O‘tkir hoshimov qissalarida affikslar lingvopoetik vosita sifatida


Download 44 Kb.
Sana31.10.2021
Hajmi44 Kb.
#428761
Bog'liq
Nozanin uchun
Nozanin uchun, Nozanin uchun, Amaliy mashg, 13-мавзу, 2 5409351832881337648, Газета — Википедия, Kurs ishi I.Boboniyozov, 2 5222126533342142190, Kurs ishi A.Muhitdinov, 43941, Abdujabborov Joʻrabek, 9-mavzu

O‘TKIR HOSHIMOV QISSALARIDA AFFIKSLAR LINGVOPOETIK VOSITA SIFATIDA

(Shermamatova Nozanin

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi)
O‘tkir Hoshimov qissalarida poetik individuallik, emotsional-ekspressivlikni, asar xalqchilligini, jonliligini ta’minlashda, personajlar nutqining rang-barangligini hosil qilishda lug’aviy shakl yasovchi qo’shimchalar asosiy o’rin egallaydi. Bizga ma’lumki, bu qo’shimchalar yangi so‘z hosil qilmaydi, ma’noni butunlay o‘zgartirmaydi, balki har xil modal ma’nolarni, so‘zlovchining borliqqa munosabatini ifodalash uchun xizmat qiladi.

Hozirgi o‘zbek adabiy tilida -lar qo‘shimchasi juda keng qo‘llaniladi. Bu qo‘shimcha ko‘plik qo‘shimchasi vazifasidan tashqari boshqa tur, to‘dalarning ko‘pligi, shaxsga hurmat, taxmin, kinoya, umumlashtirish kabi ma’nolarni ham o‘zida ifodalaydi. Hurmat ma’nosining ifodalanishi ham turlichadir: Qarindoshchilikka aloqador so‘zlarda: otamlar, akamlar kabilar; Ayrim shaxslarning a’zolariga nisbatan, biror jihati bilan yaqin odamga bog‘liq bo‘lgan predmet va shaxslarga nisbatan hurmat ifodalanadi: buvimning bellari og‘riyapti; Hurmat o‘z so‘ziga, hazrat, janob kabi so‘zlarga –larni qo‘shish bilan ifodalanadi. -lar qo‘shimchasining bu kabi uslubiy xususiyatlari O‘tkir Hoshimov qissalarida ham o‘ziga xos tarzda uchraydi. Masalan, hurmat ma’nosida qo‘llanilgan: Ammam aytsalar ishonmagandim (“Dunyoning ishlari”); Dadasi, oyim keldilar! (“Dunyoning ishlari”).

G‘ururlanish, mag‘rurlanish ma’nosida: Bizlar ham hurmat ko‘rgan odamlarmiz, – atlas ko‘ylakli xotin qalin bilaguzuk topgan qollari bilan o‘zi keltirgan tugunning bog‘ichini yecha boshladi. (“Dunyoning ishlari”) Ovsunim kuyov bo‘lmishning onalari! – atlas ko‘ylakli ayol jilmaydi,– Muborak chevar desangiz hamma taniydi. “Zinger” moshinalari bor. (“Dunyoning ishlari”) – Voy o‘rgilaylar! - dedi onam eski qadrdonlarini ko‘rgandek, quvonib, -xush kelipsizlar. (Sovchilar kelganda, Dunyoning ishlari) –Yo‘q! –dedi sartarosh qat’iyat bilan. – Hammasi yaxshi odamlar! (“Dunyoning ishlari”)

-xon modal ma’nolarni ifodalashi, badiiy asarlarda qahramonlarning o‘ziga xos nutqini aks ettirishda faol ishtirok etish, nutqda, gapda o‘zining turli qirralarini ochib bera olishi bilan ko‘zga tashlanadi. Hoy, o‘rgilay, Bashoratxonning uyi shumi? (“Dunyoning ishlari”). Bu qo‘shimcha nafaqat erkak va ayollar ismiga qo‘shilganda, balki turdosh otlarga qo‘shilganda ham hurmat yoki gap mazmunini kuchaytirish, kinoya, g‘ururlanish kabi ma’nolarni bildirishi mumkin. Masalan: Shundoq otaxonim bo‘lmasa, yuraverardim-da, Tulporimga minib, ko‘cha changitib. (“Ikki karra ikki besh”).

Ayrim hollarda bu qo‘shimcha qahramonning o‘ziga xos nutqini ifodalash uchun yoki bir shaxsning boshqa bir shaxsga nisbatan samimiy munosabatini, faxr tuyg‘usini ifodalash uchun ham xizmat qiladi: -jon atoqli otlarga qo‘shilib kelganda ko‘proq murojaat, hurmat ma’nolari ustunroq bo‘ladi: O‘zimning ukamdan o‘rgilay,ukajonimdan aylanay (“Dunyoning ishlari”) –jon qo‘shimchasi erkalatish, kichraytirish, suyish ma’nolarini o‘zida ifodalab, badiiy nutqning ta’sir kuchini oshiradi: Qo‘ying,-dedi oyim bilagidan tutib.-Yosh bolamas,o‘zi yuradi. Shu kuzda maktabga boradi-ku.-Nega qo‘yarkanman?!-Bashorat opam hidi anqib turgan boshini yana yuzimga bosdi.Ukajonimni nega qo‘yarkanman?! (“Dunyoning ishlari”). -jon morfemasi qahramonning, ya’ni so‘zlovchining shodligi, quvonchi, o‘z ishidan ko‘ngli to‘lgani, umuman butun ruhiyati, o‘sha daqiqadagi oniy lahzalik ko`rinishi barchasini aks ettiradi: Ayolning qo‘lidan sumkasi tushib ketdi. – Oyijon! – dedi. -Oyijon! O‘zingizmisiz? – shunday dedi-yu, oyimni quchoqlab oldi. O‘sha men….Menman….Qizingizman….Oyijon. (“Dunyoning ishlari). Ayniqsa, O‘tkir Hoshimov “Ikki karra ikki besh” asari qahramon tilidan hikoya qilingani sababli, kichraytirish -erkalash qo‘shimchalari barcha subyektiv ma’nolari bilan juda ko‘p qo‘llangan. Masalan, - E, do‘xtirjon! Qiynab nima qilasiz,odamni! Aytayapmanku, soppa-sog‘man! (“Ikki karra ikki besh”); Endi, domlajon, bizlar o‘qiy olmadik! –Rais buva chordana qurib joylashibroq o‘tirib oldi . –Plan dedik, xo‘jalikni mash’al qilamiz dedik… Jilla qursa kadrlar olim bo‘lsin-da endi. (“Ikki karra ikki besh”) Mana-da, dadajonimning bo‘lajak kelini! (“Ikki karra ikki besh”) kabi gaplarda – jon qo’shimchasi poetik individuallikni ta’minlash (E, do`xtirjon! Qiynab nima qilasiz, odamni!) , erkalash (-Endi, domlajon, bizlar o’qiy olmadik! ),gu‘ururlanish (mana-da, dadajonimning bo‘lajak kelini!) kabi ma’nolarni ifodalaydi. Ba’zan matndan, asarning tabiatidan kelib chiqib, bu qo‘shimchalar bir holatda uchrab, ikkinchi holatda uchramaydigan shu asarga, shu kontekstgagina xos ma’no ifodalashi mumkin. Masalan, quyidagi “Ikki karra ikki besh” hajviy xarakterdagi qissadan olingan misolda imtihon topshirayotgan paytda, (kirish imtihonida insho yozishayotganda) asar qahramoni va do‘stining oldiga kelayotgan domla holatini ham yengil kulgi bilan tasvirlaydi. Bu tasvirga yumor ruhini berayotgan vosita esa -jon qo’shimchasidir: Voy-bo‘y! Domlajonning achchig‘i yomon ekan-ku! Bir mahal qarasam, domlajon biz tomonga bostirib kelyapti (“Ikki karra ikki besh”).

Xullas, O‘.Hoshimov qissalari orqali lug‘aviy shakl yasovchi affikslar gap, jumla, matnlarga turli qo‘shimcha ma’nolar: erkalash-kichraytirish, kuchaytirish, achinish, qayg‘urish, hurmat, piching, kinoya, kesatiq, ijobiy yoki salbiy ottenka ifodalash, nutqiy individuallikni hosil qilish, xalqchillik, jonlilikni ta’minlash kabi vazifalarni bajarishining guvohi bo’ldik.

Adabiyotlar:

1.Abdullayev A. O‘zbek tilida ekspressivlikning ifodalanishi. – Toshkent: Fan, 1983.

2.Karimov S. O‘zbek tilining badiiy uslubi. – Samarqand: Zarafshon, 1992.



3. Qo‘ng‘urov R. Subyektiv baho formalarining semantik va stilistik xususiyatlari. – Toshkent: Fan, 1980.

4.Tojiyev Y., Mallaboyev M. O‘zbek nutqi madaniyati va uslubiyat asoslari amaliyoti. – Toshkent, 2009.
Download 44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2023
ma'muriyatiga murojaat qiling