O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi arafasidagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy ahvoli


Download 145 Kb.
Sana23.12.2022
Hajmi145 Kb.
#1047337
Bog'liq
2-mavzu. O\'zbekistonning eng yangi tarixi fanidan


Mavzu 2.
O‘ZBEKISTONNING MUSTAQILLIKKA ERISHISHI ARAFASIDAGI IJTIMOIY-SIYOSIY VA IQTISODIY AHVOLI.
Reja:

  1. XX asrning 80-yillari oxirlarida O‘zbekistonda yuzaga kelgan murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyat va uning sabablari.

  2. Qayta qurish siyosati va uning mohiyati

  3. O‘zbekistonda “Paxta ishi” va uning oqibatlari.

  4. Farg‘ona, Bo‘ka, Parkent va Namangan voqealari.

Adabiyotlar:





  1. Каримов И.А. Ўзбекистон мустақилликка эришиш остонасида. –Тошкент, 2011. http://library.ziyonet.uz

  2. Левитин Л. Ўзбекистон тарихий бурилиш палласида. -Т.: 2001. http://elib.buxdu.uz

  3. «Пахта иши» қандай вужудга келган эди? https://huquqburch.uz/uz/pahta-ishi-%D2%9Bandaj-vuzhudga-kelgan-edi

  4. Farg‘ona qirg‘iniga 30 yil: fojia guvohlaridan hikoyalar (video) https://aniq.uz/uz/yangiliklar/fargona-qirginiga-30-yil-fojia-guvohlaridan-hikoyalar-video

1.XX asrning 80-yillari oxirlarida O‘zbekistonda yuzaga kelgan murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyat va uning sabablari.


Sovet davlati tarixida XX asrning 80-yillarida boshlagan inqrozning asosiy sabablari uning siyosiy tuzumi bilan bog‘liq edi. Sovet davlatining siyosiy va iqtisodiy tizimi 1920-1930 yillarda shakllangan. Sovet Ittifoqining Kommunistik partiyasi jamiyat siyosiy tizimdagi yakkahokimligi jamiyatda ma’muriy-buyruqbozlikning shakllanishi va totalitar tizimining o‘rnatilishiga olib kelgan. Bir partiyaning yakkahokimlikka intilishi va boshqa muxolif partiya va oqimlarga qarshi kurashi 1920-1930 yillarda qatog‘onliklarga va shaxsga sig‘inishga olib keldi. Keyinchalik bu jarayon shu asrning 40-50 yillarida yanada avj oldi. O‘zbekistonda ko‘plab ziyolilar ham qatog‘on qilindi. 1950-1970 yillarda siyosiy boshqaruvda bir qator o‘zgarishlar bo‘lsa-da, lekin totalitar tizim, KPSS ning yakka hokimligi saqlanib qoldi. 1977 yilda qabul qilingan SSSR konstitutsiyasida KPSSni jamiyatning yetakchi siyosiy tashkiloti deb ko‘rsatgan. Davlatning barcha organlari partiya nazorati ostida bo‘lgan.


XX asrning 60-yillaridan boshlab sobiq SSSR iqtisodiyotida ziddiyatlar ko‘chayib bordi. Iqtisodiyotga sarf-xarajatlar ortsa-da, rivojlanish sur’ati keskin pasayib boraverdi. Ishlab chiqarishni texnikaviy rivojlantirishda va aholi turmush darajasida g‘arb mamlakatlaridan ancha orqada qolish ko‘zga tashlandi. Boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik tizimi yaratgan samarasiz mexanizm ijtimoiy-iqtisodiy hayotda progressiv qayta o‘zgarishlarni, iqtisodiyotni isloh qilish yo‘lidagi (1979 yil) urinishlarni barbod qildi.
Islom Karimov o‘zining “mustaqillikka erishish ostonasida” kitobida XX asrning 70 yillardagi turg‘unlik davriga shunday baho beradi. “Bir qarashda L.Brejnev rahbarlik qilgan, tarixda, “Turg‘unlik” deb nom olgan davrda mamlakatda birmuncha sokinlik va tinch taraqqiyot ta’minlangandek edi. Biroq, insonning eng katta iqtidori – daholik qudrati so‘ndirildi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarish vositasi bo‘lib qoldi. Fikrlamay yashash, inson tafakkurini cheklash, munosabat bildirish kabi aqliy salohiyat barham topdi. Mutelik va tobelik kayfiyati chuqur ildiz otdi. Bu asta-sekinlik bilan o‘z o‘tmishini unutish, kelajakka ko‘r-ko‘rona nazar tashlash va shunchaki kun kechirish kayfiyatini chuqurlashtirdi”1.
Kommunistik mafkura odamlar qalbiga tahdid soldi. Hukmron g‘oya oldida fuqaro o‘zini nochor his etadigan, o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqaraolmaydigan bo‘lib qoldi. Ana shunday tarzda xalqning erkin mehnat qilishga bo‘lgan rag‘bati so‘ndirildi. Mustaqil fikrlaydigan, yuz bergan voqea-hodisalarga mustaqil baho beradigan kishilar o‘zboshimcha, mahmadona deb qoralanar, tazyiqqa olinar edi. Bu tuzum shunday nosog‘lom muhitni vujudga keltirgan ediki, natijada layoqatsiz, fikrsiz, laganbardor, boshliqqa ta’zim, xodimga zug‘um ko‘rsatadiganlar qadr-qimmat topib yashardi. Negaki, mustamlakachilik siyosatining tabiati shuni taqoza qilar edi.
Bularning barchasi jamiyatning ma’naviy tanazzulini tezlashtirdi. Kommunistik partiya a’zolarining olib borayotgan ishlarida so‘z bilan amaliy ishlarida katta farqlar ko‘rinib turardi. Natijada bularning guvohi bo‘lib turgan xalq butunlay umidsizlikka tushdi. Jamiyatda na partiyaga, na siyosatga, na davlat va uning yo‘lboshchilariga ishonch qolmagandi.
1980 yillarining boshidan ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar bilan birga sovet davlatida siyosiy inqrozni ham boshlagan. Bunga turli omillar ta'sir qilgan: birinchi navbatda jamiyatda ma’muriy buyruqbozlik tizimining mavjudligi va uning bozor iqtisodiyoti bilan bog‘lanmaganligi bo‘lgan. O‘sha davrda jamiyatda korrupsiya avj olgan, partiya rahbar hodimlari huquqiy daxlsiz bo‘lgan, ya’ni javobgarliklardan ozod qilingan, yashirin iqtisodiyot avj olgan.
Sifatsiz tovarlarning ishlab chiqarilishi, qo‘shib yozishlar, ko‘zbo‘yamachilik, inson omilining inkor qilinishi, bozor munosabatlarning yo‘qligi bu sovet davlatining iqtisodiy rivojlanishiga to‘siq bo‘lib turgan. Iqtisodiyot ekstensiv tarzda rivojlangan, bu esa ishlab chiqarish keng rivojlanishiga imkon bermagan. 1980 yillarda SSSR yirik davlat bo‘lsa -da, jahon iqtisodiy rivojlanishidan orqada qolgan edi.

2.Qayta qurish siyosati va uning mohiyati


Sobiq sovet davlatida siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy inqrozning avj olishi 1985 yilda SSSR da qayta qurish siyosatini boshlashga majbur bo‘ldi. Shu yili KPSS MKning Bosh Sekretari qilib saylangan M.S.Gorbachev iqtisodiy hayotni jadallashtirish siyosatini boshladi, lekin u samarali bo‘lmadi. 1987 yilgi KPSS Markaziy Qo'mitasining yanvar plenumida qayta qurish siyosatini davlatning asosiy yo‘nalishi deb e’lon qilinib, asosiy maqsadi jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tizimini demokratiyalashtirish deb belgiladi. Bu tarixga qayta qurish siyosati nomi bilan kirgan. Bu jarayon 1985 yildan 1991 yillarda amalga oshirilgan.
Jamiyatdagi qayta qurish siyosati natijalariga har xil baho berishadi. Islohotlarning maqsadlariga qisman erishildi: jamiyat demokratlashtirildi, oshkorolik joriy etildi, tsenzura bekor qilindi, G'arb bilan munosabatlar yaxshilandi. Qayta qurish siyosatda KPSSning yakkahokimligini saqlab qolgan holda mamlakatni yangilash va demokratik prinsiplarni joriy etishga harakat qilindi. Shuningdek, qayta qurish siyosati deklarativ asosda, ya’ni va’dabozlik asosida olib borilib, aniq ko‘rsatma va yo‘l yo‘riqlar ishlab chiqilmadi. Bu siyosati inqrozning sabablari va uni bartaraf etish yo‘llari aniq ilmiy tahlil qilinmagan holda olib borildi, shuning uchun uni amalga oshirish jarayonlarida ko‘plab xatoliklar va kamchiliklar sodir bo‘ldi.
Qayta qurish siyosatining uch yilida ko‘zga ko‘rinarli o‘zgarishlar amalga oshirilmadi, aksincha jamiyatda KPSS tomonidan o‘tkazilayotgan siyosatga qarshi noroziliklar avj olib ketdi. Markazning ba’zi siyosiy arboblari siyosiy tizimni isloh qilish va uni tubdan o‘zgartirish lozimgini ta’kidlashgan. 1988 yilda siyosiy tizimni isloh qilish uchun “Mamlakat siyosiy tizimini isloh qilishni amaliy amalga oshirish bo‘yicha ba’zi shoshilinch chora-tadbirlar to‘g‘risida" qo‘shimcha qaror qabul qildi. Bunda SSSR Konstitutsiyasiga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish ko‘rsatilgan. Hokimiyat boshqaruvni taqsimlash ko‘zda tutilgan, lekin bunda KPSSning yetakligi saqlab qolishga harakat qilingan.
Markazdagi siyosiy inqroz ittifoq tarkibidagi respublikalarga ham ta’sir qilmasdan qolmadi. Respublikalarning siyosiy erkinligi konstitutsiyada belgilangan bo‘lsada, lekin bu faqat qog‘ozda bo‘lgan, amalda esa, barcha respublikalar markazga bo‘ysundirilgan. Ularning ehtiyoj va istaklarini inobatga olinmagan. Uzoq yillar davomida to‘planib kelingan noroziliklar qayta qurish davrida markaz bilan ittifoqdosh respublikalar o‘rtasida vaziyat yana keskinlashtirdi. Chunki Markaz oldingi “lenincha milliy siyosatni” davom qildirishga harakat qildi, ya’ni mavjud vaziyatni inobatga olmasdan qat’iyatlilik bilan milliy siyosatning lenincha norma va tamoyillarini davom ettirdi. Bu esa, respublikalarda turli g‘alayonlarini keltirib chiqardi: Olmaota (1986 yil dekabr), Qorabog' (1988-1991), Abxaziya (1989), Farg'ona (1989), O'sh (1990), Boku (1990), Dushanbe (1990) va Vilnyus (1991). Milliy siyosat sohasida ham ko'plab muammolar to'planganligini ko'rsatdi. 1991 yil 15 noyabrdagi ma’lumotga ko‘ra, SSSRda 150 yaqin g‘alayonlar bo‘lgan. Jamiyatda demokratlashtirish va oshkoralik siyosati rivojlangan sari markaz bilan milliy respublikalar oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashib bordi, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yanada yomonlashub borgan.
1988 yilda SSSRda mustaqil siyosiy partiyalar, tashkilotlar shakllana boshlagan. Ittifoqdosh respublikalarda ham siyosiy mustaqillikka intilish jarayoni boshlangan. O‘zbekistonda esa, 1989 yilda yangi rahbari qilib saylangan Birinchi prezidetimiz I.A.Karimov mustaqillik g‘oyasi to‘g‘ri anglagan holda bu borada amaliy ishlarni amalga oshirgan. Shuningdek, murakkab vaziyatni tahlil qilishda jamoatchilik fikrini shakllantirishda, demokratik jarayonlarning rivojlanishida, keng xalq ommasi faolligini oshirishda matbuot xodimlari, ziyolilar muhim o‘rinni egalladilar. Ular jamiyat inqrozining asosiy sababi aynan marksizm va leninizm ta’limot ekanligini ko‘rsatdilar.
Barcha ittifoqdagi respublikalar kabi O‘zbekiston iqtisodiyoti ham besh yillik reja asosida rivojlangan. U Markazdagi davlat va moliya organlari tomonidan ishlangan. Besh yillik rejalar kommunistik partiya plenumi va s’ezdlarida tasdiqlangan va ularni bajarish majburiy bo‘lgan. Ko‘p vaqtlarda bunday yuqorida ishlab chiqilgan qarorlarni mahalliy sharoitlarda bajarishning imkoni bo‘lmas edi. Bu esa, o‘z navbatida ishchi kuchi va sanoatning zo‘riqishiga olib kelgan. Bu vazifalarni bajarilmasa javobgarlikka tortilar edi, buning oldini olish uchun ko‘zbo‘yamachilik va qo‘shib yozishlar ko‘lami kengayib borgan. Ijtimoiy muammolarga e’tiborsizlik, rejalashtirishdagi kamchiliklar, iqtisodiyotning samarasizligi aholining talab va ehtiyojlarini qondirmas edi.
1980 yillarining boshida qishloq ho‘jaligi juda qiyin axvolga tushub qoldi. Axolini oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun kartochka tizimi joriy qilindi. Ko‘p katorlik navbatlar vujudga keldi. Ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan davlat boshqaruvida olib borilgan tadbirlar ham nomiga bo‘lib, mavjud vaziyatning yechiminiga qaratilmagan edi, aksincha mavjud vaziyatni yanada chuqurlashtirdi. Uy-joy muammosi keskinligicha qolaverdi. Bu salbiy hodisalar natijasida ijtimoiy-iqtisodiy ahvol yomonlasha boshladi. 1988 yil oxiri - 1989 yil boshida bu qiyinchiliklar kuchaya boshladi. Natijada moliyaviy tizim izdan chiqi. Pul muomalasi va moliyada nomutanosiblik yuzaga keldi. Iqtisodiyotning barcha sohalarida taqchillikni yuzaga keltirdi bu esa, jamiyatda ijtimoiy taranglik va insonlarning noroziliga sabab bo‘ldi.
1990 yillarda SSSRning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yanada og‘irlashdi. Inqroz barcha sohani qamrab oldi.
SSSRda ittifoqdosh respublikalar, shuningdek, O‘zbekiston SSRning suveren maqomi ham Konstitutsiya bilan mustahkamlanib qo‘yilgan edi. Biroq, haqiqatda respublika va uning siyosiy, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat institutlari haqiqiy suverenitetga ega emas.
Bu muammolarning barchasi 80-yillarning oxiri, 90-yillarning boshlarida ijtimoiy keskinlikning kuchayishiga olib keldi.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘ta keskin va jiddiy muammolar yuzaga keldi:
1) respublikada demografik vaziyatning murakkabligi. Statistik ma’lumotlar tahlili aholi ro‘yxatga olingan davr oralig‘ida, ya’ni 1979-1989 yillar davomida respublikada jami aholi soni 28,8 foizga ko‘payganini ko‘rsatadi. 1991 yilga kelib mamlakatda aholi soni 20,7 million kishidan ortib, 1990 yilga nisbatan 386,0 ming kishiga o‘sgan.
Bu esa O‘zbekistonda aholining o‘sish sur’atlari Ittifoq sur’atlariga qaraganda uch barobardan ziyod yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi. Biroq, aholining bunday o‘sishi uzoq yillar davomida sanoat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ish joylarini ko‘paytirish hamda aholining hayot ta’minoti uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan mustahkamlab borilmadi. Bu esa odamlar turmush sharoitining yomonlashuvi, ishsizlar sonining ko‘payishi, ijtimoiy mehnat unumdorligi va aholi daromadlarining kamayishi, pirovard natijada xalq farovonligining pasayishiga olib keldi.
O‘zbekiston sobiq Ittifoq tarkibida uzoq yillar davomida hukm surgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimi ta’sirida faqat xomashyo yetkazib berishga asoslangan, qoloq va mo‘rt iqtisodiyotga ega bo‘lib, bu holat respublika aholisi daromadlari va turmush darajasiga ancha keskin ta’sir ko‘rsatdi.
Bu davrda respublika barcha asosiy iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Ittifoqdagi o‘rtacha darajadan ham ancha orqada bo‘lib, mamlakatda oxirgi o‘rinlardan biriga tushib qoldi. Jumladan, aholi jon boshiga yalpi ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha ittifoqdosh respublikalar orasida 12-o‘rinni, daromad darajasi, asosiy turdagi mahsulotlarni iste’mol qilish jihatidan eng oxirgi o‘rinlardan birini egallab keldi. Aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish bo‘yicha Ittifoqdagi o‘rtacha darajadan 2 barobar, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish bo‘yicha 2,5 barobar, sanoatdagi mehnat unumdorligi jihatidan 2,5 barobar, qishloq xo‘jaligidagi mehnat unumdorligi jihatidan esa 2 barobar, aholining o‘rta hisobda go‘sht mahsulotlari, tuxum, sut va sut mahsulotlari iste’moli bo‘yicha 2 barobar orqada qolgan.
Aholining moddiy va ma’naviy ehtiyojlari qondirilmagan edi. Agar respublikada 1988 yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan iste’mol mollari oboroti 768 so‘m (rubl)ni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich SSSR bo‘yicha 1282 so‘mni, Ukrainada 1213 so‘mni, Belorussiyada 1414 so‘mni, Qozog‘istonda 1071 so‘mni, Gruziyada 1163 so‘mni, Litvada 1609 so‘mni, Moldovada 1172 so‘mni, Litvada 1851 so‘mni, Qirg‘izistonda 879 so‘mni, Armanistonda 1035 so‘mni, Turkmanistonda 860 so‘mni, Estoniyada esa eng yuqori – 1965 so‘mni tashkil etgan.
Iqtisodiy muammolar demografik holatlarda yuzaga kelgan ahvol bilan qo‘shilib, ijtimoiy masalalarni hal etishni g‘oyat dolzarb qilib qo‘ydi. O‘zbekistonda aholining turmush darajasi sobiq Ittifoqdagi respublikalar ichida eng past bo‘lib qoldi. Ma’lumotlarga qaraganda, 1990 yilda respublika aholisi 70 foiziga yaqinining jami daromadi tirikchilik o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan eng quyi darajadan ham past edi. Ayni paytda Rossiya va Ukrainada aholining 30 foiziga yaqinigina shunday ahvolda kun kechirgandi. Mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta’minlash ham murakkab muammo bo‘lib qoldi.
Qishloq xo‘jaligining ekstensiv rivojlanishi natijasida ko‘plab suv omborlarining qurilishi, umuman suv isrofgarchiligi tufayli Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolaridan Orol dengiziga quyiladigan suv nihoyatda kamayib ketdi. Oqibatda dengiz 1960 yildagi holatiga nisbatan 1990 yilda 14,5 metrga pasaydi, suvining hajmi 54 foizga qisqardi2. Suv qirg‘oqdan 70-100 km.ga chekingan joylarda bo‘ronlar natijasida yiliga 50-70 ming tonnagacha tuz atmosferaga ko‘tarilgani kuzatilgan. Orol bo‘yida ekologik ahvolning yomonlashuvi, jumladan, ichimlik suvi bilan ta’minlanishning yomonlashuvi, suvdagi minerallashuvning oshishi natijasida qishloq aholisining 87 foizi har xil kasallaklarga chalingani aniqlangan. Masalan, Qoraqalpog‘istonda ich terlama yuqumli kasalligi bilan kasallanganlar Sobiq Ittifoq darajasidan 23 barobar ko‘p bo‘lgan. Agar Yaponiyada har 1000 nafar tug‘ilgan chaqaloqdan bir yoshgacha 5 tasi yoki Kanadada 7 tasi o‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich O‘zbekistonda 39 tani, Qoraqalpog‘istonda esa 60 tani (1989 yilgi ko‘rsatkich) tashkil etgan.
Ekologik inqiroz natijasida Qoraqalpog‘istondagi ayollarning 80 foizi kamqonlik kasalligiga chalingan yoki harbiy xizmatga chaqirilgan har 2 o‘spirindan biri jismonan xizmatga yaroqsiz topilgan.
Orol dengizining qurishi juda katta iqtisodiy zarar ham keltirdi. Masalan, XX asrning 50-yillari o‘rtalarida dengizdan 244,4 ming sentner baliq ovlangan bo‘lsa, 80-yilning o‘rtalarida bu ko‘rsatgich 24,6 ming sentnerga tushib ketdi.
XX asrning 80-90-yillarida O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta xomashyosining 93-94 foizi, oltinning barchasi Markazga olib ketilgan holda, mahalliy aholining iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji tobora oshib borgan. Bu ehtiyoj asosan sobiq Ittifoqning boshqa mintaqalaridan don va go‘shtning 70 foizi, kartoshkaning 60 foizi, qand, quruq sut va bolalar oziq-ovqatlarining 100 foizi va boshqa mahsulotlar yurtimizga olib kelingan.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining paxtadan boshqa hamma sohalari qisqartirilishi oqibtida o‘zbeklar faqat paxta yetishtiruvchi dehqonlarga aylantirildi. Sanoat, transport, aloqa tarmoqlari eng quyi ko‘rsatkichlarda amalga oshirildi. Ijtimoiy soha, fan, ta’lim, madaniyat va sog‘liqni saqlash rivoji Ittifoq ko‘rsatkichidan eng past darajada qoldi. Masalan, 1989 yilda Qashqadaryo viloyatida 800 ta maktabdan 300 tasi moslashtirilmagan binolarda, 966 ta sinfda pol, 1048 ta sinfda ship, 113 ta maktabda oshxona yo‘q, 114 ta maktab binosining devorlari esa nurash arafasida edi. Paxta yakkahokimligi tufayli uylarning ostonasigacha chigit ekilardi. Buning natijasida xalqimizning qadimiy dehqonchilik va chorvachilik madaniyati rivojlanmay qoldi.
Sovetlar hukmronligining so‘nggi o‘n yilliklarida O‘zbekiston madaniyatining rivoj topishiga madaniyat va san’at sohasini moddiy-iqtisodiy jihatdan ta’minlashda yo‘l qo‘yilgan jiddiy xatolar ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, 1940 yildan boshlab surunkali ravishda mazkur soha uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratish kamayib bordi: 1940 yili respublika aholisi talab-ehtiyojlari uchun ijtimoiy-madaniy tadbirlar va fanning rivojiga sarflangan xarajatlar respublika byudjeti umumiy xarajatlar qismining 67,9 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 1980 yilga kelib 46,9 foizini tashkil etdi. Fan va madaniyat uchun ajratilgan mablag‘ning muntazam kamayib borishiga sabab davlatning bu soha uchun mablag‘ ajratishni istamaganidan emas, balki Sovet davlati iqtisodiy ahvoli tobora yomonlashib borayotganligidan dalolat edi. Ayniqsa, bu 80-yillarning ikkinchi yarmiga kelib bu holat keskin tus ola boshladi.
Ijtimoiy-iqtisodiy turg‘unlik yillarida SSSRda siyosiy aqidaparastlik yanada kuchaydi. Bu yillarda musulmonchilik va millatchilikning barcha ko‘rinishlari yana bir karra “eskilik sarqiti” sifatida qoralandi. Bunday hol, ayniqsa, 80-yillarning o‘rtalarida, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi Sharof Rashidov vafotidan so‘ng siyosiy hokimiyat tepasiga kelgan I.Usmonxo‘jaev ma’muriyati davrida yaqqol sezildi. Bu davrda respublika rahbariyati, asosan, Markazning “ko‘rsatmasi”ni to‘xtatmasdan bajarish, uni hayotga tatbiq qilish bilan shug‘ullandi, xolos. Xalqning taqdiri ijtimoiy-madaniy ahvoli Usmonxo‘jaev ma’muriyatini qiziqtirmadi. Bu yillarda respublikada ko‘plab masjidlar, madraslar yopib qo‘yildi, ular yana omborxonalarga aylantirildi. Diniy marosimlar qat’iy cheklandi, janoza o‘qish, marhumlarni so‘nggi yo‘lga kuzatish va boshqa odatlar ta’qiqlandi. O‘rta Osiyo xalqlarining qadimiy, islomgacha mavjud bo‘lgan milliy-an’anaviy bayrami “Navro‘z” ta’qib ostiga olindi. Go‘yo Navro‘zni umumxalq bayrami sifatida nishonlash boshlanganidan bo‘yon respublikada “dinga ishonuvchilar soni ko‘paygan” emish. Kommunistik aqidaparastlar Navro‘zni ta’qiqlab, uning o‘rniga “Navbahor” bayramini o‘ylab topdi. Lekin o‘zbek xalqi yuqoridan “tushirilgan” yangi bayramini qabul qilmadi.
1990 yil 21 martdan boshlab, eng qadimiy bayramlarimizdan biri Navro‘z umumxalq bayrami sifatida nishonlandi. Navro‘z an’analariga binoan, qariyalar, bolalar, bemorlar, nogironlar holidan xabar olish, beva-bechora va boquvchisidan ajralganlarga mehr-shafqat ko‘rsatish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirildi
3.O‘zbekistonda “Paxta ishi” va uning oqibatlari.
“Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi”, “Sharqiy front” deb atalgan siyosat, aslida Sobiq sovet davlatining xalqqa nisbatan qaratilgan qatag‘onlik siyosati edi. Bu jarayon 1983 yildan 1991 yilgacha davom etib, ko‘plab begunoh kishilar jinoiy javobgarlikka tortilgan. “Paxta ishi”, “qo‘shib yozishlar” masalasi 1983-yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston Kompartiya MQsining XVI Plenumi va unda Inomjon Usmonxo‘jayevning Markazdan O‘zbekistonga kadrlar bilan “yordam berish”ni so‘rab qilgan murojatidan so‘ng bu ish avj oldi. O‘zbekistonga yuzlab, minglab kadrlar yuborildi. 1983 yilning aprel oyida markazdan T.Gdlyan va V.Ivanov boshchiligida 200 kishidan iborat tergovchilar guruhi ham keldi.
Yuborilgan tergov guruhi hech kim bilan hisoblashib o’tirmay odamlarni qamash bilan shug‘ullandi. Oddiy dehqondan tortib O’zbekiston Kompartiyasi MQ kotiblari va hukumat a’zolarigacha bo’lgan xodimlarni qamash uchun birovlardan zo’rlab yozdirib olingan bir parcha qog‘ozning o’zi kifoya edi. Tergov jarayonida ko‘rsatma olish uchun, qiynoq va taqiblarga kasallar, qariyalar, ko'p bolali onalar ham tortilgan. O’zbekistonda qonunchilik buzildi, o’zboshimchalik va qatag‘onchilikning yangi davri avj oldi. Ming-minglab iqtidorli, rahbarlik mahoratini puxta egallagan rahbar kadrlar, mirishkor paxtakorlar ham qamoqqa olindi. Hibsga olingan respublika partiya va davlat organlarining rahbarlari esa Moskva qamoqxonalariga tashlandi. Tergov xodimlari 30-yillarda ishlatilgan yaramas usullardan foydalanib, hibsga olinganlarni qiynab, boshqalar ustidan to’qilgan aybnomalarni ularning qo’li bilan qaytadan yozdirib olardi va bu «aybnoma» tobora ko’p begunoh odamlarni qamashga asos bo’lib xizmat qilardi.
O‘zbekistonning 65 foiz aholisi o‘sha paytlarda faqat paxta yetishtirish bilan shug‘ullanar, millionlab odamlar – maktab o‘quvchilari, talabalar markazning topshirig‘i bilan dekabr, hatto yanvar oylarida ham paxta terish bilan majburiy, deyarli tekinga shug‘ullanishardi. Yig‘ishtirilgan hosil esa past narxlarda markazga jo‘natilardi. Markaz yil sayin O‘zbekistonda paxta tayyorlash rejasini oshiravergan. Qisqa vaqt ichida reja to‘rt million tonnadan olti million tonnagacha ko‘tarildi. Bu Brejnevning talabi edi. Qo‘shib yozish haqida gap ketganda davlatga paxta topshirishda bor-yo‘g‘i 2-3 foiz qo‘shib yozish bo‘lgan, xolos. Ana shu qo‘shib yozishlarning asosiy ilhomchisi va tashkilotchisi Moskvaning o‘zi bo‘lgan edi. O‘zbekistondan markazga minglab xatlar yuborilgan. Bu xatlarda paxta yetishtirish uchun suv yetishmasligi, Orol dengizining qurishi, paxta uchun berilayotgan mablag‘ nihoyatda ozligi, kolxozchilar iqtisodiy ahvoli, turmush tarzining o‘ta achinarli holati, paxta zararkunandalariga qarshi ishlatiladigan gerbitsidlardan ko‘plab paxtakorlar zaharlangani, ularning katta qismi dardga chalinib o‘lib ketganligi, ustiga-ustak paxta mehnati uchun to‘lanadigan haq nihoyatda kamligi asoslab berilgan edi.
Lekin Markaz bularni inobatga olmay o‘zbek xalqini aybdorga chiqargan. Ular tomonidan yuborilgan Gdlyan va Ivanovlar markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda jinoyatchi to‘dalarni fosh qilganliklari haqida «O‘zbeklarning hammasi poraxo‘r», «O‘zbekiston biz uchun sharqiy front», «O‘zbekiston O‘rta Osiyo Chernobili» degan milliy sha’nimizni tahqirlovchi so‘zlar bilan juda katta shov-shuv ko‘targanlar. Ushbu tergov guruhi hibsga olingan ayblanuvchilarga nisbatan qonunni g‘araz niyatlar bilan olti yil mobaynida beshafqat, surbetlarcha oyoqosti qilib keldilar. Ular qurollangan askarlar bilan harbiy vertolyotlarda olis qishloqlargacha bostirib kirib, odamlarning bor-budini talab, zo‘ravonlik qilganlar. Qiynoqlarga solinganlarning ko‘pchiligi qarindosh-urug‘laridan, mahalladoshlaridan qarz olib pullarni tergovchilarga keltirib berishga majbur bo‘lishgan. Tergovchilar esa qancha ko‘p pul olib kelsanglar, qarindoshingni shuncha tez qamoqdan chiqarib yuboramiz deb aldaganlar.
Mana shu yillarda KPSS va O‘zbekiston kompartiyasi markaziy qo‘mitalariga, turli idoralarga mehnatkashlarning shikoyat arizalari, murojaatlari tinmay kela boshlagan. Ularda sudlar chiqargan hukmlardan norozilik, asossiz qamoqqa olinib, mol-mulklari talon-toroj qilinganligi, tergov jarayonida qiynoqlarga solingan, zo‘ravonliklarga uchraganlar haqida yozilgan edi.
 1983–1989-yillar xalqimiz uchun nihoyatda og‘ir yillar bo‘lgan. 
Umuman “Paxta ishi” (“O’zbek ishi”) “jinoyat” ishi bo’yicha jami 40 ming kishi tergovga tortilgan, 25 mingga yaqin kishi qiynoq ostiga olinib, so’roq qilindi. 4018 kishi noqonuniy sud qilinib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.
Butun SSSRda bo’lganidek, O’zbekistonda ham kamchiliklar, qo’shib yozishlar, poraxo’rlik illatlari va boshqa jinoyatchiliklar bor edi, albatta. Lekin bu illatlarni o’zbek xalqi emas, balki sovet hokimiyatining ijtimoiy-siyosiy tuzumi keltirib chiqargan edi.
O‘zbekistonning yangi rahbariyati I.A. Karimov respublikaning siyosiy va ijtimoiy betartiblik sari siljishini to‘xtata oldi. Ko'p o'tmay, bir qator aff qabul qilingan va amalga oshirilgan markaziy ommaviy axborot vositalari orqali butun xalq boʻylab, uning vakillariga nisbatan hech qanday repressiya oʻzbek xalqining irodasini buzmadi. Aksincha, oʻzbek xalqi sovet maʼmuriy-maʼmuriy-buyruqbozlik tizimining nomuvofiqligi va xalqqa zidligini tobora anglab yetdi. Sudlangan yoki jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar

4.Farg‘ona, Bo‘ka, Parkent va Namangan voqealari.


Sovet jamiyatini yangilash bo‘yicha islohatlarda yo‘l qo‘yilgan xatolar tufayli barbod bo‘ldi. Ushbu muammolardan xalq e’tiborini chalg‘itish uchun ko‘p yillar davomida yig‘ilib qolgan milliy noroziliklardan foydalanildi. Kommunistik mafkura o‘z hukmronligini saqlab qolish uchun hatto ayrim respublikalarda millatlararo nizolarni uyushtira boshladi. 1989 yilda Toshkent, Farg‘ona, Andijonda ro‘y bergan millatlararo mojarolar, Kavkazdagi qurolli to‘qnashuvlar, quvg‘in qilingan xalqlarni noroziliklaridan razilona manfaat yo‘lida, respublikalarda, shu jumladan O‘zbekistonda paydo bo‘layotgan hurlik ovozini bo‘g‘ish uchun foydalandilar.
Ikkinchi jahon urushi yillarida mustabid tuzum tomonidan deportatsiya qilingan bir qator xalqlar qatorida mesxeti turklari ham bo‘lib, ular asosan aholi zich yashaydigan Farg‘ona viloyatiga, bir qismi Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlariga joylashtirilgan bo‘lib, buning oqibatida ijtimoiy-iqtisodiy va millatlararo munosabatlarda qo‘shimcha muammolarni yuzaga keltirgan edi. Bu muammoga sovet davlati o‘z vaqtida e’tibor bermadi. 1989 yil 24 mayda Quvasoy shahrida yoshlar o‘rtasida (R. Nishonov ta’rificha, “bir banka qulpunoy uchun” ) bo‘lgan bezorilik millatlararo (mahalliy yoshlar bilan mesxeti turklar o‘rtasida) to‘qnashuvni keltirib chiqardi va bu mojaro Farg‘ona vodiysida ommaviy tus oldi. Respublikaning siyosiy rahbariyati yuzaga kelgan bu murakkab vaziyatni to‘g‘ri baholay olmagani uchun, yoshlarning ommaviy chiqishlari, millatlararo to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.
Bunday ommaviy chiqishlarga, kommunistik mafkura tartibiga qarshi borishlariga “ko‘nikmagan” mustabid tuzum siyosiy rahbariyati namoyishchilarga qarshi harbiy qism tashladi. 1989 yil 8 iyunda Qo‘qonda tinch namoyishchilar ana shu harbiy qism askarlari tomonidan o‘qqa tutildi. Natijada, 50 dan ziyod namoyishda qatnashgan aholi halok bo‘ldi (ularning ko‘pchiligi yoshlar edi), 200 dan ortig‘i esa yarador qilindi. Umuman 3-12 iyun kunlari Farg‘ona viloyatida bo‘lgan millatlararo to‘qnashuvlar va ularni harbiylar tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida 103 kishi halok bo‘lgan. 1009 kishi yarador bo‘lgan va 650 xonadonga o‘t qo‘yilib, vayron qilingan.
Farg‘ona fojealariga taalluqli ma’lumotlarning (lekin ma’lumotlar yo‘q darajada) tahlili shuni ko‘rsatadiki, mesxeti turklari uchun bu mojaro mustabid tuzum aybi bilan urush davrida majburan tashlab chiqilgan ona vatanlariga qaytib borishlari uchun bahona sifatida kerak bo‘lgan. Mahalliy aholi esa bu mojaroga tabiiy ravishda qo‘shilib ketgan. Chunki joylarda aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga e’tibor berilmagan, mahalliy yoshlar o‘rtasida ishsizlik ko‘payib, aholining turmush darajasi pasayib borgan, aholi uy-joylar bilan ta’minlanmagan, uy qurish uchun uchastkalar ajratilmagan, paxta yakkahokimligi, ekologiya, muammolari hal qilinmagan, poraxo‘rlik, ko‘zbo‘yamachilik, qonunbuzarlik avj olgan.
Mudhish voqealardan keyin berilgan rasmiy bayonotlarga ko‘ra, respublikada vujudga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy keskinlikdan ommaviy tartibsizliklarni, millatlar o‘rtasida nifoq va to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishga uringan ekstremistik kuchlar turgan. Bu ataylab uyushtirilgan siyosiy ig‘vogarlik edi. Farg‘onadagi mudhish voqea Sumgayit, Boku, Tog‘li Qorabog‘, O‘sh-O‘zgan va boshqa mintaqalarda xuddi shunday tarzda uyushtirilgan ig‘vogarlik bilan bir qatorda turar edi. Farg‘ona voqealaridan keyin O‘zbekistonning I.Karimov boshliq siyosiy rahbariyati bu masalada prinsipial mavqeini egalladi. Respublika ziyolilari va siyosiy kuchlari ana shu tahlikali kunlarda siyosiy va ma’naviy jihatdan yuksak mavqeda turdi. Fojeaning asl sabablarini ochib tashlash, o‘z xalqining shon-shuhrati va qadr-qimmatini himoya qilish yo‘lidagi o‘zlarining mashaqqatli urinishlarida ular respublikaning eng keskin muammolarini birinchi bor oshkora ravishda muhokamaga qo‘ya boshladilar.
O’zbekiston Kompartiyasi MQning 1989 yil 23 iyunda bo’lgan XIV Plenumida Farg’ona fojiasi bilan bog’liq masalalarni o’rganish uchun maxsus komissiyasi tuzildi. Komissiyaning O’zbekiston kompartiyasi MQning 1989 yil 29 iyulda bo’lgan XV Plenumi tomonidan ma’qullangan axborotida fojiani keltirib chiqargan sabablar ochib berildi.

  • Farg’ona viloyati, shahar, tuman partiya va sovet tashkilotlarining, huquqni himoya qilish organlarining tashkilotchilik, siyosiy ishidagi jiddiy xatolar fojiali voqealarga sabab bo’ldi. Ular viloyatdagi keskin ijtimoiy, siyosiy vaziyatni kuchayishi xavfini o’z vaqtida anglab etmadilar, millatlararo adovatni keltirib chiqarishga uringan ekstrimistlarga, poraga sotilganlarga o’z vaqtida zarba berolmadilar.

  • Farg’ona viloyatida o’n yillar davomida ijtimoiy-iqtisodiy keskinlik ortib bordi. Xo’jalik strukturasi buzilgan, tarmoqlar xomashyo etishtirish, yarim fabrikatlar ishlab chiqarishga moslashib qolgan edi, ishsizlar soni tobora oshib borar, odamlarni, yoshlarni ish bilan ta’minlash tadbirlari ko’rilmasdi.

  • Kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo’yish ishlari buzilgan, poraxo’rlik, xizmat mavqeini suiste’mol qilish avj olgan edi.

  • Ana shunday keskinlikdan, respublikada ijtimoiy-siyosiy beqarorlikni keltirib chiqarishdan manfaatdor siyosiy kuchlar allaqachon ishlab chiqilgan, puxta tayyorgarlik ko’rgan reja asosida ig’vogarona harakat qildilar, olomonga oldindan tayyorlangan varaqalar tarqatdilar.

Farg’onada sodir bo’lgan siyosiy ig’vogarlik Tbilisi, Tog’li Qorabog’, Bokuda tashkil etilgan ig’vogarliklardan biri edi. Keyinchalik 1990 yil fevral-mart oylarida Bo’ka va Parkent, 1990 yil iyunda O’sh va O’zganda ham shunday urinishlar bo’ldi. Yovuz kuchlar o’z maqsadiga erisha olmadilar. O’zbekistonning yangi rahbariyati tomonidan ko’rilgan chora-tadbirlar natijasida keskinlik bartaraf qilindi.





1 Жўраев Н. Тафаккурдаги эврилиш. – Т.: “Шарқ”, 2001. – 17-бет.

2 “Ҳаёт ва иқтисод” журнали, 1991 йил, № 2, 56-бет.

Download 145 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling