NODIRANING “BO‘LMASUN” VA “AYLAR ORZU”RADIFLI G‘AZALLARI TAHLILI
Danabayeva Mohigul Baxtiyarovna
Jizzax davlat pedagogika instituti
O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi
II bosqich magistranti
Annotatsiya. Ushbu maqolada Qo‘qon adabiy muhitida o‘z o‘rniga ega taniqli shoira Mohlaroyim Nodiraning oshiqona mavzudagi “Bo‘lmasun” va “Aylar orzu” radifli g‘azallari tahlil qilingan. Tahlilda berilgan sharh orqali bevosita g‘azalning nasriy bayonidan kelib chiqqan holda uning umumiy mazmun-mohiyati, g‘oyasi ochib berilgan.
Kalit so‘zlar. Oshiqona g‘azal, nazira, radifli g‘azal, lirik qahramon, bayt, misra, matla’, maqta’, qofiya, she’riy san’atlar, tasavvuf ta’limoti, diniy istiloh, islomiy aqida, ilohiy ishq.
Nodiraning “Bo‘lmasun” radifli g‘azali Navoiyning “Yoridin hech kim meningdek zoru hayron o‘lmasun” deb boshlanuvchi “O‘lmasun ” radifli g‘azaliga nazira tarzida bitilgan. Alisher Navoiyning g‘azali “oshiqona ruhda, oshiqning chekilgan jabr-u jafolardan hasrat va oshiqning o‘zgalarga pandi uning pafosini belgilaydi. Har kimning yori boshqa-boshqa emas. Zero, yor – yakka-yu yagona. Har kimning yori boshqa-boshqa emas. Ana shu nuqtayi nazardan yondoshsak, Navoiyning talqinicha, bu tengsiz yor ishqida hech kim men kabi zor va hijronzada bo‘lmasin”[4], men ishqim haqida har qancha aytib, ovorayi sarson bo‘lsam bo‘lay, ammo uning nomi har kimning tiliga tushavermasin, deya yor, ya’ni Allohning nomini tilga olishdan avval tahorat yangilab, so‘ngra zikr etilganligi haqidagi naql yodga tushadi. Nodiraning mazkur g‘azalida ham ishq dardiga mubtalo bo‘lgan oshiq sevikli yorisiz bir zum ham o‘zini mavjudlikda his qila olmaydi.
Shoiraning ushbu g‘azali jami 5 bayt, ya’ni 10 misradan iborat. Baytlarning qofiyalanish tartibi: a-a, b-a, d-a, v-a, g-a tarzida. Qofiyadosh so‘zlar: “hurram”, “odam”, “bardam”, “musallam”, “xam”, “kam”. M tovushi – raviy.
Sensizin olam bahori sabzu xurram bo‘lmasun,
Qaysi olam, balki olam ichra odam bo‘lmasun.
Matla’da sensiz men uchun bu bahoriy go‘zalliklar ham, butun olam va undagi jamiki odamlar ham ko‘zimga ko‘rinmaydi. Sen yo‘q ekansan, ularning men uchun hech qanday ahamiyati ham yo‘q, degan ma’no kelib chiqadi. Bunda haqiqiy oshiq faqatgina o‘z yori bilan birga bo‘lsagina o‘zini baxtiyor sezadi, usiz oshiqqa bu dunyolarning keragi yo‘q. Sensizlikda olamni yashillikka burkovchi bahor fasli ham shod bo‘lmasin, nainki olam, balki odam ham bo‘lmasin.
Bulbula gulzorsiz ermas tamannoi navo,
Fursate changu navo bir lahza bardam bo‘lmasun.
Ikkinchi misrada oshiq o‘zini bulbulga qiyoslab, so‘fiyona ma’noda gulzor-bu yorning, ya’ni Allohning ishqi bilan yashnagan oshiq ko‘ngli bo‘lsa, uning fikricha, bulbulga gulzorsiz kuylash istagi amalga oshmaganidek, yor(gulzor)siz bulbul kabi shodumonlikda baxtdan sarmast xonish qilish, ya’niki bu hayot go‘zalliklaridan huzurlanish ko‘ngliga sig‘maydi, bunaqa paytda changdan taraluvchi navo ham u qadar yoqimli emas. Lirik qahramon nazarida, har qanday quloqqa xush yoquvchi ohanglar ham yorsiz unga hech biri tatimaydi. Bulbul gulzorsiz kuylashni orzu qilmaganidek, bunday vaqtda chang(musiqa asbobi) va undan yaraluvchi navo bir lahza quloqqa xush yoquvchi bo‘la olmaydi.
Davri lutfu ra’yati iqbol sendin o‘zgag‘a
Gardishi davron aro bo‘yla musallam bo‘lmasun.
Uchinchi misrada yaxshilik ulashuvchi zamonda iqbol bayrog‘i, ya’ni baxtning eng go‘zali butun olam ichra faqat senga nasib qilsin, sendan o‘zgaga ma’qul ko‘rilmasin, deya oshiq sevgan yoriga dunyodagi eng chiroyli, hech kim, hatto o‘zi yetmagan baxtni tilamoqda. Bu bayt orqali inson chin sevgi ko‘yida suyuklisi uchun har narsaga tayyor turishi, unga bu hayotdagi eng yaxshilarini ilinuvchi ekanligini isbotlamoqda. Tasavvufiy g‘azallarda odatda yor timsoli doim eng go‘zal, har jihatdan mukammal va benuqson ko‘rinishda ta’riflanadi. Demakki, bu kabi xislatlar yolg‘iz Allohgagina xos. Yaxshiliklar vaqtida iqbol bayrog‘i butun olam aro sendan boshqaga noyil bo‘lmasin, deya niyat bildiradi u.
Do'stlaringiz bilan baham: |