Okoz: 16. 00. 00. 00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16. 12. 00. 00 Jinoyat-protsessual qonunchiligi / 16. 12. 03. 00 Dalillar va isbot qilinishi lozim bo‘lgan holatlar] [tsz


Download 25.49 Kb.
Sana10.12.2019
Hajmi25.49 Kb.



[OKOZ:

1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.12.00.00 Jinoyat-protsessual qonunchiligi / 16.12.03.00 Dalillar va isbot qilinishi lozim bo‘lgan holatlar]

[TSZ:

1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Jinoyat-protsessual qonunchilik]

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining

Qarori

DALILLAR MAQBULLIGIGA OID JINOYaT-PROTSESSUAL QONUNI NORMALARINI QO‘LLAShNING AYRIM MASALALARI TO‘G‘RISIDA

 LexUZ sharhi

Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 24-avgustdagi 24-sonli “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.

Jinoyat-protsessual qonunining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan asosiy prinsipi — aybsizlik prezumpsiyasiga ko‘ra shaxs uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda belgilangan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.

Hukm faqat qonunda belgilangan tartibda to‘plangan dalillarga asoslangan bo‘lishi lozim.

Sud amaliyotini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv, dastlabki tergov yuritish va uni sudda ko‘rish davrida jinoyat-protsessual qonunining dalillar va isbot qilishga oid normalariga asosan rioya etilmoqda.

Shu bilan birga surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashni tartibga soluvchi qonun talablarini buzish hollari barham topmagan.

Jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlaridan fuqarolarni himoya qilish samarasini kuchaytirish, ular tomonidan Konstitutsiya va Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga rioya etilishi va bajarilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:

1. Tushuntirilsinki, JPK 11-moddasida mustahkamlangan qonuniylik prinsipiga muvofiq, har bir jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritish jinoyat-protsessual qonunida belgilangan tartibga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshirilishi shart.

Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonunni aniq bajarishdan va unga rioya qilishdan har qanday chekinish, u qanday sababga ko‘ra yuz berganligidan qat’i nazar, shu yo‘l bilan olingan dalillarning nomaqbul (yaroqsiz) deb topilishiga olib keladi.

Nomaqbul dalillar yuridik kuchga ega bo‘lmay, ulardan Jinoyat-protsessual kodeksining 82-84-moddalarida nazarda tutilgan holatlarni isbotlash uchun foydalanish hamda ularni ayblov asosiga qo‘yish mumkin emas.

2. Surishtiruv, tergov organlari va sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, isbot qilish jarayonida dalillarning maqbulligi to‘g‘risidagi masalani to‘g‘ri hal etish muhim o‘rin tutadi.

Dalillar maqbulligining shartlari quyidagilar:

dalil tegishli subyekt tomonidan, ya’ni dalilni olish bilan bog‘liq bo‘lgan protsessual harakatni o‘tkazishga vakolatli mansabdor shaxs tomonidan olingan bo‘lishi;

faktga oid ma’lumotlar faqat JPK 81-moddasining ikkinchi qismida qayd etilgan manbalardan olingan bo‘lishi;

dalil uni olish bilan bog‘liq protsessual harakatni o‘tkazishga oid qoidalar va tartibga rioya etilgan holda olingan bo‘lishi;

dalilni olishda tergov va sud harakati jarayoni va natijalarining qayd etilishiga doir qonunning barcha talablariga amal qilingan bo‘lishi shart.

Sudlarga tushuntirilsinki, dalillar maqbulligiga taalluqli yuqorida sanab o‘tilgan shartlardan birortasiga amal etilmasligi dalilning nomaqbul deb topilishiga asos bo‘ladi.

3. Dalillar, jumladan, quyidagi hollarda nomaqbul deb topiladi, agar:

1) dalil surishtiruvchi tomonidan surishtiruv tamom bo‘lganidan so‘ng, tergovchi, prokurorning yozma topshirig‘isiz o‘tkazilgan tergov harakati davomida olingan bo‘lsa, tergov harakati belgilangan tartibda ishni o‘z yurituviga olmagan yoki tergov guruhi tarkibiga kiritilmagan tergovchi tomonidan o‘tkazilgan bo‘lsa, tergov harakati JPK 76-moddasida belgilangan asoslarga ko‘ra rad etilishi shart bo‘lgan shaxs tomonidan o‘tkazilgan bo‘lsa;



2) ma’lumotlar tergov va sud harakati o‘tkazilmasdan yoki qonunda nazarda tutilmagan manbadan, masalan, jinoyat-protsessual qonunida belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan tezkor-qidiruv tadbirlari vaqtida olingan bo‘lsa;

3) dalil qonunga xilof usul bilan, ya’ni uni to‘plash yuzasidan qonunda nazarda tutilgan qoidalarga amal qilinmagan holda olingan bo‘lsa, jumladan:

a) prokurorning sanksiyasi olinishi shart bo‘lgan hollarda tergov harakatining sanksiya olinmasdan o‘tkazilishi (kechiktirib bo‘lmaydigan hollar bundan mustasno);

b) tergov harakatida xolis sifatida ish bo‘yicha manfaatdor shaxsning, shu jumladan, huquqni himoya qiluvchi organ xodimlari yoki ularga jamoatchilik asosida ko‘maklashuvchi boshqa shaxslarning ishtiroki;

v) ko‘rsatuvlarning, shu jumladan, aybiga iqrorlik to‘g‘risidagi ko‘rsatuvlarning qiynoqqa solish, zo‘rlik ishlatish hamda insonga nisbatan boshqa shafqatsiz yoki uning sha’ni, qadr-qimmatini kamsituvchi munosabatda bo‘lish, shuningdek, aldash va qonunga xilof boshqa yo‘llar orqali olinishi;

g) ekspert xulosasining ekspertiza tayinlash vaqtida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining huquqlari buzilgan holda, shuningdek, ekspert rad etilishi shart bo‘lgan holda olinishi;

d) himoyachining ishtiroki shart bo‘lgan hollarda uning ishtirokisiz gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchidan ko‘rsatuv olinishi;

e) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yaqin qarindoshlarining JPK 116-moddasi talablariga xilof ravishda o‘z roziligisiz gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchiga tegishli holatlar yuzasidan so‘roq qilinishi;

4) dalillarni qayd etishning protsessual formasi buzilgan bo‘lsa:

tergov va sud harakatlarida ishtirok etuvchi shaxslarga oid ma’lumotlar yo‘qligi;

tergov va sud harakatlarida ishtirok etuvchi shaxslarga huquq va majburiyatlarining tushuntirilmaganligi;

tergov va sud boshlangan va tugallangan vaqtning ko‘rsatilmaganligi;

JPK 90—93-moddalarida nazarda tutilgan boshqa talablarning bajarilmaganligi.

Jinoyat-protsessual qonuni talablari buzilgan tarzda olingan boshqa hollarda ham dalillar nomaqbul deb topilishi mumkin.

4. Tergov organlari va sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, to‘plash paytida yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi sababli nomaqbul deb topilgan ayrim dalillardan isbot qilishda tegishli protsessual harakatlar belgilangan talablarga amal qilgan holda o‘tkazilgandan so‘ng foydalanilishi mumkin (masalan, tergov yoki sud harakati o‘tkazish bayonnomalarida ayrim ma’lumotlar yoki bandlarning yo‘qligi, basharti bu kamchilikni xolislar, ushbu harakatning boshqa ishtirokchilarini, zarur hollarda esa, tergovchini so‘roq qilish orqali bartaraf qilish imkoniyati bo‘lsa).

Shu bilan birga, nomaqbul deb topilgan ayrim dalillarni, ularning yuridik tabiatiga ko‘ra, tiklashning imkoniyati yo‘q (masalan, qonunga muvofiq roziligi olinishi shart bo‘lgan hollarda jabrlanuvchini, guvohni uning roziligini olmay turib takroran so‘roq qilish, shaxsni yoki narsani tanib olish uchun takroran ko‘rsatish va h.k.). Bu esa, isbot qiluvchi subyektni muayyan holatni tasdiqlovchi vosita sifatida mazkur dalilga tayanish huquqidan mahrum etadi.

5. Tergov organlari va sudlar shuni e’tiborga olishlari lozimki, ish bo‘yicha har qanday qaror qabul qilishda, shu jumladan ayblov xulosasi va hukmda nomaqbul dalillarga asoslanish mumkin emas.

Nomaqbul deb topilgan dalillarni tiklashning imkoniyati bo‘lmagan hollarda sud ishni qo‘shimcha tergov yuritish uchun qaytarmasdan, to‘plangan dalillar majmuidan kelib chiqqan holda ishni mazmunan hal etishi kerak.

6. Qonun buzilishi oqibatida olingan dalil surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan nomaqbul deb topilishi mumkin.

Dalilni nomaqbul deb topish masalasi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi yoki qonuniy vakili, shuningdek, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar tomonidan qo‘yilishi mumkin.

7. Sud dalilni nomaqbul deb topganda, uni dalillar majmuidan chiqarish to‘g‘risida asoslantirilgan qaror qabul qiladi va bu haqda hukmning tavsif qismida ko‘rsatadi.

8. Sudlarga tushuntirilsinki, ishni mazmunan ko‘rish paytida har bir instansiya sudi, taraflarning iltimosnomasi bilan chiqarilgan dalilni maqbul deb topish to‘g‘risidagi masalani qayta muhokama etishi mumkin.

9. Sudlar har bir jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv, tergov olib borish, shuningdek, sud muhokamasi davrida jinoyat-protsessual qonunining isbot qilishning umumiy shartlariga oid talablariga rioya qilinganligini sinchiklab tekshirishlari va yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi hollari yuzasidan xususiy ajrim chiqarish orqali munosabat bildirishlari, zarur hollarda esa, Jinoyat kodeksining mansabdorlik jinoyatlari yoki odil sudlovga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal etishlari shart.

2004-yil 24-sentabr,



12-son

Download 25.49 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling