O’rtacha ish haqingiz saqlab qolinishini bilasizmi?
Bugungi kunda jadallik bilan rivojlanib borayotgan yurtimizda fuqarolarning huquqlarini har tomonlama himoya qilish, o’z huquqlarini himoya qilish institutini qo’llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish bo’yicha qonunchilik qaytadan o’rganilmoqda. Fuqarolarning huquqlarini buzilishi shaxsiy manfaatlariga zarar keltirib ularning noroziligiga sabab bo’lishi mumkin. Jinoyat ishlari bo’yicha chaqirilgan shaxslarning o’rtacha ish haqining saqlanib qolinishini bunga misol qilsak bo’ladi. Xususan, jinoyat ishlari bo’yicha guvoh, jabrlanuvchi, fuqaroviy javobgar yoki da’vogar, tarjimon sifatida chaqirilgan bo’lsangiz ish joyingizga borishga imkon topolmay qolishingiz mumkin. Bu esa sizni bir kun ishga bormaganligingizni va shu kun uchun ish haqingizni “kesilishi”ni bildiradi. Bu O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida keltirilgan prinsiplarga zid bo’lib, ularning qo’pol buzilishiga olib keladi. Bunday kamchiliklarning oldini olish uchun qonunchilikka tomonidan o’rtacha ish haqining saqlanishi tushunchasi kiritilib, amaliyotga tadbiq etilgan. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining 319-moddasida jinoyat ishinining yuritilishi bilan bog’liq holda shaxslar surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga chaqirilganligi bilan o’tgan vaqt uchun ularning ish joyida o’rtacha ish haqi saqlab qolinishi ta’kidlab o’tilgan. Masalan, siz tergov organiga guvoh sifatida chaqirilgan bo’lsangiz va chaqiruv bo’yicha hozir bo’lsangiz, ishga bormagan bir kuningiz uchun oylik maoshingizdan olib qolinmaydi. Tergovchi tomonidan sizga shu kuni tergov organida bo’lganingiz haqida ma’lumotnoma berilib, siz ushbu ma’lumotnomani ish joyingizga taqdim etishingiz bilan sizning oyligingizning kunlik miqdori to’liq berilishi lozim. Bu sizning huquqingiz bo’lib, uni amalga oshirish davlat organlari va ish joyingizni majburiyati hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |