigan soliqlar.

3. Mol-mulk qiymatidan olinadigan soliqlar.

4. Yer maydoniga qarab olinadigan soliqlar.

Oborotdan olinadigan soliqlarga qo’shilgan qiymat solig’i, aktsiz solig’i, bojxona boji va yer qa‘ridan foydalanganlik uchun olinadigan soliqlar kiradi. Lekin oborot (aylanma) tushunchasi bizning qonunchiligimiz bo’yicha ilgarigidek mahsulot realizatsiyasi oborotidan emas, balki yuklab yuborilgan mahsulotlar qiymati bilan o’lchanadi. Yalpi tushumdan olinadigan yagona soliq to’lovi ham oborotdan olinadigan soliqlarga kiradi.

Daromaddan olinadigan soliqlarga yuridik shaxslarning foydasiga solinadigan soliq, jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliq, ixtisoslashtirilgan ulgurji savdo korxonalarining yalpi daromadidan olinadigan soliq kiradi. Bu guruh soliqlarga obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i ham kiradi.

Mol-mulk kiymatidan olinadigan soliqlarga yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulk solig’i kiradi.

Yer maydonlaridan olinadigan soliqlarga qishloq xo’jalik tovar ishlab chiqaruvchilarining yagona yer solig’i va yuridik (noqishloq xo’jalik) va jismoniy shaxslarning yer soliqlarini kiritish mumkin.

Iqtisodiy mohiyatiga qarab soliqlar egri (bilvosita) va to’g’ri (bevosita) soliqlarga bo’linadi. To’g’ri soliqlarni to’g’ridan-to’g’ri soliq to’lovchilarning o’zi to’laydi, ya‘ni soliqning huquqiy to’lovchisi ham, haqiqiy to’lovchisi ham bitta shaxs bo’ladi. Bu soliqlar tarkibiga barcha daromaddan to’lanadigan soliqlar va mol-mulk (resurs) soliqlari kiradi.

To’g’ri soliqlarda to’g’ridan-to’g’ri daromaddan soliq to’langanligi uchun soliqlar stavkasining kamaytirilishi korxonalar daromadining ko’p qismini ularga qoldirib, investitsiya faoliyatini kengaytirish imkonini yaratib, bozor iqtisodiyotini rivojlantiradi. Bu soliqlarning stavkalari oshirilsa, korxonalarning moliyaviy imkoniyatlari kamaya boradi. Demak, bu guruh tarkibiga kiruvchi soliqlarning stavkalari iqtisodiy rivojlanish bilan bevosita bog’liqdir.

Egri soliqlarning huquqiy to’lovchilari mahsulot (ish, xizmat)ni yuklab yuboruvchilar hisoblanadi. Lekin, soliq og’irligi haqiqatan ham tovar (ish, xizmat)ni iste‘mol qiluvchilar, ya‘ni egri soliqlarning barchasi bevosita iste‘molchilar zimmasiga tushadi. Bu soliqlar tovar (ish, xizmat) qiymati ustiga qo’shimcha ravishda qo’yiladi.

Egri soliqlarning ijobiy tomoni shundaki, ular Respublikada ishlab chiqarilgan tovarlar respublikadan tashqariga chiqib ketishini chegaralaydi, mamlakat ichida tovarlarning serob bo’lishiga yordam beradi hamda inflyatsiya darajasini (muomaladagi ortiqcha pul massasini) birmuncha jilovlab turadi.



Umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy to’lovlar tarkibiga quyidagilar kiradi:

1) yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig’i;

2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i;

3) qo’shilgan qiymat solig’i;

4) aktsiz solig’i;

5) yer qa‘ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to’lovlar;

6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq.

Umumdavlat soliqlari har yili O’zbekgiston Republikasi Prezidentining keyingi moliya yili utun makroiqtisodiy ko’rsatkichlar va davlat byudjeti bo’yicha chiqadigan qarori asosida belgilangan normativlar bo’yicha tegishli mahalliy byudjetlar o’rtasida taqsimlanadi;



7) ijtimoiy jamg’armalarga majburiy to’lovlar:

- yagona ijtimoiy to’lov.

Bu to’lov o’z navbatida quyidagi jamg’armalarga taqsimlanadi:



- pensiya jamg’armasiga, bandlik jamg’armasiga va kasaba uyushmasi jamg’armasiga;

- fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg’ar-masiga sug’urta badallari;

- byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga majburiy to’lovlar;

8) Respublika yo’l jamg’armasiga majburiy to’lovlar:

Respublika yo’l jamg’armasiga majburiy ajratmalar;

Respublika yo’l jamg’armasiga yig’imlar;

9) davlat boji.

Davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun olinadigan majburiy to’lovdir. Bunday vakolatli muassasalarga misol qilib sud va notarial idoralarni, O’zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonasi va uning konsullik muassasalarini keltirish mumkin. Davlat bojining stavkalari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;



10) bojxona to’lovlari.

Bojxona organlari bojxona ishini amalga oshirishda belgilangan tartibda bojxona to’lovlarini undiradi. Bojxona to’lovlarining quyvdagi turlari mavjud:

bojxona boji;

import qilinayotgan tovarlar uchun undirilagan qo’shilgan qiymat solig’i;

import qilinayotgan tovarlar uchun undiriladigan aktsiz solig’i;

bojxona yig’imlari.

Soliq solishning soddalashtirilgan tartibida to’lanadigan umumdavlat soliqlari:

11) yagona soliq to’lovi;

12) tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo’yicha qat‘iy belgilangan soliq.

Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarga quyidagilar kiradi:

1) mol-mulk solig’i;

2) yer solig’i;

3) obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i;

4) jismoniy shaxslardan transport vositalariga benzin, dizel yoqilg’isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq;

5) ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko’rsatish huquqi uchun yig’im;

6) yagona yer solig’i (soddalashtirilgan tartibdagi soliq)

Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar to’lovchisi bo’lib O’zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligi hujjatlariga muvofiq, mulkchilik shaklidan qat‘i nazar, yuridik va jismoniy shaxslar hisoblanadi.

Mol-mulk solig’i va yer solig’i O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga binoan joriy etiladi va: uning butun hududida undiriladi.

Ushbu soliq stavkalarining miqtsori O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida belgilanadi.

Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i, jismoniy shaxslardan transport vositalari uchun benzin, dizel yoqilg’isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq, ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko’rsatish huquqi uchun yig’imlar Qoraqalpog’iston Respublikasi davlat hokimiyati organlari, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan joriy etiladi. Ushbu soliqlar va yig’imlar stavkalarining eng yuqori miqdorlari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida belgilanadi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O’zbekiston Respublikasining butun hududida ayrim mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni umumiy, qat‘iy stavkalarda belgilashi mumkin.

Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar stavkalari soliq to’lovchilarga Moliya vazirligi, Davlat soliq qo’mitasi va uning quyi organlari tomonidan belgilangan tartibda yetkaziladi.

Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i, jismoniy shaxslardan transport vositalari uchun benzin, dizel yoqilg’isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq, ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko’rsatish huquqi uchun yig’imlarning miqdorlari, ularni undirish tartibi, ular bo’yicha qo’shimcha imtiyozlar taqdim etish Qoraqalpog’iston Respublikasi davlat hokimiyati organlari va viloyatlar hamda Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

Yuridik shaxslar tomonidan byudjet bilan hisob-kitoblar hisobi byudjetga to’lovlar bo’yicha qarzlar hisobi hisobvaraqlarida mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar har bir turi bo’yicha yuritiladi.

Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarning o’z vaqtida to’lanishi, mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi uchun javobgarlik soliq va boshqa majburiy to’lovlarni to’lovchilar zimmasiga yuklanadi.

Mahalliy soliq va boshqa majburiy to’lovlar to’lanishining tasdig’i bo’lib amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq bank muassasasi yoki vakolatli organ bergan hujjat hisoblanadi.

Soliklarning umumdavlat (respublika) va mahalliy soliqlarga bo’linishi hukumat idoralarining respublika hukumati va mahalliy hukumatlarga bo’linishi asosida kelib chiqadi. Har bir hokimiyat idoralari o’zlarining bajaradigan muhim vazifalaridan kelib chiqib, o’z byudjetiga va uni ta‘minlaydigan soliqlarga va boshqa majburiy to’lovlarga ega bo’lishi kerak. Respublika hukumati umumdavlat miqyosida katta vazifalarni, jumladan, sog’liqni saqlash, maorif, fan, mudofaa, xavfsizlikni saqlash, aholi ijtimoiy himoyasini tashkil etish va boshqa bir qator shu kabi strategik vazifalarni bajaradi. Shuning uchun uning byudjeti ham, soliqlari ham salmoqli bo’lishni talab etadi. Qo’shilgan qiymat solig’i, aktsiz solig’i, yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliq, yer qa‘ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to’lovlar, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, jismoniy shaxslar daromadidan olingan soliqlar respublika byudjetiga tushadi. Umumdavlat soliqlarining muhim xususiyati shundaki, respublika byudjetiga tushadigan soliqlardan mahalliy byudjetlarni boshqarib borish uchun ajratma tushishi mumkin. Bordi-yu, ajratma yetmasa, subventsiya yoki subsidiya beriladi. Umumdavlat va mahalliy soliqlar yagona mohiyatga ega bo’lib, ular byudjetga to’lanishi lozim bo’lgan to’lovlar hisoblanadi.

Mahalliy soliqlar hukumatlar bajaradigan vazifalariga qarab belgilanib, ularga doimiy va to’liq biriktirib beriladi. Mahalliy hokimiyat organlari asosan fuqarolarga yaqin bo’lganligidan ijtimoiy masalalarni, jumladan, maktab, sog’liqni saqlash, madaniyat, maorif, shahar va qishloqlar obodonlashtirilishi kabi vazifalarni bajaradi. Lekin bu soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar byudjet xarajatlarining 30-40 foizini qoplaydi, xolos.

Shuning uchun ham mahalliy byudjetlar daromadlarini ko’paytirish eng dolzarb masalalardan hisoblanadi. Mahalliy soliklarning muhim xususiyati shundaki, ular faqat shu hududning byudjetiga tushadi va ulardan boshqa byudjetlarga ajratmalar berilmaydi.

Mahalliy byudjetlarning soliq va boshqa majburiy to’lovlari kam bo’lganligidan bu byudjetlarning daromad va xarajatlarini barqarorlashtirish (balanslashtirish) ancha murakkabdir. Bu masalani yechishda umumdavlat soliqlaridan ajratmalar beriladi (masalan, qo’shilgan qiymat solig’idan, aktsiz solig’idan va boshqalar).
2. Soliq to’lovchilarning huquqlari va majburiyatlari

Soliq to’lovchilarning huquqlari. Amaldagi Soliq kodeksiga ko’ra soliq to’lovchilar quyidagi huquqlarga egadirlar:

Soliq organlaridan soliq haqidagi qonun hujjatlari masalalari bo’yicha axborot va maslahatlar olish.



Soliq to’lovchi yuridik va jismoniy shaxslar o’zlari ro’yxatdan o’tgan quyi davlat soliq xizmati organlariga borib, byudjet oldidagi o’z majburiyatlarini xatolarsiz bajarish maqsadida tegishli axborotlarni yoki maslahatlarni bepul olish imkoniyatlariga ega.

Soliq kodeksida va boshqa qonun hujjatlarida belgilab qo’yilgan tartibda va asoslarda soliq imtiyozlaridan foydalanish.

Soliq to’lovchilar nafaqat Soliq kodeksida, balki Vazirlar Mahkamasining yoki O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaror va farmonlarida ko’zda tutilgan imtiyozlardan ham foydalanish huquqlariga egadirlar. Misol uchun, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 26 yanvardagi «Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni to’ldirish yuzasidan Qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi 1047-sonli qaroriga asosan 2012 yil 1 yanvariga qadar bo’shaydigan mablag’larni ishlab chiqarish korxonalarini texnikaviy qayta jihozlash va modernizatsiyalashga, shu jumladan yangi laboratoriyalar barpo etish va mavjudlarini jihozlashga, yangi mahsulot turlari ishlab chiqarishni o’zlashtirishga, shuningdek xom ashyo bazasini rivojlantirishga maqsadli tarzda yo’naltirish sharti bilan asosiy faoliyat turi bo’yicha go’sht va sutni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan mikrofirmalar hamda kichik korxonalarga yagona soliq to’lovini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to’lash bo’yicha imtiyoz berilgan.

Byudjetga ortiqcha miqdorda tushgan soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar summasini qaytarish to’g’risida yozma ariza bilan murojaat qilish.



Byudjetga ortiqcha undirilgan soliqlar 30 ish kuni ichida soliq to’lovchilarga qaytarilishi yoki boshqa soliqlar va yig’imlardan qarzi mavjud bo’lgan holda o’sha qarzni qoplashga yo’naltirilishi imkoniyati paydo bo’ladi.

Soliklar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha byudjet oldidagi o’z soliq majburiyatlarini bajarish yuzasidan soliq organlaridagi mavjud ma‘lumotlar bilan tanishish.



Bunga muvofiq soliq to’lovchilar quyi soliq idoralaridan xo’jalik va moliyaviy faoliyatlariga tegishli bo’lgan soliq solish masalalari bo’yicha maslahat olish va ma‘lumotlar bilan tanishish imkoniyatiga egadirlar.

Soliq organlari o’tkazgan tekshiruv materiallari bilan tanishish va tekshiruv dalolatnomalarini olish, tekshiruvlarning natijalaridan norozi bo’lgan taqdirda soliq organiga o’zining yozma e‘tirozlarini o’n kunlik muddat ichida taqdim etish.

Soliq to’lovchilar faoliyati soliq organlari tomonidan tekshirilganda aniklangan xato va kamchiliklar, qo’shimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar, hisoblangan moliyaviy jarimalar to’g’risida tuzilgan dalolatnoma korxona mansabdor shaxslariga (bosh hisobchisiga) tanishtirilishi shart. Tekshirish natijalarini korxona rahbariyati noto’g’ri deb hisoblashi hamda e‘tiroz bildirishi ham mumkin. Bunday holatda soliq to’lovchi soliq idorasi rahbariyati nomiga yoxud yuqori soliq idoralariga yozma murojaat qilishi mumkin. Soliq idoralarida ekspert komissiyasi tuzilgan bo’lib, ushbu komissiya tomonidan soliq to’lovchilarning yozma e‘tirozlari bir oy muddat ichida ko’rib chiqiladi va natijasi arizachiga bildiriladi. Bunday holatda tekshirish natijasida soliq to’lovchiga nisbatan qo’shimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar hamda moliyaviy jarimalarni byudjetga undirish to’xtatilmaydi.

Soliq organlarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari ustidan yuqori soliq organlariga yoki sudga shikoyat qilish.



Soliq organlari o’zlariga berilgan vakolat doirasida qabul qilgan qarorlari ayrim hollarda soliq to’lovchilarning e‘tirozlarini keltirib chiqarishi yoki ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini soliq to’lovchi qonunga zid deb hisoblashi va ularga barham berish maqsadida yuqori soliq organlari (Davlat soliq boshqarmasi, Davlat soliq qo’mitasi)ga yoxud sudga shikoyat bilan da‘vo qilishi mumkin. Bunday holat amaliyotda ba‘zida uchrab turadi.

Soliq solish ob‘ektini hisobga olishda, soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni hisoblab chiqarish va to’lashda o’zlari yo’l qo’ygan xatolarni mustaqil ravishda guzatish.

Soliq to’lovchilar soliq hisob-kitobini quyi soliq idoralariga qonunchilikda belgilangan muddatlarda topshirgandan so’ng xato va kamchiliklarni aniklashsa, uni tuzatib, darhol soliq idoralariga soliq hisob-kitoblarini qayta topshirishlari lozim bo’ladi. Aks holda qonun oldida javob berishlariga to’g’ri keladi.

Soliq to’lovchilar Soliq kodeksida va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo’lishlari mumkin.



Soliq to’lovchilarning majburiyatlari. Soliq kodeksiga ko’ra soliq to’lovchilar quyidagi majburiyatlarga egadirlar:

Belgilangan tartibda va muddatlarda soliq organlarida ro’yxatdan o’tish, pochta manzili o’zgargan taqdirda esa (notijorat tashkilotlar qayta ro’yxatdan o’tkazilgan taqdirda ham) bu haqda soliq organlarini o’n kunlik muddat ichida yozma ravishda xabardor etish.



Soliq to’lovchilar amaldagi qonunchilikka muvofiq davlat ro’yxatidan o’tgandan so’ng albatta quyi soliq idoralaridan ham ro’yxatdan o’tishi va tegishli ravishda soliq to’lovchining identifikatsion raqami (STIR)ni olishi shart. STIR Davlat soliq qo’mitasi tomonidan markazlashgan tartibda ro’yxatga olinadi va soliq to’lovchilarga quyi soliq idoralari tomonidan yetkaziladi.

Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarning tegishli summasini o’z vaqtida va to’liq hajmda to’lash.



Soliq to’lovchilar hisobot davrida hisoblangan soliqlar va yig’imlarni o’z vaqtida, to’liq miqdorda byudjetga to’lab berishlari shart. Aksincha, soliq idoralari tomonidan o’z vaqtida byudjetga o’tkazilmagan soliqlar va yig’imlar summasiga nisbatan har bir kechiktirilgan kun uchun 0,05 foiz miqdorida jarima (penya) hisoblanadi. Hisoblangan penya miqdori korxonaning sof foydasi hisobidan qoplanadi.

Buxgalteriya hisobini va hisob hujjatlarini qonun hujjatlariga muvofiq yuritish.



Korxona o’zining ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyatini yuritishda qonunchilik bilan belgilab berilgan hisob va buxgalteriya hisobi hujjatlarini yuritishga majburdir. Korxonada buxgalteriya hisobini yuritish tegishli qonunchilik normalari asosida amalga oshiriladi.

Moliyaviy hisobotni, soliqlar bo’yicha hisob-kitoblarni yoki daromadlar to’g’risidagi deklaratsiyalarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq organlariga taqdim etish.

Soliq to’lovchilar har bir soliq turi bo’yicha hisob-kitoblarini belgilangan muddatlardan kechiktirmasdan soliq idoralariga taqdim etadi. Aks holda korxonaga va korxonaning mansabdor shaxslariga nisbatan moliyaviy va ma‘muriy jazo choralari qo’llaniladi.

Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni hisoblab chiqarish, to’lash bilan bog’liq hujjatlar va ma‘lumotlarni, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar yuzasidan imtiyozlar huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni soliq organlariga taqdim etish.

Soliq to’lovchilarga Soliq kodeksida, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida yoki boshqa qonun hujjatlarida soliqlar va boshqa majburiy to’lovlardan imtiyozlar ko’zda tutilgan holda, ular imtiyoz olish huquqini tasdiqlovchi tegishli qonun hujjatlarini quyi soliq idoralariga taqdim etishlari shart. Imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo’lgandagina ular imtiyozlardan foydalanishlari mumkin.

Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni hisoblab chiqarish, to’lash masalalarini tekshirish uchun soliq organlarining mansabdor shaxslari daromad olish yoki soliq solish ob‘ektlarining saqlanishi bilan bog’liq binolar va joylarga kirishiga ruxsat berish.

Nazorat organlari faoliyatini muvofiklashtiruvchi respublika kengashining tekshiruv rejasiga asosan davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to’lovchilar faoliyati tekshirilganda korxonalar soliq solish ob‘ekti bilan bog’liq bo’lgan barcha ob‘ektlarini ko’zdan kechirish va tekshirishga sharoit yaratib berishlari lozim. Aks holda soliq idoralarining qonuniy talablari bajarilmagan hisoblanadi va ularga nisbatan qonunchiliqda ko’zda tutilgan tegishli jazo choralari qo’llaniladi.

Soliq organlarining soliq haqidagi qonun hujjatlarini buzish hollarini bartaraf etish to’g’risidagi talablarini bajarish.

Soliq idoralari tomonidan o’tkazilgan tekshirishlar natijasida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yoki ularning boshqa vakolat doirasidagi qonuniy talablari soliq to’lovchilar tomonidan bajarilishi majburiydir.

Soliq to’lovchilar Soliq kodeksida va boshqa qonun hujjatlarida o’z zimmalariga yuklatilgan boshqa huquq va majburiyatlarga ham ega bo’lishlari mumkin.


3. O’zbekiston Respublikasi soliq siyosati va uni takomillashtirish yo’llari

Davlatning soliq siyosati uning iqtisodiy—moliya siyosatining ajralmas tarkibiy qismidir va unga bog’liq holda olib boriladi, chunki soliq munosabatlari moliya munosabatlarining muhim tarkibiy qismidir.

Soliq siyosati davlatning soliq sohasidagi barcha tadbirlarini rejalashtirish, qonun, farmon va qarorlar ijorosini ta‘minlash hamda uni tashkil qilishdagi ishlab chiqilgan chora-tadbirlar yig’indisidir. Shunday ekan, faqat mustaqil davlatgina o’zining mustaqil soliq siyosatiga ega bo’ladi va uni amalga oshiradi.

Davlat soliq siyosatini ishlab chiqish moliya — iqtisodiy munosabatlardan kelib chiqadi. Davlat soliq siyosati respublika iqtisodiyotini barqarorlashtirish, ijtimoiy himoyalangan, erkin bozor iqitisodiyotini boshqarishga har tomonlama tag’sir ko’rsatadi.

Soliqlar pul munosabatlarini ifoda etib, iqtisodiy munosabatlarningtarkibiy qismi, bozor iqtisodiyotining zaruriy qismidir. Soliq siyosatining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun u ilmiy jihatdan asoslangan bo’lishi kerak. Buning uchun soliq munosabatlari chuqur o’rganilib, undan ilmiy xulosalar chiqarilishi lozim.

Jahon soliq siyosati tajribasida soliqqa tortishning quyidagi yo’nalishlariga katta e‘tibor berilishini alohida ta‘kidlash lozim:

1. Har xil mulk shakllariga moslangan korxona va tashkilotlarning xo’jalik yuritishiga mumkin qadar iqtisodiy sharoit yaratish, ularni har tomonlama bozor munosabatlariga kirib borishiga yordamlashish.

2. Umumdavlat ijtimoiy zaruriy vazifalarni bajarish uchun davlatni zarur bo’lgan moliyaviy manbalar, mablag’lar bilan ta‘minlash.

3. Bozor iqtisodiyoti sharoitida yangi ijtimoiy iqtisodiy omillarni tashkil qilishda qatnashish, ishsizlikni bartaraf etish, ishsizlarni ish bilan ta‘minlash, iqtisodiy nochorlarga yordam berish.

4. Aholi turmush darajasini zaruriy me‘yorda saqlab turish imkonini izlash va ta‘minlash.

Soliqlardan kompleks foydalanish iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini modernizatsiya qilishga, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirishga, xo’jaliklar va aholini tovar sotib olish qobiliyatini boshqarib turishga va pulning qadrsizlanish jarayonini (inflyatsiyasini) jilovlab turishga imkon beradi. Pulning qadrsizlanishiga qarshi choralar ko’rish kam sarflab, topilgan daromadaarga soliq progressiyasini oshirish bilan ham amalga oshiriladi.

Soliqlar davlat faoliyatlarining moliyaviy manbai bo’lganligi tufayli soliq siyosatini ishlab chiqishning tashkilotchisi va ijodkori ham davlatdir. Buning uchun davlat o’z qo’lidagi butun kuchini, idoralarni jalb qilib, uni ishlab chiqadi.

Davlat soliq siyosatini ishlab chiqayotganda mavjud soliqlarni yoki yangi kiritilishi mo’ljallangan soliqlarning mohiyati, ahamiyati, kelib chiqishi va rivojlanish tarixini chuqur o’rganishi lozim. Ayniqsa, yangi soliqlar chiqarilayotganda ular ilmiy asoslangan bo’lishi, yirik amaliyotchi mutaxassislar va jamoatchilik o’rtasida erkin bahslashuv asosida biror qarorga kelishi zarur. Bu yerda hech qachon bir sohaning mutaxassislari fikri bilangina chegaralanib qolmaslik kerak, chunki soha mutaxassislari o’z manfaatlarini ko’proq ko’zlab, umumdavlat manfaatlarini ular ko’ra olmasliklari yoki bila olmasliklari mumkin.

Shunday ekan, davlat soliq siyosatini tayyorlovchi va uni to’liq hayotga tatbiq qilishning tashkilotchilik va boshqaruvchilik rolini bajaradi. Davlatning soliq siyosatini faol yuritish bozor iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli o’tish va uning munosabatlarini har tomnlama rivojlantirishning muhim omilidir.

Hozirgi davri soliq siyosatining asosini Respublikamiz Prezidenti I.Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va jahon amaliyotida tan olingan iqtisodiy taraqqiyotning besh tamoyili tashkil etadi. Ana shu tamoyillarga tayangan holda respublikamizda soliq sohasida chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda respublikamizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan soliq siyosatining ikki yo’nalishi mavjud bo’lib, ular quyidagilar hisoblanadi.



1. Korxona va tashkilotlarga nisbatan soliq siyosati. Eng avvalo, korxona va tashkilotlarning bozor iqtisodiyoti sharoitidagi erkinligini hisobga olish. Ularni moliyaviy mustaqilligi, erkin baho belgilashlariga to’sqinlik qilmaslik va byudjetga soliq to’lovlari belgilanayotganda faqat demokratik asosda soliqlarni undirishny tashkil etish zarurdir. Hozirgi vaqtda soliqlar bir tomondan korxonalarda taqchil, eksportbop, raqobatga bardosh bera oladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarishni ko’paytirishga, ikkinchi tomondan tovar bahosini oshirib sotgan hodda mehnatsiz yoki kam mehnat bilan topilgan daromadlarni cheklashga qaratilmog’i zarur.

2. Soliq siyosatida aholining turli xil guruhlariga nisbatan xilma -xil yondashish zarurdir. Nochor, kam ta‘minlanganlarga iloji boricha soliqdan ko’proq imtiyozlar berish va kam kuch sarflab ko’p daromad oluvchi yoki boshqa yengil daromad topuvchilarga nisbatan yuqori progressiyali soliq stavkalarini qo’llashdan iboratdir.

Soliq siyosatini amalga oshirishda uning strategiyasi va taktikasining asoslangan bo’lishiga alohida e‘tibor qaratish lozim. Soliq strategiyasi uzoq yillarga mo’ljallangan, soliq munosabatlaridagi muhim yo’nalishlar bo’yicha chora - tadbirlarning majmuasini ko’rsatuvchi uzoq yillik rejadir.

Soliq taktikasi esa soliq strategiyasining har bir ma‘lum davr (yil, chorak) da amalga oshirilshi lozim bo’lgan aniq tadbiriy choralar ko’rsatiladigan qisqa mudldtli rejadir. Taktika strategiyadan kelib chiqishi lozim.
Download 25.7 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling