O`zbek adabiy tilining me`yorlari


Download 72.59 Kb.
Sana10.11.2023
Hajmi72.59 Kb.
#1761744
Bog'liq
O`zbek adabiy tilining me`yorlari


O`zbek adabiy tilining me`yorlari


Reja:

  1. Nutq madaniyati va adabiy me`yor o`lchovi.

  2. Adabiy til me`yorlari.

  3. Nutq odobi-umumiy axloqni belgilovchi mezon.

  4. O`qituvchi nutqining adabiy me`yorlarga mosligi.

Nutq madaniyatiga erishishning asosiy omili tilni, ayniqsa adabiy til me`yorlarini egallash, ulardan unumli va o`rinli foydalanishdir. Hozirgi adabiy til me`yorlariga rioya qilib tuzilgan nutq aniq, to`g’ri va ta`sirchan holda tinglovchiga yetib boradi.


Me`yor-so`zning mavjud bo`lgan ma`nosi, fonetik tuzilishi. S.I.Ojegov fikricha, “Me`yor-bu ijtimoiy jarayonda birga mavjud bo`lgan, bor bo`lgan, yangi paydo bo`lgan yoki o`tmishning kam ishlatiladigan til unsurlarini (lug’aviy, talaffuz, morfologik, sintaktik) tanlashning natijasi sifatida shakllangan, jamiyatga xizmat qiladigan foydali til vositalari yig’indisidir, keng ma`noda bu unsurlarni baholashdir”. Adabiy me`yor o`z holicha shakllanadi. Uning shakllanish va taraqqiyotiga tilning tarkibiga kiruvchi lahja, shevalar turlicha hissa qo`shadilar. Qaysi hududda savdo, fan madaniyat taraqqiy etgan bo`lsa, me`yorga ham o`sha hududdagi shevalarning ulushi ko`proq bo`ladi. Me`yor til qurilishi unsurlarining hammasiga tegishli. Adabiy me`yor umumiy me`yordan olinadi, unga suyanadi. Adabiy me`yor umumiy me`yorning xususiy ko`rinishi bo`lgani uchun undan hajm jihatidan kichikdir.
Og’zaki adabiy normaning rivojlanishiga xalq qiziqchilari, askiyachilari, ertakchi, latifachi, dostonchi, xalq shoir-baxshilari katta hissa qo`shadilar.
Nutq madaniyati adabiy me`yorlarni tadqiq etar ekan, u me`yordagi mustahkam va zaif o`rinlarni belgilaydi. Adabiy me`yor adabiy til bilan birga tug’iladi, badiiy adabiyotning, xalq madaniyatining taraqqiyoti bilan rivojlanib, o`z qonun-qoidalarini mustahkamlab boradi.
So`zlovchi yoki tinglovchi gapirganda yoki eshitganda ma`lum odob, axloq me`yorlariga rioya qiladi, chiroyli va ta`sirchan gapirishga intiladi, tilga hurmat bilan munosabatda bo`ladi, o`z gapi va o`zgalar gapiga e`tiborli bo`ladi, o`rinli so`zlash va tinglash madaniyati, suhbat va munozara madaniyatiga amal qiladi. Bular umum-me`yor darajasidagi talablardir.
Nutq madaniyatida ham adabiy til me`yori-o`lchovi zarur. “Til me`yori-bu til birliklari va uning qurilishini o`zaro yaxshi tushunish zaruryati tufayli paydo bo`lgan, undan foydalanuvchi xalq tomonidan yaratilgan amaldagi qoidalar yig’indisidir” -deb ta`kidlaydi olim B.N.Golovin.
Til unsurlarining xalq o`rtasida ko`pchilikka ma`qul bo`lgan variantini tanlash-adabiy til me`yori hisoblanadi.
O`zbek adabiy tilining me`yorlari:

  1. Fonetik me`yorlar.

Bunda hozirgi o`zbek adabiy tilidagi unli va undosh tovushlarning qo`llanilishi me`yor hisoblanadi.

  1. Leksik-semantik me`yor (so`z qo`llash)lar.

So`z variantlaridan hamma uchun tushunarli bo`lgan ko`rinishini tanlab olish hozirgi o`zbek tilining lug’aviy me`yori hisoblanadi.
Imlo, talaffuz, tarjima lug’atlarida lug’aviy me`yor o`z aksini topadi.
So`zning ma`nosini bilmay ishlatish, shevaga xos so`zlarni qo`llash, paronimlarning ma`nosini tushunmasdan ishlatish rus tilidan to`g’ridan-to`g’ri kalka-tarjima qilish me`yor hisoblanmaydi.
Masalan: bo`lsa o`rnida bo`sa so`zini ishlatish, yorug’ o`rnida yoruq so`zidan foydalanish. Rus tilidan tarjima qilish asosida: Bazm kechasining aybdorlari.

  1. Talaffuz me`yorlari (orfoepik).

Til birliklarining og’zaki nutq jarayonida adabiy til me`yorlariga muvofiq kelishi. Ruscha so`zlarni yozma shakliga taqlid qilib aytish-(Moskva to`g’ri aytilishi Maskva) so`zlarni o`zbekcha aksent bilan talaffuz etish (Angiliya) shevaga xos talaffuz (yo`l-jo`l) talaffuz me`yorlarini egallashda orfoepik lug’atlarning ahamiyati katta.
4. Aksentologik (urg’uning to`g’riligi) me`yorlar.
Bunda so`z va gaplarda urg’uni to`g’ri qo`llash me`yori tushuniladi. Urg’uni to`g’ri ishlatmaslik so`z ma`nosiga ta`sir qiladi: olma-meva, olma-buyruq fe`li.
5. Grammatik me`yor:
Turlovchi va tuslovchi shakllarning eng maqbul variantlari hozirgi tilimizda tanlab olingan va ular nutqda barqaror shaklda ishlatiladi. Ammo kelishik qo`shimchalarini noto`g’ri qo’llash uchraydi. Ba`zan –ning o`rnida –ni, -lar o`rnida –la ishlatiladi. Direktorni xonasida ko`rdim. (direktorni o`z xonasida ko`rmoq). Direktorning xonasida ko`rdim. (Boshqa birovni direktor xonasida ko`rmoq).
6. So`z yasalish me`yorlari:
So`z yasovchi qo`shimchalarning fonetik tuzilishi jihatidan bir qolipda ishlatilishi so`z yasalish me`yori hisoblanadi. Ba`zan nuqtda sifat yasovchi –li va ot yasovchi –lik qo`shimchalari farqlanmay ishlatiladi. Paxtali chopon o`rnida paxtalik chopon.
7. Imloviy me`yorlar (orfografik).
Hozirgi o`zbek adabiy tilining me`yorlari 1956-yil “O`zbek orfografiyasining asosiy qoidalari” ga tayanadi. 72 paragrafdan iborat. 1995-yil yangi lotin alifbosiga o`tish haqida qaror qabul qilindi.
Lotin alifbosiga asoslangan yozuvda ham yangi orfografik qoidalar yaratildi. Bo`g’in ko`chirish qoidalariga o`zgartirishlar kiritildi. Demak, imloviy me`yor so`zlarning to`g’ri, xatosiz yozilishiga asoslanadi.
8. Grafik (yozuv) me`yorlari:
Hozirgi yozuvimiz lotin alifbosiga asoslangan bo`lib, 29 ta harf va 3 ta harf birikmasidan iborat.
9. Punktuatsion me`yorlar:
Bu me`yor 10 ta tinish belgisi asosida ish yuritadi (nuqta, vergul, ikki nuqta, nuqtali vergul, tire, undov belgisi, so`roq belgisi, ko`p nuqta, qo`shtirnoq, qavs)
10. Uslubiy me`yor:
Nutq sharoitiga qarab til birliklarining eng ma`qulini qo’llash adabiy tilning uslubiy me`yori hisoblanadi. Sinonimlardan noto`g’ri foydalanish, so`z takror ayrim eskirgan so`zlarni qo`llash nutqni uslubiy jihatdan buzadi.
Adabiy til – har qaysi xalq va millat ma’naviyatida ulkan ahamiyat kasb etadigan, uning ruhiy olamini moddiy shaklda yuzaga chiqarish va umumbashariy taraqqiyot uchun xizmat qildirish, el-yurtni birlashtirish, o’zlikni anglashda muhim vosita bo’ladigan buyuk ijtimoiy hodisa. Adabiy til umumxalq tilining sayqallangan, lekin, fonetik va grammatik juhatdan shu xalq shevalaridagi eng yaxshi xususiyatlarni o’zida mujassam etib, sayqallangan, hamma uchun tushunarli va ma’qul me’yorga solingan umummilliy muloqot vositasidir.Tarix va taraqqiyot jarayonida adabiy til o’zgarib, takomillashib boradi. Masalan, Alisher Navoiy davridagi o’zbek adabiy tili hozirgi zamon o’zbek adabiy tilidan farq qiladi. Istiqlol davrida adabiy tilning ma’naviy hayotimizdagi o’rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, 1989 yil 21oktabrda o’zbek tiliga davlat maqomining berilishi adabiy tilimiz rivojida mutlaqo yangi sahifa bo’ldi. Hozirgi davrda o’zbek adabiy tili milliy madaniyatimizning haqiqiy ko’zgusiga aylanib bormoqda.
O’zbek tili – turkiy tillarning qarluq guruhiga mansub tillardan; yangi uyg’ur tili bilan birgalikda qarluq-xorazm guruhchasini tashkil etadi. O’zbek tili asosan, O’zbekistonda, shuningdek, Afg’oniston, Tojikiston, Qirg’iziston, Qozog’iston, Turkmaniston, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy,AQSH, Germaniya va boshqa mamlakatlarda tarqalgan.

Turkiy xalqlar uchun mushtarak obida hisoblangan O’rxun-Yenisey tosh bitiklari, O’rta Osiyo turkiy xalqlarining umumiy adabiy tili namunalari bo’lgan “Devonu lug’otit turk”, ”Qutadg’u bilig” kabi o’lmas asarlar o’zbek xalqining dastlabki yozma yodgorliklari hisoblanadi. Eski o’zbek adabiy tilining shakllanishi XIV asr oxirlari va XV asrga to’g’ri keladi. Bu davr adabiy tilining shakllanishi va rivojlanishida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning hissasi beqiyosdir.


Me’yor - jamiyat a’zolari tomonidan qabul qilingan, ma’qullangan va ularga tushunarli bo’lgan til birliklarining nutq jarayonida qo’llanish holati va imkoniyatidir.


Til va nutq tizimida me’yor o’ziga xos o’rniga ega. Til material sifatida nutq jarayonida xizmat qila boshlagan lahzalardanoq uni me’yorlashtirish jamiyat ehtiyojiga aylangan va me’yoriy muammolar kun tartibiga qo’yilgan.


Jamiyat taraqqiyoti bilan baravar holda til va nutqdagi me’yoriy holatlarni o’rganish, tahlil qilishga ham ehtiyoj kuchayib borgan va bu muammolarni hal qilishda xalqning maishiy, ma’naviy-ma’rifiy turmushi, ijtimoiy-falsafiy va estetik dunyoqarashi, urf-odatlari singari qator omillar e’tiborga olingan. Til hodisalarini, uning me’yoriy jihatlarini tadqiq etishda yana tilning milliy xususiyatlarini hisobga olmaslik ham aslo mumkin bo’lmagan.


Demak me’yor milliylik va tarixiylik mazmunini kasb etadi, necha yuz, ming yillar davomida shakllangan an’anaviylikka ega bo’ladi. Tildan foydalanishdagi an’anaviy me’yorlarning davrlar o’tishi bilan o’zgarib, yangilanib turishi ham tarixiy jarayondir.


Afsuski, tildagi me’yoriy muammolarni, qiyinchiliklarni qisqa muddatlar ichida hal qilishning imkoni yo’q. Agar buning aksini aytsak, tilimizning amalda bo’lish qonunlariga, bugungi real ijtimoiy hayotimizga zid fikr bo’lishi mumkin edi. Bir tarixiy holatni eslaylik. 1989 yilda «O’zbekiston Respublikasining davlat tili haqida» qabul qilingan Qonunini katta quvonch bilan kutib oldik va uni amalda tatbiq etishga ishtiyoq bilan kirishdik. Ammo uning hamma moddalarini birdaniga va tezlikda bajarishning imkoni bo’lmadi. O’sha paytda qonuniy bo’lmasa-da, amaldagi ish yuritish tili rus tili ekanligi, bir qism o’zbek millatiga mansub kishilarning sharoit taqozosi bilan rus tilida savod chiqarganligi, farzandlarini ham bog’chalar va maktablarda ana shu tilda ta’lim-tarbiya olishga jalb qilganligi ana shunday tabiiy to’siqlardan bo’lib turdi. Oqibatda ma’lum muddat muomala jarayonida, rasmiy ish qog’ozlarini yuritishda, turli darajadagi anjumanlarni o’tkazishda rus tilidan foydalanishdagi mavjud an’analar o’z kuchini saqlab turdi. To’g’risini aytganda, oradan o’n to’rt yildan ortiq vaqt o’tsa ham bu nuqsonlardan to’laligicha qutila olgan emasmiz. O’zbek tilidan foydalanishdagi qiyinchiliklarning ko’plari bartaraf etilganligini, til amaliyotiga oid masalalarning bosqichma-bosqich hal bo’lib borayotganini ham kuzatamiz. Harqalay o’tgan vaqt mobaynidagi tildan foydalanish jarayoni bir narsani isbotladi - til me’yoriy muammolarining ijobiy hal qilinishi vaqt degan hakamga ham bog’liqligi ma’lum bo’ldi.


Til elementlarining ma’lum bir me’yorga keltirilishi, bir tomondan, til mutaxassislari tomonidan boshqarib borilsa, ikkinchi tomondan, tabiiy ravishda ham yuz beradi. Ammo, fikrimizcha, bir narsa ma’lum - tilning amalda bo’lish holatlariga tazyiq o’tkazib bo’lmaydi. Lekin tegishli yo’l-yo’riqlar, ko’rsatmalar, tavsiyalar berilib borilishi zarur.


Ammo o’zbek tili va nutqi madaniyati uchun olib borayotgan ishlarimiz talablar darajasida emas. Bu vazifalarni ijobiy hal qilish uchun adabiy til me’yorini belgilashning amaliy jihati bilan jiddiy shug’ullanishimiz kerak. Xo’sh, me’yorni belgilashning amaliy jihati nimadan iborat? Tadqiqotlar va kuzatishlar natijasida til elementlarida qanday mazmuniy va shakliy imkoniyatlar mavjudligi tahlil qilinadi, lingvistik imkoniyatlari ochib beriladi va ulardan nutq jarayonida foydalanish yo’llari tavsiya qilinadi. Ma’lum ma’noda bu ham ularning me’yorni belgilash va til birliklarining ishlatilishiga oid tavsiyalar berish degan gapdir.


Shu mazmunda til mutaxassislari, ziyolilar o’zlarining to’g’ri maslahatlarini, tavsiyalarini berishlari, bu borada jonkuyarlik qilishlari mumkin. Buning ham ijobiy jihatlari ko’p, albatta. Ammo hal qiluvchi gapni bu tildan foydalanuvchilar aytadi. Buning ustiga, har bir til elementining me’yor holiga kelgunicha ma’lum vaqt o’tishi ham lozim bo’lib qoladi.


Imlo va talaffuz qoidalari asosida yozish va so’zlashni xalqimiz orasida ommalashtirish, bu qoidalarni lug’atlar shaklida mustahkamlash, har bir sohada, jumladan huquq sohasida ham tildan foydalanish me’yorlarini belgilash bugunning dolzarb vazifalaridan bo’lib qolmoqda.


Til elementlarining me’yorlashishidek uzluksiz jarayonda eskilik bilan yangilik o’rtasida kurash hamisha davom etadi. Tilda yashab turgan so’z va iboralar ularning o’rniga kelayotgan yangilariga osonlikcha o’rnini bo’shatib bermaydi. Ma’lum muddat ular teng darajada, parallel yashab turishi va vaqtlar o’tishi bilangina o’rnini bo’shatib berishi mumkin.


Xuddi mana shu eskilik bilan yangilik o’rtasidagi kurash va bu kurashda tildagi me’yoriy ko’rinishlarning tanlana borishi jarayonida adabiy til shakllanib boradi. O’zbek milliy adabiy tili garchi umumxalq tilidan o’sib chiqqan bo’lsa ham, unda mavjud bo’lgan dialektlar va shevalardan, jargonlardan, oddiy so’zlashuv tilidan, umuman xalq tilidan ba’zi jihatlari bilan farq qiladi. Chunki umumxalq tili o’zbek tilida uchraydigan barcha elementlarni o’z ichiga oladi va ishlanmagan shaklda bo’ladi. Adabiy til esa undan o’zbek millati uchun tushunarli bo’lgan va foydalanishda qulay deb topilgan variantlarini tanlab oladi hamda ularni millat vakillari uchun me’yor sifatida tavsiya etadi.


Tilning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi xalq hisoblansa ham, uning taraqqiyotida olimlarimizning, shoir va yozuvchilarimizning, davlat va jamoat arboblarining, huquqshunoslarimizning, pedagoglar va matbuot xodimlarining, kino, teatr san’ati ustalari va nashriyot xodimlarining hamda jurnalistlarning xizmatlarini qayd qilish lozim. Ayniqsa mustaqillik davrida tilshunos olimlarimiz, shoir-yozuvchilarimiz va jurnalistlarimizning xizmatlari katta bo’ldi. Ularning samarali mehnatlari tufayli tilshunoslikning ko’pgina yo’nalishlari bo’yicha qat’iy me’yorlar belgilandi, ona tilimiz rivojiga oid yangi qoidalar va qarorlar inobatga olingan holda til birliklarining yozuv va muomala jarayonidagi namunaviy variantlari tavsiya etildi, til tizimidagi ko’pgina munozarali masalalar o’zining nazariy asosiga qo’yildi.


Til birliklarining adabiy shaklda me’yorlashuvida badiiy adabiyotning o’rni ham alohida. Badiiy ijod jarayonida shoir va yozuvchilar o’z fikr va hissiyotlarini boshqa ijodkorlardan farq qiladigan, favqulodda original ifodalarda berishga intiladilar. Bu yo’lda ular yangi so’z va iboralar yaratadilar. Yaratilgan birliklar o’sha matnning o’zida qolib ketaverishi, ommalashmasligi, adabiy tildan o’rin olmasligi, bir so’z bilan aytganda, tilda me’yorlashmasligi mumkin. Ularning me’yorlashishini sharoit, vaqt va ommaning qabul qilishi kabi omillar belgilaydi.


Til tadqiqotchilarining tasdiqlashicha, davlatchilik darajasida, ya’ni rasmiy muomalada tildan foydalanish uning me’yorlashuvini, binobarin, adabiy tilning shakllanuvini tezlashtirgan. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, qayerda davlatchilik taraqqiy etgan, mustahkamlangan va bu davlatning boshqa davlatlar bilan munosabatlari yaxshi yo’lga qo’yilgan va rivojlangan bo’lsa, shu yerda tilning me’yorlashuvi va madaniylashuvi ham tezroq amalga oshgan.


Har qanday til me’yorlarini katta ikkita guruhga – umumiy va xususiy me’yorlarga bo’lib o’rganish maqsadga muvofiq bo’ladi:


Me’yorga nisbatan qo’llaniladigan umumiylik va xususiylik til me’yorlarining faoliyat doirasi, qamrovi va ularning biri ikkinchisiga nisbatan olinganda anglashiladigan tushunchalardir. Shu ma’noda o’zbek umumxalq tilidagi barcha me’yorlar yig’indisini umumiy me’yor, adabiy, lahjaviy, turli ijtimoiy qatlamlar tiliga oid me’yorlarni xususiy me’yorlar sifatida qabul qilish mumkin.


Shunday qilib, bir tomondan, o’zbek tiliga tegishli bo’lgan barcha me’yorlar yig’indisini umumiy me’yor deb tushunamiz. Ikkinchi tomondan esa, qo’llanish doirasi chegaralanmagan hamda tilning hamma iste’molchilari va tildagi barcha vazifaviy uslublar uchun baravar bo’lgan birliklar majmuini anglaymiz. «Umumiy norma tushunchasi o’zbek milliy tilining barcha ijtimoiy vazifaviy ko’rinishlari, nutq tiplari va uslublari uchun mushtarak bo’lgan vositalari tizimi ma’nosini ham anglatadi».


Xususiy me’yor ma’lum til umumiy me’yorlarining yashash shaklidir. Shunday ekan, yuqorida sanab o’tilgan o’zbek adabiy tili, lahja va shevalari hamda ijtimoiy tarmoqlarining me’yori xususiy me’yor sanaladi. Xususiy me’yorlarni yanada aniqroq tasavvur qiladigan bo’lsak, har bir shaxsning tildan foydalanish me’yorini ham, o’zbek tilida mavjud bo’lgan beshta – rasmiy, ilmiy, ommabop, badiiy, so’zlashuv uslublari doirasida amal qiladigan me’yorlarni ham xususiy me’yorlar deb tushunishimizga to’g’ri keladi.


Adabiy til esa umumxalq tilining yashash shakllaridan biri bo’lib, uning boshqa ko’rinishlaridan mukammalligi bilan bir qadar farq qiladi. Uning qamrov doirasi umumxalq tilining boshqa shakllariga nisbatan keng. U butun bir millatga oliy darajada xizmat qilishga mo’ljallangan. Shuning uchun chegara bilmasdan, xalq orasiga chuqur kirib boradi va keng tarqaladi.


Aytilganlardan bir narsa anglashilayaptiki, tanlanish uchun variantlar bo’lishi lozim. Ammo variantlarning paydo bo’lishi til taraqqiyotida ma’lum vaqtning o’tishini taqozo qiladi. Demak ungacha, haqiqiy ma’noda me’yorlashgunga qadar til birliklari nutqda yana qandaydir bosqichlarni bosib o’tadi va tanlanish jarayoni tilning me’yorlashuvida keyingi bosqichlardan biri sanaladi.


O`zbek tilida so`zlashuvchi kishilar va ijodkorlar uchun o`zbek adabiy tili me`yorlariga rioya qilish majburiy sanaladi.
Nutq odobi-umumiy axloqni bezovchi mezon hisoblanadi. O`rta Osiyoda axloqiy tarbiya o`z an`analariga ega. Axloq haqidagi ibratli fikrlar qadimgi turkiy yodnomalar buyuk allomalarning asarlari, yozma yodgorliklar orqali bizgacha yetib kelgan.
O`rta asrlarda axloq fan sifatida yuzaga keldi. Farobiy, Ibn Sino, Nasriddin Tusiy, Jaloliddin Davoniy, Sabzavoriy, G`iyosiddin Mansur kabi olimlarning asarlarida axloq fanining mavzusi vazifalari, maqsadi nazariy va amaliy jihatdan isbotlab berildi. XIII asrda yashagan Ibn Arabiyning “Tahzibul axloq” (“Xulqiy tarbiya haqida”), “Kitobul axloq” (“Axloq kitobi”), Abu Bakr Qalandarning “Qalandarnoma” asarlari, XV asrda yashagan Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy”, XVI asrda yashagan Poshshoxo`ja Abduvahobxo`janing “Gulzor”, “Miftoh ul- adl” (“Adolat kalidi”), XVII asrda yashagan Abdurahmon ibn Abdukarimning “Muftoh u-l axloq”, XVIII asrda yashagan Hakim Qoniyning “Parishon” va “Guliston”, XIX asrda yashab ijod qilgan Abu Tohir Xo`janing “Axloqi Muzaffariy”, va “Axloqi Muhammadiy”, Abdurahmon Sharafning “Ilmi axloq”, Salohiddinning “Mahosini axloq” (“Axloq fazilatlari”), XIX asrning oxiri XX asr boshlarida yashagan Abdurahmon Sayyohning “Me`yori axloq” kitoblarida sharqona meros bo`lgan axloq masalalari ilmiy mushohada etib beriladi. O`rta Osiyo xalqlari boy axloqiy merosga ega hisoblanadi. Demak, axloqni belgilovchi nutq odobiga rioya qilish bizning xalqimizga ajdodlardan qolgan meros. Ota-bobolarimiz qadimgi davrlardan boshlab axloqiy tarbiyaga katta e`tibor berganlar. Odobli so`zlash uchun ham avvalo o`zbek adabiy tili me`yorlarini mukammal o`rganmoq zarur.
O`qituvchi nutqi adabiy til me`yorlariga to`la mos kelishi uchun bu adabiy me`yorlarni u mukammal o`rganmog’i hayotiy zaruratdir. Agar o`qituvchi nutqi adabiy til me`yorlariga to’la mos kelsa bu o`quvchilarning yutug’idir. Chunki bola ustozidan ta`lim oladi, hattoki unga taqlid ham qiladi. To`g’ri, boshqa soha vakillaridan ham adabiy til me`yorlariga rioya qilgan holda so`zlash talab etiladi. Ammo o`qituvchi kelajak avlod tarbiyachisi sifatida bola dunyoqarashini shakllantiradi. Shuning uchun ham o`qituvchi har qanday vaziyatda va har qanday sharoitda o`z nutqiga e`tiborli bo`lmog’i talab etiladi. Imlo va talaffuz me’yorlari.
Yangi o’zbek alifbosiga 26 ta harf, 3 ta harflar birikmasi va tutuq belgisi kiritildi hamda bu bilan alifbo tizimi anchagina soddalashtirildi. Bu soddalashtirish ikki tovushni ifoda etuvchi ye, yo, yu, ya singari grafemalarni, ona tilimizga xos bo’lmagan tovush ifodasi - s harfini va - yumshatish belgisini olib tashlash hamda ‘ - ayirish belgisini ' - tutuq belgisiga almashtirish, shuningdek, ch, sh, ng tovushlarini ifodalovchi harflar birikmasini kiritish evaziga amalga oshirildi.

An’anaviy imlo me’yorlarini saqlab qolgan holda lotin grafikasi asosidagi yangi o’zbek alifbosi bilan ish ko’radigan imlo ham o’z me’yoriy qoidalariga ega va bu me’yorlar yuqorida tilga olingan hujjatda o’z ifodasini topgan. Undagi qoidalarga amal qilish tilimizdan foydalanuvchilar uchun bundan keyin majburiy sanaladi va shu tarzda bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan tadbirlar natijasida o’zbek tilining orfografik me’yori yo’lga qo’yiladi.


Endi bir necha og’iz so’z orfoepik - talaffuz me’yori va unga hayotda amal qilish to’g’risida. Ko’p yillik tajribalar, olib borilgan kuzatishlar shuni ko’rsatmoqdaki, o’zbek tili talaffuz me’yorlariga rioya qilishni talablar darajasida deb bo’lmaydi.


A.Mamatov quyidagi mulohazalarni bayon qiladi: «Yoshlarning adabiy til normalariga amal qilgan holda so’zlashishi, nafaqat ularning o’qimishliligidan darak beradi, balki ayni vaqtda aqlli va madaniyatliligini ham ko’rsatadi. Shuning uchun yoshlar hamma vaqt nutq madaniyati va nutq odobiga qat’iy rioya qilgan holda so’zlashga harakat qilishlari lozim. Talaffuz etilgan har bir tovush, so’z, ibora, aniq va ravon jaranglashi kerak. Yoshlarning notiq bo’lishi shart emasdir (balki), lekin faqat fikrini, tushunchalarini to’g’ri, aniq iboralar bilan ifoda qilishlari zarur, chunki ona tilimizning sofligini saqlash har bir yosh avlodning sharafli burchidir»10.


To’g’ri, mavjud vaziyatning o’z obyektiv va subyektiv sabablari bor. Turg’unlik deb ataladigan sovetlar davrida quyidan tortib yuqorigacha hujjatlar asosan rus tilida yuritilar edi. Respublika davlat arboblari bir yilda faqat bir martagina - u ham bo’lsa, qishloq xo’jaligi xodimlarining respublika qurultoyida o’zbekcha nutq so’zlash imkoniyatiga ega bo’lar edilar, xolos. Qolgan paytlarda ko’pchilik yig’ilishlar, agar unda birgina rus kishisi o’tirgan bo’lsa ham, rus tilida olib borilar edi. 70 foizdan ortiq aholi yashaydigan qishloq joylarda esa o’z shevalari asosiy muomala vositasi bo’lib qolaverdi. Ma’lum me’yorga solingan adabiy til namunalarini esa faqatgina radio, televideniye orqali eshitdilar, kitoblardan o’qidilar.


Tildan, o’z ona tilimizdan foydalanish va rus tilidan foydalanishda ana shunday tafovutlar mavjud bo’lib, amaliyotda o’zbek tili uning iskanjasida tobora qisilib borayotgan edi. Bu hol bir kishi, bir oila, bir shahar doirasidan chiqib, butun muhitga, til ekologiyasiga jiddiy ta’sir qila boshlagan edi.


Hayotda shiddat bilan urchib, tomir otib kelayotgan bu millat mustaqillik tufayligina chilparchin qilingan bo’lsa-da, uning asoratlarini hozir ham ko’rib, sezib, bilib turibmiz.


Harqalay, endi faxrlanib aytish mumkinki, til iqlimi, unga bo’lgan munosabat butunlay o’zgardi. Ona tilimizga davlat tili maqomining berilishi uning hayotiylik, yashash shart-sharoitlarini belgilab berdi. Rivojlanishi va istiqboli qonun yo’li bilan kafolatlandi.


Ma’lum bo’ladiki, og’zaki nutqning to’laligicha adabiy holatga keltirilishini ta’minlash talaffuz jarayonini me’yorlashtirish bilan bog’liq. Og’zaki nutq ishlatiladigan qaysi soha va yo’nalish bo’lmasin, turli uslublardagi vazifasini belgilash bo’lmasin, barcha o’rinlarda ham til birliklarini bir me’yorga keltirib qo’llash masalasi birinchi o’rinda turadi.


Xulosa shuki, orfoepik me’yorlarga rioya qilmaslik nutqimiz madaniyatida jiddiy nuqsonlardan biri bo’lib qolmoqda. Tilshunoslarimiz zahmatlari tufayli o’zbek tilidagi birliklarining deyarlik barchasidagi me’yoriy ko’rinishlar ommaga turli qo’llanmalar, lug’atlar shaklida tavsiya etildi. Yangi imlo qoidalariga o’tishimiz munosabati bilan bu yumushlar davom ettirilmoqda. Nafaqat filolog olimlar, balki maorifimiz jonkuyarlari, o’z ona tiliga chuqur hurmat bilan qaraydigan barcha ziyolilarimiz bu me’yorlarning buzilishiga e’tiroz, tuzatish va tavsiyalar tarzida chiqishlar qilib turishibdi. Shunday bo’lishiga qaramasdan, talaffuz me’yorlarini buzish, til madaniyatiga e’tiborsizlik hamon davom etmoqda. Yillar davomida majlislarni rus tilida olib borgan yoki ma’ruzalarni rus tilida eshitgan ko’pchilik kishilar o’z nutqlarida ruscha so’z va iboralarni qo’llash, ayrim holatlarda rus tili gap qurilishi tartibida o’zbekcha jumlalar tuzish iskanjasidan chiqib keta olmayaptilar. Bu kamchiliklar hatto radio, ayniqsa, televideniye eshittirishlarida ham seziladi.


Xalqimiz shevachilikdan batamom qutula olgan emas. Garchi ko’pchiligimiz adabiy til me’yori talablari asosida savodli yozsak-da, talaffuzda e’tiborsizlik, loqaydlik, mas’uliyatsizlik davom etmoqda.


O‘zbеk аdаbiy tili mе’yorlаri ilmiy аsаrlаrdа quyidаgichа tаsnif qilinаdi:


1. Lеksik - sеmаntik mе’yor.
2. Tаlаffuz – (оrfоepik) mе’yor.
3. Yozuv (grаfikа) mе’yori.
4. Fоnеtik mе’yor.
5. Аksеntоlоgik (urg‘uni to‘g‘ri qo‘llаsh) mе’yor.
6. Grаmmаtik (mоrfоlоgik vа sintаktik) mе’yor.
7. So‘z yasаlish mе’yorlаri.
8. Imlоviy mе’yor.
9. Uslubiy mе’yor
10. Punktuаtsiоn mе’yor.
Аdаbiy mе’yorning оg‘zаki vа yozmа ko‘rinishlаri mаvjud bo‘lib, оg‘zаki аdаbiy mе’yorning rivоjlаnishigа хаlq qiziqchilаri, аskiyachilаri, lаtifаgo‘y хаlq shоir - bахshilаri kаttа hissа qo‘shsаlаr, yozmа аdаbiy mе’yorning shаkllаnishidа bеlgilаngаn yozuv shаkli аsоsidа yozib qоldirilаdigаn yozmа аdаbiyotning хizmаti chеksizdir. Umumаn оlgаndа, аdаbiy til mе’yorini o‘rgаnish yangi hоdisа emаs. Til mе’yori vа аdаbiy mе’yor muаmmо sifаtidа nutq mаdаniyati ilmiy sоhа dеb tаn оlingungа qаdаr hаm o‘rgаnib kеlingаn.
Adabiyotlar:


1. Qilichev E., Qilichev B. Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari. Buxoro, 2002.
2. Qo`ng`irov R, Begmatov E. Tojiyev Yo. Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari. T., 1992.
3. Qudratov T. Nutq madaniyati asoslari. T., 1993.
4. Begmatov E., Boboyev A., Asomiddinova M. Adabiy norma va nutq madaniyati. T., 1983.
5. Tojiyev Yo, Hasanova N, Tojimatov H, Yo`ldosheva O. O`zbek nutqi madaniyati va uslubiyat asoslari. T., 1994.
6. www.ziyonet.uz
Download 72.59 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling