Moddalar va energiya almashinuvi. Ovqatlanish


Download 60.93 Kb.
bet1/5
Sana19.11.2019
Hajmi60.93 Kb.
  1   2   3   4   5

     MODDALAR VA ENERGIYA ALMASHINUVI. OVQATLANISH.

                ISSIQLIKNING IDORA ETILISHI (TERMOREGULATSIYA).



 

   Ma'ruza  № 10   MODDALAR VA ENERGIYA ALMASHINUVI TO'G'RISIDA UMUMIY TUSHUNCHA.

 

         



Moddalar va energiya almashinuvi tirik materiyaning asosiy xossasidir. Organizm unga tinmay energiya kirib turadigan va u shu energiyadan foydalanadigan bo'lsagina yashay oladi.

Odam butunlay tinch turgan bo'lsa ham, barcha sistemalari va organlarining ishlab turishi uchun energiya zarur. Tana temperaturasini ma'lum bir darajada saqlab turish, organizm o'sayotgan paytda hujay-ralari protoplazmasining tarkibiy qismlarini sintezlash yoki ishdan chiqib qolgan qismlarini almashtirish uchun energiya sarf bo'ladi. Muskul ishi bilan aqliy ish vaqtida energiya sarfi keskin ko'payadi. Organizm energiyaga boy bo'lgan organik moddalarning ovqat bilan birga kirib turishi hisobiga, shu moddalarning oxirgi mahsulotlargacha parchalanishi jarayonida energiya oladi va undan foydalanadi.

Shunday qilib, moddalar almashinuvi tashqi muhitdan turli moddalar kirib turishi, hayot-faoliyat ehtiyojlari uchun ularning o'zga-rishlarga uchrashi va sarf etilishi hamda hosil boigan parchalanish mahsulotlarini atrofdagi muhitga chiqarib tashlashdan iboratdir.

Oziq bo'ladigan organik moddalar ikki yo'nalishda: plastik resurslar sifatida va energetik resurslar sifatida sarflanadi. Oziq moddalarning plastik ahamiyati shundan iboratki, bir qancha kimyoviy o'zgarishlardan keyin ulardan mazkur organizmning o'ziga va har bir organga xos bo'lgan, spetsifik birikmalar sintezlanib, shulardan hujayra tuzilishlari tuziladi. Oziq moddalarning energetik roli ularning ba'zi oxirgi mahsulotlargacha parchalanishi hamda oksidlanishi ajralib chiqadigan energiyadan foydalanishdan iborat. Organik moddalardan tashqari, hayot-faoliyat uchun anorganik moddalar, vitaminlar va suv zarur.

 

 

   MODDALAR ALMASHINUVI



 

Moddalar almashinuvi me'da-ichak yoiiga oziq moddalari va o'pkaga havo kislorodi kirishidan boshla'nadi.

Moddalar almashinuvining birinchi bosqichi oqsillar, yog'lar va uglevodlarning me'da-ichak yo'lida suvda eriydigan aminokislotalar, mono- va disaxaridlar, yog' kislotalari, glitserin va ba'zi boshqa birikmalargacha fermentlar ishtirokida parchalanishi va shu mahsulot-larning qon bilan limfaga so'rilib o'tishidan iborat.

Almashinuvning ikkinchi bosqichi oziq moddalari va kislorodning qon va limfa bilan to'qimalarga tashib keltirilishi hamda moddalarning hujayralar va hujayralararo moddasida bo'lib o'tadigan murakkab kimyoviy o'zgarishlaridir. Shu bilan bir vaqtda bu o'rinda oziq moddalar oxirgi mahsulotlargacha parchalanadi, protoplazma, gormonlar, fermentlar, sekretlarning tarkibiy qismlari sintezlanadi va hujayralar bilan to'qimalar paydo bo'lib turadi. Moddalarning parchalanishida ajralib chiqadigan energiya sintetik jarayonlar, morfogenez uchun va butun organizmning ishlab turishi uchun sarflanadi.

Moddalar almashinuvining uchinchi bosqichi oxirgi parchalanish mahsulotlarini o'pka, buyraklar, ichak va ter bezlari orqali chiqarib tashlashdir.

Oqsillar, yog'lar, uglevodlar, mineral moddalar va suv bir-biri bilan o'zaro ta'sir qilib turgan holda o'zgarishlarga uchraydi. Biroq, shulardan har birining metabolizmi o'z xususiyatlariga ega bo'lib, ularning fiziologik ahamiyati har xil bo'ladi. Shunga ko'ra u yoki bu xildagi moddalar almashinuvini alohida-alohida ko'zdan kechirib chiqish odat tusiga kirgan, lekin, moddalar almashinuvini shu tariqa ajratish bir qadar sun'iydir.



 Oqsillar almashinuvi. Oqsillar organizmda plastik va energetik rolni o'ynaydi. Moddalar almashinuvida muhimligi jihatidan olganda oqsillarning plastik roli energiya manbalari sifatidagi roliga qaraganda beqiyos darajada kattadir. Tirik organizmda ko'pchilik to'qimalar hujayralarining sitoplazmasi almashinib, yangilanib turadi, masalan, qonning shaklli elementlari, teri va ichak shilliq pardasi epiteliysi, ba'zi bez hujayralari va boshqalar singari bir xil hujayralar yemirilib turadi va o'rni to'lib boradi. Oqsillar yoki ularning tarkibiy qismlari bo'lmasa, organ va to'qimalaming asosiy tuzi-lish elementlari yangidan paydo bo'lib turishi va masalan, fermentlar hamda gormonlar singari eng muhim moddalarning yuzaga kelib turishi mumkin emas. Organizmda oqsillar almashinuvi juda jadal boradi. Jigarda jami oqsil azotining yarmi 5—7 kun davomida yangilanib olishi nishonlangan aminokislotalarni organizmga yuborib o'tkazilgan tajribalarda ko'rsatib berilgan.

Organizm hamisha ovqat bilan birga ma'lum bir miqdorda oqsil kirib turishiga muhtoj bo'ladi. Organizm zo'r berib o'sib, tana massasi ortib boradigan davrda oqsilga ehtiyoj ayniqsa katta bo'ladi. Me'da-ichak yoiiga ovqat bilan birga tushgan oqsillar aminokislotalar va eng oddiy polipep-tidlargacha parchalanadi. Oqsilning parchalanish mahsulotlari shu holida qonga so'rilib o'tadi va to'qimalarga tarqaladi. Organizm to'qimalarining hujayralarida aminokislotalardan mazkur tur uchun va har bir organ uchun xos bo'lgan, spetsifik oqsillar sintezlanadi, bular hujayralarning beto'xtov yangilanib turadigan oqsil tarkibi o'rnini to'ldirib boradi, yemirilgan to'qimalaming tiklanishi uchun hamda gormonlar bilan fermentlar sintezi uchun sarflanadi.

Aminokislotalarning bir qismi energetik material sifatida sarf boiadi. Bu holda aminokislotalar yana o'zgarishlarga uchraydi. Awaliga aminokislotalar dezaminlanadi, ya'ni NH2guruhini yo'qotadi. Bunday jarayon oksidlanish yo'li bilan boradi va natijada ammiak hamda ketokislotalar hosil bo'ladi. Ammiak zaharli moddadir, mochevina sintezlanish yo'li bilan jigarda zararsizlantiriladi. Ketokislotalar bir qancha o'zgarishlardan keyin karbonat kislota bilan suvga parchalanadi. Shunday qilib, oqsillar parchalanishining oxiigi mahsulotlari, mochevina, karbonat kislota va suvdir. Mochevina buyraklar va ter bezlari orqali, karbonat kislota o'pka orqali tashqariga chiqarib yuboriladi. Almashinuvning oxirgi azotli mahsulotlari jumlasiga mochevinadan tashqari nuklein kislotalar parchalanishi natijasi-da hosil bo'ladigan urat kislota, shuningdek purin asoslarining oksidlani-shidan yuzaga keladigan ba'zi boshqa mahsulotlar, muskul oqsilining parchalanish mahsulotlari — kreatin va kreatinin va boshqalar ham kiradi.

 Azot balansi. Oqsil almashinuvining ahvolini o'rganish uchun azot balansini, ya'ni ovqat bilan birga organizmga kiradigan azot miqdori-ning organizmdan oqsillar parchalanishi oxirgi mahsulotlari ko'rinishi-da chiqarib tashlanadigan azot miqdoriga bo'lgan nisbatini aniqlash katta ahamiyatga ega. Azot balansining kattaligiga qarab oqsil kirishi va sarfi to'g'risida fikr yuritish mumkin, chunki azotning asosiy qismi oqsillarda bo'ladi, organizmdan ajratib chiqariladigan azot esa asosan tanada parchalanadigan oqsildan yuzaga keladi.

Organizmga tushgan azot miqdori undan chiqarib tashlangan azot miqdoriga barobar bo'lsa, u holda bunday holatni azot muvozanati deyiladi. Katta yoshli sog'lom odamning organizmi yetarli miqdorda oqsil olib tursa, u azot muvozanati holatida bo'ladi. Bordi-yu, orga­nizmga tushgan azot miqdori "undan chiqarib tashlanadigan azotdan ko'ra ko'proq bo'lsa, u holda bunday holat musbat azot balansi deb ataladi. O'sib borayotgan yosh organizm uchun, homiladorlikni boshdan kechirayotgan ayollar uchun musbat azot balansi xarakterlidir. Og'ir kasal bo'lib, ozib-to'zib ketgan odam tuzalib kelayotganida, shuningdek sportchilar zo'r berib mashq qilib, muskullarining massasi ortib borayotganda azot balansi musbat bo'lib qoladi. Ana shunday balans borligi u yoki bu organlar va to'qimalarda oqsil to'planib borayotganini ko'rsatadi. Organizmdan chiqarib tashlanadigan azot miqdori unga kirib turadigan miqdoridan ko'ra ko'proq bo'lsa, bunday holatni manfiy azot balansi deyiladi. Buning ma'nosi shuki, organizmda organ va to'qi-malarning oqsillari parchalanib, ovqat oqsillari bilan o'rni to'lmay qolayotgan bo'ladi. Ovqatda oqsillar miqdori yetishmagan (oqsilga yolchimaslik), masalan, organizmda zo'r berib oqsillar parchalanishi bilan o'tadigan kasalliklar vaqtida, umuman ovqat yetishmay qoladigan vaqtda azot balansi manfiy bo'lib qoladi.

Boshqa sharoitlar bir xil bo'lgani holda ovqatdagi oqsil miqdori ko'paytiriladigan bo'lsa ham katta yoshli sog'lom odamda azot muvozanati saqlanib qolaveradi. Ma'lum bo'lishicha, tashqariga chiqarib yuboriladigan azotga qaraganda organizmda azot vaqtincha birmuncha ko'proq ushlanib qolganidan keyin ham azot muvozanati yana qaror topadi, lekin endi boshqacha darajada qaror topadi. Kirib turadigan azot miqdori chiqarib yuboriladigan azot miqdoriga yana baravar bo'lib qoladi, lekin kirib turadigan azot miqdori ham, chiqarib yuboriladigan azot miqdori ham endi birmuncha katta raqamlar bilan ifodalanadi. Bu hodisa shunga bog'liqki, hayvon organizmida oqsillar zaxira bo'lib, to'planib turmaydi. Shunga ko'ra oqsillar parchalanib, yemirilayotganidan ko'ra ko'proq miqdorda kirib turadigan bo'lsa, u holda ortiqchasi energetik material tariqasida o'zlashtiriladi va parchalanishning azotli mahsulotlari ko'rinishida chiqarib yuboriladi. Qaror topgan muvozanat darajasi odamning individual xususiyatlariga, turmushi va ishining sharoitlariga, organizmning mazkur paytdagi holatiga hamda unga kirib turadigan uglevodlar bilan yogiarning miqdoriga bog'liq bo'ladi.

Odam 8—10 kun oqsilsiz ovqatlar bilan ovqatlanganidan keyin sutkasiga 1 kg massasiga o'rta hisobda 53 mg ga teng bo'lgan o'zgarmas miqdorda azot chiqara boshlashi aniqlangan. Massasi 70 kg bo'lgan odam uchun bu miqdor o'rtacha 3,71 g azotni yoki 23,3 g oqsilni tashkil etadi. Organizmda tinmay parchalanib boradigan ana shunday eng kam oqsil miqdorini Rubner eskirish koeffitsiyenti deb atalgan. Kirib turadigan oqsilning ana shundan kam bo'lishi azot balansining manfiy bo'lib qolishiga, to'qimalar, organlarning asta-sekin yemirilib borishi va o'limga olib keladi. Biroq, azot muvozanati uchun haqiqatda 23,3 g emas, balki kam deganda 30—45 g oqsil zarurligi ma'lum bo'lib qoldi, shunda ham energetik ehtiyojlarning hammasi boshqa oziq moddalar hisobiga qoplanishi shart. Ana shu miqdordagi oqsil odam uchun «fiziologik minimum* bo'lib hisoblanadi. Keyingi tekshirishlar va asosan odamlarning uzoq vaqt davomida ovqatlanishi to'g'risidagi statistika ma'lumotlari odamning kam deganda bir sutkada o'rtacha 80-100 g, jismoniy mehnat vaqtida esa 130—150 g gacha oqsil olib turishi kerakligini ko'rsatib berdi. Ana shu miqdorlar taxminiy fiziologik oqsil optimumini tashkil etadi, lekin bu optimum odamning individual xususiyatlari, yoshi, faoliyatining turli va har xil oqsillarning biologik qiymatiga qarab bundan boshqacha ham bo'ladi. Normal hayot faoliyati uchun oqsillarning muayyan sifat tarkibi, optimal aminokislotalar nisbati bo'lishi zarur.



 Oqsillarning biologik qimmati. Organizm ehtiyojlarini qondirish uchun odam organlari va to'qimalardagi oqsilli moddalar tarkibiga kiruvchi aminokislotalarning hammasi bo'lishi, bo'lganda ham o'zaro muayyan miqdoriy nisbatda bo'lishi zarur. Oqsillar tarkibiga 23 ta aminokislota kiradi. Ovqatda bo'ladigan turli oqsillar tarkibiga turli aminokislotalar va turlicha nisbatlarda kiradi.

Oqsillar tarkibiga kiruvchi aminokislotalar orasida ikki xil aminokis­lotalar bo'ladi, ularning ba'zilari hayvon organizmida yuzaga kela olmaydiyu, lekin hayot uchun zarur bo'ladi. Mana shunday aminokis­lotalar alishtirib bo'lmaydigan aminokislotalar deyiladi. Boshqa aminokislotalar ham zarur, lekin ular hayvon organizmida boshqa ba'zi aminokislotalardan yoki ketokislotalardan sintezlana oladi. Ovqatda qanday bo'lmasin biror aminokislota, hatto alishtirib bo'lmaydigan aminokislotadan bittasining boimay qolishi azot balansining manfiy bo'lib qolishiga olib keladi, o'sishni to'xtatib qo'yadi yoki tana massasi kamayib borib, nerv va boshqa sistemalar faoliyatining buzilishiga olib boradi. Odam uchun 8 ta aminokislota, valin, leysin, izoleysin, treonin, metionin, fenilalanin, triptofan, lizin, bolalarda esa yana ardinin va gistidin ham alishtirib bo'lmaydigan aminokislotalardan hisoblanadi. Organizmga ana shu aminokislotalarning hammasi ovqat bilan birga kirib turishi zarur. Alishtirsa bo'laveradigan aminokislotalarga glikokol, ala-nin, sistein, glutaminat va asparaginat kislota, tirozin, prolin, serin, glitsin, chamasi, arginin va gistidin kiradi.

Shunga ko'ra oqsillarning biologik qimmati degan tushuncha paydo bo'lgan. Odam uchun zarur, almashtirib bo'lmaydigan aminokislota­larning hammasini bir-biriga nisbatan optimal munosabatlarda o'ziga jo qilgan oqsillar biologik jihatdan to'la qimmatli bo'lib hisoblanadi. Alishtirib bo'lmaydigan aminokislotadan loaqal bittasi bo'lmagan yoki bu kislotalar kam miqdorlarda bo'ladigan oqsillar, aksincha, to'la qimmatlimas oqsillardir.

Odam uchun go'sht, tuxum, baliq, ikra, sut oqsillari hammadan toia qimmatli bo'lib hisoblanadi. Kartoshka va qo'ziqorin oqsillarini aytmaganda, o'simlik oqsillari to'la qimmatlimas oqsillardandir.

Ratsiondagi oziq moddalarning miqdori va tur xili odatdagicha yetarli bo'lganida odam alishtirib bo'lmaydigan hamma aminokislotalarni, shuningdek u yoki bu assortimentdagi alishtirsa bo'ladigan aminokislotalarni olib turadi. Biroq, aminokislotalarning odam uchun optimal deb hisoblanadigan xili va miqdori har qanday sharoitlarda ham o'zgarmay qolaveradigan bir narsa emasligini aytib o'tish kerak. Aminokislotalarga bo'lgan ehtiyoj ko'payishi yoki kamayib qolishi, shunda ham fiziologik holatlar xarakteri (homiladorlik, odamning ishi, yoshi, individual xususiyatlari) va boshqalaiga qarab turli aminokislotalar uchun har xil darajada ko'payishi yoki kamayib qolishi mumkin. Hayvonlardan olingan oqsillari ko'proq bo'ladigan xilma-xil ovqat aminokislotalarga bo'lgan ehtiyojni qondirish uchun odamga hammadan ko'ra ko'proq ma'qul keladi.

Turli hayvonlarning oqsillari har xil tuzilganligi uchun tur va individga xos, spetsifik bo'ladi. Shunga ko'ra mazkur hayvon uchun yot bo'lgan oqsillar hazm yo'lida aminokislotalargacha parchalanib, so'ng to'qimalarida hayvonning o'z oqsillariga aylantirilgandan keyingina o'zlashtirilishi mumkin.



 Hazm yo'lini chetlab turib oqsil yuborish (parenteral yoi bilan yuborish) organizmning yog' oqsilni zararsizlantirishga qaratilgan bir qancha immunobio--logik reaksiyalariga sabab bo'ladi. Ana shunday reaksiyalaming bin, jumladan kasallik tug'diruvchi mikroblarga, ularning oqsilli toksinlariga hamda oqsil metabolizmining boshqa mahsulotlariga' qarshi himoya rolini o'ynovchi spetsifik antitanalar hosil qilishdir. Maxsus metodlar bilan ajratib olinadigan ana shunday antitanalardan infeksion kasalliklarga davo qilish va ularning oldini olishda foydalaniladi. Biroq, ma'lum sharoitlarda, masalan, yot oqsillar takror yuborilganida organizm hayot faoliyati buzilishi mumkin, bu har xil formalardagi allergiya bilan namoyon bo'ladi. Antitanalar (immun limfotsitlar) hosil bo'lishi bir odamdan ikkinchi odamga to'qimalar va organlarni ko'chirib olib o'tkazish uchun g'ov boiib turgan to'sqinliklarning biridir.

 

 Uglevodlar almashinuvi. Uglevodlar organizmda asosan energetik ahamiyatga ega, lekin bu birikmalar plastik rolni ham o'ynaydi, chunki hujayralar pardalarining tuzilishida ishtirok etadi.

Energetik jarayonlarda uglevodlarning muhim rol o'ynashi shunga bog'liqki, ular tez parchalanib va oksidlanib energiya ajratishga, depoda to'planib borish va undan osongina ch.iqishga qodir bo'ladi va monosaxaridlar ko'rinishida to'qima suyuqligi hamda hujayralarga o'tadi. To'satdan energiyaga ehtiyoj paydo bo'lib qolganda, masalan, his-hayajonlar paytida, zo'r muskul ishi vaqtida va boshqa holatlarda orga­nizmning uglevodlardan energetik material tariqasida foydalanishi ay-niqsa qulay bo'ladi.

Asosiy uglevodlar manbayi o'simlik moddalaridir. Uglevodlar hazm yo'liga poli-, di- va monosaxaridlar ko'rinishida tushadi. Ular monosa-xaridlar ko'rinishida qonga so'riladi.

Sog'lom odamda qondagi qand konsentratsiyasi hamisha bir daraja-da turadi (80—120 mg% bo'ladi). Hazm yo'lidan glukoza qon bilan jigarga tashib keltiriladi, jigarda undan glikogen degan polisaxarid sintezlanadi, bu polisaxarid jigar hujayralarida zaxira boiib to'planib turadi. Jigarning mana shu funksiyasi glikogen hosil qilish funksiyasi deyiladi. Jigarda anchagina miqdorda — 150—200 g gacha glikogen to'planadi. Qonga uglevodlar nisbatan kamroq miqdorda tushayotgan bo'lsa, ular jigarda darrov glikogenga aylanadi. Bu holda qondagi glukoza miqdori ko'paymaydi. Bordi-yu, hazm yo'lidan qonga o'tayotgan glukoza ko'p miqdorda bo'lsa (masalan, mo'l-koi qand yeyilganda), u holda glukoza glikogenga aylanishga ulgura olmay qoladi va qondagi konsentratsiyasi ortib ketadi. Bunday hodisa alimentar (ovqatga aloqador) giperglikemiya deyiladi. Qondagi glukoza miqdori 150—180 mg dan ortib ketganda u buyraklar orqali tashqariga chiqa boshlaydi. Mana shunday paytda siydikda glukoza paydo bo'lishi glukozuriya deb ataladi. Ovqatga aloqador giperglikemiya va glukozuriya uzoq davom etmaydi, chunki fiziologik hodisalardir.

Agar biror sababga ko'ra qondagi glukoza miqdori kamayib qolsa, u paytda nerv va gumoral ta'sirlar ostida jigarda glikogen zo'r berib parchalanadi va qonga glukoza o'tib turadi. Uning qondagi miqdori me'yorgacha tiklanadi.

Qondagi glukoza miqdorining haddan tashqari kamayib ketishi gipoglikemiya — patologik hodisalarga: muskullar zaifligi va hadeganda charchab qolaverishga olib kelishi mumkin, qondagi glukoza miqdori­ning yanada keskin kamayib ketishi (50—40 mg% gacha) markaziy nerv sistemasi faoliyatining buzilishiga sabab bo'ladi, odam o'zidan ketib, talvasaga tushadi va o'limga olib kelishi mumkin boigan boshqa hodisalarga uchraydi (gipoglikemik koma). Bunday hollarda vaqtida qonga glukoza yuborish yoki odamga qand yedirish o'tkir gipoglikemiyaning noxush hodisalarini bartaraf etadi. Shunday qilib, qondagi qand miq­dorining doim o'zgarmay turishi organizmning me'yoriy hayot faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega.

Jigardan tashqari ko'ndalang-targ'il muskullarda ham glikogen to'planadi. Muskullardagi glikogen miqdori 1—2% ni tashkil etadi. Muskullarda glikogen energetik rolni bajaradi va qisqarish faoliyatini ta'minlab beradi. Muskullar ishlab turganda glikogenning ketma-ket keladigan bir qancha parchalanish jarayonlari, glukozaning anaerob va aerob yo'l bilan parchalanish jarayonlari bo'lib o'tadi. Ayni vaqtda ATF parchalanganida ajralib chiqadigan kimyoviy energiya muskullar qisqarishiga sarflanadi. Bu jarayonlar biokimyo kursida batafsil ko'zdan kechirib chiqiladi.

Uglevodlarning parchalanishi va oksidlanishi, shuningdek sintezla-nishi yoki boshqa organik moddalar bilan birikishi boshqa to'qima va organlarda ham ro'y berib turadi. Uglevodlar yetishmay qolganda yog'lar va oqsillarning parchalanish mahsulotlaridan hosil bo'lishi mumkin. Uglevodlarning oksidlanishidan hosil bo'ladigan oxirgi mahsulotlar suv va karbonat angidrid gazidir.

 Lipidlar almashinuvi. Lipidlar (yogiar va yog'simon moddalar) orga-nizmda plastik va energetik rolni ado etib boradi. Lipidlar sitoplazma, yadrolar, barcha biologik membranalar tarkibiga kiradi va hujayralar bilan to'qimalarning tuzilishlari tuzilishida hamda tiklanishida ishtirok etadi.

Yog'lar eng boy energiya manbalaridir. 1 g yog' oksidlanganida 9,3 kkal issiqlik ajralib chiqadi. Yog'lar yog' to'qimasida (charvi, ichak-glyukozatutqich, teri osti kletchatkasida) zaxira boiib to'planjb turadi. Jigar va muskullarda kamroq miqdorda depolangan yog'lar bo'ladi.

Odam tanasidagi yogiarning asosiy qismi zaxira yog'ga to'g'ri keladi. Zaxira yog' miqdori odam yeydigan ovqatining tarkibi va miqdoriga, uning jinsi, yoshiga, individual xususiyatlari hamda faoliyatining tabiatiga bog'liqdir. Odam organizmidagi umumiy yog'lar miqdori keng doirada o'zgarib turadi. Yog'lar o'rta hisobda 10—20% rriassani tashkil etadi.

Odam ovqat bilan birga iste'mol qiladigan yog'lar kimyoviy tarkibi va fizik xususiyatlari (suyuqlanish temperaturasi va boshqalari) jihatidan odam organizmi to'qimalarining yog'laridan farq qiladi. Odam organizmi tashqaridan yog' olar ekan, uni o'z tuzilishiga mos keladigan yog'ga aylantiradi. Me'da-ichak yo'liga tushgan yog'lar lipazalarning ta'siri ostida glitserin va yog' kislotalariga parchalanadi. Yog'Jarning parchalanish mahsulotlari ichak epiteliysi orqali o'tayotganda endi odamning o'ziga xos bo'lgan yog'lar sintezlanadi. Yog'larning bir qismi parchalanmagan holda so'rilishi mumkin deb taxmin qilinadi. Epitelial hujayralardan yog'lar limfa tomirlariga o'tadi va keyin limfa tarkibida qonga tushadi.

Yog'lar oksidlanishida hosil bo'ladigan oxirgi mahsulotlar karbonat kislota va suvdir. (i-oksidlanish deb ataladigan jarayonda yog' kislotalari atsetil-KoA ga aylanadi. Bu birikma keyin karbonat angidrid gazi va suvgacha parchalanadi. Asetil-KoA hosil bo'lishi shu sababdan muhimki, uglevodlar bilan yog'lar almashinuvi mana shu birikma yordamida bir-biriga bog'lanadi, chunki uglevodlarning parchalanish jarayonida ham asetil-KoA hosil bo'ladi.

Odam uglevodlarni mo'1-ko'l iste'mol qilib yuradigan va ovqatida yog'lar bo'lmaydigan paytlarda uglevodlar va oqsillarning parchala­nish mahsulotlaridan yog'lar hosil bo'lishi mumkin. Biroq, yog'larni uzoq vaqt ratsiondan istisno qilib qo'yish patologik o'zgarishlarga olib kelishi mumkin. Bu shunga bog'liqki, organizm sog'lom hayot-faoliyati uchun unda boshqa mahsulotlardan sintezlana olmaydigan ba'zi yog' kislotalariga muhtoj bo'ladi. Bu kislotalar jumlasiga oliyenat kislotadan tashqari to'yinmagan yog' kislotalari linolat, linolinolat, araxidonat kislotalari kiradi. Linolat va linolinolat kislota, arzimas miqdorda esa araxidonat kislota o'simlik moylarida, ayniqsa zaytun, kungaboqar va zig'ir moylarida bo'ladi. Araxidonat kislota tovuq, g'oz va cho'chqa yog'ida bor. Ovqatda to'yinmagan yog' kislotalari bo'lishi zarur. Bular yetishmay qolganida tomirlar devorida patologik o'zgarishlar paydo bo'lib, ateroskleroz degan og'ir kasallikka olib keladi. Jinsiy funksiya ham buzilishi mumkin. Ayniqsa yoshi qaytib qolgan odam ratsionida o'simlik moylari albatta bo'lishi kerak.

Normal hayot faoliyati uchun murakkab yog'lar ham muhim ahamiyatga ega. Chunonchi, fosfatidlar nerv hujayralarining sitoplazmasi tarkibiga kiradi, sterinlar jinsiy gormonlar hamda buyrak usti bezlari po'stlog'ining gormonlari, vitamin D sintezi uchun manba bo'lib hisoblanadi. Shunga ko'ra barcha yoshlardagi odam ratsionida albatta ma'lum miqdorda yog'lar bo'lishi zarur.

 Suv va mineral tuzlar almashinuvi. Suv va mineral tuzlar energiya manbalari bo'lib hisoblanmaydi-yu, lekin organizmda juda muhim funksiyalarni bajaradi. Suvda erigan mineral tuzlar qon va to'qima suyuqligidagi osmotik bosimning doim bir darajada saqlanib turishini ta'minlab beradi, qon va to'qimalarning kislota-ishqorlar holatini saqlab borishda ishtirok etadi. Mineral tuzlar va suv moddalar diffuziyasida qatnashib, so'rilish va ajratish jarayonlarini ta'minlab beradi, tirik sitoplazmaning kolloid holati saqlanib turishiga sharoit tug'diradi. Moddalar metabolizmining barcha jarayonlari erituvchi va bir qancha biologik jarayonlarning (gidroliz, oksidlanish-qaytarilish reaksiyalari va boshqalaming) eng muhim komponenti bo'lmish suv ishtirokida yuzaga chiqadi. Suv va mineral tuzlar qon, limfa va to'qima suyuqligining tarkibiy qismi bo'lib, organizmning ichki muhitini yuzaga keltirishda qatnashadi. Ko'pgina mineral elementlar gormonlar, fermentlar va fiziologik jihatdan faol bo'ladigan boshqa moddalarning tarkibiga kiradi.

Organizmni suvdan mahrum qilib qo'yish oziq mahsulotlaridan mahrum qilishdagidan ko'ra ancha tez o'limga olib keladi. Mineral tuzlardan mahrum bo'lish og'ir o'zgarishlarga sabab bo'ladi va pirovard natijada o'limga olib boradi. Suv va mineral tuzlar organizmga tinmay kirib turishi kerak, chunki ular siydik, ter va axlat bilan doimo chiqarib turiladi.



Suv almashinuvi. Katta yoshli odam tanasidagi suv miqdori umu-miy massasining taxminan 65% ni tashkil etsa, chaqaloqlarda tana massasining 80% ni tashkil etadi. Organizm o'sib borgan sari suv miqdori kamayadi. Qonda (92%), muskullarda (70%), ichki organlarda (76— 86%) suv hammadan ko'p bo'ladi. Suyaklarda (22%) va yog' to'qima-sida (30%) suv hammadan kam.

Atrofdagi havo temperaturasi bilan namligi odatdagicha bo'lib turganda odamning bir kecha-kunduzda suvga bo'lgan ehtiyoji 2000— 2500 ml ni tashkil etadi. Shuncha miqdordagi suv, odatda, quyidagi manbalardan organizmga tushadi: ichimlik ko'rinishida iste'mol qili-nadigan suv — 1000—1500 ml; oziq-ovqat mahsulotlarida bo'ladigan suv — 300—1000 ml; kimyoviy jarayonlar natijasida hosil bo'ladigan suv — 300—350 ml. Iste'mol qilinadigan suv miqdorining organizm tomonidan chiqarib yuboriladigan suv miqdoriga nisbati suv balansi deb ataladi.

Normal hayot faoliyati uchun organizmga kirib turadigan suv undan chiqarib tashlanadigan suv o'rnini batamom qoplay oladigan bo'lishi zarur. Mana shu muvozanatning buzilishi organizm hayot-faoliyati-ning izdan chiqishiga olib boradi. Suvni organizmdan chiqarib turadi­gan asosiy organlar buyraklar, ter bezlari, o'pka va ichakdir. Odam sutkasiga o'rta hisobda siydik bilan 1000—1500 ml, ter bilan 500—1000 ml, nafasdan chiqariladigan havo bug'lari bilan 300 ml va axlat bilan 100—150 ml suv yo'qotib turadi.

Sutkalik suv balansi atrofdagi muhit ta'sirlariga, yeb-ichish rejimi, fiziologik holatga qarab o'zgarib turadi. Havo temperaturasi yuqori bo'lganida (janubiy kengliklarda, qaynoq sexlarda) ter bezlari orqali suv chiqarib turish keskin ko'payadi. Shu yo'l bilan chiqadigan suv ko'payib, kuniga 500—800 ml gacha borishi mumkin. Shuning uchun organizmdagi suv o'rnini to'ldirib turish zaruriyati tug'iladiki, ko'p suv ichish yo'li bilan bunga erishiladi. Biroq, suvning shu tariqa ko'p ichilishi va chiqarib turilishi organizmda tuzlarning kamayib ketishiga olib kelishini, chuhki tuzlar ter bilan birga chiqib ketishini nazarda tutish kerak. Shuning natijasida qonning kolloid moddalari suvni biriktirib olish xususiyatini yo'qotib qo'yadi va zo'r berib suv ichilib turilishiga qaramay, suv organizmda saqlanib qolavermaydi. Ana shunday hollarda chuchuk suv, limonad, kvas ichmasdan, balki toza suvga osh tuzi qo'shib ichish kerak bo'ladi, ishlab chiqarishning qaynoq sexlarida va suv balansi buziladigan boshqa sharoitlarda ham, odatda, xuddi shunday qilinadi.

Muskullarga zo'r keladigan mehnat vaqtida, sport mashqlari, po-xodlar vaqtida odamlarda ter bezlari va o'pka orqali ortiqcha miqdor-da suv chiqib ketadi. Ana shunday hollarda ham organizmda tuzlar kamayib qolishiga yo'l qo'ymaydigan choralarni ko'rish kerak. Juda sho'r ovqat yeyilganidan keyin ko'p suvga ehtiyoj paydo bo'ladi, chunki bunday holda to'qimalarda ko'tarilib ketgan osmotik bosimni asliga keltirish zaruriyati tug'iladi. Ba'zi endokrin kasalliklar, isitma vaqtida, buyrak funksiyalari buzilganda suv balansi o'zgarib qoladi.

Bir talay suv yo'qotilgan hollarda, organizmga yetarlicha suv ki-rib turmaydigan yoki mineral tuzlar ortiqcha chiqarib yuboriladigan hollarda chanqash hissi paydo boiadi. Ushbu motivizatsiyaning bio-logik ma'nosi suvga ehtiyoj kuchayishidan iborat. Chanqash hissiga javoban yuzaga keladigan fiziologik reaksiya suv ichishdir. Shu yoi bilan chanqoqlik suv balansini va organizm ichki muhitidagi osmotik bosimni bir xil darajada saqlab turishga yordam beradi. Og'iz bo'shlig'i va halqumning qurib turishi organizmda suv yetishmay qolgan mahalda paydo bo'ladigan chanqoqlik hissining shakllanishida ahamiyatga ega bo'lishi mumkin, og'iz bo'shlig'i va halqumning qurib turishi o'sha yerdagi retseptorlarni ta'sirlantiradi. Osmoretseptor neyronlar va gipotalamusning suv miqdori kamayib qolganligi tufayli osmotik bosimi ko'tarilib ketgan qon ta'siridan qo'zg'alishi katta ahamiyatga ega. Retseptorlarning unisidan ham, bunisidan ham keladigan signallar gipotalamusda joylashgan, funksional jihatdan bosh miya po'stlog'i neyronlari bilan mahkam bog'langan suv almashinuvi markaziga boradi. Ana shu markazning qo'zg'alishi suv qidirib topish va ichishdan iborat xulq-atvor reaksiyalari shakllanishiga olib keladi.



 Mineral tuzlar almashinuvi. Mineral tuzlar odam to'qimalarida har xil miqdorlarda bo'ladi (5-jadval), organizmning ularga bo'lgan ehtiyoji ham shunga bog'liq.

5-jadvaldan ko'rinib turganidek, odam organizmida kalsiy, fosfor, kaliy, natriy, oltingugurt, xlor birmuncha ko'proq miqdorlarda bo'ladi; magniy, temir, yod ancha kamdir. Qolgan elementlar juda oz miqdorlarda bo'ladi va shu sababdan mikroelementlar deb ataladi. Shu bilan birga o'sha elementlarning har biri organizmda ma'lum bir rolni bajaradi.

 

Jadval


Download 60.93 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling