Mundarija kirish. Maqol, matal, hikmatli so’zlar – o’zbek xalqining milliy boyligi. Asosiy qism


Download 40.92 Kb.
Sana28.09.2020
Hajmi40.92 Kb.
#131692
Bog'liq
MUNDARIJA

MUNDARIJA



KIRISH. Maqol, matal, hikmatli so’zlar – o’zbek xalqining milliy boyligi.

ASOSIY QISM:

  1. Bolalarning maqollar bilan so’z qo’llash mahoratini shakllantirishda o’yin texnalogiyalardan foydalanish.



  2. F

XULOSA.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI

KIRISH

MAQOL, MATAL, HIKMATLI SO’ZLAR – O’ZBEK XALQINING MILLIY BOYLIGI.

Yosh avlod tarbiyasining muhim jihatlaridan biri, Prezidentimiz Islom Karimov Ikkinchi chaqiriq O’zbekiston Respublikasining Oliy Majlis XIV sessiyasida so’zlagan nutqida qayd etganidek, ularning qalbi va ongiga, kundalik turmush tarziga “Ota – bobolarimizdan qolgan bebaho me’ros, milliy urf – odat va an’analar”ning mazmun – mohiyatini tushuntirish va singdira borishdan iboratdir. Tabiiyki, bu jarayonda xalqimizning ma’naviy an’analariga, hikmatli so’z, matal va maqollarning insonparvarlik mohiyatiga e’tibor qaratish alohida ahamiyat kasb etadi. Jamiyatning barcha qatlamlarini, ayniqsa, yoshlar va ularning eng ilg’or qatlami bo’lgan talaba yoshlarni yuksak ma’naviyat va ma’rifat sohibi qilib tarbiyalashda ming yillar davomida saqlanib kelinayotgan xalq maqollari, matallar va hikmatli so’zlarning o’rni kattadir.

Xalq asrlar mobaynida to’plagan hayotiy tajribasini turli vositalar yordamida kelajak avlodlarga me’ros qilib qoldiradi. Maqollar, hikmatli so’z va matallar ana shunday bebaho meros namunasi hisoblanadi. Ular zamonlar osha, xalq donishmandligini muhim manbasi sifatida og’izdan – og’izga o’tib, sayqallanib kelgan. Maqollar xalq og’zaki ijodining boshqa janrlari singari, har bir xalqning milliy adabiy va madaniy boyligi hisoblanadi. Ular xalqning milliy madaniy xususiyatlari va uning qirralarini dunyoqarashi, axloqiy me’yor va prinsiplarini, an’ana va qadriyatlarini, millatning ruhiy holatini to’liq ifodalaydi, hamda jamiyatning, ayniqsa, ertangi kun egasi bo’lgan yoshlar ongini o’stirishda muhim rol o’ynaydi. Shuningdek, buyuk allomalarimiz tomonidan yaratilgan hikmatli so’zlar ham yosh avlodning ma’naviy dunyoqarashini, tafakkurini boyitishda muhim vositalardan biri hisoblamadi. Ana shunday – boy ma’naviy, madaniy intelektual mulklarga matallar hikmatli so’z va maqollar kiradi. Maqollar xalqning hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan teran fikrlarning aniq va ixcham ifodasi sifatida chuqur mazmunga ega bo’lgan alohida janr hisoblanadi. Hikmatli so’z esa buyuk shaxslar tomonidan xalqning turmushi, hayotiy tajribalarga asoslanib yaratilgan, aksariyati odob –axloq masalasiga qaratilgan jumlalardir.

Dunyoda tarkibida maqollar bo’lmagan birorta ham til yo’q. Maqollar haqida berilgan ta’rifda ham shu xususiyatni ko’rish mumkin. “Maqollar - deyiladi “O’zbek tilining izohli lug’atida”, - hayotiy tajriba asosida xalq tomonidan yaratilgan, odatda pand- nasihat mazmuniga ega bo’lgan ixcham obrazli va hikmatli ibora, gap” hisoblanadi. Yurtboshimiz shunday deya ta’kidlagan edilar: “Odamzot bor ekan, millat bor ekan, shu millatni ifoda qiladigan , asrlar mobaynida qandaydir muqaddas darajaga ko’tarilib qolgan alomat xususiyatlar ham u bilan birga yashaydi”.

Darhaqiqat, o’zbek xalqining qon – qoniga singib ketgan hikmatlar, maqollar va matallar ham asrlar mobaynida xalq bilan birga yashaydi. Ayniqsa, o’zbek xalq maqollarida uchraydigan insoniylik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik va ishyoqmaslik, halollik va tekinxo’rlik, to’g’ri va egrilik, yaxshilik va yomonlik, adolat, insof va insofsizlik, do’stlik va dushmanlik, botirlik va qo’rqoqlik, ilmlilik va ilmsizlik, xushyorlik va ehtiyotsizlik kabi g’oyalar nafaqat o’tmish avlodlarimizni, balki kelajak avlod yoshlarimizni tarbiyasida muhim rol o’ynaydi. O’zbek xalq maqollarida g’oyalar o’ziga xos tarzda o’z aksini topgan bo’lib, ular o’rtasidagi dialektik munosabatdan kelib chiqib yosh avlodni ma’naviy barkamol qilib tarbiyalashga doimiy e’tibor qaratilgan. Shuningdek, matallar va hikmatli so’zlarda ham kelajak avlodni ilmlilik va birlikka, odob va axloqqa, ta’lim va tarbiyaga, xayrli ishlar qilishga undovchi da’vatlar o’z aksini topgan.

Maqol, matal, hikmatli so’z kabi noyob ma’naviy, madaniy merosdan yosh avlodni tarbiya qilish targ’ibotida unumli va ta’sirli foydalanish bugungi kunning eng muhim talablaridan biridir.

“Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo,

Illat izlaganga illatdur dunyo.”

Hikmatli so’z, maqol, matallarning o’zi nima? Ular qanday lug’aviy ma’nolarni anglatadi degan savol tug’iladi? Hikmatli so’zning lug’aviy ma’nosi – chuqur ma’noga ega bo’lgan oqilona aytilgan gap demakdir. Xalq hikmatlari –“Turmush onasining dard chekib tuqqan to’ng’ich o’g’li” degan edi Abdulla Qodiriy. Xalq ijodiyotining o’ziga xos bu janri turli xil nomlanadi. Jumladan, hikmatli so’z, maqol, metal+, naql, donishmandlar so’zi kabi atamalardan iborat. Hikmatli so’z-bu Qur’oni karim oyatlarida payg’ambarimizning haq yo’lini ko’rsatuvchi va’zlari ma’nosida qo’llanilgan. Lug’atlarda esa uning ilm va adolat birligini o’zida tutuvchi – haqiqatlarning ma’rifati; odat va axloqqa oid maxsus so’z; insonning haqiqatni bilib xayrli ishlar qilmog’i, sirli va yashirin sabab narsaning ich va tashqi holidan bahs etuvchi ilm, aql va harakatdagi uyg’unlik , Tangri haqiqatini ifoda etgan diniy- tasavvufiy xos so’z tarzida ta’riflar berishgan. Qisqacha qilib aytganda, hikmat “diniy - tasavvufiy yo’nalishga ega ma’nodor so’z” dir. Hikmatlar X asrdan buyon tasavvufga doir kitoblarda ishlatilib kelingan .

Shuningdek, hikmatli so’z ya’ni aforizmlar grammatik jihatdan gap holida shakllangan, xalqning turmush tajribasiga tayanib ma’lum bir shaxs tomonidan yaratilgan qisqa, obrazli barqaror birikmalarga hikmatli so’zlar deyiladi. Turkiy til dahosi bo’lmish Alisher Navoiyning quyidagi misrasini hikmatli so’zga misol qilishimiz mumkin .

Odami ersang demagil odami,

Onikim yo’q xalq g’amidin g’ami.

Hikmatli so’zlar barqarorlik, mazmuniylik yaxlitlik, takroriylik ya’ni nutqda doim bir xil tuzilishda quyma holda takrorlanish belgilariga ko’ra boshqa barqaror birliklar bilan umumiylik kasb etsa ham, aniq muallifning borligi bilan ulardan farq qiladi. Hikmatli so’zlarni o’rganib, xotirada saqlab, nutqda o’rinli qo’llay bilish kishining so’z san’atkori, donishmand bo’lishini taminlaydi.

Ajdodlarimizdan bizga me’ros qilib qoldirilgan hikmatli satrlar sarchashmasi yoshlarning ma’naviy tafakkuri, dunyoqarashini boyitishda beqiyos o’rin tutadi. Har bir xalq asrlar davomida juda katta hayotiy tajriba to’playdi va turli vositalar yordamida shu tajribani kelajak avlodga meros qilib qoldiradi. Maqollar va hikmatlar ana shunday ma’naviy me’ros hisoblanadi. Dunyoda hikmat durdonalarini yaratmagan, ularni ko’z qorachig’iday asrab avaylab, tilida, dilida saqlab kelmayotgan birorta ham xalq yo’q. Xalqimizda ham bunday durdonalar ko’plab uchraydi. Jahon madaniyati ravnaqiga beqiyos hissa qo’shgan Xorazmiy, Abu Ali Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy , Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari ko’plab olim va mutafakkirlarni yetishtirib bergan xalqimiz madaniyati donishmandligi dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etib kelinadi. Qolaversa, Prezidentimizning ham vatan, xalq osoyishtaligiga bag’ishlangan quyidagi hikmatlarini bebaho durdonalar safiga kiritishimiz mumkin.

Dehqoni bor yurt qudratli bo’lur ,

Qudratli yurtning dehqoni boy bo’lur.

Bunday hikmatlarning har birining zamirida juda katta ma’no yotadi.

Shuningdek, xalqimizning donoligi , donishmandligi maqollarda ham o’z aksini topadi. Dono fikrni, teran mazmunni, o’tkir haqiqatni o’zida mujassam etgan maqollar his–hayajon bilan aytilib kishini beixtiyor fikrlashga mulohaza yuritishga da’vat etadi. Ular har bir inson hayotida bebaho ahamiyatga ega. Shu o’rinda buyuk tarixchi Geradotning quyidagi so’zlarini esga olmoq lozim: “Qadimdan odamlarning dono va bag’oyat go’zal hikmatli so’zlari mavjud. Shunday ekan, biz ularni o’rganmog’imiz darkor”

Kaykovusning “Agar aqilli bo’lishni istasang hikmat o’rgan , aql hikmat bilan kamol topadi” degan fikrlari yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi. Shuning uchun ham maqollarni “Hayot qomusi” desak bo’ladi. Ularda xalqning dono, purhikmat ifodalari, yirik madaniyat arboblari, olimlar, davlat arboblarining ibratomuz gaplari, xalqning hayotiy tajribalari asosida yuzaga kelgan dono fikrlarini ixcham shaklda ifodalanadi. “Maqol” so’zi arabcha bo’lib “so’z“ demakdir. Maqollarda fikr aniq, xulosa tugal, ifoda lo’nda va albatta, hukm tarzidagi ibratli fikr bo’ladi”.

Maqollar she’riy va nasriy tuzilishga ega. Ularda mehnatsevarlik, vatanparvarlik, mardlik, saxiylik, adolat, insof, do’stlik, oliyjanoblik, chin insoniy g’oyalar, sof muhabbat, ilm olishga da’vat va shu kabilar o’z aksini topgan. Haqiqatdan ham maqollar xalqning donoligidir. Unda kishilar hayotni obdon kuzatib tajriba to’plab aytgan hikmatli so’zlari o’z ifodasini topadi. Ko’pincha she’riy shaklda izhor etilgan maqollarning mavzusi rang –barangdir. U rad qilinmas darajadagi pishiq nasihatdan iborat bo’ladi. Maqollar grammatik jihatdan gap holida shakllangan, xalq donishmandligi natijasida vujudga kelgan barqaror birikmalar maqollar sanaladi.

Maqollar asosan xalqning hayotiy tajribasi, donishmandligi natijasida maydonga keladi. Ular nutq jarayoniga qadar tilda tayyor birikma holida mavjud bo’ladi. So’zlovchi bunday birikmalarni yaxlit holda nutqiga olib kiradi. Maqollar fikrni ta’sirchan, bo’yoqdor qilib ifodalovchi qudratli vositadir. Nutqda maqollardan foydalanish so’zlovchining mahorati sanaladi. Shuning uchun ham xalq og’zaki ijodida maqollarning o’ziga xos o’rni bor. U xalqning bir necha avlodlarning aql-u farosati hamda turmush tajribasining yakuni, ular donishmandligining mahsulidir. Yosh avlod tarbiyasida maqollarning o’rni katta. Maqollar ona vatanni sevishga, uning har bir qarich yeri uchun kurashga, turli kasb–hunar egasi bo’lishga, ahil bo’lib mehnat qilishga, to’g’ri so’z va halol kishi bo’lib kamol topishga, yaxshi odob va olijanob xulqli bo’lishga chaqiradi.

