Milliy madaniy so'zlarni tarjima muammolari


Download 80.5 Kb.
Sana17.02.2020
Hajmi80.5 Kb.

MILLIY MADANIY SO'ZLARNI TARJIMA MUAMMOLARI

Milliy maʼnaviyatimiz va til madaniyatimizning rivoj topishiga fanning boshqa barcha sohalari qatori tarjimashunoslik ham oʻz ulushini qoʻshishi lozim.

Ayni paytda, tarjimondan xorijiy tillardan oʻzbek tiliga bevosita yoki bilvosita oʻgirilayotgan asliyat asarida mujassam boʻlgan milliy maʼnaviyat va til madaniyatini tarjima tili xalqiga asliymonand tarzda yetkazib berish talab qilinadi.

Tarjimonning vazifasi asliyat asarida ijodkor tomonidan mohirona tasvirlangan milliy maʼnaviyat va til madaniyatini tarjima tilida qayta yaratishdan iborat. Agar tarjimon asliyatda mujassam boʻlgan milliy maʼnaviyat va til madaniyatini tarjima tilida notoʻgʻri talqin etsa, birinchidan, asliyatdagi asar va uning muallifi hamda ana shu asar mansub boʻlgan xalq shaʼniga dogʻ tushirib qoʻyadi. Ikkinchidan esa tarjima tili xalqining milliy maʼnaviyati va til madaniyatiga nisbatan nojoizlik paydo boʻladi.

Fikrimizning tasdigʻi sifatida quyidagi tarjimalarga nazar solaylik:


  1. Irland yozuvchisi J. Joysning “Uliss” asari rus tiliga notoʻgʻri tarjima qilinganligi oqibatida, ruscha tarjimani oʻqigan kitobxon koʻz oldida asardagi qahramonlar va ular timsolida butun irland xalqi ichkilikka xuruj qoʻygan hamda zinoga berilgan maʼnaviyatsiz millatga aylanib qolgan. Ehtimol, shu sababli ham oʻzbek yozuvchisi Pirimqul Qodirov “Uliss” asarining ruscha tarjimasiga asoslangan holda ushbu asarni oʻzbek tiliga tarjima qilinishini maqsadga muvofiq emas, deb bilgan.

Asar boshlanishida Malligan oʻzining eng yaqin doʻsti Stivenga hazil-toyipa qilib, uni buyuk iyezuit deb chaqiradi. Ammo ruscha tarjimada fearful jesuit jumlasining asliyatdagi very great jesuit (velikiy iyezuit) maʼnosiga butunlay qarama-qarshi maʼnoli neschactniʼy iyezuit jumlasi ishlatilganligi, called up soʻzining kriknul emas, balki pozval maʼnosida ekanligi va coarsely (vnezapno) soʻzining grubo maʼnosi yoʻq ekanligi eʼtiborga olinmaganligi oqibatida, ruscha va undan qilingan oʻzbekcha tarjimada asliyatdagi qahramon nutq maʼnaviyati va til madaniyati buzilgan:

– He held the bowl aloft and intoned: Introibo ad altare Dei. Halted, he peered down the dark winding stairs and called up coarsely: – Come up, Kinch. Come up, you fearful Jesuit // On podnyal chashku pered soboyu i vozglasil: – I podoydu k jertvenniku Bojiyu. Ostanovyas vniz, v sumrak vintovoy lestnitsiʼ, i grubo kriknul: – Viʼxodi, Klink! Viʼxodi, iyezuit neschastniʼy! // U qoʻlidagi idishni baland koʻtarib xitob qildi: – Rabbim mehrobiga kirgayman. U toʻxtab pastga qorongʻi burama zinalarga nazar tashladida, xirillagan tovush bilan qichqirdi: Bu yoqqa chiq, Kinch. Kel bu yoqqa, razil shayton.

Ingliz tilidagi harlot soʻzining lugʻaviy maʼnosi prostitutka (fohisha), ammo uning sotqin koʻchma maʼnosiga ham ega ekanligi lugʻatlarda koʻrsatib qoʻyilgan. Masalan, rus tilida “politicheskaya prostitutsiya (siyosiy sotqinlik)” birikmasi mavjud. Asarda harlot soʻzi ishlatilgan rechitativ (ashula ohangida aytiladigan soʻzlar) berilgan joydan oldin, bu soʻzning sotqin maʼnosida ekanligini anglatuvchi kontekstga eʼtibor bermaganliklari oqibatida, tarjimonlar ingliz xalqini fohishaga chiqarib qoʻyishgan:

The harlot’s cry from street to street

Shall weave old England’s winding sheet.

I kriki shlyux gluxoy poroy

Britaniya, tkut savan tvoy.

Qizlarning sasi kelur,

Badanlarin soturlar,

Koʻhna Angliya kafan,

Tinmay kafan tikurlar

Ushbu vaziyatda, J. Joys oʻzining prototipi Stivenga uning hamsuhbati tilidan: “Angliya yahudiylar qoʻlida. Ular barcha muhim oʻrinlarni moliyani ham, matbuotni ham egallab olishgan. Bu esa millatning tanazzulidan darak. Yahudiylar birlashib olgan joyda, ular millatning butun qonini soʻrib oladilar. Hech shubha yoʻqki, yahudiy chayqovchilar bizni xarob qiluvchi kori badlarini allaqachon boshlab yubordilar. Koʻhna Angliya jon berayapti”, deb aytishi bilan siyosiy sotqinlikni nazarda tutgan. Bizningcha, ushbu rechitativda J. Joys nazarda tutgan fikr quyidagicha boʻlgan: 

Sotqinning betoʻxtov ayuhannosi

Koʻhna Angliyaga chaqirar kafan.

Quyidagi vaziyatda esa J. Joys irland xalqining bir-birlariga mehr-oqibatliligi va maʼnaviyatligini ifodalagan, ammo ruscha va oʻzbekcha tarjimalarda irland xalqi ichkilikka xuruj qoʻygan millatga aylanib qolgan:

 

Then here’s a health to Mulligan’s aunt



And I’ll tell you the reason why.

She always kept things decent in

The Hannigan famileye.

Za tyotku Malligana bokal

Miʼ viʼpyem drujno do dna

Ona prilichya svyato blyudet

V semye u Xannigana.

Doʻstlar ichaylik xola uchun,

Bordur xolasi Malliganning,

Saranjom-sarishta roʻzgʻori,

Xonadoni Hanniganning…

Bizningcha: 



Malligan xolasi boʻlsin salomat,

Sababin soʻrsangiz men sizga aytay:

Xola farosati va saranjomligi

Hannigan roʻzgʻorin qildi sarishta.

 

Asarning boshqa bir joyida J. Joys Malligan nomidan oʻzining ayrim nopok ayollarga boʻlgan nafratini ifodalagan, ammo tarjimonlar ushbu maʼnoni ifodalay olmaganlar:



– Redheaded women buck like goats.

(Soʻzma-soʻz: Qizilsochli ayollar sakraydi oʻxshab echkilarga.)

Riʼjiye babiʼ bludliviʼ, kak koziʼ.

Malla xotinlar anavi echkiga oʻxshab kulishardi.

Taʼkidlash joizki, Redheaded soʻzi riʼjiye degan maʼnoni anglatmaydi. Riʼjiy soʻziga ingliz tilida blonde soʻzi toʻgʻri keladi. Bundan tashqari, buck feʼlining rus tilida bludliviʼy maʼnosi yoʻq. Ushbu vaziyatda echkining boshqa hayvonlarni toʻgʻri yoʻlga boshlovchi hayvon ekanligi tarjimonlarning xayoliga kelmaganligi oqibatida, u zinokorga aylanib qolgan. Bizningcha, ushbu gapning tarjimasi oʻzbek tilida “ – Bu ayollar shahar koʻrgan echkiga oʻxshaydi-ya!” tarzida berilganda, J. Joys nazarda tutgan maʼno ifodalangan boʻlardi.

Asardagi quyidagi vaziyatda J. Joys asar personaji nutqi orqali kitobxonni alloh qudratiga tan berishga chaqirgan, ammo ushbu maʼno ruscha tarjimada A kto govorit, ya ne bog tarzida notoʻgʻri ifodalanganligi oqibatida, allohga shirk keltirib qoʻyilgan. Oʻzbekcha tarjimada esa, xudo oʻgʻlidirman jumlasining berilishi bilan islom diniga mansub boʻlgan oʻzbek xalqi nutq maʼnaviyatiga putur yetkazilgan: 

If anyone thinks that I amn’t divine

He’ll get no free drink when I’m making the wine

But have to drink water and wish it were plain

That I make when the wine becomes water again.

 A kto govorit, ya ne bog, tem plutam



Vinsa, chto tvoryu iz vodiʼ, ya ne dam.

Pust pyut vodu, i tayna yasna,

Kak snova ya vodu tvoryu iz vina.

Men xudo oʻgʻlidirman, kim ishonmasa,

Men bilan tekin aslo ichisha olmas.

Men suvdan aroq yasab, koʻza toʻlgan kun,

Tomogʻidan suv oʻtmas, oʻzidan koʻrsin.

Bizningcha:



Kim meni demasa xudoga yaqin,

Nasib etmas suvdan qilgan sharobim.

Va, u moʻjizaga lol qolar, albat,

Yasagan sharobim aylansa suvga.

 


  1. Janubiy Afrika yozuvchisi P. Abraxamsning “Qabrdagi gulchambar” asarining rus tili orqali qilingan oʻzbekcha tarjimasidagi quyidagi vaziyatlarda ingliz va rus tillaridagi salomlashishni ifodalovchi birliklar oʻzbek tiliga notoʻgʻri tarjima qilingan. Ushbu birliklar oʻzbek tiliga “Salom!” – “Salom!” tarzida emas, “Assalomu-alaykum!” (Sizga allohning salomi (yaxshiligi) boʻlsin!), “Va alaykum assalom va rahmatullohu va barakotuh!” (Sizga ham allohning salomi (yaxshiligi), rahmati va barakoti boʻlsin!) birliklari bilan tarjima qilinganda, oʻzbek kitobxonining ajdodlarga xos milliy maʼnaviyati va til madaniyatini qayta tiklanishiga erishilgan boʻlardi:

– Good morning! Dobroye utro! // – Salom!

Good evening!

Good evening!, he said.

Dobriʼy vecher!,

Dobriʼy vecher!, – skazal on.

– Salom!

Salom!, – deya javob berdi yigit.


  1. Rus yozuvchisi M. Gorkiyning “Tubanlikda” asarining oʻzbekcha tarjimasida rus tilidagi “Yey bogu!” jumlasini: “Xudo ursin!” tarzida berilishi bilan oʻzbek xalqining milliy maʼnaviyati va til madaniyatiga xos boʻlmagan holat yuzaga kelib qolgan:

 

Dedushka! Yey bogu… biʼlo eto! Student on… fransuz biʼl… I tak on menya lyubil!…” // “Buvajon! Xudo ursin… oshiq boʻlganman! Oʻzi student… fransuz edi… Meni biram yaxshi koʻrardiki, asti qoʻyavering!”.

 

Islom dini axloqiy meʼyorlariga koʻra, “Xudo ursin!” deb qasam ichish maʼnaviyatsizlik hisoblanadi. Shuning uchun, “Yey bogu!” jumlasi oʻzbekchada “Xudo xaqi!” tarzida berilganda maʼnaviyatimiz va madaniyatimizning ifoda shakliga mos tushardi.



Til – milliy qadriyatlarni birlashtirib, tutashtirib, namoyon etib turuvchi eng mustahkam zanjir, boy va cheksiz maʼnaviy xazina.

Til insonning birlamchi ehtiyoji, anglash, bilish, soʻzlash, aloqa-munosabat vositasi, mansub-xoslik omili boʻlgani bois hamisha jamiyat ravnaqining asosiy mezonlaridan boʻlib kelgan. Jumladan, oʻzbek tili oʻzbek millatining uzoq tarixiy ildizlariga, oʻz siyosiy-huquqiy asoslariga ega muqaddas qadriyati, ulkan maʼnaviy yutugʻidir. Bugungi taraqqiyotiga qadar shonli va sharafli yoʻllarni bosib, keskin va shiddatli toʻfonlarni yengib kelayotgan milliy tilimiz davlat maqomida yanada ulugʻvor va ustuvorligini namoyon qilmoqda.

Turli darajadagi ijtimoiy munosabatlar, xalqaro aloqalar, fan-texnika taraqqiyoti, globallashish jarayonlari milliy til qiyofasiga ham muayyan darajada oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda, ichki va tashqi tahdidlar xavfini oshirmoqda. Shulardan biri yaqin kunlar oraligʻida munosabat-munozara maydonini egallab, keng jamoatchilikning tanqidu eʼtiroziga uchrayotgan “rus tilini ikkinchi rasmiy davlat tili sifatida eʼlon qilish” tashabbusini ilgari surgan ayrim “ziyolilar”ga ham tegishlidir.

Mamlakatda oʻzbek tili rasmiy davlat maqomiga ega yagona til sifatida Konstitutsiya va qonunlar orqali huquqiy mustahkamlab qoʻyilganligiga ham eʼtibor qaratmasdan, ikkinchi tilni rasman tan olish jamiyatni ikkiga boʻlish, millat ajratishga olib kelishini, turli koʻrinishdagi noroziliklar sodir boʻlishini inobatga ham olmasdan bunday koʻr-koʻrona taklifni ilgari surish talab qilinayotgan ikkinchi tilni, shu til vakillarini oʻz milliy tili, milliy qadriyatlari, milliy hamiyatidan ustun qoʻyish, ustuvor koʻrishni anglatadi. Amaldagi davlat tiliga nisbatan bepisandlik, hurmatsizlikni koʻrsatadi. Ushbu oʻrinsiz va asossiz vayronkor gʻoyani bugun barcha millatsevar, vatanparvar jamoatchilik, maʼrifat ahli keskin qoralab, oʻz milliy tiliga, oʻzbek tilining asriy va azaliy maqom-martabasiga muhabbat-ehtiromini ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali turli koʻrinishlarda namoyish qilmoqda. Albatta, oʻzligini qadrlagan, oʻz millatiga daxldorligini his qilgan, milliy gʻurur va iftixorini yuqori tutgan har bir fuqaro bunday yoʻl tutishi tabiiy. Ushbu muammo sabab, bugun jamiyatning amaldagi rasmiy davlat tili boʻlgan oʻzbek tiliga munosabati yana bir elakdan oʻtmoqda, sinovlarda toblanmoqda va qatʼiylashmoqda.

Shu oʻrinda, rus tiliga rasmiy maqom berish tarafdorlarining “yoʻlboshchilari” ilmu fan, sanʼat sohasining ilgʻor vakillari ekanligi yanada hayratli emasmi?, degan haqli savol tugʻildi. Darhaqiqat, inson har qancha bilim egallamasin, iqtidorli boʻlmasin, shon-shuhrat qozonib, mansab pogʻonalaridan koʻtarilmasin, uning qalbida oʻz milliy qadriyatlariga nisbatan ehtirom-eʼzoz boʻlmasa, maʼnaviy-maʼrifiy ulugʻvorlik etagidan tutmasa, bir kun kelib oqsashi, qoqilishi, yiqilishi, milliyat taqdiri, jamiyat taraqqiyotiga xavf tugʻdirishi ham turgan gap.

Tajribalarda ayonki, koʻp til bilish – rivojlanishning ilgʻor qonuniyati, muvaffaqiyat garovi. Ammo oʻz milliy tilingni unutish, oʻzga tillar bilan chogʻishtirish, qorishtirish evaziga emas! Oʻzga tillarni oʻrganish orqali taraqqiyotga erishishni yoqlab chiqqan maʼrifatparvar jadidlar ham bu borada ehtiyotkor va masʼuliyatli boʻlishgan. Xususan, Abdulla Avloniy oʻz qaygʻusini “Milliy tilni yoʻqotmak millat ruhini yoʻqotmakdur. Hayhot! Biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun, kundan-kun unutmak va yoʻqotmakdadurmiz. Tilimizning yarmiga arab, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz... Zigʻir yogʻi solub moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur”, - degan oʻtli fikrlarida taʼsirchan oshkor qilgan. Bu fikrlar ayni kunda yana ham dolzarblashmoqda.

Milliy tilga eʼtibor va ehtirom millatsevarlik, vatanparvarlik, oliyjanoblikning yorqin ifodasi. Milliy til – milliy urf-odat, qadriyatlarni, milliy maʼnaviy meros-manbalarni bilish, oʻzlashtirish, yetkazib berish, targʻib etishda, oʻzlikni anglash, anglatishda birlamchi vosita. Oʻz milliy tiliga muhabbati yoʻq, oʻzga tillarga ehtiromi yuksak insonni millat vakili, vatanparvar shaxs deb atash mumkinmi? Til millatga, jamiyatga, Vatanga daxldor oliy tushuncha. Shu boisdan bu borada ehtiyotkor boʻlish, ajdodlardan meros buyuk neʼmat ildiziga bolta urmaslik talab qilinadi.

Masalaga munosib yechim izlab olib borilgan tahliliy kuzatishlar oʻzbek tilining davlat tili maqomidagi rutbasini yanada mustahkamlash, qonuniy asoslarni kengaytirish, qatʼiylashtirish zarurati mavjudligini koʻrsatadi. Nafaqat ayni shu kunlarda, balki oʻtgan yillar davomida ham millatsevar tilshunoslar, maʼrifat ziyolilarini oʻzbek tilining rasmiy talablarini kuchaytirish, milliy martabasini oshirish, barcha soha vakillarining adabiy til meʼyorlariga amal qilishiga erishish kabi dolzarb muammolar hamisha oʻylantirib, munozaraga chorlab kelgan. Shu asoslarga tayanib, quyidagi vazifalarni kechiktirmasdan hal qilib borish talab etiladi:



- Davlat tili toʻgʻrisidagi qonunni tahririy koʻrib chiqish va unda milliy rasmiy tilga munosabatni, adabiy meʼyor talablarini kuchaytirish;

- davlat tili barqarorligiga toʻsiq boʻluvchi oʻzbek alifbosi bilan bogʻliq ikkilanish muammolariga qonuniy chek qoʻyish, yozuv birligi, aholining savodxonlik darajasini oshirishga erishish;

- Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida milliy gʻoyani rivojlantirish konsepsiyasiga tayanib, oʻzbek tilining rasmiy maqomini mustahkamlash;

- milliy qadriyatlarning asosiy timsoli boʻlgan oʻzbek tilining rasmiy va milliy maqomini targʻibu tashviq etuvchi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar koʻlamini kengaytirish, bu borada maqsadli, manzilli va tizimli tadbirlar tashkil qilish;

- milliy maʼnaviy merosga muhabbat va ehtirom, avvalo, oiladan boshlanishi, oila qadriyatlar beshigi ekanligini eʼtiborga tutgan holda farzand tarbiyasida ona tilini puxta egallash, milliy tilni, qadriyatlarni avaylash, ijtimoiy daxldorlik, vatanparvarlikni shakllantirish usullari tavsiya qilingan metodik qoʻllanmalar yaratish;

- taʼlim bosqichlari, tashkilot, muassasa va korxonalarda oʻzbek tiliga davlat maqomi berilgan kun arafasidagi bayramdan tashqari jarayonlarda ham davlat tilining rasmiy talablari bilan tanishtiruvchi, mohiyatini tushuntiruvchi, milliy til ruhiyatini yuksaltiruvchi maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot-tashviqot tadbirlarini muntazam yoʻlga qoʻyish;

- mamlakatning har bir fuqarosida rasmiy davlat tiliga nisbatan hurmat va ehtirom tuygʻulari barqarorligini taʼminlash ishlarini tizimli olib borish.

Xulosa qilib aytganda, tarjima asari kitobxon uchun milliy maʼnaviyat va til madaniyatini shakllantirish hamda rivojlantirish omili boʻlishi lozim.
Download 80.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling