Okoz: 10. 00. 00. 00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10. 06. 00. 00 Bojxona ishi / 10. 06. 01. 00 Umumiy masalalar; 10. 00. 00. 00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10. 08. 00. 00 Bojxona rasmiylashtiruvi] [tsz


Download 0.53 Mb.
bet1/2
Sana15.12.2020
Hajmi0.53 Mb.
#167393
  1   2
Bog'liq
500 24.08.2020




[OKOZ:

1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.06.00.00 Bojxona ishi / 10.06.01.00 Umumiy masalalar;

2.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.08.00.00 Bojxona rasmiylashtiruvi]

[TSZ:

1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Eksport va import]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

qarori


 

 

 



Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida

Mamlakatimizda bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, bojxona ma’murchiligi sohasidagi xalqaro standartlar talablaridan kelib chiqqan holda belgilanadigan talablarga javob beradigan insofli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini berishni nazarda tutuvchi vakolatli iqtisodiy operatorlar instituti joriy etildi.

Bugungi kunda respublikada vakolatli iqtisodiy operator maqomiga ega bo‘lgan 25 ta yuridik shaxs bojxona operatsiyalarni amalga oshirishda maxsus soddalashtirishlardan foydalanib kelmoqda.

Mazkur institutning joriy etilishi bojxona tartib-taomillarining yanada soddalashtirilishiga, bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirishga, shuningdek, biznesni rivojlantirish yo‘lida byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, o‘tgan davr mobaynida shakllangan amaliyot vakolatli iqtisodiy operatorlar institutini amaliyotga keng joriy etish borasida quyidagi tizimli vazifalarni hal etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Xususan:

birinchidan, vakolatli iqtisodiy operatorlar faoliyatini tashkil etish tartibini aniq belgilab berish, vakolatli iqtisodiy operatorlarga taqdim etiladigan maxsus soddalashtirishlar ro‘yxatini sohaga oid xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda yanada kengaytirish;

ikkinchidan, vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestriga kiritish uchun tanlov mezonlarini va tartib-taomillarini yanada takomillashtirish;

uchinchidan, vakolatli iqtisodiy operatorlar institutini sohaga oid ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish.

Vazirlar Mahkamasining “Vakolatli iqtisodiy operator institutini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 29-apreldagi 363-son qaroriga muvofiq, shuningdek, bojxona tartib-taomillarini xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish, maxsus soddalashtirishlar ro‘yxatini hamda vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestriga kiritish uchun tanlash mezonlarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Vazirlar Mahkamasining “Vakolatli iqtisodiy operator institutini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 29-apreldagi 363-son qarorining 2-bandi va qarorga ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;

ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda vakolatli iqtisodiy operatorlar institutini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga doimiy ravishda takliflar kiritib borilsin.

4. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2020-yil 24-avgust,

500-son


Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 500-son qaroriga
ILOVA

Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risida

NIZOM


1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom vakolatli iqtisodiy operatorlar faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

vakolatli iqtisodiy operator (keyingi o‘rinlarda — operator) — bojxona operatsiyalarni amalga oshirishda soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish uchun ushbu Nizom talablariga javob beruvchi yuridik shaxslarga beriladigan maqom;

yuridik shaxsni vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestriga kiritilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma (keyingi o‘rinlarda — guvohnoma) — mazkur Nizomga 1-ilovadagi shaklga muvofiq elektron tarzda tuziladigan, operator maqomini tasdiqlovchi va bojxona operatsiyalarni amalga oshirishda maxsus soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini beruvchi, QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan elektron hujjat;

maxsus soddalashtirishlar — guvohnomaning turiga qarab qo‘llaniladigan alohida bojxona operatsiyalari va bojxona nazoratini amalga oshirish xususiyatlari;



vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestri (keyingi o‘rinlarda — Reyestr) — bojxona operatsiyalarni amalga oshirishda soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqi berilgan va guvohnomaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) tomonidan shakllantiriladigan va Qo‘mitaning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan ro‘yxati;

yuridik shaxsning (operatorning) vakolatli shaxsi — ishonchnoma yoki tegishli shartnoma, shuningdek, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish shartnomasi asosida ushbu yuridik shaxs manfaatlaridan kelib chiqib, uning nomidan va/yoki topshirig‘i bo‘yicha harakat qiluvchi shaxslar;

vakolatli organlar — sud, prokuratura organlari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Majburiy ijro byurosi, shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va soliq organlari.

3. Operator reyestrga kiritilgan vaqtdan boshlab, xavf darajasi past bo‘lgan toifaga kiradi.

4. Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari operatorlar bo‘la olmaydi.

2-bob. Guvohnoma va uning turlari

5. Guvoxnoma uch turga bo‘linib, mazkur Nizomning 6-bobidagi bojxona operatsiyalarni amalga oshirish uchun maxsus soddalashtirishlardan foydalanish huquqini beradi.

6. Guvohnoma yuridik shaxs reyestrga kiritilgan kundan boshlab kuchga kiradi.

Guvohnomani boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.

7. Guvohnoma ushbu Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq beriladi.

Guvohnoma Qo‘mitaning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.



3-bob. Reyestrni shakllantirish

8. Reyestr Qo‘mitaning yuridik shaxsni reyestrga kiritish haqidagi qaroriga asosan shakllantiriladi.

9. Qo‘mita yuridik shaxsni reyestrga kiritish, shuningdek, uning maqomini to‘xtatib turish, qayta tiklash yoki operatorni reyestrdan chiqarish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan so‘ng ushbu ma’lumotni o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtiradi.

4-bob. Reyestrga kiritish uchun tanlash mezonlari

10. Barcha turdagi guvohnoma asosida reyestrga kiritish haqida ariza berilgan paytda yuridik shaxs quyidagi umumiy mezonlarga mos kelishi lozim:



bojxona organlariga murojaat qilingan kunga qadar o‘tgan bir yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 171, 1711, 174, 175, 176, 177 va 227 — 22721, 22722-moddaning birinchi qismi, 22723 22727-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun yuridik shaxsning rahbari, bosh buxgalteri va vakolatli shaxsining, shuningdek, ushbu lavozimlarni oxirgi bir yil davomida egallagan shaxslarning ma’muriy javobgarlikka tortilganlik holatlari mavjud bo‘lmasligi;

bojxona organlariga murojaat qilingan kunga qadar so‘nggi besh yil mobaynida yuridik shaxsning rahbari va bosh buxgalteri, shuningdek, vakolatli shaxsi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 175, 182, 184, 188, 189, 209, 228 va 246-moddalarida nazarda tutilgan jinoyat uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan holatlari mavjud bo‘lmasligi;

soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni, shu jumladan ular bo‘yicha jarima va penyalar to‘lash yuzasidan qarzdorlik mavjud bo‘lmasligi;

bojxona organlarida reyestrga kiritish haqida arizani qayd etish kuniga qadar kamida uch yil tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirgan bo‘lishi, bunda:

bojxona brokeri sifatida bojxona sohasida faoliyat yurituvchi shaxslar, har yili tovarlarni faktura qiymati kamida 10,0 mln AQSh dollari ekvivalentini tashkil qilgan holda, 500 tadan kam bo‘lmagan import va (yoki) eksport bojxona yuk deklaratsiyalarini taqdim etishi;

bojxona ombori egasi sifatida bojxona sohasida faoliyat yurituvchi shaxslar, bojxona organlarida murojaat qayd etilgan kunda amal qiluvchi valyuta kursi bo‘yicha yillik qiymati 10,0 mnl AQSh dollari ekvivalentini tashkil qilgan holda, 10,0 mln kg miqdordagi tovarlar saqlovini amalga oshirishi;

bojxona tashuvchisi sifatida bojxona sohasida faoliyat yurituvchi shaxslar, har yili 200 tadan kam bo‘lmagan import va (yoki) eksport yuklarining (partiya) xalqaro tashuvlarini amalga oshirishi;

tovarlarni import va (yoki) eksportini amalga oshirish sohasida faoliyat yurituvchi shaxslar, import va (yoki) eksport qilingan tovarlarning faktura qiymati so‘nggi o‘n ikki oy mobaynida kamida 2 mln AQSh dollari ekvivalentini tashkil qilishi va kamida 100 ta import va (yoki) eksport bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirgan bo‘lishi yoki to‘langan bojxona to‘lovlarining summasi bazaviy hisoblash miqdorining kamida 20 000 barobarini tashkil qilishi va kamida 50 ta import va (yoki) eksport bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirgan bo‘lishi lozim.

Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishning boshlanish sanasi deb:

bojxona ombori egalari uchun — bojxona ombori faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berilgan sana;

bojxona brokeri hamda tovarlarni import/eksport qiluvchilar uchun — bojxona organlariga erkin muomalaga chiqarish (import)/eksport bojxona rejimlariga muvofiq taqdim etilgan dastlabki bojxona yuk deklaratsiyasini bojxona rasmiylashtiruvi sanasi;

bojxona tashuvchilari uchun — yuridik shaxs bojxona tashuvchilari reyestriga kiritilgan sana hisoblanadi.

11. Ikkinchi turdagi guvohnoma asosida reyestrga kiritish haqida ariza berilgan paytda yuridik shaxs quyidagi qo‘shimcha mezonlarga mos kelishi lozim:



ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq belgilangan talablarga mos keladigan tovarlarni saqlash uchun ombor sifatida foydalanishga mo‘ljallangan (foydalanish yoki egalik qilish huquqida) inshootlar, binolar (binolarning bir qismi) va (yoki) ochiq maydonchalarga (ochiq maydonchalarning bir qismi) ega bo‘lishi;

tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik mavjud emasligi.

12. Uchinchi turdagi guvohnoma asosida reyestrga kiritish haqida ariza berilgan paytda yuridik shaxs bojxona organlariga ariza bergan kuniga qadar kamida 2 yil davomida birinchi va (yoki) ikkinchi turdagi guvohnomaga ega bo‘lgan operator sifatida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishi lozim.

Operator maqomi to‘xtatilgan muddat davri ko‘rsatilgan muddatga kiritilmaydi.

13. Qo‘mita kalendar yilida bir marta o‘rganish yakunlari bo‘yicha operator faoliyatining ushbu Nizomning 10 — 12-bandlarida keltirilgan mezonlarga mosligi to‘g‘risidagi xulosa tuzadi.



5-bob. Reyestrga kiritish to‘g‘risida ariza berish va uni ko‘rib chiqish tartibi

14. Yuridik shaxs reyestrga kiritish uchun Qo‘mitaga ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha yozma ariza taqdim etadi.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

yuridik shaxsning rahbari, bosh buxgalteri va vakolatli shaxsining soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami (STIR) hamda ularning fuqaro pasport nuxsalari;

rahbar, bosh buxgalter va yuridik shaxsning hamda vakolatli shaxsining ish joyini tasdiqlovchi hujjat, shu jumladan ishonchnoma va tegishli shartnoma nusxasi;

operatorning tovarlarni saqlash uchun ombor sifatida foydalanishga mo‘ljallangan inshootlar, binolar (binolarning bir qismi) va (yoki) ochiq maydonchalarga (ochiq maydonchalarning bir qismi) egaligini tasdiqlovchi hujjatlar yoki ularni ijaraga (amal qilish muddati bir yildan kam bo‘lmagan) olish bo‘yicha shartnomalarning (kontraktlar, bitimlar) nusxalari.

Birinchi va ikkinchi turdagi guvohnomalarni olish bilan reyestrga kiritish uchun yuridik shaxs bitta ariza taqdim etish huquqiga ega.

15. Arizaga alohida hujjatlar ilova qilinmaydi, agarda Qo‘mita bunday hujjatlar haqidagi ma’lumotlarni va (yoki) ulardagi ma’lumotlarni davlat bojxona organlari foydalanadigan axborot tizimlari, shuningdek, idoralararo axborot hamkorligi doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlari orqali olishi mumkin bo‘lsa, mazkur Nizomning 14-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar bundan mustasno.

16. Qo‘mita arizani ro‘yxatga olingan kundan boshlab 30 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.



Arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.

Ushbu Nizomning 14-bandida qayd etilgan hujjatlar to‘liq bo‘lmagan hollarda ariza ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.



17. Qo‘mita ushbu Nizomning 16-bandida belgilangan muddatdan kechiktirmay, yuridik shaxsni reyestrga kiritish yoki kiritishni rad etish to‘g‘risida yozma xabarnoma yuboradi.

Yuridik shaxsning ushbu Nizomning 10 — 12-bandlarida ko‘rsatilgan mezonlarga muvofiq emasligi uni reyestrga kiritishni rad etishga sabab bo‘ladi.

18. Operator reyestrga kiritilgan kundan e’tiboran maxsus soddalashtirishlardan foydalanish huquqiga ega.

6-bob. Bojxona operatsiyalarni amalga oshirish uchun maxsus soddalashtirishlar turlari

19. Birinchi turdagi guvohnoma operatorga quyidagi maxsus soddalashtirishlardan foydalanish huquqini beradi:



tovarlarni deklaratsiyalash va chiqarish bilan bog‘liq bojxona operatsiyalarini birinchi navbatda amalga oshirish;

operator tomonidan tashiladigan tovarlarga nisbatan tovarni tashish yo‘nalishini belgilamaslik;

bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta’minlanmagan holda, operatorning tovarlarini jo‘natuvchi bojxona organidan tovar kelib tushadigan joygacha yetkazib berish;

bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta’minlanmagan holda, operatorning transport vositasida bojxona tranzitini amalga oshirish;

eksportga jo‘natiladigan operatorning tovarlari yuklangan transport vositalarining yuk xonalari (otseklari) yoki ularning bir qismiga operator tomonidan qo‘yilgan plombalarni davlat bojxona xizmati organlari tomonidan identifikatsiya vositalari sifatida tan olinishi;

davlat bojxona xizmati organlari tomonidan vaqtni qisqartirish va bojxona operatsiyalarini o‘tkazish tartibini optimallashtirishga qaratilgan tajriba loyihalarida ustuvor ishtirok etish;

bojxona to‘lovlari to‘lanishini 50 foizga ta’minlagan holda, bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lash va (yoki) muddatini yigirma ish kunigacha kechiktirgan holda operatorning tovarlarini erkin muomalaga chiqarish.

20. Ikkinchi turdagi guvohnoma operatorga quyidagi maxsus soddalashtirishlardan foydalanish huquqini beradi:



tovarlarni deklaratsiyalash va chiqarish bilan bog‘liq bojxona operatsiyalarini birinchi navbatda amalga oshirish;

operatorning tovar va transport vositalarini chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilishda bojxona nazorati shakllari qo‘llanilmasligi, xavfni boshqarish tizimida belgilangan choralar bundan mustasno;

bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta’minlanmagan holda, tovarlarni operatorning binolari, ochiq maydonchalari va boshqa hududlariga bojxona nazorati ostida joylashtirish;

bojxona organlari bilan kelishilgan holda, operatorning ochiq maydonlari va boshqa hududlarida tovarlarni chiqarish bilan bog‘liq bojxona operatsiyalarini amalga oshirish;

bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta’minlanmagan holda, bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lash va (yoki) muddatini yigirma ish kunigacha kechiktirgan holda tovarlarni erkin muomalaga chiqarish;

bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta’minlanmagan holda, tovarlarni chiqarishda ularning bojxona qiymatini shartli ravishda aniqlash;

alohida hujjatlar (muvofiqlik sertifikati) mavjud bo‘lmaganda, tovarlarni (oziq-ovqat tovarlari va farmatsevtika mahsulotlari bundan mustasno) shartli ravishda chiqarish va hujjatlarni keyinchalik oltmish kalendar kuni davomida taqdim etish;

davlat bojxona xizmati organlari tomonidan bojxona operatsiyalarini amalga oshirish vaqtini qisqartirish va tartibini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan tajriba loyihalari sinovlarida ishtirok etish.

21. Uchinchi turdagi guvohnoma operatorga quyidagi maxsus soddalashtirishlardan foydalanish huquqini beradi:



mazkur Nizomning 19 — 20-bandlarida ko‘rsatilgan maxsus soddalashtirishlar;

bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta’minlanmagan holda, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 272-moddasiga muvofiq bojxona yuk deklarsiyasi taqdim etilgunga qadar tovarlarni chiqarib yuborish;

bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta’minlanmagan holda, bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lash va (yoki) muddatini oltmish ish kunigacha kechiktirgan holda, tovarlarni erkin muomalaga chiqarish;

bojxona masalalarini muvofiqlashtirish va hal qilishda operatorga ko‘maklashish uchun davlat bojxona xizmati organlarining mas’ul xodimini (keyingi o‘rinlarda koordinator deb ataladi) tayinlash.

7-bob. Operatorlarni o‘zaro tan olish

22. Uchinchi turdagi guvohnomaga ega bo‘lgan operatorlarga ushbu Nizomda nazarda tutilmagan va O‘zbekiston Respublikasi o‘zaro tegishli shartnomalar tuzgan xorijiy davlatlar hududida qo‘llaniladigan boshqa imtiyozlar va maxsus soddalashtirishlar taqdim etilishi mumkin.

23. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ushbu Nizomda nazarda tutilgan imtiyozlar va maxsus soddalashtirishlar xorijiy davlatlarning vakolatli xo‘jalik yurituvchi subyektlariga ham o‘zaro asosda berilishi mumkin.

8-bob. Operator maqomini to‘xtatib turish va qayta tiklash

24. Operator maqomi quyidagi holatlarda to‘xtatib turiladi:



operatorning yozma murojaatiga asosan;

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 171, 1711, 174, 175, 176, 177 va 227 — 22721, 22722-moddaning birinchi qismi, 22723 22727-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun operatorning rahbari yoki bosh buxgalteri, shuningdek, vakolatli shaxsini ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida sud qarori kuchga kirganda;

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining175, 182, 184, 188, 189, 209, 228 va 246-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun operatorning rahbari yoki bosh buxgalteri yoxud vakolatli shaxsiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganda;

xabarnomada belgilangan muddatda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlar bajarilmaganda yoki to‘liq bajarilmaganda;

ushbu Nizomning 10-bandi beshinchi xatboshiga muvofiq belgilangan faoliyat ko‘rsatkichlari kamayganda;

ushbu Nizomning 14-bandiga muvofiq taqdim etilgan hujjatlarning amal qilish muddati tugaganda.

25. Ushbu Nizomning 24-bandida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lsa, Qo‘mita operatorning maqomini to‘xtatadi va tegishli qaror qabul qilinganidan so‘ng bir ish kunidan kechiktirmagan holda, uni bu haqda yozma ravishda xabardor qiladi.

26. Quyidagi holatlar yuzaga kelganda:

24-bandi uchinchi xatboshida nazarda tutilgan holatda — to‘xtatib turish muddati bir yilni;

24-bandi to‘rtinchi xatboshida nazarda tutilgan holatda — to‘xtatib turish muddati sudning oqlov hukmi chiqquniga qadar bo‘lgan davrni;

24-bandi beshinchi xatboshida nazarda tutilgan holatda — to‘xtatib turish muddati o‘ttiz ish kunini;

24-bandi oltinchi xatboshida nazarda tutilgan holatda — to‘xtatib turish muddati 10-bandi beshinchi xatboshida ko‘rsatilgan mezonlarga muvofiq holga keltirilgunga qadar bo‘lgan, lekin bir yildan ortiq bo‘lmagan davrni tashkil qiladi.

27. Maqomni to‘xtatib turish bilan bog‘liq holatlar bartaraf etilganda yoki sudning oqlov hukmi chiqarilganda, operator besh ish kuni ichida Qo‘mitaga tegishli xabarnoma yuboradi.

28. Qo‘mita xabarnomani olgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida operatorning maqomini qayta tiklash yoki qayta tiklashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va qabul qilingan qaror to‘g‘risida uni xabardor qiladi.

Ushbu Nizomning 24-bandida keltirilgan holatlarning bartaraf etilmasligi maqomni qayta tiklashni rad etishga sabab bo‘ladi.

9-bob. Operatorlarni reyestrdan chiqarish tartibi

29. Operator quyidagi hollarda reyestrdan chiqariladi:



operatorning o‘z xohishi bilan reyestrdan chiqarish to‘g‘risidagi yozma murojaati bo‘yicha;

operator maqomiga ega bo‘lgan yuridik shaxs qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatilgan taqdirda;

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 175, 182, 184, 188, 189, 209, 228 va 246-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun operatorning rahbari yoki bosh buxgalteri yoxud vakolatli shaxsiga nisbatan sud hukmi kuchga kirganda;

operator maqomini to‘xtatib qo‘yishga olib kelgan va ushbu Nizomning 24-bandi beshinchi xatboshida nazarda tutilgan holatlar o‘ttiz ish kuni ichida bartaraf etilmaganda;

operator maqomini to‘xtatib qo‘yishga olib kelgan va ushbu Nizomning 24-bandi oltinchi xatboshida nazarda tutilgan holatlar bir yil ichida bartaraf etilmaganda;

operator qayta tashkil etilganda, o‘zgartirish orqali qayta tashkil etish bundan mustasno;

operator maqomi vakolatli organ tomonidan taqdim etilgan va bunday maqomni berish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan ishonchsiz ma’lumotlar asosida berilgani aniqlanganda;

operator tomonidan ushbu Nizomning 33-bandida nazarda tutilgan majburiyatlar bir yil mobaynida ikki martadan ortiq bajarilmaganda.

30. Qo‘mita ushbu Nizomning 29-bandida nazarda tutilgan asoslar yuzaga kelishi to‘g‘risida xabar olingan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmasdan, operatorni reyestrdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Qo‘mita operatorni reyestrdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida chiqarish uchun asoslarni ko‘rsatgan holda, operatorni bu haqda yozma ravishda xabardor qiladi.

31. Operator reyestrdan chiqarilgan taqdirda, ushbu Nizomning 29-bandi ikkinchi xatboshida keltirilgan holatdan tashqari yuridik shaxs uch yildan so‘ng ushbu Nizomning 29-bandi to‘rtinchi xatboshida keltirilgan holatda — besh yildan so‘ng reyestrga kiritish to‘g‘risida takroran ariza berish huquqiga ega.

Operator reyestrdan chiqarilgan kundan boshlab, unga berilgan guvohnoma o‘z kuchini yo‘qotgan xisoblanadi va shu muddatdan boshlab operator maqomi uchun nazarda tutilgan soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqi bekor qilinadi.

10-bob. Operatorning huquq va majburiyatlari

32. Operator qo‘yidagi huquqlarga ega:



reyestrga kiritilgan kundan boshlab, ushbu Nizomning 6-bobida nazarda tutilgan maxsus soddalashtirishlardan foydalanish, operator maqomini to‘xtatib turish holati bundan mustasno;

koordinator yordamida bojxona masalalari yuzasidan belgilangan tartibda ma’lumot va maslahatlar olish;

bojxona operatsiyalarini maxsus soddalashtirishlarni qo‘llagan holda, amalga oshirishga mas’ul rahbarlar va o‘z shtatidagi shaxslar orasidan koordinator bilan o‘zaro hamkorlik qilish uchun mas’ul shaxsni belgilash.

Operator qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

33. Operator quyidagilarga majbur:

reyestrga kiritilganidan so‘ng ushbu Nizomning 10 — 12-bandlarida keltirilgan mezonlarga muvofiq bo‘lishi;

bojxona organlariga reyestrga kiritishda taqdim etilgan ma’lumotlar o‘zgarishi haqida xabar berish va bunday o‘zgarishlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ushbu ma’lumotlar o‘zgargan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida taqdim etish;

bo‘lib to‘lashga ruxsat berilgan yoki muddati kechiktirilgan bojxona to‘lovlarining bojxona organlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq yuborilgan xabarnomada ko‘rsatilgan muddatning oxirgi kunidan kechiktirmasdan to‘lanishini ta’minlash;

davlat bojxona xizmati organlari mansabdor shaxslari operatorlarning bojxona nazoratida turgan tovarlar saqlanayotgan inshootlari, binolari (binolarning qismlari) va (yoki) ochiq maydonlariga (ochiq maydonlar qismlariga) to‘siqsiz kirishi to‘g‘risida davlat bojxona xizmati organlarining talablarini bajarish;

davlat bojxona xizmati organlari talablariga muvofiq bojxona nazoratini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etish;

davlat bojxona xizmati organi bojxona nazorati shakllari va bojxona nazoratining amalga oshirilishini ta’minlash choralarini qo‘llash zarurligi to‘g‘risida xabar bermagan taqdirda, tovarlar chiqarilguniga qadar qonunbuzarliklarni mustaqil ravishda aniqlash va bartaraf etish;

tovarlarni deklaratsiyalash va hisobga olish bo‘yicha bojxona operatsiyalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan avtomatlashtirilgan tizimga ega bo‘lish.

Operator qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.



11-bob. Operator faoliyatini nazorat qilish

34. Agar nazorat chorasi xavfni boshqarish tizimida mavjud bo‘lsa, davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda operatorlarning tovarlariga nisbatan bojxona nazorati shakllari qo‘llanishi mumkin.

35. Bojxona nazoratida bo‘lgan operatorning tovarlariga huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash (cheklash) bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan taqdim etilgan asoslar mavjud bo‘lsa, davlat bojxona xizmati organi ushbu tovarlarga nisbatan bojxona tartib-taomillarini vakolatli organning alohida qarori qabul qilinguniga qadar to‘xtatib turadi.

Vakolatli organlar aniqlangan va fosh etilgan jinoyatlar yoki boshqa tergov natijalari, jinoyatlarni sodir etgan shaxslar, shuningdek, operatorlarning soliqlar bo‘yicha qarzdorligi (jarimalar, penyalar va boshqa huquqbuzarliklar) to‘g‘risida uch ish kunidan kechiktirmasdan, davlat bojxona xizmati organlarini axborot tizimlari orqali (mavjud axborotdan noqonuniy foydalanish imkonini bermaydigan himoyalangan aloqa kanallari orqali) xabardor qilishi shart.



12-bob. Davlat bojxona xizmati organlarining operatorlar bilan o‘zaro hamkorligi

36. Qo‘mita operatorning O‘zbekiston Respublikasi bojxona qonunchiligi va ushbu Nizom talablariga rioya etishi yuzasidan nazoratni ta’minlaydi.

37. Davlat bojxona xizmati organlari ushbu Nizomda belgilangan tartibda operator deklarant bo‘lgan tovarlarga nisbatan bojxona operatsiyalarini amalga oshiradi.

38. Bojxona organlari maxsus soddalashtirishlarni qo‘llashda, shu jumladan bojxona qonunchiligini qo‘llash masalalari yuzaga kelganda, operatorlar bilan o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish maqsadida bunday o‘zaro hamkorlikni tashkil etish uchun koordinatorlarni belgilashi mumkin.



13-bob. Yakunlovchi qoidalar

39. Davlat bojxona xizmati organlari mansabdor shaxslarining qarorlari, shuningdek, harakatlari (harakatsizliklari) yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq shikoyat qilinishi mumkin.

40. Davlat bojxona xizmati organlari ayrim operatorlarga qayd etilgan faoliyatni amalga oshirish uchun boshqa imtiyozli sharoitlar yaratishga haqli emas.

41. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.



Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA

VAKOLATLI IQTISODIY OPERATORLAR
REESTRIGA KIRITISh TO‘G‘RISIDAGI
GUVOHNOMA ShAKLI



Vakolatli iqtisodiy operatorlar
reyestriga kiritish to‘g‘risidagi
GUVOHNOMA
________________________________
(guvohnoma turi ko‘rsatiladi)
__________

Davlat bojxona qo‘mitasi ushbu orqali tasdiqlaydiki, ______________________________________________
__________________________________________________________________________________________
(tashkiliy-huquqiy shakli,
___________________________________________________________________________________________
yuridik shaxs nomi)

vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestriga kiritildi.

Yuridik shaxsning manzili: _____________________________________________________________________


___________________________________________________________________________________________
___________________________________________________________________________________________

Mazkur guvohnoma _____________________________________________________________ dan kuchga kiradi.
(sana)

Alohida beliglar: ____________________________________________________________________________



_______________________________

_______________________________

(DBQ rahbarining lavozimi)

(imzo, rahbar F.I.O)

20_____y “_____” ______________

Download 0.53 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling