O’qituvchi: f f. f d.(PhD) Dilnoza Abduvaliyeva


Download 429.78 Kb.
Sana19.11.2020
Hajmi429.78 Kb.
#147406
Bog'liq
1-маъруза слайд(1)


Fan:

Amaliy tilshunoslik

O’qituvchi: f.f.f.d.(PhD) Dilnoza Abduvaliyeva

1-MA’RUZA. TILSHUNOSLIKDA ZARURIYAT VA AN’ANA (4 SOAT)


Reja:

1.Insoniyat taraqqiyotining har bir davri ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, falsafiy qonuniyat va holatlardan kelib chiqqan holda ilmiy tafakkur darajasi va xususiyatlarini belgilashi Buning fanlar va ularning rivojlanish tendensiyalarida o‘z ifodasini topishi.

2.Tadqiqotchining dunyoqarashi, o‘rganish obyektiga doir muammolarni belgilashi va ularning yechimiga munosabati, tanlangan tadqiq metodologiyasi va metodikasi masalalari umumiy ilmiy tafakkur darajasi va xususiyatlari bilan bog‘liqligi.

Tayanch so’zlar:

ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, falsafiy qonuniyat, ilmiy tafakkur darajasi, fanlarning rivojlanish tendensiyalari, tadqiqotchining dunyoqarashi, o‘rganish obyekti, tadqiq metodologiyasi, metodikasi, umumiy ilmiy tafakkur darajasi, an’anaviy ilmiy tafakkur, Ilmiy tafakkurning an’anaviylik illatidan xoliligi, zamonaviy metodologiya, metod, tadqiq metodikasi

 

Insoniyat taraqqiyotining har bir davri ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, falsafiy qonuniyat va holatlardan kelib chiqqan holda ilmiy tafakkur darajasi va xususiyatlarini belgilaydi. Bu bevosita tafakkur mahsuli bo‘lgan fanlar va ularning rivojlanish tendensiyalarida o‘z ifodasini topadi. Tadqiqotchining dunyoqarashi, o‘rganish obyektiga doir muammolarni belgilashi va ularning yechimiga munosabati, tanlangan tadqiq metodologiyasi va metodikasi masalalari umumiy ilmiy tafakkur darajasi va xususiyatlari bilan bog‘liq. Fanlar tarixidan ma’lumki, an’anaviy ilmiy tafakkur provinsial cheklanganligi, dogmatikligi, konservativligi, umrini o‘tab bo‘lgan qat’iyatlarga muteligi bilan xarakterlanib, uning bu sifatlari o‘rganish obyektining to‘la ma’nodagi dolzarb muammolarini tushunib yetishiga to‘siq bo‘ladi..

An’anaviy tafakkur egasi obyektni taraqqiyotning mintaqaviy va global masalalari bilan yaxlitlikda idrok eta olmaydi, jamiyat va o‘rganish obyektining taraqqiyot tendensiyalarini anglab yetmaydi, fanning dolzarb vazifalarini ijtimoiy taraqqiyot talablaridan kelib chiqib belgilashga ojizlik qiladi. Natijada fanning o‘zi o‘z taraqqiyotiga g‘ov bo‘lib qoladi. Umuman olganda, an’anaviy tafakkur jamiyat taraqqiyoti darajasidan orqada qolib, unga to‘sqinlik qila boshlaydi. Shuning uchun Prezidentimiz Islom Karimov yangi – ozod va obod jamiyat barpo etish, unda erkin va farovon yashash muammolari xususida fikr yuritib, alohida ta’kidlaganlaridek, “tafakkur ozod bo‘lmasa, ong va shuur tazyiqdan, qullikdan qutulmasa, inson to‘la ozod bo‘lolmaydi.”

Ilmiy tafakkurning an’anaviylik illatidan xoli ekanligi o‘tmish va yon-atrofga olazarak bo‘lish odatidan qutulib, davr taqozo qilayotgan yangi tarixiy zaruratni idrok etishi, undan kelib chiqqan holda o‘rganish obyektiga munosabatda bo‘lishi, fanning dolzarb vazifalariga mos zamonaviy metodologiya, metodlar va tadqiq metodikasini tanlash yoki ishlab chiqishi kabilarda ko‘zga tashlanadi.

Leksikografik zaruriyat va uning an’anaviylashuvi. Ma’lumki, o‘zbek tili dastlab boshqa turkiy tillar bilan umumiy ildizga ega bo‘lgan. So‘ngra qarluq qavmlari lahjalari turli davrlarda o‘g‘uz, uyg‘ur, qipchoq kabi turkiy, shuningdek, eroniy, arabiy, mo‘g‘ul kabi noturkiy qavm vakillari lahjalari xususiyatlarini o‘ziga singdirib, IX-X asrdan e’tiboran boshqa turkiy tillardan fonetik, leksik-grammatik jihatdan farqlanuvchi bir til ajralib chiqa boshlaydi. Bu til o‘ziga xos shakl-shamoyildagi turkiy (o‘zbek) til bo‘lib, u shu davrdan mustaqil milliy til sifatida shakllanib, yuksalishga yuz tutgan. Bunga asosiy negizini bugungi O‘zbekiston hududida yashovchi, hozirgi o‘zbek millatining bobokaloni, turkiylarning qarluq toifasiga mansub aholisi tashkil etgan qoraxoniylar davlatining o‘rnatilishi va bu davlatda rasmiy saroy tili sifatida, Mahmud Koshg‘ariy ta’biricha, «turkiy xoqoniy”ning e’tirof etilganliligi asosida amin bo‘lish mumkin. Manbalarda eski turkiy til atamasi bilan nomlanuvchi bu til turkiy, sharqiy turkiy, chig‘atoy tili kabi nomlar bilan ham yuritilgan.

Ammo uning umumturkiy tildan ajralib, alohida yaxlitlik maqomiga ko‘tarilganligini, boshqa turkiy tillardan farqli xususiyatlarini asoslash, kelgusida milliy til sifatida e’tirof etiladigan bu tilning o‘ziga xos xususiyatlarini, fonetik, leksik-grammatik qurilishini tavsiflash ijtimoiy, qolaversa, ulkan ma’naviy-mafkuraviy ahamiyatga ega edi va u tarixiy zarurat, o‘ziga xos ijtimoiy buyurtma sifatida namoyon bo‘ldi. Bu buyurtmani qabul qilish va zaruratni ado etish turkiylardan yetishib chiqqan,XI asrda yashab o‘tgan qomusiy bilim sohibi, to‘ng‘ich turkiy tilshunos, adabiyotshunos, geograf, kartogaf, etnograf, tarixchi, sayyoh Mahmud Ibn Husayn ibn Muhammad Koshg‘ariy zimmasiga tushdi. Olim qoraxoniylar davlati xalqini turk (turklar) atamasi bilan qayd qildi, ularni va ularning tilini, avvalo, shu mintaqada yashayotgan o‘g‘uz, turkman va uyg‘ur qavmlari hamda ularning tilidan farqladi. Davr talabi va tarixiy zaruratni anglab, qo‘yilgan ijtimoiy buyurtmani mukammal darajada ado etdi.

Biroq bu zaruriyat asosida shakllangan lug‘atchilik an’anasi ming yillar mobaynida saqlanib qoldi. Tilshunoslik faqat lug‘atchilik sifatida ish ko‘rdi, til esa lug‘atlar asosidagina idrok etildi va o‘rganildi. Tilni tadqiq qiluvchi fanning boshqa sohalari shakllanmasdan qolaverdi. Adabiy manbalarni tahlil qilish – so‘z ma’nolariga, ularning qo‘llanishiga e’tibor berish, izohlash, lisoniy, ma’rifiy qiymatini ochish, asarlarning tarjimasi kabi masalalar bilan shug‘ullanish keyingi davr leksikografiyasining maqsad va vazifasi bo‘ldi. Bunda Eron shohi Nodirshohning kotibi astrobodlik Nizomiddin Muhammad Hodi al- Husayni as-Safaviy (Mirzo Mehdixon)ning «Sangloh» (1760) lug‘atini alohida ta’kidlash lozim.

An’anadagidek, bu lug‘atdan «Maboni ul – lug‘at, ya’ni sarfi va nahvi lug‘ati chig‘atoy» nomi bilan eski o‘zbek tilining grammatikasiga oid ayrim tavsiflar ham o‘rin olganligi e’tiborga molik. Lug‘atda, asosan, she’riy matnlardagi, shuningdek, Lutfiy, Bobur asarlaridagi tushunilishi qiyin bo‘lgan so‘zlar izohiga, ularni fors tiliga tarjima qilish muammolariga diqqat qaratilgan. Jamoliddin Muhammad Abdulloh Turkiyning taxminan XIV asrlarda yozilgan «Kitobu-l-lug‘at al-mushtoq fi lug‘ati-t-turk va-l-qafchoq» («Turk va qipchoq tillariga mushtoqlarni qiziqtiruvchi kitob»), o‘rta asr tilshunos-turkiyshunoslaridan bo‘lgan Asiruddin Abu Hayyon al-Andalusiy (1256–1345) ning «Kitobu-l-idrok li-l-lisonil atrok», undan foydalanilib XIV–XV asrlarda yozilgan va muallifi noma’lum «Attuhfatu-z-zakiyatu fi-l-lug‘ati-t-turkiya» asarlari ham ana shunday an’ana mahsulidir

Ta’kidlash lozimki, bu davr o‘zbek leksikografiyasi avval arab, so‘ngra fors lug‘atchiligi an’analari va tamoyillari asosida ish ko‘rdi. Umuman olganda, Koshg‘ariy tomonidan anglangan zaruriyat an’ana sifatida XX asrgacha mutlaqlashdi.

Adabiy til talqini zaruriyati va uning an’ana tusiga kirishi. O‘zbek tilshunosligi tom ma’nodagi fan sifatida XX asrning 20-30- yillarida shakllana boshladi. O‘z oldiga davr talablaridan kelib chiqib, muayyan maqsadlarni qo‘ygan o‘zbek tilshunosligi 50-60 yil mobaynida o‘zbek adabiy tili meyorlarini ishlab chiqish va ommalashtirishdan iborat ulkan zarurat asosida ish ko‘rdi.

Adabiy til – milliy yaxlitlikka erishishning, milliy yaxlitlik esa milliy taraqqiyotning bosh omili. Unga erishish zarurati natijasi o‘laroq vujudga kelgan o‘zbek an’anaviy (formal) tilshunosligi vakillari o‘zbek tili qurilishini tavsiflash umumiy vazifasi ostida birlashishdi.

XX asr o‘zbek tilshunosligining shakllanishida Abdurauf Fitrat, YE.D.Polivanov, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Faxri Kamolov, Ulug‘ Tursunov, Ayyub G‘ulomov va ular izdoshlarining xizmat katta. Bu davrda o‘zbek tilining ichki qurilishi zamonaviy tilshunoslik yutuqlari asosida o‘rganildi va o‘zbek tilshunosligi jahon zamonaviy tilshunosligining bir bo‘lagi sifatida shakllandi. Tilshunoslikning bugungi mavjud barcha bo‘limlari bo‘yicha ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishi vujudga keldi. Ular asosida imlo va talaffuz qoidalari yaratilib, o‘rta, o‘rta maxsus va oliy maktab uchun bu tildan meyoriy darslik, qo‘llanma va ilmiy grammatikalar yaratildi. “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” kursining mutaxassislar tayyorlashda fundamental predmet sifatida o‘qitilishi mazkur ijtimoiy zarurat asosida kechdi.

Natijada ta’lim, matbuot, radio, televideniye, rasmiy ish yuritish, kitobatchilik ishlarida o‘zbek adabiy tilining ustuvorligiga erishildi. Adabiy til meyorlarini ishlab chiqish va ommalashtirishdan iborat ijtimoiy buyurtmani olgan o‘zbek an’anaviy tilshunosligi o‘zbek adabiy tilining imlo qoidalari, imlo lug‘ati, talaffuz meyorlari, o‘zbek adabiy tilining akademik grammatikalari, shuningdek, o‘zbek tilining 2 tomli izohli lug‘ati nashr etilishi bilan o‘tgan asrning 80-yillarida o‘z faoliyatiga yakun yasadi. Bu holat yetakchi o‘zbek tilshunoslari tomonidan e’tirof etildi.



E’TIBORINGIZ

UCHUN

RAHMAT!!!
Download 429.78 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling