Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi


Download 39 Kb.
bet1/2
Sana08.03.2023
Hajmi39 Kb.
#1248537
  1   2
Bog'liq
Oliy Majlis


Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi — Oʻzbekistonparlamenti, oliy davlat vakillik, qonun chiqaruvchi organi. Dastlab bir palatali parlament sifatida tashkil etilgan va fuqarolarning umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida shakllangan. 1-chaqiriq Oliy Majlis koʻp partiyalilik asosda 3 turda — 1994-yil 25dekabr, 1995-yil 8- va 22yanvarda boʻlib oʻtgan saylovlarda saylangan va 1995—99 yillarda faoliyat koʻrsatgan. 2-chaqiriq Oliy Majlisga saylovlar 1999-yil 5 va 19-dekabrda boʻlib oʻtgan va u 2000 — 2004-yillarda faoliyat koʻrsatgan. Bir palatali parlament 250 deputatdan iborat boʻlib, u ishlagan davrda 10 ta kodeks, ikkita milliy dastur, 240 ta qonun, 468 ta qaror qabul qilingan, qonun hujjatlariga 1573 ta qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilgan. Bu yillarda parlament, oʻz konstitutsiyaviy vakolatlariga asoslanib, demokratik jamiyatning huquqiy asoslarini shakllantirish, bozor iqtisodiyoti prinsiplarini rivojlantirish boʻyicha muayyan ishlarni amalga oshirdi. Qonunchilik, davlat boshqaruvi, oʻtish davri muammolarini yechishda muayyan tajribaga ega boʻldi. 2002-yil 27-yanvarda oʻtkazilgan referendumda ikki palatali parlamentni tuzish masalasi Oʻzbekiston xalqi tomonidan qoʻllab quvvatlandi. 2004-yil 26-dekabr va 2005-yil 9-yanvarda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga,2005-yil 17—20-yanvarda Oliy Majlis Senatiga saylovlar boʻlib oʻtdi va Oliy Majlis 2 palatadan — Qonunchilik palatasi (quyi palata) vaSenatdan (yuqori palatadan) iborat qilib shakllantirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi faoliyatining huquqiy asosini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, "Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyatini tashkil etishning asosiy prinsiplari toʻgʻrisida" (2002-yil 4-aprel), "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida" (2002-yil 12-dekabr), "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida"gi (2002-yil 12-dekabr) Konstitutsiyaviy qonunlar, "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida" (2003-yil 29avgust), "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida" (2003-yil 29-avgust) kabi qonunlar tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Qonunchilik palatasi hududiy, bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻp partiyalilik asosida saylanadigan 120 deputatdan iborat. Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy, teng va toʻgʻridantoʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi boʻlib, Senat aʼzolaridan (senatorlardan) tarkib topadi. Senat aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — 6 kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazкur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Senatning 16 nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat кoʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Har ikkala palataning vakolat muddati — 5 yil. Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga 25 yoshga toʻlgan hamda kamida 5 yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar egadirlar. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, viloyat, tuman, shahar davlat hokimiyati vakillik organining 25 yoshga toʻlgan hamda kamida 5 yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan deputati Senat aʼzoligiga saylanish uchun nomzod boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston parlamenti keng, koʻp qirrali vakolatlarga ega. U hokimiyatning qonun
chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinish prinsipiga asoslanib, davlatning boshqa idoralari bilan hamkorlik qilib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Qonunchilik, davlat boshqaruvining muhim masalalarini koʻrib chiqishda va hal etishda ishtirok etadi, davlat byudjetini tasdiqlaydi, parlament nazoratini amalga oshiradi hamda qator davlat organlarini shakllantirishda qatnashadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati oʻz vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi. Qonunchilik palatasi tarkibida quyidagi deputatlar fraksiyalari: Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi, Oʻzbekiston Fidokorlar milliy demokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi, Oʻzbekiston "Adolat" sotsialdemokratik partiyasi
deputatlar fraksiyasi (bu uchchala fraksiya "Demokratik blok"ka birlashgan), Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi, Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi deputatlar fraksiyasi faoliyat olib borayapti. Qonunchilik palatasi deputatlari professional, doimiy asosda ishlaydi. Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlarning soni senatorlar umumiy sonining 1/4 igacha boʻlgan miqdorda belgilangan. Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi Spiker va uning oʻrinbosarlarini, Oliy Majlisning Senati esa Senat raisi va uning oʻrinbosarlarini saylaydi. Parlamentning Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida oʻtkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentabrning 1ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar oʻtkaziladi. Senat majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida 3-marta oʻtkaziladi. Qonunchilik palatasi va Senat majlislarida, shuningdek, ularning organlari majlislarida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh Vazir, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, respublika Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi raislari, Bosh prokurori, Markaziy bank boshqaruvining raisi ishtirok etishlari mumkin.
Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat raisi, Senat va uning organlari majlislarida Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirok etishi mumkin. Qonunchilik palatasi qoʻshma majlislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq soʻzlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq soʻzlaganda oʻtkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qoʻshma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham oʻtkazilishi mumkin.

Parlamentning Qonunchilik palatasi va Senati faoliyatini samarali tashkil etish, qoʻmitalar ishini muvofiqlashtirib borish, kun tartibi boʻyicha takliflar tayyorlash, qonunlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqishni tashkil etish maqsadida ularning tarkibida Kengashlar tuziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi oʻz vakolatlari muddatiga tegishincha deputatlar va senatorlar orasidan qoʻmitalarni saylaydi.Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari (2005) Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi; Qonunchilik va sudhuquq masalalari qoʻmitasi; Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi; Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi; Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi; Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi; Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi; Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi; Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi; Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi.Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari (2005) Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi; Qonunchilik va sudhuquq masalalari qoʻmitasi;Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi; Tashqi siyosat masalalari qoʻmitasi; Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi; Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi.


Qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlgan subyektlar tomonidan dastlab Qonunchilik palatasiga kiritiladi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun Senatga yuboriladi. Senat esa qonunni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Agar qonun loyihasi Senat tomonidan rad etilsa, u Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Parlamentning yuqori va quyi palatalari oʻrtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida kelishuv komissiyasi tuzishi mumkin. Oliy Majlis Senati tomonidan maʼqullangan qonun 10 kun ichida Prezidentga imzolash uchun yuboriladi. Prezidentning qonunni imzolash muddati 30 kun etib belgilangan. Respublika Prezidenti qaytadan muhokama qilish va ovoz berishni oʻtkazish uchun qonunni oʻz eʼtirozlari bilan parlamentga qaytarishga haqli. Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda Oliy Majlisning ikkala palatasida ham uchdan ikki qismdan iborat koʻpchilik ovoz bilan maʼqullansa, qonun Prezident tomonidan 14 kun ichida imzolanishi kerak. Qonun belgilangan tartibda eʼlon qilinishi lozim.
Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senatda doimiy asosda ishlovchi Senat aʼzolari oʻz vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishlari mumkin emas. Qonunchilik palatasi deputati va Senat aʼzolari daxlsizlik huquqidan foydalanadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining nashrlari: "Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi", "Xalq soʻzi" — "Narodnoye slovo" gazetalari. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi parlamentlararo hamkorlikni keng yoʻlga qoʻygan. MDH davlatlari va boshqa rivojlangan xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan shartnomalar tuzilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Yevropa Ittifoqi Komissiyasining "Oʻzbekistonda demokratiyalashtirish jarayonining rivojlanishiga koʻmaklashish" va "Oʻzbekistonda demokratik islohotlarni yanada kuchaytirish" loyihalari muvaffaqiyatli bajarildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Toshkent shahrining Xalklar doʻstligi prospektidagi binoda, Senat esa Mustaqillik maydonidagi binoda ish olib boradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining yuqori palatasi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (yuqori palatasi) hududiy vakillik palatasidir. Senat aʼzolari (senatorlar) Qoraqalpogʻiston


Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi. Senatning oʻn olti nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Senat ishi yalpi majlislarga va uning qoʻmitalari majlislariga toʻplanadigan senatorlar faoliyatiga asoslanadi. Senatda hududiy mansublikka koʻra hamda siyosiy yoki boshqa asosda guruhlar tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi. Senat vakolat muddati — besh yil Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasida vakolatlari belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlariga: 1.Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisini va uning oʻrinbosarlarini, qoʻmitalarning raislari va ularning oʻrinbosarlarini saylash;
2.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudini saylash;
3.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudini saylash;
4.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisini tayinlash;
5.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
6.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
7.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish;
8.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish;
9.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlarni qabul qilish;
10.Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish
toʻgʻrisidagi masalalarni hal etish;
11.Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi raisining hisobotlarini eshitish;
12.Oʻz faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib qoidalari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish;
13.siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish kiradi. Senatning faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Senat Kengashi tuziladi. Senat Kengashi doimiy faoliyat koʻrsatuvchi kollegial organdir. Uning tarkibiga Senat Raisi, uning oʻrinbosarlari va qoʻmitalarning raislari kiradi. Senat Kengashiga senat raisi rahbarlik qiladi, u Kengashning majlislarini olib boradi va uning qarorlarini imzolaydi. Senat Kengashi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi. Senat majlisi kun tartibining loyihasini shakllantiradi; Senat majlislarini chaqiradi; qonunda nazarda tutilgan hollarda Senatning vakolatlariga taalluqli qarorlarni Senatning majlislari oraligʻida qabul qiladi, ushbu qarorlar keyinchalik Senatning majlisida tasdiqlanadi; qoʻmitalarning ishini muvofiqlashtirib boradi; fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi boshlanishidan kamida ikki oy avval saylov oʻtkaziladigan muddatlarni belgilaydi,fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik tadbirlarini oʻtkazish muddatlari hamda tartibini belgilaydi; fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi boʻyicha byulletenlar namunalari hamda shakllarini belgilaydi va tasdiqlaydi. Senat komissiyalari;
Senat Komissiyalari Senat muayyan vazifalarni bajarish uchun komissiyalar tuzishi mumkin. Komissiya Senat majlisida senatorlar orasidan komissiya raisi va aʼzolaridan, zarurat boʻlganda esa komissiya raisining oʻrinbosaridan iborat tarkibda tuziladi. Ayni paytda komissiyani tuzishdan koʻzlangan maqsad va uning vakolatlari belgilanadi. Komissiya tuzilgani toʻgʻrisida Senat qaror qabul qiladi. Komissiya oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilganidan soʻng, qaysi muddatga tuzilgan boʻlsa, shu muddat oʻtganidan keyin yoki Senatning qaroriga binoan muddatidan ilgari oʻz faoliyatini tugatadi. Komissiyalarni tashkil yetish va ularning faoliyati tartibi Senat Reglamentida belgilanadi.
1.Reglament va odob komissiyasi.
2.Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi.
3.Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi.

Download 39 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling