Muzeylar-jonli tariximiz ko’zgusi


Download 32.47 Kb.
Sana25.02.2023
Hajmi32.47 Kb.
#1228712
Bog'liq
Muzeylar


Muzeylar-jonli tariximiz ko’zgusi.
Barchamizga ma`lumki, muzeylarda saqlanayotgan noyob eksponatlar orqali fuqarolarda, ayniqsa yosh avlodda milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bebaho tarixiy va madaniy merosga hurmat, g`urur va iftixor, Vatanga sadoqat va muhabbat tuyg`ularini tarbiyalash va kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.

Vatanimiz tarixi, xalqimizning ozodlik uchun kurash yo‘li haqida aholining bilimini oshirishda muzeylarning o‘rni muhim. Muzeylar tariximizni o‘rganishga, kechagi va bugungi hayotni taqqoslab, jamiyatimiz taraqqiyoti haqida to‘g‘ri xulosa chiqarishga xizmat qiladi.


Keyingi yillarda Prezidentimizning e’tibori bilan mamlakatimizda muzeylarga bo‘lgan munosabat ham o‘zgardi. 1986 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelgan Jizzax viloyat o‘lkashunoslik muzeyi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 dekabrdagi qarori bilan Jizzax viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyiga aylantirildi. 
Muzey rasmiy maqomining o‘zgartirilishi faqat yangicha nomlanishigina emas, avvalo uning madaniy ma’rifiy muassasa sifatida mavqeining o‘sishi bo‘ldi. Voha tarixi haqida 23 ming 286 eksponatga ega muzey bugungi kunda viloyatning muhim madaniy maskanlaridan biriga aylandi. 
Ayniqsa, xalqimizning milliy ozodlik harakatiga bag‘ishlangan eksponatlar va hujjatlarga muzeyda keng o‘rin berilgani, qiziqarli ekanligi ko‘pchilikning diqqatini tortayotir. Jumladan, 1916 yilgi Jizzax qo‘zg‘oloniga bag‘ishlangan ko‘rgazma shu jihati bilan alohida o‘rin tutadi. Unda ushbu voqeaning kelib chiqish sabablari, qo‘zg‘olon bostirilishi, ishtirokchilarning shafqatsiz jazolanishi aks etgan eksponatlarga xech kim befarq qaramaydi. 
Keyingi yillarda muzey hayotida ro‘y bergan muhim o‘zgarish uning tarkibida uchta yangi – Sharof Rashidov yodgorlik muzeyi, Hamid Olimjon va Zulfiya muzeyi hamda Zomin tuman tarix muzeyi filiallarining qayta tashkil etilgani bo‘ldi. 
Prezidentimizning 2017 yil 27 martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori asosida sobiq o‘lkashunoslik muzeyining Sharof Rashidovga bag‘ishlangan bo‘limi filialga aylantirilishi bilan uning ko‘rgazmalar maydoni kengayib, eksponatlar soni ham ko‘paydi. Ayni paytda filial muzey fondida 2 ming 900 ga yaqin eksponat saqlanmoqda. 
Yangi filial Sharof Rashidov nafaqat mamlakatimiz og‘ir davrlarda oqilona boshqargan dono rahbar, jahon adabiyotida munosib o‘ringa ega yirik madaniyat arbobi ekanligi haqida to‘liq tassavur beradigan to‘laqonli muzeyga aylantirildi. Muzeyda uning tashkilotchiligida o‘tkazilgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari ishtirokidagi qit’alararo anjumanlar haqidagi eksponatlarga ham keng o‘rin berilgan. 
Tarixiy, madaniy merosimiz, ulug‘ ajdodlarimiz ibratli hayot yo‘li bilan yosh avlodni yanada kengroq tanishtirishda qilingan ezgu ishlardan yana biri xalqimizning ikki ulug‘ shoiri – Hamid Olimjon va Zulfiya muzeyi filiallarining tashkil etilgani bo‘ldi. Jizzax shahridagi ona-tili va adabiyotini chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi iqtidorli o‘quvchilar ixtisoslashgan ijod maktabi yaqinida joylashgan filial bugun yoshlar tarbiyasiga daxldor ma’naviy maskanlardan biri sifatida faoliyat ko‘rsatayotir. 
Davlatimiz rahbarining muzeylar faoliyatini yaxshilashga, bu tarixiy-madaniy maskanlarning xalqimiz hayotidagi o‘rniga e’tibor qaratayotgani bejiz emas. Tarixini bilmagan avlod bugungi ishlarni to‘g‘ri baholamaydi, kelajakni aniq tassavvur etmaydi. Shu ma’noda muzeylar tariximizni, kechagi kunimiz xaqqoniy aks ettiruvchi ko‘zgudir. 
Respublikamizning boshqa joylardan, ayniqsa chet mamlakatlardan kelayotgan sayyohlar ham yurtimiz tarixini o‘rganish, xalqimiz hayoti bilan chuqurroq tanishish maqsadida albatta muzeylarimizga kiradi. Muzeylar qanchalik ko‘p va boy bo‘lsa, boshqalar ham bizni yanada yaxshiroq biladi. Shuning uchun har bitta hududning o‘z muzeyi bo‘lishi kerak. 
Albatta tumanlarda muzeylar bor. Jumladan, mamlakatimiz uzoq o‘tmishidagi muhim tarixiy maskanlardan biri bo‘lgan Zomin o‘lkashunoslik muzeyi faoliyat ko‘rsatayotir. Muzey Zomin tarixini o‘rganishning jonkuyari, qadimshunos, taniqli jurnalist va shoir marhum Sattor Qoraboyev tashabbusi va harakati bilan 1993 yil tashkil etilgandi.
Ko‘p yillar hech qayerdan moliyalashtirilmay tashabbuskorning mablag‘i bilan faoliyat yuritib kelgan muzey uch yil avval hukumat qarori bilan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi filialiga aylantirildi.
Filial joylashgan bino viloyat madaniy-meros obyektlarini muhofaza qilish inspeksiyasi homiyligida kapital ta’mirdan chiqarilishi uning imkoniyatlarini ancha kengaytirdi. Ayni paytda filialda o‘lkamiz tarixiga oid 4,5 mingdan ziyod eksponat 100 kvadrat metr ko‘rgazma maydonida namoyish etilayotir. Bu eksponatlar orasida o‘lkamizning eramizdan avvalgi madaniyatiga oid noyob buyumlar bor.
Tarixiy asarlarda Buyuk Ipak yo‘li ustidagi muhim qo‘nalg‘alardan biri bo‘lganligi qayd qilingan, Zahriddin Muhammad Bobur o‘zining o‘lmas asari «Boburnoma»da tilga olgan Zomin tumanidagi Pshag‘ar qishlog‘ida ham bundan besh yilcha avval mehnat faxriysi marhum Abdug‘ani Ilashev, qishloq maktabi o‘qituvchisi Abdug‘ani Mamatqulov kabi tashabbuskorlarning sa’y-harakati bilan o‘lkashunoslik muzeyi barpo etilgandi. Hashar yo‘li bilan ko‘rgazma maydoni yetmish kvadrat metrdan ziyodroq muzey binosi qurilib, unga hududdagi arxeologik qazish ishlari davomida topilgan, ayrim xonadonlarda saqlanb kelinayotgan tarixiy ahamiyatga ega sapol, chinni, temir buyumlar, kitoblar jami 500 dan ziyod eksponatlar qo‘yildi. 
Muzeyi eksponatlari orasida III, V, VIII asrlarga oid sapol idishlar, buyumlar, mis va kumush tangalar, harbiy qurollarning qismlari, dexqonchilik asboblari, ostodonlar, suv tegirmon toshi, toshbosma kitoblar, bezak, hunarmandchilik buyumlari bor. Eksponatlar viloyat muzeyi mutaxassislari, qishloqda ilmiy izlanish olib borayotgan Yaxyo G‘ulomov nomli respublika arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Aleksandr Gretsina va qishloq maktabining tarix o‘qituvchilari yordamida tasniflanib, xronologik tartibda joylashtirilgan. 
Endi Zominga boshqa viloyatlardan va xorijdan kelayotgan sayyohlar uchun Pshag‘arda ham ko‘rishga arzirli joy bor. Qishloqqa sayyohlik oqimining ko‘payishi bilan ularga xizmat ko‘rsatish infratizimi yaratish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Ayni paytda qishloqda sayyohlarni kutishga mo‘ljallab barpo etilgan mehmon uylari faoliyat ko‘rsatayotir.
Biroq davlat ro‘yhatidan o‘tmagani uchun hech qaysi idoraning hisobida yo‘q, xech qaysi manbadan moliyalashtirilmayotgani uchun muzeyda shtatli xodim ham yo‘qligi jiddiy muammo bo‘layotir. U ruyhatdan o‘tkazilishi uchun muzeylar to‘g‘risidagi nizom talablariga javob bermas ekan. 
Aholi tashabbusi bilan barpo etilgan biroq muzey to‘g‘risidagi nizomning ba’zi bandlari talablariga javob bermasligi tufayli tugatilgan, faoliyat ko‘rsata olmayotgan bunday muassasalar boshqa tuman va qishloqlarda ham bor. Masalan, G‘allaorol tumani markazida faxriy jurnalist Abduhamid Sariboyev tashabbuskorligida barpo etilib, ancha yillar faoliyat ko‘rsatgan o‘lkashunoslik muzeyi taqdiri ayanchli kechdi. Muzey faoliyati to‘htatilib, binosi buzib yuborildi. 
Baxmal, Forish tumanlarida ham ana shunday ro‘yxatdan o‘tolmagan, tashabbuskorlarning ko‘magida faoliyat ko‘rsatayotgan muzeylar bor. 
– Bunday mahalliy muzeylar har bir joyning o‘ziga xos tarixi, shu hududga xos bo‘lgan tabiati, shu yerda yetishib chiqqan buyuk shaxslari bilan aholini, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlodni tanishtirishdan tashqari sayyohlarni jalb etishda katta ahamiyatga ega, – deydi viloyat turizimni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Lola Sanayeva. – Ayniqsa sayyohlar ko‘p keladigan Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Forish kabi mamlakatimiz qadim tarixida muhim o‘rin tutgan hududlarda muzeylar bo‘lishi sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi. Bu hududlardagi tarixiy maskanlarda tashabbuskorlar tomonidan barpo etilgan muzeylarni saqlab qolish, ularning faoliyatini yaxshilash uchun yo‘llarini topish kerak. 
Faqat iqtisodiy jihat hisobga olinsa, muzey o‘zini o‘zi qoplamasligi balki to‘g‘ridir. Biroq muzeyning ma’naviyatimizdagi o‘rni hisobga olinsa, odamlarning tashabbusi, hashari bilan barpo etilgan bu muassasalarning faoliyatini ta’minlash uchun pul topish katta muammo emas.
Har qanday davlat taraqqiyot sari intilar ekan, doimo tarixga nazar tashlab, mavjud urf-odatlar, anʼanalar va qadimiy yodgorliklarni oʻrganishga va saqlashga intilishi tabiiy. Ayniqsa bu borada muzeylarning oʻrni beqiyosdir. Chunki muzeylar oʻtmishdan kelgan tarixiy madaniyat, maʼrifat, tabiat yodgorliklarining yaxlit tizimiga solingan yigʻindisi boʻlib amaldagi qonun-qoidaga muvofiq ravishda saqlanadi va namoyish qilinadi.
1977-yilda Moskvada boʻlib oʻtgan 11-Xalqaro muzeylar konferensiyasida Xalqaro Muzeylar kengashining Bosh konferensiyasi qarori tasdiqlangan. Unga koʻra 18-may muzey kuni deb belgilandi. 1999-yildan boshlab esa yurtimizda muzeylar kunini nishonlash Oʻzbekiston madaniy hayotining muhim voqealaridan biriga aylandi.
Muzeylar — tarixning sirli xilqatlarini oʻzida mujassam etgan holda xalqlar madaniyatini, qadriyatlarini tarannum etuvchi maskan va davlatlarni bir-birlariga yaqinlashtiruvchi koʻprik hisoblanadi. Shu bilan birga, xalqning maʼnaviy dunyosini boyitish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda ham muzeylarning oʻrni beqiyos. Muzeylar har bir xalq tarixi, madaniyati, turmush tarzi, milliy anʼana va qadriyatlarini oʻrganish, ularni targʻib etish va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, dunyodagi ilk muzey Museon deb nomlanib, oʻquv maskani koʻrinishida boʻlgan va taxminan eramizdan avvalgi 290-yili Aleksandriyada Ptolomey-1 tomonidan tashkil etilgan. Uning tarkibida turar joylar, ovqatlanish hamda mutolaa xonalari, oʻsimlik va hayvonot bogʻlari, rasadxona hamda kutubxona ham boʻlgan. Keyinchalik esa, tibbiyot va astronomiyaga oid jihozlar, jonivorlarning qotirilgan nusxalari va shu kabi oʻquv jarayonlarida asqatadigan turli namoyish qurollari ham muzeydan oʻrin ola boshlagan.
Muzeylar dastlab badiiy asarlar majmuiga, keyin esa moddiy va maʼnaviy maʼrifiy yodgorliklarni yigʻuvchi va saqlovchi muassasaga aylangan. Oʻzining ulkan tarixiy obidalari bilan nafaqat Yevropa va Osiyoda, balki butun dunyoga mashhur boʻlgan Italiya davlatida ham XV asrga kelib, mavjud yodgorliklarni muntazam ravishda toʻplash ishlari avjiga chiqqan.
XIX asrga kelib, eng katta muzeylar AQSH, Angliya, Shvetsiya, Yaponiya, Hindiston va Rossiyada barpo etildi. Shular qatorida 1852-yili Ermitaj, 1873-yili Moskvadagi Tarix muzeyi, 1892-yili Tretyakov galereyasining tashkil etilgani soʻzimiz dalilidir.
Mamlakatimizning mustaqillikka erishishi iqtisodiy va siyosiy hayotning barcha jabhasida boʻlgani kabi madaniy sohada ham tub burilish yasadi. Jumladan, milliy anʼana hamda qadriyatlarimizni tiklash, boy merosimizni chuqur oʻrganish, uning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib etishga katta eʼtibor qaratila boshlandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda turli yoʻnalishda 1200 dan ortiq davlat va nodavlat muzey faoliyat koʻrsatmoqda. Ushbu madaniyat maskanlari ajdodlarimizdan bizga meros boʻlgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy xazina boʻlib, u yillar davomida boyitilib, tarixdan meros boʻlgan ashyolar, insoniyat ijodi mahsuli sifatida yaratilgan sanʼat asarlari saralanib, muzeylardan joy olib, umuminsoniy boylikka aylantirilmoqda.
Hozirda muzeylarimizga katta ahamiyat qaratilmoqda, Prezidentimiz tashabbusi bilan 10 yillik davlat dasturini qabul qilinganligi, yaʼni 2017-2027-yillar davomida yurtimizdagi barcha muzeylarni rekonstruksiya qilish, qayta taʼmirlash va ularning moddiy texnik bazasini mustahkamlash aynan madaniyat sohasidagi bugungi kun dolzarb masalalaridan biri edi. Yuksak eʼtibor tufayli koʻplab muzeylar bunyod etildi, mavjudlarining ishi esa zamon talablari darajasida yoʻlga qoʻyilib, muzey-qoʻriqxonalar tashkil qilindi. Temuriylar tarixi Davlat muzeyi, Oʻzbekiston tarixi Davlat muzeyi, Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi, Olimpiya shon-shuhrati muzeyi kabi oʻnlab maskanlar barpo etilgani va Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlaridagi ochiq osmon ostidagi muzeylar qaytadan taʼmirlangani fikrimiz tasdigʻidir.
Poytaxtimizga tashrif buyurgan mehmon sayohati davomida, albatta, Temuriylar tarixi Davlat muzeyida ham boʻladi. Ushbu muhtasham majmuada Amir Temur va temuriylar davri tarixi, madaniyati, sanʼati bilan yaqindan tanishish mumkin. Eksponatlar ajdodlarimizning ulkan salohiyatidan soʻzlaydi. Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyidagi osori-atiqalar esa oʻzbek davlatchiligi tarixining naqadar qadimiyligi va yuksakligi toʻgʻrisida soʻzlaydi, qolaversa, har bir davrga oid ashyolar betakrorligi bilan kishida hayrat tuygʻusini uygʻotadi. Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi koʻrgazmalari Vatanimiz mustaqilligi yoʻlida qurbon boʻlgan fidoyi farzandlar toʻgʻrisida maʼlumot beradi. Bu muzey yosh avlod ongida istiqlol neʼmatining naqadar bebaho va yuksak ekanligi, uning qadriga yetish kerakligi haqida yana-da teran fikr uygʻotadi. Termiz arxeologiya muzeyida saqlanayotgan arxeologik topilmalar ham noyobligi, ilmiy tadqiqotlar uchun manba boʻla olishi bilan qadrlidir. Oʻzbekiston xalq amaliy sanʼati, Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeylaridagi eksponatlar xalqimizning boy hunarmandchilik xazinasi, oʻziga xos tasviriy sanʼat asarlari, ularning janrlarini tarannum etadi. Qadimiy shaharlarimizdagi ochiq osmon ostidagi muzeylar esa dunyoning turli tomonlaridan kelayotgan sayyohlarni hayratda qoldirmoqda va ularning oqimi yildan-yilga xalqaro darajada muzeylarimizga boʻlgan qiziqish ortib boryapti.
Muzeylar maʼnaviy yetuk, komil insonni tarbiyalashda oʻziga xos oʻrin tutadi. Saqlanayotgan tarixiy ashyolar, nodir qoʻlyozmalar, hujjatlar avlodlarga tarixdan, ajdodlarimiz hayoti, yuksak maʼnaviyatidan hikoya qiladi. Bu esa yoshlar qalbida ota-bobolarimiz qoldirgan merosga hurmat, eʼzoz va muhabbat tuygʻusini uygʻotish bilan birga, ularda shu aziz Vatanga munosib farzand boʻlish tuygʻusini ham shakllantira oladigan maskandir. Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlgan muzeylar yosh avlodga xalqimizning qadimiy va boy tarixi, oʻziga xos madaniyati, istiqlol gʻoyalarini yanada teran anglashga koʻmaklashmoqda.


Aytish joizki, muzeyshunoslik keng fan tarmogʻi boʻlib, oʻzida tarix, arxeologiya, sanʼatshunoslik, sotsiologiya, pedagogika, falsafa, estetika, kompyuter texnologiyalari kabi bir qator sohalarni qamrab olgan. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida muzeyshunoslik yoʻnalishi faoliyat yuritadi, aynan ushbu taʼlim dargohi soha uchun kadrlar tayyorlab beradigan yagona ilm maskani hisoblanadi. Bu yerda talaba — yoshlarga bakalavr, magistratura hamda doktorantura bosqichlarida tahsil berish bilan birga tashkil etilgan va etilayotgan koʻplab yangi muzeylar yosh avlodni tariximiz, moddiy va madaniy merosimizni naqadar chuqur ildizga egaligini singdirgan holda, ularni Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻulari bilan tarbiyalangan mutaxassis boʻlib yetishmoqdalar.
Download 32.47 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling