Mustaqil ish uchun topshiriq


Download 23.86 Kb.
bet1/2
Sana07.02.2023
Hajmi23.86 Kb.
#1174125
  1   2
Bog'liq
xalqaro oraliq


Mustaqil ish uchun topshiriq:
A davlatiga tegishli “Miya” deb nomlanuvchi kema B davlatining iqtisodiy zonasida baliqchilik qoidalarini buzganlik uchun B davlatining sohil qo'riqlov xizmati tomonidan hibsga olindi. B davlatining baliqchilik qo'riqlash tizimi inspektorlari kemaga chiqishi bilan, kema to'satdan sohilni tark etdi va inspektor bilan birgalikda ochiq dengizga suzib ketdi. Kemaning ortidan quvish boshlandi. Shundan so'ng, B davlatining harbiy kemalari A davlatining iqtisodiy zonasiga kirib ulgurgan kemani egallash uchun harakatni boshlashdi. B davlatining murojaatnomasida aytiladiki, A davlatini kemasini hibsga olinishining asosiy sababi, dengizda baliq ovlash qoidalarini buzganligidir.
Savollar:
1. B davlatining qo'riqlov xizmati va A davlatining “Miya” nomli kemasining xatti-harakatlariga huquqiy baho bering.
2. Qaysi xalqaro huquqiy normalar bilan bu ish hal qilinadi?

Ma`lumki, xalqaro dengiz huquqi xalqaro huquqning uzoq tarixga ega tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Ushbu tarmoq hozirgi kunda ham o`z ahamiyatini yo`qotmay kelmoqda. Xalqaro dengiz huquqi dengiz hududlari maqomi, dengiz qa`ri va zaxiralari, ulardan foydalanish tartibini belgilab beruvchi huquqiy normalar tizimidan iboratdir. Ushbu tarmoq xalqaro huquqning umumiy qoidalari asosida tartibga solinsa-da, o`ziga xosliklarga ham ega va boshqa xalqaro huquq tarmoqlari bilan uzviy bog`liqlikda mavjud bo`ladi hamda rivojlanadi. Xalqaro huquq nazariyasida xalqaro dengiz huquqi doktrinasi dengiz makonlari rejimini o`rnatish va xalqaro huquq subyektlari o`rtasida ularning jahon okeanidagi faoliyati bilan bog`liq munosabatlarini tartibga solishga yo`naltirilgan normalar va prinsiplar majmuidan iborat bo`lgan xalqaro huquqning mustaqil tarmog`i sifatida belgilanadi.1


Bizga berilgan mazkur kazusda ham xalqaro dengiz huquqi bilan aloqador bir qator holatlarga duch kelamiz. Ushbu muammoli savol yuzsidan quyidagilarga e`tibor qaratishimiz lozim:

  • A davlatning “Miya” nomli kemasi B davlat iqtisodiy zonasida baliqchilik qoidalarini buzganligi uchun hibsga olinishi;

  • “Miya” kemasining ochiq dengizga suzib ketishi va B davlat harbiy kemalari tomonidan ta`qib qilinishi;

  • “Miya” kemasining A davlat iqtisodiy zonasiga kirib ulgurishi.

Ushbu muammoga huquqiy baho berishdan avval xalqaro dengiz huquqining asosiy manbalarini sanab o`tamiz:

  1. Xalqaro odat normalari.

  2. Xalqaro dengiz huquqi prinsiplari.

  3. Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1982-yildagi Dengiz huquqi bo`yicha konvensiyasi.

  4. Dunyo okeanining turli hududlarida baliq ovlashni tartibga soluvchi bitimlar.

Mazkur vaziyatda birinchi muammoli jihat “Miya” kemasi tomonidan B davlat iqtisodiy zonasida baliqchilik qoidalarining buzilishi va buning uchun sohil qo`riqlov xizmati tomonidan hibsga olinishidir. Avvalo, iqtisodiy zona tushunchasini sharhlab olishimiz joiz. Xalqaro huquq qoidlariga ko`ra iqtisodiy zona boshlanish chizig`idan hisoblaganda 200 dengiz mili atrofidagi kenglikni qamrab oladi. Iqtisodiy zona aralash rejimli hudud hisoblanadi. Aralash rejimli hududga Jahon okeanining quyidagi kengliklari kiradi: dengiz iqtisodiy zonalari, kontinental shelf hamda hududiy dengizga tutash zonalar. Ushbu hududlarning o‘ziga xosligi shundan iboratki, ular tutash davlatlarning suvereniteti ostiga va davlat hududi tarkibiga kirmaydi. Lekin xalqaro huquqqa muvofiq, qirg‘oqbo‘yi davlatlar ushbu hududlarni tabiiy zaxiralarini qazib olish va foydalanish, ishlab chiqish va saqlashga nisbatan suveren huquq, shuningdek ushbu hududlarning atrof-muhitini himoya qilish huquqiga ega.2 Dengiz huquqi bo`yicha konvensiyaning 55-moddasi mazmuniga ko`ra, ushbu hududda alohida huquq rejimi o`rnatiladi hamda mazkur hududdagi qirg`oqbo`yi davlatning huquq va yurisdiksiyasi, shuningdek boshqa davlatlarning huquq va erkinliklari ushbu konvensiya bilan tartibga solinadi. Suvliklar, suv qa`ri, shuningdek suvosti boyliklar ham iqtisodiy zonaning tarkibiga kirib ketadi. Ushbu hududda qirg`oqbo`yi davlati o`z huquqlarini amalga oshirish bilan bir qatorda ko`zdan kechirish, nazorat qilish, qamoqqa olish va ishni sudda ko`rish kabi choralarni ham qo`llashi mumkin. Mazkur kazusda A davlatning “Miya” nomli kemasi iqtisodiy zonada baliq ovlash qoidalarini buzgan. Imtiyozli iqtisodiy zonada baliq ovlashga faqatgina qirg`oqbo`yi davlati huquqli hisoblanadi. Boshqa davlatlar esa mazkur qirg‘oqbo‘yi davlatlarning tegishli vakolatli organlaridan ruxsat olganidan so‘ng ushbu xatti-harakatlarni amalga oshirishi mumkin. Ta`kidlash joizki, muayyan hududlarda baliq ovlashni tartibga soluvchi konvensiyalar ham mavjud. Masalan, Atlantika okeanining shimoli-g`arbiy qismida baliq ovlash bo`yicha Konvensiya shular jumlasidandir. Kemalar baliq ovlashda mazkur huquq normalariga amal qilishlari zarur. Shuningdek, Dengiz huquqi bo`yicha Konvensiyaning 58-moddasi 2-qismi mazmuniga ko`ra, iqtisodiy zonada davlatlar qirg`oqbo`yi davlati tomonidan ushbu Konvensiyaga muvofiq o`rnatilgan qonun va qoidalarga rioya qilishlari shart. Shuningdek, qirg`oqbo`yi davlati mazkur hududdagi tirik resurslar haddan ziyod ekspluatatsiyaga uchramasligi uchun zarur choralarni ko`rish huquqiga ham ega. Lekin Konvensiyaga muvofiq agar davlatlar o`rtasidagi shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo`lmasa, baliq ovlash qoidalarini buzgani uchun qamoqqa hukm qilish jazosini qo`llab bo`lmaydi. Demak, B davlat tomonidan A davlat kemasining baliq ovlash qoidalarini buzgani uchun hibsga olishi huquqiy asosga ega. Shuningdek, Konvensiya qoidlariga ko`ra qirg`oqbo`yi davlati tomonidan kema hibsga olingan taqdirda o`sha zahoti mazkur davlatni kema hibsga olingani haqida xabardor qilishi kerak va tegishli garov yoki ta`minot to`langandan keyin kema va uning ekipaji ozod qilinadi..
Masalaning “Miya” kemasi ochiq dengizga chiqib qochib ketishi bilan bog`liq jihatiga e`tibor qaratamiz. Avvalo, “Ochiq dengiz nima va unda munosabatlar qanday tartibga solinadi?” degan savolga javob berishimiz joiz. Ochiq dengiz- dengizning alohida iqtisodiy zona, davlatning ichki suvlari, arxipelag suvlari yoxud arxipelag-davlatlar yoki hududiy dengizga kirmaydigan qismidir. Xalqaro huquqning barcha subyektlari umumiy tarzda foydalanadigan hududlar, dengizning davlat hududiga kirmaydigan jami qismi Ochiq dengizni tashkil qiladi.3 Xalqaro dengiz huquqining maxsus prinsiplaridan biri – Ochiq dengiz erkinligi prinsipidir. Konvensiyaga ko`ra, ochiq dengiz erkinligi prinsipi quyidagilarni o`z ichiga oladi:

  • kema qatnovi erkinligi;

  • baliq ovlash erkinligi;

  • ilmiy tadqiqodlar o`tkazish erkinligi;

  • ochiq dengiz ustida parvozlar erkinligi;

  • kabellar va trubaprovodlar yotqizish erkinligi.

Bizga berilgan kazusning ikkinchi muammoli jihati ham aynan ochiq dengizdagi ta`qib bilan bog`liqdir. Ushbu masala Dengiz huquqi bo`yicha konvensiyaning 111-moddasi bilan tartibga solinadi. Unga ko`ra, ta`qib etishga alohida iqtisodiy zona, kontinental shelf hamda xavfsizlik zonasida ta`qib etuvchi davlatning qonun va qoidalari boshqa davlat kemasi tomonidan buzilgan taqdirda va ta`qib etish uchun yetarli asos bor bo`lganda yo`l qo`yiladi. Shuningdek, ta`qib etish faqat kemaga to`xtash haqida signal berilganidan keyin amalga oshiriladi. 1958-yilda qabul qilingan Ochiq dengiz to`g`risidagi konvensiyaning 23-moddasiga ko`ra, ta`qib etish faqat davlatning harbiy kemalari yoki harbiy uchuvchi uskunalari yordamida amalga oshirilishi mumkin.Konvensiyaning 111-moddasi 1-qismiga ko`ra ta`qib etish muayyan davlatning ichki suvlari, hududiy dengizi yoki alohid iqtisodiy zonasida boshlangan bo`lsagina, amalga oshirilishi mumkin. Mazkur vaziyatda xalqaro huquqning mutatis mutandis (o`zgartirish kiritish) prinsipi ishga tushadi. Bizga berilgan ushbu kazusda B davlatning harbiy kemalari tomonidan “Miya” kemasini ta`qib qilish B davlatning iqtisodiy zonasida boshlangan va ochiq dengizda davom etgan. Ta`kidlash joizki, harbiy va notijoriy davlat kemalari ochiq dengizda to`liq immunitet huquqidan foydalanishadi. Zero, ushbu holatda B davlat harbiy kemalarining harakatlari huquqiy asosga ega.
“Miya” kemasi ta`qibning yakunida A davlatning iqtisodiy zonasiga kirishga ulguradi. Dengiz huquqi bo`yicha konvensiyaning 111-moddasi 3-qismi bo`yicha, agar ta`qib qilinayotgan kema o`z davlatining yoki boshqa uchinchi bir davlatning hududiy dengiziga kirsa, ta`qib to`xtatilishi kerak. Demak, B davlatning harbiy kemalari “Miya” kemasini ta`qib etishni to`xtatishi kerak edi. Mazkur normaning asosiy mazmunida ham xalqaro huquqning asosiy prinsiplaridan biri, ya`ni davlat chegaralarining mustahkamligi prinsipi yotibdi. Xususan, 1975-yilgi Yakuniy hujjatda mazkur prinsip shunday bayon qilingan: “A’zo davlatlar bir-birlarining barcha chegaralarini Yevropaning barcha davlatlari chegaralari kabi mustahkam (buzilmaydigan) sifatida qabul qilishadi va shuning uchun ham ular mazkur chegaralarga hozir hamda kelajakda har qanday tajovuz qilishlaridan o‘zlarini tiyib turadilar”.
Mazkur vaziyatda, A davlat o`zining “Miya” kemasi bunday harakatlar qilmasligi uchun mas`ul hisoblangan. Zero, har qaysi davlat o`z bayrog`i ostida suzib yurgan kemalar ustidan o`z yurisdiksiyasini amalga oshirishi va nazoratni yo`lga qo`yishi zarur. Shuningdek, u umum qabul qilingan xalqaro qoidalar va amaliyotga amal qilinishini ta`minlash borasida barcha choralarni ko`rmog`i lozim.4 Demak, A davlat va uning “Miya” nomli kemasi xalqaro huquqning asosiy prinsiplaridan biri pacto sunt servanda, ya`ni majburiyatlarni vijdonan bajarish prinsipini ham buzgan.
B davlat o`z murojaatnomasida “Miya” kemasining hibsga olinishiga asos qilib u tomonidan baliq ovlash qoidalari buzilganligini ta`kidlagan. O`ylashimcha, ushbu ishni ko`rib chiqayotganda ta`qib etilayotgan kemada B davlat inspektorining ham bo`lganligini e`tiborga olish lozim. Bu ikkala davlat o`rtasidagi ushbu muammoni hal etish xalqaro huquq normalari doirasida va xalqaro huquq prinsiplari, xususan nizolarni tinch yo`l bilan hal etish prinsipi asosida amalga oshirilishi kerak. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 2-moddasiga ko`ra: “Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha a'zolari xalqaro tinchlik, xavfsizlik va adolatni tahdid ostiga qo'ymaslik uchun o'zlarining xalqaro nizolarini tinchlik vositalari bilan hal qiladilar”.
Xulosa qilib aytganda, B davlat tomonidan o`zining iqtisodiy zonasida “Miya” kemasi ustidan nazorat o`tkazilishi huquqiy asosga ega. Zero, davlat o`zining iqtisodiy zonasida nazorat olib borish huquqiga ega. Ikkinchidan, B davlat harbiy kemalari o`z dvalati hududida baliq ovlash qoidlarini buzgan “Miya” kemasini quvishi ham to`g`ri. Faqat xalqaro huquq qoidalariga ko`ra, dastlab “Miya” kemasiga to`xtash haqida ogohlantiruv signali berilishi kerak edi. Shuningdek, xalqaro huquq normalari davlatning harbiy kemalariga agar ta`qib etish uchun yetarli asos mavjud bo`lsa, ochiq dengizda ham ta`qib etishga ruxsat beradi. Uchinchidan, ushbu holatda B davlat harbiy kemalari A davlat iqtisodiy zonasiga kirib ulgurgan “Miya” kemasini u A davlatning hududiy dengiziga kirgunicha ta`qib etishi mumkin. So`ngra ta`qib etishni to`xtatishi va A davlatning hududiy dengiziga kirmasligi kerak. Ya`ni harbiy kemalarning iqtisodiy zonalar orqali o`tishiga qirg`oqbo`yi davlat to`sqinlik qila olmaydi. Mazkur vaziyatda B davlat A davlatga murojaat qilib, tegishli zararni undirishi mumkin.


Download 23.86 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling