O’zbekiston o’z iqtisodiyotini yangilash va modernizatsiya qilishda aqsh bilan serqirra hamkorlik qilishdan umidvor. Bu haqda O’zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvorliklar e’lon qilingan hujjatda gap boradi


Download 14.9 Kb.
Sana02.01.2022
Hajmi14.9 Kb.
#186183
Bog'liq
26mavzu4- mus. ish


O’zbekiston o’z iqtisodiyotini yangilash va modernizatsiya qilishda AQSh bilan serqirra hamkorlik qilishdan umidvor. Bu haqda O’zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvorliklar e’lon qilingan hujjatda gap boradi. Unda Rossiya, Belarus, Ukraina, Turkiya, Xitoy, Afg’oniston va boshqa davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirish bosqichlari ham qayd etilgan.

O'zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor mamlakatlar

O’zbekiston tashqi siyosati uchun yaqin kelajakdagi ustuvor yo’nalishlar Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan “O’zbekiston respublikasi tashqi ishlar vazirligi faoliyatini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo’nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to’g’risi”dagi farmon yuzasidan berilgan ilovada sanab o’tilgan.

Milliy qonunchilik bazasiga kiritilgan bu hujjatda O’zbekiston uchun Markaziy Osiyo asosiy ustuvor yo’nalish ekanligi yana bir bor ta’kidlanadi. Unda mintaqada davlat chegaralarini aniqlashtirish ishlari yakunlanishiga, suvdan foydalanish muammosi hal etilishiga, mintaqa xalqlari o’rtasida turli darajadagi aloqalar kengayishiga umid bildirilgan. Yaqin kelajakda Qozog’iston bilan o’zaro savdo aylanmasi 5 milliardga, Tojikiston bilan 1 milliardga, Qirg’iziston va Turkmaniston bilan 500 million dollarga ko’tarilishi kutilmoqda.

Rossiya bilan munosabatlarga ham katta urg'u berilgan. Iqtisodiy aloqalar, transport, qishloq xo’jaligi mahsulotlari eksporti, harbiy texnik hamkorlik, mehnat muhojirlariga doir imzolangan bitim amaliyoti hamda o’zaro hamkorlik aloqalariga oid boshqa muhim yo’nalishlarga e'tibor qaratilgan.

Hujjatga ko’ra, Rossiya bilan gumanitar sohalardagi hamkorlik kengayadi, jumladan, O’zbekistonda Rossiya oliy o’quv yurtlari bo’limlari ochilishda davom etadi.

Hujjatga muvofiq, yaqin kelajakda Belarus va Urkaina bilan hamkorlikda yangi bosqichlarni kutish mumkin. Belarus bilan qishloq xo’jaligi texnikasini ishlab chiqarish yuzasidan, to’qimachilik mahsulotlari eksporti, shuningdek, harbiy texnika ta’miri va modernizatsiyasiga doir hamkorlik loyihalari kutilmoqda. Ukraina bilan qishloq xo’jaligi, yengil sanoat, avtomobil eksporti, farmasevtika, ta’lim va turizm kabi sohalarda hamkorlik ko’rsatilgan.

AQSh bilan yaqin istiqboldagi hamkorlik ikki tomonlama aloqalarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy munosabatlar, sarmoya, neft va energetika, ishlab chiqarish sohalarini qamrab olishi ko'zda tutilgan.

Hujjatda O’zbekiston milliy iqtisodiyotini yangilashda, modernizatsiya qilishda, bu borada kadrlar tayyorlash sohasida AQSh bilan maslahatlashgan holda ishlashdan manfaatdorlik bildirilgan. Shuningdek, harbiy hamkorlik davom etishi, harbiy texnika, harbiy kadrlar tayyorlash bo’yicha rejalar borligi ma’lum qilingan.

Yaqin kelajakda AQSh va O’zbekiston aloqalarida yangi bosqich boshlanishi kutilmoqda. Prezident Mirziyoyev AQShga taklif qilingan. AQSh rahbari Donald Trampning Toshkentda o’tgan Afg’oniston konferensiyasi munosabati bilan yo’llagan maktubida bu haqda aytilgan. Maktubda Tramp Mirziyoyev bilan uchrashuvni intiqlik bilan kutayotgani haqida yoziladi, ammo bu taklif rasmiy safarni nazarda tutadimi yoki shaxsiy tashabbusmi, aniq emas. Hozircha bu borada biror amaliy harakatlar borayotgani noma’lum.

Mirziyoyev hokimiyatga kelar ekan, AQSh-O’zbekiston aloqalarida asosiy to’siq bo’lgan inson huquqlari masalasida ijobiy o’zgarishlar ro'y berdi. Ayni paytda O’zbekistondagi o’zgarishlarni, ayniqsa, siyosiy mahbuslarning ozod etilayotganini olqishlab kelayotgan asosiy davlatlardan biri ham AQShdir.

6-aprel kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQSh Davlat kotibi yordamchisining inson huquqlari, demokratik qadriyatlar va mehnat masalalari bo’yicha o’rinbosari Rendi Berri boshliq delegatsiyani qabul qildi. AQSh delegatsiyasi Toshkentda parlament a’zolari, nodavlat tashkilotlar, inson huquqlari faollari bilan muloqot o’tkazgan.

Toshkentdagi Afg’oniston bo’yicha konferensiyada qatnashgan amerikalik professor Fred Star O’zbekistonda kutilmaganda boshlangan islohotlarni xalqaro maydonda kuzatilayotgan eng ijobiy o’zgarishlar sirasiga kiritadi.

“Agar xalqaro miqyosda olib gapirganimizda ham bugun dunyodagi eng dadil, eng ijobiy islohotlar kutilmaganda O’zbekistonda kechmoqda. Biz hozir bu haqda kitob ham yozmoqchimiz, ya’ni prezident Mirziyoyevning islohotlari nimalardan boshlangani, nimalar kutilayotgani haqida. Men bu borada optimistman, O’zbekiston hududi asrlar davomida mintaqaning asosiy markazi bo’lib kelgan, hozir hammasi yana o’z o’zaniga qaytayotgandek, shu bois ham men bu yerdagi jarayonga chuqur hurmat, ishtiyoq bilan qarayapman”, - deydi u.

Mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan O`zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor hamkor davlatlar qatoridan Afg’oniston va Turkiya ham joy olgan.

Afg’oniston O’zbekiston uchun muhim o’rin band etishi, mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy, madaniy yo’nalishlarda hamkorlik kengayishi ta’kidlangan. Afg’oniston uchun milliy kadrlar tayyorlashda ko’mak ko’rsatish, Toshkent xalqaro maydonda Afg’oniston bo’yicha tashabbuslarni qo’llab-quvvatlashda davom etishi aytilgan.

Turkiya bilan hamkorlikda yangi bosqich kuzatilayotgani, mamlakatdagi bir qator sohalarga Turkiya sarmoyasining keng jalb etilishi kutilayotgani xabar qilinadi.

Ma’lumotlarga ko’ra, shu oyda Turkiya Prezidenti Toyib Erdog’anning O’zbekistonga rasmiy tashrifi kutilmoqda, turk ishbilarmon doiralari hamrohligida kutilayotgan bu safar munosabatlarda kuzatilgan uzoq yillik turg‘unlikdan so’ng Turkiya tomonidan amalga oshirilayotgan ilk davlat tashrifi bo’lishi mumkin.



Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini isloh qilish haqidagi farmonini 5 aprel kuni imzoladi, 6-aprel kuni qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga kiritilgan bu hujjatga qo’shimcha ilovalar e’lon qilingan
Download 14.9 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling