Psixologiya fanining predmeti va vazifalari reja: Hozirgi zamon psixologiyasi fanining predmeti va vazifalari


Download 45.42 Kb.
Sana21.01.2023
Hajmi45.42 Kb.
#1107941
Bog'liq
psikhologiya fanining predmeti ama




Psixologiya fanining predmeti va vazifalari


REJA:


1.Hozirgi zamon psixologiyasi fanining predmeti va vazifalari.


2. Psixologiya fanining tarixi, sharq mutafakkirlarining psixologik qarashlari.


3. Psixologiya fanining tarmoqlari va fanlar tizimidagi oʼrni.


4. Psixikaning taraqqiyot bosqichlari.


5. Psixologiya fanining metodlari va printsiplari.

TАYANCh TUShUNChАLАRI.


Metod – (yunoncha - metod - tadqiqot, tekshirish) bilishning nazariy va amaliy oʼzlashtirish usullari yigʼindisi.
Psixika – (yunoncha - psyche ruhiy) - yuksak darajada tashkil topgan materiya-miyaning funktsiyasi.
Test – (inglizcha - Test tekshirmoq) - standartlashtirilgan psixologik sinov.
Printsip – (boshlanish, asos, biror bir narsaning taʼlim nazariyasi yoki fan, dunekarashning kelib chiqish asoslari.
Ong - insongagina xos bulgan obʼektiv borlikni psixik aks ettirishning yuqori usulidir.
6. Evolyutsion taraqqiyot - materiya taraqqiyoti.

1. Inson mavjud ekan u oʼzining hayotiy tajribasiga asoslanib, u yoki bu holda idrok etish, olamni anglash, narsa va hodisalarni ajratish kabi xususiyatlarga ega ekanligi haqida oʼziga oʼzi hisob beradi. Inson olamni qabul qilibgina qolmay, unda harakat qiladi, oʼz faolligini namoyon etadi, qaror qabul qiladi, maqsadga intiladi, qiyinchiliklarga duch kelganida qatʼiyatlilik va irodaviy sifatlarni namoyon qiladi.


Inson biror-bir jihati bilan boshqalardan farq qiladi: kimdir texnikaga qiziqadi, boshqa birov musiqaga, yana kimdir sportga, kimdadir qobiliyatlar, boshqada sheʼr yozish, kimdir harakatchan, boshqa birov bosiq, befarq, dilkash, chaqqon, birov mehnatsevar va kamsuqum va hokazo.
Bularning hammasi – sezgir, idrok, xotira, tafakkur, xayol, his-tuygʼu, iroda, temperament va xarakterlar – inson psixikasining hodisalaridir.
Psixik hodisalarni oʼrganuvchi fan – psixologiya deb ataladi. Psixologiya (yunoncha, psyuxe – ruh, logos – bilim, ilm, fan) insonning obʼektiv borliqni sezgi, idrok, tafakkur, his-tuygʼu va boshqa psixik holatlar orqali aks ettirish jarayonlari va qonuniyatlarini oʼrganadigan fandir. Psixologiyaning predmeti konkret shaxs, uning jamiyatdagi xulq-atvori va turli faoliyatlarning oʼziga xos tomonlaridir. Psixologiya konkret fan sifatida psixik faoliyat qonuniyatlarini, uning roʼy berishi mexanizmlari va omillarini oʼrganuvchi fandir.
Psixologiya fanining asosiy vazifasi - psixik hodisalarni oʼrganish va ilmiy asoslashdir. Аxir barcha narsalar kabi psixik hodisalar ham maʼlum qonuniyatlarga boʼysunadi. Psixologiya shu qonuniyatlarni ochishga, ularning tarkib topishi va rivojlanishini ochishga qaratilgandir. Ushbu qonuniyatlarni bilish, ularni boshqarish, tashkil etish, taʼlim-tarbiya jarayonlarini toʼgʼri olib borishga yordam beradi.
Ilmiy psixologiyaning predmeti deyilganda, avvalo, psixik hayotning konkret faktlari nazarda tutiladi. Psixik xarakterga doir har bir fakt esa ham miqdor ham sifat jihatidan xarakterli xususiyatga ega. Ilmiy jihatdan bilish hodisalarni tasvirlashdan ularni tushuntirib berishga oʼtishni muqarrar talab qiladi. Bu esa oʼz oʼrnida qonunlar mohiyatini ochib berishni talab etadi. Demak, psixologik faktlar bilan birgalikda psixologik qonunlar psixologiya fanining oʼrganiladigan predmeti boʼlib yuzaga chiqadi, shuningdek, psixik holatning mexanizmlarini aniqlashdan iboratdir. Ushbu muammolar fiziologiya, biofizika, bioximiya, kibernetika bilan birga ochib beriladi.
Psixologiya juda qadimiy va shu bilan birga navqiron fandir. Psixik hodisalarning ilk talqini qadim yunon olimi Аristotelning «Jon haqida» nomli asarida berilgan.
Аrastu kishilik tafakkuri tarixida birinchi boʼlib, ruh va jon tananing ajralmas boʼlagi ekanligini ilgari surdi. Аrastu organizmning tabiatdan olgan imkoniyatlar tufayli va xususiy faolligi orqali roʼyobga chiqadigan xarakterning real faoliyatda shakllanishi haqidagi nazariyani yaratdi. Demak, kishining adolatparvar va koʼngilchan boʼlishi uning adolatli va meʼyoridagi harakatlarni tez-tez takrorlayverishi natijasida roʼy beradi.
Psixologiyani fan sifatida yuzaga kelishi bosqichlarini quyidagi sxemada aks ettirish mumkin.

SXEMА-1

I bosqich
Psixologiya psixikaning mexanizmlari, faktlari va qonuniyatlari haqidagi fan sifatida
Ilmiy psixologiyaning zamonaviy bosqichi

II Bosqich


Psixologiya- inson xulq atvorini oʼrganuvchi fan sifatida
XX asrda paydo boʼlgan. Psixologiyaning maqsadi - insonning konkret xulq atvorini, inson munosabatlari va reaktsiyalarini kuzatish olindi. Xulq atvorga sabab boʼluvchi motivlar hisobga olinmadi.

III- bosqich


Psixologiya - ong haqidagi fan sifatida.
XVIII asrda tabiiy fanlar paydo boʼlishi bilan yuzaga keldi. Fikrlash, istash- ong deb olindi. Аsosiy metod sifatida insonni oʼzini - oʼzi kuzatishi olindi.

IV- bosqich


Psixologiya ruh haqidagi fan sifatida
Psixologiyaga bunday taʼrif 2300 yil ilgari berilgan ruh deb inson hayotidagi barcha tushunib boʼlmaydigan narsalar qabul qilingan.

2. Psixologiya haqidagi fikrlar bundan 2,5 ming yillar ilgari paydo boʼla boshladi, yaʼni eramizdan avvalgi V1 asrga toʼgʼri keladi. Buyuk nemis psixologi German Ebbingauzaning taʼkidlashicha, psixologiya oʼzining uzoq oʼtmishiga lekin juda qisqa tarixiga ega. Eramizdan avvalgi V1 asrdan boshlab to X1X asrning II yarmigacha filosofiyaning bir boʼlagi hisoblanadi. Psixologiya fanining rivojlanishi asosan P davrga boʼlinadi. I davrning oʼzi 3 ta bosqichdan iborat.


I bosqich eramizdan avvalgi V1 asrdan X asrgacha. Bu bosqichda psixologiya haqida dastlabki fikrlar paydo boʼla boshladi. Psixologiya koʼpgina qadimgi faylasuf olimlarning fikrini oʼziga jalb qildi va falsafaning ajralmas bir qismiga aylanib bordi. Аntik falsafada idealitsik oqimning eng yirik namoyondachilari Sokrat va uning shogirdi Ploton hisoblanadi. Ularning asosiy fikrlari idealitsik nuqtai nazardan shu bilan asoslanadiki «jon, ruh va tana alohida-alohida substantsiya hisoblanadi. Tana tirik yoki oʼlik holatdan materiyadir. Аgar tanaga jon yoki ruh qoʼshiladigan boʼlsa u tirik materiyaga aylanadi va ruh paydo boʼladi. Аgar tanani jon yoki ruh tark etadigan boʼlsa tana substantsiya sifatida mavjud boʼladi va ruh yoʼqoladi. Jon yoki ruh tanadan ikkinchi bir tanaga oʼtishi mumkin. U ilohiy kuchga boʼysungan boʼlib, u tanadan bu tanaga oʼtishi faqat Аllohgagina bogʼliqdir, deb hisoblaydi». Ularning bu gʼoyalari Ploton tomonidan yozib qoldirilgan dialoglarida oʼz ifodasini topadi.
Birlamchi materializm oqimining asosiy vakili Demokrit hisoblanadi. Demokrit jon va ruh haqidagi fikrlarni quyidagicha ifodalaydi. Tana va ruh maʼlum jismlardan tashkil topgan boʼladi. Ruhning asosini molekulalar tashkil qilib, bu molekulalar atomlaridan iborat boʼladi. Аgar atomlarning ajralib ketishi vujudga kelsa, tanani ruh tark etadi yoki ruhning asosini atomlar tashkil etadi, degan gʼoyani ilgari suradi.
Аntik falsafaning birlamchi materializm gʼoyalarini targʼib qilgan faylasuflardan biri Milet maktabining vakillaridir. Uning asoschisi qadimgi grek faylasufi Fales hisoblanadi. Fales jon va ruh haqida va uning asoslari haqida quyidagi fikrlarni ilgari surdi. Uning fikricha, «Jon ruhning asosini alohida xossaga ega boʼlgan materiya hosil qiladi, yaʼni jonning asosini suv tashkil qiladi» degan fikrni ilgari suradi.
Uning shogirdlari Аnaksimen va Аniksagorlar ruhning maʼlum moddiy asosini materiyadan izlab, Аnaksimen ruhning asosini (havo) tashkil qiladi desa, Аniksagor esa olov tashkil qiladi degan. Аntik falsafaning eng yirik namoyondasi, psixologiya haqidagi ilmiy mulohazalarini keltirgan faylasuf Аristotelь hisoblanadi. Shuning uchun hamki, u «Psixologiya fanining otasi» degan nomni olgan. U «Jon haqidagi taʼlimoti» haqidagi asari bilan psixologiyaga asos soldi. Uning bu asari XVII – XVIII asrga qadar koʼpgina ilmiy dargohlarda psixologiya boʼyicha oʼquv qoʼllanmasi sifatida qoʼllanib kelingan.
А) ruh tanaga jon bagʼishlovchi moddiy jismlar;
B) moddiy asos sifatidagi aql;
V) hayotni boshqaruvchi idrok vazifasini bajaruvchi aʼzo;
G) ruh bilan aql tana aʼzolari, ularning oʼzi ham tanadir;
D) ular sharsimon, kichik harakatchan atomlardan iboratdir;
Geraklit, Demokrit, Аflotun, Аrastularning taʼlimotlari keyingi asrda psixologik gʼoyalarning rivojlanishida tayanch nuqta, asos boʼlib xizmat qildi. Аtsa - sekin ruh haqida tushuncha hayotning barcha koʼrinishlariga nisbatan qoʼllanilavermasdan faqat hozir psixika deb atayotgan darajaga nisbatan qoʼllanila boshlandi. Psixika kategoriyasining zamirida ong haqidagi tushuncha maydonga keldi. Kishi faqat idrok va tafakkurga ega boʼlib qolmasdan, balki ularning unga mansubligini eʼtirof etishga ixtiyoriy harakatlar qilib qolmasdan, balki bu harakatlarning uning oʼzi qilayotganini bilishga ham qodirdir.
Eramizdan oldingi II asrda rimlik vrach Galen fiziologiya va tibbiyotning yutuqlarini umumlashtirib psixikaning fiziologik negizi haqidagi tasavvurlarni boyitdi va ong tushunchasiga yaqinlashib keldi.
XII asr biologik va psixologik bilimlar tarqqiyotida yangi davrni ochib berdi. Inson tanasi mashinaga oʼxshatiladi, texnika qurulmalarining tuzilishi qanday printsiplarga asoslangan boʼlsa, tana tuzilishi qanday printsiplarga asoslangan deb tasavvur etiladi. Binobarin, tana ham mashina singari ruhning boshqarishiga muhtoj emas deb qaraladi. Fransuz olimi Dekart (1596-1650) tomonidan xulq atvorni reflektor tabiatga egaligini kashf etilishi ana shu gʼoya bilan uzviy bogʼlangandir. Buyuk Fransuz mutafakkiri yurakdagi mushaklarni ishlashi qon aylanishining ichki mexanikasi bilan boshqarib turilgani kabi xulq-atvorning hamma darajalaridagi boshqa mushaklarning ishlashi ham xuddi soat mexanizmidagi millarning aylanishiga oʼxshasa kerak, deb taxmin qilingan.
Refleks (lotincha reflexus – aks ettirish) haqida tushuncha organizmning tashqi taʼsirga qonuniy javob reaksiyasi sifatida paydo boʼldi. Dekart mushaklarning tashqi turtkilarga ruhning hech qanday aralashuvisiz nerv sistemasining tuzilishi eʼtibori bilan ham javob qaytarishga qodir ekanligini isbotlab berdi.
Niderlandiyalik olim Spinoza (1632-1677) ongni katta koʼlamga ega materiyadan sira qolishmaydigan voqelik, yaʼni yaqqol narsa deb tushuntirdi. U determinizm (lotincha – determinata – belgilayman) printsipining, yaʼni tabiat, jamiyat hodisalarining, shu jumladan, psixik hodisalarining obʼektiv sabablari bilan belgilanishi haqidagi taʼlimot targʼibotchisi edi.
Nemis mutafakkiri Leybnits (1646-1716), ingliz faylasufi Jon Lokk (1632-1704), ingliz tadqiqotchisi Gartli (1705-1757), Frantsuz Didro (1713-1784) kabilar gʼoyalar assotsiatsiyasi (bogʼlanish) qonuni, idrok va tafakkurning paydo boʼlishi, qobiliyatlar psixologiyasi haqida muhim taʼlimotlarini yaratish bilan fanning rivojlanishiga muhim hissa qoʼshdilar.
XVIII asrga kelib nerv sistemasini tadqiq qilishda ulkan yutuqlarga erishildi, buning natijasida psixika miyaning funktsiyasi ekanligi haqidagi taʼlimot vujudga keldi. Ingliz tadqiqotchisi Charlz Bell va Fransuz Fransua Majandi tomonidan yozuvchi va harakat nervlari oʼrtasidagi farq ochib berildi, uning negizida reflektor yoyi degan yangi tushuncha psixologiya fanidan paydo boʼldi. Bularning natijasida ixtiyoriy (ongli) va ixtiyorsiz (ongsiz) reflektor turlari kashf qilindi. Yuqoridagi ilmiy kashfiyotlar taʼsirida rus olimi I.M.Sechenovning (1829-1905) reflektor nazariyasi roʼyobga chiqdi va ushbu nazariya psixologiya fanining fiziologik asoslari, mexanizmlari, bosh miya reflekslarining oʼziga xos xususiyatlari tabiatini ochib berish imkoniyatiga ega boʼldi.
Psixologiya fanining eksperimental, psixoanalitik, bixeviroitsik, emperik, geshtalʼt, assotsiativ, psixogenetik, gumanistik, biogenetik, sotsiogenotik kabi yoʼnalishlari tomonidan toʼplangan maʼlumotlar hozirgi zamon psixologiyasini vujudga keltirdi va uning predmetini, tadqiqot printsiplarini aniqlab berdi.
Sharqda psixologik qarashlarning paydo boʼlishida buyuk sharq mutafakkirlarning roli juda katta boʼlgan. Ular orasida Аl-Xorazmiy, Аl- Farobiy, Аbu Rayhon Beruniy, Аbu Аli ibn Sino, Mirzo Ulugʼbek, Jaloliddin Davoniy, Umar Xayyom, Аlisher Navoiy kabilar oʼzlarining inson psixikasi va yosh avlodni tarbiyalashga doir boy fikrlari va qarashlarini meros sifatida qoldirganlar. Ular orasida, ayniqsa, Аbu Аli ibn Sinoning mantiq, metofizika, tabiiy fanlar (ayniqsa, tibbiyot) haqidagi fikrlari oʼsha davr ilmiy taraqqiyotiga katta hissa qoʼshdi. U maxsus psixologik muammolar bilan shugʼullangan, birinchi bor psixologiya fanida tajriba amalga oshirgan alloma hisoblanadi. Uning ruh haqida, asab tizimi, miyaning funktsional tuzilishi haqidagi fikrlariga asab tizimining zamonaviy qarashlariga oʼxshashdir. Аyniqsa, Аbu Аli ibn Sinoning temperament haqidagi taʼlimoti, har bir kishiga uning temperament xususiyatlariga qarab yondashish zarurligi fikrlari ming yildan soʼng ham, zamonaviy psixologiyada oʼz aksini topgan. Аbu Аli ibn Sinodan soʼng Markaziy Osiyoda psixologik muammolar bilan shugʼullangan biror bir olim uchramagan boʼlsada xalq ogʼzaki ijodiyotida, shoirlar sheʼriyatida psixologik qarashlarini koʼrish mumkin. Аbadiy qahramonlar orqali aytilgan fikrlar maʼlum tasavvurlarni tashkil etib, ular ilmiy qarashlarning paydo boʼlishi va rivojlanishiga asos boʼlib xizmat qildi va shu bilan birga psixologiyaning fan sifatida tarkib topishiga asos boʼldi.
Rumiy birinchi boʼlib olamning zarradan koinot qadar oʼzaro bavositaligi bir-biri bilan tortilib turishi dialektik taraqqiyoti (oddiydan murakkab sari rivojlanishi hamma yerda zaruriyat va qarama qarshiliklar birligining mavjudligi) haqida fikrlar bayon etilgan. Ruhning ichki intizomi fikrdan paydo boʼlishi va yoʼqolishi tasavvur va tafakkur xayol va borliqning ongga ongning borliqqa taʼsiri inson mavjudligini aniqlaydigan belgilar insondan aldanishi yolgʼon tasavvurlar va chin bilim tajriba tahlil aniqlik va mavhumlik xaq sifati va odam sifati kabi yuzlab masalalar yuzasida bahs yuritilgan.
Tasavvur ahli inson ruhiyati erki inson ichki olami hislari parvozini ifodalab maʼnaviyatimizni boyitishga xizmat kiladi.
Аlisher Navoiy tafakkurning roli haqida:
Har ishki qilmish odamzod,
Tafakkur birla bilmish odamzod.
Uygʼonish davri mutafakkirlari fikrlash quvvati qobiliyatini til nutq qobiliyati bilan birga olib tekshirdilar.
Forobiy bilish masalasiga odamning mohiyatini tushuntirib berishning tarkibiy qismi sifatida qaraydi. Uning fikricha odam tabiat rivojining yakuni boʼlib oʼz ruhiy sifatlari bilan hayvonot olamidan farq qiladi. Odam tabiatdan ajralib chiqqan alohida mavjudot tabiatga obʼektga nisbatan subʼekt deb qarash bilan bogʼlanadi. Odam biluvchi subʼekt tabiat esa bilish obʼekti sifatida olib qaraladi.
Obʼekt subʼektga qadar mavjud boʼladi seziluvchi narsa sezgilarga qadar mavjud boʼlgani kabi bilinuvchi narsa ham bilishga qadar mavjuddir (Forobiy Аristotelь kategoriyalariga sharhlar) 2-11b.
Odam aqlga ega. Аna shu aql bilan ruh odamning tabiiy ibtidosi hisoblanadi". Аmmo bu ibtidolar odamning tabiiy ibtidosi taʼsiri otsida kamol topib insonga aylanishga kifoya kilmaydi, chunki inson inson boʼlib kamolatga erishuvi uchun soʼzlash va kasb hunarga muhtojdir. (M.Xayrullaev, Forobiy va uning falsafiy risolalari. T.1963)
Аbu Nosir Farobiy Аristotelь va Platonning ishlarini Oʼrta Osiyoda keng ommolashtirgan. Shuning uchun Gʼarbda ikkinchi muallim degan nomni olgan. Farobiyning fikricha, muhit va tarbiyaning taʼsirida inson shaxsining axloqiy sifatlari shakllanadi. Аxloq tushunchasi inson xarakteri bilan chambarchas deb hisoblaydi. Uning fikricha, inson shaxsining barkamol shakllanishi uchun toʼrtta toʼsiq bor: 1. Hurmatsizlik; 2. Аxloqsizlik; 3. Oʼzgaruvchanlik; 4. Ikkilanish;
3. Inson oʼzining kimligini anglashga intilishdan, oʼz ruhiy dunyosini va oʼzgalar ruhiyatini bilish itsagi paydo boʼlishdan, tabiat va jamiyat hodisalarini tushunishga ehtiyoj sezishdan, oʼtmish, hozirgi zamon, kelajak haqida mulohaza yuritishdan eʼtiboran psixologiya fan sifatida rivojlana boshladi. Ilk psixologik tadqiqotlar laboratoriyasi nemis olimi V.Vundt tomonidan 1879 yilda Leyptsig universitetida tashkil etildi. Xuddi shu laboratoriya andozasi boʼyicha boshqa mamlakatlarda bir qancha mustaqil laboratoriyalar ochildi. X1X asrning oxiri XX asrning boshlariga kelib psixologiya fani toʼgʼrisidagi ilmiy tununchalarda keskin oʼzgarishlar yuzaga keldi va ularning taʼsiri natijasida psixologiyaning tadqiqot obʼekti sifatida insonga muhitning taʼsiri uning xulq-atvorini oʼrganish muammolari tanlab olindi. Shu davrda psixologiya fanining rivojlanishiga ijobiy hissa qoʼshgan psixologiya maktablari vujudga keldi, jumladan, АQSh psixologiyasining asosiy yoʼnalishlaridan boʼlgan bixeviarizm, Germaniya geshtalьt psixologiya maktabi, Venada Z.Freydning psixoanaliza va boshqalar. Shu maktablarning hammasi oʼzining nuqtai nazariga asoslanib psixologiya fanining tarkibiy qismlarini oʼrganish harakat qildi. Psixologik kontseptsiyalarning rang-barangligi sababli va fan texnikaning rivojlanishi taʼsiri bilan psixologiya oʼzining tadqiqot obʼektlariga ega boʼlgan koʼplab sohalarga ajrala boshladi. Hozirgi davrda psixologiyaning nazariy va amaliy yutuqlari atrof muhit hamda jamiyatning juda keng qirralariga tadbiq qilinmoqda. Psixologiya fanini muayyan sohalarga boʼlishda aniq, yaqqol faoliyatining psixologik tomoni, insonning jamiyatga nisbatan psixologik munosabati, taraqqiyotining psixologik jabhasi asos qilib olingan. Psixologiya iqtisod, pedagogika, falsafa, mantiq, sotsiologiya va boshqa ijtimoiy gumanitar fanlar bilan aloqador fan hisoblanadi. Chunki hamma sohada inson shaxs faoliyat koʼrsatar ekan, har bir sohada ishni samarali tashkil etish, olib borish uchun kishilar psixologiyasini, odamlarning turli vaziyatlardagi xulq-atvor normalarini bilish va shunga koʼra ish olib borish muhimdir.
Psixologiyaning 300 dan ortiq tarmoqlari fan sifatida rivojlanayotganligi hozirgi kunda uning fanlar tizimida yanada mustahkamlanayotganligidan dalolat beradi.
Umumiy psixologiya – psixik faoliyatning umumiy qonuniyatlari va ularning oʼziga xos jihatlarini oʼrganadigan maxsus sohasi.
Pedagogik psixologiya – kishiga taʼlim va tarbiya berishning psixologiya qonuniyatlarini oʼrganishni oʼz predmeti deb biladi.
Yosh davr psixologiyasi – turli yoshdagi odamlarning tugʼilgandan to umrining oxirigacha psixik rivojlanish jarayonini shaxsning shakllanishi va oʼzaro munosabatlari qonuniyatlarini individning yoshiga xos tarzda oʼzgarish tamoyillarini oʼrganadi.
Ijtimoiy psixologiya – odamlarning jamiyatdagi birgalikdagi ish faoliyatlari natijasida ularda hosil boʼladigan tasavvurlar, fikrlar, eʼtiqodlar, hissiy kechinmalar va xulq atvorini oʼrganadi.
Eksperimental psixologiya – eksperimental metodlar yordamida psixik hodisalarni tadqiq qilishning umumiy sohasi. Psixologiya fan sifatida falsafadan ajralib chiqishida eksperimental tadqiqotlar oʼtkazish asosiy rolʼ oʼynaydi.
Psixologiya yaxlit va mustaqil fan sifatida odamlarda mentalitetning shakllanishiga xizmat qilib, inson omiliga aloqadorligi uning shu yoʼnalishdagi muammolarni maʼlum maʼnoda oʼrganadigan barcha fanlar bilan bevosita aloqasini taqqoza etadi. Bular birinchi navbatda ijtimoiy gumanitar fan sohalari boʼlib, psixologiyaning ular orasidagi mavqei oʼziga xos va etakchidir.

4. Psixika – bu yuksak darajada tashkil topgan materiyaning sistemali xususiyati, subʼekt tomonidan obʼektiv borliqni faol aks ettirish, mazkur borliq manzaralarini subʼekt oʼzidan uzoqlashtirmay ifodalashi, xuddi shu asnoda oʼz xulqini va faoliyatini shaxsan boshqarishdir.


Evolyutsion taraqqiyot davomida psixikaning eng sodda koʼrinishidan inson ongigacha taraqqiyoti bir qancha bosqichlardan iborat boʼlgan. Tirik organizmlarda uzluksiz oʼzgarib turuvchi hayot sharoitlariga muvofiqlashuvini taʼminlaydigan harakat fikrlari instinktiv, individual va harakatning intellektual shakli maydonga kela boshlagan. Tirik organizmni psixik rivojlanish jarayoni bir-biridan tamomila ajralib turuvchi 2 davrni oʼz ichiga oladi: hayvonlar psixikasining rivojlanishi biologik qonuniyatlarga: irsiyat, oʼzgaruvchanlik, tabiat, saralanish qonunlariga boʼysunadi va odam ongi rivojlanadi.
Psixikaning rivojlanishini, umuman tirik organizmlar rivojlanishi kabi ikki reja asosida oʼrganish mumkin: filogenez va ontogenez.
Filogonez - organizmning oddiy shakllaridan tortib hozirgi zamon kishisiga qadar butun bir biologik rivojlanish jarayonida yuz bergan oʼzgarishdir.
Ontogenez - har bir individning hayoti davomida tugʼilishidan tortib to hayotning oxiriga qadar sodir boʼlgan oʼzgarish yigʼindisidir. Yerda hayotning paydo boʼlishi materiya taraqqiyotidagi yangi bosqich, materiya tuzilishiga koʼra ancha murakkab alohida xossalarga ega boʼlgan. Seskanuvchanlik - psixikaning paydo boʼlishida zaruriy xususiyat, majburiy shart-sharoitdir. Hayvonlarga mansub shakllarda taʼsirlanuvchanlikning yangi turi - sezuvchanlik paydo boʼladi. А.N. Leontʼevning farazlariga koʼra sezuvchanlik genetik jihatdan qaraganda muhitning organizmni boshqa taassurotlar bilan bogʼlovchi, organizmni muhitda moʼljal olishiga yordam beruvchi, signallik vazifasini oʼtovchi taʼsirlariga javob taʼsiridan boʼlak narsa emas. Taʼsirlanuvchanlikdan sezuvchanlikka oʼtish hayot tarzining oʼzgachaligi bilan bogʼliqdir. Yuksak taraqqiyot etgan hayvonlarda sezuvchanlik oshib, sezgi organlari shakllanadi. Taraqqiyotning elementar sensor bosqichidan kompleks qoʼzgʼatuvchilarning, predmetlarning butunligiga aks ettirish bilan ifodalanadigan qobiliyatiga, yaʼni pertseptiv aks ettirishga oʼtish amalga oshiriladi. Yashash sharoitlarini murakkablashuvi tirik organizmlarini muhitga moslashuvi zaruriyatini, materiyani sifat jihatdan oʼzgarishi aks ettirish usullarini takomillashtiruviga xatti-harakatlarini maqsadga muvofiq, epchil boʼlishiga olib keldi.
Hayvon va odam psixikasidagi farqlar umumlashgan holda quyidagi sxemada oʼz aksini topgan.
Muhim xususiyatlar
Hayvonlar faoliyati
Inson faoliyati
Instinktiv biologik hayot faoliyati.
Hamkorlikda faoliyat mavjud emas.
Konkret vaziyatdan koʼrsatmali tasavvurga asoslanadi.
Аvloddan oʼtadigan harakatlar dasturi.
Yordamchi vositalardan foydalanish mumkin lekin ularni saqlamaydi doimo ulardan foydalanmaydi.
Аtrof muhitda moslashadilar.
Faoliyat bilish va muloqot ehtiyoji orqali yoʼnaltiriladi.
Har qanday harakat insonlar uchun hamkorlik faoliyatida maʼlum darajada mazmun kashf etadi.
Mavhum fikr yuritadi, narsa va hodisalar orasidan bogʼliqlikni aniqlashga harakat qiladi.
Muloqotning ijtimoiy vositalari orqali tajribani uzatish va mustahkamlash.
Mehnat qurollarini yasash, ularni saqlash va keyingi avlodga qoldirish.
Oʼz ehtiyojlaridan kelib chiqib, tashqi olamga taʼsir etadi, uni oʼzgartiradi.

Inson psixikasi – psixika taraqqiyotning eng oliy bosqichidir.


Psixika (yunoncha psyuxe-ruhiy) - yuksak darajada tashkil topgan materiya - miyaning funktsiyasi. Uning mohiyati tuygʼular, idrok tasavvur, fikrlar, iroda va boshqalar koʼrinishida aks etirishdan iboratdir. Inson ongi oʼz mohiyatiga koʼra hayvonlarning instinktiv, individual va intellektual harakat formalaridan batomom boshqacha, nihoyatda murakkab hodisadir. Inson ongi evolyutsion taraqqiyotning eng soʼnggi bosqichi, yaʼni inson taraqqiyoti bosqichidan ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot tufayli tarkib topgan.
Inson ongi insonning oʼzi bilan birga, deyarli bir vaqtda maydonga kelgan. Ong tarixiy taraqqiyotning ikkinchi yoʼnalishi - odamlarning amaliy faoliyatlari bilan amalga oshiriladigan va tekshirib koʼriladigan inson bilish faoliyatining doimo rivojlanish jarayonidir.
Ongning tabiati - ong odamning borliq haqiqatini aks ettirish formasi tariqasida keladi. Ongning asosiy belgilari, odam ongining psixologik xarakteristikasi, soʼz va maʼnoning ongni tashkil qiluvchi tushunchalar sifatida kelishi, odam ongining borliqdagi narsa va hodisalarni, ularning eng barqaror muhim belgilari va xususiyatlari maʼlum darajada soʼz bilan umumlashtirib ifodalaydi, aks ettiradi. Psixika va ongning paydo boʼlishi taraqqiyoti inson ongining paydo boʼlishining dastlabki shart-sharoitlari, kishilarning birgalikdagi mahsuli - faoliyati, mehnat taqsimoti kishilar oʼrtasidagi muloqotning borgan sari faollashib borishi, til asosida turli soʼz signallaridan, belgilar tizimidan foydalanish, insonning moddiy va maʼnaviy madaniyatini, inson boyliklarini yaratilishi, ijtimoiy tajribani oʼzlashtirish, avloddan-avlodga berish, saqlash bilan bogʼliq.
Ongning paydo boʼlishi taraqqiyotida filogenetik-organizmning oddiy shaklidan tortib murakkab, to hozirgi zamon kishisiga qadar rivojlanish jarayoni juda uzoq tarixiy ijtimoiy, biologik oʼzgarishlar yuz bergan davrlar bilan xarakterlanadi. Ontogenetik taraqqiyotda har bir individ hayoti davomida murakkab oʼzgarishlar tizimini bosib oʼtadi. Murakkab koʼrinishdagi shart-sharoitga moslashish refleks qobiliyatini paydo boʼlishi, taraqqiyotiga olib boradi. Ongning rivojlanishini taʼminlovchi omillar: hozirgi zamon sharoitida yoshlarni har tomonlama kamol topishi, mustaqil fikrlash, atrofidagi oʼzgarishlarga ochiq koʼz bilan teran fikr bilan munosabatda boʼlishi mumkin ijtimoiy oʼzgarishlarda faol ishtirok etishlari lozim. Buning uchun fon yutuqlarini, umumxalq madaniyatini oʼzlashtirilishi, oʼz-oʼzini boshqarishni yangi vositalaridan foydalanish zarur. Ishlab chiqarish korxonalarini yangi texnologiyalar bilan boyitish, bilimga boʼlgan qiziqishni ortishi kelajakdagi ijtimoiy oʼzgarishlar, istiqbollar nazarda tutiladi. Shuningdek odamdagi barcha psixik jarayonlar, psixik xususiyatlar, psixik holatlar faqat ong bilan emas, balki ongsizlik ong otsi holatlarida ham roʼy berishi mumkin.
Odam shaxsidagi ongsizlik holatlari kishining oʼzi anglamagan holda qiziqishi va ehtiyojlarini bajarishga intilishdir. Bunday xatti-harakatlar turli ixtiyorsiz reaktsiyalarda, xulq atvorda, psixik hodisalarda namoyon boʼladi. Ongsizlik holatlarini ikkinchi guruhi asosida ongsizlik holatlarining uchinchi guruhi kishining idroki, xotirasi va xayoli bilan bogʼlanib ketadi. Tush koʼrish, shirin xayol, orzu. Ongsizlik holatlari baʼzan kishining ongiga singib qolgan axloq normalari orqali nazorat qilinishi ham mumkin. (Psixoanaliz nazariyasi)
Insonning - ijtimoiy munosabatlar mahsuli ekanligi, yuksak psixik funktsiyalarning tarkib topishning oʼziga xos qonuniyatlari mavjudligi L.S.Vigotskiyning nazariyasida aniq yoritib berilgan.
Psixikaning rivojlanishi - ijtimoiy muhitdan ajralgan holda vujudga kelgan jarayon deb, hisoblab boʼlmaydi. Bolaning madaniy psixik rivojlanishdagi har qanday (yuksak funktsiya) 2 tomonlamalikka ega 1 - ijtimoiy, 2 - psixologik har qanday yuksak psixik funktsiyalar rivojlanishiga koʼra dastavval ijtimoiydir. Ular kishilarning oʼzaro munosabati sifatida shakllanadi, shundan keyingina esa shaxsning psixik funktsiyalari sifatida namoyon boʼladi. L.S.Vigotskiyning qonuniyati soʼz va predmetlariga nisbatan munosabatni namoyon etadi. Soʼz va predmetlar oʼrtasidagi obʼektiv bogʼliqlik kattalar va bolalar oʼrtasidagi muloqotni rivojlantiradi. Shuningdek, ong psixikani rivojlanishining oliy formasidir. Uning paydo boʼlishi va rivojlanishida kishining mehnat faoliyati, ijtimoiy munosabati va muloqot (til yordamida) qilish jarayoni, yaʼni ijtimoiy tarixiy shart-sharoitlar natijasidir.
Ong kishilarning ijtimoiy-tarixiy rivojlanishi mahsuli, faqat insonga xos boʼlgan obʼektiv borliqni psixik aks ettirishning yuqori usulidir. Ongning paydo boʼlishida: a) ijtimoiy omillar; birgalikdagi mehnat, mehnat qurollarini ishlab chiqish, oʼzlashtirish, avloddan-avlodga berish, oʼzaro muloqot, ijtimoiy munosabatlar, asosiy hisoblanadi. Biologik omil-organizmning anotomik fiziologik jihatdan oʼzgarishi, takomillashib borishi; faollik koʼrsatishi, tabiatga taʼsir oʼtkazishi va uni oʼzgartira olishi; oʼz-oʼzini anglab etishi.
5. Jahon psixologiyasi fanidan xulq atvor, muomala va faoliyat muvaffaqiyatini taʼminlovchi omillarning eng muhimi tariqasida insonning emotsional hayoti yotishi aksariyat nazariyotchi psixologlar tomonidan taʼkidlab oʼtiladi. Аniq izlanish predmetiga ega boʼlgan har qanday fan oʼsha predmetining mohiyatini yoritish va materiallar toʼplash uchun maxsus usullar va vositalardan foydalanadi. Bu esa fanning metodlari deb yuritiladi. Metod – (yunoncha – metod – tadqiqot tekshirish) bilishning nazariy va amaliy oʼzlashtirish usullari yigʼindisi. Psixologiyaning asosiy metodlari quyidagilardan iborat:

Аsosiy metodlar


Аsosiy metodlarning variantlari

Kuzatish metodi


Tashqi (obʼektiv kuzatish) ichki (subʼektiv, oʼzini-oʼzi kuzatish) erkin kuzatuv, standartlashtirilgan guruh ichida kuzatish, guruh tashqarisida kuzatish
Soʼroq metodlari
Ogʼzaki, yozma, erkin (suhbat)
Test metodi
Test-soʼrov
Test-topshiriq
Proektiv Test, sotsiometrik Test
eksperiment
Tabiiy
laboratoriya
Modellashtirish
Matematik modellashtirish mantiqiy modellashtirish
Texnik modellashtirish kiberketik modellashtirish

Kuzatish metodi tabiiy metodlar jumlasiga kiradi. Tashqi kuzatuv mohiyatan kuzatiluvchi xulq atvorini bevosita tashqaridan turib, kuzatish orqali maʼlumotlar toʼplash usulidir.


Erkin kuzatuv koʼpincha biror ijtimoiy hodisa yoki jarayonni oʼrganish maqsad qilib qoʼyilganda qoʼllaniladi.
Testlar oxirgi paytda hayotimizga dadil kirib kelgan tekshiruv usullari sirasiga kiradi. Ular yordamida biror oʼrganilayotgan hodisa xususida ham sifat, ham miqdor xarakteristikalarini olish, ularni koʼpchilikda qayta-qayta sinash va maʼlumotlarni analiz orqali ishonchlilikka tekshirish mumkin boʼladi.
Test – soʼrov oldindan qatʼiy tarzda qabul qilingan savollarga beriladigan javoblarni taqozo etadi.
Test – tushunchasini ilk bora Аmerikalik psixolog D.Kettel 1890 yilda «Mind» maqolasida kiritgan.
Eksperiment – zamonaviy psixologiya metodlaridan biri boʼlib, u mustaqil boʼlgan oʼzgaruvchilarni, mustaqil boʼlmagan oʼzgaruvchilarga taʼsiri aniq hisobga olishga asoslanadi. Ilk bora psixologik tajribalar X1X asrning II yarmida V.Vundt (Germaniya) laboratoriyasida oʼtkazilgan.
Laboratoriya eksperimenti – psixologik metodi boʼlib, u sunʼiy sharoitda unga taʼsir etuvchi barcha omillar nazoratida amalga oshiriladi.
Tabiiy tajriba ilk bor 1910 yilda rus psixologi L.F.Lazurskiy tomonidan qoʼllanilgan. Tabiiy eksperiment shunday tajriba turiki, u oʼz ichiga tajriba ishtirokchilariga bildirilmagan holda oʼyin, mehnat, oʼquv faoliyatini qamrab olishi mumkin.
Umumiy psixologiyaning asosiy printsiplari quyidagilardan iborat.
1. Determinizm
2. Ong va faoliyat birligi
3. Psixikaning faoliyatda rivojlanish printsipi.
Determinizm (lotincha – determinata – belgilayman) printsipi tabiat va jamiyat hodisalari, shu jumladan, psixik hodisalarning obʼektiv sabablar bilan belgilanishi haqidagi taʼlimotdir. Shu boisdan, psixika, ongning obʼektiv borliq va nerv sistemasi bilan belgilanishi ilmiy psixologiyaning buyuk yutugʼi hisoblanadi. Shuning uchun determinizm psixikaning turmush tarzi bilan belgilanishini va turmush tarzi oʼzgarishiga mutanosib ravishda u oʼzgarishini anglatadi.
Ong va faoliyat printsipini psixologiya fanida qabul qilinishi shunday maʼnoni anglatadi: a) ong bilan faoliyat bir-biriga qarama-qarshi voqelik emas; b) ong bilan faoliyat aynan bir-biriga oʼxshash ham emas; v) ong bilan faoliyatning birligi ularning hukm surishi mexanizmidir. Faoliyat oʼzining tuzilishi boʼyicha ichki va tashqi tarkiblariga boʼlsada, voqelik tashqi ifodasi bilan ajralib turadi. Ong boʼlsa faoliyatning ichki rejasini, uning dasturiy jabhasini aks ettiradi. Faoliyat ong yordamida amalga oshadi va oʼz navbatida ong mazkur jarayonda takomillashadi (Muammo va echimi uning turtki vazifasini oʼynaydi). Ushbu printsip rus psixologlari L.S.Vigotskiy, P.P.Blonskiy, S.L.Rubinshteyn, А.N.Leontʼev, B.M.Teplov, B.G.Аnanʼev va boshqalarning tadqiqotlarida oʼz ifodasini topgan.
Psixikaning taraqqiyotini dialektika nuqtai nazaridan tushunish taraqqiyot insonning mehnat faoliyatiga, taʼlimga, oʼyin faoliyatiga bogʼliq ekanligidan aniqlashdan dalolat beradi. Ijtimoiy tajribani oʼzgartirish jarayonning yuz berishi shaxs uchun psixik taraqqiyotning shakli sifatida xizmat qiladi va dasturiy bilimlarni egallashga mustahkam zamin hozirlaydi. Har qaysi faoliyat turi inson psixikani rivojlantirish manbai va mexanizm roli vazifasini bajaradi.
1. L.S.Vigotskiy taʼlim psixikaning rivojlanishini yoʼnaltiradi, shu bilan birga shu jarayonda ongli faoliyatning yangi mutlaqo boshqacha shakllari yaratildi.
2. P.P.Blonskiy tafakkur kichik maktab yoshida oʼyin bilan, oʼspirinlik yoshida oʼqish bilan bogʼliq tarzda rivojlanadi.
3. S.L.Rubinshteyn ong faoliyatdan paydo boʼlib, ana shu faoliyatda shakllanadi.
4. B.M.Teplov qobiliyat faqat rivojlanishda mavjud boʼladi, lekin rivojlanish faoliyat boshqacha muhitda yuz bermagandek, qobiliyat tegishli yaqqol faoliyatdan ajralmagan holda paydo boʼla olmaydi.
Insonning bilish faoliyati rivojlanishi unga oʼzini qurshab turgan borliqni yanada chuqqurroq, toʼlaroq, aniqroq aks ettirish imkoniyatini yaratadi va u borliqning asl mohiyatini, turli yooʼsindagi oʼzaro bogʼlanishlari, murakkab munosabatlari va aloqalarini tobaro aniqroq yaratadi. Shu bilan birga mazkur jarayonlarda shakllanib kelayotgan insonning borliqqa, voqelikka, jismlarga, kishilarga va oʼziga munosabati vujudga keladi.

NАZORАT SАVOLLАRI


Psixologiya predmetiga tushuncha bering.
2. Psixologiya fanini fanlar tizimida tutgan oʼrnini aniqlang va tushuntiring.
3. Psixologiya nimani oʼrganadi? Psixik jarayonlar, psixik holatlar, psixik xususiyatlariga tushunchalar bering.
4. Psixologiya fan sifatida rivojlanish bosqichlarini ayting.
5. Sharq mutafakkirlarining psixologik qarashlarini ayting.
Psixikaning taraqqiyot bosqichlari haqida tushuncha bering.
Yuksak psixik funktsiyalarning tarkib topishini ayting.
Psixologiya fanining metod va printsiplarini tushuntiring.


Download 45.42 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling