Okoz: 13. 00. 00. 00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13. 01. 00. 00 Ta’lim / 13. 01. 04. 00 Ta’lim muassasalari / 13. 01. 04. 02 O‘rta ta’lim muassasalari; 13. 00. 00. 00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13. 01. 00. 00 Ta’lim / 13


Download 42.45 Kb.
Sana20.09.2020
Hajmi42.45 Kb.
#130478
Bog'liq
3271 30.06.2020




[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.04.00 Ta’lim muassasalari / 13.01.04.02 O‘rta ta’lim muassasalari;

2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.09.00 O‘rta ta’lim]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining


qarori

Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida

[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3271]

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son “O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi qaror qiladi:



1. Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Xalq ta’limi vaziri Sh. ShERMATOV

Toshkent sh.,

2020-yil 22-iyun,

8-mh-son

Moliya vaziri T. IShMETOV

Toshkent sh.,

2020-yil 22-iyun,

28-son

Sog‘liqni saqlash vaziri A. ShADMANOV

Toshkent sh.,

2020-yil 22-iyun,

124/1-son

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020-yil 20-iyundagi 8-mh, 28, 124/1-son qaroriga


ILOVA

Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son “O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda o‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibini belgilaydi.



1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

bazaviy tarif stavkasi ― bir stavka dars soati uchun o‘qituvchining ma’lumoti va malaka toifasiga ko‘ra belgilangan bazaviy haq miqdori;

o‘qituvchining tarif stavkasi ― o‘qituvchiga biriktirilgan dars soatlari asosida bir stavka uchun belgilangan bazaviy tarif stavkadan kelib chiqib aniqlanadigan miqdor;

sinf komplekti ― o‘quvchilarni belgilangan me’yorlar asosida bitta sinfga jamlash;

dars soatlari setkasi ― umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi asosida umumta’lim muassasasining sinflar soni, sinf komplektidagi o‘quvchilar soni va tegishli mutaxassislik bo‘yicha o‘qituvchilar mavjudligini inobatga olgan holda barcha fanlar bo‘yicha shakllantirilgan jami dars soatlari;

elektron dastur ― umumta’lim muassasalari to‘g‘risida zarur ma’lumotlar kiritiladigan va istalgan vaqtda Internet jahon axborot tarmog‘i orqali ushbu ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini yaratib beruvchi dastur.

2. Ushbu Nizom talablari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etiladi.

2-bob. Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash

3. Umumta’lim muassasalarining sinflari o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, quyidagi me’yorlar asosida komplektlanadi:

shahar hududi va tuman markazlarida 25 ― 35 nafargacha;

qishloq hududlarida 20 ― 35 nafargacha (olis (tog‘li, cho‘lli) hududlarda joylashgan umumta’lim muassasalari bundan mustasno).

O‘quvchilar soni mazkur me’yorlardan kam bo‘lgan hollarda umumta’lim muassasasi hamda tuman (shahar) xalq ta’limi va moliya bo‘limlari bilan kelishilgan holda sinflar komplektlanadi.

Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari, Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasalari, Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasalari hamda ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarida sinflar tegishliligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 7-avgustdagi 173-son “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi, 2011-yil 13-sentabrdagi 256-son “Imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi, 2019-yil 17-oktabrdagi 880-son “Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq komplektlanadi.

4. Kam komplektli umumta’lim muassasalarida (filiallarda) boshlang‘ich sinf o‘quvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin:

o‘quvchilar soni 8 nafargacha bo‘lgan I ― IV sinflar;

o‘quvchilar soni 12 nafargacha bo‘lgan uchta boshlang‘ich sinf;

o‘quvchilar soni 24 nafargacha bo‘lgan ikkita boshlang‘ich sinf (I va III, II va IV sinflar).

5. Namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilmagan, moslashtirilgan binolarda joylashgan, o‘quvchilar soni yetarli bo‘lmagan umumta’lim muassasalarida, olis (tog‘li, cho‘lli) hududlarda joylashgan umumta’lim muassasalarida, shuningdek, o‘zbek tilida o‘qitilmaydigan umumta’lim muassasalarida o‘quvchilar soni sinflarni komplektlashning o‘ziga xos shart-sharoitlaridan kelib chiqib, hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlari bilan kelishilgan holda belgilanadi.

6. Umumta’lim muassasalarida sinflar komplektlarini shakllantirishda sinflar bo‘yicha jami o‘quvchilar soni, shu jumladan o‘g‘il va qiz bola o‘quvchilar, inklyuziv ta’lim va yakka tartibda uyda ta’lim oluvchi o‘quvchilar sonining mazkur Nizomning 3-bandida ko‘rsatilgan me’yorlarga muvofiq bo‘lishi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi talab etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘laridan oqilona foydalanish va ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida umumta’lim muassasalarida mazkur Nizomda belgilangan me’yorlardan ortiq sinflar komplektlarini shakllantirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

7. Umumta’lim muassasalari har yili 30-avgustga qadar ta’lim olayotgan hamda I sinfga qabul qilinayotgan o‘quvchilarning nomma-nom ro‘yxatini shakllantiradi hamda elektron dastur orqali ma’lumotlarni tegishliligi bo‘yicha hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlariga ko‘rib chiqish uchun yuboradi.

Sinflar komplektini shakllantirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘g‘ri va haqqoniy kiritilishi uchun umumta’lim muassasasining direktori mas’ul hisoblanadi.

8. Umumta’lim muassasalari tomonidan elektron dastur orqali yuborilgan sinflar komplektini shakllantirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlari tomonidan quyidagi mezonlar asosida ko‘rib chiqiladi:

umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hudud (mikrohudud) bo‘yicha bir-biriga yaqin bo‘lgan umumta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar soni va sinf komplektini o‘zaro taqqoslash;

boshqa umumta’lim muassasalaridan kelgan va ketgan o‘quvchilarning umumta’lim muassasasi direktori buyrug‘i asosida sanoqqa kiritilganligi yoki sanoqdan chiqarilganligi o‘rganish;

har bir sinf bo‘yicha o‘tgan yilga nisbatan sinf sonining o‘sishi yoki kamayishini tahlil qilish;

qiz va o‘g‘il bolalar sonidan kelib chiqib, sinf o‘quvchilarining guruhlarga to‘g‘ri ajratilganligi o‘rganish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘laridan samarali foydalanish hamda sun’iy ravishda sinflar sonining ko‘payishi holatlariga yo‘l qo‘ymasligini o‘rganish.

9. Hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlari tomonidan ko‘rib chiqilgan sinflar komplektini shakllantirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar har yili 15-sentabrga qadar tasdiqlanadi yoki aniqlangan xato va kamchiliklarni asoslantirgan holda qayta ishlash uchun yuboriladi.

Qayta ishlash uchun yuborilgan sinflar komplektini shakllantirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar umumta’lim muassasasi tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi va hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari hamda hududiy moliya organlariga ikki ish kuni ichida elektron dastur orqali tasdiqlash uchun qaytadan yuboriladi.

10. Hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari hamda hududiy moliya organlari tomonidan ko‘rib chiqilgan va tasdiqlangan sinflar komplektini shakllantirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida hududiy xalq ta’limi bo‘linmasining o‘z hududidagi umumta’lim muassasalarida tashkil etiladigan sinflar komplektlari to‘g‘risidagi tegishli buyrug‘i qabul qilinadi.

11. Har yili yanvar oyida zarurat tug‘ilganda sinflar komplektlari mazkur Nizomga asosan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

12. Tegishli moliya yili uchun tuzilgan xarajatlar smetasida ko‘zda tutilgan sinflar sonidan ortiq sinflarni tashkil etish, hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

3-bob. Tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish

13. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish uchun umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi ishlab chiqiladi.

14. Umumta’lim muassasalari umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi asosida har yili 10-sentabrga qadar umumta’lim muassasasining dars soatlari setkasini shakllantiradi.

Bunda ta’lim qoraqalpoq, rus, qozoq, tojik, qirg‘iz, turkman tillarida olib boriladigan kam komplektli umumta’lim muassasalarida o‘qish, ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha dars soatlari setkasi o‘quvchilar ta’lim olishni xohlagan tildan kelib chiqib, umumta’lim muassasalari tomonidan hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari bilan kelishilgan holda shakllantiriladi.

15. Umumta’lim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, har yili 15-sentabrga qadar o‘qituvchilarga dars soatlari quyidagi ko‘rsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi:

xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;

o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;

chet tili va STEAM fanlaridan mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega o‘qituvchilar (TESOL Level 5, CEFR B2, IELTS 6 va undan yuqori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadigan boshqa sertifikatlar);

TOP-1000 universitetlar reytingiga kiradigan dunyoning yetakchi universitetlarini bitirgan o‘qituvchilar;

asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;

o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblari;

respublika bosqichidagi ko‘rik tanlovlarda (yil o‘qituvchisi) sovrinli o‘rinlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar;

oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;

birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;

asosiy olimpiadalarning viloyat va tuman bosqichi g‘oliblarining o‘qituvchilari;

ikkinchi malaka toifaga ega o‘qituvchilar;

pedagogik yo‘nalish bo‘yicha magistr darajasiga ega o‘qituvchilar;

belgilangan tartibda o‘z fanidan o‘tkazilgan nazariy va amaliy sinovlar natijasi bo‘yicha a’lo baholarga ega o‘qituvchilar;

oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchilar;

qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega o‘qituvchilar;

oliy ta’lim muassasalarining pedagogik yo‘nalish bo‘yicha bitiruvchi bosqich talabalari;

pedagogik yo‘nalish bo‘yicha xorijiy davlatlarning oliygohlarini bitirgan, biroq diplomi tan olinmagan o‘qituvchilar;

oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar o‘rta maxsus, professional ma’lumotga ega o‘qituvchilar;

oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar umumta’lim muassasasining tegishli mutaxassisligi bo‘yicha rahbar xodimlari.

Umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkin.

16. Yuqoridagi ko‘rsatkichlar ketma-ketlik asosida ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etiladi.

Maksimal dars soati olish imkoniyatiga ega bo‘lgan o‘qituvchining yozma roziligi bilan unga ajratilishi mumkin bo‘lgan dars soatlari boshqa o‘qituvchilarga berilishi mumkin.

O‘qituvchi mazkur Nizomning 15-bandida belgilangan ko‘rsatkichlarning bir nechtasiga ega bo‘lganda, ko‘rsatkichlarning eng ustuvorini inobatga olgan holda dars soatlari taqsimlanadi.

Aynan bir xil ko‘rsatkichlar mavjud bo‘lgan bir nechta o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlari teng taqsimlanadi.

17. Umumta’lim muassasalarining o‘qituvchilariga yillik bir yarim stavkadan (yillik 2 322 soat) ortiq dars soatlari belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

18. Umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan taqsimlangan dars soatlari har yili 17-sentabrga qadar elektron dasturga kiritiladi.

19. Homiladorlik va tug‘ish ta’tili hamda bola parvarishidan qaytgan o‘qituvchilarga, shuningdek, ishlovchi pensionyerlarga dars soatlari mehnat qonunchiligiga asosan mazkur Nizomning 15-bandida belgilangan ko‘rsatkichlar ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.

20. O‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxatini shakllantirish maqsadida umumta’lim muassasasi tomonidan har yili 20-sentabrga qadar elektron dasturga quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:

o‘qituvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan ismi, familiyasi, otasining ismi, diplom bo‘yicha ma’lumoti, malaka toifasi to‘g‘risida ma’lumotlar;

bazaviy tarif stavkalari to‘g‘risida ma’lumotlar, shu jumladan o‘qituvchining tarif stavkalari to‘g‘risida ma’lumotlar (bunda o‘qituvchining har bir fan uchun ma’lumoti va tegishli malaka toifasi berilgan sanasi va amal qilish muddati ko‘rsatiladi);

pedagogik kengash tomonidan o‘qituvchilar o‘rtasida taqsimlangan dars soatlari;

daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun qo‘shimcha haq to‘lovlari;

informatika kabineti mudirligi uchun qo‘shimcha haq to‘lovlari;

o‘qituvchiga biriktirilgan sinf va sinf rahbarligi uchun qo‘shimcha haq to‘lovlari;

uyda yakka tartibda mashg‘ulotlar olib borayotgan o‘qituvchilarga taqsimlangan dars soatlari va ular bo‘yicha o‘qituvchi xodimning tarif stavkalari;

o‘qituvchilarga direktor jamg‘armasi hisobidan belgilangan har oylik ustamalar miqdorlari (foizi va miqdori ko‘rsatiladi);

amaldagi me’yoriy hujjatlarga muvofiq belgilanadigan boshqa ustama va qo‘shimcha to‘lovlar.

21. Umumta’lim muassasasi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan elektron dasturga kiritilgan o‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxati tegishliligi bo‘yicha hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlariga har yili 20-sentabrga qadar ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun yuboriladi.

Elektron dasturga o‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxatining to‘g‘ri va haqqoniy kiritilishi uchun umumta’lim muassasasi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari mas’ul hisoblanadi.

22. Hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlari har yili 25-sentabrga qadar o‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxatini ko‘rib chiqadi va ularni tasdiqlaydi yoki tasdiqlashni rad etadi.

23. Hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlari tomonidan o‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxati quyidagi mezonlar asosida ko‘rib chiqiladi:

bir stavkada ishlovchi o‘qituvchi uchun boshlang‘ich I ― IV sinflardagi haftalik o‘quv yuklamasi ― 18 soat va pedagogik yuklamasi ― 18 soatni hamda yuqori V ― XI sinflardagi haftalik o‘quv yuklamasi ― 20 soatni va pedagogik yuklama ― 16 soatni tashkil etadi, bunda o‘qituvchining pedagogik yuklamasi haftalik o‘quv yuklamasiga mos ravishda boshlang‘ich I ― IV sinflarda 1,0 koeffitsiyentga, yuqori V — XI sinflarda 0,8 koeffitsiyentga ko‘paytirilgan holda hisoblanganligi;

umumta’lim muassasasining rahbar xodimi (direktor va uning o‘rinbosarlari) tomonidan asosiy lavozimning bir haftada 10 soatgacha hajmda o‘qituvchi lavozimi bilan qo‘shib olib borilganligi (o‘quv yuklamasi yuritilishiga) hamda ular tomonidan bajarilgan dars soatlariga soatbay haq to‘langanligi;

umumta’lim muassasalarining uyda yakka tartibda mashg‘ulotlar olib borayotgan o‘qituvchilariga haq to‘lash bazaviy tarif stavkasini o‘quv va pedagogik yuklamalarga bo‘lish, ularni yakka tartibda o‘tkazilgan haqiqiy dars soatlariga ko‘paytirish va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 29-sentabrdagi 490-son “Xalq ta’limi tizimi xodimlariga haq to‘lashni tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan o‘qituvchining tarif stavkasi hamda lavozim maoshlari miqdoriga qo‘shimcha oyiga 50 foiz to‘lov amalga oshirilganligi (bunda yakka tartibda o‘quvchini uyda o‘qitayotgan o‘qituvchilarning asosiy oylik yuklamasi maktabda bo‘lishi shart);

daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun qo‘shimcha haq o‘qituvchining daftarlar va yozma ishlar bo‘yicha tekshiriladigan fanlarning umumiy soatlari va sinf komplektidagi o‘quvchilar sonidan kelib chiqqan holda hisoblanganligi;

sinf rahbarligi uchun qo‘shimcha haq sinfdagi o‘quvchilar soniga ko‘ra belgilangan miqdorlar bo‘yicha hisoblanganligi;

umumta’lim muassasalarida o‘qituvchilarga bittadan ortiq sinfga rahbarlik qilishga va mehnatini soatbay asosda olib boruvchi o‘qituvchilarga sinfga rahbarlik qilishga yo‘l qo‘yilmasligi (bunda boshlang‘ich sinflarda sinf rahbarligi ona tili, o‘qish va matematika fanlaridan dars o‘tadigan o‘qituvchilarga yuklatiladi);

informatika kabineti mudirligi uchun qo‘shimcha to‘lovlar belgilangan miqdorlar asosida umumta’lim muassasasidagi mavjud jihozlangan informatika kabineti soniga ko‘ra hisoblanganligi;

informatika kabineti mudirligi informatika fani o‘qituvchisiga yuklatilganligi (bunda informatika fani bo‘yicha mutaxassis bo‘lmagan hollarda matematika yoki fizika fanlari o‘qituvchilariga biriktirilishi mumkin, bir nafar informatika fani o‘qituvchisiga bittadan ortiq informatika kabineti yuklatilganda faqat bitta informatika kabineti mudirligi uchun qo‘shimcha haq belgilanadi);

direktor jamg‘armasi hisobidan har oylik ustamalar belgilanadigan o‘qituvchilar ro‘yxati umumta’lim muassasasida tashkil etilgan Ustamalar belgilash, moddiy rag‘batlantirish va moddiy yordam berish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan belgilangan talablarga ko‘ra aniqlanishi va ustamalar miqdorlari o‘qituvchining tarif stavkasiga nisbatan hisoblanganligi;

umumta’lim muassasalari o‘qituvchilariga har oylik qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar amaldagi me’yoriy hujjatlarga muvofiq belgilanganligi;

umumta’lim muassasasida fanlar bo‘yicha vakant soatlar uchun mablag‘larni rejalashtirish barcha ustama va qo‘shimchalarni (direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan ustamalar bundan mustasno) inobatga olib, bir stavkada ishlovchi oliy ma’lumotli o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi hisobidan kelib chiqqan holda elektron dastur orqali hisoblanganligi;

vakant sinf rahbarligi bo‘yicha qo‘shimcha haq to‘lovlari sinfdagi o‘quvchilar soniga ko‘ra belgilangan miqdorlarda hisoblanganligi.

24. O‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxati mazkur Nizomning 23-bandidagi mezonlarga muvofiq holda to‘ldirilgan bo‘lsa, ular hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlari tomonidan tasdiqlanadi.

Mazkur Nizomning 23-bandidagi mezonlarga nomuvofiq holda to‘ldirilgan o‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxatini tasdiqlash rad etiladi.

Hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlari tomonidan tasdiqlash rad etilgan o‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxati xato va kamchiliklarni asoslantirgan holda qayta ishlash uchun umumta’lim muassasasiga qaytariladi.

Hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlari tomonidan qaytarilgan o‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxati umumta’lim muassasasi tomonidan ikki ish kuni ichida qayta ko‘rib chiqiladi va elektron dastur orqali qayta yuboriladi.

Qayta yuborilgan o‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxati hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlari tomonidan bir ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.

25. O‘qituvchilarining tarifikatsiya ro‘yxati o‘zgartirilishi va qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Bunda o‘qituvchilar o‘rtasida jami dars soatlari rejasi doirasida kiritiladigan o‘zgartirishlar umumta’lim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxatidagi sinf sonining ko‘payishi yoki kamayishi oqibatida kiritiladigan o‘zgartirishlar tegishli hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va hududiy moliya organlari tomonidan qayta tasdiqlanishi lozim.

26. Budjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga muvofiq oshirilgan taqdirda xalq ta’limi muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari (lavozim maoshlari) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda qayta ko‘rib chiqiladi.

Qayta ko‘rib chiqilgan bazaviy tarif stavkalari (lavozim maoshlari) asosida o‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxati elektron dastur orqali qayta shakllantiriladi.

4-bob. Yakuniy qoida

27. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.06.2020-y., 10/20/3271/1117-son)

Download 42.45 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling