Mavzu: Sanoat chiqindilari asosidagi toʼldiruvchilar ishlab chiqarish


Download 1.16 Mb.
Sana13.12.2022
Hajmi1.16 Mb.
#999929
Bog'liq
Sanoat chiqindilar

Mavzu: Sanoat chiqindilari asosidagi toʼldiruvchilar ishlab chiqarish


REJA:
1. Yogʼoch chiqindilari va boshqa sanoat chiqindilari asosidagi toʼldiruvchilar
2. Kul va kul-shlakli aralashmalar
3. Yoqilgʼi shlaki
Qurilishda beton uchun yaroqli toʼldiruvchilar zahirasi sifatida sanoat chiqindilarini aytish mumkin, lekin bu mahsulotlardan hali toʼliq foydalanilgan emas. Togʼ kon materiallarni qayta ishlash va ularni oʼzlashtirishda xamma vaqt “keraksiz deb hisoblanadigan” turli tosh jinslarni ham qayta ishlashga toʼgʼri keladi. Bu tabiiy konlarni ochishda ikkilamchi tosh jinslari hajmi yuqori boʼladi. Koʼpincha foydali kon materiallarining umumiy hajmi 10....15% ni tashkil etsa, ikkilamchi tosh jinslarning hajmi 90% ni tashkil etadi. Shu sababli ikkilamchi materiallar qurilishda yaroqli boʼlishga qaramay chiqindilar tashlanadigan joylarda koʼmiladi.
Hozirgi vaqtda yohoch chiqindilaridan yogʼoch tolali va yogʼoch qipiqli plitalar va boshqa qurilish materiallari olishda, qogʼoz-tsellyuloza, gidroliz sanoatida keng foydalaniladi. Yogʼoch chiqindilaridan tashqari boshqa qishloq xoʼjaligi mahsulotlarichiqindilari(gʼoʼzapoya, sholipoya, zigʼirpoya va boshqalar)dan toʼldiruvchi sifatida betonda qoʼllash mumkin. Bunday betonlardan biri bu arbolit boʼlib, unda toʼldiruvchi sifatida maydalangan yogʼoch chiqindilari ishlatiladi. Maydalangan yogʼoch uzunligi 40mm gacha, eni va qalinligi2-5 mm boʼlgan boʼlaklardan iborat boʼladi. Bunday toʼldiruvchilar va portlandtsementlar asosida zichligi 600-700 kg/m3 boʼlgan betonning siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 2,5-3,5 MPa va issiqlik oʼtkazuvchanligi 0,18Vt/(m·°C) ni tashkil etadi, bu esa devor panellari va boshqa konstruktsiyalar olish imkonini beradi.
Shu bilan birga qipiqli betonlar ham qurilishda keng ishlatiladi, bunda toʼldiruvchi sifatida yogʼoch qipiqlari va baʼzan tabiiy qum aralashmasi qoʼllaniladi. Zigʼirpoya asosidagi beton ham keng ishlatiladi.Yuqorida keltirilgan barcha turdagi mineral toʼldiruvchilardan farqli oʼlaroq, yogʼoch chiqindilari va boshqa qishloq xoʼjalik mahsulotlarini qayta ishlash chiqindilari organik toʼldiruvchilar hisoblanadi.Bunday toʼldiruvchilarni sementli betonda qoʼllashda sementning qotishi va gidrotatsiya jarayoniga salbiy taʼsir koʼrsatishi mumkinligini inobatga olish zarur. Ular tarkibidagi vaqt oʼtishi bilan yuzaga keluvchi organik kislotalar va qandli moddalar betonning qotishini sekinlashtiradi, sement toshini yemirilishiga olib keladi. Shu sababli bunday toʼldiruvchilarni qoʼllashdan oldin maxsus qayta ishlash kerak. Аyniqsa yogʼoch chiqindilarini suvga solish, ohakda ekstrakt moddalarni neytrallash, kimyoviy qoʼshimchalarni qoʼllash yaxshi samara beradi.
Yigʼma temir-beton sanoati chiqindilari boʼlgan yaroqsiz beton va temir-beton buyumlar va konstruktsiyalar, tovar betonlarning qoldiqlari, hamda ekspluatatsiya muddatini oʼtagan buyumlar yetarli hajmda yigʼiladi va ularni qurilishda betonga toʼldiruvchi sifatida qayta ishlatish mumkin. Beton uchun toʼldiruvchi sifatida oddiy keramik gʼishtni maydalashda olingan gʼisht asosidagi chaqiq toshni qoʼllash mumkin. Gʼisht, gilli xomashyoni kuydirishda olingan boshqa keramik materiallar singari yetarlicha mustahkamlikka ega. Gʼishtning zichligi-1,7 g/sm3 ni, u asosida chaqiq tosh uyma zichligi 800-900 kg/ m3 ni tashkil etadi va u yengil toʼldiruvchi hisoblanadi. Gʼisht asosida chaqiq toshni qoʼllab zichligi 1800-2000 kg/m3 va mustahkamligi 10-15 MPa boʼlgan beton olish mumkin va bunday betonlar oddiy ogʼir toʼldiruvchili betonga nisbatan20% gacha yengil boʼladi.
Har yili koʼmir, slanets yoki torfda ishlaydigan issiqlik elektrostantsiyasi pechlaridan katta miqdorda kul chiqadi. Biroq undan kam foydalaniladi. Ilmiy tadqiqotlar va ishlab chiqarish tajribasidan maʼlumki issiqlik elektrostantsiyasi kullari betonlar uchun mayda toʼldiruvchi sifatida yoki toʼldiruvchilar ishlab chiqarish uchun xomashyo sifatida ishlatish mumkin. Kul dispersli material boʼlib, asosan 0,16 mm dan kichik boʼlaklardan tashkil topadi. 0,16mm koʼzli elakda qolgan qoldiq 20-40% ni tashkil etadi.Kul boʼlaklari gʼovak strukturaga ega. Quruq kulning uyma zichligi yoqilgʼi turi va uni yoqish sharoitidan kelib chiqib600-1300 kg/m3ni tashkil etadi.
Hozirgi vaqtda kuldan zich va yacheykali kulbetonlarda, hamda mayda toʼldiruvchi sifatida ogʼir va yengil betonlarda foydalaniladi. Kuldan foydalanishdagi qiyinchiliklar asosan issiqlik elektrostantsiyasi pechlarida kullar suv taʼsirida tozalanadi. Kulning esa quruq holatida sifati va samaradorligi yuqori boʼladi. Konstruktsion-issiqlikdan himoyalovchi yengil betonlarda issiqlik elektrostantsiyasi kullaridan mayda toʼldiruvchi sifatida ishlatishdagi texnik shartlarda uning donadorlik tarkibi va undagi xavfli qoʼshimchalar keltirilgan. Sifati past koʼmirni yoqishda hosil boʼlgan kulning tarkibida yonmagan yoqilgʼi miqdori 5% gacha, tosh koʼmir va antratsitni yoqishda hosil boʼlgan kul tarkibida esa 12 % gacha(massa boʼyicha) standartda ruxsat etiladi. Koʼp hollarda kul tarkibida yonmagan yoqilgʼi miqdori 20% gacha, baʼzan esa 40% gacha tashkil etadi. Bu holatda toʼldiruvchi sifatida kulning armirlangan konstruktsiyalarda ishlatish chegaralanadi, biroq xomashyo sifatida sunʼiy gʼovak toʼldiruvchilar olishda ishlatish mumkin.
Eski chiqindi omborlaridan olinadigan shlaklarni maydalash va saralash natijasida beton uchun yaroqli chaqiq tosh ishlab chiqariladi. Chiqindi omborlaridagi shlaklarning tarkibi va fizik, mexanik xususiyatlari boʼyicha bir jinsli emas. Ularning sovish darajasiga qarab kristallanishi turlicha kechadi. Mustahkamligi va gʼovakligi xam turlicha boʼladi. Shu sababli tanlagan holda eski chiqindi omborlarini ochish va olingan chaqiq toshni boyitish maqsadga muvofiq boʼladi. Toshkoʼmir, antratsit va boshqa qattiq yoqilgʼilarni yoqishdan soʼng shlak qoladi. Ularda qazib olingan koʼmirlar tarkibida uchraydigan qoʼshimchalar va jinslar, minerallar mavjud boʼladi. Shlaklar boʼlakli yoqilgʼini va maydalangan, changsimon yoqilgʼilarni yoqishda olinganligi bilan farqlanadi. Boʼlakli yoqilgʼilarni yoqishda olingan shlaklar. Pechlarning kolosnikli panjarasida boʼlakli yoqilgʼilarni qavatlar boʼyicha yoqishda shlak hosil boʼladi, u notekis shakldagi boʼlaklar holatida, qora, toʼq-kulrang va baʼzan kulrang ranglarda 50mm gacha boʼlgan yiriklikda boʼladi.
Yoqilgʼi shlaklari toʼldiruvchi sifatida turli konstruktsiyalar uchun moʼljallangan betonlarda ishlatiladi: shlakobetonli devor bloklarida, kamqavatli monolit devorlarda, gipsobetonli pardevorlarda, plitalarda va boshqalarda. Yoqilgʼi shlaklarini qoʼllash chegaralangan arzon mahalliy material sifatida ishlatish mumkin. Betonlarda ishlatiladigan shlakning tarkibida erkin kalьtsiy yoki magniy oksidlari boʼlmasligi kerak. Yonmagan yoqilgʼi miqdori 5-10% dan oshmasligi kerak( faqat antratsit shlaklarida koʼp boʼlishiga standartda koʼzda tutilgan). Shlak tarkibida oltingugurt bogʼlanishlar sement toshi va armaturalarda yemirilishni keltirib chiqarishi mumkin. Koʼpincha shlak nurashga layoqatli boʼladi. Maxsus chuqurlarga koʼmilgan shlaklar eng kamida bir yil turishi kerak va soʼngra betonda qoʼllash mumkin. Olingan shlak mayda fraktsiyalari boʼyicha boyitiladi, bunda yoqilgʼi qoldiqlari va boshqa zararli qoʼshimchalardan halos etiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar roʼyxati
1. Б.А.Асқаров, Л.М. Ботвина «Пористые заполнители из местного сырья и
легких бетона на их основе».Монография. Ташкент. Фан. 1990г.
2. Б.А.Аскаров, Л.М.Ботвина, Х.Н.Нуритдинов «Особенности конструкционных легких бетонов на новых пористых заполнителях Узбекистана».Учебное пособие. Ташкент. 1989г.
3. Б.А. Асқаров Новые легкие бетоны и конструкции на их основе. Т., Фан, 1995.
4. Х.А. Акрамов Қурилиш ашёлари саноати корхоналарини лойихалаш.Т., Ўзбекистон, 2003.
5. Б.А.Асқаров, Х.А.Акрамов, Х.Н. Нуритдинов“Бетон технологияси”. Ўқув қўлланма, 1-2-қисм. Тошкент-2005 й.
Download 1.16 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling