O‘zbekcha nutqdagi chet so‘zlar xususida


Download 31.62 Kb.
Sana15.10.2022
Hajmi31.62 Kb.
#847959
Bog'liq
макола Устоз-шогирдга
447, 77, Бахрамова Шахрибону, тглс16т, 5 lekcia, 1-mavzu. Falsafaning fan va dunyoqarashga doir mohiyati reja, Server tomondan holatni boshqarish. Mvc texnologiyasi, O\'zgarmasni variatsiyalash, MORFEMIKA. SO\'Z YASALISHI, 2 5303298516133616448, Kitob2, 110, 1-Mavzu, 1-Laboratoriya mashguloti

O‘ZBEKCHA NUTQDAGI CHET SO‘ZLAR XUSUSIDA
Hech qaysi xalq tili alohida, yopiq holda faoliyatda bo‘lmaydi, balki qo‘shni, yaqin atrofdagi va hatto olis xalqlar tillari bilan turli munosabatda yashaydi. Turli tillar o‘rtasida, ular qanday qarindoshlik munosabatlarida bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zaro foydali almashinuv jarayonlari sodir bo‘ladi, bu, ayniqsa, leksika sohasida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bundan o‘zbek tili, uning leksikasi ham mustasno emas.
O‘zbekcha matnlar va o‘zbekcha og‘zaki nutqda o‘z qatlam unsurlaridan tashqari boshqa til unsurlari, ya’ni chet tillarga xos so‘zlar ham qo‘llanadi. Albatta o‘zbekcha matnlar, nutqlarda uchrovchi barcha unsurlarni ham o‘zbek tiliga o‘zlashgan deb bo‘lmaydi. E.Begmatov o‘zbek matnlarida chet til so‘zining uchrashi hali bu o‘sha so‘zning o‘zbek tiliga o‘zlashtirilgani, kirganini bildirmasligini, shu tufayli bunday matnlarda uchrovchi chet til so‘zlarini o‘zlashma so‘zlar va qo‘llanma so‘zlar kabi ikki guruhga bo‘lish kerakligini qayd etadi1.
O‘zga tillardan kirgan chet so‘zlarga aloqador masalalardan biri o‘zlashma so‘zmi yoki qo‘llanma so‘z ekanligini belgilashdir.
O‘zlashma so‘zlar qabul qilayotgan til me’yorlariga har jihatdan bo‘ysungan bo‘lib, dastlabki davrlarda neologizm xususiyatini namoyon etsa-da, keyinchalik tilning leksik-semantik tizimiga batamom singib ketadi, til jamoasiga o‘z so‘zidek tuyuladi.
Qo‘llanma so‘zlar esa genetik jihatdan boshqa tilniki bo‘lgani holda o‘zga tillarda ham uchrovchi leksemalar bo‘lib, vazifasi va lisoniy tuzilishiga ko‘ra ekzotik leksika yoki ekzotizmlar hamda kiritma so‘z va iboralar, ya’ni chet til kiritmalari (“inostrannыe vkrepleniya») kabi ikki toifaga ajratiladi2.
Qayd etish kerakki, tilshunoslikda qo‘llanma so‘zlarning turlari va farqi turlicha ko‘rsatiladi va turlicha tahlil etiladi. Ekzotizm termini 1937 yilda birinchi marta adabiyotshunoslikdan tilshunoslikka kiritilib, A.Bulaxovskiy tomonidan M.Lermontov va A.A.Bestujev-Marlinskiy asarlaridagi kavkaz tillariga oid so‘zlarini tavsiflash uchun qo‘llangan. Tilshunoslikda ekzotizmlar, ekzotik leksika terminlari ostida boshqa xalqlar hayotini tasvirlashga, o‘zga xalq va madaniyatga daxldor bo‘lgan voqeliklarni ifodalashga xizmat qiluvchi so‘zlarning qo‘llanishi A.E.Suprunning 1958-yilda e’lon qilgan “Ekzoticheskaya leksika” nomli maqolasidan so‘ng uzil-kesil o‘z yechimini topdi va har qanday tildagi shunday birliklar ekzotizm termini bilan nomlanishi kerakligi ilmiy asoslab berildi3.
Ekzotizmlarning o‘ziga xos belgilaridan biri ularni tarjima qilishning imkoni yo‘qligidir. Biroq, ayni bir tushunchani turli tillardagi varianti bo‘lishi mumkin. O‘zbek xalqi qo‘y, qoramol boquvchi kishilarni cho‘pon deb atasa, AQSHda esa kovboy (cowboy – cow inglizcha sigir, boy esa yigit, bola ma’nosidagi so‘zlarning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan) deb nomlanib kelingan (hozirda fermer bo‘lishi mumkin). O‘zbeklar kovboy deganda faqat amerikacha cho‘ponni tushunadi. O‘zbek tilida erkak yoki ayolning yoshi, mavqiyega qarab turli murojaat bildiruvchi so‘zlar mavjud. Boshqa xalqlar tillarida ham bunday birliklar o‘ziga xos bo‘lib, ular tarjima matnlarda aynan keltiriladi. Masalan, sinyor (yoki senyor), miss, madam, efendi, pan, ser, frau kabi.
Ekzotizmlar o‘zbekcha matnlarda bir necha maqsadlarda qo‘llanishi mumkin:

  1. Boshqa mamlakatlar, xalqlar hayoti haqida hikoya qiluvchi asarlarda atash vazifasini bajaradi – o‘zbek xalqi hayotiga xos bo‘lmagan, muqobili yo‘q tushunchalarni ifodalash uchun. Masalan, sari – faqat hindlarga xos kiyimni nomlash uchun; sake – faqat yaponlar tomonidan tayyorlanadigan ichimlik.

  2. Milliy til belgisini aks ettirish. Mazkur ekzotizmlar ifodalangan matnda o‘sha xalqqa xos milliy ruh namoyon etiladi.

Ayrim ekzotizmlar vaqt o‘tib o‘z voqeligimiz uchun o‘zlashtirilishi natijasida o‘zlashma qatlamga o‘tishi mumkin. O‘zga jamiyat voqeligiga xos bo‘lgan predmet, hodisa nomlari ekzotizm sanalar ekan, sobiq sho‘ro davriga xos bo‘lmagan birliklar aksiya, bankrot, boss, byurokrat, kabare, mer, renta, fabrikant, ferma, fond kabi so‘zlar ham ekzotizmlar sifatida qaraladi4. Iqtisodiy va siyosiy tizimga xos almashinuv tufayli bu so‘zlar sobiq ekzotizmlar sifatida leksik qatlamga transformatsiya qilinishiga sabab bo‘ladi. Mustaqillikkacha bakalavr, magistr, kollej, litsey kabi so‘zlar jamiyatimiz voqeligiga xos bo‘lmagan, o‘zga xalqlar ta’lim tizimini ifodalovchi ekzotizm maqomiga ega bo‘lgan so‘zlar bo‘lsa, yurtimiz o‘qitish tizimida ham shunday o‘quv yurti va darajalari shakllantirilgach, so‘zlar ham o‘zlashtirib olindi. Yoki yutimizga tropik mamlakatlardan o‘sha yurtlarda yetishtiriladigan banan, ananas, kivi, kokos, mango, papaya, avakado kabi mevalarning importi natijasida ularni ifodalovchi so‘zlar ham o‘zlashib ketdi. Ular avval ekzotizm darajasida bo‘lsa, endilikda bizga narsa bilan uning nomi ham import bo‘ldi, deyish mumkin. Bunday jarayon deekzotizatsiya deb nomlanadi. Ekzotizmlarning ma’lumlik darajasi yoki o‘zlashib ketishi ko‘p tomondan shu (o‘zga) xalq bilan hududiy yaqinligi, diplomatik, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy aloqalar darajasiga bog‘liq bo‘lsa, boshqa tomondan o‘sha xalqlar hayotidan hikoya qiluvchi ilmiy, badiiy, publitsistik tarjima adabiyotlarga ham bog‘liqdir.
Ekzotizmlarning yuqorida qayd etilgan belgilari asosida ularni ikki turga ajratish mumkin: tilga singib ketgan til ekzotizmlari va ayrim og‘zaki va yozma matnlarga xos ekzotizmlar.
Har qanday tilda ekzotizmlarning mavjudligi tilga xos “o‘z – o‘zga” sotsiumiga mos antinomiya bilan belgilanadi. Til ekzotizmlari izohli lug‘atlarda qayd etiladi.
Ayrim ekzotik so‘zlar o‘zbek tilining nofaol qatlamidan o‘rin olgan, kitobiy leksikaga xos so‘zlar bo‘lsa, ayrimlari tilimizga og‘zaki nutq orqali kirib kelayotgan va til egalari nutqida kundan-kunga faollasha boshlagan so‘zlardir. Xususan, og‘zaki nutqda noadabiy ekzotizmlar miqdori oshib borayotganligini kuzatish mumkin. Masalan, bugungi kunda o‘zbek xalqi gamburger, chizburger, lavash, shaverma, doner, chips kabi turli xalqlarga xos ekzotik taom va yeguliklar tayyorlashni o‘rganish bilan birga ularning nomi ham o‘zlashtirib olindi.
Varvarizmlarni qo‘llanma so‘z va iboralarning ikkinchi turi sifatida ko‘rsatish o‘rinlidir. O‘zbekcha matndagi varvarizmlar so‘zning o‘zi mansub til imlosida yoki o‘zbek imlosida berilishi bilan birga, ular o‘zbek tilida ham o‘z muqobiliga ega bo‘ladi: – Ferm laport, – dedi to‘satdan otasi. Qizi “voy” deganicha yugurib borib onasining betidan o`pdi. – “Ferm laport” – onangni o‘p, degan gap emas, qizim. sen aytgan narsa “bez la mer” bo‘ladi… (Aziz Nesin).
Qo‘llanma so‘zlarning har ikki turi ham o‘zga til unsuri bo‘lsa-da, ekzotizm voqelikni nomlash zaruriyati yoki asarga milliy ruh bag‘ishlash ehtiyoji bilan qo‘llanilsa, varvarizmlarni muallif munosabat bildirish nuqtayi nazari bilan matnga kiritadi.
Ekzotizmlar okkazional bo‘lganidek, vaqt kelib qabul qiluvchi tilga kirishi, uning periferiya fondini to‘ldirishi va lug‘atlarda qayd etilishi, internatsionalizmlar, ijtimoiy terminologiyaga, o‘zlashmalar qatoriga o‘tishi mumkin.
Til boyligidagi o‘zlashma birliklar tahlilidan aytish mumkinki, o‘zlashma so‘zlarning o‘zlashuvi uzoq davom etadigan jarayondir. Ayrim o‘zlashmalar til leksik tizimiga shunchalik tabiiy ravishda kirib ketgan bo‘lsa, boshqa qismida esa manba til tarovati saqlanib qolgan.

1 Begmatov E. O‘zbek tili leksikasining ijtimoiy-tarixiy asoslari // O‘zbek tili leksikologiyasi. – Toshkent: Fan, 1981. B.84.

2 Yuqoridagi manba. B.88.

3 Bu haqda qarang: Никандрова Т.Е. Экзотическая лексика русского происхождения в сочинении А. Олеария о Московии. Москва, 2014. Б. 20.

4 Filatova N.A. Русская экзотическая лексика во французком языке и французская лексика в русском языке. Nomz. diss. avtoref. Moskva, 2009. www.dslib.net

Download 31.62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2023
ma'muriyatiga murojaat qiling