Shuningdek, maqol so’zining lug’aviy ma’nosi -“xalq og’zaki ijodi janri, qisqa va lo’nda obrazli, grammatik va mantiqiy tugal ma’noli himatli ibora, chuqur mazmunli gap . Muayyan, ritmik shaklga ega bo’lgan qolip hisoblanadi“

Maqollarda avlod-ajdodlarning hayotiy tajribalari, jamiyatga munosabati, tarixi, ruhiy holati, etik va estetik tuyg’ulari, ijobiy fazilatlari mujassamlashgan. Asrlar mobaynida xalq orasida sayqallanib ixcham va sodda poetik shaklga kelgan. Maqollar, asosan, mavzu jihatidan nihoyatda boy va xilma – xil bo’lib, ularda vatan, mehnat, ilm - hunar, do’stlik, ahillik, donolik, xushyorlik, til va nutq madaniyati, sevgi va muhabbat kabi mavzularda, shuningdek, salbiy xislatlar xususida ham fikr boradi. Maqol uchun mazmun va shaklning dialetik birligi, ko’p hollarda qofiyadoshlik , ba’zan ko’p ma’nolik , majoziy ma’nolarga boylik kabi xususiyatlar xarakterli bo’lib, ayniqsa, antiteza hodisasi ko’p uchraydi. Buni quyidagi maqolda ko’rishimiz mumkin .

Kattaga hurmatda bo’l , kichikka izzatda bo’l.

Turkiy xalqlarning maqollaridan na’munalar dastlab Mahmud Qoshg’ariyning “Devoni lug’otit turk” asarida kiritilgan . Bu maqollarning bir qanchasi hozir ham o’zbek xalqi orasida turli variantlarda ishlatilib kelinmoqda. Masalan “Kishi olasi ichdin , yilqi orasi tashdin”. Maqollar ba’zan masal, zarbulmasal, naql, hikmat, hikmatli so’z, tanbeh, mashoyixlar so’zi, hikmatli maqollar, donishmandlar so’zi, otalar so’zi kabi nomlar bilan ham yuritiladi.

Xalq ijodiyotining yaratilishi va yashash tarzi og'zaki usulda amalga oshadi. Xalq yaratgan asarlar o’zining g’oyaviyligi, chuqur xalqchilligi, til boyligi va badiiyligi bilan ajralib turadi. U xalqning yengilmas irodasini, kelajakka bo’lgan ishonchini, tasavvurlarini yaqqol aks ettiradi. Ana shunday xalq ijodiyotining namunalariga matallarni kiritish mumkin. Xalq ijodiyotining bu janri ko’chma ma’noda ishlatiluvchi xalq majoziy iboralarining bir turi bo’lib, matal o’z ma’nosidan boshqa ma’noga ko’chirilgan so’z birikmalaridan iborat bo’ladi, unda o’xshatish, kinoya, qochirma so’z va boshqa til vositalari qo’llaniladi. Bunda majoziy iboraning o’z asl ma’nosi bilan ko’chirilgan ma’nosi o’rtasida mantiqiy bog’lanish bo’ladi. Maqollar tugal fikr ifoda etadi, matallarda esa bunday xususiyat bo’lmaydi. Shuning uchun ular, odatda, alohida qo’llanilmaydi.

“Matallar - muayyan hayotiy hodisani aniq va to’g’ri belgilab beradigan obrazli ifoda, iboradir. Matallarda o’xshatish, taqqoslash, kinoya, qochiriq so’z kabi badiiy vositalardan foydalaniladi. Majoziy iboraning o’z asl ma’nosi bilan ko’chma ma’nosi o’rtasida aniqlik, mantiqiy bog’lanish bo’lishi lozim. Matallar bir yoki bir necha jumladan tuziladi, ular orasida qofiyalanish hamisha ham saqlanmaydi. Masalan, “Shamol bo’lmasa, daraxtning shoxi qimirlamas”, “Qizim senga aytaman, kelinim sen eshit”.

Shuningdek, grammatik jihatdan gap holida shakllangan, to’g’ri ma’noda qo’llaniladigan, xalq donishmandligi natijasida vujudga kelgan barqaror birikmalar matallar hisoblanadi.

Yaxshidan bog’ qoladi , yomondan dog’.

Matallar ham xuddi maqollar singari xalqning hayotini uzoq davrlar mobaynida kuzatish orqali hosil qilgan hayotiy tajribasining ixcham shaklda ifoda topishidir.




  1. BOLALARNING MAQOLLAR BILAN SO’Z QO’LLASH MAHORATINI SHAKLLANTIRISHDA O’YIN TEXNALOGIYALARDAN FOYDALANISH.

Maqollar eskirmaydi. Ular o’tmishnigina eslatish bilan kifoyalanmaydi. Ularda xalq kuchi, qudrati mujassamlashgan bo’lib, xalqning o’z tajribalari tufayli yaxlitlashgan aql-idroki, bevosita tajribalarda to’plangan tafakkur qaymoqlaridir. Albatta, maqol xalq tafakkurining xotirasi ham hisoblanadi. Ammo, xotirada keraksiz narsalar saqlanmaydi, balki bugunga, ertangi kunga xizmat qiladigan, asqotadigan narsalargina saqlanib qoladi. Demak, maqollar bizning bugunimiz uchun ham zarur bo’lgan hikmatlardir. Bolalarning maqollar orqali so’z qo’llash mahoratini shakllantirishda turli xil o’yinlardan foydalanishning shakl va usullari ko’p. Jumladan, ularni mashg’ulotlar jarayonida ham o’rganish ko’zda tutilgan. Shuningdek, maqollarni o’rganishda o’yin texnalogiyalaridan foydalanish juda samarali o’rin tutadi. Bolalarni birinchi navbatda maqollar bilan tanishtirish kerak bo’ladi. Bunda guruhlarga bo’linish talab etiladi. Guruhlarga bo’linishning o’zida ham maqollardan foydalanish mumkin. Buning uchun ikki komponentli, yoki uch komponentli maqollar tanlab olinadi va ular qismlarga bo’lingan holda kartochkalarga yoziladi. Maqollarning boshlanishini o’qigan o’quvchiga uning davomini qo’lda tutib turgan bola o’qiydi va ular bir guruhga birlashadi. Shu tarzda guruhga ajralishning o’zi ham maqollarni o’qish jarayoniga aylanadi .

Ikkinchi usul maqoldagi so’zlar alohida – alohida kartochkalarga yozilgan bo’ladi. Ammo kartochkalar umumiy kartondan qirqib olingan bo’ladi. Ularning qirqilgan joylari bir-biriga mos bo’lgan holda maqol to’la holda tiklanadi. Qaysi guruh o’z maqollarini oldin tiklasa, shu guruh o’z maqolini ovoz chiqargan holda, xor bo’lib o’qiydi.

Maqollar mavzusini o’rganishda turli xil shakllardan ham foydalanish mumkin. Biz ularning ayrimlarini eslatib o’tamiz.

“Kim ko’p maqol biladi” o’yini. Tomonlar galma-galdan maqollarni aytishadi. Qaysi guruh yoki tomon tutilmasdan, aniq, muntazam javob berib borsa, o’sha tomon yoki guruh yutadi. Maqollarning ifodali o’qilishiga alohida e’tibor beriladi. Navbatdagi maqollarni topishda taraddudlanib qolgan, ikkilangan yoki topolmay qolgan (jarima ballini olgan) tomon yengilgan hisoblanadi. Bir tomon aytgan maqolni boshqa tomonning takroran aytishiga yo’l qo’yilmaydi. “Maqollarni sharxlaymiz” o’yini. Bunda o’quvchilar guruhlarga bo’linishadi. Bir guruh tegishli maqollarni aytadi. Boshqalar uni sharxlab, izohlab berishga harakat qilishadi. Bunda nisbatan aniqroq, kengroq tushunarliroq hamda ta’sirchanroq tarzda sharxlab berishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu usulda maqollarning mazmuni, uning qanday hayotiy vaziyatlarda qo’llanishini idrok etish uchun real sharoit yaratiladi.

“Maqollar zanjiri” o’yini. Bu o’yin baytbaraklar asosida yuzaga kelgan. Undagi asosiy talab bir guruh (tomon) aytgan maqol qaysi harf, tovush bilan tugasa, keyingi tomon ayni mana shu harf, tovush bilan boshlanadigan maqolni aytishi kerak bo’ladi: Aytar so’zni ayt, Aytmas so’zdan qayt. Til –aql bezagi. It egasini hurmas, Sabrning tagi sariq oltin. …

“Marraga kim oldin keladi” o’yini. Uning mohiyati shundan iborat: Markazdan ikki tomonga bir xil o’lchamdagi lenta tortiladi. Lentalarning uchlari tayoqqa o’raladi. Asosiy vazifa mana shu lenta markazga borguncha o’rab borishdan iborat. Faqat o’sha jarayonida muntazam ravishda maqollardan na’munalar aytib boriladi. Maqollar aytilmagan holda lentaning o’ralishiga ruxsat berilmaydi. Agar bu qoida buzilsa jarima bali belgilanadi. Lentaning oxirigacha maqollar silsilasini uzmasdan yetkazgan o’quvchi g’olib hisoblanadi.

“Maqollar bozori” o’yini. Bunda o’quvchilar yangi maqollar bilan tanishtiriladi. Amalga oshirish shakli esa quyidagicha bo’ladi: o’yinda ikki o’quvchi ishtirok etadi. Ulardan biri “sotuvchi”, ikkinchisi xaridor bo’ladi. “Sotuvchi” “xaridor”ga o’z maqollarini taklif etadi. U maqolning boshlanish qismini o’qiydi, xaridor esa uni davom ettiradi. Davom ettirilmagan maqol yangi hisoblanadi. Xaridor uni ovoz chiqarib ifodali tarzda o’qib beradi. Ular orasida hamma biladigan maqollar ham, ko’pchilik bilmaydiganlari ham tanlangan bo’lishi kerak. “Xaridor” mana shu yangi maqollarni oladi va ularni ovoz chiqarib o’qib beradi. Ayni paytda, “Xaridor “ham o’z “bisoti”dagi yangi maqollarni “sotuvchiga” tavsiya etish mumkin. Sotuvchi ham o’zi uchun yangi bo’lgan maqollarni tanlab oladi, ularni ovoz chiqarib o’qiydi. Bunda ham har bir maqolni o’qish va aytishda ifodali o’qish qoidalariga to’la rioya etish talab etiladi.

“Maqollarning mavzuli estafetasi” o’yini.

Bu o’yin estafeta qoidalari asosida tashkil etiladi. Estafeta tayoqchasi (bu vazifani bayroqcha, ruchka, qalam, istalgan bitta o’yinchoq ham ado etishi mumkin) maqol aytish navbatini belgilab beradi. O’yinda barcha guruhlar ishtirok etadi. Ishtirokchilar navbati bilan maqollarni aytishadi, navbatni keyingi guruhga o’tkazishadi. Bunda ham oldin aytilgan maqollarning takrorlanishiga yo’l qo’yilmaydi.

“Koptokni qaytarish” o’yini.

Bolalar davra qurib turishadi. Ularning orasidan bitta boshlovchi saylanadi. Boshlovchi o’rtada turib koptokni o’rtoqlaridan biriga otadi. Koptok otilish barobarida bitta maqolning boshlanishi aytiladi: “Yer haydasang ….”,”Bilimi bor ….”,”Avval o’yla …”. Koptokni olgan o’quvchi uni boshlovchiga qaytarishi kerak. Ayni paytda u maqolning davomini ham aytishi talab etiladi. Maqolni davom ettirolmagan bola o’yindan chiqib ketadi. Maqollarni eng ko’p martta davom ettirgan o’quvchi keyingi davrada boshlovchi vazifasini ado etadi.

Albatta, bu o’yinlar faqat o’yin uchungina tashkil etilmaydi. Ularning bosh vazifasi o’quvchilarning o’qish jarayonlariga nisbatan ongli va faol munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirishdan iborat. Ayni paytda, mazkur jarayonlarda o’quvchining nutqi tabiiy ravishda rivojlanib, boyib boradi. Bunday o’yinlar maktabgacha tarbiya muassasalarida, boshlang’ich sinflarda, umumiy o’rta ta’lim maktablarining beshinchi, oltinchi sinflarida qo’llanilishi maqsadga muvofiq bo’ladi. Ayni paytda maqollar o’yinlariga yo’g’rilgan jiddiy mushohada jarayonlari bolalarning tafakkurini ham rivojlantiradi, ularning ona tili imkoniyatlari , kuch va qudrati haqidagi tasavvurlarini kengaytiradi. Eng muhimi, ularning nutqiy madaniyati o’sib boradi, xalq donishmandligi durdonalarining asl mohiyatini anglab yetishlariga imkon beradi.

Xuddi shuning uchun ham ulardan dars jarayonlarida, sinfdan tashqari mashg’ulotlarda unumli foydalanish ko’plab pedagogik hamda didaktik vazifalarning ancha qulay va samarali tarzda yechilishi uchun munosib omil vazifasini ado etadi.

Maqollardan ona tili darslaridagi deyarli barcha mavzularni o’rganishda foydalanish imkoniyatlari mavjud. Jumladan, alohida olingan maqollar yuzasidan ixcham, qisqa insholar yozish mumkin. Bu o’quvchilar uchun juda qiziqarli mashg’ulot bo’la oladi. Buning uchun ularning yoshi va umumiy dunyoqarashlari, qiziqishlariga mos va munosib bo’lgan maqollardan foydalanish mumkin. Ko’p o’qigan ko’p biladi, Aql aqldan kuch olar. Bulbul chamanni sevar, Odam – vatanni …..

O’quvchilarning vazifasi mana shu maqolda izohlangan ma’noga asoslangan holda izohlab berishdan iborat. Shu jarayonda u yangi fakt va misollarga murojat qiladi, ularni asoslaydi, umumlashtirib, xulosalar chiqaradi. Albatta, ular og’zaki shaklda ham, yozma shaklda ham amalga oshishi mumkin. Odatda, og’zaki shaklga oldindan maxsus tayyorlanmasdan ham kirishish mumkin. Yozma shaklda esa o’quvchilar oldindan tayyorlanishi, mavzu sinfda muhokama etilishi shart.

Maqollar sarlavha vazifasini ado etadi. Maqollarning sarlavhada bo’lishi mulohaza yo’nalishini ham belgilab beradi. Uning maqsadga muvofiq tarzda davom ettirishi uchun mayoq vazifasini bajaradi.

Maqollarga murojatning ikkinchi shakli tavsiya etilgan mavzularda maqollardan unumli foydalanishga da’vat bo’lishi mumkin. Buning uchun alohida mavzular olinadi. Undagi asosiy talablardan biri insho matnida, albatta, maqollardan foydalanish bo’ladi. Jumladan, “Bahor” mavzusida bahorga oid maqollardan foydalangan holda insho yoziladi. “Bizning oilamiz” , “Jasorat haqida o’ylar”, “Yil fasillari” , “Rostgo’ylik fazilati”, “Tabiat – boyligimiz” , “Yaxshilik va yomonlik”, “O’zbekiston-vatanim manim” singari mavzular bu yo’nalishda qiziqarli mulohazalarga boy bo’ladi.

Bunday mashg’ulotlar o’quvchilarning maqollarning mazmum va mohiyatini teran anglashlari, ularning mavzuviy guruhlarga ajratish va tahlil etish, yaxlit umumlashma va xulosalar chiqarishga oid ko’nikma va malakalarning rivoji uchun mustahkam zamin hozirlaydi. Shu jarayonlarda ularning nutqlari boyib boradi, estetik didlari ham tarbiyalanib, kamol topadi. Eng muhimi, ularda mana shunday go’zal va bebaho tafakkur durdonalarini yaratgan ona xalqlariga nisbatan mehr – muhabbatni hosil qiladi .

XULOSA

Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonida ko’p asrlar mobaynida yaratib kelingan g’oyat ulkan, bebaho ma’naviy va ma’daniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan nihoyatda muhim vazifa bo’lib qoldi. Shuningdek istiqlolga erishganimizdan so’ng, ona tilimizga bo’lgan e’tibor ham kuchaydi. O’zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog’i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo’li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi.



Prezidentimiz o’zbek tili masalasiga juda katta e’tibor qaratgan. Uning “Biz ajdodlardan avlodlarga o’tib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab – avaylashimiz, uni boyitish, nufuzini yanada oshirish ustida doimiy ishlashimiz zarur. Ayniqsa, fundamental fanlar, zamonaviy komunikatsiya va axborot texnologiyalari, bank – moliya tizimi kabi o’ta muhim sohalarda ona tilimizning qo’llanish doirasini kengaytirish, etimologik va qiyosiy lug’atlar nashr etish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish, bir so’z bilan aytganda, o’zbek tilini ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish milliy o’zlikni, Vatan tuyg’usini anglashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz” degan so’zlari fikrimizning yorqin dalili bo’la oladi. Darhaqiqat, o’zbek tili va adabiyoti insonni ma’naviyatini va tafakkurini boyitadigan eng kuchli quroldir.

Bugungi kunda ona tili fanni o’qitishda darslarini ilg’or texnologiyalar asosida tashkil etish, fanlararo aloqadorlikni qo`llash, shuningdek, xalq og’zaki ijodidan, adabiy asarlardan foydalanib dars o`tish, dars mazmunini tushuntirish eng dolzarb masalalaridan bo’lib kelmoqda. Har bir dars metodikasiga yangicha o’zgartirish kiritish, zamonaviy o’qituvchining birinchi galdagi vazifasidir.



FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI



  1. Karimov I .A “ Vatanimizning tinchligi va xavfsizligi o’z kuch qudratimizga xalqimizning hamjihatligi va bukilmas irodasiga bog’liq “ T . “Ozberiston” 2004 8-bet.

  2. Karimov .I . A “Hayotimizning taraqqiyotimizning huquqiy asosi” “Xalq so’zi “ gazetasi. 2002 y 6- dekabr .

  3. “O’zbek tilining izohli lug’ati” 2-tomlik 1-tom 1982-yil 456-bet.

  4. Yo`ldoshev. “Ta’limning dolzarb vazifalari”, Ma’rifat gazetasi, 1999 y, 18 - avgust.

  5. Erkin Vohidov “ She’rlar to’plami” 2-tom . T . 1990 y

  6. Ahmedov.S. va boshqalar Adabiyot ( umumiy o’rta ta’lim maktablarining 5-sinf uchun darslik ) T. “Sharq “ 2007 – 11- b.

  7. “O’zbek milliy ensiklopediya “ Davlat ilmiy nashriyoti .Toshkent 5-tom . 543-b.

  8. Matjonov S. Sariyev , Sh. “Adabiyot “ T 2010 y, 11-b.

  9. Umumiy o’rta ta’limning davlt ta’lim standarti va o’quv dasturi” “Sharq” ta’lim taraqqiyoti 1- maxsus son

  10. 1999 .195-b

  11. To’ychiboyev . B “Til ta’limida dialektal maqollarning o’rni “ O’zbek tili doimiy anjumani IX anjumani , T

  12. 2007 . 256- b.

  13. Mahmud Qoshg’ariy .”Devonu lug’atit turk “ T, 1960, 1-tom , 252- b .

  14. Murodova N. “ O’qituvchi nutqini mahalliy sheva ta’sirida vujudga keltirish talaffuz hamda imlo vositalari

  15. va ularni tuzatish usullari “ aftoreferat 1993 y.

  16. To’xliyev .B “Ifodali o’qish “ T “Bayoz “ 2015 y.

  17. Bobomurodova A . “Ona tili jaroyonida o’yin topshiriqlaridan foydalanish “ T , “Musiqa “ 2009 y .

  18. G’ulomov .A , Qobirov .M va b . “Ona tili o’qitish metodikasi “T “Fan va texnalogiya “2012 .y

  19. To’qliyev .B “Adabiyot o’qitih metodikasi “ T 2010 . y

  20. Ziyotova .T “Ijodiy tafakkurni rivojlantirishda hikmatli so’zlardan foydalanish” “O’zbet tili” doimiy

  21. anjumani.2001 y.

  22. Nurmonov,A .Sobirov ,A . Yusupova, SH “Hozirgi o’zbek adabiy tili “ litsey darsligi .T – “Ilm ziyo” , 2010 y

  23. Qosimova .K , Matchonov va b , “Ona tili o’qitish metodikasi “T “Noshir “ 2009 y.

  24. Matchonov .S “Maktabda adabiyotdan mustaqil ishlar “ T “O’qituvchi” 1996 y

  25. Nematov .H , Abduraimova M , “Ona tili “ darsligi 8- sinf .T . “Cho’lpon” 2014 y.

  26. Mahmudov N, Nurmonov A, Sobirov A.Ona tili 5-sinf darslik (to’ldirilgan 3-nashri) T.Ma’naviyat.2011

  27. G’ulomov . A, Nematov H “ Ona tili ta’limi mazmuni “ T “O’qituvchi “ 1995 y

  28. Karimov .I. A. “Jamiyatimiz mafkurasi xalqni – xalq, millatni – millat qilishga xizmat qilsin” Tafakkur jurnali , 1998 y, 2-son, 8-b.

Download 40.92 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling