Men nechun sevaman O’zbekistonni


Download 123.04 Kb.
Sana28.10.2023
Hajmi123.04 Kb.
#1729101
Bog'liq
Men nechun sevaman O


Men nechun sevaman O’zbekistonni
Yurtimiz mustaqillikka erishgach, qariyb yigirma besh yil mobaynida erishgan yutuqlari-yu , amalga oshirgan islohotlarini qancha gapirsak ham oz. Buning zamirida qanchadan qancha insonlarning halol mehnati va mashshaqati yotibdi. O’zbekiston deya atalmish jannatmakon o’lkani butun jahon tan oldi, ular bilan diplomatik aloqalar o’rnatildi, hamkorlik ishlari yo’lga qo’yildi.
Avvalambor, tarixga nazar tashlasak, Prezidentimiz Islom Abdug’aniyevich ta’kidlaganlaridek: “Tarixsiz — kelajak yo’q”, shuning uchun, o’tmishda yashab ijod etgan, o’z xalqi uchun jon fido qilgan ota — bobolarimiz, ularning barhayot siymolari, bebaho meroslari biz uchun juda qadrli, shu bilan birga xalqimizga kimning avlodlari ekanliklaridan g’ururlanib, kerak bo’lsa ular boshlagan ishlarining davomchilari bo’lishdek baxt nasib etganidan shukrona aytishimiz mumkin. Ularnig ilmu fanga oid ijod namunalari nafaqat xalqimizni balki butun jahon xalqlarini xayratga solgan. Xattoki ulardan soha rivoji uchun ham foydalanib kelinmoqda.
Mustaqillik yillarida qurilish sohasida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilishi mamlakatimiz jamolini yanada ko’rkamlashishiga asosiy zamin yaratdi. Buning yorqin isboti sifatida, shahrimizda qad rostlagan yangi o’quv binolari, sport inshootlari, turli maishiy xizmat ko’rsatish binolari, ko’ngilochar bog’lar, uy-joy binolari, bundan tashqari har yili yuzlab turli inshootlarda rekonstruksiya ishlari olib borilayotganini ta’kidlab o’tish maqsadga muvofiq. Jumladan Koreya — O’zbekiston hamkorligida bunyod etilgan, yoshlarimizning hozirda zamon talabiga aylangan axborot — texnologiyalari bo’yicha ta’lim olishlari uchun “Toshkent shahridagi Inha Universtiteti” ni olishimiz mumkin.

Bundan tashqari “Navoiy “ kutubxonasi ilimga chanqoq yoshlarimiz bilan hamisha gavjum. Shahrimiz ko’chalarini aytmasak ham bo’laveradi, zamon talablariga mos ravishda bunyod etilgan ko’priklar, ravon, keng va yorug’ ko’chalar vatandoshlarimizga yengillik tug’dirmoqda. Axir buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomiz ham “Agar bizning qudratimizni bilmoqchi bo’lsang — biz qurgan binolarimizga boq” deb bejizga aytmaganlar. Darhaqiqat , ajdodlar tomonidan bunyod etilgan qadimiy meroslarimizdan sanalmish obidalarimiz, maqbaralarimiz necha asrlar o’tsada o’z bahosini yo’qotmagan va hozirda bu qadimiy merosimizni kelajak avlodlarga qoldirish maqsadida ularga alohida e’tibor qaratilgan.

Qolaversa, O’zbekistonda sport sohasida ulkan o’zgarishlar ro’y berdi. Yoshlarimizni sport bilan muntazam ravishda shug’ullanishlari uchun barcha shart — sharoitlar muhayyo qilindi. Tarbiya maskanlaridan tortib to oliy ta’lim binolarigacha sportga alohida e’tibor qaratilgani kishini quvontiradi ,albatta. O’quv maskanlarining sport zallari qaytadan ta’mirdan chiqarilishi, ularni sport anjomlari bilan ta’minlanishi kelajak avlodni sog’lom turmush tarzi uchun muhit yaratishga qaratilayotgani sir emas. Kelajagimiz bo’lmish yoshlarimiz hech kimdan kam emasligimizni isbotlagan holda butun jahon miqyosida o’tkaziladigan musobaqa, tanlovlarda faxrli o’rinlarni egallab, yurt bayrog’ini yuqori cho’qillarga ko’tarishmoqda. Bu esa albatta kishida iftixor tuyg’usini uyg’otadi. Axir, sharoit bo’lmasa, sportchilarimiz shunday yutuqlarga erisharmidi? Jahon standartlariga javob bera oladigan va butun dunyo bilan tenglasha oladigan ulkan sport inshootlari bo’lajak sportchilarimiz uchun muvaffaqqiyat eshiklarini ochmoqda. Xalqaro miqyosidagi musobaqalar bizning, ha aynan bizning yurtimizda o’tkazilishi yana bir karra yutig’imizdir. Misol tariqasida oladigan bo’lsak, yaqinda futzal sporti bo’yicha o’tkazilgan “Osiyo chempionati” poytaxtimiz Toshkent shahrida o’tkazilishi, qolaversa yurtimiz futzalchilarining faxrli ikkinchi o’rinni egallashlari qaysidir ma’noda biz uchun ulkan voqea bo’ldi.
Yurtimiz kelajagi — yoshlar qo’lida. Shunday ekan, o’sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama yetuk, o’z mustaqil fikriga ega, ma’naviy jihatdan sog’lom qilib tarbiyalash mamlakatimizning asosiy va oliy maqsadlaridan biridir. Sababi, yurt tinchligi va farovonligi, ravnaqi yoshlarimiz qo’lida. Hozirgi yoshlarimiz juda bilimdon va izlanuvchan, yildan yilga imlga bo’lgan talablari kuchayib bormoqda. Vatan rivoji uchun har jabhada amalga oshirayotgan ishlari esa taqsinga loyiq.
Yuqorida ta’kidlab o’tilganlar, mamlakatimizda amalga oshirilgan va oshirilishi rejalashtirilgan islohotlarning kichik bir zarrachasi xolos. Bularning barchasi menda va har bir O’zbekistonlik yoshu — qari ko’nglida faxr , iftixor, g’urur tuyg’ularini uyg’otadi. Axir aytingchi, bizning milliyligimizni ifodalovchi Marg’ilon xon atlaslari –yu, Chust do’ppilari va pichoqlari, Samarqand nonlari-yu, Xorazm cho’girmasi, moziy nafasi ufurib turgan obidalarini esa dunyoning hech qaysi burchagidan topa olmaysiz.
Tong otmoqda. Quyosh erinibgina ko’zini ochmoqda. Quyosh juda sekin bosh ko’tarmoqda. Erka o’g’il-qizlarini shirin uyqusidan uyg’otgan onayizor kabi. Munis, mehribon, fidoyi va beozor ona singari. Bu – Hurlik quyoshi. Bu – Saodat quyoshi. Bu – Baraka quyoshi. Sahar palla Sharqdan chiqib kelayotgan oftob nurlari farzandlariga o’z saxovati, mehr-muhabbatini bir-bir ulashib chiqadi. Birini boshqasidan kam qilmay, o’z nur-u ziyosidan ularni bahramand etadi, katta-yu kichik deb ayirmaydi. Faqat negadir “Amu bilan Sirdan suv ichgan” bir gulzor deysizmi, bir bo’ston deysizmi, xullas, jannatmonand bir yerning sodda va tanti erkasiga qalbda o’zgacha bir qaynoq harorat, mehr-muhabbat bilan nazar solib, unga ham atalgan ziyosini baxsh etadi. Saxovatda volidasidan-da hotamtoyroq shu xalqni ko'ngliga yaqin olib, “O’zbekbegim”, “O’zbekxonim” deya alqaydi.
Har tong oftobning o’zbek yeriga, tuprog’iga, avliyolar ruhi qorishiq shu zaminga yuqoridagi kabi mehrli nurlar berishini bilmaymiz hatto. Qiziq: nega endi saxovatli quyosh hammaga teng bo’lishib kelayotgan issiq nurini o’zbek diyoriga kelganda qalbda o’zgacha bir entikish bilan bo’lishadi? Tuprog’idan jannat isi ufurgani uchunmi? Bu zamin aslida shu quyosh tufayli shirin-shakar bolga to’ldi, bir-biridan go’zal gullar bilan gulbog’ga aylandi. Ollohning bu nazari faqat uning tanti-yu dilkash, mehribon-u mehnatkash va kamtar xalqi hurmati-yu izzati uchundir. Bugun ana shu tilsimotlar o’lkasi tinchlik va osoyishtalik bag’rida yanada ko’proq mo’jizaga, go’zallik va nafosatga to’lib bormoqda. Mustaqillik betakror bu o’lkaga ikki karra joziba baxsh etmoqda. Buni kundan kunga chiroy ochib borayotgan shaharlar qo’ynidagi osmono’par binolarda va yo nuroniylarning shukrona aytib qo’l ochgan duosida-yu jajji, sho’x o’g’il-qizlar qalbidagi shodlik, yuragidagi qiyqiriq-tabassumlarida ko’rishimiz mumkin. Bu – mustaqillik bergan Baxt, mustaqillik baxti bergan lazzatli ne’matdir.
Bu baxt-saodatga o’z-o’zidan erishilmadi, albatta. Shuningdek, hurlik bayrog’ini birov o’zbekka tortiq qilgan emas. Bunda yuragida o’ti, shijoati, ilmga mehri, ishtiyoqi baland, o’z kuchiga ishongan va kelajakka katta umid bilan qaraydigan yoshlar nomidan shu yurt kelajagi sifatida komil ishonch bilan ayta olamanki, o’zbekning tarix oldida ham, kelajak oldida ham yuzi yorug’ va u kelgusida ham buyuk ishlar qilishga qodir. Yaqin qo’shni va qardosh xalqlar, qolaversa, butun dunyoga tinchlik, omonlik istagan o’zbek xalqining ezgu va pok niyatlari, illo, mustajob bo’lgay!Zero, ko’chat bir yerda ko’karar, derdilar – ishonmasdim. To’g’ri-da, ko’chat ham suv-u tuproq tanlaydimi va yo begona bir tuproqni tez taniydimi? Ozig’-u suvi bo’lsa bo’ldi-da, qayerda ko’karish, qayerda meva tugishning nima farqi bor? Bugungacha shunday o’ylab yurar edim. Ammo endi o’zim amin bo’ldimki, hech bir hikmat bekorga emas ekan. Go’zallikni sevganim uchun gul parvarishlashni ham juda yaxshi ko’raman. Xonamda, hovlimizda turli-tuman anvoyi gullar o’stiraman. Qachon qaramay, ular menga kulib qarab turgandek, ba’zan esa o’zaro kulib shivirlashayotgandek tuyulaveradi. Ularga qarab o’zimning ham kayfiyatim ko’tarilib, borliqqa tabassum-la boqaman. Ba’zan gullar meni sehrlab olgandek, ularga mahliyo bo’lib, butun olamni unutaman. Qanday mo’jiza, qanday ajib xislati bor ekanki, insonni o’ziga shunchalik maftun etsa. Bir men emas, butun oilamiz, qo’ni-qo’shni, qarindoshlarimiz ham xonadonimizdagi o’zgacha fayzni shu gullar bog’ida ko’rishadi. Gulbog’imga havas qiluvchilar ham talaygina, shu bois mayda, yosh nihol so’rab keluvchilar ham ancha. Yaqin qo’shnim, dugonam mening gullarimga havas qilib, gulbog’ qilmoqchi ekanligini aytib qoldi. Men ham xursand bo’lib, gultuvaklarimdagi ona gullardan so’ragan holda jajji novdalardan bir nechtasini berib yubordim. Gullar parvarishiga ko’mak berib tursam ham gurkirab-yashnab o’sayotgan kichik novdalar boshqa tuproqqa tez ko’nikib ketolmadilar. Asta-sekin kulishni ham unutib qo’ydilar, nazarimda. Nihoyat ikki hafta deganda ulardagi yoshlik, yashillikdan asar ham qolmadi. Ikkimiz ham hayron: axir, bir mehribon opasi ikki bo’lgan bu gullar nega halok bo’lmoqda, ularga ham o’z uyimdagidek qaragan edim-ku. Shunda dugonam aytdi: “Mayli, xafa bo’lma, biz xato qildik, avval boshdan ularni ungan yerdan ko’chirmaslik lozim edi. Men ham bilmapman-da bu gullarning ob-havo-yu tuproq tanlashini. Har bir yaratiq o’z yerida tirik, o’z tuprog’ida baxtlidir”.
O’ylab qolaman: bir kichkina nihol o’zi tug’ilgan tuproqni biladi, uni sevadi, unga talpinadi, usiz yasholmaydi. Mavjudotlarning eng buyugi Inson-chi? Albatta, inson ham o’z tug’ilgan tuproqni har nedan ulug’, muqaddas sanaydi. Mudom unga intilib, zoriqib, sog’inib yashaydi. Vatanni mudom sog’inish, unga intilish deganda biz, albatta, kichik bir vatan – oilani nazarda tutmoqdamiz. Vatan ichra kichikdir, ammo qalbimizda Vatan deganda eng avval turadigan va eng aziz maskan – bu oila. Oila ham nega bunchalar aziz, suyuk? Chunki unda Mehr bor, Muhabbat bor. Inson asli tuproq va suvdan emas, Mehr va Muhabbatdan bunyod bo’lgan. Shu bois ham mehr mehrga talpinadi. Axir, o’zim ham ilk daf’a dunyoga kulib boqqanim, katta hayot atalmish bo’stonda ilk qadam tashlaganim, tetapoya bo’lganim – shu ostonamni har nedan muqaddas sanayman-ku! Dunyoda eng ulug’ inson deb oilamiz boshi – padarimizni, dunyoda eng mehribon inson onamizni va eng lazzatli ne’mat deb onam yopgan kulcha nonni, dunyoda eng go’zal joy deganda o’zim yaratgan shu oilam gulbog’ini va eng baxtli inson desalar o’zimni ko’rsatishim ham men uchun eng oddiy haqiqatdir. Dugonamga chiqarib bergan niholim sarg’ayganini ko’rib, Mirzo Boburning qilgan “xatolig”lari zamiriga tushunib boryapman. Tanani ruhsiz, umrni sarg’aytib kechirgan insongina Vatan degan so’z qadrini, Vatan tuyg’usining nechog’li muqaddasligini biladi. Ba’zan o’zimiz ham o’qish yoki ishning tashvishlari bilan qadrdon koshonamiz – mo’jaz hovlimizni bir necha oyga tark etsak, sog’inch azobida qovrilamiz. Ana shundagina musofirning nega ko’ngli o’ksik ekanligini, musofir uchun o’zga diyordagi har bir gul tikan kabi botishiga iqror bo’lamiz. Kecha Mirzo Bobur nima uchun Andijon qovunini ko’rib yig’lab yubordi-yu, bugun biz issiq, yumshoq, lazzatli nonlar turib, onamiz yopgan qotma kulchalarni sevib yeymiz? Nega kecha Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Abdurauf Fitratlar shu yurt uchun, millat baxt-saodati uchun aziz jonini qurbon qildi-yu, nega biz bugun har qadamda ko’chat o’tqazib, bir g’isht qo`ymoqdamiz? Shu muqaddas yurt muhabbati, oq sut-u tuz hurmati uchun emasmi?! Albatta, shu mehr, muhabbat tufayli. Istiqlol sharofati bilan ko’kragiga shamol tekkan, o’z erki o’ziga qaytgan, erk nuridan bahramand toza qalbli bu el bugun koinotda yulduzlar misol charaqlayotgan davlatlar orasida o’z o’rni, o’z yo’liga ega. Va bu o’rinni mustahkamlash uchun tashlanayotgan katta odimlar el-u yurt osoyishtaligi va ravnaqi yo’lidagi jonkuyar fidoiylar tomonidan amalga oshirilmoqda. Ana shunday katta qadamlarga ko’mak va kichik hissa bo’lib qo’shilmish yosh odimlar qatorida turib men ham o’z ovozim bilan harakat qilmoqchi, katta yukning kichik ulushini ko’tarmoqchi bo’laman. Ko’ksimdagi tumorim, bo’ynimdagi marjonim, ko’zim qarog’idagi gavharim! Ko’ksim senga qalqon, ko’nglim keng osmon, seni deya yetti vodiy oshib o’tmoqqa, mehrim tafti ila toshni yormoqqa tayyorman. Go’zal gulbog’im mening, anvoyi gullarim mening… Bugun tinch, osoyishta yurtga faqat ana shunday gulzorlar, gulbog’lar yarashadi. Farovon xonadonlarimiz bugun faqat baxt, shodlik kuylariga, quvonch va xursandchilik gullariga to’lgan. Ko’nglida xotirjamlik, qo’lida shukronalik duosi bo’lgan nuroniy otaxon-onaxonlarimiz qalbidagi yurtga, Vatanga muhabbat tuyg’usi nevara-yu evaralar diliga ko’chishga ham ulgurgan. Baxt asri, Baxt diyori, Baxt gulbog’ining ana shunday erka va baxtli gulg’unchasi ekanligim bilan ko’nglim cheksiz faxr-iftixorga to’la. Shunday baxt uchun Yaratganga shukronalar qilar ekanman, yuragimda bo’y cho’zib borayotgan Vatan atalmish ardoqli gulimni asrab, yanada yashnashi uchun bor kuch-quvvatim bilan, idrok va shijoatim bilan harakat qilaman. Baxt gulzorini o’zimning chiroy-u iforim bilan to’ldirib yashayman. Musaffo osmonimizda hurlik bayrog’i hilpirab, istiqlol quyoshi porlab turar ekan, tobora o’sib borayotgan erk daraxti ham mangu gurkirab yashnashiga, shirin-shakar mevalar berishiga aminman.
Download 123.04 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling