O‘tgan asrning 90-yillari boshlarida Armaniston moliyaviy jihatdan zaif elektr energetikasi tizimi bilan bozor iqtisodiyotiga oʻta boshladi. Sohada monopolist kompaniyning ta’siri kuchli bo‘lib, boz ustiga tizim subsidiyalashganligi bilan ajralib turardi. Armaniston iqtisodiyoti ko‘p jihatdan boshqa davlatlardan yoqilg‘i importiga bog‘liq edi. Yuzaga kelgan notinch vaziyat ham jiddiy muammolarni keltirib chiqardi. Oqibatda 1990–1995 yillarda elektr ishlab chiqarish deyarli 50 foizga qisqardi. Bu holat surunkali energiya tanqisligiga olib keldi.
Elektr energiyasi tizimiga subsidiyalarning ajratilishi va katta imtiyozlarning berilishi mamlakatda fiskal yukning ortishi hamda byudjet taqchilligini yuzaga keltirdi. Mamlakatda bozor iqtisodiyoti mexanizmlarining joriy etilishi natijasida elektr energiyasini ishlab chiqarishda neft mahsulotlaridan ko‘ra gidroenergetikaga ko‘proq e’tibor qaratila boshlandi. Gidroenegetika tizimi orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish boshqa manbalarga nisbatan arzonroq bo‘lganiga qaramay elektr energiyasini islab chiqarish uchun ajratilgan subsidiyalar 1995-yilga kelib, yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 11 foizini tashkil etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |