Okoz: 02. 00. 00. 00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02. 03. 00. 00 Respublika davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02. 03. 01. 00 Umumiy masalalar; 02. 00. 00. 00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02


Download 110.67 Kb.
bet4/4
Sana24.09.2020
Hajmi110.67 Kb.
1   2   3   4


Ma’muriy organ tomonidan ma’muriy hujjatni ixtiyoriy ijro etish uchun belgilangan muddat, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, adresat qabul qilingan ma’muriy hujjat to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan kundan e’tiboran besh kalendar kundan kam bo‘lmasligi kerak.

73-modda. Ma’muriy hujjatni ixtiyoriy ijro etish usuli

Adresat ma’muriy hujjatda belgilanadigan ijro etish tartibi doirasida ma’muriy hujjatni o‘zi uchun eng maqbul bo‘lgan qonuniy usullar va vositalar orqali ijro etishga haqli.

Ixtiyoriy ijro etish usuli ma’muriy hujjat talablarining tegishli tarzda va o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlashi kerak.

74-modda. Ma’muriy hujjatning majburiy ijro etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi

Ma’muriy hujjatni majburiy ijro etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Ma’muriy hujjat bo‘yicha o‘z majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda, tegishli tarzda va tegishli muddatda bajarayotgan shaxsga nisbatan ma’muriy hujjatni majburiy ijro etishning hech bir chorasi qo‘llanishi mumkin emas.

Agar adresat ma’muriy hujjatni majburiy ijro etish choralarini qo‘llash tahdidi ostida ixtiyoriy ravishda ijro etishga rozilik bildirsa va o‘z majburiyatlarini bajarishga kirishsa, tayinlangan majburiy ijro etish chorasi adresat ma’muriy hujjatni vijdonan va tegishli tarzda bajarayotganda ijro etilmasligi kerak.

Adresatning o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarganligi majburiy ijro etish chorasi qo‘llanilishini darhol bekor qiladi.

75-modda. Majburiy ijro choralari

Ma’muriy organ qonunda nazarda tutilgan hollarda quyidagi majburiy ijro choralarini qo‘llashga haqli:

pulga oid majburlov;

ma’muriy hujjatda nazarda tutilgan harakatlarni ma’muriy organ yoki boshqa shaxs tomonidan qarzdor hisobiga amalga oshirish;

bevosita majburlov.

Majburiy ijro chorasi ma’muriy organning ijro hujjati bilan rasmiylashtirilishi kerak. Tegishli ijro hujjatini qabul qilmay turib, majburiy ijro choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ma’muriy organ majburiy ijro chorasini tayinlashda ma’muriy tartib-taomillar prinsiplariga amal qilishi kerak.

Agar tayinlangan majburiy ijro chorasi ma’muriy hujjat talablarining tegishli tarzda va o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlamagan bo‘lsa, ma’muriy organ og‘irroq majburlov chorasini qo‘llashga haqli.

Qonunda boshqa majburiy ijro choralari ham nazarda tutilishi mumkin.

76-modda. Ma’muriy organning ijro hujjati

Ma’muriy hujjat adresat tomonidan tegishli tarzda va tegishli muddatda ijro etilmagan taqdirda uning majburiy ijrosini ta’minlovchi protsessual hujjat ma’muriy organning ijro hujjatidir. Agar ushbu bobda yoki boshqa qonunda o‘zgacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ijro hujjatlariga nisbatan ushbu Qonunning 4-bobida nazarda tutilgan talablar va qoidalar qo‘llaniladi.

Agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, ijro hujjati ma’muriy organ tomonidan o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki ijro etilayotgan ma’muriy hujjat ma’muriy ish yuritish boshqa ishtirokchisining qaysi talabi natijasida qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha talabga ko‘ra, ixtiyoriy ijro etish muddati o‘tgach uch ish kuni ichida qabul qilinadi.

Ma’muriy organning ijro hujjati faqat yozma shaklda qabul qilinadi va u ushbu Qonunning 33-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilish maqsadida adresatga, shuningdek ma’muriy hujjatning majburiy ijro etilishini talab qilayotgan shaxsga bir ish kuni ichida yuborilishi kerak.

Ijro ishini yuritishda ma’muriy hujjat bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki tegishli tarzda bajarmaganligi uchun o‘ziga nisbatan ijro hujjati qabul qilingan adresat — majburiyatli shaxs, ijro hujjati qaysi shaxsning foydasiga yoki qaysi shaxs manfaatlarini ko‘zlab qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha shaxs undiruvchi bo‘ladi.

77-modda. Ijro hujjatini ijro etish

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ijro hujjati majburiyatli shaxs uning qabul qilinganligi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan paytdan e’tiboran kamida besh kun o‘tgach ijro etiladi. Majburiyatli shaxsni tegishli tarzda xabardor qilish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ijro hujjati tegishli tarzda xabardor qilish imkonsizligi fakti rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran besh kun o‘tgach kuchga kiradi va ijro etiladi.

78-modda. Pulga oid majburlov

Pulga oid majburlov undirilishi lozim bo‘lgan muayyan summani tayinlashda yoki o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun penya to‘lashda ifodalanishi mumkin.

Pulga oid majburlovning eng ko‘p miqdorlari qonun hujjatlarida belgilanadi.

79-modda. Ma’muriy hujjatda nazarda tutilgan harakatlarni ma’muriy organ yoki boshqa shaxs tomonidan qarzdor hisobiga amalga oshirish

Agar ma’muriy hujjatda nazarda tutilgan biror-bir harakatni amalga oshirish majburiyati adresat tomonidan bajarilmayotgan bo‘lsa, ammo u boshqa shaxs tomonidan bajarilishi mumkin bo‘lsa, ma’muriy organ ushbu harakatni majburiyatli shaxs hisobidan amalga oshirish uchun boshqa shaxsni jalb etishi mumkin. Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy hujjatning ijrosini ta’minlovchi organ ushbu harakatni majburiyatli shaxs hisobidan o‘zi amalga oshirishga, agar bu mumkin bo‘lsa, haqli.

80-modda. Bevosita majburlov

Agar yengilroq choralar ma’muriy hujjatning ijrosini ta’minlay olmasa yoki obyektiv holatlarga ko‘ra ularni qo‘llash mumkin bo‘lmasa, ma’muriy hujjatning ijrosini ta’minlovchi organ, o‘zida tegishli vakolatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, majburiyatli shaxsni qonunda belgilangan tartibda ma’muriy hujjat bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga bevosita majburlashga, bunday vakolatlar mavjud bo‘lmaganda esa tegishli ijro hujjatini ijro etish borasida ko‘maklashish uchun vakolatli davlat organiga murojaat qilishga haqli.

81-modda. Majburiy ijro choralarini qo‘llash to‘g‘risida ogohlantirish

Ushbu Qonunning 75-moddasida nazarda tutilgan holda ma’muriy organ majburiyatli shaxsga majburiy ijro choralarini qo‘llash to‘g‘risida ogohlantirish yuborishi va ma’muriy hujjatni ixtiyoriy ijro etish uchun qo‘shimcha muddat belgilashi mumkin. Agar majburiyatli shaxs belgilangan qo‘shimcha muddatda o‘z majburiyatlarini bajarmasa, ma’muriy organ majburiy ijro chorasini bir ish kuni ichida qo‘llaydi.

82-modda. Ma’muriy organ tomonidan ma’muriy hujjat bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaslik

Agar ma’muriy organ o‘zi qabul qilgan ma’muriy hujjat bo‘yicha o‘z majburiyatlarini ma’muriy hujjatda belgilangan ijro muddati ichida yoki, agar bunday muddat belgilanmagan bo‘lsa, ma’muriy hujjat qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida tegishli tarzda bajarmasa, manfaatdor shaxs bunday bajarmaganlik ustidan ma’muriy hujjat ustidan shikoyat qilish uchun belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.

83-modda. Ijro ishi yuritishdagi xarajatlar

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy hujjatni majburiy ijro etish bo‘yicha qilingan xarajatlarning o‘rni majburiyatli shaxs hisobidan qoplanadi.

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

84-modda. Ma’muriy reglamentlar

Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy ishlarni hal qilish, ma’muriy va protsessual hujjatlarni qabul qilish, ma’muriy hujjatlarni ijro etish, shuningdek ma’muriy shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ma’muriy organlar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga oluvchi ma’muriy reglamentlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

85-modda. Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

86-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlasin.

87-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

88-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 8-yanvar,

O‘RQ-457-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.01.2018-y., 03/18/457/0525-son)

Download 110.67 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling