Omon muxtor tarixiy romanlarida moziy tasviri


Download 142.75 Kb.
bet1/3
Sana03.12.2020
Hajmi142.75 Kb.
#157816
  1   2   3
Bog'liq
“omon muxtor tarixiy romanlarida moziy tasviri”


O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O`RTA

MAXSUS TA`LIM VAZIRLIGI

BUXORO DAVLAT UNIVERSITETI

O`ZBEK ADABIYOTI KAFEDRASI

O`ZBEK TILI VA ADABIYOTI YO`NALISHI IV KURS KUNDUZGI BO`LIM BITIRUVCHISI G`AFOROVA NIGORANING

OMON MUXTOR TARIXIY ROMANLARIDA MOZIY TASVIRI ”mavzusidagi

5220100 – Filologiya (o`zbek filologiyasi) yo`nalishida bakalavr ilmiy darajasini olish uchun yozgan



MALAKAVIY BITIRUV ISHI

(2016-2017 o`quv yili)



Ilmiy rahbar: filologiya fanlari nomzodi, dotsent G‘.Murodov

Buxoro - 2017

M U N D A R I J A

R E J A………………………………………………………………. 3

KIRISH………………………………………………………………..4

1-BOB. ROMANDA TARIXIY VOQELIK IN`IKOSI…………….8

    1. Roman-rivoyatda ustuvor badiiy g`oya ifodasi………………8

1,2. Romanda davr va qahramon talqini………..…………….21
2-bob.Moziy va tarixiy shaxsga yangicha qarashlarning

badiiy tajassumi.. ………………………………………………………28

2.1. Davr va bosh qahramon xarakteri talqini………………………….28

2.2. Tarixiy roman-dilogiyada falsafiy- irfoniy

tafakkur tasviri…………………………………………………………36


XULOSA………………………………………………………………….47

Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati……………………………………..51

R E J A:

KIRISH.

1-BOB. ROMANDA TARIXIY VOQELIK IN`IKOSI.

    1. Roman-rivoyatda ustuvor badiiy g`oya ifodasi.

1.2.“ Romanda davr va qahramon talqini.
2-bob.Moziy va tarixiy shaxsga yangicha qarashlarning badiiy tajassumi.

2.1. Davr va bosh qahramon xarakteri talqini.

2.2. Tarixiy roman-dilogiyada falsafiy-irfoniy tafakkur tasviri
XULOSA.

KIRISH
Mavzuning dolzarbligi. Milliy mustaqillik davrida xalqimizning madaniy, adabiy-badiiy merosi, badiiyat namunalarini zamonaviy, ilg‘or ilmiy usullar yordamida o‘rganish, shu asosda adabiy-badiiy durdonalarimizning jahon miqyosidagi ahamiyatini ko‘rsatish asosiy diqqat markazida turibdi. Xususan, yangi o‘zbek adabiyotining taniqli namoyandalarining ijodini ma’lum bir ilmiy-nazariy muammolar nuqtai nazaridan o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Zamonaviy o‘zbek nasri taraqqiyotiga salmoqli ulush qo‘shgan Shukur Xolmirzaev, Ne’mat Aminov, O‘lmas Umarbekov, O‘tkir Hoshimov, Omon Muxtor singari iste’dodli adiblar epik ijodi mohiyati, mazmun mundarijasini ochish, ular yaratgan barkamol badiiy asarlarning tarixiy-adabity asoslarini aniqlash, badiiyatini ta’min etgan omil ham dasabablarni tadqiq etish adabiyotshunosligimizning hal etilishi lozim bo‘lganvazifalarisirasigakiradi.

Taniqli o‘zbek ijodkori O. Muxtor o‘tgan asrning 60-yillaridan vafotiga qadar adabiy jarayonda faol ishtirok etib kelgan edi. U she’riyat, dramaturgiya, ayniqsa, nasr sohalari bo‘yicha boy adabiy meros qoldirdi.. O‘tgan muddat davomida ko‘plab hikoya, qissa, romanlar yaratdi. Adabiy jamoatchilik, tanqid va kitobxonlar ommasi bu asarlarga o‘ziga xos qiziqish va iliqlik bilan munosabatda bo‘ldi va yaxsh baholadi.

Omon Muxtor – chuqur va keng badiiy tafakkurga ega ijodkor. U Sharq va G‘arb madaniy-adabiy boyliklarini atroflicha o‘qib o‘zlashtirgan, bu esa uning ijodi namunalari morfologik strukturasida, syujet-kompozitsion maydonida, qahramon qurilmasi va faoliyatida sezilib, ko‘rinibturadi.

Keyingi yillar o‘zbek romanchiligida jiddiy sifat o‘zgarishlari sodir bo‘layotir. Roman shakl jihatdan ham, badiiy mazmun, qahramon jihatidan ham o‘zgarmoqda, davrning murakkab ruhin io‘zgacha-zamonaviy tarzda in’ikos ettirishga harakat qilmoqda. Bunday ustuvor xususiyatni O. Muxtor romanlari(“Egilgan bosh”, “Ko‘zgu oldidagi odam”, “Ming bir qiyofa”, “Ayollar mamlakati va saltanati”, “Ffu”, “Maydon”, “Ishq ahli”, “Buyuk farrosh”)da ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Adib butun ijodiy faoliyat idavomida xalqimiz o‘tmishiga yuksak ehtirom tuyg‘usi bilan munosabatda bo‘lgan, buyuk tariximizning yorqin manzaralarini ifodalangan bir qator asarlar, shu jumladan, tarixiy romanlar yaratgan. Bu asarlarni Mustaqillik davri ilmiy tafakkuri asosida har tomonlama chuqur o‘rganish dolzarb vazifa bo‘lib turibdi.

Mavzuning o‘rganilish darajasi. Adabiyotshunoslik va adabiy tanqid keyingi ellik yil mobaynida Omon Muxtorning she`riy, nasriy ijodiy faoliyati xususida muayyan fikr – qarashlarni aytib, uning adabiy faoliyatiga ma`lum bir darajada munosabat bildirib kelgan.

Atoqli shoir Mirtemir o`tgan asrning 60 – 70 – yillaridagi yoshlar she`riyatiga bag`ishlangan maqolasida boshqa bir qancha navqiron shoirlar qatori O. Muxtor lirik ijodi haqida ham alohida to`xtalib o`tgan. Garchi ushbu maqolada buxorolik nozim she`riy izlanishlari to`g`risida ayrim tanqidiy mulohazalar bo`lsa – da, uning o`ziga xos iste`dod, salohiyat egasi ekanligi e`tirof etilgan.

O`z vaqtida M. Qo`shjonov, O. Sharafiddinov, U. Nurmatov, keyinroq esa Q. Yo`ldoshev, Ahmad Otaboy, G`ayrat Murodov kabi adabiyotshunoslar ijodkorning she`riy, nasriy asarlari haqida matbuotda taqriz, maqolalar e`lon etishgan.

Buxorolik tadqiqotchi O`ktam Nazarov “Omon Muxtor romanlarida xronotop muammosi” mavzusida nomzodlik ishini yozib tugalladi. Ayni paytda u ushbu ishni doktorlik dissertatsiyasi darajasiga yetkazish bo`yicha ish olib borayotir. Shoira Pardayevaning milliy romanchilik taraqqiyoti muammolariga bag`ishlangan ishida O. Muxtor romanlari atroflicha o`rganilgan.

Tadqiqotning maqsad va vazifalari. Tadqiqotning bosh maqsadi taniqli o‘zbek adibi O. Muxtorning “sof”(ya’ni boshdan oxir moziy tasviriga bag‘ishlangan) tarixiy romanlarini ilmiy-nazariya asosida o‘rganish, shu asosda yozuvchining milliy romanchilikdagi o‘rni, uning badiiy-estetik tajribalar I ahamiyatini ko‘rsatishdir. Ushbu maqsadni yuzaga chiqarish uchun quyidagi vazifalarni amalg a oshirish ko‘zda tutilgan:

-tarixiy zamon va tarixiy shaxsni roman badiiy matni, syujet maydonidagi o‘rni, badiiy vazifalarini tadqiq etish;

-davr va qahramon orasidagi bog‘lanish, aloqa-munosabatlarni ko‘rsatish;

-Omon Muxtor tarixiy romanlaridagi o‘ziga xosliklarni aniqlash va shu asosda bu ijodkor badiiy mahoratini ko‘rsatish;

- adib romanlari badiiyati, ularda moziy haqiqatini badiiy aks ettirishdagi mahorat masalalarini tadqiq etish;

-O. Muxtorning muayyan tarixiy romanlari tahlili asosida zamonaviy o‘zbek romanchiligida yuz berayotgan sifat o‘zgarishlari, milliy roman shakli va badiiyat mazmunidagi evrilishlar, roman tafakkurining ko‘lami xususida fikr yuritish.

Ishning ilmiy yangiligi. Tadqiqotda Omon Muxtorning sof tarixiy romanlari zamon va qahramon muammosi nuqtai nazaridan adabiyotshunosligimizda birinchi bor alohida muammo sifatida o‘rganildi. Tarixiy romanlarining o‘ziga xos xususiyatlari oydinlashtirib berildi. Yirik epik shakl qurilmasi, syujet hududi, qahramon va personajlar tizimi, romanning badiiy-falsafiy olami oydinlashtirildi. Omon Muxtor romanlarining qadimiy va zamonaviy badiiy-estetik tafakkurlari o‘zaro chatishgan va yaxlitlik kasb etgan badiiy maydonda yuzaga kelish sabab, omillari ko‘rsatib, oydinlashtirib berildi.

Tadqiqot manbai. Ish uchun O. Muxtorning “Ffu” “Ishq ahli”, “Buyuk farrosh”, “Xotin podshoh” romanlari tahlil asosi bo‘lib xizmat qildi.

Ish metodologiyasi nazariya asoslari va usullari. Dissertatsiyaning siyosiy-mafkuraviy zaminini O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik konsepsiyasi, mamlakatimizning birinchi Prezidenti I. A. Karimov va Yurtboshimiz SH. M. Mirziyoyevning fan, oliy ta’lim sohalarini izchil isloh qilish xususidagi qarash, konsepsiyalari davlat, madaniyat, san’at va adabiyotga oid mulohazalari tashkil etadi.

M. Baxtin, M. Xrapchenko, I. Sulton, M. Qo‘shjonov, E. Karimov, O. SHarafiddinov, B. Nazarov, U. Normatov, B. Sarimsoqov, S. Mirvaliev, A. Kattabekov, D. Quronov, B. Karimov singari adabiyotshunoslarning roman haqidagi qarash, mulohazalari ishning ilmiy-nazariya asosini tashkil etishga yordam berdi.

Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati. Tadqiqot materiallaridan:

-hozirgi zamon o‘zbek romanchiligi taraqqiyoti, asosiy tamoyillari, badiiyati bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yaratish;

-akademik litsey, kasb-hunar kollejlarida zamonaviy adabiyotdan ma’ruza matnlarini tayyorlash;

-tarixiy roman tarixi, poetikasi, badiiy olami bo‘yicha tadqiqotlar yaratish;

-jamoatchilik orasida zamonaviy adabiyot muammolari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qish;

-milliy adabiyot bo‘yicha elektron darsliklar tayyorlash va internet saydlarni yaratishda foydalanish mumkin.



Tadqiqotning tuzilishi va hajmi. Ish “Kirish”, 2 asosiy bob, “Xulosa” va “Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati”dan tashkil topgan, hajmi... bet.

  1. BOB. ROMANDA TARIXIY VOQELIK IN`IKOSI

    1. Roman-rivoyatda ustuvor badiiy g`oya ifodasi

Taniqli adib Omon Muxtorning “Tepalikdagi xaroba”, “Aflotun”, “Ishq ahli”, “Buyuk farrosh” kabi romanlarda voqelik ikki qatlam (o`tmish va zamonaviy hayot) uyg`unligida badiiy ifoda topgan. Bu, albatta, yozuvchi o`z oldiga qo`ygan muayyan maqsad, ideal, konsepsiya mohiyatidan kelib chiqqan, albatta.

Adib yaratgan yigirmaga yaqin romanni ko`rib chiqqanimizda, uning epik ijodida boshdan oxir bir tarixiy davr tasviriga bag`ishlangan ikkita roman borligini ko`ramiz. Bular “Ffu” va “Xotin podshoh” asarlaridir.

“Ffu” milliy Mustaqillikning ilk davrida – 1993-1995 –yillar orasida yaratilgan.

Omon Muxtor adabiy suhbatlaridan birida G`arb adabiyotini , xususan, romanlarini juda ko`p o`qigan bo`lsa – da, o`z ijodida Sharq ruhi, Sharq adabiyotining adabiy – badiiy an`analarining ta`siri kuchliroq ekanligini ta`kidlab aytgan edi. “Ffu” romani ushbu fikrning yorqin isbotidir. Roman ma`lum bir darajada Sharq, ayniqsa, o`zbek ertak, rivoyatlarini eslatib turibdi. Bu asar syujeti, kompozitsiyasi, qahramonlari, badiiy ziddiyati, ifoda tarzi, muqaddima va xulosa qismida yaqqol ko`rinadi.

“Ffu” – realistik roman. Unda tarixning muayyan davri – shohlik tuzumi mavjud bo`lgan Musulmon Sharqi mamlakatlaridan biridagi viloyatda kechgan ayrim voqealar tasvirlangan. Biroq bu asarda o`zbek sehrli – fantastik ertaklariga xos “sehr - jodu” motividan foydalanilganki, aynan ana shu motiv roman badiiy – falsafiy konsepsiyasini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etgan.

Bir qarashda asar syujeti jo`ngina voqea tizimidan tashkil topgandek tuyuladi: mulla Toshpo`lat degan keksa usta (quruvchi - duradgor) o`g`li Toshtemirning biror kasb – korning boshidan tutmaganidan qattiq xafa. Uning xotini o`lgan, qizlari turmushga chiqib ketgan, yolg`iz o`g`li bilan eski bir hovlida yashaydi. Toshtemir yomon yigit emas – u, biroq o`ta loqayd – beparvo. Hayotdan zavqlanmaydi. Yashash uchun kurashmaydi.

Shahar bozorida usta Haydar Maxsum degan olimnamo kishini uchratib qoladi. U odam bozorga bir yarim yildan beri qatnab o`z aqlining yarmini (tirikchilik vajidan) sotmoqchi ekan. O`g`lining taqdiridan, kelajagidan qattiq bezovta bir necha kunga mulohaza –ikkilanishlardan so`ng farzandi uchun zikr etilgan “aql bo`lagi” ni bir yarim ming tangaga sotib oladi. Ajabtovur ushbu savdodan keyin Toshtemir tabiati, hayotida keskin o`zgarish – burilish sodir bo`ladi. U loqayd kimsadan faol, irodali sardor – arbobga aylanadi.

Asar voqea tizimi jarayonida bunday savdo – Maxsumning yarim aqlini xarid qilish, keyin undan voz kechib, qolgan yarmini olish, oxir – oqibat, sotib olingan barcha aqldan voz kechish uch marta ro`y beradi. Har safar o`g`il (Toshtemir) boshqa fe`l – sajiyaga ega bo`lib, boshqacha odamga aylana boraveradi.

Umuman olganda, romanning yetakchi qahramoni bo`lgan Toshtemir quyidagi to`rtta qiyofada kitobxon ko`z o`ngida namoyon bo`ladi:

1) asar boshida loqayd – beparvo, faoliyatsiz – myalqov odam;

2)keyin(“aql savdo”si hodisasidan so`ng) o`ta faol, tadbirkor, ishchan, tashkilotchi, ishbilarmon, shu bilan birga, zolim – shafqatsiz, xudbin – manman, yovuz qilmishlari mansabparast (shoh bo`lishga harakat qiladi) korchalon shaxs;


  1. yovuz qilmishlari va safdosh – hamtaboqlarining xiyonati tufayli zindonga tushib, keyinroq avf etilgan dunyo ho – yu havasidan etak silkkan, faqir, miskin, tog` - u toshdagi bir g`orda maskan tutgan zohid – tarki dunyo qilgan odam;

  2. va nihoyat, asta – sekin hayotga, insonga xos muhabbatga, otasining halol kasb – koriga – mehnatga qayta boshlagan risoladagi – ezgu niyatli va amalga ega bo`lgan haqiqiy inson.

Toshtemir xarakteridagi bunday evrilishlar haqida Haydar Maxzum shunday deydi: “Inson qismati shu ! – dedi mulla Toshpo`latga u g`amgin qarab. – Ezgulikdan yovuzga aylanadi! Yoki yovuzlikni inkor qilib, ezgulikka yetib keladi. Uchinchi yo`l yo`q! Izlagan bilan hech narsa chiqmaydi. Azaldan shunday”.

Bu fikrlarda “Ffu” romani badiiy konsepsiyasi markazidagi eng muhim qarash ifoda etilgan. Ushbu fikrning haqqoniyligini Toshtemir hayoti yaqqol ko`rsatib turibdi.

“Ffu” – Omon Muxtor ijodidagi eng qisqa, hajmi ixcham roman. Biroq undagi badiiy mazmun a zalvorli va ko`p qirralidir.

Asarda, asosan, quyidagi qahramon va personajlar ko`p yoki ozroq darajada faoliyat ko`rsatadilar:



  1. Mulla Toshpo`lat.

  2. Toshtemir.

  3. Haydar Maxzum.

  4. Usta Mahmud.

  5. Shoh.

  6. Etikdo`z Ilyos.

  7. Shoir Ilyos.

  8. Nigor (usta Mahmudning qizi)

Asardagi har bir qahramon va personaj roman badiiy – g`oyaviy konsepsiyasini oydinlashtirish, yuzaga chiqarish ishiga safarbar etilgan. Shu boisdan roman badiiy idealini chuqurroq anglash, tushunish uchun yuqorida qayd etilgan obrazlardan eng muhimlarini ko`rib chiqish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Mulla Toshpo`lat. Bu badiiy timsol roman badiiy olamida alohida ahamiyatga ega. U garchi “mulla” izohi bilan tilga olinsa – da, aslida bir umr ustachilik (quruvchi - duradgor) bilan shug`ullanib kelgan. U Haydar Maxzum bilan suhbat chog`ida o`zining “o`qimaganligi”ni aytib o`tadi. Shunga qaramay, u mulohaza – aql – idrokka ega, oq – qorani yaxshi bilgan inson sifatida kitobxon xotirasida qoladi.

Mulla Toshpo`lat – diyonatli, halol, rostgo`y, andishali inson. Umuman, uning tabiatida xalqimizga xos eng yaxshi fazilatlar mujassamlashtirilgan. Uning ajdodi asrlar davomida ustachilik kasbi tufayli ro`zg`or tebratib, hayot kechirib kelgan. Mulla Toshpo`lat bir umr ota – bobolari hunarini davom ettirib keladi, shu kasb orqasidan el – yurt orasida obro` - e`tibor qozonadi. U halol inson, haromdan hazar qiladi.

Usta sabr – toqatli, hayotdan rozi bo`lib yashaydi. Qizlarini uzatib tinchigan, xotini vafot etgani bois yakka – yu yagona o`g`li (Toshtemir) bilan qolgan. Uning birdan bir tilagi o`g`lining o`z kasbini egallab, yaxshi usta bo`lib yetishini ko`rishdan iborat. Ammo o`g`li nafaqat ustachilik qilish, umuman, ishlashni xohlamaydi. Tabiatan yumshoq, rahmdil bo`lgan mulla Toshpo`lat o`g`lini urib – so`ka olmaydi. Bundan otaning dili vayron bo`ladi. O`g`lini “odam qilish” (tarbiyalash) yo`llarini izlaydi. Ammo chora topishga ojiz. Bozorda olim (aqlli, o`qigan) Haydar Maxzumni ko`rib, uning “aqlining yarmini sotish” haqidagi taklifini eshitgach, murakkab – iztirobli o`y – fikrlar girdobiga tushib qoladi. Chunki shuncha yashab, birovning aqlini boshqa kishi sotib olganini eshitmagan. Buning iloji yo`qligini yaxshi tushunadi. Ammo u ota. O`g`liga undan mehribonroq, joni achiydigan kishi bu jahonda yo`q. Demak, u nimadir qilishi, o`g`lining taqdiri – istiqboli uchun jondan kechib bo`lsa – da biror tadbir – yo`l topishi zarur. Cho`kayotgan odam xasga yopishadi, deganlaridek, u so`nggi choradan foydalanishga qaror qiladi: Haydar Maxzumdan kattagina miqdordagi pulga undagi aqlning yarmini “sotib oladi”. Shundan keyin ajib bir hodisa ro`y beradi. Allaqanday to`tiqush qayoqdandir uchib kelib, qanotlarini Toshtemirning yelkasiga tegizib ketadi. Shu zahoti Toshtemirda keskin xarakter, faoliyat o`zgarishi sodir bo`ladi.

Yigirmanchi asrning ikkinchi yarmiga kelib jahon nasri, ayniqsa, romanchiligida afsona, ertak, asotirlardan ulardagi ifoda tarzi, usullaridan foydalanish tamoyili kuchaydi. Shuningdek, norealistik (sirli, sehrli) tasvir unsurlarini istifoda etish harakati rivojlandi. To`gri, o`zbek nasrida muayyan ijtimoiy – siyosiy , mafkuraviy sabab, omillarga ko`ra bunday harakat, urinishga nisbatan kechroq kiritildi.

Omon Muxtorning ikkinchi romani – “Egilgan bosh”da mavhum – xayoliy Ro`dapo timsoli bor. Bu timsol bor – yo`g`i bir epizod, shunda ham qahramonning tushida namoyon bo`ladi. Adib faqat Mustaqil davridagina realistik tasvirdan farq qiladigan fantastik unsur va timsollardan erkin foydalana boshladi. Buni, masalan, “Ko`zgu oldidagi odam”, “Ming bir qiyofa”, “Tepalikdagi xaroba” romanlaridan tashkil topgan trilogiyada yaqqol ko`ramiz. Bu asarlarda Iblis o`z malaylari bilan odam qiyofasida ko`cha – ko`y, bozor, maydonlarni kezib yuradi, uydagi murdalar izsiz yo`qolib qoladi, bir (real - mavjud) dunyodan boshqa (noreal , tasavvurdagi) olamga tuynuk orqali o`tiladi.

Zamonaviy milliy nasrda bunday ifoda, tasvir, usullardan foydalanish, badiiy matn ta`sirchanligini oshirmoqda, ijodkorlarga yangidan yangi imkoniyatlarni yaratib bermoqda.

Bunday imkoniyatlardan foydalanish realizmni butunlay inkor etmaydi, aksincha, inson – qahramonni chuqurroq tushunish, uning murakkab , ko`p qatlamli ruhiy – ma`naviy olamiga kirish va atroflicha tasvirlashda ko`pdan ko`p qulayliklarni yuzaga keltiradi.

Ushbu fikr isbotini “Ffu” romani misolida ham ko`rish mumkin. Toshtemir tabiati, hayotidagi keskin o`zgarishlar faqat Haydar Maxzumning “yarim aql”, to`tiqush parvozi bilan izohlanmaydi, albatta. Bunday Evrilish, eng avvalo, qahramon ruhiy qatlamlari, xususan, “ong yurti”, “ongsizlik”, ularning ichki – yashirin harakat jarayoni bilan uzviy bog`liq.

Otasining halol, shu bilan birga, nisbatan oddiy, faqirroq yashashi, onasining bevaqt vafoti, shohlik tizimidagi adolatsizlik, nohaqliklar Toshtemir qalbida isyon, norozilik tuyg`ularini kuchaytirib borgan va yigitdagi jiddiy o`zgarishlarga sabab bo`ladi.

Butun asar syujet tizimi davomida mulla Toshpo`lat iztirob chekuvchi , azoblanayotgan inson tarzida tasvirlangan. U chalasavod odam emas, ilmi, hayotiy tajribasi bor. Ammo o`zini “ilmsiz” deb hisoblaydi. Chunki dunyoda o`zidan – da ilmliroq, barkamol insonlar (Haydar Maxzum singari) insonlar borligini yaxshi biladi.

Mulla Toshpo`lat – risoladagi inson. U hamma qatori yashaydi. O`z darajasidan yuksaklikni – boy yoxud amaldor bo`lishni orzu qilmaydi. Kibr – havodan yiroq. Umrini halol mehnat bilan o`tkazgan. Aslida “buyuk inson” unvonini aynan mulla Toshpo`lat singarilarga nisbatan qo`llash to`g`ri bo`lar edi. Chunki jamiyat, xalq, insoniyatning sog`lom asosini aynan ana shunday kishilar tashkil etadi.

Mulla Toshpo`latning qanday odam ekanligini quyidagi voqea tasviri orqali aniq bilib olish mumkin: “To`tiqush tashrifidan” keyin birdan faollashib, korchalon kimsaga aylangan Toshtemir tez fursatda hashamatli qasr qurdirib, otasini shu joyga olib keladi va roviy so`zlari bilan aytganda, “yetti qavat ko`rpachaga o`tqazib qo`yadi”. Xizmatiga qullar , cho`rilar tayyor. Anvoi taomlar. Qimmatbaho buyumlar. Mulla Toshpo`lat bunday davlatga yetishmaganidan xursand bo`lib yashayverishi mumkin edi. Ko`pchilik davlatga – mol – dunyo, katta mablag`ga erishish baxt – saodatning kaliti deb o`ylaydi. Ammo aslida bunday emas. Baxt ruhiy osoyishtalik , ijod, mehnat, savob amallardan qoniqish demakdir. Usta dono odam bo`lganligidan, ushbu hikmatni yaxshi biladi. U zulm, zo`rlik bilan orttirilgan soxta obro`, mol – davlat baxt emas, kulfat, kasofat olib kelishini yaxshi tushunadi. Shu sababdan o`g`lini xato, halokatli yo`ldan qaytarishga urinib, unga nasihat qiladi. “Din nasihatdir”, - degan edilar koinot sarvari Rasuli akram. Biroq Toshtemir ota o`gitiga quloq solmaydi. Boylik, hokimiyat kibri uning qalbini karaxt etib qo`ygan. Bundan ezilgan mulla Toshpo`lat vaqtini eski hovlisi, ba`zan qizlarining uylaridagi o`tkazishga urina boshlaydi. Lekin Toshtemirning taqdiri haqidagi alamli o`ylar qalbini azoblashda davom etadi.

Hazrat Navoiy shunday yozgan edilar:

Jonni fido ayla ato boshiga,

Jismni qil sadqa ano qoshiga.

Toshtemir bunday hikmatdan bexabar, albatta. Mulla Toshpo`lat o`g`lini “zolim, xudbin” deb o`ylagani bilan undan voz kechmagan. Toshtemir shohning amri bilan qamalgach, yaqin deb bilgan odamlari – “do`st”, safdoshlari undan voz kechadilar. Faqat og`ir , inoqli kunlarda o`g`liga hammadan ortiq kuyadigan, dard – azob chekadigan ota edi.

Mulla Toshpo`lat chinakam otaga xos ayrim xislat – fazilatlari bilan ma`lum darajada “O`tgan kunlar”dagi Yusufbek hojini yodga tushiradi. Bu bejiz emas. Chunki milliy romanchilik tamal toshi bo`lgan bu buyuk, shoh asar adabiy – badiiy jarayonning keyingi bosqichlarida yaratilgan deyarli barcha romanlarga u yoki bu darajada o`z ta`sirini o`tkazgan. O`zbek romannavislari mazkur barkamol badiiy matndan ibrat olganlar, undagi badiiy tasvir usullarini o`zlashtirishga harakat etganlar. Omon Muxtorning romanchilik tajribalari ham bu tabiiy jarayondan istisno emas.

Tabiiyki, bunday adabiy – badiiy ta`sir “Ffu” romanidagi mulla Toshpo`lat xarakteridagi o`ziga xoslik – originallikni inkor etmaydi. Bu obraz o`zining alohida xususiyatlari, nuroniy qiyofasi, chuqur o`y – mulohazalari bilan kitobxon xotirasida muhrlanib qoladi.

Toshtemir. O`z xalqi orasida o`z vaqtida “Toshpo`lat”, “Toshtemir” deb nom qo`yish ancha keng tarqalgan. Bundan maqsad: ming xil sinov, qiyinchilik, mashaqqatlar to`lib – toshgan dunyoda farzand sabrli, chidamli bo`lsin degan xayrli niyat bo`lgan.

Agar chidamlilik nuqtai nazaridan qaralsa, Toshtemirga nisbatan Toshpo`lat mustahkamroq degan ma`noni bildiradi. Shu jihatdan qarasak, romandagi mulla Toshpo`lat hayot qiyinchiliklariga o`z o`g`liga qaraganda ko`proq dosh berishga qodir. U ham boshqalar qatori zolim, xudbin kimsalardan ranj chekkan, kimlardir dilini og`ritgan, kimlardir unga nopisand, takabburona munosabatda bo`lgan. Bularga qaramay, u o`z e`tiqodi – yashash tarzi, dunyoqarashidan voz kechmagan , hamma vaqt halol inson bo`lib qolishga uringan va bu vazifaning uddasidan chiqa olgan. Shuning uchun uning hayotida, taqdirida keskin burilishlar ro`y bermagan. Temir ham qattiq, mustahkam bo`lsa – da, po`lat darajasida emas. Temir qayrilishi, zanglashi, yeyilishi mumkin. Binobarin, romandagi Toshpo`lat ismi imon – e`tiqodning yuqori darajasini, Toshtemir esa quyi darajasani ko`rsatyapti.

Oldin aytib o`tganimizdek, butun asar voqea rivoji davomida Toshtemir bir necha qiyofada namoyon bo`ladi. Bu aslida aksariyat insonlar, umuman olganda, insoniyat bosib o`tadigan imtihon – sinovlarning bosqichli yo`lidir.

Dastlabki ikki bosqich:


  1. loqayd – befarq, xudbinlik;

  2. o`ta faol, hokimiyatparastlik, zo`ravonlik.

To`g`risi, bu ikkala bosqich bir – biridan ko`p ham farqlanib – ajralib turmaydi. Ikkalasida hamxudbinlik, manfaatparastlik bor. Faqat birinchisida faoliyat yo`q. Yovuzlik, shaxsiyatparastlik Toshtemir qalbida bolalikdan uya qurgan. Ular o`z fursatini kutib, yashirinib yotibdi. Ularning yuzaga chiqishi uchun qulay shart – sharoit, muhit kerak. “To`tiqush parvozi”(Haydar Maxzum duosi) ana shu pinhona maqsad – orzularni yuzaga chiqishiga bir turtki bo`ladi, xolos.

Birinchi bosqichdayoq Toshtemirni ota yo`lida ters holda ulg`ayotganiga guvoh bo`lamiz. To`g`ri, u ota bilan bir uyda yashab, ozmi – ko`pmi xonadon yumushlarini qilib turadi. Uning bu davrdagi kamchiliklari : 1) ota kasbini davom ettirishni, umuman, biror – bir kasb – kor qilishni istamasligi; 2) tez – tez “ffu” deb qo`yishi (bu undov so`z ijirg`anish, norozilik, bepisandlik belgisi). Nima boisdan yosh yigit hayot – tirikchilik uchun zarur kasb – yumush bilan shug`ullanishni istamaydi? Bu savolga roviy (muallif) darrov javob bermaydi. Bu jumboqning sababi qahramon hayotining navbatdagi bosqichida oshkor bo`ladi.

Gap shundaki, Toshtemirni oddiy bir ustachilik qanoatlantirmagan. U imkon topib, birdaniga boy – badavlat bo`lmoqchi. Kamtarona kasb – kor bilan darhol bu darajaga erishishning iloji, imkoni yo`q. Rost, hunar orqasidan boy – sarvatmand bo`lganlar bor. Ammo buning uchun ko`p yillar, mashaqqatli mehnat talab etiladi. Toshtemirda esa sabr – bardosh kam. U bir zarb, harakat bilan maqsadga yetishni o`ylaydi.

Ikkinchi bosqich (sardorlik, hukmfarmolik pallasi) Toshtemir xarakterni to`la – tekis namoyon etadi. Bu bosqichda u ota kasbini o`zicha – “isloh qilib” – o`zgartirib davom ettiradi. O`g`il quruvchilardan iborat bir dasta (guruh) tuzib, unga boshchilik qiladi. Ammo bu dastaning maqsad – muddaosi ota – bobo ustalar an`analaridan butunlay farq qiladi. Mazkur dasta a`zolari o`zlari uchun pishiq – mustahkam imorat (sardorga esa muhtasham qasr) barpo etadilar. Boshqa (xalq, fuqaro)larga esa omonat – muvaqqat, roviy so`zi bilan aytganda “alfasona” uylar qurib berishadi. Bunday “zamonaviy” odat butun viloyat, keyin esa mamlakatga yoyilib – tarqalib ulguradi. Shunday qilib, asrlar davomida shakllanib kelgan ustachilik – quruvchilikning milliy – xalqona an`analari barbod bo`la boshlaydi.

Bunday tasvirning muayyan tarixiy – ijtimoiy sabab va omillari mavjud. Gap shundaki, yaqin o`tmish – sho`ro zamonida milliy urf – odatlar, hunarmandchilik, xalqimizga xos bo`lgan kasb – hunarlar parokanda etilib, milliy o`zlikka jiddiy putur yetgan edi. “Ffu” romanidagi “ishbilarmon” quruvchilar dastasining kirdikorlari aslida mash`um sho`roviy – nigilistik siyosatning oqibatidir.

Bu fikrning haqiqat ekanligini yana shundan ham bilish mumkinki, Toshtemir faqat quruvchilar dastasini tuzish bilangina cheklanib – kifoyalanib qolmaydi. U viloyatda barcha kasb – hunarlar bo`yicha shunaqa dastalar tuzib chiqadi va ularga o`z odamlarini boshliq qilib qo`yadi. Oxir – oqibatda hududdagi barcha qadimiy kasblar tanazzulga yuz bura boshlaydi, tovlamachilik, muttahamlik avj olib ketadi. Bo`ysunmaganlarni qiynab kaltaklaydilar, hatto o`ldiradilar. Natijada hech kim yurak yutib dilidagilarni ochiq – oshkor aytishga botinolmaydi. Biroq o`sha tarixiy voqelikda o`z e`tiqodida qat`iy, imonli, diyonatli kishilar ham bo`lgan. Bulardan biri mulla Toshpo`lat bo`lsa, boshqasi Toshtemirning ustachilikdagi ustozi usta Mahmuddir. Agar ota – mulla Toshpo`latning o`g`liga isyoni anchayin sust, ichki norozilik shaklida bo`lsa (u har qalay ota), usta Mahmud sobiq shogirdiga ochiqdan ochiq qarshi chiqadi, uning nopok qilmishlari, adolatsizligi, zolimligini aytib, noto`g`ri yo`ldan qaytishini talab qiladi.

Masalaning nozik jihati borki, usta Mahmud, avvalambor, Toshtemirning ustozi, unga hunar o`rgatgan, bundan tashqari, bu yigitga o`z farzandidek mehr qo`ygan. Shu bilan birga, ustaning qizi Nigor Toshtemirga befarq emas, unga mayli – rag`bati borligi ma`lum. Oldinroq Toshtemirda ham shunday ishtiyoq – moyillik sezilardi. Boyligi, mavqesi oshib, endi ko`p vaqtini go`zal joriya – kanizaklar bilan aysh – ishratda o`tkazsa – da, Nigorni butunlay unutgan emas, vaqti – vaqti bilan bu bokira, samimiy qizni eslab turadi. Nigor orqavarotdan Toshtemirning nopok qilmishlari, aysh – ishratga mukkasidan ketganligini eshitgan. U garchi sevgisidan voz kechgan bo`lmasa – da, u bilan ko`rishish, gaplashishni istamaydi. Pinhona azob chekadi. Boshqaga turmushga chiqishni xayoliga keltirmaydi.

Yuqorida bayon etilgan sabablar Toshtemir boyvachchani insofga keltirmaydi. Hokimiyat, katta pul – davlat tufayli qalb ko`zi ko`r bo`lgan. Oqni qoradan ajratolmay qolgan. Butun olomon shoh qolib , unga bo`ysungani o`zicha – mustaqil yurganligi g`azabini keltiradi. Yigitlarini, bir oz tartibga chaqiringlar, deb ustaning yoniga jo`natadi. Ular isyonkor ustani ayamay kaltaklab, chalajon holda tashlab ketadilar. Ushbu fojiali voqeadan keyin bir qancha odamlar ustozi (otasidan ulug`) ga qo`l ko`targan nobakor sifatida qaray boshlashadi. Xalqimizning tarixiy mentaliteti shunday: o`ziga zulm qilsa, chidab, sabr – toqat qiladi – yu, ota – onasi, ustoziga ko`rnamaklik etgan nobakorni qanchalik zo`ravon, qo`li uzun bo`lsa – da, kechirmaydi. Uni jazolash, intiqom olishga hozirlanadi. Mirzo Ulug`bek fojiasini eslaylik. Alloma – podshoh o`z o`g`li Abdullatif buyrug`i bilan qatl etilgach, sodiq navkarlaridan biri valine`mati uchun qasos olish niyatida fursat topib, padarkush amirzodani o`ldiradi. Xalq esa bu intiqomni ma`qullaydi. Abdullatif temuriylar xilxonasiga emas, Samarqandning ovloq bir yerida dafn etilgan.

Toshtemirning kirdikorlari xalqning sabr kosasini to`ldirgach, otasini yana najot istab Haydar maxzum xonadoniga boradi. Savdolashib , maxzum aqlining qolgan qismini o`g`liga “o`tkazish”ga kelishadilar. Yana sehrli to`tiqush parvozi . Toshtemirda kuchli o`zgarish – evrilish sodir bo`ladi. U yigitlariga , bozordagi odamlarga zulm – zo`ravonligi haqida gapira boshlaydi. Shu zahoti shohning odamlari tomonidan qo`lga olinadi.

Ushbu tafsilot alohida mulohaza yuritish lozimligini taqozo qilayotir. Toshtemir odamlarga zulm qilib , nopok mol – dunyo to`plab , aysh – ishratga berilib yurganida , shoh uni chaqirib ogohlantirgan bo`lsa – da, uni qamash, jazolashgacha bormagan edi. Duo – sehr tufayli butunlay o`zgarib, adolat, haqiqat to`g`risida gapini tugatar – tugatmas sardorni darhol qo`lga oladilar. Binobarin, mustabid shoh va tashkil etgan tuzum uchun zo`ravon Toshtemirdan adolatparvar, haqiqatgo`y Toshtemir ming karra xavfliroqdir. Zolim Toshtemir kabilardan jabr ko`rgan fuqaro najot istab shoh saroyiga bosh urib keladi. demak, Toshtemir kabi zo`ravonlar shohning ulardan ustunligini ko`rsatish uchun zarur. Ularni vaqti – soati kelganda qamash, o`ldirish yoxud avf etish mumkin. Lekin adolat istab maydonga chiqqan isyonkor odamlarni hech qachon ozodlikda qo`yib bo`lmaydi. Bundaylarni darhol qo`lga olish va jazolash darkor. Mana, mustabid feodal tuzum va uning rahnamo (shoh) ning o`ziga xos, asrlar sinovidan o`tib kelgan mudhish falsafasi.

Toshtemirdagi bu galgi keskin o`zgarishni ham faqat sehr – jodu bilan izohlamaymiz. Xato, noto`g`ri yo`lga kirgan Toshtemir o`zgarishi lozim edi va u o`zgardi. Ushbu evrilishning bir necha sabablari bor:


  1. Toshtemir insof – diyonatli mulla Toshpo`latning farzandi. Yoshlik – g`o`rlik sababli haq yo`ldan ozgan bo`lsa – da, otasining hayot tarzi, insof, halollik to`g`risidagi pand – nasihatlari yuragining qaysi bir qatlamlarida yashirinib yotibdi. Agar zaminga urug` sepilsa – yu, yerda nam bo`lmasa, unib chiqmaydi. Vaqti yetib, yomg`ir yog`sa, urug`lar darhol harakatga keladi. Toshpo`latda ham xuddi shunday holat sodir bo`ldi. Avval otasining , keyin boshqa kishilarning e`tirozlari oxiri uning qalbini yumshata boshladi;

  2. Roman qahramoni bolalikdan hududdagi mashhur usta Mahmuddan hunar o`rgangan. O`tmishda e`tiqodli ustalar shogirdlariga kasb – kor o`rgatish bilangina kifoyalanib qolmaganlar. Ularga axloq, odob, ma`naviyatdan saboq berishgan, shaxsiy hayotda namuna ko`rsatishgan. Ustozlar o`z shogirdlari oldida juda katta mas`uliyat his etishgan. Ularga hamma vaqt yordam ko`rsatishga shay turganlar, og`ir paytlarda ko`mak qo`lini cho`zganlar. Garchi Toshtemir isyonkor ustozini jazolatgan bo`lsa – da, qalbining bir chetida ustaga nisbatan hurmat, qarzdorlik hissini saqlab qolgan. Xuddi ana shu his uning ma`naviy – axloqiy jihatdan o`zgarishidagi omillardan biri bo`lgan;

  3. Toshtemir bolaligidan ustozining kenja qizi Nigorga moyillik bilan ulg`aygan. Boylik, maishatga berilgan chog`larda ham bu ma`suma , shu bilan bir qatorda , irodali (“tosh - metin”) qizni unutolmaydi. Uni ko`rish, suhbatlashishga ehtiyoj sezadi.

Aynan ana shu tuyg`u – Muhabbat uni yangi – boshqa odam bo`lishga da`vat qiladi. Chunki dunyodagi eng ulkan his Ishq tuyg`usidir. Toshtemir hayotining keyingi ikki bosqichi (tarki – dunyochilik va hayotga, yorga muhabbat davrlari) ezgulik yo`liga kirgan barkamol inson qiyofasini mujassamlashtirgan. Zindondan qatl maydoniga olib borilib, bo`yniga arqon solingan Toshtemir va yig`ilgan olomonga farmoni oliyni o`qib eshittiradilar. Shohning qizi o`g`il tuqqani shodiyonasi sharafiga gunohkor ozod qilinadi.

Toshtemir otasi bilan o`z uyiga qaytib keladi. Hashamatli qasri tag – tubidan buzilgan, bor boyligi talanib tashilgan. Ota uyida yashay boshlaydi. Qahramon qamalib , badnom bo`lgan esa – da, avvalgi dovrug`i butkul so`nmagan. Atrofiga yana odam yig`ila boshlaydi. Undan rahnamolikni iltijo qilib so`raydilar. Tavba qilib, qalbi, ruhiyati o`zgargan yigit avvalgi hayotini qayta boshlash, yana shon – shuhrat ichida yashashni istamaydi. Odamlardan, son – sanoqsiz muxlislaridan qochib tog`dagi g`orda yashay boshlaydi. Qotgan non, suv bilan tirikchiligini o`tkazadi. Boshqa taom, noz – ne`matlarga qol uzatmaydi. Toat – ibodat birdan bir mashg`ulotiga aylanadi.

Mulla Toshpo`lat o`g`lining yaxshi odam bo`lgani, imon – e`tiqod yo`liga kirganligidan suyunsa ham , odamlardan uzoqlashgani, oilasiz, jamiyatdan uzilganidan qattiq iztirobga tushadi. Yana himoya, yordam so`rab, Haydar maxzum oldiga boradi. Bu safar oshnasi hech bir iloji yo`qligini aytadi. “Do`kondorlar peshtaxta ostiga bir nima tashlab qo`yadi, sizda ham nimadir qolgandir ”, - deydi bechora ota.

Mana shu muloqot – uchrashuvdan keyin darhol – keskin emas, sekin – asta Toshtemirda qandaydir o`zgarish bo`la boshlaydi. Usta Mahmud o`gitlari yodiga tushib , o`zi yashaydigan tog` yaqinida ko`p asrlarga yetgulik obida bunyod qilishga kirishadi. Atrofida ko`makchilar paydo bo`ladi – usta Mahmud dastasi unga kelib qo`shiladi. Asar intihosida Nigor va Toshtemirni birga suhbat qurib o`tirgan holda ko`ramiz. Bu manzaraga ko`zi tushgan ota hayotdan, o`g`lidan rozilik tuyg`usini tuyadi.

Shunday qilib, haqiqiy insonning shakllanishi – barkamol shaxsga aylanishi jarayoni yakuniga yetadi.

Yozuvchi bir necha inson taqdirining badiiy ifodasi davomida o`z badiiy konsepsiyasini yuzaga chiqargan. Bu hayotiy dastur o`z zamonida buyuk mutafakkir Bahouddin Naqshband tomonidan insoniyatga havola etilgan: “Dast ba koru dil ba Yor” (“Qo`ling ishda, qalbing Ollohda bo`lsin”).



Download 142.75 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling