Milliy va umuminsoniy qadriyatlar jamiyat rivojining muhim sharti


Download 85 Kb.
Sana11.07.2020
Hajmi85 Kb.
#123582
Bog'liq
Milliy va umuminsoniy qadriyatlar jamiyat rivojiningmuhimsharti

Milliy va umuminsoniy qadriyatlar jamiyat rivojining muhim sharti


Reja:

  1. Milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tamoyillari

  2. Qonunning ustuvorligi tamoyili milliy istiqlol g‘oyasining huquqiy asosidir.

  3. Qonunning ustuvorligi tamoyili milliy istiqlol g‘oyasining huquqiy asosidir.


Milliy istiqlol mafkurasining asosiy tamoyillari


G‘oya va mafkuralar muayyan xalq va jamiyat hayotidagi o‘ziga xos o‘rni hamda ahamiyati bilan farqlanadi. Bu farq uning milliylik, xalqparvarlik, bunyodkorlik kabi xususiyatlari bilan belgilanadi. Bizning g‘oyamiz milliy istiqlol g‘oyasi bo‘lib, u xalqaro huquq qoidalariga, umuminsoniy qadriyatlarga, davlatimiz

Konstitutsiyasiga, milliy madaniyatimiz va urf-odatlarimizga, vijdon erkinligi, insonparvarlik, fikrlar rang-barangligi kabi demokratik tamoyillarga mos keladi.



Milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tamoyillari deb, uning shakllanish xususiyatlari va amal qilish usullarining imkoniyatlari va yo‘llarini belgilab beradigan yo‘nalishlarga aytiladi. Bunday yo‘nalishlar ko‘p va har biri keng qamrovlidir. Milliy istiqlol g‘oyasi tamoyillari o‘zaro uzviy aloqador bo‘lib, milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi, qonun ustuvorligi kabi talablarni ham nazarda tutadi.

Qonunning ustuvorligi tamoyili milliy istiqlol g‘oyasining huquqiy asosidir.

Mazkur tamoyilning huquqiy me’yorlari mamlakatimiz Konstitutsiyasining 12-moddasida quyidagicha belgilab qo‘yilgan: «O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas».

Albatta, davlat jamiyat siyosiy tizimining o‘zagi, mamlakat barqarorligi va izchil taraqqiyoti kafolati bo‘lgan siyosiy institutdir. U siyosiy muassasa, ya’ni boshqaruvchi, uyushtiruvchi va safarbar etuvchi tuzilmadir. O‘zbek modeli haqidagi mavzudan yaxshi bilasizki, bizda davlat bosh islohotchi. U jamiyatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, milliy xavfsizlik, qonun ustuvorligi, ijtimoiy adolat va islohotlar muvaffaqiyatini ta’minlaydi. Biz milliy va umumbashariy qadriyatlarga, xalqimizning boy merosiga, taraqqiy topgan davlatlar tajribasiga tayangan holda insonparvar jamiyat barpo etmoqdamiz. Bu borada olib borayotgan islohotlarimiz natijasida bugungi kunga kelib mustabid tuzumdan xalos bo‘ldik.

Xalqimizda «Kengashli to‘y tarqamas» degan maqol bor. Umumbashariy demokratik tamoyillarning hayotimizdan mustahkam o‘rin olishi – milliy istiqlol g‘oyasi asosiy tushuncha va tamoyillarida aks etgan maqsad-muddaolarni amalga oshirishimizga bog‘liq.

Inson huquqlari, erkinliklari va hurfikrlilik tamoyili milliy istiqlol g‘oyasining ijtimoiy mohiyatini belgilaydi. Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda fuqarolarimizning huquqlari va burchlari to‘liq ifodasini topgan. Milliy istiqlol g‘oyasi tamoyillari ana shu huquqiy asosga tayangan holda amalga oshiriladi. Bu esa demokratiya mohiyatini teran anglab yetishni, hokimiyat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni yuqori saviyaga ko‘tarishni talab etadi.

Odamzod azaldan intilib kelgan umuminsoniy tamoyillardan biri vijdon erkinligi bo‘lib, u «e’tiqod erkinligi» tushunchasidan ko‘ra keng mazmunga ega. «E’tiqod erkinligi» insonning biror din yoki g‘oyaga e’tiqod qo‘yishda o‘z ixtiyori bilan ish tutishini ifodalaydi. «Vijdon erkinligi» esa kishining biror dinga, g‘oyaga e’tiqod qilishi yoki umuman e’tiqod qilmasligini ham anglatadi. Insonning dinsiz yoki xudojo‘y bo‘lishi uni ayblash yoki maqtash uchun asos bo‘lmaydi. Bu tamoyil kishining ishonch-e’tiqod borasidagi erkinligi, jamiyat qonunlariga mos hayot kechirishini bildiradi.

Milliy istiqlol g‘oyasining fikrlar rang-barangligini qaror toptirish tamoyili – demokratik jamiyat barpo etishning asosiy shartidir. Ushbu tamoyil odamlarning xilma-xil fikrlari, rang-barang qarashlari umumiy maqsad asosida uyg‘unlashuvini ifodalaydi. Aynan shu uyg‘unlik milliy istiqlol g‘oyasini amaldagi kuchga aylantiradi.

Milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tamoyillaridan yana biri – milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligidir. Odamlarning buyuk kelajak yaratish jarayonidagi ishonchini mustahkamlashda, fuqarolarning siyosiy madaniyatini o‘stirishda, ularning taraqqiyot muammolarini to‘g‘ri anglashlarida bu tamoyil muhim g‘oyaviy yo‘nalish bo‘lib xizmat qiladi.

Milliy qadriyatlarga sodiqlik – istiqlol g‘oyasining tayanchidir. Bu tamoyil O‘zbekistonning har bir fuqarosi o‘z milliy qadriyatlarini asrabavaylab, kelajak avlodlarga yetkazishi uchun to‘liq imkoniyatlar yaratilishini bildiradi. Vatanimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari o‘z ona tilini, madaniyatini, urf-odatlarini asrash va rivojlantirish imkoniyatiga ega. Tarixiy meros va madaniy boyliklarni, mumtoz qadriyatlarni hurmat qilish, ularni o‘rganish mazkur tamoyilning asosiy jihatlaridir.

Milliy istiqlol g‘oyasi, shubhasiz, shaxsning e’tiqodi va insonning ma’naviy olami bilan bog‘liq. Bu g‘oyani amalga oshirish, avvalo, har tomonlama bilimli, ma’naviy, jismoniy va aqliy yetuk insonlarni voyaga yetkazishga bog‘liq. Sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, erkin fuqaro ma’naviyatini shakllantirish ham ana shu vazifalar sirasiga kiradi.

Shaxsning mafkuraviy jarayonlardagi faol ishtiroki milliy istiqlol g‘oyasi tushuncha va tamoyillarini odamlar qalbi va ongiga singdirishda muhim o‘rin tutadi. Chunki, faol, intiluvchan shaxs milliy istiqlol g‘oyasini yetkazuvchi vosita bo‘ladi. Shu tariqa milliy g‘oya xalqni aniq maqsad-muddaolar sari yetaklaydigan yagona bayroqqa aylanadi.

Istiqlol g‘oyasi tayanadigan milliy asosdagi yana bir tamoyil xalqimizga xos jamoaviylikdir. U jamiyatimizning muhim xususiyati, ijtimoiy hamkorlik va hamjihatlik negizi hisoblanadi. Jamoaviylik, ayniqsa, mahalla faoliyatida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Milliy istiqlol g‘oyasini odamlar qalbi va ongiga singdirish, avvalo, oiladan boshlanadi. Milliy g‘oya bu yerda bobolar o‘giti, otaning shaxsiy ibrati, onaning mehri orqali avloddan avlodga, insondan insonga o‘tadi, yosh avlod ongi va shuurida muhrlanib boradi.





Milliy istiqlol mafkurasi xalqimizning quyidagi umumiy manfaatlarini ifodalaydi










Mamlakatning mustaqilligi, hududiy

yaxlitligi, sarhadlar daxlsizligi









Yurtning tinchligi, davlatning harbiy, iqtisodiy, g‘oyaviy, ekologik, informatsion

tahdidlardan muhofaza etilishi












Mamlakatda fuqarolararo va millatlararo totuvlik, ijtimoiy barqarorlik muhitini ta’minlash




Har bir oila va butun xalqning farovonligi













Jamiyatda qonunning ustuvorligi, adolat, demokratiya, erkinlik, o‘z-o‘zini boshqarish tamoyillarining amal qilishi

Shu bois g‘oyaviy-tarbiyaviy jihatdan sog‘lom oila negizidagi jamiyat va davlat mustahkam bo‘ladi. Bunday oilalarda komil insonlar voyaga yetadi, ularning e’tiqodi va dunyoqarashiga milliy istiqlol g‘oyasi asos bo‘ladi.

Istiqlol g‘oyasining amal qilish jarayonida milliy turmush tarzimizga xos bo‘lgan «shaxs – oila – mahalla» uchligi muhim ahamiyat kasb etadi. Oilada shakllangan iymon-e’tiqod, odob, aql-idrok hamda tafakkur mahallada yanada yuksalib, o‘zaro totuvlik va hamkorlik munosabatlaridan oziqlanib, inson kamolotiga xizmat qiladi.

Milliy istiqlol mafkurasi har bir vatandoshimizning oilasi, jamiyat, el-yurt oldida burch va mas’uliyatini qay darajada ado etayotganini belgilaydigan ma’naviy mezondir.

Bu – O‘zbekistonda istiqomat qiladigan va o‘z taqdirini shu muqaddas zamin bilan bog‘lagan har bir kishining «Vatan menga nima berdi» deb emas, balki «Men Vatanim ravnaqi uchun nima qilayapman» degan mas’uliyat tuyg‘usi bilan yashashi demakdir. Jamiyat hayotini demokratlashtirish jarayonini yanada chuqurlashtirish milliy istiqlol g‘oyasining amaliy tamoyillaridan biridir. Amaliy tamoyil – biz ko‘zlagan maqsadlar, belgilagan dasturlar va qabul qilgan qarorlarning aniq hayotiy ijrosini ta’minlash degani.

Demokratik institutlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish – uzoq davom etadigan jarayon. Prezidentimiz Islom Karimov bu xususda shunday degan: «Demokratiya jamiyatning qadriyatiga, har bir insonning boyligiga aylanmog‘i kerak. Bu esa bir zumda bo‘ladigan ish emas. Xalqning madaniyatidan joy ololmagan demokratiya turmush tarzining tarkibiy qismi ham bo‘la olmaydi. Bu tayyorgarlik ko‘rish va demokratiya tamoyillarini o‘zlashtirishdan iborat ancha uzoq muddatli jarayondir».

Har bir jamiyat, davlat o‘zi uchun mos demokratik taraqqiyot yo‘lini o‘zi tanlaydi. O‘zbekiston ham o‘zi uchun mas’ul demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi. Xususan, sharqona demokratiyaning bir qator ustuvor jihatlari mavjud. Bu – g‘oyaviy-falsafiy asosda shakllangan insonparvarlikdir. Sharq siyosiy falsafasida «me’yor» tushunchasiga katta ahamiyat berilgan. Chunki demokratiya, aslida, me’yorga asoslangan siyosiy madaniyatdir. Me’yorning o‘zi esa huquq va burch, erkinlik va tenglik o‘rtasidagi muvozanatni anglatadi.

Saylov tizimi, davlatchilik, siyosiy harakatlar, jamoatchilik fikri, ommaviy axborot vositalari – barchasi Sharqda o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Bu xususiyatlar hokimiyatga an’anaviy ishonch qonuniyati bilan ifodalanadi. Sharq mamlakatlarida siyosiy qarorlar qabul qilish va ularning amaldagi tatbiqini ta’minlash, xalq manfaatlarini hisobga olgan holda, mas’ul kishilar tomonidan amalga oshirilgan. Shu tufayli Sharqda «El-yurt nima der ekan?» degan masala har bir hukmdor va siyosatchi faoliyatida bosh masala bo‘lib turgan.

Sharq xalqlari hayotida odil va dono hukmdor g‘oyasi «Avesto» yaratilgan zamonlardan boshlab rivojlanib kelgan. Sohibqiron Amir Temur faoliyatida «Kuch – adolatda» degan qoida ustuvor bo‘lgani buning yaqqol tasdig‘idir. Sharq mutafakkirlari davlatni, avvalo, jamiyat taraqqiyotidagi ikki muhim omil: ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va ijtimoiy adolat mezonlarini amalga oshirish quroli deb tushungan, qonunchilik va me’yoriy tizimlar ham aynan ana shu maqsadlarga xizmat qilgan. Amir Temur «Tuzuklar»i bunga misol bo‘la oladi. Sharqda mahalla va boshqa o‘zini o‘zi boshqarish idoralari asosan jamoatchilik fikriga tayangan holda ish yuritgan. Ijtimoiy salmoqli masalalarni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqish mahalla guzarlarida, choyxonalarda, karvonsaroylarda, to‘yma’raka va hasharlarda amalga oshirilgan. Shu bilan birga, jamoatchilik fikri davlat qarorlarini qabul qilishda ham muhim o‘rin tutgan.

Xullas, Sharq xalqlari, xususan, bizning hayotimizda azaldan o‘ziga xos demokratik an’analar bo‘lgan. Umuminsoniy g‘oyalarga o‘ta xayrixohligi tufayli xalqimiz zamonaviy demokratik qadriyatlarni ham tez o‘zlashtirib olishi shubhasiz.

Demokratiya, aslida, insoniyatning o‘zi qadar tarixiy bo‘lib, u inson faoliyatining turli jihatlariga tatbiq etiladi va turlicha ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Zaki Validiy To‘g‘on bu haqda shunday deb yozgan edi: «Demokratiyaning birdan bir, yagona retsepti (qolipi) yo‘q. Uning maqsadi millatlarga va jamiyatlarga o‘z ixtiyorlariga muvofiq hayot kechirish imkoniyatini berishidadir. Demokratiya turli millatda turlicha bo‘lishi mumkin. Lekin uning asosiy sharti bor: millat va jamiyat orasidagi mas’uliyatga sheriklashib, shunga muvofiq ravishda ish qonunlariga bo‘ysunish kerak bo‘ladi. Inglizlarda, Amerikada, Shvetsiyada, Norvegiyada ish shu tarzda tuzilgan. Rossiyada esa bu yo‘q. 1919yilda yaxshigina demokratik partiyalar vujudga keldi, ammo bolsheviklar partiyasi tepaga chiqdi-yu, butun boshli partiyalarni yo‘q qildi va tarixda misli ko‘rilmagan mustabidlik tuzumini o‘rnatdi. Davlat ishida mas’uliyat hissining umumiyligi – xalqning madaniy kamolotiga bog‘liq tarbiya va odat masalasi hamdir».

Bugungi sharqona demokratiyada bag‘rikenglik, hamjihatlik, qadr, oqibat, andisha, kattalarga hurmat, ona zaminni e’zozlash borasida o‘ziga xoslik yaqqol namoyon bo‘ladi. Bular esa milliy istiqlol g‘oyasining amal qilishida nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Milliy istiqlol g‘oyasini amalga oshirish kuchli davlatdan kuchli jamiyat sari borish konsepsiyasini amalga oshirish jarayoni bilan uyg‘un holda olib boriladi.

Milliy istiqlol g‘oyasining amal qilish jarayonida shaxs erkinligi muhim o‘rin tutadi. O‘z haq-huquqini taniydigan, o‘z kuchi va imkoniyatlariga tayanadigan, atrofida sodir bo‘layotgan voqeahodisalarga mustaqil munosabat bildiradigan, shaxsiy manfaatlarini mamlakat va xalq manfaatlari bilan uyg‘un holda ko‘radigan insongina milliy g‘oyamiz tamoyillarini to‘g‘ri baholay oladi.

«Erkinlik» tushunchasi g‘oyatda keng qamrovli bo‘lib, ijobiy va salbiy jihatlarga ega. Shaxs moddiy va ma’naviy ne’matlardan oqilona foydalanishga intilib, bu yo‘ldagi xatti-harakatlari bilan o‘zgalar manfaatlariga ziyon yetkazmasa – bu erkinlikning ijobiy jihatidir. Aksincha, inson o‘z maqsadlariga erishish jarayonida boshqalar manfaatini tan olmasa, erkinlik salbiy ma’no kasb etadi.

Shunday qilib, milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tamoyillari ko‘p va keng qamrovli bo‘lib, ular mafkuramizning amal qilish yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.



Adabiyotlar:

1. Milliy istiqlol g’oyasi: asosiy xususiyatlari, falsafiy va tarixiy ildizlari. Mas’ul muharrir Q.Nazarov. Toshkent 2001 y.

2. G’oya va mafkura. Mas’ul muharrir Q.Nazarov. Toshkent - 2001 y.

3. Milliy istiqlol g’oyasini xalqimiz ongiga singdirish omillari va vositalari. Mas’ul muharrir Q.Nazarov. Toshkent 2001 y.

4. Markaziy Osiyo: g’oyaviy jarayonlar va mafkuraviy tahdid. Mas’ul muharrir Q.Nazarov. Toshkent — 2001 y.

5. Milliy istiqlol g’oyasining amal qilish tamoyillari. Toshkent 2001 y.
Download 85 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling