Olimning otasi Yakob Freyd ikkinchi bor uylanganida qirq yoshda, bo‘lg‘usi ona Amaliya Natanson yigirmada edi


Download 58.34 Kb.
Sana02.04.2020
Hajmi58.34 Kb.

  

Avstriyalik mashhur faylasuf, psixolog va psixiatr Zigmund Freyd (to‘liq ismi sharifi Sigizmund Shlomo Freyd) 1856 yilning 6 may kuni o‘sha paytda Avstriya imperiyasi tarkibiga kiruvchi Moraviyaning Frayberg shaharchasida tavallud topgan. Hozir Prishibor deb nomlangan bu shaharcha Chexiya hududida joylashgan. Olim tug‘ilgan Shlossergasse ko‘chasiga endi uning nomi berilgan.

Olimning otasi Yakob Freyd ikkinchi bor uylanganida qirq yoshda, bo‘lg‘usi ona – Amaliya Natanson yigirmada edi. Ularning har ikkisi ham Germaniyadan chiqqan yahudiylar oilasidan bo‘lib, Yakob Freyd vofurushlik bilan shug‘ullanar, oilaning iqtisodiy ahvoli bozordagi narx-navoning ko‘tarilishi va pasayishiga qarab o‘zgarib turardi. Shunga ko‘ra, Zigmund uch yoshga to‘lganida oila tirikchilik vajidan avval Leypsigga, bir yildan so‘ng Venaga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi.

Ota-onaning o‘qish-yozishga layoqatli bu o‘g‘ildan umidlari katta edi. Shuning uchun ham uning ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor berishdi. Natijada, Zigmund 9 yoshidayoq gimnaziyaga o‘qishga kiradi. Bu paytda oiladagi farzandlar 8 nafar bo‘lib (ularning ikki nafari avvalgi nikohdan edi), Zigmundning o‘qishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgandi. U, ayniqsa, adabiyot va falsafaga boshqacha qiziqish bilan qarar, Shekspir, Kant, Gegel, Shopengauer, Nitsshe asarlari mutolaasi bilan “ilm tishi” chiqqandi. O‘spirin Freyd nemis tilini mukammal bilishi barobarida grek va lotinchani ham o‘rgangan, fransuz, ingliz, ispan, italyan tillarida esa bemalol gaplasha olgan. Shu bois u 17 yoshida gimnaziyani muvaffaqiyatli bitiradi va 1873 yilda Vena universitetining tibbiyot fakultetiga o‘qishga kiradi…

Freydning tarjimai holi, ilmiy izlanishlari, hamkasblari bilan munosabatlariga oid qiziqarli ma’lumot va tafsilotlar shu qadar ko‘pki, ularning hammasiga batafsil to‘xtalib o‘tishning imkoni yo‘q. Shuning uchun ham biz e’tiborni olim ilmiy-falsafiy merosining ayrim muhim jihatlariga qaratishni ma’qul topdik.

Freyd o‘zining 83 yillik umri davomida 24 jildga jo bo‘lgan ilmiy asarlar yaratdi, u tibbiyot fanlari doktori, professor bo‘lish bilan birga, dunyoning bir qancha nufuzli ilmiy jamiyatlari, akademiyalari, assotsiatsiyalarining faxriy a’zosi etib saylangandi.

Zigmund Freyd jahon fanida psixoanaliz yo‘nalishiga asos solgan alloma sifatida tanilgan bo‘lib, uning bu kashfiyoti XX asr psixologiyasi, tibbiyoti, sotsiologiyasi, antropologiyasi, adabiyoti va san’ati rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. U tadqiq etib erishgan muhim ilmiy yangiliklar, ya’ni:

inson psixikasining “U”, “Men” va “Yuksak Men” bo‘limlardan iborat uch tarkibli tuzilmani ishlab chiqqani;

shaxs psixoseksual takomilining alohida bosqichlarini tahlil etib bergani;

inson g‘ayrishuurida makon topgan “Edip kompleksi” nazariyasini batafsil tahlil qilgani;

inson psixikasidagi himoyaviy mexanizmlar muntazam ishlab turishini kashf etgani;

“g‘ayrishuur” (“bessoznatelnoye”) tushunchasini psixologik jihatdan talqin etgani;

inson ruhiy kechinmalari transferi (bir odamdan boshqa odamga “ko‘chib o‘tishi”)ning muhim tibbiy ahamiyatini ko‘rsatib bergani, shuningdek, terapevtik davolashning erkin muloqot va tushlarga asoslangan usullarini joriy etgani, ayniqsa, mashhurdir.

Aytilganidek, olimning ilmiy-falsafiy merosi ham hajman, ham mazmunan juda boy bo‘lishi barobarida, uning shaxsi, xarakteri, ilmiy g‘oya va qarashlari haqidagi kitoblar, tadqiqotlar, bahslar salmog‘i ham chakana emas. Uning hayotligidayoq boshlangan bu munozara-mubohasalar hozirga qadar ham qizg‘in davom etmoqda. Zero, bahslashuvchilarning bir qismi, Freyd – so‘nggi asrlar ilmining buyuk dahosi sifatida e’zozlanishi lozimligini ta’kidlashsa, boshqa bir qismi (ular orasida olim bilan birga ishlagan va, hatto, uning qo‘lida ta’lim olgan Vilgelm Fliss, Alfred Adler, Karl Gustav Yunglar ham bor) uni – XX asr fanining mohir fokuschisi sifatida istehzo bilan baholashga moyillik bildirishadi. Nima bo‘lganda ham bir narsa aniqki, Freyd davri va undan keyingi palla faylasuflarining aksariyati olim qarashlarini chetlab o‘tolmaydi, uning kashfiyotlariga u yoxud bu sabab tayanishadi. Hatto Freydning ashaddiy tanqidchilaridan hisoblangan amerikalik faylasuf Erix Fromm ham uning ko‘plab fundamental g‘oyalaridan kelib chiqib, ayrim biryoqlamaliklar (jumladan, inson xatti-harakatlari markaziga seksual moyillikni qo‘yish)ni inkor etgani holda, ularni yangi nuqtai nazar bilan boyitish yo‘lidan boradiki, bu holni freydizmning inkori emas, balki ilmiy-tanqidiy, ijodiy takomili, deb atash to‘g‘riroq bo‘lur edi.

Freyd va u asos solgan freydizm ta’limoti inson ongini uch qismdan tarkib topgan nihoyatda murakkab qurilma sifatida tushuntiradi, bular: ONG, ONGOSTI, G‘AYRISHUUR. Bu tamoyil bo‘yicha, inson hayoti davomida duch keladigan jamiki voqelik mana shu uch “qavat”ning birida, albatta, makon topadi. Odamning ko‘rgani, eshitgani, kuzatgani, o‘ylagani, his qilgani – hech bir narsa izsiz yo‘q bo‘lib ketmaydi. Uning o‘zi “esimdan chiqardim”, “unutdim”, “xotiramdan ko‘tarilibdi”, deb o‘ylagani barcha narsalar uning yo ongi ostida yoxud g‘ayrishuuri puchmoqlarida, albatta, saqlanadi.

Ma’lumki, Freyd uzoq yillar davomida ruhiy kasallarni kuzatish, davolash bilan shug‘ullangan. Bu kuzatishlar esa olimni juda qiziq, aksariyat holda asosli xulosalarga olib kelgan. Masalan, u tug‘ma bo‘lmagan, ya’ni keyinchalik turli jarohatlar natijasida orttirilgan emas, balki ruhiy qiynoqlar sabab paydo bo‘lgan asab kasalliklarining tub zamirida o‘z vaqtida izhor qilinmagan kayfiyat, nafrat, muhabbat, his-hayajon faktorlari, turfa tuyg‘ular, olinmagan o‘ch, qolib ketgan alam asoratlari yotishini aytadi. Darhaqiqat, “kechagina tuppa-tuzuk yurgan odam”ning bir kunda telba bo‘lib qolishiga dabdurustdan izoh topish oson emas. Freydizm esa buning o‘sha “tuppa-tuzuk yurgan odam” hayotida qachonlardir yuz bergan o‘ta muhim voqea-hodisa bilan bog‘liqligini, garchi o‘sha hodisani odamning o‘zi unutganman, deb hisoblasa-da, uning ongosti yoxud g‘ayrishuuri unutmaganini, unuta olmasligini isbotlaydi.

Shu joyda olim biografiyasiga qaytib, u 1885 yildan boshlab Parijning mashhur psixiatri Jan Sharko klinikasida ishlaganini eslashimizga to‘g‘ri keladi. J. Sharko o‘zining ruhiy xasta bemorlarini, jumladan, gipnoz yordamida ham davolar edi. Avvaliga bu usulni qo‘llab-quvvatlagan Freyd, keyinchalik davolashni gipnozsiz ham undan-da samaraliroq amalga oshirish mumkinligini aniqladi. Freyd bemorlar bilan erinmay, muntazam so‘zlashish, bunda ularni o‘z holiga to‘la qo‘yib berish, erkin muloqotga kirishish yo‘lini tanlaydi. Bu borada olimning shogirdlaridan biri, keyinchalik fanda o‘z yo‘lini yaratishga muvaffaq bo‘lgan Frits Vittels o‘zining “Freyd. Uning shaxsi, ta’limoti va maktabi” kitobida qiziqarli epizodlarni keltiradi. Masalan, Freyd o‘z bemorlari bilan kerak bo‘lsa oylab va yillab suhbatlashishdan erinmas ekan. Avvaliga o‘zini bo‘lganidan ham battarroq jinni qilib ko‘rsatishga harakat qiladigan bemorlar kun o‘tgan sayin bundan ma’no yo‘qligini istar-istamas tan olar, bitta gapni uch kun, besh kun qaytaraverishdan charchab, boshqa tafsilotlarga o‘tar, nihoyat, ajoyib kunlarning birida hayotida qachondir yuz bergan nedir bir muhim hodisa esloviga yetib borar, mana shu kundan e’tiboran u ongi ostida yoki g‘ayrishuurida o‘rnashib olg‘ib uni qiynayotgan darddan forig‘ bo‘la boshlardi. Vittels tili bilan aytganda: “bemorlar o‘zining qarshisida oq xalatli iblislar o‘tirganidan bexabar holda, butun dardu dunyosini ularga to‘kib solish orqali tuzalish yo‘liga yetib kelishardi”.

Demak, yuqorida eslatilganidek, vaqtida, “issig‘ida” izhorini topmagan kuchli, emotsional tuyg‘ular, kun kelib o‘z egasining aqldan ozishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lsa, mohir psixiatr tomonidan o‘tkazilgan xolis, samimiy, erkin muloqot – darddoshlik seanslari uni bu og‘ir xastalikdan xalos qilishi mumkinligi o‘z isbotini topadi.

Shu munosabat bilan o‘zimizning o‘zbekona turmush tarzimiz, tajribalarimiz to‘g‘risida ham ozgina to‘xtab o‘tsak, bizningcha, zarar qilmaydi. Masalan, xalqimizda “Elakka chiqqan xotinning ellik og‘iz gapi bor” degan beozorgina ibora mavjud. Ayrim erkaklar uni iztehzo bilan aytishni xush ko‘rishadi. Holbuki, o‘sha erkaklar o‘zini bir marobata ayoli o‘rniga qo‘yib ko‘rganida edi, balki istehzo o‘rnini achinish, ko‘ngilni anglash, dardi bilan qiziqish singari insoniy amallar egallagan bo‘larmidi…

Gap shundaki, qo‘shninikiga elakka chiqqan o‘sha xotin uyida ishi boshidan oshib yotganini yaxshi biladi. Qolaversa, elak egasining ham yumushi yetarli. Xo‘sh, unda bu ikkov nechun bu qadar – dunyoni unutar darajada suhbatga (ayrimlar tilida – “g‘iybatga”) berilib ketishadi? Bu jumboqning javobi aniq: ular qaynona-qaynotasiga, ota-onasiga, opa-singlisi-yu, aka-ukasiga (birda qo‘rquv, birda istihola, birda hayiqish, birda uyat va h. k. va h. k. sabab-omillarga ko‘ra!) ayta olmaydigan, aytishni xayoliga-da keltira olmaydigan o‘ylari, tuyg‘ulari, hislari, kechinmalarini… qisqa qilib aytganda, dardu dunyosining bir qismini (shunda ham, Xudo saqlasin, hammasini emas!) o‘zidek inson oldida to‘kib soladi. Shu bilan yengillashadi – jismi emas, ruhi yengil tortadi. U ayni yo‘l bilan bo‘lg‘usi og‘ir dardlardan o‘zini forig‘ qilishga g‘ayrishuuriy tarzda urinadi. Axir, o‘zingiz ayting, uni eshitadigan, u bilan dardlashishni istaydigan boshqa kim bor? Burni oqib turgan bolasimi yoki kun bo‘yi ishlab, “tog‘ni talqon qilib” horigan, “qulog‘iga xotinlarning mayda gapi yoqmaydi”gan erimi? Og‘iz ochib ko‘rsin-chi, nima javob eshitar ekan!

Biz, erkaklar, bu holni faqat xotinlarga oid manzara desak, bilingki, adashamiz. Erkaklarning ham imkon topildi deguncha “gap”, “osh” bahona yig‘ilishga oshiqishining ostida ham xuddi shu sabab-omillar yashirin emasmi? Axir o‘sha – dumba yog‘iga devzira yoxud lazerda qilingan oshni uyda ham pishirsa, yesa bo‘ladi. Biroq uyda osh pishguncha va uning iste’molidan keyin bo‘ladigan, bemalo-o-l o‘tirib o‘tkaziladigan suhbatlarni atay ham uyushtirib bo‘lmaydi-da…

Shu o‘rinda yana bir kuzatish ham borki, uning talqinini hurmatli o‘quvchilarimizning o‘ziga qoldiramiz. U ham bo‘lsa, xotinlarning, qozondagi yog‘i yonib ketar darajaga kelgan bo‘lsa ham, og‘ilxonadagi sigirini o‘g‘ri urib ketsa ham, “serial”dan ko‘z uzolmay qolishi hodisasidir. Bunda bir tanishimning yaqinda tan olib aytgan mana bu gapi sizga ko‘makka kelsa, ajab emas: “Ko‘rmayman emas, yaxshi seriallarni men ham xotinning qavatiga o‘tirib ko‘raman. Bilsangiz, bu yoqda serial voqealari kechaveradi-yu, men ko‘z qirim bilan xotinni kuzatsam, u ham meni bildirmay kuzatib o‘tirganini sezaman. Ekrandagi qahramonlar xuddi u bilan mening bir-birimizga aytolmagan gaplarimizni aytayotgandek bo‘laveradi, deng…”

Demak, biz o‘zbeklar, freydizm tilida “transfer” va “kontr-transfer” deb ataladigan, bizningcha aytganda esa “dardingni, hovuringni olay, birodar”, “odam taftini odam oladi”, degan ruhiy yengillashish, ming turli ta’sirlardan forig‘lanish usulini g‘ayrishuuriy tarzda hayotimizda qo‘llab kelganmiz va… yengilroq qilib aytganda, kam bo‘lmaganmiz…

Shunga o‘xshash, Zigmund Freyd yaratgan yirik ta’limotning har bir yo‘nalishi to‘g‘risida ko‘plab mulohazalarga, qiyoslarga to‘xtalish, qiziqarli talqinlarga berilish mumkin.



Yana bir gap shundan iboratki, 1930 yilning yozida Z. Freyd nemis xalqining buyuk mutafakkiri Gyote nomidagi mukofot bilan taqdirlanadi. Oradan uch yil o‘tib esa Germaniya taxtiga millatchi-sotsialistlar yetakchisi Adolf Gitler o‘tiradi. Uning amalga oshirgan eng tuban ishlaridan biri – Henrix Heyne, Tomas Mann, Frans Kafka, Albert Eynshteyn singari yuzlab tafakkur daholari yaratgan asarlarni, shu jumladan Zigmund Freyd kitoblarini ham quvg‘in qilgani, barcha yahudiylar qatori olimni ham jismonan mahv etish payiga tushgani bo‘ldi. Shogirdlari olimni mamlakatni tark etishga har qancha da’vat qilishmasin, u bunga ko‘nmaydi. Biroq 1938 yilda Avstriya Germaniyaga qo‘shib olinganidan so‘ng boyagi quvg‘inlar o‘ta xatarli tus oladi: qizi Anna hibsga olinadi, Freydning o‘zi gestapoga so‘roqqa chaqiriladi. Nihoyat, Angliyaga ketmoqdan o‘zga chorasi qolmagan Zigmund Freyd, AQSH Prezidenti Franklin Ruzvelt aralashuvi, Gretsiya va Daniya qirolichasi Mari Bonapartning (olim uni davolagan, ilm o‘rgatgan edi) moliyaviy ko‘magi bilan (Uchinchi reyx ko‘chmoqni istagan yahudiylardan “german hukumati oldidagi qarzni undirish” bahonasi bilan juda katta pul talab qilgan!) tug‘ilgan yurtini tark etadi. Zigmund Freyd umrining so‘nggi oylarini Angliyada o‘tkazadi. Bo‘qoq saratoni kasaliga chalingan olimning ahvoli tobora og‘irlashib, 1939 yilning sentyabrida 83 yoshida olamdan o‘tadi.

Buni qarangki, har yilning may oyi birinchi o‘n kunligida butun taraqqiyparvar insoniyat ulug‘ olim Zigmund Freydning tavallud ayyomini hamda shunday insonni quvg‘in qilishgacha qo‘li borgan Gitler fashizmining tor-mor bo‘lgan kunini nishonlaydi. Biznigina emas, butun odamzodni yupatadigan, yupata turib sergaklikka da’vat etadigan, insonga, uning ruhiyatiga e’tiborliroq bo‘lishga chorlaydigan gap mana shu edi, aziz o‘quvchi!
Download 58.34 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling